CLXI
Faqru Fano vodiysining adosi
Faqru Fano vodiysining adosi
«Mundin o`tsa o`trug`a kelmas yano,
Yo`l aro juz vodiyi Faqru Fano.
Yo`q bu vodiy ichra juz xomushluq,
Gungu kar bo`lmog`lig`u behushluq.
Chun talotum ko`rguzub bahri amiq,
Yuz tuman olam bo`lub onda g`ariq.
Bahrning ko`loki tutqon chog`da avj,
Kim ayon aylar tuman ming naqsh mavj.
Dam-badam bu naqshlar topib fano,
Fosh o`lur ming mavji gunogun yano.
Yaxshi boqsang, mavjda yo`qtur vujud,
Bahrdin o`zga erur bori nabud.
Haq vujudi keldi bahri bekaron,
Mavji oning ofarinishdin ayon.
O`n sakkiz ming olam ichra har ne bor,
Kim qilurlar ahli ma`ni e`tibor.
Harnekim zohirdurur surat aro,
Kim bori mar`iy bo`lur hay`at aro.
Arz sathi uzra yuz shakli ajib,
Shakllarda yuz tuman lavni ajib,
Farz qil bahreyu yoxud ma`dane,
Yo`qsa dashte anglag`il yo gulshane.
Yuz tuman ming lolau gul — barcha pok,
To`rg`ayu bulbulni qilg`udek halok.
Ham aqolimu bilod etkil xayol,
Ham bihoru ham uyunu ham jibol.
Ham bular davri dog`i noru havo,
Bal havou nordin ham mosivo.
Ham bular davri dag`i to`qquz falak,
Sobitu sayyora ham xayli malak.
Ne maloyik ulki, yo`q soni oning,
Balki miqdor ichra poyoni oning.
Qaysi bir axtarki yo`q ondin haqir,
Arz jismicha necha topib nazir.
To`rt unsur, yetti ko`k, olti jihot,
Nodiru oliy asosi koinot.
Barchadin ashrafki ul inson erur,
Kim kamolida xirad hayron erur.
Munda sen yoxud avom etgil gumon,
Yo xavos angla xayol aylar zamon.
Gar salotin bo`lsa sohib iqtidor,
Gar havoqin angla sohib ixtiyor.
Gar hakimu olimu gar mujtahid,
Gar parishon qavmdur, gar muttahid.
Gar valikim, xalqdin akmaldur ul,
Var nabi qil farzkim, mursaldur ul.
Barchasin haq zoti mavji bahri bil,
Ham vujudin mavj yanglig` onglag`il.
Barchasining naqshi keldi oriyat,
Foniyu onda baqodin yo`q sifat.
Bahr tahriki, chu mavj aylab ayon,
Naqsh muncha zohir aylab har qayon.
Chun topib taskin bu bahri mavjvar,
Qolmayin ul mavjlardin hech asar.
Har kishida bo`lsa oyini xirad,
Bo`yla bildingkim azaldin to abad.
Harnekim qilsang gumon topg`on vujud,
Budi yo`q, bu nav` erur bori namud.
G`ayri haqkim qodiri barhaqdur ul,
Borcha foniy, boqiyi mutlaqdur ul.
Ham vujud oyini mahkamdur anga,
Ham baqo rasmi musallamdur anga.
Haqdin o`zga gar erur har nav` zot,
Filmasal ichkon esa obi hayot.
Foniyi mutlaqdurur gar xud baqo,
Istasang qilmoq kerak o`zni fano».
SLXII
Hikoyat
Hikoyat
— Shayx Abulabbos qassobi1 intisob,
Kim zamonda qutb edi beijtinob.
Chun fano vodiysig`a qo`ydi qadam,
O`z vujudin ayladi anda adam.
Kim maqomi bir kun erdi xonaqoh,
Bori ashob o`z yerida ro`baroh.
Bu mahalda bir fuzuli bulajab,
Xonaqoh sahnig`a kirdi beadab.
Kirgach-o`q minbar sari ko`rguzdi mayl,
Dedi: — «Ey bu xonaqoh sukkoni xayl,
Oytqon nuktamni yaxshi anglangiz,
Suv to`la ibriq hozir aylangiz.
Toki istinjo sari aylay shuru`,
So`ngra qilg`aymen tahoratg`a ruju`».
Shayxi oliy qadr eshitkach bu kalom,
Dedi: «Ibriq olibon aylang xirom!»
Oldi bir darvesh ibriqi shigarf,
Suv to`la aylab anga yetkurdi zarf.
Zarfni sindurdi ul nojins zot,
Dedikim, keltur yana bir zarf bot.
Yana bir ibriq kelturdi ravon,
Oni ham urdiyu sindurdi ravon.
Shayx ma`lum oylagach dedi: — «Yurung,
Ul necha ibriq ushatsa, yetkurung».
Nechakim yetkurdilar tosh urdi ul,
Zarflarni sarbasar sindurdi ul.
Qildilar ollida ajz izhorini.
Kim ushotting zarflarning borini.
Xonaqahda qolmadi zarfu ino,
Kim sening ollingg`a keltursak yano.
Dedi: «Gar ibriq yo`qtur qoytingiz,
Boribon o`z shayxingizg`a oytingiz.
Kim saqolin hozir etsun munda bot,
To topay bu amr bandidin najot».
Shayx eshitkoch bo`yla bebokona so`z,
Sekribon qo`ptiyu ul yon qo`ydi yuz.
Kim zihi xush soatu farxunda hol,
Kim qachon bir buzkash o`g`lig`a saqol.
Kim oni yillar chekib yub torag`ay,
Bu zamon bir muncha ishga yorag`ay.
Kim anga darveshi aylab iltifot,
Bir quduratdin chiqorg`oy o`zni bot.
Shayxqa erdi mahosin poku oq,
Ovuch ichra olibon qo`ydi oyoq.
Ul tarafkim g`ofili bebok edi,
Balki ul majnuni beidrok edi.
Ko`rgach ul bu nav` oyini fano,
Harza derga topmadi quvvat yano.
Shayx ayog`ig`a o`zin tufroq etib,
Qo`ydi yuz tufroqqa o`zdin ketib.
