Òîï ðåéòèíã www.uz
SI

Hikoyat

— «Keldi Xirqoniy1 qoshig`a bir murid,
O`z suluku toatidin noumid.

Dedikim:— «Iblis purfanliq qilur,
Ko`ngluma har ishda rahzanliq qilur.

Ham namozimg`a yetar ondin qusur,
Zikru tasbehimg`a dog`i yuz futur».

Murshidi komil dedi: — «K-ey zulmkesh,
Tig`i javrung birla shayton ko`ngli resh.

Onda ham sendin shikoyatlardurur,
Javru zulmungdin rivoyatlardurur.

Der manga qism etmish avvaldin iloh,
Makr ila el holini qilmoq taboh.

Rohzanliq aylamak isyon sari,
Boshlamoq yo`l vodiyi nuqson sari.

Sen muride aylamishsen tarbiyat,
Kim anga mendin fuzundur bu sifat.

Har qachon keldim bu sharrun nosg`a,
Kim solay ko`nglini bir vasvosg`a.

Qaysi munkirkim manga maqbul edi,
Ko`ngli, ko`rdumkim, anga mashg`ul edi.

Har taxayyulkim manga erdi mahol,
Xotirida erdi mamlu ul xayol.

Aylamakni sanga talqinlar base,
Bizni shayton qildi tahsinlar base.

Rahmat ushbu makr ila tazviringa,
Kim degay shaytonki, rahmat piringa».

Dedi: — «Shayton aylamish tuhmat manga,
Ul berur har lahvga rag`bat manga».

Dedi shayx: — «Ahsanta bu yanglig` maosh,
Kim sanga shayton bila bo`lg`ay talosh.

Men aroda bo`lg`omen hukm etkuchi,
Yorg`u aylab, uzrunguzg`a yetkuchi.

Ham sanga yuz qatla shaytondin uyot,
Ham anga sen shumi nodondin uyot».

SII

Yana bir qushning Hudhuddin savoli

Dedi bir soyilki: — «Ey farrux jamol,
Ko`ngulma behad muhabbat soldi mol.

Ham visoli jonima solur nashot,
Ham unidin ko`nglum aylar inbisot.

Bir nafas gar bo`lmasa ilkimda siym,
Hajridin jonimg`a bor o`lmakka biym».

CIII

Javob

Dedi Hudhud: — «K-ey haqiqatdin yiroq,
Joninga qo`yg`on diram dog`i firoq.

Hirs jomi aylagan ko`nglungni mast,
Sen bo`lub ul mastlig`din zeridast.

Bu ne so`z bo`lg`ayki zikr etgay kishi,
Kim emas bu odamiylarning ishi.

Odamiylig`ning bu ishtin ori bor,
Kim bu sichqonga erur da`bu shior.

Erni qazmoq aylabon ko`p ihtimom,
Tufroq ichra xoru zor aylab mudom.

Naqb urub uylarg`a hirsi shumdin,
Jon chekib bu xislati mazmumdin.

Har nafas bir uy sari solib to`shuk,
Nogahon chiqqach kamindin bir mushuk.

Aylab oni sayd ishratlar bila,
To``ma aylab hirsu rag`batlar bila.

Eb sharadin jismi birla qonini
Et nechukkim siflalar sichqonini.

Yo yilon yanglig`ki, ganj aylab havo,
Yillar o`lg`ay tufrog` ichra mubtalo.

Charx mundoq aylagay podoshini,
Kim ko`rungach, yonchqoylar boshini.

Yo yilon bo`l yoki sichqon, ey najis,
Muncha xud bordur sening zotingda his.

Kim alarg`a bo`yla bo`lsa oqibat,
Bilgasenkim yaxshi ermas bu sifat.

Siym sevgonkim, anga pobast o`lur,
Shavqidin oning ajoyib mast o`lur.

O`yladurkim johilu nodon mast,
Siymdin but aylab, o`lg`ay butparast.

