MUXAMMASLAR
1
Sharbati «yuhyil-izom» erni mayi nobindadur,
Surayi «vash-shams» tafsiri yuzi bobindadur,
Sharhi «mozog`al-basar» nargislari xobindadur,
Laylatul-me`rojning sharhi sochi tobindadur,
Qoba qavsayn ittihodi qoshi mehrobindadur.
Ey, qadi to`bidin ortuq, yuzi rizvondin jamil,
Kim berur jon la`li har kim bo`lsa ko`zidin qatil,
La`li rashkidin fig`on aylab, qilib ashkin sabil,
Ko`p yugurdi ravzada aynan tusammo salsabil,
Topmadi ul choshnikim, shakkari nobindadur.
Jon berur erdi Xizr suyi xaloyiqqa sarih,
Iso o`luk tirguzur erdi deb alfozi fasih,
La`lidin tokim takallum qildi ul sho`xi malih,
Xizrning ayni yoshunmish, ko`kdin inmas ham Masih,
Netsun, ul mu`jiz bu dam yoquti serobindadur.
Xattidin bo`ldi xijil sunbul bila mushki tator,
Qomatig`a sarv ila shamshoddin yuz qatla or,
Farrux ermas orazi navro`zidek iydu bahor,
Zulfig`a qadru barot o`xshar, vale yuz farqi bor,
So`z oning yonindag`i xurshidu mahtobindadur.
Har gado egnida bo`lsa eski to`n yo choki jayb,
Bilmay asli niyatin qilmoq g`alatdur shakku rayb,
Ey Navoiy, chun sanga ma`lum emastur sirri g`ayb,
Lutfiyni mayxonada oshufta ko`rsang, qilma ayb,
Kim bu majnun ixtiyori zulfi qullobindadur.
2
Masnadi husn uzra tokim ko`rmisham ul shohni,
Tiyra aylabmen fig`ondin niylgun xirgohni,
Ey sabo, arz ayla nogah ko`rsang ul dilxohni,
Ko`kdadur har dam fig`onim ko`rgali sen mohni,
Da`viyi mehringga tonuq tortadurmen ohni.
Ey, g`ubori markabing kun ko`zgusining sayqali,
Nechakim men bir gado, sen podshahdursen, bale,
Yo`q ajab, sen husn shohin mayl qilsam sevgali,
Sen kibi sultonni sevmak haddim ermastur, vale
Bu baloliq ishq farq etmas gadovu shohni.
Xirmani vasling to`la senda, ey xalq ahsani,
Sabzayi xatting tamoshosinda, ey ko`z ravshani,
Sunbuli zulfung xayolotida, ey jon gulshani,
Donayi xoling tamannosinda, ey gul xirmani,
Rahm qilkim, chehrayi zardim yoshurdi kohni.
Zulfu yuzung ko`rdiyu kuydi ko`ngul hasrat bila,
Vasling ummedig`a jon qildi fido rag`bat bila,
Senda yo`q ermish vafo, tek men kuyub mehnat bila,
Zulfungu yuzung firoqinda tuman hasrat bila,
Hayfkim, zoyi` kechurdum muncha solu mohni.
Eyki, yo`qtur husn iqlimida sendek podsho,
Oshiqingni necha tutqaysen munungdek benavo,
Nechakim bo`ldi eshigingda Navoiydek gado,
Qovma Lutfiyni eshikdin, ber zakoti husn ango,
Qayda aytsun sen g`ani borinda shay`allohni?
3
Halqayi zulfungda ko`nglum bo`lg`ali g`am mahrami,
Ul qaro qayg`u bila savdoda chun ortar g`ami,
Der sanga devonavu shaydolig`idin har dami,
Ey, soching shaydo ko`ngullarning savodi a`zami,
Halqa-halqa ruhning sarmanzilidur har xami.
Ey, guli savriy jamoling daftaridin bir varaq,
Sabzavu rayhon sening xattingdin elturlar sabaq,
Chini zulfungni ochibon, ilgingta olsang taraq,
Sunbulingni tarag`anda gul uza tongdur araq,
Kim bulutluq kechaning, albatta, bo`lmas shabnami.
Rashkdin har dam yaqindur bag`rim erib oqqali,
Yuzungga mashshotavu ko`zgusi mundoq yoqqali,
Zulfungga mashg`ul erur mashshota zevar toqqali,
Men yiroqdin jon berurmen, toqatim yo`q boqqali,
Yuzi qattiq ko`zgukim, bo`lmish jamoling hamdami.
Og`zining ramzini mushkildur farovon saxlamoq,
Kim adam bo`lsa bilur ul rozi pinhon saxlamoq,
Barcha dilbarlardin o`lur jonni oson saxlamoq,
Sen parivash hurdin mushkildurur jon saxlamoq,
Kim malak hayrondur ul suratg`a, netsun odamiy?
Zulfi vaslin istasam ruxsori mehrafro`zidin,
Yo`q ajab, chun yil kelishi bilgurur navro`zidin,
Ko`zlarim uyi buzuldi ashki selanduzidin,
Men bu ko`z birla uyotlig`men jamoling yuzidin,
Kim kelur har lahzavu ul go`shaking bordur nami.
Atlasi gardung`a yetti rostiy ushshoq uni,
Kim qabo nevchun quchar nozik tanin vuslat tuni,
Yo`q ajab, sarrishtadur, ko`rgil, aro yerda muni,
Ul badanning davlatidin tug`di ko`nglakning kuni,
Husni toli` ko`rkim, uldur holi ichki mahrami.
Ey, labing Iso damidek xasta jong`a choraras,
Vah, necha g`amzang Navoiy qatlin etgay multamas,
Ul muborak ko`ngliga bo`lg`ay muyassar bu havas,
Lutfiyni boshtin yana tirguzsang, ey Isonafas,
Kim yetibdur, vah, ani o`lturgali hijron g`ami.
