Òîï ðåéòèíã www.uz
LXI

Hudhud javobi Burgutga

Dedi Hudhud:—«K-ey xidevi komgor,
Ko`rmagan bir sendek ahli ro`zgor.

Ham yigitlik vasfi loyiq zotinga,
Ham musallam pahlavonlig` otinga.

Hayf bu munqoru changolin sening,
Farru shavkatlig` paru boling sening.

Senki maqsud istoy, ey badnafsi dun,
Azm etordin bo`yla bo`lg`oysen zabun.

Ozim o`lmay yo`lg`a solg`oysen qanot,
Changu minqoru qanotingdin uyot.

Muncha birla o`zni tavsif etkasen,
Zo`ru shavkat birla ta`rif etkasen.

Pahlavonu qahramon ul bo`ldi, ul —
Kim kechib jonidin etkoy azmi yo`l».

LXII

Hikoyat

— «Bor edi bir pahlavoni zo`rgar,
Behunarlig` fannida sohib hunar.

Choshtgoh yer erdi o`n botmon taom,
Yona muncha aylar erdi quti shom.

Bu ikki hangomning mobayni ham,
Yona muncha o`tlar erdi beshu kam.

Zo`rlar aylar edikim pili mast,
Qilsa topqay erdi andomi shikast.

Ittifoqo hodisoti ro`zgor,
Mulk aro qildi buzug`lug` oshkor.

O`ylakim bo`lg`och ayon andoq balo,
Vojib o`ldi mulk ahlig`a jalo.

Xalq o`zga mulk azmi ettilar,
Jon ovuchlab bosh olibon kettilar.

Zo`rgar ham ayladi hamrohliq,
Yo`q anga yo`l ranjidin ogohliq.

Yo`l uzunroq tushti-yu obod yo`q,
Qilg`oli badnafs el nafsini to`q.

Zo`rgar chun topmadi bir kun g`izo,
Boshladi o`z holig`a tutmoq azo.

Chun ikkinchi kunga yetti pahlavon,
Ketmish erdi jismidin tobu tavon

Lek uchunchi kun anga bebarglik,
Ayladi zohir biyobon marglik.

Qat` etib yo`lni yoyoq atfol ham,
Har taraf ikki bukulgon zol ham.

Ikki-uch kun tortibon ranju ano,
Ma`man ichra komlar topib yano.

Pahlavon topib bu mehnatdin shikast,
O`ylakim bo`ldi ajal yo`linda past».

LXIII

Kuf uzri

Zohir etti ajz ahvolini Kuf:    
— «Kim erurmen men zaifu yo`l maxuf.

O`tkaribmen umrni vayronada,
Boshima yemrulgudek koshonada.

Barcha avqatim o`tub anduh ila,
Motam ahlidek fig`onu vah ila.

Ganj umidiga fig`onlar ko`rguzub,
Lek ul ummid ila o`zni buzub.

Debki garchi torttim umrumda ranj,
Bok emas bir kun nasibim bo`lsa ganj.

Menki ganj ummedidin devonamen,
Kecha-kunduz sokini vayronamen.

Bu uzun yo`ldin meni tutqil maof,
Men kimu Simurg` birla Ko`hi Qof».

LXIV

Hudhud javobi Kufg`a

Dedi Hudhud:— «K-ey ishing makru xayl,
Qasdi joning aylabon tuli amal.

Er tutub ko`nglungda ummidi mahol,
Kim vuku`ig`a oning yo`q ehtimol.

Filmasal bilfarz topsang ham bu ganj,
Qil xayol, ey notavoni g`ussasanj.

Kim ne bo`lg`ay bahring ondin juz balo,
Hardam o`zga g`amg`a bo`lmoq mubtalo.

Ul balolar birla o`lmak xoru zor,
Ganj tutmoq dushman ilkida qaror».

LXV

Hikoyat

— «Bor edi bir mulk aro devonae,
Kecha-kunduz maskani vayronae.

Ganj umidi birla umrin o`tkozib,
Har dam ul vayrona bir yonin qozib.

Ittifoqo baski chekti ranj ul,
Baxti bir kun ganjg`a boshqardi yo`l.

Bir eshik bo`ldi ayon naqbi aro,
Kirdi ersa bir ulug` ishrat saro.

Qirq xum onda Faridun ganjidek,
Yo`q Faridun, balki Qorun1 ganjidek.

Ko`rmagidin telba etti tarki hush,
Etti nogoh bir laimi saxtko`sh.

Ko`rdi ul vayronada devonani,
Hush zoyil qilg`uchi xumxonani.

Ko`rmay ul majnunni mujrim chekti tig`,
Qonini ganj uzra to`kti bedarig`.

Ganj erdi umri oning voyasi,
Bordi ganj ustida jon sarmoyasi».

LXVI

Humoy uzri

Boshladi uzrini sohibfar Humoy,
Dedi:— «Ey sargashtalarga rahnamoy.

Ondadur iqboldin poyam mening,
Kim berur taxti sharaf soyam mening.

Zotima oncha sharaf bersa iloh,
Kim mening soyam gadoni qilsa shoh.

Men yana shoh istamak ya`niki ne!
O`zni ranjur aylamak ya`niki ne!

Qilmog`im xushroq havoi jilvagoh,
Bermagim soyamda shahlarg`a panoh».

LXVII

Hudhud javobi Humoyg`a

Dedi Hudhud:— «K-ey so`zung afsonae,
Kim oni qilg`oy bayon devonae.

Ulki zotingda balohat chog`lamish,
Sanga bu yanglig` saqifa bog`lamish.

Kim yetar soyangdin elga shohlig`,
Sanga bovar qildurub gumrohlig`.

Shohlar tarixikim mastur erur,
Qaysining vasfida bu mazkur erur!

Kim oni shoh aylamish soyang sening,
Kim erur bu muddao voyang sening.

Bu g`alat afsona shod aylab seni,
Bo`yla fosid e`tiqod aylab seni.

Filmasal bo`lsa bu da`vo rost ham,
Kelsa sendin bu sifat bexost ham.

Bersa elga shohlig` hayyi-vadud,
Sen de borikim sanga ondin ne sud.

To``mang itdek dasht aro qolg`on so`ngak,
Turfaroq bu ishki qoqshalg`on so`ngak.

Bilgil, ey botil xayol ichra asir,
Kim erur holingg`a loyiq bu nazir».

LXVIII

Hikoyat

— «Sohili Ummonda savdopesha xayl,
Bahr savdosida sudandesha xayl —

Bersalar besh-o`n diram, g`avvosi dun —
Bahr ichra solur o`zni sarnigun.

