www.uz
TARJI`BANDLAR

1

I
Ketur soqiy, ul mayki, subhi  alast
Aning nash`asidin ko`ngul erdi mast.

Mayekim, qilur quysalar jom aro,
O`zi mastu kayfiyati mayparast.

Eshit sarguzashteki, bugun manga
Necha mayparast o`ldilar hamnishast.

May olmoqqa piri mug`on jazbasi
Meni chekti andoqki, mohini shast.

Qilib xirqa may rahniyu zarfining
Etib og`zini mum ila sangbast.

Qelur erdim egnimda mayliq sabu,
Bo`lub to`quz  aflok ollimda past.

Ki ogoh o`lub to`sh-to`shimdin qobob,
Manga toptilar ihtisob ahli dast.

Shikastim mening oncha ermas edi,
Ki  may zarfi topti  aroda shikast.

Chu sindi sabu, chorae topmadim,
Meni muflisi uru giryoni mast.

Xarobot aro kirdim oshuftahol,
May istarga ilgimda sing`on safol.

II

Ketur, soqiyo, mujdae jomdin,
Ki pajmurda bo`lmishmen anjomdin.

Bu gulshan guliga chu yo`qtur vafo,
Ne parhez etay jomi gulfomdin?

Chu yo`q shomi hijron xumorig`a subh,
Ichib anglamay subhni shomdin.

Xalos aylay o`zni mayu nuqlning
Suvu donasi birla bu domdin.

Bo`lay dayr pirig`a andoq murid,
Ki yod etmayin shayxul-islomdin.

Kiray dayr aro uyla majnunu mast,
Ki ketsun xirad xos ila omdin.

Solay bir alolo xarobot aro,
Ki chiqsun fig`on ahli ayyomdin.

Xarobotiy o`lmoqlig`im, zohido,
Savol etma men zori badnomdin.

Garav qilg`ali mayg`a chun qolmadi
Ne tasbihu, ne hirqa nokomdin.

Xarobot aro kirdim oshuftahol,
May istarga ilgimda sing`on safol.

III

Safol ichra bir jur`a loe manga
Erur jomi gitinamoe manga.

Ketarmakka xudbinlig`im ranjini
Qoni boda yanglig` davoe manga?

Chu men dayr piri vafosidamen,
Falakdin yetishmas jafoe manga.

Falakdin jafo yetsa, ey mug`bacha,
Ne g`am sendin o`lsa vafoe manga.

Tariqat sulukini kasb etgali,
Hamul kunki, bo`ldi havoe manga.

Burun zuhdu taqvoni aylab shior,
Dedimkim, yetishgay safoe manga.

Borib xonaqah ichra qildim maqom,
Bu ma`ni xud o`ldi baloe manga.

Boqib xilvatu zikru sajjodani
Zuhur etti har dam riyoe manga,

Bulardin o`zumni xalos ayladim,
Ki to hosil o`lg`ay fanoe manga.

Xarobot aro kirdim oshuftahol,
May   istarga   ilgimda   sing`on  safol.

IV

Tilarmen bu dayr ichra koshonae,
Ki bo`lg`ay jivorida xumxonae.

Bu xumxona sahnidag`i mayfurush
Saxo shevalik piri farzonae.

Oning qurratul-ayni kup ollida,
Iligida paymona, jononae.

Sumanbarlar ichra parichehrae,
Parichehralar ichra devonae.

Menga gohi ul bersa may birla jon,
Bu qilsa gahi qatl mastonae.

Erur telbalikdin ishim tunu kun
Xayol aylamak bila afsonae.

Necha muflis istab, dedim may uchun
Qiloli ichin ora dangonae.

Eshittimki, qilmish yana piri dayr
Xarobot ahlig`a mayxonae.

Bugun ochib ul maykada eshigin,
Berur har gado yetsa paymonae.

Xarobot aro kirdim oshuftahol,
May istarga ilgimda sing`on safol.

V

Yana bo`lmisham oshiqu zor ham,
Xarobotiyu rindu xammor ham.

Mubohot etib durdkashlik bila,
Qilib tavqiyu zuhddin or ham.

Surohiyni but aylabon og`zida,
Qilidin eshib belga zunnor ham.

Bo`lub mayg`a sajjodavu xirqa rahn,
Borib nuql uchun kafshu dastor ham.

Fano dayri ichra qalandar sifat
Kezib, balki devonakirdor ham.