Jahl birla tarki islom aylagan,
O`zga do`zax azmin anjom aylagan.

Toki bo`lg`ay dahr bog`ida tirik,
Ro`zg`or andoqki bu yanglig` irik.

Siym uchun yuz hirsu shaydolig bila,
O`lmagay oxir bu rasvolig` bila.

Men seni sichqon demay, Qorun tutay,
Yo`q yilon, alhaqki, Afridun tutay.

Oqibat borin chu solib ketkosen,
Nettilar ul xaylkim, sen netkosen.

Bu tamannoni chiqarg`il boshdin,
Boshni qutqar bu qattiq toshdin.

Er esang maqsudi asli ko`zlagil,
Har nekim so`zlarsen — ondin so`zlagil.

Qilma ul ishkim yetib nuqson sanga,
Oxiri bo`lg`ay vuboli jon sanga».   

SIV

Hikoyat

— «Basra1 shahrida laime bor edi,
Bebasarlig` fannida dinor edi.

Mayli jam` aylarga dinoru diram,
Ul sifat g`olibki, Hotamg`a2 karam.

Ko`p mashaqqatlar bila duni laim,
Bir-bir uzra jam` aylar erdi siym.

Onchakim jam` o`ldi bir maxzan anga,
Er tubida ayladi madfan anga.

Bovujudi muncha naqd ul dunhisol,
To`nig`a tikmish edi gardun misol.

Beadad maxfiy diramlar hirsi shum,
Kunduz andoqkim falak ichra nujum.

Kim bulardindur manga tan quvvati,
O`ylakim tan quvvati — jon sihhati.

Ittifoqo bir kun o`ldi manzile,
Mol savdosig`a daryo sohili.   

Suv qirog`inda yeb ul moli harom,
Molning savdoda sudidin taom.

Bo`ldi daryoda ilikni yurda ham,
Chun og`irliq qildi bir sori diram.

Tushdi daryog`a laimi dunsirisht,
Chekti qa`rig`a oni ul fe`li zisht.

Tolpinib ko`p zohir etti iztirob,    
Kim birov solg`ay oning sari tanob.

Maxlasig`a mayl ko`rguzguncha xayl,
Ko`prak etti bahrning qa`rig`a mayl.

Chun og`ir erdi diramdin langari,
Suv tubin tutti sadafdek gavhari,

Siymdin yetti bu ofat jonig`a,
Tushti yag`mo maxzani pinhonig`a.

Siym yig`moqqa natija bo`ldi bu,
Sen oning savdosidin ilkingni yu(v).

Mutlaq oning sori mayl etma yano,
Kim talotumda erur bahri fano».

SV

Yana bir qushning Hudhuddin savoli

Dedi bir soyilki:— «Ey ulvi xirom,
Maskanimdir bir bihisht oso maqom.

Har shajar onda kelib to`bi misol,
Har taraf kavsar kibi ravshan zulol.

Suvi ruhafzo, havosi jon fizo,
Sahnida mavjud tanparvar g`izo.

Bog`i jannatdek fazosidur vase`,
O`rtada qasri binosi bas rafe`.

Qasr ichi naqqoshliqdin zarnigor,
Toshida naqqoshlig` gavharnigor.

Qasr aro bir xisravi oromgir,
Surati xush, siyrati xotirpazir.

Bo`yla gulshan ichra manzildur manga,
Bo`yla shahning vasli hosildur manga.

Mensiz ermas birdam oning majlisi,
Tunu kun menmen rafiqu munisi.

Bu tarablarni qo`yub, aylab havo,
Istamak Simurg` bo`lg`aymu ravo?»

SVI

Javob

Dedi Hudhud:— «K-ey xayoling barcha hech,
Sharhida bu qilu qoling barcha hech.

Garchi zebo gulshanu dilkashdurur,
Ko`zgu suv birla havosi xushdurur.