Jonni yuz ranj o`tig`a aylab hadaf
Bahr qa`rinda iliklar bir sadaf.

Ul sadaf ichra agar ming donadur,
 Yo agar xud bir duri shohonadur —

Kim erur ul shoh toji ravnaqi,
Ongla oni muzd berganning haqi.

Tojir olib ul sifat naqdi aziz,
Axz etib g`avvos bir-ikki pashiz.

Ul olib muzdu sanga ul dog`i yo`q,
It kibi aylab so`ngak nafsingni to`q.

Oqil ersang ko`p dema mundoq gazof,
Kim sarosar bu so`zung bordur xilof».

LXIX

O`rdak uzri

O`rdak og`oz etti:— «K-ey farxunda zot,
Suv bila bo`lmish manga qoyim hayot.

Ondin oyru muztaribmen qayg`udin,
O`ylakim tushkay yiroq bolig` su(v)din.

Chun suv ichra zotima taskin bo`lub,
Pok domanlig` manga oyin bo`lub.

Poklik chun suvdin ettim iktisob,
Loyiq o`ldi vasfima husnul-maob.

Bo`lmasam bir lahza orig` suv aro,
Firqatida aylaram yuz mojaro.

Mavjdin sajjodani solib suvda,
Ko`rguzub maqsud yuz ul ko`zguda.

Suvdadur maqsuduma chun yetmagim,
Bas xatodur o`zga yon azm etmagim».


LXX

Hudhud javobi O`rdakka

Dedi Hudhudkim:— «Xato so`z keldi bu,
Kim deding, ey pok yub aqlingni su.

Suvg`akim sajjoda solibmen deding,
Chug`z holidin magar g`ofil eding.

Pok domanlig` qilibmen fan dema,
O`zni suvda g`ayr tar doman dema.

Pok esang nedur suvg`a cho`mmoq ishing,
Kecha-kunduz g`o`ta urmoq varzishing.

Fisq tuxmin nafs aro ulkim torir,
Suv aro har g`o`takim urdi orir.

Ne janobatdur bu-u beboklik,
Kim cho`mub tun-kun yetishmas poklik.

Er esang, ollingdadur bahri fano,
Cho`mg`ilu qilgil o`zungni oshno».

LXXI

Hikoyat

— «Hind daryosida erdi tojire,
Sudu savdo shevasinda mohire.

Moyai savdo dimog`ig`a tushub,
G`arqi bahri fikr o`lurg`a yovushub.

Tutmayin bir mulkda o`n kun maqom,
Aylagach savdo suvg`a aylab xirom.

Yillar aylab erdi bu yanglig` safar,
Bahrni onglab har ofatdin mafar.

Makka atrofin suv ichra aylanib,
Farz ado etmay, yaqin yetgoch yonib.

Xalq debkim, bo`l musharraf hajg`a ham
Mayl bermay ul taraf hirsi diram.

Totki bir kun tushti daryo uzra mavj,
Kemaga yer gah hazizu goh avj.

Bo`ldi tojir lujjai savdoda g`arq,
Lek bo`ldi kemasi daryoda g`arq.

Bermadi daryo xayoli hajga yo`l,
Toki bir boliqqa bo`ldi to``ma ul».

LXXII

Tovug` uzri

Tovug` etti bo`yla uzrin oshkor:
 — «K-ey tuyur ichra raisi tojdor.

Biz ikovga toj ro`zi qildi haq,
Lek har birga bir ish qildi nasaq.

Sanga aylab rohbarlig`ni ato,
Qildi qushlarg`a raisu peshvo.

Manga berdi savti dilkash bardavom,
Elni toatqa tillarg`a subhu shom.

Ulki mahluq etti sun`i vahshu tayr,
Bizga taskin ro`zi etti, sanga sayr.

Chun saromad keldi erlikda xuro`s.
Haq anga berdi necha zebo aro`s.

Tutti haryon sayr qilmog`din maof,
Ul kimu Simurg` birla Ko`hi Qof?»

LXXIII

Hudhud javobi Tovug`ka

Dedi Hudhudkim:— «Bu so`z bevajh emas,
Gar kishi bu so`zni holidin demas.

Bor oningdek qushki ochmay bolu par,
Sidra shohi ustida aylar maqar.

Keldi xilvatgohi oning anjuman,
Sayr etar lekin yeri doim vatan.

Arsh parvoz o`ldiyu sidranishin,
Elga zohir aylamay parvoz ishin.

Ermas ul Simurg`din ayru dame,
Vaslidin ko`ngliga o`zga olame.

Etmayin jonig`a hajridin gazand,
Surati vaslida har dam naqshband.

Boshi uzra mavhibat toji oning,
Jilvagohi vasl me`roji oning.

Vasldin mamlu, vale dam asrabon,
G`ayrdin holini mubham asrabon.

Vasl yuz ming durridin ko`nglida jo`sh,
Lek o`lub og`zi sadaf yanglig` xamo`sh,

Ul qush ermassen sen, ey xorij navo,
Harza gardu harzago`yu behayo.

Fisqi mufrit kecha-kunduz varzishing,
Bejihat g`avg`ou qichkirmoq ishning.

Yuz yamonlig` birla shan`at aylabon.
Yaxshilarg`a o`zni nisbat aylabon.

Sustlug`lar birlakim qilding ayon,
Demagil o`zni xuro`s, ey mokiyon».

LXXIV

Qushlar o`z nisbatlarin Simurg`qa Hudhuddin so`rg`onlari

Har biri bir uzrkim qildi xitob,
Berdi chun Hudhud anga shofiy javob.

Nuktadin ojiz bo`lib ul lahza xayl,
Qilmadilar o`zga uzr ayturg`a mayl.

Borchani sargashta aylab za`f hol,
Muttafiq Hudhuddin etdilar savol:

— «K-ey sening zoting rayosat gavhari,
Boshinga loyiq hidoyat afsari.

Sayr aro qat`i biyobon aylagan,
Tayyi maslak ulcha imkon aylagan.

Yo`l rijou xavfini bilgan tamom,
Havfi islohida qilg`on ihtimom.

Biz guruhi ojizu zoru zabun,
Barchani xor aylabon baxti nigun.

Ko`nglumizga bo`lmag`on ravshan bu roz,
Jahlimiz ko`ptin ko`pu, ilm ozdin oz.

Zarradek sargashta ahvolu qahir,
Ul kamol avji uza mehri munir.

Manzilatda charx oliydin rafe`,
Fushat ichra arsh azmidin vase`.

Ul kelib ortuq to`quz aflokdin,
Lek biz o`ksuk base xoshoqdin.