Parichehra atfolning toshidin
Bo`lub sarbasar jismim afgor ham.

Meni ishqdin o`rtagan mug`bacha,
Ki devonavashdur, parivor ham.

Chu bildimki, bu nav` birla erur
Xarobot ko`yida mayxor ham.

Erur chunki yakranglik sharti ishq,
Bu taqrib birla meni zor ham

Xarobot aro  kirdim  oshuftahol,
May  istarga  ilgimda  sing`on  safol.

VI

Qani soqiyi gul`uzorim mening?
Ki jon qasdi etmish xumorim mening.

Firoq ichra ko`p mehnatu dardu ranj,
Chekibtur tani xoksorim mening.

Xumor emgagidek vale ko`rmamish
Tani g`amkashu joni zorim mening.

Bu xayli balo daf`ig`a avlo ul,
Ki mayxona bo`lg`ay hisorim mening.

Ko`pu ozdin tutsa may piri dayr,
Fidosi aning yo`qu borim mening.

Etursa qadam boshima mug`bacha,
Erur javhari jon nisorim mening.

Xarobot aro kirganim, ey faqih,
Deyin, bo`l dame rozdorim mening.

Kecha xonaqah ichra sarmast edim,
Bugun maysiz itti qarorim mening.

Xumor aylab ul nav` oshuftakim,
Ilikdin borib ixtiyorim mening,

Xarobot aro kirdim oshuftahol,
May istarga ilgimda sing`on safol.

VII

Meni may bas oshuftahol ayladi,
Bu vodiyda Majnunmisol ayladi.

Boshimni kup atrofida mayfurush
Uzum jismidek poymol ayladi.

Chog`ir kasrati may batidek manga
Xirad bulbulin gungu lol ayladi.

Sabukashligim ayni idbordin
Qadimni yuk ostida dol ayladi.

Mayi la`l oltun qadah shaklidek
Yuzum sorig`, ashkimni ol ayladi.

Qadimdin falak ofiyat xirqasin
Chekib, rahni jomi zilol ayladi.

Sipehr atlasi dayr ko`yi aro
Mening   kisvatim   eski   shol   ayladi.

May istarda idboru oshuftaliq
Manga jom sing`on safol ayladi.

Xarobot piri chu bir jom uchun
Meni mundoq oshuftahol ayladi.

Xarobot aro kirdim oshuftahol,
May istarga ilgimda sing`on safol.

VIII

Yana durdkashmen mubohot uchun,
Berib jon havoyi xarobot uchun.

Ketur, soqiyo, boda og`zimg`a quy,
Damekim, o`lubmen bu mir`ot uchun.

Ne mir`ot, balkim quyosheki, fayz
Anga om erur barcha zarrot uchun.

Manga zohid etti base sarzanish
May ichmakka sarf o`lg`on avqot uchun.

Dedim: yaxshiroq boda ul zuhddin,
 Ki qilg`oy kishi shuhratu ot uchun.

Manga bodadin bo`ldi nafyi vujud,.
Sanga zuhd go`yoki isbot uchun.

Bo`lub tund, masjid sori qildi azm,
Meni qarg`ayin deb munojot uchun.

Munojot etib kirdi xilvat aro,
Yasalg`on riyoyi karomot uchun.

Karomot men qildim ul lahzakim,
Riyo biymidin daf`i ofot uchun,

Xarobot aro kirdim oshuftahol,
May  istarga ilgimda sing`on safol.

IX

Yana boshlamish boda ichmak habib,
Manga ichmay o`lg`aymu sabru shikib?

Icharmen vale qon, nedinkim ichar
Habibim bila boda har dam raqib.

Nasibi raqibining ar may bo`lub,
Nasibim mening bo`lsa qon, yo nasib.

Ne zulmeki, gulshanda gul mahrami
Bo`lub zog`u mahrum erur andalib.

Ne tong,  bog`lamoq kofiri ishq o`lub
Kishi belga zunnoru osmoq salib.

Yoqam chok etib, ko`ksuma tosh urub,
Solib rustaxez el aro men g`arib.

Bular naf` chun qilmadi ko`ngluma,
Labolab qadah birla  berdim  firib.

Chu bildimki, bexudlug`umdur iloj,
Xarobot yo`lida bo`ldum nishib.

Nechukkim yetib Rustame ko`yig`a,
Qirar erdi sarmast Mahmudi Habib.