Soliki foniy anga solib nazar,
O`zlukidin qo`ymadi rangu asar.
Bu sifat noqisni takmil ayladi,
Misni oltun birla tabdil ayladi.
Rangu naqshu lavndin chiqmay kishi,
Mumkin ermas mundoq etmaklik ishi.
Foniyo, mundoq fano haqdin tila,
To baqo topqaysen ul ifno bila».
Xojai oliy sifoti arjumand,
Shah Bahoulhaq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uzra bo`ldi taxtgir,
Tuzdi yo`qluq kishvari uzra sarir.
O`z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o`zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o`ylakim xoru xase.
To ko`rundi ko`ziga bir jifa qalb,
Paykaridin poklik oyiki salb.
Chun oning birla tengishturdi o`zin,
Nola qildi ashkbor aylab ko`zin
Dedi: «Ul ahli vafodur, men — emon,
O`zni oning birla emdi teng demon.
Ul xudovandig`a qilmas juz vafo,
Lek mendin zohir o`lmay juz jafo».
Hukm mundoq aylagach sohib nazar,
Qildi it yo`l birla ollidin guzar.
Ko`rdi topqoch nisbat oyinin tuza,
It ayog`ining izin tufrog` uza.
Dedi: «Men ortug` ekanmu yo bu iz?»
Yana o`zni dedi: «K-ey insofsiz.
Ul vafo ahli ayog`idin nishon,
Sen vafosizlik sari doman kashon».
Xatm qildi chun bu ma`nig`a so`zin,
Yor o`pub ul iz uza qo`ydi ko`zin.
Ahli haq bu nav` etib salbi vujud,
Budini bu vajh ila aylab nabud.
Bo`yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog`ondin so`ng asar o`zdin yano.
Haq vujudidin baqoe topmayin,
Jomi vahdatda liqoe topmayin.
Chun fano xaylig`a doxil bo`ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo`ldilar.
SLXIV
Parvonalar majma`i sham`i haqiqiy sharhida
Parvonalar majma`i sham`i haqiqiy sharhida
Bir kecha parvonalar jam` o`ldilar,
Sa`y birla tolibi sham` o`ldilar.
Dedilar parni qilib otashfishon,
— «Istoli matlub nuridin nishon.
Har ne topsoq — oni izhor aylali,
Sharh etib aslin padidor aylali!»
Bu so`z oytilg`och biri ochib qanot,
Sham` tahqiqin qilurg`a bordi bot.
Bir shabiston ichra ko`rdi jam`ni,
Kim yorutmishlar aroda sham`ni.
Chun munavvar qildi nuridin ko`zin,
Yonibon yoydi olar ichra so`zin.
Ul der erdi, lek olar topmay xabar,
Jonlarig`a yo`q edi ondin asar.
Har necha ravshanroq etti so`zni raf`,
Mustame`lar topmadilar hech naf`.
Chun oning taqriri sud oz ayladi,
Yona bir parvona parvoz ayladi.
Sham` bazmig`a yaqin soldi guzar,
Nurig`a diqqat bila qildi nazar.
Bu dog`i yonib necha qildi bayon,
Bo`lmadi maqsud jam` ichra ayon.
Yana bir ham ishga so`iy bo`ldi ko`p,
Sham` boshi girdiga evruldi ko`p.
Bo`lmadi hosil murod ondin dog`i,
Topmadi mushkil kushod ondin dog`i.
O`zgalarga dog`i tushti iztirob,
Aylab ul maqsud uchun har bir shitob.
Sham` davrida qanot ko`p urdilar,
Har bir o`z bolu parin kuydurdilar.
Har biri kuygancha ondin topti kom,
Sharhi dushvor erdiyu naqli harom.
Shu`la sharhin til bila qilmas kishi,
Kuymaguncha hirqatin bilmas kishi.
Ul bir ish tahqiqidin topti xabar,
Kim bo`lub kul qolmadi ondin asar.
Shu`lag`a urg`och o`zin bevahmu bok,
Shu`la bo`ldi o`t tushub a`zosi pok.
Chun tilar maqsud anga bo`ldi ayon,
O`zga zohir bo`lmadi ondin bayon.
Chunki maqsud ichra nobud o`ldi ul,
Ul fanoda ayni maqsud o`ldi ul.
Chiqmadi ondin yana hargiz nafas,
Ul haqiqatdin xabar toptiyu bas.
Boqsa el parvonalarning zotida,
Kashf o`lur ko`nglida, ikki foida.
Bir bukim kuymay anga yetmas kushod,
Bo`lmag`uncha kul topoolmas murod.
To fano o`ti uza solmas vujud,
O`rtamas ul shu`lada budu nabud.
Partavi maqsudig`a bo`lmas husul,
Komiga yuzlanmas oyini vusul.
Yona bir bukim etib bu nav` barq,
Onikim o`t bahri ichra qildi g`arq.
Qolmadi chun anda imkoni maqol,
So`z demak ish sirrida bo`ldi mahol.
Munda kuymay elga ish ochilmadi,
Ulki kuydi — kimsa holin bilmadi.
Foniyo, lofi fano urmog`ni qo`y,
Vasl esa koming, fano o`tig`a kuy.
Evrulub sham` o`tig`a parvonavor,
O`zni tashla shu`lag`a devonavor.
Qolmog`ondin so`ng vujudungdin nishon,
Xilqat ichra toru pudungdin nishon.
Bo`ldi chun koming ravo maqsud aro,
Bilmasa el bilmasun ul mojaro.
Shayx Suriy qudvai ashobi din,
Navvarolloh suroho holidin.
Ma`rifat ichra surar erdi maqol,
Tolibe ul pirdin qildi savol.
«Kim birovkim, tengriga tolibdur ul,
Maqsadig`a tegru ne nav` o`ldi yo`l?»
Dedi: «Ming manzil masofat onglag`il,
Barchasida dardu ofat onglag`il.
Nor ila nur o`rtada yetti tengiz,
Har birining vus`ati andozasiz.
Bu tengizlardin qachon qilsang ubur,
Jazb huti ul zamon aylar zuhur.
Mohiekim har qachonkim cheksa dam,
Yutqay ikki olamu xalqini ham.
