Òîï ðåéòèíã www.uz
IZOHLAR
TASAVVUFIY   ISTILOHLAR  IZOHI
Abr (bulut)— Haq eranlari ta`rifiga ko`ra, ortiqcha hisoblangan hijob; U bandalik va rabboniylik pardasidir. So`fiya istilohida jiddu jahd bilan mushohada maqomiga yetishishga sabab bo`lgan hijobdir; Shuningdek, nafsoniy zulmat af`ollari va ruhoniy malakalardan  hosil bo`lgan qalb hijobi. Bu hijob — zotiy va asmoiy tajalli oftobini  mushohada qilishga  monelik qiladi.
Abru (qosh) — ilohiy zotni to`sib turadigan ilohiy sifatlar. Va vujud olami bu sifatlardan ravnaq, go`zallik va jamolga ega bo`ladilar.
Basiyrat — qalb ko`zi bilan ko`rish, anglash, idrok etish; qudsiyat nuri bilan yoritilgan qalbning ashyoning mohiyatini ko`rishi.
«Quvva-i qudsiya» va «oqila-i nazariya» ham deyiladi. Qalb ko`zi, ilhom.    
Baqo — mavjud bo`lmoq, davom etmoq, yomon odatlarni tark etib, yaxshi odatlarga ega bo`lish, inson va boshqa narsalarning quvvat va ta`sirini ko`rmasdan faqat Allohning quvvat va ta`sirini ko`rish, Allohdan boshqa hech narsani ko`rmaslik. Baqobillah — Alloh bilan mavjud bo`lish. Baqo baüd   al-fano — Fanodan   keyin   hosil   bo`lgan   baqo.
Buyuk so`fiylardan biri: «Baqo nabiylarning maqomidir. Har qanday holat, ularning fazilatli bo`lishlariga mone` bo`lolmaydi. Boqiy bo`lgan banda butun ashyoda  faqat Haqni ko`radi. Baqo maqomiga erishgan zotning butun holi va harakatlari Haqqa ma`qul bo`lish haddidadir. Banda bu  haddan  o`tib  Haqqa  muxolif  bo`lish  holatiga  tushmaydi.
But— maqsad va matlabdir; boshqa bir sifatlar bilan solik qalbida  zohir  bo`luvchi  nozik  ma`nolar.
Busa — ruhning jism bilan lazzatlanishi va davomli muroqaba. Bo`sa, kanor va g`amza — solikning nisbati va darajasiga ko`ra  voqe`  bo`luvchi   fayz  va   botiniy  jazbalar.

V
Vasl — zuhur   va   shuyun   (daraja,   hol)   orasida     vosita   bo`luvchi  haqiqiy vahdat.
Vajh  (yuz) — Haq  zotining,   fayz   ulashuvchilik   sifati.
Vara` — taqvoning yuksakroq bosqichi, buyurilgan va man` etilgan barcha diniy amrlarni  mukammal   tatbiq etish.
Vahdat-kasrat — birlik-ko`plik. Vahdat — har narsani bir holda va bir ichida ko`rish, ashyoni Alloh ila ko`rish, jam` holi; Kasrat — borliqlarni ko`p holda ko`rish, farq holi. G`ayb-i mutlaqning «lo taayun va lo zuhur» martabasiga «ahadiyyat» ilk zuhur va taayyun (taayyun-i soiiy) «vohidiyyat» deyiladi.
1.    Vahdati   qusud — qasd  va  irodaning  birlashtirilishi, bandaniig o`z shaxsiy va bashariy irodasidan kechib, Allohning irodasini, murod va maqsudini o`z murod va maqsadi holatiga keltirishi, natijada  ilohiy iroda hokimiyatining ta`minlanishi.
2.    Vahdati   shuhud —-Vajd   va   jam`  holatida    bandaning    barcha narsani bir holda ko`rishi, ko`ringan narsalarning  bir-lashtirilishi va yagona borliq  holida ko`rilishi, quyosh ko`tarilganda oy va yulduzlar ko`rinmagani kabi, ilohiy tajallilarning zuhuri paytida Allohdan boshqa hech narsani ko`rib bo`lmasligi.  Alloh tajalliy va zuhur etgani uchun mosivoning  mahv bo`lish holati. Anfusiy  (sub`ektiv)  fano.
3 Vahdati vujud — borliqlarning bir va yagona ekanligi qanoati borliqlarni bir deb bilish, bir ekanligiga ishonish, vajd va sakr holatida bo`lmagan paytida  ham borliqlarning yagona borliqdan iborat ekanligiga, har narsaning yagona bo`lgan Allohning turli tajallilari, zuhurlari, taayyunlari va ko`rinishlari ekanligiga ishonish. Ofoqiy  (ob`ektiv) fano.
Visol — vahdat maqomi.
Vujud —- Haq vujudiga aytiladi.

G
Gabru kofirbachcha — vahdat olamidagi sadoqatdurkim, qalb yuzi mutlaqo mosivodan yuz o`girib, fano zulmatidan joy olgan bo`ladi.
Garmi   (issiqlik) — muhabbat   haroratiga   aytiladi.
Gesu (o`rilgan soch) —solikni talab yo`lida Haqqa yetkazadigan ip— arqon; Visol va bog`lanishni talab qilish yo`li bo`lib, g`ayb olamidan iborat bo`lgan mutlaq jamol va Haq diydoridir.    
Gulgun chexra — komil orif qalbida porlovchi mutlaq tajalliy; uyqu  yo  behushlikda  moddadan tashqarida  bo`lgan tajallisi.

D
Dayru xarobot— ma`no olami va komil orifning botinidir.
Daxan   (og`iz)— xafiy   sirri —maxfiy  sir.  Insonning   fahm   va vaxmidan  pok   va   muqaddas   bo`lgan   mutakallimlik  sifatidir.
Kalom (so`z) ning asror va nozik ma`nolariga ishora qilinib, og`iz tor va kichiklikda zarra va nuqtaga tashbix  qilinadi.
Dil — oriflar tilida ilohiy sirlar makoni va maxzani bo`lgan qalbdir. Va yana «nafsi notiqa» ma`nosida ham keladi. Ruh va nafs orasidagi mujarrad nuroniy javhardir. Hakimlar uni «nafsi  notiqa» deydilar. Qalb ikki xil ma`noda qo`llanadi: 1. Inson siynasining chap tomonidagi a`zosi. 2. Insonning chap siynasidan ikki barmoq pastda joylashgan ruhoniy latifa bo`lib, rahmoniy  fayz, nur nozil bo`ladi-gan, tajalliyga mazhar joydir. Tasavvufdagi  «Dil  nazargohi Xaq» degan ta`rif  yoki  «Mo``mining qalbi — Allohning Arshi» degan hadis. shuningdek «Er-osmonga sig`madim, mo``minning qalbiga sig`dim» degan hadisi qudsiylar inson kalbining ilohiyligi va imkoniyatlarining cheksizligidan darak beradi. Biroq ilohiy tavajjuh  zikr, fikr va ibo-datlar bilangina bu qalbning sir-sinoat va imkoniyatlari yuzaga chiqadi. So`fiylar qalb deganda  aynan shu ruhoniy latifani nazarda tutganlar.
Dilbar— ko`ngil  oluvchi. Oriflar tilida tajalliyot vaqtida ko`n-gilni nuroniy qiladigan  narsaga dilbar deyiladi.

Yo
Yor va dildor — ma`shuq va mahbub; shuhud (ko`zga ko`rinuvchi, qalbni rom etuvchi) olami.       