Xarobot aro kirdim oshuftahol,
May istarga ilgimda sing`on safol.

X

Nechuk may bila bo`lmasun ulfatim,
Ki jon qasdi aylar g`amu mehnatim.

Nazar ayla bu korgah vaz`ig`a,
Ki ortar tamoshosida hayratim.

Quyosh yo`qki, bir zarra mohiyatin
Topa olmadi sa`y ila fikratim.

Ne kelmak ayon bo`ldi, ne ketmagim,
 Ne mabda` yaqin bo`ldi, ne raj`atim.

Ne kasbi ulum etti hal mushkilim,
 Ne tutti ilik taqviyu toatim.

Topay deb xabar ushbu maqsuddin,
Tutashti base qavm ila suhbatim.

Ne qildi bu dardim ilojin hakim,
Ne shayx ayladi daf` bu illatim.

Ne qilmoqqa bir amrdin hosilim,
 Ne kechmakka bu fikrdin jur`atim.

Mening boshima bas qotiq tushti ish,
Chu toq o`ldi bu dard ila toqatim.

Xarobot aro kirdim oshuftahol,
May istarga ilgimda sing`on safol.,

2
I
Jahon qasrig`adur suv uzra bunyod,
Chu yo`q bunyodi, ondin bo`lmag`il shod.

Ne shod o`lg`ay kishi bir qasrdinkim,
Oni tengri yaratmish mehnatobod.

Emastur qasr, balkim qosiredur,
Ki taqsir aylamas aylarga bedod.

Tiriklik qushlarig`a yoyibon dom,
Tengiz amvojidin andoqki sayyod.

Kiyib qatl aylamakka loladin to`n,
Qiyodin tiyg` tortib misli jallod.

Emas qotil,  parivash dilbaredur,
Ki javridin qutulmas odamizod.

Fununu lobasi andoq muassir,
Ki mum aylar ko`ngul gar bo`lsa po`lod.

Vale ne ishvasig`a i`timode,
Ne oning va`dayi vaslig`a bunyod.

Visoli ko`z yumub-ochquncha oxir,
Firoqi ko`z ochib-yumg`uncha barbod.

Ko`ngul qo`yma angakim boqiy ermas,
Inonmas bo`lsalar aylay qasamyod:

Baqosizdur jahon ra`nosi, valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim, mosivalloh.

II

Jahon tufrog` erur, shakli mudavvar,
Anga qaydin baqo bo`lsun muyassar?

Xususankim, fano dashtidin esgay
O`shal tufrog` atrofig`a sarsar.

Bu tufrog` uzra ul sarsar yo`lida
Maqar kim qilsa g`ofildur muqarrar.

Qaro tufrog`ki, yel sovurg`ay oni,
Yaqindurkim bo`lur zulmat sarosar.

Bu zulmat ichra bir suv hasratida
Halok aylar agar bo`lsun Sikandar.

Chekar go`r ichra oxir gar jahonni
Kishi Bahromdek qilsun musaxxar.

Fano g`orig`a Kayxusrav masallik
Solur gar xud seningdur yetti kishvar.

Ko`rar ondin futur ar bo`lsa fag`fur,
Topar ondin qusur ar bo`lsa Qaysar.

Kechib ondin, ko`ngul tengriga bog`la,
Taolo sha`naullohu akbar.

Ki haq boqiydurur, dunyo arusi
Erur foniy, necha ko`rguzsa zevar.

Dedingkim, ayt pandi mushfiqona,
Agar mendin qilursen so`zni bovar:

Baqosizdir jahon ra`nosi, valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim, mosivalloh.

III

Jahon sho`xidin olmish haq vafoni,
Ne olmoqkim, anga bermaydur oni.

Bukim yo`qtur vafosi, bas emastur,
Ki dardu mehnatidur jovidoniy.

Bu mehnatlar  bila  istar oni xalq
Faho`m loya`rifu hozal-maoniy.

Tikandin gulga har dam yetkurub nesh,
Ki aylar la`lgun jismini qoni.

Sabo kojin urub savsang`a andoq,
Ki qolib ko`klugi ondin nishoni.

Choqin tiyg`idin aylab pora-pora,
Chamanda g`unchaning ko`nglin nihoniy.

Yog`inning yig`labon ondin nafiri,
Bulutning titrabon ondin fig`oni.