Onda to`bivash yig`ochlar jilvasoz,
Gullari yuz lavn birla ishvasoz.

Ham vafosiz keldi nasrinu guli,
Ham baqosiz sarv birla sunbuli.

Chun bahorig`a xazon solur shikast,
Bo`lur ul gullar qaro tufroqqa past.

Qasrini ham charx chun davron qilur,
Xasta oshiq ko`nglidek vayron qilur.

Shohig`a dog`i jafoi ro`zg`or —
Taxta uzra taxtdin berur qaror.

Bog`iga gulchehralardek yo`q vafo,
Shohig`a badmehrlardek yo`q baqo.

Sendin onda kim desun xud, ey za`if,
Bir tikan bargiga ermassen harif.

Er esang Qofi baqog`a azm qil,
Avjida bir — shoh vasli istagil.

Kim bu gulshang`a kamol ondin durur,
Har xazonu ham zavol ondin durur.

Shohga zebu far jamolidin oning,
Azlu favti ham jalolidin oning.

Qasrni obod aylagan ham hikmati,
So`ngra vayron dog`i qilg`on qudrati».

CVII

Hikoyat

— «Bir qalandar bor edi mabhutu dang,
Subhu shom oning g`izosi erdi bang.

Tark ahlidek namudori oning,
Jur`adonda lekin asrori oning.

Chun g`izo yeb o`zni aylar erdi lol,
Aysh anga qilmoq xayoloti mahol.

Tushti ko`prak bir kun ul nofi` g`izo,
Muntafe`ni chekti bir vayron aro.

Takya soldi bir buzug` devorg`a,
Soyir o`ldi olami asrorg`a.

Ko`rdi o`zni bir nazah gulshanda shod,
Tegrasida jam`i asbobi murod.

Maskani qasri binosi bas qaviy,
Zebi oning korgohi Monaviy.

O`zi bir taxt ustida Jamshedvash1,
Yonida gulchehrai xurshedvash.

Aysh etib ul xisravi oliy maqom,
Topib ul gulchehradin har lahza kom.

Bu xayolot ichra ul koshonada,
Yotmish erdi go`shai vayronada,

Kim buzug`ning go`shasidin bir chayon,
Nishi no`gida ajal zahri ayon.

Chiqti ul vayron tavofin mayl etib,
Sanchar erdi nish haryonkim yetib.

No`shi labdin kom olurda harzakesh,
Ul chayondin erniga sanchildi nesh.

Qichqirib qo`pti qalandar beqaror,
Zohir aylab iztirobu iztiror.

Ne gulu gulshan edi, ne qasru taxt,
Ne yonida mahvashi feruzbaxt.

Ul xayoloti topib bori xalal,
Eb va lekin erniga nishi ajal.

Bildi harne qilg`oni ermish xato,
Qilmadi sudi pushaymonlig` ango.

Sanga ham mutlaq ham andoq keldi hol,
Yo`l dimog`ingg`a topib fosid xayol.

Chun ajal nishin yebon seskongosen,
G`aflating uyqusidin uyg`ong`osen.

Har necha qilsang fig`onu zorlig`,
Qilg`usi yo`q bir sari mo`yi osig`.

Onglag`ungkim kimdin o`lmishsen yiroq,
Qolg`usi joning aro dog`i firoq».

SVIII

Yana bir qushning Hudhuddin savoli

Yana bir soyil dedi:— «K-ey benazir,
Aylamish bir ishq ko`nglumni asir.

Ko`rmasam ma`shuq ruxsorin dame,
Tiyradur ul dam ko`zumga olame.

Bir nafas onsiz qarorim yo`q turur,
Dardu g`amda ixtiyorim yo`q turur.

Orazi nazzorasi komim mening,
Vaslidin ko`nglumda oromim mening.

Ondoq oning birladur ulfat manga,  
Kim erur onsiz gumon shiddat manga.