J
Jazba—Tortish, Allohning bandasini huzuriga jalb etishi, vajd holi. «Allohdan yetgan bir jazba  barcha jin va insonlarning amaliga barobardir». Majzub— Jazbaga tutilgan, jazbali, vajd va istig`roq holatida bo`lgan, bir onda butun hol va maqomlarni oshib o`tib mashaqqatsiz vuslatg`a erishgan ilohiy   huzurga  jazb  va  jalb  etilgan.
Jalol — Allohning buyuklik  izzat, kibriyo va qahrga dalolat  qiladigan vasflari; ma`shuq  ishq va  oshiqlikdan ehtiyojsizlik izhor qilganda, oshiqning o`zligi va g`ururini yo`q qilishi, ojizlik izhor etishidir.
Jamol — ma`shuq oshiqdan ehtiyojsizligi  tufayli kamolini zo-hir qilmoq. Va yana Xudovandning lutf va rahmat sifatlari. Haqning tajallisi. Oshiqning kuchli rag`bat va talabiga ko`ra, ma`shuqning manzurga lutfan kamolini zohir qilmoq.  Jamol — Allohning lutf, ehson va marhamatiga dalolat qilishgan vasflari.
Jon — inson ruhi, rahmoniy nafs va Haq tajalliyotidir. Va yana vohidiyat va jabarut olamida ilmiy tajallidan zohir bo`lgan a`yoni sobita va haqiqatdir.
Jom — ma`rifat bodasidan to`la, orifning dil va ahvoli. Ba`-zilar jom — badan, jism — badanni  tozalovchi, soflovchidir, deydilar. Zero, komil orif ilohiy boda jomidan ichadi va tavhiddan sarmast bo`ladi. Sog`ar, surohi va mino atamalari ham orif qalbini anglatadi. Bu qalb — xumoxona, mayxona va maykada iboralari bilan ham ta`bir qilinadi. Mastlik deganda, ishqning chulg`ab olishi, botiniy va zohiriy sifatlar, ma`rifat sarxushligiga g`arq bo`lish nazarda tutiladi.
Jomi   jahonnamo —komil   inson   va   Haq  eranlarining   botini.
Jomi Jam (Jamshid), jomi jahonnamo — Jamshid jomi— manbalarda yozilishicha, Tahmurasining o`g`li Jamshid Qadimiy Eronning peshdodiylar sulolasining 4-hukmdori bo`lgan 1000 yilga yaqin yashab, insonlarga zarur ko`p narsalarni o`ylab topgan, jumladan: qurol-aslaha yasagan, binolar va hammom qurgan. Odamlarga libos tikish, kemasozlik, tabiblikni o`rgatgan, navro`z bayramini joriy qilgan. Gavhar yasashni o`ylab topgan va gavharli taxt  yasagan. Bu taxt Jamshid taxti, Jamshid markabi, Jamshid  chodiri, Jamshid kursisi kabi nomlar bilan atalgan. Shuningdek. Jamshid «Jomi jahonnamo»— jahonni ko`rsatuvchi jom ixtiro qilib, unga nazar solish bilan jahondagi voqealarni ko`rib turgan ekan. Bu jom Kayxisravga so`ngra Doroga o`tgan ekan. Sa`diy  Sheroziy ham «Guliston» asarida birinchi bo`lib to`n tikkan va qo`liga uzuk taqqan kishi Jamshid ekanligini aytgan.
Alisher Navoiy  esa «Tarixi anbiyo va hukamo»  asarida Jamshid   saltanatining   taraqqiyoti     va   tanazzuli     haqida ma`lumot bergan.
Irfoniy adabiyotdagi  «jom sharobi» o`zining ilohiy sirlarni oshkor qilishi bilan «jomi jahonnamo»ga qiyos qilingan. Mutasavviflar g`ayb asroridan voqif qalbni ham «jomi Jam»ga o`xshatishgan. Solik bu «jomi jahonnamo» qalbiga nazar solib, uning sirlaridan ogoh bo`ladi hamda qalbini g`urur va o`zligidan xalos etib, do`st ishqi bilan limmo-lim to`ldiradi.

3
Zavq — ishq lazzati va uning oshiqda mavjudligi. Muhabbat chaq-mog`ining porlashi paytida solikning Haqni zohir va mushohada qilishidagi ilk holat va darajasi. Bu mushohada —mushohada qiluvchining zavq va mashrabiga ko`ra yuksak yo past darajada  bo`ladi.  Zavq  qanchalik  buzuq  xilt,  aralashmalardan   sof   bo`lsa,   mushohada   etiluvchi   zotni   idrok  etish, vasl halovatini tuyish va ko`rish lazzati shu qadar  musaffo va totliroq bo`ladi.    
Zanax, Zaqan (bag`baqa, saqoq) —ilohiy tajalliga mulohaza ila nazar solish lahzasi. Jamol mushohadasi bo`lgan lazzat maqomi.
Zulf — Zulfning tasavvufda bir qancha ma`nolari bor. Jaloliy tajalli va tariqat mushkilotlari; mutlaq jamol vahdatining to`silishiga sabab bo`ladigan jamotni tajalli va jamoliy sifat; zulf — yashirin mohiyatdurkim, uni anglash va idrok qilishga hech kim qodir emas; olamning g`aroyib suratlari; yo`qlik olami. Zulf — bu vahdat martabasi va Alloh taoloning zotidurki, uning sir-sinoatiga yetmoq mumkin  emas. Shuningdek, zulf qudrat va jamol tajallisining sifati bo`lib, u vahdatga to`siqdir. Va so`fiylar istilohida  zulf tugal, bo`lak narsalar — aql va his bilan idrok qilinadigan narsalar, arvohlar va jismlar, javhar va arazlarning daraja — maqomlari imkoniyatidan kinoyadur.   Zulf—kufr zulmatidan ham kinoya. Tasavvufda zulfning uzunligi, beqarorligi, gajakligi, xamligi, parishonligining ham o`ziga xos ma`nolari bor. Aytaylik, zulfning xamligi —ilohiy  asror demak. Uning uzunligi — borliq mavjudotning kengligi. Beqarorligi olamning o`zgaruvchanligi va hokazo.    
XV asrning  birinchi  yarmida  yashab  o`tgan  turkigo`y shoirimiz mavlono Atoiy bir baytida:
Har marifatki, shayx ani tahqiq so`zi der,
Bilmas muniki, ma`niyi ul-zulfu xol erur,—deb yozganda, tasavvufdagi «zulfu xol» atamalarining ilohiy ma`rifat va haqiqatlarga ishora qiluvchi ramziy ma`nolari borligini ta`kidlaydi.
Zulf gajagi —Ilohiy sirlarning maxfiyligi; tariqat mushku-lotlari; shahodat (ko`z bilan ko`riladigan, mavjud) olamda iloxiy asrorning pinhonligi.
Zunnor — musulmon davlatida yashovchi xristianlar majburan be-liga bog`lab yuradigan ma`lum bir rangdagi chilvir. Sufiylar stilohida solikning din va yaqin (ishonch, e`tiqod) yo`lida sadokat va yakdillik bilan itoat etishi: nafsning itoat  va  farmonbardorligi  va  riyozat  ahli qoshida  xizmat  kilish.
Zoxid — dunyodan   yuz   o`girgan  kishi. U shariatning zohirini ush -  lab, botinidan   bexabar  bo`lgani  uchun  ham tanqidga  nishon  bo`ladi.    

