Òîï ðåéòèíã www.uz
ALISHER NAVOIY
(1441 - 1501)
     
               Asl ismi Nizomiddin Mir Alisher. U Hirotda tug`ilib, shu yerda umrining asosiy qismini o`tkazgan. Navoiyning otasi G`iyosiddin Bahodir temuriylar xonadoniga yaqin bo`lgan. She`r zavqi va iste`dodi erta uyg`ongan. Bolalikdayoq Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yod olgan, Sharafiddin Ali Yazdiy nazariga tushgan, Mavlono Lutfiy yosh shoir iste`dodiga yuqori baho bergan, Kamol Turbatiy e`tirofini qozongan.
               Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga o`tirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi, muhrdorlik (1469) mansabiga, vazirlik (1472) va Astrobod hokimligi (1487)ga tayinlanadi. 1480-1500 yillar mobaynida o`z mablag`lari hisobidan bir necha madrasa, 40 rabot (safardagi yo`lovchilar to`xtab o`tish joyi), 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko`prik, 20 ta hovuz qurdiradi. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga “muqarrabi hazrati sultoniy” (“sulton hazratlarining eng yaqin kishisi”) degan unvonni beradi. Unga ko`ra Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi.
               Navoiy ijodi ixlosmandlari uning she`rlarini yig`ib, “Ilk devon” (1464-65) tuzgan edilar, so`ngra “Badoyiul-bidoya” (“Go`zallikning boshlanishi”), “Navodirun-nihoya” (“Nodirliklar nihoyasi”) nomli devonlar (1470-yillar) tartib berilgan. Lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq “Xazoyinul-maoniy” nomli to`rt devon (1491-1498)ga jamlangan. Navoiy she`riyatining mavzular doirasi keng, janrlar ko`lami (16) xilma-xil. G`azallari “oshiqona, orifona, rindona” (Shayxzoda) sifatlar bilan o`rganiladi. G`azallarida insoniy muhabbat, ilohiy ishq bilan uyg`un holda ulug`lanib, “majoz - haqiqat ko`prigi” aqidasiga amal qilingan. Alisher Navoiy she`riyatidagi zohiriy ma`no yangiliklari bilan birga botiniy sifatlarni ham o`rgangandagina ularni idrok etishga erishish mumkin.
               “Nazmul-javohir” (1485) Hazrat Alining “Nasrul-laoliy” asarining turkiy nazmga solingani bo`lib, 266 ruboiydan iborat bu asarda axloqiy-ta`limiy qarashlar o`z aksini topgan.
               Alisher Navoiy ijodining yuksak cho`qqisi “Xamsa” asari (1483-85)dir, shoir birinchilardan bo`lib, turkiy tilda to`liq “Xamsa” yaratdi va turkiy tilda shunday ko`lamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi.
               “Xamsa” tarkibiga “Hayratul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab`ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” kabi dostonlar kiradi.
               Navoiyning tasavvufiy qarashlari deyarli barcha asarlarining ruhiga singgan bo`lsa-da, maxsus “Lisonut-tayr” dostoni(1499)da, “Nasoyimul-muhabbat” manqabasi”(1495-96)da, “Tarixi anbiyo va hukamo”(1485-8), “Arbain”, “Munojot” singari asarlarida aks etgan.