Òîï ðåéòèíã www.uz
INSTITUTDAN

      Muhtaram  kitobxonlarimizga    taqdim    etilayotgan ushbu oxirgi    jild Alisher Navoiyning Mukammal asarlar  to`plamiga  yakun  yasaydi.  Undan  «Devoni  Foniyning keyingi qismi va «Mufradot» asari o`rin olgan. Musaddas, ta`rixlar, lug`az va «Sittai zaruriya»ga yozilgan debochani filologiya fanlari nomzodi S. Rafiddinov; ruboiy va   qit`alarni filologiya fanlari nomzodi E. Ochilov; muammolarni  filologiya fanlari nomzodi L. Zohidov o`zbekchalashtirib, muammolarning yechimini bergan. «Sittai zaruriya» tarkibidagi qasidalardan: «Ruh ul-quds»ni filologiya fanlari nomzodi S.Rafiddinov va yosh tadqiqotchi N. Bekovalar; «Qut ul-qulub» qasidasini filologiya fanlari nomzodi H. Muxtorova;  «Ayn ul-hayot» va «Tuhfat ul-afkor» qasidalarini  filologiya  fanlari  nomzodi  S.  Rafiddinov; «Minhoj un-najot» va «Nasim ul-xuld» qasidalarini filologiya fanlari doktori S. Erkinov tarjima    qilib, «Sittai zaruriya»ga izoh ham yozgan. «Fusuli arbaa» qasidasining tarjimoni filologiya fanlari nomzodi A. Habibullaevdir. «Mufradot»ni filologiya fanlari nomzodi L. Zohidov tarjima qilgan va asardagi muammmolarning   yechimini bergan. Ilova qismidagi matnlarni tadqiqotchi N. Ramazonov  to`plab, nashrga tayyorlagan.
      Shu o`rinda «Devoni Foniy» qo`lyozmasi fotonusxasini xorijdan yurtimizga keltirgan va undan ilk bor namunalar nashr ettirgan marhum professor H. Sulaymonning ham xizmatlarini alohida ta`kidlash lozim. «Devonn Foniy» matnini tayyorlashda uning Franöiya milliy kutubxonasida saqlanayotgan 285-raqamli qo`lyozma fotonusxasidan hamda Dushanbeda nashr bo`lgan Foniyning saylanma devonidan foydalanildi1. Ba`zi o`rinlarda «Devoni Foniy»ning Eron nusxasiga murojaat etildi2. Mazkur uchala manba matnlari solishtirilib, ishonchli variant tanlab olindi. Shunga qaramay, ayrim qiyinchiliklar ham tug`ildi. Jumladan, muammolar Parij nusxasida to`liq berilgan bo`lsada, ba`zi o`rinlari chaplanib ketganligi bois, ulardan ayrimlarini to`g`ri o`qishning iloji bo`lmadi.
    Olimlarimiz Alisher Navoiy (Foniy)ning forsiy merosini xalqimizga taqdim etishda bor ilmiy salohiyatlarini ishga solishdi. Turkiy asarlardan farqli o`laroq forsiy manbalarni to`g`ri o`qish va to`g`ri tarjima qilishning o`ziga xos mashaqqatlari bo`ladi. Foniy asarlarining aksari ilk bor to`liq holda tarjima qilinganligi uchun ham zahmatli, lekin tahsinga loyiq ish amalga oshirildi. Darhaqiqat, shoirning o`n besh jildlik Asarlar to`plami tarkibida chop etilgan «Devoni Foniy» («5-jild. 1-2-kitoblar) bilan 18, 19 va ushbu 20-jildlar qiyos qilinsa, keyingi ishning salmog`i va saviyasi yaqqol ko`zga tashlanadi.
    Masalan, ilgari professor H. Sulaymon nashr etgan «Devoni Foniy»da 17 ta muammoning faqat matni berilgan bo`lsa, ushbu jildda 266 ta muammo tarjimasi va yechimi bilan berildi. Shuningdek, oldingi nashrdan faqat «Tuhfat ul-afkor» qasidasining qisqartirilgan varianti tarjimasi o`rin olgan bo`lsa, ushbu jildda barcha qasidalar tarjimalari bilan birga, «Mufradot» asari ham ilk bor tarjimasi va muammolarining yechimlari bilan berilmoqda va h. k.
    Qo`limizdagi mavjud manbalar asosida Navoiyning forsiy merosini butunligicha xalqimizga yetkazish uchun harakat qilgan ekanmiz, ulug` shoirimizning forsiy adabiyotning zabardast so`z ustalaridan qolishmasligini, uning fors tilidagi asarlarinn xalqqa taqdim qilish ishi davom etishini alohida ta`kidlamoqchimiz.
    Xullas, ushbu jild bilan xotima topgan Navoiyning 20 jildlik Mukammal asarlar to`plami o`zbek xalqining madaniy hayotida, adabiyotida ulkan voqeadir. Tan olish kerak, birinchi bor amalga oshirilgan va qamrovi keng bo`lgan bu nashrda ayrim kamchilik va
xatolar ham o`tib ketgan bo`lishi tabiiy. Oldindan ular uchun kitobxonlarimizdan uzr so`raymiz va keyingi nashrlarda isloh qilishga va`da beramiz.
    Shubhasiz, nihoyasiga yetgan bu mukammal nashr shoir asarlarini lotin yozuvida chop etishda, tanqidiy matnlar tuzishda va tadqiqotlar olib borishda birlamchi manbalardan biri bo`lib xizmat qiladi.
    Institut rahbariyati ushbu xayrli ishni amalga oshirishda qatnashgan barcha olimlarga tashakkur bildiradi. Kitobxonlarning Navoiy asarlaridan bahramand bo`lishiga, mukammal nashr yuzasidan fikr va mulohazalar bildirishlariga umid qilib qoladi.

O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Alisher Navoiy nomidagi
Til va adabiyot instituti.



1.  A m i r Alisher Fony. Devoni forsy. Muntaxab. Dushanbe: Irfon, 1993.
2. " Devoni Amir Nizomiddin Alisher Navoiy—«Foniy», Tehron: Asotir, 1375 h. sh.