I
Ibodat — Yolg`iz  Allohdan   madad  so`rash va  yolg`iz, Unga  sig`inish.
Rabbimizga ta`zim va bandalik qilish.
Iroda—tilash, istash, darveshlik,  muridlik.    Irfon — ma`rifat.
Ilmal  yaqin — aqliy dalillar  bilan  sobit  bo`lgan  zohiriy ilm.
Istiqomat — to`g`ri,  durust, diniy  amrlarga   to`la   rioya   qilish.
Aqlga  va dinga ko`ra harakat etib, hech narsani Allohning irodasidan ustun qo`ymaslik.
Ishva — jamoliy tajalli.
Imon — hazrati Haq subhonahu va  taologa  bo`lgan ishonch va bilim miqdori.
Ishq — ko`ngil  berish,  jondan  sevish.  Tasavvufda   Haqning  zuhuriga  sabab   bo`ladigan  dastlabki    sifat.  Allohga    bo`lgan ishq — haqiqiy,  Alloh  yaratgan  narsalarga  bo`lgan  ishq— majoziy deyiladi.

K

Kaliso — hayvoniy olamni aytadilar.
Ka`ba — vuslat maqomi.    
Kamol — yetishganlik, qusursiz va kamchiliksiz bo`lish, Kamoli mutlaq — Ilohiy kamol; Insoni komil — Muhammad sallallohu alayhi vasallam va u kishining sodiq izdoshi, Valiy, murshid, ideal inson, o`rnak inson, qutb, g`avs, g`avs-i a`zam, qutbul-aqtob.
Karashma — jaloliy tajalli.
Kashf— yopiq bo`lgan narsani ochiq holga keltirish, his va aql bilan idrok qilib bo`lmaydigan xususlarni qalb ko`zi bilan ko`rish, ilhom  bilan idrok etish,  mukoshafa,  mushohada.

L
Lab — Mavjudotga vujudiy fayz yetkazuvchi rahmoniy nafas; labdan maqsad kalom (so`z)dir, mo``jizadir va rahmoniy, nafasga ham ishoradurkim, ashyolar vujudiga jon va fayz bag`ishlaydi. Lab — jonni quvvatlantiruvchidurkim, shariat tilida «nafxi ruh» deyiladi. Lab — oshiqlarni fayz va xursandchilik bilan siylash; ilohiy olamdan payg`ambarlarga farishta orqali, valilarga ilhom orqali nozil bo`lgan so`zlar.
Labi la`l — ma`shuq kalominiig botiniy ma`nosi, ahvolning sofligi va nozikligi hamda husnu jamol go`zalliklari zikrini qamrab olgan so`zlar.
Labi shirin — idrok qilinadigan bevosita nozil bo`lgan so`zlar: Hadisi qudsiy va voridoti g`aybiylar kabi.
Liqo (yuz, chehra, ko`rinish) — ma`shuq zuhur etadi va oshiq u ekanligiga ishonch hosil qiladi.
Lutf — murosa, madad va tin olish bilan ma`shuqning oshiqni tarbiya qilishidir. Toki u (oshiq) jamolning nur va tovlanishiga to`la quvvat hosil qilsin.

M    
Majzub — ma`xuz, majnun; Jazbaga tutilgan, aqldan ozgan deb hisoblangan bo`lsa-da, lekin unday bo`lmagan, Janobi Haqning lutf va karami bilan hech qiynalmasdan bir hamlada barcha maqomlardan o`tgan va vuslatga erishgan, vuslatning ta`sirida mast bo`lgan kishi.
Mazhar —bir narsaning zuhur etadigan yeri, ashyo va modda; Al-lohning  sifat,  ism  va  fe`llarining  mazharidir.
May   jomi — ma`rifat   bodasidan  to`la   shayxning  qalbi.
Mayl — oshiqning hushyorlik va shuur bilan o`z asliga qaytishi (Bu holat o`simliklarning tabiiy asliga qaytishiga o`xshamaydi).
Mayxona — zavq, shavq va ilohiy ma`rifat to`la orifning botinidir. Va lohut olami ma`nosida ham kelgan. Mayxona — mushohada ila matlubga vosil bo`lishni  istagan, haqiqiy mahbub ishqiga giriftor bo`lgan, haqiqat bodasidan sarmast, yakdil va safoli, do`stlarnipg to`planadigan joyi. Mayxona deganda, piri murshidning xonaqohi ham tushuniladi.
Malohat — ilohiy kamolning so`ngsiz va nihoyatsizligidurkim, hech kim unga yetolmaydi.
Masti xarob — mahbub ishqida oshiqning g`arq bo`lishi. Bu holatda dil tamoman istig`roq holatida bo`lib, shuurni hayotiy zaruriy narsalardan xalos etadi va vuslat martabasiga yetkaradi.    
Martabai jamuljam` — maqomi vahdat va boshlang`ich zuhurlanish.    
Matlub — mahbub, ma`shuq; insonlar tomonidan seviladigan nar-salar:  Haq va  uning  yaratgan sevimli  maxluqotlari.
Maxbub va sanam— sevikli zot; tajallining sifotiy suratda zohir bo`lishidagi haqiqati ruhiyyadir.
Mahv — qulning shuurini yo`qotadigan tarzda odatiy sifatlarini boy berishi, aqlning nazoratida bo`lmagan so`z va fe`llarning o`zidan zuhur etishi.
Maqom—diniy axloq va fe`l-atvor,  maqom iroda bilan qo`lga kiritiladi, riyozat va mujohada bilan topiladi; malaka, bosqich, palla, ma`naviy  mavqe. Yetti maqom: 1. Tavba. 2. Vara`. 3. Zuhd, 4. Faqr. 5. Sabr. 6. Tavakkul. 7. Rizo.    
Ma`rifat — kashf va ilhom bilan hosil bo`lgan vositasiz bilim, ma`naviy va ichki tajriba bilan o`rganiladigan ilm, tasavvufiy irfon.
Mija (mijgon) kiprik — nayza, o`q va kamonning uchlariga tashbih qilinadi va ma`shuqning nozu karashmasi bilan oshiq ko`ksiga sanchiladi. Istilohda solikning viloyatiga, hol va martabasiga hijob bo`lganni ayturlar. Orifning amallarni sustkashlik bilan bajarishi va unga basirat nazari bilan boqmasligi.
Miyon   (bel)—oshiqni  ma`shuq  jamolidan  to`sib turishiga  sabab bo`lgan  boqiy  va   mavjud   bo`lgan   alomatlar   ta`sirlar.
Miyoni  borik  (nozik  bel) — boshqa   monelik   va  hijoblar   bartaraf  bo`lgan vaqtda, solik vujudining hijobiga ishora qilinadi.          
Mosivo — mosivalloh: Allohdan boshqa har narsa, maxluqot,  mum
kinot, hodisot.
Mo`y (soch) — haqiqat,  mohiyatni  zohir  qilmoq:  talab  yo`li  va yana  orifning  «hablul  matin»i   (jon  tomiri).
Mutrib — fayz yetkazuvchi.
Mushtoq— oriflarga  ko`ra, Haq diydorini  to`la, kuchli shavq bilan kutish.