Qilmasam lahnin zamone istimo`,
Jismdin ruhum qushi aylar vido`.

Ko`nglum oning furqatining xastasi,
Jonim oning vaslining vobastasi.

Firqatidin jonima bedod erur,
Tunu kun ko`nglum ishi faryod erur.

Oyrila olmasmen ondin bir zamon,
Ondin ayrilmoq hamon, o`lmak hamon.

Ul sanam ishqin nechuk tark etkomen,
Oyrilib ondin qayone ketkomen?»

SIX

Javob

Dedi Hudhud;— «K-ey ishing so`zu gudoz,
Solibon ko`nglungga o`t ishqi majoz.

Tushkoning ishqi haqiqiydin yiroq,
O`rtagan ko`nglung aro dog`i firoq.

Asli yo`ldin ko`nglung etkon ijtinob,
Far` sori azmni ko`rgan savob.

Chashmai hayvondin o`tgan xushk lab,
Barkadin daf`i atash qilg`on talab.

Durri yaktodin qilib g`ofil ko`ngul,
Jola sori aylagan moyil ko`ngul.

Mehri hovar nuridin qilg`on udul,
Sham`u mash`al partavin, etgan qabul.

Surati zohir bila topqon firib,
Topmag`on ma`ni jamolidin nasib.

Husni zohirning ne nav` o`lg`ay ishi,
Yuzda balg`am birla qon oroyishi.

Yuzni ne vasfin deding huri Chigil,
Balg`amu qondin esa oqu qizil.

Husni zohirning vafosi yo`qturur,
Ham sabotu ham baqosi yo`qturur.

Oshiqu shaydo bo`lurg`a arzimas,
Ishqidin rasvo bo`lurg`a arzimas.

Kim anga boqiy emastur xo`bluq,
Oriyatdur shaklida mahbubluq.

Gar bu kundur xo`b, tanglo xo`b emas,
Xo`bkim bu nav`dur, marg`ub emas.

Oni sevkim husni bo`lg`ay barkamol,
Bo`lmag`ay mumkin quyoshig`a zavol.

Yuz tuman ming sendek o`lsa oshiqi,
Bo`lmag`ay oshiqlig`ining loyiqi.

Bersalar ishq ahli yuz jon har biri,
Husni yuz ming munchag`a qilg`ay gari».

SX

Hikoyat

— «Bor edi shaxse Arastug`a1 murid,
Halqai darsida ul erdi mu`id.

Aylabon oni hakimi arjumand,  
Jumlai shogirdlar ichra pisand.

Anga maxfiy ilmlarni oytibon,
Tifl ekondin ollida ulg`aytibon,

To`rt yuz hikmat elidin a`lam ul,
Barchadin ortuq, Arastudin kam ul.

Ko`nglida mundoq xayol aylab hakim,
Kim Skandarga oni qilg`ay nadim,

Kim o`zi bir sorikim qilsa xirom,
Bo`lg`oy ul farzanddek qoyim maqom.

Hikmat ichra nuqtai mavzun bila,
So`z degay majlisda Aflotun2 bila.

Borur erdi yo`l bila bir qatla ul,
Urdi ko`ngliga birovning ishqi yo`l.

Kufr dayridin chiqib mahpaykare,
Kofiri sangin dili siyminbare.

Noz ila yuz dinni yag`mo qilg`uchi,
Hikmat ahlin zoru shaydo qilg`uchi.

Ul hakim o`lg`och giriftori oning,
Ko`nglini ko`rdi ajab zori oning.

Bog`lab oning vaslig`a yetmakka bel,
Sa`ylar aylab arog`a soldi el.

Toki ko`p xarj aylabon ajnosu naqd:
Rom etib ul dilraboni qildi aqd.

Emdikim ul but vasli berdi dast,
Kufr ahli yanglig` o`ldi butparast.