Bizga oning birla nisbat ne ekin?
Yo bu nisbat ichra hikmat ne ekin?

Shohlar shohi kelib ul podshoh,
Biz gadolarning gadoyi xoki roh.

Bizga ma`lum etki bas, majhul erur,
Aql oning idrokidin ma`zul erur.

Biz haqiru oliy oning hazrati,
Qatraning daryog`a nedur nisbati?»

LXXV

Hudhud qushlarg`a javobi va Simurg` zuhuridin xitobi

Berdi Hudhud qavmga mundoq javob,
Kim:—O`shal shohanshahi oliy janob.

— «Ganj erdi lek maxfiy zot anga,
Yoshurun husn erdi, kun mir`ot anga.

O`z zuhurin chun tamanno ayladi,
Chiqti-yu avval tajallo ayladi.

Bu tajallosi aro xurshedvor,
Yuz tuman ming soya soldi oshkor.

Soyakim pokiza bo`ldi jilvagar,
Ayladi ul soyaga ko`prak nazar.

Barcha olam qushlarining surati,
Bilgil, oning soyai pur hikmati.

Chun muhaqqaq bo`ldi bu hikmat sanga,
Bo`ldi tuz Simurg` ila nisbat sanga.

Bu sanga ma`lum chun bo`ldi yaqin,
Fosh qilma rozni, ey xurdabin.

Kimga bu kashf o`ldi mustag`raqdur ul,
«Hosha lilloh!» kim degaysen haqdur ul.

Haqqa mustag`raq ne bo`lmas haq demak,
Bo`lg`ay oni haqqa mustag`raq demak.

Sen chu fahm ettingki, kimga soyasen,
O`z yaqiningda qaviy sarmoyasen.

Soya istay bo`lmasa gar jilvagar,
Bilki Simurg` o`lmas erdi soyavar.

O`zni Simurg` istasa erdi nihon,
Soyasi bo`lmas edi hargiz ayon.

Soyaafkanning vujudidin dalil,
Soya zohir bo`lmog`in tahqiq bil.

Ko`zlaring Simurg`bin gar bo`lmag`ay,
Ko`zgudek ko`nglung munavvar bo`lmag`ay.

Kimga ul yuzni ko`rar gar ko`z emas,
Har nekim der g`ayr — ortuq so`z emas.

Istadi husnig`a oshiqlig`ni fosh,
Ko`zgu paydo qildi andoqkim quyosh.

Toki onda jilvae noz aylagay,
Husnig`a oshiqliq og`oz aylagay.

Bo`ldi ul ko`zgu ko`ngul, ey ahli dil,
Kim haq anda jilva aylar muttasil.

Ul qilibon jilvai husn oshkor,
Sen ko`ngul birla anga oinador».

LXXVI

Ul shoh hikoyatikim, husnini zohir qilurg`a ko`zguni vasila qildi

Bor edi shohi jamol avjida moh,
 Moh paykarlar — sipoh, ul erdi shoh.

Qomatidin sarvg`a afkandalik,
Orazidin mehrg`a sharmandalik.

Olam oshubi kelib ruxsorasi,
Muhlik ul ruxsorining nazzorasi.

Husni g`avg`osi jahon ichra tushub,
Ishqining yag`mosi jon ichra tushub.

Onchakim husni jahon aro anga,
Yuz ming oncha nozu istig`no anga.

Chiqsa gohi otlanib maydon aro,
Solsa erdi raxshini javlon aro,

Har kishi ollig`a kelsa ul zamon,
Husnini ko`rmak hamon, o`lmak hamon.

Bo`lmish erdi o`lg`on eldin band yo`l,
Sayr etib yong`uncha javlongohin ul.

Husnidin ofoq aro g`avg`o edi,
Zulmidin jon mulkiga yag`mo edi.

Xalq behad qatlidin topti malol,
Elga yuz ko`rguzmagin qildi xayol.

Ko`zgu hukm ettiki paydo qildilar,
Taxti ollinda muhayyo qildilar.

Qasri ollinda yasatti manzare,
Onda nasb etti chu ravshan axtare.

O`zi husnig`a nazar solur edi,
Bahra el ham aksidin olur edi:

To bu yanglig` ko`zgu tartib etmadi,
Husnidin nozirg`a bahra yetmadi.

Ham o`zi husnidin o`ldi bahravar,
Bahra ham topti onga qilg`on nazar.

Sen bu ko`zguni ko`ngul qilg`il xayol,
Kim solur aksini onda ul jamol.

Qasri tan onda ko`ngulni ko`zgu bil,
Ko`zguda shah husnini nazzora qil.

Bermayin bu ko`zguga avval jilo,
Aks anda solmag`ay ul podsho.

Onglag`il ul husn aksin ko`zguda,
Sen tamoshosig`a turg`on o`truda.

Ko`zgu ravshanroq necha qilsa zuhur,
Zohir o`lg`ay aks onda bequsur.

LXXVII

Iskandarning elchilikka borg`on hikoyati

— «Bir kun Iskandar1 bu oyin ayladi,
Elchilikka o`zni ta`yin ayladi.

Ayladi Simurg`ni ul nomvar,
Ul kabutardekki bo`lg`ay nomabar.

Bordi ul kishvarg`akim borg`ay rasul,
Ayladi onda rasulona nuzul.

Dedi elga budur Iskandar so`zi,
Turfa bukim erdi Iskandar o`zi.

Elchilardek so`z bayon aylar edi,
O`zi o`z hukmin ayon aylar edi.

El ne bilsunlarki Iskandardur ul,
Yo`qki qosid hokimi kishvardur ul.

Etkurub ahkom noma`dudni,
Elga qosid ko`rguzub maqsudni.

Xalqning mingdin biri bilmay bu hol,
Kim nedur bu parda naqshida xayol.

Sen dog`i shahdin qilursen nuqtago`sh,
Sog`inursen lek noqilni Suro`sh»2.

Bildilar qushlar chu bu guftorni,
Angladilar pardada asrorni.

Bori maqsudig`a ruxsat toptilar,
Qomu matlubig`a ulfat toptilar.

Oshno so`zlar bila ul peshvo,
Qildi ul begonalarni oshno.

Qildilar bori yana ondin savol,
K-ey hidoyat amrida sohib kamol.

Biz guruhebiz base zoru za`if,
Jism zoru jon nizoru tan nahif.

Ish azimu yo`l yiroqu xavf ko`p,
Nechuk o`lg`oy azmimiz bu yo`lda jo`p.

LXXVIII

Qushlarning yo`l kayfiyatin Hudhuddin savoli va oning javobi

Berdi Hudhud qavmg`a mundoq javob,
Kim:— «Bu yanglig` onglangiz royi savob.