H
Nazar — mavjudot haqiqatlariga tavajjuh va iltifotdir. Va yana Haq yo`lidagi solikka ilohiy iltifotning yetishi; shuningdek,  bandaning Haqqa  tavajjuhidir.
Nafs — qulning yomon va gunoh bo`lgan hol va odatlari, hayvoniy orzular, nafs-i ammora, ruh, insoniy ruh, qalb. «Atvor-i sab`a»— nafs va ruhning yetti vaziyati, yetti shakli va holati.
1.    Nafs-i ammora — yomon va gunoh bo`lgan ishlarni qilishga buyuradigan nafs, hayvoniy nafs, «shubhasiz, nafs yomonlikka buyuradi» («Yusuf» surasi, 53-oyat).
2.    Nafs-i lavvoma — malomat qiladigan,  koyiydigan  va yomonlaydigan nafs. Yomon va gunoh ish qilganning qilgan ishi tufayli uni malomat qiladigan, hisobga tortadigan nafs, vijdon azobi. Qilgan yomonlik natijasida pushaymon bo`ladigan, tavba qiladigan va uzr so`raydigan nafs (Qarang: «Qiyomat» surasi, 2-oyat).
3.    Nafs-i mulhima — ilhom va kashfga mazhar bo`lgan nafs. Nimaning yaxshi va savobli, nimaning yomon va gunoh ekanligini ilhom orqali biladigan va shunga ko`ra harakat etadigan, vijdon ovozini eshitadigan va tinglaydigan iafs («Shamo» surasi, 7-, 8-oyatlar).
4.    Nafs-i mutmainna — qanoatlangan, huzur va  sukunga qovushgan, fazilatlarga o`ralgan, ilohiy fe`llarning tajallilariga mazhar bo`lgan nafs (Qarang: «Nahl» surasi, 106-oyat, «Fajr» surasi, 27-oyat).
5.    Nafs-i  roziyya — o`z  shaxsiy irodasi va  istagidan voz kechgan, jaloliy va jamoliy tajallilarni ko`ngilxushlik bilan kutib oladigan, qazo va taqdirning har qanday ko`rinishini mutlaqo rozilik bilan qarshilaydigan, achinmaydigan, shikoyat qilmaydigan va rizo maqomiga erishgan nafs (Qarang: «Moida»  surasi, 191-oyat,  «Fajr» surasi,  28-oyat).
6.    Nafs-i  marziyya — Alloh  rozi  bo`lgan  nafs. «Raziyallohu   an-hum». Bu maqomda Alloh roziy, banda marziyyadur, o`zaro rizo holati (Qarang: «Fajr» surasi, 28-oyat, «Bayyina» surasi, 8-oyat).
7.    Nafsi komila yoki «Nafs-i zakiyya» yoki «Nafs-i safiyya»—barcha kamol sifatlarini qozonib, insonlarni irshod qilish maqomiga yuksalgan komil, toza va sof nafs, inson-i komil («Shams» surasi, 9-oyat).
Nafs — jon, ruh, a) Nafs-i tabiiy yoki «Ruh-i jamodiy»: Jonsiz moddani bir yerda tutadigan va tarqab ketishiga mone bo`lgan quvvat va kamol; b) Nafs-i nabotiy yoki «Ruh-i na-botiy» — O`simliksimon oziqlanishi va ko`payishini ta`minlaydigan quvvat va kamol; v) Nafs-i hayvoniy yoki «Ruh-i nabotiy» — hayvonlarning his va irodali harakat sohibi bo`lishlarni ta`minlaydigan quvvat va kamol; g) Nafs-i insoniy, nafs-i notiqa yoki «Ruh-i insoniy, ruh-i manfux — Allohga nisbat berilgan va Alloh tomonidan ufurilgan ruh, latifa-i Rabboniyya, aql, qalb, sir — insonga o`ylash, muhokama quvvatini va kamolini beradigan ma`naviy javhar.
Niqob, hijob — oshiqni ma`shuqdan to`sib turuvchi moneliklar va suluk yo`lida soliklarga yuzlanadigan to`siqlar. Biroq bu to`siqlar mahbub yo muhib tomonidan emas, tariqatdagi lozim narsalardan yuzaga keladi.
Nola — munojot, tavba va tazarru qilish.
Noz — ma`shuqning oshiqlarga ishqu muhabbat yo`lida kuch bag`ish-lashi; solikka  iltifot va  arzu hojatiga javob bermoq,

O
Obid — ko`p ibodat qiladigan, doimiy mashg`uloti ibodat va toat bo`lgan, ibodat  bilan najot topishiga ishonadigan.
Oyina — komil insonning qalbi.
Olam — o`ziga xos shartlarga ega muhit: a) Amr olami: ruh, g`ayb, latif, lohutiy, nosut, malakut, ma`naviy va nuroniy olam; b)  Xalq olami: moddiy, zich, jism, mulk va shahodat olami.
Orif — Allohni, sifatlarini, fe`llarini va ismlarini kashf va mushohada yo`li bilan taniydigan. Orifi billah—Alloh haqida ma`rifat va irfon egasi bo`lgan, komil inson, hikmat va asrorga oshno bo`lgan, fano martabasiga erishgan, valiy.
Junayd Bag`dodiy orifni idish rangiga moslab rangini  o`zgartiradigan suvga qiyos qilgan va bu qiyosi bilan orifning har bir vaziyatga mos tarzda harakat qilib, holatini  o`zgartirishini  nazarda  tutgan.
Ostona — darvoza ostonasi, ulug` shayxning qoladigan yoki yotadigan makoni. Ostonaning kichikrog`i dargoh, dargohning kichigi zoviyadir, xonaqoh.
Oraz — vujud nurlarining mazhari.
Oshiq — butunlay jiddu jahd va talab qilib, ilohiy jalol va jamolga oshufta bo`lganni ayturlar.

P
Piri mug`on va piri xarobot — komil va mukammal insonlardir. Zero, oshiqning xarob bo`lishi dinning asl talablaridandir. Bu xarobotdan maqsad — bashariy sifatlarning xarob bo`lib, ilohiy zot nurining shu`lalarida jismoniy va ruhoniy vujudning foniy bo`lishidir. Aynan shunday xaroblikka erishilsa, dinning haqiqati zohir bo`ladi va inson gavharida pinhon qilingan narsa yuzaga chiqadi. Shunda inson  o`z haqiqatidan xabardor bo`ladi. Bu xususda ko`p gapirilsa-da, tasavvufdan yiroq kishilarning faxmlashi qiyin kechadi. Shuning uchun bu irfoniy ma`nolarni bilmaydiganlar «zulf», «xol», «may», «sanam» kabi so`z-atamalarni eshitsalar, ularni inkor qiladilar. Va haqiqiy ma`nosidan bexabar bo`ladilar. Bilmaydilarki, ma`no ola-mi juda nozik. Ruhoniy vujud modomiki, suratdan xoli bo`lsa, bashariy idrok bilan uni anglab bo`lmaydi. Demak, mazmun taqozosiga ko`ra, har bir ma`noni  gavdalantirishga,   tasavvur   qilishga   xizmat  qiladigan,   shu  ma`no  bilan  bog`liq bir surat bo`ladi. Masalan, oydek yuz, kamondek qosh...
Kashf olami, g`ayb olamidagi ma`nolar, suratlar ham shunday. Shuning uchun oriflar har bir ma`noni unga bog`liq bir surat bilan anglatganlar. Masalan, mahbub deganda Haqni, may deganda ishq va uning g`alaba qilishini  nazarda tutganlar va hokazo.