Bahri istig`no aro topib maqom,
Ul muhit atrofida aylar xirom».
CLXVI
Qushlarning Fano vodiysining nihoyatidin baqo mulkidin nishon topmog`lari
Qushlarning Fano vodiysining nihoyatidin baqo mulkidin nishon topmog`lari
So`z yuziga bo`yla xush tushti niqob,
Zoyil o`ldi ham savolu ham javob.
Bo`ldi qushlarg`a bu so`zdin o`yla hol,
Kim, xirad oni qila olmas xayol.
Barchasi fahm ettikim bu mushkil ish,
Ul jamoat loyiqi ermas emish.
O`zlaridin barcha navmid o`ldilar,
Mubtaloi huzni jovid o`ldilar.
O`yla topti bo`yla muhlik so`z vujud,
Kim nihodidin borining chiqti dud.
Balki chun bu ishga voqif bo`ldilar,
Vahmdin ul dam ko`pi xud o`ldilar.
Foniy o`lg`och vahmi jon o`lg`onlari,
Tutti yo`l hayrat bila qolg`onlari.
Urdilar yillar qanot tutmay qaror,
Ul balodin ixtiyor etmay firor.
Qat` etib ko`p yo`l quyiyu yuqori,
Chiqqucha o`zluklaridin toshqori.
Ulcha ul yo`lda olarg`a berdi yuz,
Sharhi kelmas yuz tuman til birla tuz.
Gar sening ham tushsa ollingg`a bu yo`l,
Chun anga yetsang mushohid bo`lg`ay ul.
Bilgosenkim, ul havokim tuttilar,
Yo`l balosidin ne qonlar yuttilar.
Oxirul-amr ul guruhi zordin,
Ranj tortardin suruk afgordin.
Ettilar maqsadg`a, ammo asru oz,
Tan aro yuz so`zu jon ichra gudoz.
Kim uzun erdi yo`lu ko`p ofati,
Benihoyat dardu ranju shiddati.
Ba`zi ul qushlardin o`ldilar halok,
Ba`zi ettilar bo`lub ko`p dardnok.
Yuz samumi dardu ranj onda esib,
Kim musofir rishtai umrin kesib.
Chun havodis behadu poyon edi,
Bo`ldilar zoe` nekim imkon edi,
Oqibat yuz ming tumandin necha qush,
Kim alarg`a yuz tuman ranj o`ldi tush.
Urdilar o`ttuz qush ul yerda qanot,
Tanlarida qolmay oyini hayot.
Jism aro bir parlari qolmay butun,
Pora-pora, o`ylakim qoqshol o`tun.
Tanlari yo`l ranjidin beto`shu tob,
Jonlari dardu mashaqqatdin xarob.
Ko`rdilar ul nav`i oliy hazrati,
Korgohi anda ondoq vus`ati,
Kim bo`lub ojiz uqul idrokidin,
Charx o`ksukroq oning xoshokidin.
Yog`ib istig`no sahobidin yog`in,
Ra`d aylab arbada tashlab choqin.
Kim tushub olamg`a to`foni balo,
Kul qilib gardunni barqi ibtilo.
Etti ko`k onda bir ovuch xokcha,
Sidrau to`bi kelib xoshokcha.
Borcha o`z holig`a hayron qoldilar.
Ajzdin zoru parishon qoldilar.
Ko`rdilarkim onda yuz mehri munir,
Zarraning yuzdin birichadur haqir.
Dedilar vohasrato o`z holig`a,
O`t tushub har qaysi parru bolig`a.
Kim:— «Biz o`ttuz toyiri fosid xayol,
Yo`l berib xotirg`a savdoi mahol.
Tortibon yo`l qat`ida ranji azim.
Jong`a o`lmaq vahmidin har lahza bim.
Umr o`tib maqsadg`a yetmak oh bu,
Hol bu ham vus`ati dargoh bu.
Bizga munda ne hisobu ne vujud!»
Deb bu so`zni, boshlaridin chiqti dud.
Har nafas navmidlig` yuz ko`rguzub,
Ul necha ovoraning ko`nglin buzub.
Bir necha sargashtai ovorae,
Topmay o`z mehnatlarig`a chorae.
Ne ucharg`a yor o`lub quvvatlari,
Ne qo`narg`a dard aro toqatlari.
Pardadin nogah izzat chovushi,
Jilva qildi o`ylakim davlat qushi.
Ko`rdi ul mabhuti xayli xastani,
Yuz baliyat torig`a vobastani.
So`rg`oli qildi alar holini mayl,
Dedi: «Oyo ne jamoattur bu xayl!
Kim erurlar ming balog`a mubtalo,
Ul balodin bahra topman, g`ayri «lo».
Besaru somonu sargardon bari,
Qadrda tufrog` ila yakson bari.
Yo`q haqoratdin olarda o`zga hech,
Ul haqoratdin ko`runmay ko`zga hech».
Dedilarkim: «Biz guruhi xoru zor,
Harzakoru ojizu bee`tibor.
Yo`lda umri jon chekib, shoh istabon,
Ranj tortib biz bu dargoh istabon.
Shohsiz erduk bag`oyat ko`p sipoh,
Ne sipoh o`lg`ayki yo`qtur onda shoh.
Umrlar yo`lda mashaqqat tortibon,
Yuz tuman turluk mazallat tortibon.
Necha yuz ming tobe`u xaylu hashar,
Kim oning sonida ojizdur bashar,
Bo`ldilar zoe`, qo`yub bu yo`lda yuz,
To bu dargahg`a yetishtuk biz o`tuz.
To magar Simurg` bo`lg`ay shohimiz,
Borcha sharru xayrdin ogohimiz.
Shohga bo`lsa bu ma`ni dilpazir,
Banda bo`lg`ay bir necha zoru asir».
Dedi ul chovushki:— «Ey xayli harif,
Bexiradlig` birla bo`lg`on muttasif.
Sizkim o`lg`oysiz necha oshufta hol,
Kim dimog`ingizg`a tushkay bu xayol.
Qoysi til birla qilursiz shahni zikr,
Ko`nglungizga yo`l nechuk topqoy bu fikr.
Siz guruhe hechu kamrok hechdin,
Shod bu andeshai pur pechdin.