Kecha-yu kunduz ko`z ondin olmayin,
Vola o`ldi safhag`a ko`z solmayin.

Bo`ldi ul mahvashqa andoq shiftae,
Kim saboq bahsidin o`ldi kiftae.

Aylabon ustod oning nazzorasi,
Dedi, aylay pand birla chorasi.

Berdi istab ko`p nasihat birla pand,
Bo`lmadi pand ul balog`a sudmand.

Ko`rdi ilmu hikmati zoe` bo`lur,
Necha yilliq zahmati zoe` bo`lur.

Necha fikr etti hakimi benazir,
Ko`rmadi ul ish davosidin guzir.

Maxfiy ondin o`zni tutti chorag`a,
Berdi muhlik doruyi mahporag`a,

Kim yiqildi ohu afg`on tortibon,
Dam-badam ul notavonlig` ortibon.

Choralar qildi yigit — sud etmadi,
Ul sanamdin notavonlig` ketmadi.

Ojiz o`lg`ach choradin ul dardmand,
Keldi ustod ollig`a zoru najand.

Bosh quyi solib malolatlar bila,
Sharhi hol etti hijolatlar bila.

Ko`rdi chun ustod andoq ehtiyoj —
Keldikim bemorg`a qilg`oy iloj.

Dedikim:— «Ko`p, sen bu kun xizmatqa bor,
Tur Skandar hazratida bandavor.

Men mudovo aylayin bemoringa,
Etkuray sihhat parivash yoringa».

Ul qabul aylab ravoni tutti yo`l,
Sundi ustodi iloj aylarga qo`l.

Mushile soz etti behad zo`rmand,
Berdikim oni sumurdi mustamand.

Dedi mahramlarg`akim, voqif turung,
Tasht eltib ul eshikda o`lturung.

Har nekim xorij bo`lur — to`kmang oni,
Bir ino ichra solib asrang oni.

Chiqqoch oytib so`zlar ul oliy mahal,
Qildi mushil dog`i bunyodi amal.

Qildi yuz majlisga ixroji mavod,
O`lturub erdi eshikda ustod.

Xastaning tobu tavoni qolmadi,
Jismida bir qatra qoni qolmadi.

Balg`amu, safrou savdo birla qon,
Daf` o`lub, bo`ldi sumanbar notavon.

Kechqurun qilg`och yigit azmi visoq,
Dedi donokim: — «Kirib yoringg`a boq!»

Kirgach, istar erdi sho`xi dilkashi,
Ko`rdikim yotmish girya noxushi.

Tonimay dedi: — «Mening yorim qani
Sarv bo`yluq lola ruxsorim qani?»

Eshitib kirdi hakimi kordon,
Aqli kuldek olimi bisyordon.

Dedi:— «Topshirg`on inoni kelturing,
Nozaninni oshiqig`a yetkuring».

Borubon kelturdilar chun zarfni,
Kim eshitmishtur bu yanglig` harfni.

Muxtalif axlot ila mamlu edi,
Muhliku makruh lavni bo` edi.

Dedi: — «Olg`ilkim parizoding budur,
Gul jabinliq sarvi ozoding budur.

Budur ulkim mubtalo bo`lmish eding,
Oshiqu vola munga bo`lmish eding».

Ul yigit ustoddin bo`ldi xijil,
Ko`rgach oni ustodi muzmahil.

Dedi: — «Ey farzand, ko`rdum ehtiyoj,
Yo`q anga, bilkim — sanga qildim iloj.

Sen dog`i oshiqsenu mahbubung ul,
Zoru shaydo aylagan matlubung ul.

Bo`yla oshiqliqdin, ey oluda zot,
Pok ishq ahli qoshindadur uyot!»

SXI

Yana bir qushning Hudhuddin savoli

Yana bir soyil dedi tortib fig`on:
— «K-ey sen o`lg`on voqifi sirri nihon.