R
Porso — murshidi komil: yomon sifatlari va yomonlikka buyuruvchi nafs o`zgargan va yaxshi sifatlar bilan sifatlangan ruhoniy kishi.
Ratli garon — sharob to`la katta jom.
Rind—ziyrak, beparvo, loqayd ma`nolarida keladi. Istilohda kasratlarni, zohiriy mavjudotlarni, imkon sifatlarni o`zidan yiroqlashtirgan odam. Shar`iy amrlarni nodonlik jihatidan emas, ziyraklik jihatidan o`ziga zarar bo`lmaydigan tarzda inkor qilgan kishi; rindlar — vujudlari g`ubor va bashariy kuduratlardan sof va pok bo`lgan orif avliyolar.
Robita — Aloqa, shayxning surat va shaklini zehnda taxayyul va tasavvur qilib, u suratdan qalbga fayz kelishiga ishonish, «robita-i mahabbat», shayxni sevib eslash, «robita-i talab-bus», o`zini shayx shaklida tasavvur etish, qiyin paytlarda shayxdan yordam va madad xohlash, qaerda bo`lsa ham shayxning yordamga kelishiga ishonish. Robitai mavt — o`limni eslash, «o`lmasdan burun o`lish». Robitai qalb yoki robitan huzur — qalbga tavajjuh qilish, Allohni «jon tomiri»dan ham  yaqin his qilish, o`ylash va  hushyor tortish...
Rohat — qalbning  nafsu  shahvatga  asirlikdan xalosligi.  
Rux—Xudo husnining mazhari; Rux — ko`p ism va sifatlarga ega bo`lgan yakka-yagona ilohiy zotga ishora. Rux — hazrati Vojib taoloning tajalisidurkim, olamdagi narsalar va ilohiy ismlar zuhurini vujudga keltiruvchidir; ilohiy lutf; Ba`zi mutasavviflarga ko`ra, ruxdan maqsad — ilohiy jamolning lutf sifati bilan tajalli qilishidir. Bunda Haq «Latif», «Rauf», «Tavvob», «Muhyi», «Hodiy» va «Vahhob»  sifatlari bilan tajalli qiladi; Ruxning nurga, zulfniig zulmatga munosabati bor. Gohida mosivo (Allohdan o`zga narsalar) mutlaqo zulfga ta`bir qilinadi. Chunonchi, zulf — mahbub yuzidagi parda va niqobdir. Koinot va kasratdagi narsalar ilohiy zot hijobi va haqiqiy vohid jamoliniig niqobidir. Moddadagi tajalliyotga ham rux deydilar.
Rux va ruxsor — zotiy husn mazhari va jamoliy tajallilarga aytiladi; ruxsor — mavjudot olami.
Ruh — istilohda xolis insoniy latifa.

S

Savmaa — ibodatgoh. Istilohda dil tavajjuh qiladigan dargoh, maqomdir. Shuningdek, tafrid va tajrid maqomi. Yana mosiivalloh (Allohdan boshqasi)dan aloqalarni uzishga ham aytiladi.
Sardi   (sovuqlik)— chiqib  ketuvchi  nafasga   aytiladi.
Siyna — ilohiy ism sifati.
Soqiy—tasavvufda ma`rifat, haqiqat bodasini ulashuvchidir.  Ba`zan soqiydan murod Kavsardir va u goho murshidga ham nisbat beriladi. Soqiy barcha mavjudotga fayz beruvchi, sarxushlik ulashuvchi manbadir. Boshqa bir manbada shunday deyiladi: «Soqiy Xudodirki, oshiqlarga haqiqat mayini ichiradi va ularni mahvu foniy qiladi. Bu so`z istiora yo`li bilan «murshidi komil»ni anglatadi. Soqiy biror qavm yo qabilaning diniy rahbari va oshiqlar yuzidan ma`naviy husn sharobini ichadigan ma`shuqdir.
Sog`ar, surohi va kino — Orifning qalbi. Uni xumxona, mayxona va maykada ham deydilar. Sharobxona deganda, malakut, ma`no va arvoh olamlari ham tushuniladi. Baüzan semurg`, anqo, iksir, jomi jahonnamo va oynalardan komil inson anglashiladi. Ba`zi so`fiy istilohlarida mayxona, butkada, sharobxona deb ilohiy ma`rifat, zavq va shavq to`la komil Orifning botiniga aytiladi.
Sog`aru paymona — ma`naviy idrok va g`aybiy  nurlar mushohada qilinadigan manbaga aytiladi.
Suluk — yo`lga kirish, nafsni tuzatish va vuslatga erishishi uchun tasavvuf yo`liga kirish, bu yo`lning usul, odob va arkonini ijro etishga kirishish. Sayr va suluk — usuliga mos bir shaklda tasavvuf yo`lida yurish, bir joyda to`xtab qolmaslik. Solik yuruvchi kishi — tasavvufda muttasil Haq tomonga  sayr  qiluvchi  kishini ayturlar.
Suxan  (so`z) — g`ayb olami bilan oshnolik va unga ishorat.

T
Tajalli— Haqqa yuzlangan qalblarda Alloh nurlarining jil- valanishi, porlashi,   zuhur  etishi;   Ziyo  porlashi:
a)    Tajalli-i  af`ol — Alloh  fe`llaridan  bir fe`lning qalbda tajalli etishi.
b)    Tajalli-i   asmo — Alloh   ismlaridan bir ismning  qalbda tajalli etishi.
v)Tajalli-i  sifot — Alloh  sifatlaridan bir sifatning  qalbda  tajalli  etishi.
1.    Jaloliy  tajalli—Allohning  qahr,  kibriyo  va  g`azab kabi ism va sifatlar bilan tajalli etishi.
2.    Jamoliy  tajalli: Allohning  lutf, marhamat, avf va  muhabbat kabi ism va sifatlar bilan tajalli etishi.
Tajrid — moddiy  olamdan   ayrilgan  va   ajratilgan  qalblarning ilohiy   tajallilarni   tomosha   qilishi,   tavhid. Tajrid —mosivodan  ayrilish,  tafrid—yolg`iz  bo`lgan Allohni topish.
Tajrid— insonlardan  alohida, yashash, dunyo tashvishini  o`ylamaslik.
Talab — Haqni izlashni aytadilar.
Tarab — Haq subhonahu  va taolo bilan ulfatlik. Va qalb bunday hayotda doim  hazrat Haq taolo bilan sururli holatda  bo`ladi.
Tariqat — yo`l, Allohga olib boradigan yo`l, sayr va suluk asnosida  amal  qilinadigan  xos  yo`l.  Mutasavviflar  «Allohga olib   boradigan   yo`llar   (tariqatlar) ning  soni—butun  insonlarning   nafaslari   adadichadir»   deyishgan. Tariqatlar  uch katta qismga ayrilishadi:
1.Tariq-i axyor: Xayrli insonlarning yo`li, zuhd, ibodat va toat yo`li, ko`p ibodat  va zuhd bilan Allohga yetishish yo`li.
2.Tariq-i abror: Yaxshi insonlarning yo`li, tasfiya, mujohada va riyozat bilan Haqqa vosil bo`lganlarning yo`li, Haq va xalq bilan  muomalalarida sidq-sadoqat va ko`rsatmalardan  ajralmaganlarning yo`li, muomala yo`li, nafs bilan kurash yo`li.
3.    Tariq-i shuttor:    Ishq, muhabbat, vajd  va  jazba  yo`li, oshiqlar yo`li, ishq  bilan  Haqqa vosil  bo`lishni istaganlar   tomonidan   amal    qilinadigan    yo`l.   Bu   yo`lning o`nta asosi «usul-i ashara» shulardir:
1.Tavba — Allohga qaytish, irodasiz holda tabiiy o`lim bilan Haqqa qaytishdan avval, irodali o`lim bilan Haqqa ruju etish, Alloh huzuriga chiqish.
2.Zuhd— dunyoni va  dunyoviy  zavqlarni tark etish.
3.Tavakkul — Allohga tayanib sababni tark etish, Allohni vakil qilish, sababga emas, sababni yaratganga, musabbibga  ishonish,  rizq qayg`usida  bo`lmaslik.
4.Qanoat — qismatga rozi bo`lish, yeyish, kiyinish va maskan ehtiyojini zarurat chegarasida saqlash, ochko`z bo`lmaslik.
5.Uzlat — xilvat va uzlatga chekilish, yor bilan suhbat uchun ag`yorning suhbatini tark etish.
6.Zikr — doimo Allohni yodda tutish va mosivoni unutish.
7.Allohga tavajjuh etish — mosivodan yuz o`girish, banda butun kuch va borlig`i bilan Allohga yuzlanishi va «lo maqsuda illalloh» deyishi.
8.Sabr — mujohada va riyozat bilan nafsning rohatini va orzusini tark etish.
9.Muroqaba — banda o`ziga oid biror quvvat yo`qligi shuuriga ega bo`lishi «la havla va la quvvata illa billah» deyishi, urug` ekkan dehqonning yomg`ir kutishi kabi Allohning rahmat va fayzini kutish uchun Haq tomoniga yuzlanish.    
10.Rizo — qismatga rizo, taqdirning tajallilariga rizo bo`lish, nafs rizosini tark aylab, Haqning rizoligini qozonish,  «qahringda xush, lutfingda xush» deyish.
Tarsobachcha — murshidning xalifasi yoki o`g`lidurki, boshqa bir piri  komilga  muhtojdir   u  esa   boshqasiga    muhtoj   bo`ladi;
Jamoliy   tajalli   mushohadasidan     hosil   bo`lgan    tajrid natijalari ham tarsobachcha deyiladi.
Tommot — suluk sayri davrida solik tilga oladigan ma`rifatli so`zlar.