Kim bu yo`lda ishqdur kulli sifat,
Ishq ahlidin yiroqdur maslahat.

Kimki oshiqdur — anga jondin ne bok,
Kufr olib bermak imondin ne bok.

Gar kerak oshiqqa o`z jononidin,
Sahl erur kechmak jahonu jonidin.

Jon erur oshiq yo`lida saddi roh,
O`ylakim bo`lg`oy birov yo`linda choh.

Fard erur oshiq tanu jondin dog`i,
Aqlu hushu kufru imondin dog`i.

Ishq olamso`z erur, jonso`z ham,
Shavq o`tidin kufru imonso`z ham.

Oshiq o`lg`on kechti nangu nomdin,
Millatu imondinu islomdin.

Lozimi ishq o`ldi shavqu so`zi dard,
Barq yanglig` po`yai gitinavard.

Kimga dardu ishq mustavlidurur,
Tarki jon etmak anga avlidurur.

Kimki jonon sori oning royi bor,
Jong`a ofat yetsa ne parvoyi bor.

Ishq ishi g`am shomi dardu so`zdur,
Sham` anga ohi jahon afro`zdur.

Dard keldi ishq so`zidin nishon,
Dard bo`lmay oshiq o`lmas jonfishon.

Mutribo, tuz bir surudi dardnok,
Soqiyo, bedardlig`din men halok.

Dard jomin tut meni zor etgudek,
Ishq dardi ko`ngluma kor etgudek.

To oni no`sh aylabon jondin kechay,
Aqlu hushu dinu imondin kechay.

Kufr dayri ichra ma`vo aylayin,
Azmi zunnoru chalipo aylayin.

Piri dayr ollida aylab o`zni mast,
Kuydurub Mushaf1 bo`loyin butparast.

Ishq dayri ichra aylab o`zni xos,
Jonni imon nangidin aylay xalos.

Dayr aro ismo` noqus aylayin,
But sujudinda zamin bo`s aylayin.

Belga mahkam bog`labon zunnorni,
O`zdin aylay shodmon kufforni».

LXXIX

Hikoyat

Shayx San`on1 vosili dargoh edi,
Ko`ngli g`ayb asroridin ogoh edi.

Ka`bada2 avtod ila aqtob aro,
O`yla erdikim nabi ashob aro.

Xalq irshodig`a rosix erdi ul,
Ka`bada shayxul-mashoyix erdi ul.

Ostonining gadoyi shohlar,
Qullug`ig`a muftaxir ogohlar.

Har duokim qilsa bir g`amgin uchun,
Qo`l ochib xayli malak omin uchun.

Chehrai maqsud oning o`trusida
Jilva aylab ko`nglining ko`zgusida.

To`rt yuz ollida ashobu murid,
Har bir andog`kim Junaydu3 Boyazid4.

Charxi a`loga shukuhidin shikast,
Arshi a`zam himmati ollinda past.

Dudu ofatdin qarorsa olami,
Yorubon yetgach duosidin dami.

Kimki bo`lsa bir balog`a mubtalo,
Ul duo qilg`och, bo`lub daf`i balo.

Voridoti arshdin payg`omdek,
Voqeoti vahy5 ila ilhomdek.

Harna ko`rsa voqea ta`bir anga,
Ko`rgani-o`q yuzlanib bir-bir anga.

Necha tun bir tush anga ko`rguzdilar,
Rishtai sabru qarorin uzdilar.

Uyg`onib holig`a istig`for edi,
Yumsa ko`z ul tushga-o`q takror edi.

Kim matofi erdi bir begona bum,
Aylasa ma`lum, ul bum erdi Rum6.

Onda bir dayr ichra erdi zoru mast,
Mastlig`din dayr elidek butparast.

Chun bu tush bo`ldi mukarrar ganji roz,
Dedi:— «Bo`lmas bu balodin ehtiroz.

Kimsaga ma`vo haramdur yo kunisht,
Ko`rmay o`lmas ulcha bo`lmish sarnavisht.

Botroq ul kishvarg`a azm etmak kerak,
Har qayon tortar qazo — ketmak kerak,

Chunki bo`lsa bizga ul ma`vo nasib,
Boshimizg`a harna kelsa yo nasib».

Qildi chun o`z holig`a nazzorae,
Topmadi bormoqdin o`zga chorae.

Yuz haramga qo`ydi sohib inqito`,
Qildi yuz oshub ila tavfi vido`.

Qildi chun ming huzn ila tavfi haram,
Rum iqlimi sari qo`ydi qadam.

Toptilar ashob chun ogohlig`,
Ul safarda qildilar hamrohlig`.

Yo`lni qat` aylar edi piri tariq,
To`rt yuz ahli tariq erdi rafiq.

Shayxning ko`nglig`a savdolar tushub,
Kim ani zoe` qilurg`a yovushub.

Har zamon bir nav` o`lub andeshasi,
Yo`q bajuz andesha oning peshasi.

Holida ashob tag`yir anglabon,
Hush ila sabrini bir bir anglabon.

Xoslar aylab savol ul holdin,
Voqif o`lmay ul g`arib ahvoldin,

Kim savolekim qilib, topmay javob,
Shayxdin ko`prak alarda iztirob.

Bu sifat yo`l qat` etib maqsad sari,
Qaysi maqsad— shiddati behad sari.

To qadam qo`ydilar ul kishvarg`a tez,
Shayx ko`nglida vale yuz rustaxez.

Har nafas bir buq`ani aylarda sayr,
Mar`i o`ldi nogahon bir turfa dayr.

Toki oning charx toqi birla juft,
Juftu toqi ichra ko`p rozi nuhuft.

Toshi anduhu baliyat tog`idin,
Kirpichi dardu balo tufrog`idin.

Zebu koshisig`a yuz tarhi taab,
Ko`rguzub yuz nav` naqshi bulajab.

G`urfalardin fitnalar nazzoragar,
Qilg`oli bechorau yo`q choragar,

Ishq aynidin yoruq har ravzani,
Lek ul ravzan balolar maskani.

Kunguridin raxnalar imon sari,
Ishq shaynining namudori bari.

Ta`biya har kungurida toshlar,
Ishq tig`idin kesilgan boshlar.

Ahli din boshig`a parron qilg`ali,
Olam uzra sangboron qilg`ali.

Fitna xaylig`a mamar darvozasi,
Fitnagar toqi sipehr andozasi.

Halqai zanjirida yuz ming funun,
Halqai savdovu zanjiri junun.

Ishq o`tidin onda yuz otashkada,
Har birida yuz tuman savdozada.