Yo`lda jonimg`a o`lumdin biym erur,
Jon burun manzilda — o`q taslim erur.

Xavfi mustavli yaqin behad za`if,
Bo`yla yo`lg`a naylab o`lg`aymen harif?»

CXII

Javob

Dedi Hudhud:— «K-ey nahifi xasta dil,
Necha qolg`ung olam ichra — fikr qil.

Kimki keldi — oqibat borg`usidir,
Ko`ksini tig`i ajal yorg`usidir.

Zi hayot o`lmak uchundur oqibat,
Bo`yla tahqiq etti ahli ma`rifat.


Yo`qki orif kimki yo`qtur o`yla kul,
Bu muhaqqaq amrdin g`ofildur ul.

Ming yil o`lsang dahr aro yo bir zamon,
Kim ajal oxir sanga bermas amon.

Avliyo bu vartag`a bo`lmish asir,
Anbiyog`a bu yurishdin yo`q guzir.

Vahm qilmoqdin qutulmoq yo`qturur,
Qayg`urub ozod bo`lmoq yo`qturur.

Rishva bermak birla yo`q ozodlig`,
Ham qilur tig`i ajal jallodlig`.

Yig`lamoq birlau yolbormoq bila,
Chora yo`qto`r juz bu yo`l bormoq bila.

Zohidu fosiq bila shohu gado,
Qilmayin bo`lmas bu yo`l qat`in ado.

Qo`rqmog`din kimsaga yo`q foyida,
G`ayr ko`rmaklik humumi zoyida.

Hech nav` o`lmas chu o`lmakdin guzir,
Avlo ulkim bo`lg`osen farmonpazir».

SXIII

Hikoyat

«Naqldurkim, avji rif`at kavkabi,
Mehtari a`zam Sulaymoni nabi.

Bir kun erdi taxt uza oromgir,
Ollida devu pari farmonpazir.

Jinsi maxluqot insu vahshu tayr,
Ko`rmay oning xizmatidin o`zni g`ayr.

Nofiz ul borig`a farmoni oning,
Om majmu`ig`a ehsoni oning.

Turmish erdi ollida bir ahli hush,
Hush oni aylab tafakkurdin xamush.

Bo`yla holatda yetishti bir malak,
Qobizi arvohu jallodi falak.

Qildi payg`ambarg`a ta`zimu salom,
So`ngra arz ettiki: «Ey faxri kirom!

Asru maxfiydur ilohi hikmati,
Kim erur onda xiradning hayrati.

Bu azizekim qoshingda bu zamon, —
Turmish, o`lmaktin anga yo`qtur gumon.

Umrig`a to`lmish ajal paymonasi,
Hukm yetmishkim, bo`lub hamxonasi —

Ham bu soat qatl tig`in solg`omen,
Hind iqlimida jonin olg`omen.

Ushbu ishda g`olib o`lmish hayratim,
Dam-badam ortar o`zumga vahshatim».

Ul bu ma`nida takallum deb ravon,
Kim nabi ollida turg`on notavon.

Keldi yer o`ptiyu to`qti pas niyoz,
So`ngra dedi: «Yo rasuli sarfaroz!

Bu kun o`z holimg`a hayronmen base,
Marg vahmidin parishonmen base.

Chora qilkim bo`lmayin bu mulk aro,
Kim ko`zumni vahm aylabtur qaro.

Elga amr etti Sulaymon ul nafas —
Kim: «Oni elt ondakim — qilg`ay havas!

Qaysi yerdakim, desa, bergil qaror,
Daf` qil ko`nglidin oning iztiror».

El oni olib uchurdi tundu tez,
Bori a`zosig`a solib rustaxez.

Kim ishorat qildi Hindiston sari,
Onda yetgach, o`tmadi ondin nari.

Dedi: «Bu yerda manga orom ber,
Kim erur bo`lmoqqa matlubum bu yer».