F

Fayz-fayazon — oqish, toshish. Uluhiyatning qalbda zuhur va ta-jalliy etishi, Allohning bandasiga baxsh etgan ma`rifat va diniy hayajon, hol, olamning Allohdan zuhuri va suduri: a) «Fayz-i aqdas —borliqlarning bilquvvat vujudga kelishlariga sabab bo`ladigan Alloh zotining tajallisi; b) «Fayz-i muqaddas — borliqlarning bilfe`l vujudga kelishiga sabab bo`lgan Alloh ismlarining tajallisi; Fayz-i aqdas—Allohning ahadiyat sifatining tajallisi, Alloxning o`z-o`ziga tajalli etishi va «a`yon-i sobita»ni  bor  qilishi,  Fayz-i  muqaddas — Allohning vohidiyat  sifatining   namoyon  bo`lishi,   Allohning   ashyoni    tashqarida   bor qilishi.
a)    Fayz-i Isnodiy: Shayxlar va muridlarga silsila  va suluk vositasi orqali keladigan fayz, shayxdan shayxga o`tib keladigan fayz.
b)    Fayz-i ilohiy: To`g`ridan-to`g`ri va bevosita Allohdan keladigan fayz. Axz-i fayz — fayz olish, shayxdan fayz, hayajon va tasavvufiy bilimlar olish. Istifoza — fayz olish. Ifoza — fayz berish.   Tafayyuz—fayzlanish.
Fano— tasavvuf namoyandalarining fikricha «fano» holati va «o`zlikdan kechish» Allohning fazlu rahmati natijasidir. Solik o`zining fanoga erishganligini bilmasa, bu fanoning oliy bosqichi hisoblanadi. Chunki har qanday holatda so`fiyning Haq jamoli mushohadasiga sho`ng`iganligi «baqo» va «davom» dir. Zero, so`fiy fanofilloh bo`lsa, unga o`q va xanjar urilsa ham sezmaydi. Oriflar «fano»ni «baqo»ning boshlanishi deb aytishlariga sabab inson o`zida o`lib, Xudoga bog`lanib tiriladi. Shuning uchun ham Mansur Halloj «analhaq» (men Haqman) yoki Boyazid Bistomiy «subhoniy, subhoniy, mo a`zama sha`ni» (pokdirman, sharafliman naqadar  ulug` mening sha`nim) deganlarida ikkovlari ham fano holida bo`lib, o`zlarini yo`qotgan va Xudoga ruhan bog`lanib ketgan edilar (Abdulhakim Tabibiy. Sayri ta-savvuf dar Afg`oniston, Qobul, 1356 h. 81-bet). Sayyid Qosimiy «fano»ni hayoti jovidoniy deb ataydi:

Haqiqat dardu g`amdur shodmoniy,
Fano bo`lmoq — hayoti jovidoniy.

Imom Muhammad G`azzoliyning ta`kidlashicha, fanoda  orif moddiy olamni idroku ehsos etish qobiliyatidan ajralib,  haqiqat olamini  idrok  qilishga kirishadi.
Ba`zi mutasavviflar talqiniga ko`ra, «fano»da insoniy sifatlar ilohiylashadi. Unda barcha tuban sifatlar (avsofi zamima)dan xalos bo`lib, baqoda eng oliy sifat (avsofi mahmuda)ga erishiladi. Orif mangu haqiqat bag`rida   barcha  ashyoni,  hatto  o`zligini ham  unutadi.
Alisher Navoiy fanoning sharhi yuz risola bo`lishini alohida ta`kidlaydi. U «Lison ut-tayr» asarida fano ahli haqida shunday deydi: «Ey fano, ahli sening vaslingga erishgan bo`lib, ular vasl ishratgohiga daxldor. Kimki sendan abadiylikka erishmoqchi bo`lsa, u o`zini yo`q qilmasdan turib bu fanoning fanosini bilmaydi. Bunday kishi visolning maqsadiga imkon topa olmay, bu fanolardan baqo anjomiga erisha olmaydi».
Fano qulning nafsoniy orzularidan yiroqlashishi; baqo — yomon sifatlarning o`rniga yaxshi va go`zal bo`lgan axloqiy   sifatlarning   qoyim  bo`lishi. Fano  anin — nafs;  Fano — qulning fe`lini o`zidan ko`rmasligi, baqo — Allohdan ko`rishi; Fano— qulning Haqdan boshqa narsani ko`rmasligi, jamul-jam` holi; «lo mashhuda illalloh». Fano fillah: Allohda yo`q bo`lish. Baqo billah — Alloh bilan bor bo`lish.
a)    Qusuliy fano (fano fil-qusud): bandaning o`z shaxsiy irodasini yo`q qilib, o`rniga ilohiy irodani qo`yishi, faqat Allohning irodasiga ko`ra harakat qilishi, aslo o`z irodasi va nafsining istagiga ko`ra  xarakat  qilmasligi, «lo maqsuda illallohu», «lo matluba illalloh», «lo muroda  illalloh» maqomidir.
b)    Shuhudiy fano: (fano fish-shuhud) Allohdan boshqa narsa ko`rmaslik, jamul-jam, vajd va istig`roq holatida so`fiyning Allohdan boshqa narsani ko`ra olmasligi, quyosh ko`tarilganda yulduzlar va oyning ko`rinmasligi kabi ilohiy tajallilarning zuhuri paytidan mosivoning mushohada va mulohaza qilina olinmaslik holati, «lo mashhuda lillalloh» sirri, Vahdat-i shuhud — ko`ringan birdir, u ham bo`lsa  Allohdir.  Sub`ektiv   (anfusiy)   Fano.
v)    Vujudiy fano — (fano fil-vujud) borliqlarning yo`q deb bilinishi, bor bo`lib ko`ringan narsalarning, haqiqiy va mutlaq borliq bo`lgan Allohning tajallilari hisoblanishi, mosivoning haqiqiy bir borliqqa ega bo`lishining vahm va xayol deb hisoblanishi, vahdat-i vujuddagi fano nuqtan nazari. Obektiv Fano.
Faqr — tariqat yo`liga kirgan orifning to`rtinchi maqomi; faqirlik — bu moddiy yetishmovchilik yoki tilanchilik qilish emas, balki Allohu taborak oldida o`zini ojiz, g`arib va faqir his qilishidir. Payg`ambar alayhissalom: «Faqirlik faxrimdir» deganlari uchun ham orif insonlar faqirlik bilan faxrlanganlar. Bu faxrlanish — Alloh oldida ojiz va faqirligini his etib yolvorishdir. Xalqqa kambag`alligini, tilanchilarga xos hayotini ko`rsatish emas. Faqr — yo`qsullik. Allohga muhtoj bo`lish holati va shuuri, so`fiylik. Faqir, darvesh, so`fiy, murid, tolib, o`zini har tomonlama Allohga  muhtojligini biladigan kishilardir. Al-Faqr Ilalloh—Allohga muhtoj bo`lish; al-Faqir il-alloh— o`zini Allohga muhtoj deb bilgan kishi.
Abu Muhammad Jaririy: «Faqr, bor narsani qo`ldan boy bermaslik uchun yo`q narsaning talabida bo`lmaslikdir», deganlar.
Bu maqomning uch bosqichi bor: birinchi bosqichda orif nima topsa, shunga qanoat qiladi. Ikkinchi bosqichda orif o`zida dunyo molidan kechish hissini tarbiyalaydi. So`nggi bosqichda u shunday bir darajaga erishadiki, u uchun boylik va kambag`allikning farqi bo`lmaydi.
Faqr — tarki dunyo qilib, hayotga qo`l siltash emas, balki olami botinni poklashdir. Piri Turkiston Xoja Ahmad
Yassaviy   hazratlari   faqrning   olti   odobi   borligini.  ta`-kidlaydilar:
1.Yaxshi va yomon so`zga sukut qilmoq.
2.Pir oldida xomush bo`lmoq va uning ijozatisiz so`zlamaslik.
3.Hech kim  bilan yomon muomalada  bo`lmaslik.
4.«Xosu omning xizmatini» ado etmoq.
5.Nafsni yengmoq.
6.Havoyu havasni tark qilmoq.
Mashhur so`fiy Sahl ibni Abdulloh Tustariy: «So`fi har qanday g`am-g`ussadan xoli, tafakkurli, Xudoning dargohida fisqu fasod qilishdan yiroq va uning ko`ziga tuproq ham, tillo ham bir xil ko`rinib, tafovuti qolmagan kimsadir»,—deb faqr maqomining so`fiylik shartlaridan biri ekanligiga urg`u beradi. Firoq— g`aybat maqomi.