G`alat qildim, bu tuhmatdin baridur,
Jahon ra`no arusi dilsitone.

Ki haq taqdiridindur olam ichra
Yomonu yaxshining yaxshi-yomoni.

Jahon foniydurur, ey xoja, zinhor,
Ki sen boqiy tasavvur qilma oni.

Ko`ngul  berma o`shul  ra`nog`akim, haq
Erur boqiyu boqiy barcha foniy.

Baqosizdur jahon ra`nosi, valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim, mosivalloh.

IV

Jahonkim, zohir aylar lolavu bog`,
Erur ul bog` zindon, lolasi dog`.

Arusedur fusunsoz, ul diloshub,
 Ishi ko`rguzmak elga lobavu log`.

Kishikim, saydi domi bo`ldi, bordur
Oning ollida ming bulbulcha bir zog`.

Yoqibon otashin gul jonig`a o`t,
Quyor yomg`urdin ul o`t ustiga tog`.

Ko`rub nargisni savsan g`unchasidin,
Chekar oning ko`zi qasdig`a barmog`.

Taaddi birla nasrin yafrog`idin
Yasar gul chehrasin yirtarg`a tirnog`.

Xazon bedodidin yel sa`yi birla
Sochar shamshodu gul boshig`a tufrog`.

Jafosi toshidin yog`durdi paykon,
Gumon qilma shajar jismida yafrog`.

Nechukkim bo`stonning yo`q baqosi,
Xususunkim, xazon yeli esar chog`.

Oning ham nisbatin gar istar o`lsang.
Oningdekkim, xazon ayyomida bog`.

Baqosizdur jahon ra`nosi, valloh,
Jahon  ra`nosi  yo`qkim,  mosivalloh.

V

Jahon ra`nosidin bo`lg`il mujarrad,
Ki qilmishlar qabul ahli oni rad.

Nechuk maqbulung o`lg`ay ulki, bo`lg`ay
Anga mardudlug` asbobi behad.

Agar hikmatda ul miqdor bo`lkim,
O`qusin Bu Ali ollingda abjad.

Vagar bo`lsang fasohat ichra nav`e,
Ki nazming aylagay Hassonni bexad.

Tamavvul kasratidin bo`lsang andog`,
Ki dargohingda Qorun aylagay kad.

Shijoat dashtida raxshingg`a bo`lsa,
Rikob o`pmak uchun Rustam nigunqad.

Sikandar yanglig` olib bahru barni,
Balo ya`juji uchun bog`lasang sad.

Aningdek bo`lsa taxting rif`atikim,
Guharliq aylasa tojingg`a farqad.

Jahong`a chun baqo yo`qtur, bu barcha
Necha kundur vale ermas muxallad.

Tamanno aylasang bir nav` iqbol,
Ki bo`lg`ay ham muxallad, ham muabbad.

Demon yolg`uz jahondin  ayla  tajrid,
Nekim haq g`ayridur, bo`lg`il mujarrad.

Baqosizdur jahon ra`nosi, valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim, mosivalloh.

VI

Jahon ra`nosi birla qilma payvand,
Er o`lsang bo`l aning hajrig`a xursand.

Erur olam uyi rahravg`a zindon,
Oning har qaydi yo`l man`ig`a bir band.

Ushatmoq istasang bu bandlarni
Muqayyad bo`lma anda, ushbudur pand.

Jahon no`shi aro qilmish nihon zahr,
Sen oni no`sh etarsen uylakim qand.

Topib lazzatkim, aylarsen tabassum,
Erur ul zahrxand, ermas shakarxand.

G`araz irfon ekandurkim, adamdin
Seni mavjud aylabtur xudovand.

Qo`yub ko`nglung aro naqdi amonat,
Malak bo`lmay sanga bu ishga monand.

Seni g`ofil qilib asli ishingdin,
Sarovu bog`u rog`u zavju farzand.

O`zungga kelsang, ozdur gar o`zungni
Bu g`amdin aylasang parkand-parkand,

Jahon johilg`a mahbub o`ldi, lekin
Oning ollindakim, bo`lg`ay xiradmand:

Baqosizdur   jahon   ra`nosi,   valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim, mosivalloh.

VII

Jahon jomi to`ladur zahri qotil,
Anga mayl aylamas kim bo`lsa oqil.

Ajab ishdurki, mundoq zahr icharga
Jahon ahli erur jon birla moyil.