Dayr uzra tiyra dudi hay`ati
Zohir aylab kufru isyon zulmati.

Dayr mundoq ko`rmayin to qildi sayr,
Kufru imon ahlig`a bu eski dayr.

Shayx jismidin borib ul yerda tob,
Ko`nglini betoqat aylab iztirob.

Za`f mustavli bo`lub har dam anga,
Jilva aylab o`zga bir olam anga.

Nozir erdi har taraf oshuftavor,
Bir taraf tushti ko`zi beixtiyor.

Manzare ondin osilg`on bir tutuq,
Bir quyoshqa ul bo`lub qavsi ufuq.

Eldin ul burqa` chu bo`ldi bartaraf,
Ul quyosh anvori tushti har taraf.

Ne quyoshkim, yuz quyosh devonasi,
Husni sham`i davrida parvonasi.

Paykari ruhi musavvardin misol,
Ruhg`a har lahza ondin o`zga hol.

Hur suratlig` parizodi ajab,
Guljabinlig` sarvi ozodi ajab.

Ruhni oshufta aylab hay`ati,
Yuz ajab suratqa solib surati.

Suratidin munfail huru pari,
Tal`atidin oftobi xovari.

Yuzi nurafshon, sochi zulmatfishon,
Nuru zulmat kufru imondin nishon.

Yuz uza zulfin chu mushkafshon qilib,
Zulmat ichra nurni pinhon qilib,

Sochi nur ahlig`a zulmat olami,
Ahli savdoning savodi a`zami.

Qoshi savdoyi ulusqa yangi oy,
Yangi oy devonag`a hayratfizoy.

Qoshi toqi ichra ofatlig` ko`zi,
Dayr toqida aningdekkim o`zi.

Kirpigi ko`z davrasida har taraf,
Fitna xaylidin ko`zi davrida saf.

Ko`zki bo`ldi xoli oning ostida,
Nuqta yozilg`on baloning ostida.

Ul balo ostida goz ustida xol,
Ikkisining nuqtasidin bil misol.

G`ayb sirridin berib og`zi nishon,
O`zi g`ayb ahlidek, ammo benishon.

La`li joni xastalarning marhami,
Nutqida Isoyi Ruhulloh dami.

O`l mufarrih moyasi yoqut o`lub,
Bu nafasdin xasta jong`a qut o`lub.

Ham zanahdonida yuz ming jon asir,
Chohida yuz Yusufi Kan`on7 asir.

Zulfidin solsa chiqorurg`a kamand,
Ko`prak aylab bu kamand ul elni band.

Tavqi g`abg`ab ul zaqan ostida nun,
Obihayvong`a hubob, ammo nigun.

Ham qadining nahlig`a jon jilvasi,
Ham xiromi obihayvon jilvasi.

Ko`z bila la`li ajab san`at tuzub,
Har necha ul o`lturub, bu tirguzub.

Jismi gulgun, ko`ngloki gul uzra gul,
Ko`rmagidin tobsiz yuz ming ko`ngul.

Ko`nglak uzra necha hulla rang-rang,
San`atida jon chekib rumu farang.

Hulla rangi nechakim qotil bo`lub,
Atridin yuz jon yana hosil bo`lub.

Kofiri qotil ko`ziga barcha kom,
Buki — din ahlig`a solg`on qatliom.

Kimki aylab sochi zunnorin xayol,
Dinu amonini aylab poymol.

Husnu lutfi jon aro yer tutqudek,
Bir ayoq suv birla balkim yutqudek.

Shu`lai husni solib davrong`a o`t,
Otashin la`lidin ammo jong`a o`t.

Topib otashgoh ishqin ahli hush,
Porso so`zandau zuhhodkush.

Qasr uza bu shakl ila tarso qizi,
Bal quyosh ayvonida Iso qizi.

Shayx ko`ngliga choqilg`och o`yla barq,
Shu`la daryosig`a joni bo`ldi g`arq.

Asradi o`zni ko`p istig`for etib,
Og`zida «Lohavl»ni8 takror etib.

Sho`x ochqoch shu`lai ruxsorini,
O`rtadi «Lohavlu» istig`forini.

Bo`lmish erdi jismi tufroqqa nigun,
Bir dam ul uyga aso bo`ldi sutun.

Orqasin qo`ydi dame devorg`a,  
Hayrat aylab ul g`arib osorg`a.

Ham aso, ham jismig`a yetti shikast,
Holidin bordiyu bo`ldi yerga past.

Tushti joni pok farjomig`a ishq,
Kirdi qondek yetti andomig`a ishq,

Goh behol erdi, goh o`z holida,
Lol o`lub ashob aning ahvolida.

Hayrat aylab bir-biriga boqibon,
Bosh quyi aylab, ovuchlar qoqibon.

Holig`a oqshomg`acha hayron qolib,
Balki o`z holig`a sargardon qolib.

Tun savodi qildi chun kunni qaro,
Zulmati kufr ul sifatkim dayr aro.

Ul qaro kun boshig`a kelgan qori,
Ro`zg`ori ham qaro tobe`lori.

Qoldilar mug` dayrining tufrog`ida,
Qaysi tufrog`kim, baliyat tog`ida.

Shayxning ollig`a keldi o`yla tun,
Kim kishi ko`rmaydur andog` tiyra tun.

Ko`kka yopib pardai idborlar,
Haryon axtardin qoqib mismorlar.

Charx ashkin oqizurg`a dud etib,
Ko`kning atrofini qiyrandud etib.

Topibon gardun taharruqdin farog`,
O`rnidin tebranmay ul yanglig`ki tog`.

Charx dard ahlig`a bedod aylabon,
Tog`-tog` anduh ijod aylabon.

Dahrni ul tog`larda yoshurub,
Yuz tuman ming toshlar ham yog`durub.

Ko`zlarin gardun qilib axtar fishon,
Shayx ahvolig`a motamdin nishon.

Barcha dahr ahlig`a bu motamsaro —
Kiydurub oning azosida qaro.

Shayx mazlum giriftori nahif,
Tushmagan ish boshig`a tushgan zaif.

Ishqi zolim zulmidin zoru nizor,
Dayr tufrog`ida yotib xoru zor.

Ishq yoqib jism ila jonig`a o`t,
Kufr solib dinu imonig`a o`t.

Ashk aro botib, vale og`zi qurub,
Ko`ngli o`ti shu`la og`zidin urub.

Ishq aylab ro`zgorin ham qaro,
Tun xud aylab yo`qu borin ham qaro.

Yuz balo jonig`a chun bo`ldi nasib,
Der edi holig`a yig`lab ul g`arib.