X
Xammor — tajalli va jazbalarga yaqin, mushohada sohibi bo`lgan solikdir.
Xarobot — sharobxona. So`fiylar istilohida bashariy sifatlar-ning xarob va jismoniy vujudning foniy bo`lishidir. Xarobotiy — undan beixtiyor ilohiy ma`rifatlar sodir bo`ladigan komil insondir. Xarob —bashariyat olamining xarob bo`lishiga ishoradir.
Xat — kibriyolik (ulug`lik, buyuklik) hijobi; Muhammadiy haqi-qatga, ba`zan vujud martabasiga yaqinroq bo`lgan arvoh olamiga ishora; Mahbub yuzida latofat, noziklik, go`zallik bilan xat chizilgandurkim, u—barcha noziklik va husnu jamol nuktalarini jamlovchidir. Agar xat va mahbub yuzini ko`rsang, shak-shubhasiz kasratni vahdat  deb bilasan va senga ma`lum  bo`ladiki, vahdat — kunduz, kasrat — kechasidir. Xat — g`ayb olami.
Xilvat — uzlat, inzivo, tajarrud, tarki dunyo, e`tikof, xalq bilan ixtilot (aralashishi)ni tark etib, bir chekkaga o`tirish va barcha vaqtini ibodat va toat bilan o`tkazish, xilvatxonada va chillaxonada qirq kun parhez va riyozat qilish, «xilvat dar anjuman» (zohirda xalq bilan, botinda Haq bilan bo`lish).
Xol — haqiqiy vahdat nuqtasi hisoblanadi. U kasrat — ko`plik-ning boshlanishi va intihosidir. Ag`yorning idrok va shuuridan berkitilgan va maxfiy qilingan. «Barcha amrlar undan boshlanadi va unga qaytadi...». Xol — yo`qlik olamini anglatishi bilan birga mutlaq zot yagonaligiga ham ishoradir. «Mir`ot ul-ushshoq»da vujud falagining markazi bo`lgan qalbning suvaydo nuqtasi bu xolni jilolantiruvchi va zohir qiluvchi joydir, deyilgan. Ba`zi mutasavviflarga ko`ra,  xol — toat  nurlari  ichidagi  ma`siyat zulmatidir. Agar yaxshilik oz bo`lsa, xol deydilar. Qora rangga tashbih qilinishi, g`aybiy haqiqatdurkim, idrok va shuurdan panadadur.
Xotir — qalb, qalbga keladigan his va fikr, vijdon ovozi, qalbga keladigan ma`naviy xitob: Xotir, Haqdan, malakdan, nafsdan va shaytondan keladi. Allohdan keladiganiga «xotir-i Haq», malakdan keladiganiga «ilhom», nafsdan keladiganiga «havodis, ahodis-i nafs», shaytondan keladiganiga «vasvasa» deyiladi.
Xum — sir martabasi va ruhiy latifadir. «Ahadiyat-ul jam`» va mavqif (to`xtash, tin olish maqomlari)ni ham xum deydilar.
    
Ch
Chehra — solikning kayfiyat va miqdor darajasidan ogoh bo`ladigan tajalliydir. Va yana chehra — solikning g`aybat holida ro`y beradigan tajalliyotdir.
Chashm (ko`z) — ashyolar (narsalar)da Haqni mushohada qilish va bu mushohadakorlik layoqati bashariy sifat deb ta`bir qilinadi. Ya`ni solik nazaridan biror narsani chetda qoldirmaydigan, foydali va zararli narsalarni  nazorat qilib turuvchi, uning barcha yaxshi va yomon ahvoliga taalluqli basariy sifatlar.
Chashmi purxumor — solikning o`zida sayr qilishi. Kamol ahli qoshida bunday sayr holatining kashfi  ma`lumdir.
Chashm va abru va jamol — solik qalbiga qo`yiluvchi g`aybiy il-homdir.

Sh
Sharob, may, boda — ishq,  ilohiy muhabbat; ishqning g`alaba qi-lishi. Haqiqiy mahbub jilvalanib, muhabbat g`alaba qilgan paytda, solik qalbiga quyulib, uni mastu behush qiluvchi zavq, vajd va hollardir. Bu holat chulg`ab olganda, aql muhokamalari va xayol xohishlari zoyil bo`ladi, mastu mustag`raqlik ahvoli yuz beradi. Sharob — mastlikdan kinoya va Haq jazbasining muhabbatidir.
Sharobi xom, sharobi puxta — xom sharob — haqiqiy bandalikdan yiroqroq bo`lgan go`zal hayot bo`lsa, puxta (etilgan, pishgan) sharob — bandalik, oshiqlikning musaffo, xolis hayotidir.
Sham` — Allohning nuri, ilohiynur quyoshi.
Shirin so`z — payg`ambarlarga vahiy, valilarga ilhom vositasida yetadigan ilohiy amr, ishorat.
Shohid — hozir, dalil, qalbdagi holat, g`oyib bo`lgan narsani ko`rsatadigan va qalbga huzur baxsh etadigan narsa. Mashhud — shohidning ko`rsatgani, ko`rinadigan tajalli. Shuhud — Haqni Haq bilan ko`rish, mushohada.