Hechlik birla tahavvur aylagan,
O`zni mavjudi tasavvur aylagan.
Sizga ne son, ne hisobu ne vujud,
Budlug` tuhmat qilib ammo nabud.
Ko`nglungizda sarbasar fosid xayol,
Muddaoingiz barchasi amrimahol.
Borgohidur bukim yuz ming quyosh,
Zarra chog`lig` aylay olmas o`zni fosh.
Mundakim yuz ming tuman pili damon,
Bor hamon ul bir o`luk, pashsha hamon.
Sizga onda ne vujudu, ne adam,
Bal vujudingiz adamdin dog`i kam.
Demongiz hashvu ravonroq qoytingiz,
So`z agar bor erba yo`lda oytingiz!»
Bu takallumdin alardin bordi hush,
Za`f aylab tillari bo`ldi xamush.
Barcha filhol o`lgali yovushtilar,
Ya`su hirmon o`ti ichra tushtilar.
Dedilar: — «Mehnatlarimizdin darig`!
Tortqon shiddatlarimizdin darig`!
Shohg`a mundoqkim erur oliy janob,
Ne ko`rungay bir necha bizdek yabob.
Hayf muncha sa`y ila ummidimiz!
Orzui davlati jovidimiz!»
Kim bori hirmon bila bo`ldi badal,
Hasratu armon bila bo`ldi badal.
«Bor ekanmu biz kibi mahzun guruh,
Orzuyu sa`ydin mag`bun guruh!»
SLXVII
Qushlarg`a fano navmidlig`ida Hudhudning irshodidin quvvat hosil bo`lg`oni
Qushlarg`a fano navmidlig`ida Hudhudning irshodidin quvvat hosil bo`lg`oni
Dedi Hudhud: — «K-ey suruk bechora xayl,
Mulku xonumonidin ovora xayl.
Bo`lmangiz navmid shoh altofidin,
Kim karam birdur oning afsofidin.
Sa`b esa komi visolin topmog`i,
Xushturur savdosida o`lmak dog`i.
Bizga bu iqbol chunkim berdi dast,
Kim oning dargohida toptuq nishast.
Bu saodat ham erur oliy maqom,
Kim oning ishqida o`lgaybiz tamom!»
Borchasi bedillig` aylab oshkor,
Dedilar Hudhudqa: — «K-ey hikmat shior.
Bu balolar ichrakim bo`lduq xamul,
Bordurur amringni qilg`ondin qabul.
Qoydakim urduq qanot oyrilmaduk,
Har ne amr etting taxalluf qilmaduk.
Vasl chog`i yetti anduhi firoq,
Har ne der erding yiroq ermish yiroq».
Dedi Hudhud: — «Qilmongiz afsurdaliq,
Asru zohir etmangiz ozurdaliq.
Biz bu yo`lg`a ondokim azm ayladuk,
Yuz baliyat chekmokin jazm ayladuk.
Bu azimatdin g`araz xud shoh edi,
Ham yana maqsudi bu dargoh edi.
Chunki maqsudg`a yetibbiz bu zamon,
Komdin qilmong yiroq o`zni gumon.
Oshiqekim, ishqida bo`lg`ay kamol,
Teng durur ollida hijronu visol.
Chun rizosi yorning matlub erur,
Har nekim ul istar — ul marg`ub erur.
Vaslig`a gar topmag`aysiz dastras,
Siz jamoatqa emasmu yodi bas.
Yodi birla har kishikim bersa jon,
Bordur ul o`lmoq hayoti jovidon».
CLXVIII
Hikoyat
Hikoyat
— «Dasht aro Majnunni ko`rdi bir kishi,
Kim hamisha so`z demak erdi ishi.
So`rdi: — «Kim birla surarsen bu maqol?
Dedi: — «Layli birla, ey farxunda fol.
Dedi:— «Ondin to sangadur xayli yo`l?»
Dedi:— «Ey g`ofil, erur jonimda ul.
Ulki oning zikridur jonimda qut,
Yo`l yiroq bo`lg`ondin o`lg`oymu unut!»
Kimki ishqig`a kamol erodidur,
Onga ma`shuqi vujudi yodidur.
Sizda ham gar ishqdin bor ersa lof,
Aysh eting gar kelsa ondin dardu sof.
CLXIX
Qushlarning fano husulidin baqo vusulig`a yetkoni
Qushlarning fano husulidin baqo vusulig`a yetkoni
Ul musofirlar kesib ko`p bahru bar,
Qilmish erdilar chu maqsadni mafar.
Yo`l yugurmoqdin tunu kun hormayin,
Har balokim kelsa yuz qaytormayin.
Etmish erdilar chu ul matlubqa,
Hojibi ro` ul suruk mag`lubqa.
Nechakim surdi jaloliyat so`zin,
Solmadi ul benavo qushlar o`zin.
Garchi ba`zi qildi bedilliq ayon,
Hudhud irshodin qilib sharhu bayon.
Oni qo`ymay ya`su bedilliq aro,
Surdi oncha va`z birla mojaro.
Kim topib ul nuktalardin jon yana,
Bo`lki mushkil ish anga oson yana.
Chun alarg`a sidqu ixlos bo`ldi yor,
Bu ikkilikning talabda daxli bor.
Gar jaloliyatdin ul xayli zalil,
G`am yemasga surdi ko`p Hudhud dalil.
Ham alarda bor edi mardonaliq,
Hodiy komilda ham farzonaliq.
Sidqi ixlos ichra ikkinchi fano,
Yorni qildi alarg`a oshno.
Vasl bog`idin jamoliyat yeli,
Yo Masiho qudsi anfosi dili.
Estiyu har pardakim erdi niqob,
Ochti tush-tushdin borisin behijob.
Nuru zulmatlar hijobi har taraf,
Kim bor erdi borcha bo`ldi bartaraf.
Vasl bog`ida guli ayshu murod,
Oncha topti jon nasimidin kushod.
Kim ketib xotirlaridin ul futur,
Yuzlanib vasl ichra bu komu surur.
Har gul ul gulshanda bir ko`zgu edi,
Kim qayon boqsa alar o`tru edi.
Oncha ondin boshqa ham nuru safo,
Bor edi ham oshkoru ham xafo.