Ajabroq buki, ichgan soyi bo`lmas,
Bu zahr ichganga ichmak hirsi zoyil.

G`arobat ko`rki, gar yuz mingni har kun
Qilur ul zahr o`lgan elga doxil.

Yana yuz mingdurur ichmakka mashg`ul,
Yana yuz ming oni istarga shog`il.

Magar bu zahrdin qutqarg`ay elni
Fano taryoqi birla piri komil.

Vale Qof ustida ul kimyogar,
Oni ko`rmakka Anqo parri hoyil.

Jihatsiz, ey ko`ngul, sevdung jahonni,
Mening pandimdin aylab o`zni otil.

Chu berding barcha sarmoyangni barbod,
Pushaymon bo`lmog`ing emdi ne hosil?

Magar yodingda yo`qturkim, sanga men
Dedim yuz qatla: k-ey majnuni g`ofil,

Baqosizdur   jahon   ra`nosi,   valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim, mosivalloh.

VIII

Jahon ayyorasidin tut kanora,
Ki makru fannig`a yo`qtur shumora.

Ayoqu ilgida zarrinasi o`t,
To`ni zar basmasi ondin sharora.

Bo`lubon ruh to`tisig`a sayyod,
Ishi qilmoq aning qasdig`a chora.

Bu ishga gardi Yazdiy me`jari dom,
Ichinda inju dona go`shvora.

Nazar  maqsud ruxsorig`a solmoq
Tilar bo`lsang, anga qilma nazora.

Chekibon kun shuo`iydin sinonlar,
Qilayin deb ulus bag`rini yora.

Anga hino shafaq rangida aylab,
Kecha nushodridin oni qora.

Yiroq bo`l, ey ko`ngul, ul dilrabodin,
Ri sensen shisha, oning ko`ngli xora.

Borib xush-xush anga sayd o`lg`aningdin,
Qilay dermen yoqamni pora-pora.

Deding,  kechmoq nechuk  bo`lg`ay jahondin,
Ne hojat xayr ishiga istixora.

Demon, yolg`uz jahondin tut kanore,
Ki tutqil mosivallohdin kanora.

Baqosizdur jahon  ra`nosi,  valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim, mosivalloh.

IX

Jahon sho`xin aruse qilg`il ixsos,
Ri kiymish tun bila kundin kishu os.

Bu rangomezliqdin ganji Qorun
Kishida bo`lsa, tutqay ganji iflos.

Tiriklik mazra`i qasdig`a har oy
Ayon aylab yangi oy shaklidin dos.

Falak birla shafaq ermaski, qilmish .
Muhayyo dam-badam  qon  to`kkali  tos.

Emas qon, bodadurkim, bexud aylab
Yiqarg`a elni qilmish charxdin kos.

Sog`inma bodayi la`l, onikim, bor
Ulus qonig`a rangin bo`lg`on olmos.

Bu qon to`kmak bila kimdurki yo`qtur
Aning savdosidin ko`nglida vasvos.

Bu pandimni eshit sen dog`i, ey do`st,
Irodat yuzidin tut posi anfos.

Jafolarkim, men onglabmen jahondin,
Vafosidin manga g`olibdurur yos.

Valavhozal-maoniy anta qultum,
Taqulu i`lamu yo ayyuhannos.

Baqosizdur   jahon   ra`nosi,   valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim, mosivalloh.

3

I

Ey, kirpiki neshu ko`zi xunxor,
Jonimni necha qilursen afgor?

La`ling g`amidin ko`ngulda erdi
Har qonki, sirishkim etti izhor.

Hayhotki, hajr ilgidindur
Jonimda alam, tanimda ozor.

Yuzungni ko`rub meni ramida,
Ishq o`tig`a bo`lg`ali giriftor.

Sen erding majlisim harifi,
Kim yedi hasad sipehri g`addor.

Yuz hasrat ila meni ayirdi
Vaslingdin, ayo, xujasta diydor.

Emdiki, firoq aro tushubmen,
Topquncha yana harif yo yor,

Yodingni qilay harify majlis,
Fikringni etay  ko`ngulga  munis.

II

Jonimg`a qilur esang jafoni,
Gah-goh aroda ko`r xudoni.

Darding bila uyla shodmenkim,
O`lsam dog`i istamon davoni.

Sendin der edimki, chora bo`lg`ay,
Hajr etsa hazin bu mubtaloni.