E
Ehson — yaxshilik, ikrom. Allohni ko`rib turgandek, unga ibodat qilish. Basiyrat nuri ila ishq, ixlos va amal bilan bandalikni amalga oshirish.

Yu
Yuz — iymon va irfon kashfi.

Q
Qad — vahdat olamiga tavajjuh qilish uchun qoyim bo`lmoqlikni aytadilar.
Qadah — vaqt va ko`ngilni aytadilar.
Qalandar — malomatiylikdan ajralib chiqqan qalandariya tari-qatiga mansub, urf-odat va taomillarga e`tibor bermaydigan, ko`ngilxushlikni istaydigan, odob va arkonlarga ko`p amal qilmaydigan, nafl ibodatlarga ortiqcha ahamiyat bermaydigan, asosan farzlar bilan kifoyalanadigan riyodan uzoq bo`lgan, huzur, sukun va ruh rohati avzusinn har narsadan ustun qo`yadigan kishidir. Qalandarona she`riyatda Haq oshig`i sifatida  talqin qilinadi.
Qanoat — qismatga rozi bo`lish, qo`ldan ketgan narsaga achinmaslik, huzur ichida bo`lish, Allohning bergani bilan  qanoatlanish.
Qomat — qalbning yuqori olamga tavajjuh qilishini, shuningdek, sig`inishga munosibni aytadilar, zero Xudodan boshqa sig`inishga sazovor emas.

G`
G`aybat - huzur— g`aybat, o`zini yo`qotish, moddiy olamdan yo`qolish, vajd va istig`roq holi, ilohiy huzurda qalbning o`zini va dunyosini ko`ra olmaslik holati, sakr holati, sezgirlik va tushunuvchanlik holatni vaqtincha yo`qotish (g`oib — hushini yo`qotgan, behush); huzur, o`ziga kelish, g`aybat holatining tugashi yoki hushini yo`qotib, Haqning huzuriga chiqish. Birinchisiga «Huzur ul-Xalq», ikkinchisiga «Huzur ul Haq»  deyiladi.
G`alaba — hushini  yo`qotish, ma`naviy fayz va hissiyotning ta`siri va hokimiyati ostida qolish.
G`amza —qo`rquv va umid (xavfu rajo).
G`urbat — Murodga yetishish uchun vatandan ayrilish, yolg`izlik va begonalik holati, asosiy yashaydigan vatani bo`lgan  ruhlar olamidan bu foniy dunyoga kelgan ruhlarning holati, g`arib, g`urabo, g`aribon,  so`fiylar,  darveshlar.

H

Havo— nafsga xush keladigan narsaga mayl etish, bu mavzudagi dinning hukmini e`tiborga olmasdan orzularini ro`yobga chiqarishni xohlash.
Halovat — mushohadadan   hosil  bo`luvchi   nurlarga   aytiladi.
Haq — Alloh, sobit, davomli, to`g`ri, huquq. Allohga oid bo`lgan haqlar, hol, maqom, ma`rifat, qasd, muamala va ibodat kabi narsalar.
Haqiqat — haqiqat, irfoniy haqiqat, azaliy va abadiy haqiqat, qalbning doimiy suratda Allohning huzurida bo`lishi, bir lahza bo`lsa ham shubhaga bormasligi, ilohiy olamda mushohada qilinadigan faqat ifoda qilina olmaydigan ma`naviy haqiqatlar, kashf va ilhom yo`li bilan bilinadigan haqiqatlar, ma`rifat. «Tahqiq» haqiqat martabasiga yetish uchun butun quvvat va toqatni sarflash, «tahaqquq» haqiqat martabasiga yetishish. «Haqiqat-i Muhammadiyya», «Haqiqat ul-haqoiq» — ilk haqiqat. Allohning ilk yaratgan haqiqati, «Alloh birinchi bo`lib, Hazrati Muhammad (sallallohu alayhi vasallam) ruhlarini va nurlarini yaratdi, keyin hamma narsani bu ruh va nurdan, bu ruh va nur uchun  yaratdi» shaklidagi ishonch, nuri Muhammadiy va aqli kulliy aqidasi. Haqiqat bir necha ma`nolarda qo`llanadi. Jumladan, Xudoni tanish va bilish; majozning ziddi; bandaning Xudo vasliga intizorlik holati; Haq jamolini ko`rsatishi; narsalar manbaida ilohiy qudrat va san`atni mushohada etish va hokazo.
Xaqiqat— shariat va tariqat bosqichlaridan keyin kelib, ilohiy zot ma`rifatini ifodalaydi: «Shariat — sog`liqning jismi, haqiqat
— uning ruhi» deb ta`riflaydi. So`fiylar haqiqatga yetishishni asosiy maqsad deb bilganlar. Sayru suluk natijasida moddiy va ma`naviy to`siqlardan o`tib, o`z nafslarining asl javharidan, yaratilish mohiyatidan va dunyoga kelish sirlaridan ogoh bo`ladilarki, bu mutlaq haqiqatdir. Ba`zi so`fiylar bu maqomni fanodan so`nggi baqo deganlar. Bu  tushunchaning rpvojlanishi asosida asta-sekin «komil inson» tushunchasi yuzaga kelgan. Tasavvufiy manbalarda haqiqat atamasidan tashqari «haqiqati jomi`», «haqiqati mutlaq», «haqiqatul-haqoiq» iboralari ham qo`llanadi.
Imom Muhammad G`azzoliy haqiqat istovchilarni to`rt guruhga: mutakallimlar, faylasuf va hakimlar, ismoiliya va ta`limiya tarafdorlari va so`fiylarga bo`ladi. So`fiylar haqida: «Men uchun tamoman ravshan bo`ldiki,  Xudoyi taolo tariqatiga qadam qo`yganlar faqat so`fiylardir. Ularning hayot tarzlari, tariqatlari va fe`llari ham eng yaxshidir, maqbuldir»,—deb ta`rif  beradi.
Hijob — parda, moddiy olam bilan ma`naviy olam orasida bo`lgan nafsoniy va zulmoniy pardalar, haqiqatni ko`rishga mone bo`ladigan yopqich. Mahjub — Haq va haqiqat orasida pardasi bo`lgan kishi «Hijob va parda faqat nafsdir».
Hol— biz yashab turgan zamon va holat, vaqt, ma`lum bir paytda keladigan (vorid) va tushadigan (nozil), keyin esa kechadigan ma`naviy his va hayajonlar, shavq, huzn, uns, mushohada, yaqin, xavf, qabz  kabi hollar. Hol, Haq ne`matidir, mehnat orqali qo`lga kiritilmaydi, maqomlarga esa mehnat, riyozat bilan erishiladi.
Hol sohibi—ma`naviy holati yaxshi bo`lgan, tasavvufiy hollarni ko`rib va yashab tanigan, vajd jazba va istig`roq holatida bo`lgan, sakr va talvin sohibi, holini boshqara olgan kishi.
Huzn — Shavq. Huzn — jahannamni, ilohiy azobni va g`azabni o`y-lab, g`amga botish. Shavq — jannatni va ilohiy ne`matlarni o`ylab sevinish. Xavfullohning natijasi huzn, muhabbatullohning  natijasi  shavq  va  ishtiyoqdir.
Husn — eng mukammal kamolot va sifatga ega bo`lgan zotdirkim, u Haqdir. «Alloh go`zaldir va go`zallikni sevadi» (Hadisi sharif). Alloh jamoli, mahbub diydori.