Kim nazar qilg`on kibi ko`zguda el,
Yoki boqqay sofu ravshan suvda el.
Ko`runur erdi nazarda mo`-bamo`,
Aks ko`rguzgon kibi ko`zguyu su.
Chun ul o`tto`z qushqa bu erdi xayol,
Muncha ko`rgandin o`kush ranju malol.
Kim magar Simurg` ko`rguzgay liqo,
Bu fanolardin yetishkay ul baqo.
Ko`rdilar o`zni qayonkim tushti ko`z,
Olloh-Olloh ne ajoyibdur bu so`z.
Kim qilib Simurg` o`ttuz qush havas,
O`zlarin ko`rdilar ul si murg`u bas.
Munda zohir bo`ldi sirri «man araf»,
Kim ko`rubtur gavhar o`lmog`lig` sadaf.
Ey ko`ngul, bu nuktadur qushlar tili,
Ramzu imo mulkiga tushlar tili.
Garchi bu so`zda ayondur ta`miya,
Kim riyozatdinki topti tasfiya,
Chun riyozat raf` etib ruhoniyat,
Salb bo`lg`och kimsadin nafsoniyat.
Qolmag`ay ruhoniyatdin o`zga hech,
Sen taxallufdin bu ma`ni ichra kech.
Bordur inson zotida oncha sharaf,
Kim yamon axloqin etsa bartaraf.
Bo`lmasa fir`avnlig`ning payravi,
Qolmas ondin juz sifoti musaviy.
Yo sharaf ganjiga topib ahlliq,
Salb qilsa siyrati Bu Jahlliq.
Shon anga bo`lur Habibullohdek,
Bud ila nobuddin ogohdek.
Kim qilib me`roji vahdatqa guzar,
Li ma` Olloh sirridin bergay xabar
Vasl nuridin ko`z ul yanglig` yorur,
Kim arodin menliku senlik borur.
Haq vujudi bahri mavj etkay ayon.
Mavj naqshidin tengizga ne ziyon.
Suv vujudidin tengiz bo`ldi tengiz,
Bo`lsa ul gar mavjluq, gar mavjsiz.
Suvdin ayru mavjqa yo`qtur vujud,
Bahr iladur mavjqa budu nabud,
Munda gar yaxshi taxayyul aylasang,
Yoki ish sirrin taammul aylasang,
Muttasif bo`lsang sifotilloh ila,
Jazm etarsen xotiri ogoh ila.
Kim sen-o`q sen harnekim maqsud erur,
Sendin o`zga yo`q nekim mavjud erur.
Zotning ijmolig`a tafsilsen,
Ham vujud ishkolig`a ta`vilsen.
O`z vujudingg`a tafakkur aylagil,
Harne istarsen o`zungdin istagil.
Turfa qushsen ravza naxlistonidin,
Pok toyirsen sharaf bo`stonidin.
Lek Simurg` istagan ul jam`i tayr,
Kim suluk ichra riyozat birla sayr.
Aylabon chun o`zni qobil qildilar,
Ul talabdin vasl hosil qildilar.
Senda ham bilquvva ul mavjud erur,
Fe`lg`a kelsa davo maqsud erur.
Qobil etmay o`zni gar qil avji so`z,
Zohir etsang dor ila solmoqqa tuz.
Kimki bu ma`nidin ogoh o`ldi bil,
Kim kesildi onga so`z ayturg`a til.
Onglakim so`z o`zga, ma`ni o`zgadur,
Ma`ni ongmos shog`il ulkim so`zgadur.
Bo`yla ma`nikim manga bo`ldi ayon,
Ayladim qushlar tili birla bayon.
Kim takallum onda shirkat topmag`ay,
Bikri ma`nining uzorin yopmag`ay.
Qush tili bilgan so`zum fahm aylagay,
Fahm etardan ham base vahm aylagay.
Lek ziyrak qush chu bildi bu maqol,
Onglag`aykim nedurur bu so`zda hol.
Barcha so`zlar mushkilidur bu hadis,
Bezabonlarning tilidur bu hadis.
Shart bukim, onglag`on sharh etmagay,
To tilidin boshqa ofat yetmagay.
Men deb istig`for qildim yo iloh,
Oytmas so`zdin sanga qildim panoh.
O`z qoshimdin solmadim bu nav` tarh,
Ayladim Attor asrorini sharh.
Ofatimni nuktadin sen asrog`il,
Kimga payravmen — nazora aylag`il.
Men g`alat qilsam anga yo`qtur g`alat,
Kim kamol avroqig`a ko`p surdi xat.
So`zda tab`im gar g`alatqa qildi mayl,
Hodiyi komil so`ziga qil tufayl.
Sendin oytib men onga payrav bo`lub,
Afv qil jurmum, o`zung uzrum qo`lub.
SLXX
O`z adosi qusuri uzrig`a tamsil
O`z adosi qusuri uzrig`a tamsil
Bir parishontab` majnun bor edi,
Kim birov savdosidin ko`p zor edi.
Bor edi manzuri davron ofati,
Ishva birla ins ila jon ofati.
Husn aro huru pari mag`lub anga,
Mehr ila oy ko`p ko`runmay xub anga.
Husn aro olamda g`avg`osi oning,
Shahru kishvarda alolosi oning.
Lutfi husni garche nomaqdur edi,
Ikki ish birla vale mashhur edi.
Bir kamoli donishu diqqat aro,
Bir jafo aylar zamon shiddat aro.
Ishq aro ul oshiqi Majnun nihod,
Bir kun aylar erdi ma`shuqini yod.
Orazin gul der edi, qaddini sarv,
Hay`atin tovusu raftorin tazarv.
Bo`yla holatda yetishti mohvash,
Harnekim devona aytur erdi xush,
Borin eshitti kamin aylab turub,
So`ngra oning boshig`a keldi yurub.
Dedi: — «Ta`rifing kinoyatdur manga,
Or ondin benihoyatdur manga.
Qomatimkim sarv deb surdung kalom,
Sarvg`a qaddim kibi bormu xirom.
Orazim gul debki qilding elga fosh,
Gulda bormu yuz balolig` ko`zu qosh.