Kim:— «Bo`lur har lahza ranj afzun manga,
Ne edikim qilding, ey gardun, manga!

Ofiyatdin ishq sori boshlading,
Yuz yonar o`t ichra olib toshlading.

Ko`zga avval ko`rguzub mehri munir,
Yoshurub, g`am shomig`a qilding asir.

Qaysi shomi g`amki, ko`k javfi aro,
Ofarinish orazin qilding qaro?

Do`zaxi g`am dudi olamni tutub,
Shu`lasin ko`nglum o`tidin yorutub.

Olloh! Olloh! Ne kechadur bu kecha!
Sa`b mundog`, yo rab, o`lg`aymu kecha!

O`tkaribmen ko`p suubat kechalar,
Ko`rmadim mundog` uqubat kechalar!

Tun emas — do`zax o`tining dudidur,
Yo falakning ohi qiyrandudidur.

Bo`yla tun, yo rab, namudor o`lmasun,
Anda hech odam giriftor o`lmasun.

Bilmon, oyo, tun balosinmu deyin,
Manga tushgan kun balosinmu deyin!

Jismu a`zou havosu aqlu hush
Ishqdin bo`ldilar andog` pardapo`sh.

Kim degaysenkim pari mavjud emas,
Ishq bedodida juz nobud emas.

Paykarimda oncha yo`q tobu tavon,
Ashkdek ko`yida bo`lg`uncha ravon.

Boshima quvvat yo`q oncha urg`oli,
Tosh uza g`am fartidin sindurg`oli.

Ko`z qani ul oy yuziga solg`uchi!
Ul quyosh anvoridin nur olg`uchi!

Yuz qani surtarga ul dargohg`a,
Qul tazarru` aylagandek shohg`a!

Qo`l qani ko`ksumga xoro urg`udek,  
Boshima tufrog`lar sovurg`udek!

Hush qani aylaguncha o`zni zabt,
Bermaguncha yo`l dimog` uyiga xabt.

Qani aql aytguncha ish tadbirini,
Qilg`ucha vayron ko`ngul ta`mirini.

Qani sabr etguncha dardim chorasin,
Yo davo qilg`uncha bag`rim porasin.

G`am yeguncha holima qoni ko`ngul,
Kim erur holo o`luk soni ko`ngul.

Bir nafas urg`uncha bori jon qani,
Kim ko`nguldek ham topa olmon ani.

Manga bu yo`l ne balolig` yo`l edi,
Har nekim andin batar yo`q — ul edi.

Kosh hargiz bo`lmag`ay erdim tirik,
Umrni ko`rguncha bu yanglig` erik.

Netti etsa erdi bir barqi xatar,
Qo`ymasa erdi vujudumdin asar.

Do`stlar, netti madad yetkursangiz,
Jam` o`lub men zorni o`ltursangiz.

To qutulsa dahr orimdin mening,
Dahr eli afg`onu zorimdin mening.
   
Jonima, ashob, tig`i qatl urung.
Kuydurub, haryon kulumni sovurung.

To jahonda bo`yla rasvo bo`lmayin,
Bir o`lay, yuz qatla hardam o`lmayin!»

Holig`a ashob hayron yig`labon,
Hardam oning dardidin qon yig`labon.

Bo`lubon jam` ul guruhi mustamand,
Shayxqa har bir berib bir nav` pand.

Shayx alarning pandini fahm etmayin,
Nukta ma`nisig`a dog`i yetmayin.

Aql mezoni bila qilg`on xitob.
Ishq tavrida topib ondin javob.

Biri deb:— «K-ey murshidi arbobi din,
Xokirohing surmai ahli yaqin.

Kimsa yo`linda bo`lur bu voridot,
O`zni zabt etgan topar xayru najot.

Dedi:— «Ey farzand, de o`zluk qani,
Toki men ham zabt qilg`anman ani».

Biri debkim,— «Bu erur shayton ishi,
Zikr ila ondin topar maxlas kishi».

Shayx deb:— «Jami`yat anda shart erur,
Men parishonmen-ne xosiyat berur».

Biri deb:—«K-ey muqtadoi ahli roz,
Bu balo daf`ig`a vojibdur namoz».

Shayx debkim:— «Urma bu ma`nida dam,
Telbadurmen, telbaga yo`qtur qalam».

Biri debkim:— «Ko`p, tahorat aylag`il,
Elga toatqa ishorat aylag`il».

Shayx deb:— «Yo`q ko`z yoshimdin o`zga suv,
Qon kelur hardam bog`irdin ko`zga suv».

Biri debkim:— «G`usli pok aylab ko`ngul,
Forig` et g`amdinki — budur to`g`ri yo`l».

Shayx debkim:— «G`arqai bahri fano—
Bo`lmisham, mendin na istarsen yano?»

Biri deb:— «Tasbehingg`a mashg`ul bo`l,
Bu parishon holdin ma`zul bo`l».

Shayx deb:— «Tasbeh uzdi torni,
Chektim onda rishtai zunnorni».    

Biri deb:— «Misvokka qil iltijo,
Og`zinga solib ketur sunnat bajo».

Shayx deb:—«Misvok agar qilsam havas,
Ajzu hayrat barmog`i og`zimda bas».

Biri deb: — «Sahv agar tutti vujud,
Uzrig`a tufrog` o`pub qilg`il sujud».

Shayx debkim, oqizib qon yoshni,
«Olmog`umdur bu eshikdin boshni».

Biri debkim:— «Rumg`a bo`ldi safar,
Ka`bani qilmoq kerak emdi mafar».

Shayx debkim:— «Onda qilg`onni talab,
Munda topdim ne chekay ul yon ta`b».

Biri debkim:—Yuzlanib sahro sari,
Vaqtidur azm aylasa Batho9 sari».

Shayx debkim:— «Munda toptim oni men,
Rum borinda netay Bathoni men».

Biri debkim:— «Chun safar bo`ldi tamom,
Aylamak xushtur vatan sori xirom».

Shayx debkim:— «Go`iyokim zulminan
Bizga dayr etkandurur asli vatan».

Biri debkim:— «Chun mashoyixqa bu ish,
Etsa, bizga yetgay asru sarzanish».

Shayx debkim:— «Yo`q alar birla ishim,
Kim xarobot ichradur istar kishim».

Biri debkim:— «Vajdu holoting qani?
Zuhd ila pokiza avqoting qani?»

Shayx debkim:— «Dayr aro holot erur,
Kim tufayli o`yla yuz avqot erur».

Ul kecha ul qavm urub ko`p pechu tob,
Shayx ahvolig`a aylab iztirob.