Tushti rokib, bordi raxshi teztak,
O`zni yetkurdi bu holatda malak.

Tengri sun`ig`a debon ko`p ofarin,
Oni ham qildi yonolarg`a qarin.

El bila hamtaklik etsa gar kishi,
Ruh qabzi keldi Azroil1 ishi».

SXIV

Yana bir qushning Hudhuddin savoli

Yana bir soyil dedi: — «K-ey pokzod,
Jumlai umrimda ko`rmaymen murod.

Doimo g`am birla eltibmen basar,
Shodlig`din menda yo`q ermish asar.

Yo`l borurg`a xotiri xurram kerak,
Dahr ranjidin malolat kam kerak.

Chun meni g`amparvar etmish ro`zgor,
Har zamon bir g`am bila jonim figor.

Ne ko`ngul xushlug` bila yo`l qat` etay,
Ko`ngli xushlar qayda ketsa, men ketay».

SXV

Javob

Dedi Hudhud: — «K-ey najandi g`amsirisht,
Zotinga g`amdin bahona sarnavisht.

Bo`yla vodiy qat`ida beishtiboh,
G`amni etmishlar eranlar zodi roh.

Yo`l g`ami kelmish eranlarning ishi,
Yo`lda g`amsizni kishi demas kishi.

G`amdin aylarlar eranlar shodlig`,
Bu muqayyadlig` durur ozodlig`.

G`am yeridur mehnat obodi jahon,
Onda har nav` elga bir g`amdur ayon.

Olam ahli ko`nglida olam g`ami,
Xud budur ko`prak bani odam g`ami.

Lek alarkim keldilar ahli yaqin,
Yo`l g`amidin keldilar doim hazin.

Kimsaga avvalg`i g`am mamnu`dur,
Odamidin so`nggi g`am matmu`dur.

Gar burung`idin esang zoru najand,
Yo`ldin o`zni shod qil, ey mustamand.

So`ngg`idin g`amgin esang — qil shodlig`,
Kim ko`ngul ondin topar obodlig`.

G`amdin aylar shodlig` ahli vidod,
Bor alarg`a nomurod o`lmog` murod.

Yo`l g`amidur maqsadu maqsud uchun,
Kim yer ul g`amni ko`ngul behbud uchun.

Ondakim yo`qtur bu g`am — er ermas ul,
Zod g`amdin topti qat` etgan bu yo`l».

SXVI

Hikoyat

— «Misrda bor erdi oliyhimmate,
Olami ma`nida sohibdavlate.

Ishrat asbobi bori tayyor anga,
Ne xayol etsang yuz ul miqdor anga.

Jannatoso qasr ichinda manzili,
Hurvash mahbub oning hammahmili.

Lek ul oliy sifati pok zot,
Bor edi bu barchag`a beiltifot.

Dardu g`am erdi anga yoru nadim,
Hajr zindonida Yusufdek muqim.

Dedilar: — «K-ey ko`nglung anduh birla juft,
Bizga ravshan ayla bu rozi nuhuft.

Kim muhayyo bori asbobi nashot,
Kim ko`ngulga bo`lg`ay ondin inbisot.

Xotiring nechun dame xurram emas,
G`amdin o`zga ko`nglunga hamdam emas?»

Dedi: — «Yo`l ahlig`a zindondur jahon,
Negakim matlubi ko`zdindur nihon.

Ish budurkim aylagay qat` ushbu yo`l,
Ko`nglining matlubig`a yetguncha ul

Kimsa zindonda qachon xurram bo`lur,
Baytul-ahzonda netib beg`am bo`lur.

Menki ayru yordin darmondamen,
Gar Eram bog`idamen — zindondamen.

Bo`lmag`uncha vasl gulzorig`a xos,
Bo`lmag`um g`am xorxoridin xalos».

SXVII

Yana bir qushning Hudhuddin savoly

Yana bir soyil dedi: — «K-ey benazir,
Men oning amrig`amen farmonpazir.