Hay`atim tovus deb qilding xurush
Qoyda tovus eldin olur aqlu hush.
Chun tazarv etting xiromimg`a laqab,
Qoy tazarv ul qatlig`a bo`lmish sabab?!»
Qildi chun diqqat bila mahvash xitob,
Ojiz o`ldi bedil ayturdin javob.
Dedi:— «Sahv aylabmenu sharmandamen,
Lek vasfing derga mujrim bandamen!»
Qildi mah paykar g`azabkim ushbu dam,
— «Dahrdin aylay vujudingni adam!»
Erga tushti yolborib devona zor,
— «K-ey pariyu hurdin hudningg`a or.
Neki men dedim muhabbatdin edi,
Barcha ixlosu muvaddatdin edi.
Yo`q edi onda shikoyatdin asar,
Ta`nu tashne`u kinoyatdin asar.
Lek taqsir ettim erkin vasf aro,
Lutf erur gar so`rmasang bu mojaro.
Haml nodonliqqa-o`q qilsang borin,
Jahlu bilmaslikdin — o`q bilsang borin.
Chun uyat bu telbani zor o`lturur,
Sen ham o`lturmak sanga zahmatdurur».
Telba qoyil bo`lg`och o`z nuqsonidin,
Lutf etib kechti parivash qonidin.
SLXXI
Hikoyat
Hikoyat
Xoja Abdulloh Ansoriy dedi,
Ulki bu yo`l ahlig`a hodiy edi:
«Kim kishi soz aylabon ohangi rud,
Tuzsa ul ohang aro lahni surud,
Lek bu rudu surudidin murod,
Bo`lsa tengri yodi, ey pok e`tiqod,
Yaxshiroqim g`aflat ohangin tuzub,
O`qug`oy Mushaf tilovat ko`rguzub.
Bo`lsa lahnu nag`mada ogohlig`,
Behki toat vaqtida gumrohlig`».
SXXII
O`z taqsirlarig`a afv istid`osi va jurmlarig`a g`ufron iltimosi
O`z taqsirlarig`a afv istid`osi va jurmlarig`a g`ufron iltimosi
Ey adamdin barchag`a xalloqi jud,
Bori jud ahlig`a fayyozi vujud.
Lutfu ehsoningg`a yo`q poyonu had,
Baxshishu ehsoninga sonu adad.
Har nekim vasfingda tahrir aylagum,
Sehr agar qilg`umki, taqsir aylagum.
Men ne bo`lg`umkim agar allomalar,
Sursa yillar vasfing ichra xomalar.
Bo`lsalar insof sori munsarif,
Ajzg`a bo`lmoq keraktur mu`tarif.
Foniyi devonayi oshuftaxo`y,
Necha so`z gar sendin etti guftigo`y.
Sahvu taqsirin karamdin afv qil,
Nomai a`molidin mahv aylagil.
Manga bu baskim nekim surdum qalam,
Sendin ettim, yo`qki g`ayringdin raqam.
Ortuq ar o`ksuk dedim sendin dedim,
Chin agar o`truk dedim sendin dedim.
Ulcha asroring manga erdi ayon,
Ayladim qushlar tili birla bayon.
Qush tili birla bu dam yolbormog`im,
Nim bismil qushdek o`zdin bormog`im.
Borcha ondindurkim, bo`lmas barcha qush,
Nuktai ranginu go`yoliqqa tush.
Lutf ila bulbulg`a ming daston erur,
Zog` xorij savti bepoyon erur.
Bas bori qushning navosi xush emas,
Barcha toyir nag`masi dilkash emas.
Chun alar ilhonidin surdum kalom,
Barchaning lahnig`a bo`lmas bir maqom.
To`tiyu shorak agar notiqdurur,
Har biriga o`zga bir mantiqdurur.
Naqlida oning tafovut bo`lg`usi,
Bir iloh o`lsa, biri but bo`lg`usi.
Birda shak bo`lsa, birisida yaqin,
Birda kufr o`lsa, yana birida din.
Kufru din birla chu yo`q Foniyg`a ish,
Chunki har ne ul demish sendin demish.
Sen oning sahvig`a bo`lg`il parda po`sh,
To fano bazmida bo`lg`ay jur`a no`sh.
Chun nasibe aylading jomi fano,
Bermak iqboli baqosin bil yano.
CLXXIII
Shayx Avsofiyu o`zining anga payravlig`da ittisofi
Shayx Avsofiyu o`zining anga payravlig`da ittisofi
Foniyo, solding yana tarhi ajab,
Aylading qushlar tilin sharhi ajab.
Bir Sulaymoni nabi erdiki ul,
Topib erdi qushlar alfozig`a yo`l.
Ondin Osaf ongladi ta`lim ila,
Kimsaga bildurmadi tafhim ila.
Ul ikovdin o`zgalarga yetmadi,
Kimsag`a chun yetmadi, fahm etmadi.
To necha ming yil sipehri tezgard,
Jahdu jid birla bo`lub gitinavard.
Zohir etti bir humoyunfol qush,
Tez sayru tez nutqu tez hush.
Qonsi qush — Qofi fano anqosi ul,
Jumlai qushlar tili donosi ul.
Murshidi atvoru qutbi avliyo,
Ko`nglida sham`i hidoyatdin ziyo.
Kashfi asrori haqoyiqda farid,
Nutqidin ahli haqiqat mustafid.
Ahli irfon soliki atvori ul,
Ma`rifat bozorining Attori ul.
Kim bu gulshan ichra chun qildi zuhur,
Go`yi ondin nutq o`rgandi tuyur.
Qush tili birla takallum qilmog`i,
Ortuq Osafdin1, Sulaymondin dog`i.
Kim alar gar ongladilar bu maqol,
Lekin elga qilmadi naf` intiqol.
Haq munung nutqin chu go`yo ayladi,
«Mantiqut-tayr» oshkoro ayladi.
Bu til izohin kamohiy aylabon,
Sharhi asrori ilohiy aylabon.
Nukta deb anjom ila og`ozdin,
Oncha gavhar sochti ganji rozdin.
Kim zamon jaybin to`la qildi guhar,
Toptilar ondin zamon ahli samar.
Ganjdin chunkim ochildi bu tilism,
Har gadog`a ul guhardin yetti qism.