Ta`na aylab, Shayx parvo etmayin,
Pandlar oytib biriga yetmayin.

To sahar dayr ahli g`avg`o aylabon,
Ahli din holin tamosho aylabon.

Hazl etib din ahli oyini bila,
Ko`p mubohot aylab o`z dini bila,

Ahli din birla tamasxurlar qilib,
Uz tariqig`a tafoxurlar qilib.

Teng tutub andeshai gumroh ila,
Lot losin loi illalloh ila.

Ul ulusqa bu shaqovat bir sari,
Dayr ahlidin shamotat bir sari.

Shayx ashobi bila ashobi dayr,
Xoh shardin nukta aytib, xoh xayr.

Shayx dayr ashobig`a imdod etib,
Garchi din ahlig`a xijlatlar yetib.

Tong yoruq bo`lg`uncha mundoq tiyra hol,
Ul musulmonlarg`a yetkurdi malol.

Chun yorug`luq tiyralig`ni qildi past,
Choldilar noqus xayli butparast.

Charx ko`rguzdi quyosh anvorini,
O`ylakim tarso qizi ruxsorini.

Dayr ahlig`a uzaldi mojaro,
Shayx ishqi birla ahvoli aro.

Kufr aro tushti ajab jam`iyate,
Dayr ahli millatig`a quvvate.

Din elining xijlati haddin oshib,
Shayxni tashlab, uyotdin torqoshib.

Shayx mahzal bo`ldi dayr atfolig`a,
Kim kularlar erdi oning holig`a.

Ul g`aribu oshiqu zoru qari,
Yo`l uza yotib ko`zi manzar sari.

Bosib o`tgan el qilib izo anga,   
Yo`q vale yuz onchadin parvo anga.

Mehnatidin g`oyibu hozirg`a rahm,
Shiddatidin mo``minu kofirg`a rahm.

Lek tarsozodai ofoqso`z,
Shayxni ul nav` qilg`on tiyra ro`z,

Din tariqidin mubarro aylagan,
Kufr dayri ichra rasvo aylagan,

Pardadin aylab nazar zori sari,
Yoshurun boqib giriftori sari.

G`aflat aylab chun ko`rub pomolini,
O`ziga kelturmay oning holini.

Qasdi dinu g`orati jon aylabon,
Lekin o`zni go`lu nodon aylabon.

Firqatidin Shayx joni o`rtanib,
Balki paydou nihoni o`rtanib.

Kunduz-oqshomg`ocha bag`ri chok-chok,
Kecha tong otquncha firqatdin halok.

Har nafas bir oydin ortib mehnati,
Bu edi bir oyg`a tegru holati.     

Chunki haddin o`tti ranju dard anga,
Tufrog` o`ldi jismi g`amparvard anga.

Kofiri zolim sirishti ishvagar
Yona ul manzardin o`ldi jilvagar.

O`t solib olamga husnu nozidin,
So`rdi o`z aftodasining rozidin.

Kim:— «Ayo islom eliga rohbar,
Dinu islom ahlig`a irshodgar,

Chun sanga Ka`ba tavofi erdi fan,
Dayr eshiginda nedin tuttung vatan?

Seni derlar din eliga dastgir,
Kufr dayrig`a nedin bo`ldung asir?

Manzilida bir kecha ahli safar
Tutsa taskin tonglasi aylab guzar,

Shayxkim bir oy sukun fan aylamish,
Dayr tufrog`ini maskan aylamish.

Kufr dayrida bo`lub orom anga,
Zulmat ahlidin ne erkin kom anga?»

Shayx ko`rgach ul jahonoro jamol,
Istimo` etgach bu ruhafzo maqol,

Jumla a`zosig`a qo`ydi za`f yuz,
Goh egildi jismi, gohi bo`ldi tuz.

Hush itib sustaydi o`zdin bexabar,
Jismida qolman hayotidin asar.

Dayr eli aylab gumonkim, o`ldi ul,
Ming yil o`tganlar bila teng bo`ldi ul.

Bir kecha-kunduz o`luklardek yotib,
Ul sanam holig`a boshin irg`otib.

Holig`a hayrat qilib kuffor ham,
Rahm etib ul qotili xunxor ham.

Keldilar boshig`a ahli kufru din,
O`yla komil ishqig`a deb ofarin.

Boshini tufroqdin aylab biyik,
Qildilar ma`lumkim, ermish tirik.

Ishqidin el ko`nglig`a ta`sir o`lub,
Ul sanam holig`a ham tag`yir o`lub.

Qo`ydi maqtuli boshi uzra ayog`,
Xastag`a maqsud isi tobg`och dimog`.

Ochti ul gulchehra ruxsorig`a ko`z,
Ne yuzida rangu, ne og`zida so`z,

Muddate ul nav` gungu lol edi,
Nukta surmakdin tili behol edi.

Holig`a kelturdi chun zavqi visol,
Kofiri zolim yana qildi savol.

Kim:— «Chu so`rduk Shayx holi suratin,
Ongloli deb holati kayfiyatin.

Zarq ila Shayx o`zni behush ayladi,
Nuktadin og`zini xomush ayladi.

Emdi o`z holidadur, berdik javob,
Ulcha biz avval anga qilduk xitob».

Shayx oh urdiyu bo`ldi ashkrez,
Dedi:— «Ey ko`nglumga solg`on rustahez,

Chun so`rorsen — arz qilmay naylayin,
Ne takalluf birla pinhon aylayi.

Maxfiy asrordin o`tubdur chun bu ish,
Dermen emdi, berkitib bag`rimg`a nish.

Dayr aro bu nav`kim zor o`lmisham,
Ishq bandig`a giriftor o`lmisham.

Har balo jonimg`akim hodis durur
Orazing ko`rmak anga bois durur.

Turfa manzardin chu husnung bo`ldi fosh,
O`ylakim, to`rtinchi manzardin quyosh.

Ne tahammul qoldi, ne toqat manga,
Aqlu xush itti hamul soat manga.

Mujmal o`z holimni izhor ayladim,
Seni dardimdin xabardor ayladim.

Choram etsang ham sanga oson erur,
Qatl qilsang ham hayoti jon erur.

O`ylakim, arz ayladim holimni bil,
Sen bilursen — qatl qil yo rahm qil».

Dedi sho`x:— «Ey murshidi oliy sifot,
Ahli islom ichra yo`q ermish uyot.

Sen kibi islom eliga muqtado,
Ne parishon nuktalar qilding ado?

Ne hayo fahm o`ldi sendin, ne adab,
Sen ajab, degan so`zung sendin ajab.