4
Ohkim, tarki muhabbat qildi jonon oqibat,
Bo`ldum ushbu g`ussadin rasvoyi davron oqibat,
Qolmadi maxfiy g`amim el ichra pinhon oqibat,
Yoshurun dardimni zohir qildi afg`on oqibat,
Asrag`on rozimni yoydi seli mujgon oqibat.
Toki chekti o`qu yo qasdimg`a ul mujgonu qosh,
Ayladi paykonlari har sori bag`rimni xarosh,
Pardayi sabru salomat yoyibon, ey bag`ri tosh,
Yoshurub erdim bag`ir chokini, vahkim, qildi fosh
Har taraf ko`zdin tarashshuh aylagan qon oqibat.
Ko`p yugurdum ishq yo`lida meni gumrohkim,
Bilgasen holimni, lekin bo`lmading ogohkim,
Ishq aro o`lgumdurur, bil emdi, ey dilxohkim,
Tig`i hajringdin nihon ko`ksum shikofin, ohkim,
Elga ravshan ayladi choki giribon oqibat.
Tiyrboroni g`aming yog`durg`ali ko`nglumga sahm,
Yuz tuman dog`i nihon qo`ymish edi ul xavfu sahm,
Xalq ani fahm etmasun deb, bor edi ko`nglumda vahm,
Voykim, ko`ksum shikofidin ulusg`a bo`ldi fahm
Ishq o`ti bag`rimda qo`yg`on dog`i pinhon oqibat.
Ul parikim, telbalarga ishqidin monand edim,
Zulfi zanjirida Majnundek asiri band edim,
Javrig`a qoni` bo`lub, vaslig`a hojatmand edim,
Shavqidin dam urmayin, bedodig`a xursand edim,
Vahki, bo`ldum hajridin rasvoyi davron oqibat.
Orazi qoshida gul yuz vajh ila bordur karih,
Ming jihatdin nutqi ollinda erur bulbul safih.
Ko`ziyu zulfig`a ermas nargisu sunbul shabih,
Gar budur kofir ko`zu zunnor zulfi, ey faqih,
Bo`lg`udekmen dayr aro mastu parishon oqibat.
Jonni majnun ul pari ruxsora yodi ayladi,
Ko`zni giryon ishq zulmi may fasodi ayladi,
Tanni uryon, aqlu donish xayrbodi ayladi,
Ishq ko`yida jununumni munodi ayladi
Hajr toshidin munaqqash jismi uryon oqibat.
Boda ichkim, davr ishida i`tidole ko`rmaduk,
Navbahori husn aro sohibjamole ko`rmaduk,
Kim xazoni umrdin anda zavole ko`rmaduk,
Dahr bo`stoni aro sarkash nihole ko`rmaduk
Soya yanglig` bo`lmag`on yer birla yakson oqibat.
Shahliq etgandin ne hosil faqr sirrin bilmayin,
Hech kim mulki baqo sultoni bo`lg`onmu ekin,
Foniyi mahz o`lmayin sulton Abulg`oziy bikin,
Ey Navoiy, davlati boqiy tilarsen vaslidin,
Oni kasb etmak fano bo`lmay, ne imkon oqibat?
5
Ohkim, volamen ul sarvi xiromondin judo,
Ko`zlarim giryondur ul gulbargi xandondin judo,
Benavodur jon dog`i ul huri rizvondin judo,
Ne navo soz aylagay bulbul gulistondin judo,
Aylamas to`ti takallum shakkaristondin judo.
Vah, necha ishq o`ti jismimda so`ngakni o`rtagay.
Ko`nglagim jaybig`a o`t solg`ay, etakni o`rtagay,
Telbalik ohim samodin to samakni o`rtagay,
Ul quyosh hajrida qo`rqarmen falakni o`rtagay
Har sharorekim bo`lur bu o`tlug` afg`ondin judo.
Vahki, bag`rim to`kti ko`zlar yo`lidin pargola ko`p,
Ko`z ham ul gul hajridin yog`durdi gulgun jola ko`p,
Za`f etibmen qonlig` ashkim baski to`kti lola ko`p,
Dema, hijronimda chekmaysen fig`onu nola ko`p,
Jism aylarmu fig`on bo`lg`on nafas jondin judo?
Qilg`ali mahrum jomi vasldin jonon meni,
Talxkom etmish tiriklik bodasidin jon meni,
Har zamone o`lturur g`am zahridin hijron meni,
Hajr o`lumdin talx emish, mundin so`ng, ey davron, meni
Aylagil jondin judo qilg`uncha jonondin judo.
Bag`rima, ey xori hijron, har zamon sanchilmag`il,
Ey ko`ngul, yuz javr yetsa, ko`zga g`ayrin ilmag`il,
Ming balo yuzlansa, ey jon, yordin ayrilmag`il,
Bo`lsa yuz ming jonim ol, ey hajr, lekin qilmag`il
Yorni mendin judo yoxud meni ondin judo.
Jonni andoq husnung o`ti shu`lasi kul qildikim,
Jism o`tundek shu`layi ruxsorig`a yoqildikim,
Sharhi holig`a alarning bu raqam yozildikim,
Vasl aro parvona o`rtandi hamono bildikim,
Qilg`udekdur subh oni sham`i shabistondin judo.
Oshiqekim, bo`lg`ay ul bir sho`xi gulruxsorsiz,
Uyla bulbuldurki qolmishdur gulu gulzorsiz,
Voy ul bedilg`akim, qolg`ay tirik dildorsiz,
Bir iyosiz it bo`lub erdi Navoiy yorsiz,
Bo`lmasun, yo rabki, hargiz banda sultondin judo.