Naqshini om ayladi xurshiddek,
Jomidin urdi salo Jamshiddek.
Har kim erdi tashnalab — no`sh ayladi,
So`z demakdin tilni xomush ayladi.
Qush tili birla bayon aylab kalom,
To`tii guyodek o`ldi xosu om.
Forsiy oyini ulus fahm ettilar,
Barcha maxfiy diqqatig`a yettilar.
G`ayr xayli soda atroki faqir,
Kim alarda kamdur idroki kasir.
Qoldilar mahrum bu iqboldin,
Qush lisoni birla qilu qoldin.
Qushdin ermas xoli ar ko`pning eli,
Lek fahm o`lmas biriga qush tili.
Chun manga Attor do`konidin ish,
Shakkaru qand olmoq erdi yozu qish.
Balki to`ti yanglig` ul do`konda fan,
Bor edi bo`lmoq manga shakkarshikan.
Qush tili birla manga nekim xitob,
Qilsa to`tidek berur erdim javob.
Balki qudsi ruhining go`yo qushi,
Arsh bog`idin kelib ko`nglum tushi.
Qush tili mushkillarin irshod etib,
Ul takallumda meni ustod etib.
Chunki toptim ul kalom ichra kamol,
Turk alfozi bila surdum maqol.
Nag`malar turkona soz ettim o`kush,
Mastlig`din o`ylakim xushnag`ma qush.
Qaysi qush, bulbulki ming dastoni bor,
Har bir ul dostonda bir afg`oni bor.
Lek ul dastonlari gul shavqidin,
Nolau afg`onlari gul shavqidin.
Men-men ul bulbulki ming afg`on aro,
Har fig`on lahnini bir doston aro.
Ushbu gulshan ichra soldim mastvor,
Nag`maning ohangi andoq ustuvor.
Kim anga harxorij alhonliq tuyur,
Cheksa afg`on topmog`oy ondin qusur.
Shayx ruhidin yetishti bu madad,
Kim bu bulbul lahni bo`ldi beadad.
Bu tanosibqa nazar solsa kishi,
Ko`p anga o`xshosh topar qaqnus2 ishi.
SLXXIV
O`zining shayx ruhi madadidin anga tatabbu` qaqnus tamsili
O`zining shayx ruhi madadidin anga tatabbu` qaqnus tamsili
Bor emish qaqnus degan bir turfa tayr,
Hind mulkida anga oromu sayr,
Shakli matbu`u tavono paykari,
O`zga naqshu rang birla har biri.
Bo`lajab hay`at bila minqor anga,
Suqbalar minqor aro bisyor anga.
Chun chekib dilkash navoyi jonfizo,
Fahm o`lub har suqbasidin bir navo.
Suqbalardin har qachon qilsa xuro`sh,
Aylabon oni eshitkon tarki hush.
Jufti bo`lmas hech qush payvandi ham,
Hech tayr o`lmas oning monandi ham.
Beshaikim ul nishiman aylamish,
Bir yig`och boshinki ma`man aylamish.
Qildi Fisog`urs1 ul yerdin guzar,
Unlari keldi qulog`ig`a magar.
Muxtalif topib sadoi shevanin,
Qildi ondin vaz` musiqi fanin.
Beshada umri bo`lur ermish uzun.
Umrida shug`li oning yig`moq o`tun.
Ul o`tundin, xohi ho`l, xohi quruq,
Chunki bo`ldi xirmani behad uluq.
Umri poyonida ul maskan uza,
Necha yil jam` aylagan xirman uza.
Tortar ermish nag`ma tayri xush navo,
Bas hazin ohang ila dilkash navo.
Ul sifatkim ham tuyuru ham vuhush,
Jam` o`lur ermish eshitkach ul xurush,
Shevanidin ul guruhi dardnok,
Za`f aylab ko`p bo`lur ermish halok.
Chun navosig`a yetishti intiho,
So`ngra tortib bir ajib o`tluq navo.
Solur ermish ul uluq xirmang`a o`t,
Sokin o`lg`on manzilu maskang`a o`t.
O`t alam tortar emish aflokka,
Barq tushkandek xasu xoshokka.
Ul o`tun yong`ondek ul qush ham yonib,
Parlari yafrog`lardek o`rtanib.
Ham o`zi, ham ul o`tunlar kul bo`lub,
Yuz tuman juzv ul kuyordin kul bo`lub.
Chunki ul kullar uguldi tog`cha,
Maxfiy ermish kulda bir qaqnus bacha.
Tebranib kuldin chiqib taskin ila,
Par chiqorib ziynatu oyin ila.
Chun havo aylab ko`rub ul beshani,
Jazm etib o`tun yig`or andeshani.
Umrida ul dog`i jam` aylab o`tun,
Ul ish asnosida tortib dilkash un.
Chun anga ham yetsa poyonig`a yosh,
Ul dog`i aylab ato qilg`onni fosh.
Shayx go`yo keldi ul avvalg`i tayr,
Kim navo ichra qilib umrida sayr.
Chekti oncha lahn aro dilkash navo,
Kim simoin vahshu tayr aylab havo.
Barcha ul muhlik navodin o`ldilar,
Xirmanu sohib kibi kul bo`ldilar.
Ulki ul kullardin ahgardek chiqib,
Balki axgardin samandardek2 chiqib.
Har nekim avvalg`i qushqa erdi shon,
Zohir o`ldi munda ham ondin nishon.
Bu dog`i degancha nima jam` etib,
Chun muning umrig`a ham poyon yetib.
Gulshani davron aro har nav, qush,
Yo`qki yolg`uz tayru bas bilkim vuhush.
Yuz navo zohir qilib minqoridin,
Borcha haqning yoshurun asroridin,
O`ziga, xirmang`a dog`i o`t urub,
Ham o`zin, ham o`zgalarni kuydurub.
Men demonkim ul otodur, men o`g`ul,
Ul shahi oliy sifot, men banda qul.
Kim bu o`tqa ul kuyub avval nafas,
Barcha olamg`a o`t ul soldiyu bas.
So`ngra ondin kimsa topmay mencha so`z,
Bo`yla muhriq shu`lai geti furuz.