Muntazirmen amr ila farmonig`a,
Yo`q muqayyad qahr ila ehsonig`a.

Harne amr etsa — topar mendin husul,
Ul bilur gar rad qilur, yoxud qabul.

Ne buyursa ul ishimdur yozu qish,
Yo`q manga raddu qabuli birla ish.

Amrig`a iqdom odatdur manga,
Chun ado qildim saodatdur manga».

SXVIII

Javob

Dedi Hudhud: — Xub so`zdur bu so`zung,
Xubroqkim demagay oni o`zung.

Kimsaga bu yo`lda hayyi loyazol,
Bu tariq ichra nasib etmish kamol.

Kim oning farmonig`a bo`lg`ay mute`,
Keldi bu yo`lda oning johi rafe`.

Amridin chekkon bo`yun mardud erur,
Borgohi izzidin matrud erur.

Na humoyunfol maqbul bandadur,
Kim oning farmonig`a afkandadur,

Amrig`a toat erur komi oning,
Yo`q bu ishsiz birdam oromi oning.

Lek har necha itoat aylasa,
Amru hukmi birla toat aylasa,

Bu ishi birla mubohot aylamas,
Kibrni jonig`a ofot aylamas.

Toat etsa ozu ko`p yo botu kech,
Boriyu yo`qi erur ollinda hech.

Bo`lmasa maqbul kirdori oning,
Balki teng bo`lsa yo`qu bori oning.

Qilmasa o`zni tafoxurdin aziz,
Toatig`a ko`rsa qiymat bir pashiz,

Uldurur go`yi saodat eltgon,
Naf`i taqvou ibodat eltgon.

Bar yegan o`z toatu taqvosidin,
Bahravar bo`lg`on bu ish ma`nosidin».

SXIX

Hikoyat

— «Tengri odamni yaratmasdin burun,
Ruh sham`in tang`a qotmasdin burun —

Kim maloyik xaylig`a erdi hujum,
Toatu taqvoda odobu rusum.

Borig`a sarvar Azozil1 erdi bas,
Murshidu mushkillariga choraras.

Necha ming yil o`yla toat ayladi,
Tengri amrig`a itoat ayladi.

Kim erur vasfida oning nutq lol,
Aql ollinda erur amrimahol.

Naql mundoqdurki sathi xokda,
Yana bu oliy to`quz aflokda.

Qolmamishtur sajda qilg`uncha makon,
Kim yuz onda qo`ymamish ul notavon.

Tengri chun odamni maxluq ayladi,
O`zni oshiq, oni ma`shuq ayladi.

Amr qildikim maloyik sarbasar,
Sajda qilsunkim, budur — xayrulbashar.

Chun maloyikka bu amr etti iloh,
Qildilar odam janobin sajdagoh.

Ul necha ming yil ibodat aylagan,
Amr ila taqvoyu toat aylagan.

Chun g`urur etti ishiga oshkor,
Xayl aro rad qildi oni kirdikor.

Ko`nglidin olib ibodat zavqini,
Soldilar bo`ynig`a la`nat tavqini.

Necha ming yil bo`ldikim mardud erur,
Necha ming yilliq ishi nobud erur.

Onglakim bu yo`lda qilmaydur iloh,
O`zni ko`rmaklikdin ortug`roq gunoh.

O`zni ko`rmak toatin ko`rmakdurur,
Qilg`onin ko`ngliga kelturmakdurur».

SXX

Yana bir qushning Hudhuddin savoli

Yana bir soyil dedi:— «K-ey sarfaroz,
Kimki bo`lsa haq yo`linda pokboz.

Naf`i oning ne ekan — izhor qil,
Chun manga mubhamdurur — sharh aylagil.

Kim bu yo`lda — men erurmen pokboz,
Borin o`ynabmen to`kub ajzu niyoz».