Har lutfki, men tutar edim ko`z,
Yuz voyki, senda ko`rmay oni.

Vasling bila dedim aylayin shod
Bu shiftayi joni benavoni.

Qasdimg`a vale chekibdurur xalq
Yuz xanjaru novaki jafoni.

Men dog`i qachon zarurat o`lsa,
Bir go`shada o`lturub nihoniy,

Yodingni  qilay  harifi  majlis,
Fikringni etay ko`ngulga munis.

III

Gah-goh itim deb aylagil yod
Devona qulungni, ey parizod.

Bir lahzada buzdi seli ashkim
Har tarhki sabr qildi bunyod.

Har ruq`aki yozdi sabr ila hush,
Sovug` nafasimdin o`ldi barbod.

Ko`p istama ko`nglum iztirobin,
Qush talpinurin nechukki sayyod.

Sen garchi g`amimdin etmading fikr,
Yotelbaligimni qilmading yod.

Sultonsenu yo`qturur sanga hukm,
Lekin meni dardmandi noshod.

Bu g`ussag`a topmasam chu tadbir,
Har lahza chekib fig`onu faryod,

Yodingni  qilay  harifi  majlis,
Fikringni  etay  ko`ngulga  munis.

IV

Bilmonki, yuzung paridek, ey jon,
Nevchun yana ko`zdin o`ldi pinhon?

To bo`ldi yuzung nihon, ko`zumdin
Ashk o`rnig`a tinmayin oqar qon.

Lutfung bila bir kun etmading yod,
To tushti manga baloyi hijron.

Vah, qoni burung`i mehru payvand,
Go`yo unutuldi ahdu paymon.

Baxtim kibi dushman o`ldung oxir,
Bu dardg`a yuz nafiru afg`on.

Sendin manga chun g`araz sen-o`q sen,
Bas, bo`ldi firoqu vasl yakson.

Tahqiq chu angladimki, emdi
Vaslingg`a yetarga yo`qtur imkon,

Yodingni qilay harifi majlis,
Fikringni etay ko`ngulga munis.

V

Jismingki, emas hayottin kam,
Ne jismki, ruh erur mujassam.

Bir-bir  sog`inib labing hadisin,
Qon yig`lar iki ko`zum damo-dam.

G`aming tilasang meni qutulmay,
G`amdin tilasam o`zumni xurram.

To o`ldi bu zori xasta mahrum
Vaslingdin, g`amg`a bo`ldi mahram.

Chekti ko`ngul andoq o`tlug` ohe,
Kim kuydi sharori birla olam.

Bu nav` sharoraliq o`tumning
Taskini uchun meni hazin ham

Ranjingni tilay tanimg`a rohat,
Neshingni deyin yaramg`a marham,

Yodingni qilay harifi majlis,
Fikringni etay ko`ngulga munis.

VI

Ul durji aqiqu la`li serob
Juzg`imdin oqizdilar duri nob.

To jomi muhabbatingni tortib,
Ko`nglumga yetishti ishqdin tob.

Ham do`stlar o`ldi manga dushman,
Ham tarki muhabbat etti ahbob.

Sendin ajab erdi bori, ey do`st,
Dushmanlar uchun tuzatmak asbob.

Mahrum qulungni mahram etsa
Vasling haramig`a hayyi vahhob.

Ko`yungni qilay o`zumga qibla,
Qoshingni etay ko`zumga mehrob.

Yoxud yetibon xumori hijron,
Vasling mayi bo`ldi ersa noyob,-

Yodingni qilay harifi majlis,
Fikringni etay ko`ngulga munis.

VII

Ey, kishvari husn uzra hokim,
Xo`blar bori hazratingda xodim.

Buzdung bu ko`ngulni, lojaram mulk
Vayron bo`lur, o`lsa shohi zolim.

Hijron meni chunki o`lturur zor,
Sen ham madad etmaging ne lozim?

Dar nechaki beinoyat o`lub,
Qilding meni begunoh mujrim.

Ummed budurki, yona tengri
Solsa meni maqdamingg`a solim.

Iqbol kibi turub qoshingda,
Bo`lsam yana xizmatingg`a ozim.

Vaslingg`a g`azal tafakkur aylab,
Unutg`amen ushbu baytnikim,

Yodingni qilay harifi majlis,
Fikringni etay ko`ngulga munis.