Qush tilidin shu`lalar zohir qilib,
Ham o`zum, ham el kul o`lmog`ni bilib.
Har nekim ko`rdi otomdin ro`zgor,
Ham oni bo`ldi manga omuzgor.
O`rtodim odam elini, o`zni ham,
Qush tilidin o`zga qilmay so`zni ham.
Budur umidimki, bu so`zi fano,
Barcha kungonga baqo bergay yano».
CLXXV
Talab tariyqi adosida munojot
Talab tariyqi adosida munojot
Ey xaloyiq, tolibu matlubsen,
Ham muhabbat ahlig`a mahbubsen.
Ikki dunyodin bori toliblaring,
G`ayr sendin mujtanib rog`iblaring.
Sendin oyru gar malakdur, gar pari,
Tolib o`lmoqqa gari qilmas, gari.
Jannatu kavsaru gar to`biyu hur,
Istamak sensiz talabdindur qusur.
Jonu ko`nglumni o`zungga tolib et,
Dard ila ishqingg`a shavqum g`olib et.
Ham talab zavqini vosil qil manga,
Ham tilab topmog`ni hosil qil manga.
Mosivalloh xotirimdin salb qil,
Onda zikringni huzuri qalb qil.
SLXXVI
Tamsil
Tamsil
Ka`ba azmi qildi bir tolib murid,
Ko`rdi Bistom1 ichra oni Boyazid.
Shayxqa chunkim musharraf bo`ldi ul,
O`tti dog`i, Ka`ba sari tutti yo`l.
Chun muyassar bo`ldi haj ul xomg`a,
Qoytibon yetti yana Bistomg`a.
Soliki fozil qilib arzi niyoz,
Bo`ldi murshid xidmatig`a sarfaroz.
Shayx oni ko`rgach dedi: — «K-ey rahnavard,
Vasl istab vodiyu dargahnavard,
Bir nishon de bizga baytullohdin»,
Bu so`z o`lg`och murshidi ogohdin.
Dedi: — «Ko`rgon uy base oliy edi,
Uy iyosidin vale xoli edi».
Dedi ul hojig`a shayxi boxabar,
— «K-ey, talabdin tolmog`on aslo habar.
Uyga sohib yo`lda erdi hamrahing,
Har qadam urg`on yo`lungdin ogahing.
Uyiga yetkurgon ul erdi seni,
Eltibon kelturgon ul erdi seni.
Senda yo`q erdi bu davlatdin shuur.
Tolib erding, lek sa`yingda qusur!»
Bu talabda, yo rab, et komil meni,
Qilmog`il matlubdin g`ofil meni.
Istarimda kim qilur hamrohlig`,
Bergil ul hamrohdin ogohlig`.
SLXXVII
Ishq tariqi adosida munojot
Ishq tariqi adosida munojot
Ey ko`ngulni ishqidin ravshan qilib,
Hajr xoristonini gulshan qilib,
Ishqning o`tidin yorug` oyu quyosh,
Kim bo`lub tun-kun olordin nur fosh.
Barqi ishqing solibon jonlarg`a o`rt,
Shu`lasi obodu vayronlarg`a o`rt.
Axtaredur ishqing asru tobnok,
Gavharedur sirri ishqing asru pok.
Jonima yetkur ul axtar birla nur,
Ko`ngluma solg`il bu gavhardin surur.
Bodai ishqingdin et ko`nglumni mast,
Lek ul yanglig`ki bo`lg`ay mayparast.
Ayla bu may birla loya`qil meni,
Aql chun raf` o`ldi, qil vosil meni.
SLXXVIII
Hikoyat
Hikoyat
Qaysi Omirni1 chu ishq etti zabun,
Zoyil etti ishq aro aqlin junun.
Uyla Layli ishqida mag`lub edi,
Tolib ul go`you bu matlub edi.
Uyla mustag`raq edi ul ishq aro,
Laylii mutlaq edi ul ishq aro.
Kim birov bir kun dedi: — «Oting nedur?
Dedi: «Layli!» Dedi:—«Isboting nedur?»
Dedi: — «Ulkim — Layli o`ldi zot anga,
Hojat ermas aylamak isbot anga.
Gar sanga shakdur, manga budur yaqin!»
Bo`yla oshiqliqqa yuz ming ofarin!
Ishq o`ti so`zig`a mahruq et meni,
Vahdati ishq ichra ma`shuq et meni.
Onda istig`roqi ishq et qismatim,
Kim uzulgay o`zlugumdin nisbatim.
Ishq aro Foniyni nobud aylagil,
So`ngra ishqing birla mavjud aylagil.
SLXXIX
Ma`rifat tariqi adosida munojot
Ma`rifat tariqi adosida munojot
Ey qilib insonni koni ma`rifat,
Ko`nglini aylab jahoni ma`rifat.
Ma`rifat har kimgakim qism aylabon,
Dahr aro orif ango ism aylabon.
Kimni aylab ma`rifatqa muttasif,
Aylabon ul xayl holin muxtalif,
Har kishi sayrin kamolicha qilib,
Qurbin oning hasbi holicha qilib.
Bu biyobon yo`lin aylab beadad,
Uylakim yo`q rahraveg`a haddu ad.
Ma`rifatda yorab ul yo`lkim ango,
Solikekim kirsa yetkurgay sango.
Foniyi ovorani ul yo`lg`a sol,
Qat` qilg`och yo`l, nasib etkil visol.
SLXXX
Tamsil
Tamsil
Soliki qildi guzar bir shohg`a,
Shah boqib ul soliki ogohg`a.
Iltimos ettiki: — «O`ltur bir nafas,
To qilay hozir nekim qilsang havas».
Dedi solik: — «Tengrini to tonidim,
Mutlaq oning g`ayridin ma`yus edim.
Ne kerak bo`lg`ay bu fonin dayr aro,
Kim gari qilg`ay tilarga g`ayr aro.
Gar keraklik bo`lsa dog`i haq berur,
Bas senga bu ishdakim muhtoj erur.
Yo rab, ul solikka bo`lg`ondek sifat,
Ayla Foniyg`a nasib ul ma`rifat.
Jahlu javru zulmidin g`avrig`a yet,
Ham o`ziga, ham o`zungga orif et.