Kimki bo`lsa ahli ishq, ey peshvo,
Bil ani mahzi adab, koni hayo.

Betahoshi so`z demak mundoq taboh,
Tifllardin kelmagay, ey piri roh.

Shayxliq tavrida oting yo`qmudur?
Oq soqolingdin uyoting yo`qmudur?

Chun sanga to`qsonu yuzga yetti yosh,
Ham qari demak bo`lur, ham seni yosh.

Yosh esang, kirmaydurur aqling hanuz,
Qorig`on degay xarifliqtin bu so`z.

Yosh emassen, qoriyu mabhut sen,
Aqlu hushung zoyilu fartut sen.

Ne iboratlar ado qilding degil,
Jinsi insondin bu kelmas bori bil.

Hech shak yo`qtur manga, ey bulhavas,
Kim bu so`zda tilu ko`nglung bir emas.

Ishqni maxfiy tutarlar ahli roz,
Fosh etardin ko`p qilurlar ehtiroz.

Xossa ma`shuq ollida qilmoq ayon,
Bo`yla tundu behijob etmak bayon.

Dardi ishq oyini mundog`mu bo`lur,
Zuhd eli tamkini mundog`mu bo`lur?»

Dedi so`zlar mahvashi farrux jamol,
Kim harifin zoe` etti infiol.

Ko`p hijolat birla Shayxi nomurod
Dedi:— «Ey inson sifatlig` hurzod.

Ishqkim zoru zabun etmish meni,
Aql olib mahzi junun etmish meni.

El na hush etgay tama` devonadin,
Yo adab savdo bila afsonadin.

Gar junundin betaxoshi so`z dedim,
Afv qilg`ilkim, o`zumda yo`q edim.

Chun nekim sharh ayladim — bor erdi rost,
Mu`tarifmen har ne qilsang bozxost.

Ne takalluf birla so`zlay, ey nigor,
Chun tanim zor o`lmishu ko`nglum figor.

Ulcha bor erdim — dedim so`rg`on zamon,
Necha yoshursam hamondur, so`z hamon.

Chunki oshiq men emasmenmu deyin
Yor vaslin istamasmenmu deyin!»

Shayx chun degan so`zidin yonmadi,
Uzru afsun jonibi aylanmadi.

Sho`xi sarkash dedi:—«Ey johil sirisht,
Rozi o`lsang, harna o`lsa — sarnavisht.

Kim mening vaslim tamanno aylamish,
Ixtiyor etmak kerakdir to`rt ish:

May ichib, zunnor olib, bo`lg`onda mast,
Kuydurub Mushafni, bo`lmoq butparast.

Ishqning bu to`rt erur shukronasi,
Yona ikki ish erur jurmonasi.

Kim erur bu to`rt takbiri fano,
Ul iki bu to`rt ifnosi yano.

Xo`kbonlig` keldi bir yil yonasi,
Bo`lmoq otashgoh o`ti devonasi.

Shayx agar bu dayr aro oshiq esa,
Ishqining da`vosida sodiq esa.

Bu edi shukrona ham, jurmona ham,
Ko`p balolar bormu mundin yona ham.

Gar mening vaslim sanga matlub erur,
Hamnishin bo`lmog`lig`im marg`ub erur.

Bu deganlarni qabul etmak kerak,
Vasl ko`yida nuzul etmak kerak.

Gar harif ermassen ushbu ishga hech,
Yo`lg`a azm et, erta kunni qilma kech».

Dedi Shayx:— «Ey xasta jonim ofati,
O`rtagan ko`nglumni ishqing hirqati.

Shu`lai shavqung vujudum o`rtagan,
Barqi ishqing toru pudum o`rtagan.

Men g`aribu oshiqu devonaman,
Hushu aqlu sabrdin begonaman.

Neki amr etsa pari ruxsora yor,
Oshiqi devonag`a ne ixtiyor!

Harne matlub o`lsa, oshiqdin — bo`lur,
Qilmasam — tig`i jafo bo`ynumg`a ur!»

Shayx chun so`zni bu yerga qildi band,
Qildi sho`xu barcha dayr ahli pisand.

Dayr ichin firdavsoyin qildilar,
Ko`p takalluf birla tazyin qildilar.

To`rda taxti urdilar gardun asos,
Zebu ziynat onda behaddu, qiyos.

Sho`x tarso chiqti onda shavqnok,
Shayx oni ko`rgach bo`lub har dam halok.

Shayxni kelturdilar majma` aro,
Qilg`oli imoni ruxsorin qaro.

Bir-biri uzra o`kuldi dayr eli,  
 Xoh iqomat xayli, xohi sayr eli.

Boda ko`p-ko`p onda hozir qildilar,
Nuql ko`p-ko`p dog`i zohir qildilar.

Savti noqusu navoyi arg`unun,
Shayx dini motamig`a tortib un.

Bo`ldi sokin har tarafdin bir kashish,
Kim bu nav` o`lmaydur erdi hargiz ish.

Shu`la kelturdilar otashgohdin,
Mushaf istab murshidi ogohdin.

Chun muhayyo bo`ldi zunnoru salib,
Qo`pti yuz afsun bila ul dilfirib.

Taxtidin tushti tuman ming noz ila,
Keldi Shayx ollig`a yuz e`zoz ila.

O`lturub bir gabraki jom etti no`sh,
Kim ko`rub Shayx etti tarki aqlu hush.

Bodadin soqiyg`a yuzlangach tarab,
Yana qildurdi qadahni lab-balab.

Dedi:— «Ich lojur`a, ey ulviy janob,
Jur`a qolsa, bilki, ermastur hisob».

Komu-nokom oldi Shayxi ishqboz
Maynikim, tutmish edi ul dilnavoz.

Sochib ashk, ul mayni no`sh aylar chog`i,
Yub ilik islomu imondin dog`i.

Chekti andog`kim, boshidin chiqdi dud,
May o`tig`a bo`ldi kul budu-nabud.

Shayxqa chun tuttilar may necha davr,
Ishq aylay boshladi aqlig`a javr.

Boda chun hushini nokor ayladi,
Muddaoi vasl izhor ayladi.

Sho`x tarso so`z bu nav` etti bayon
Kim sharoitdin biri bo`ldi ayon.

Dedi Shayx:— «Ey sho`x, ne qildi — degil,
Harne matlub o`lsa mendin istagil!»

Dedi mahvash kufr eli ashrofig`a,
Borcha mohir sheva kufr avsofig`a.

Kufrni imong`a taqdim ettilar,
Anga ul millatni ta`min ettilar.   

Hirqai irshodidin uryon bo`lub,
Kimki ul holat ko`rub, giryon bo`lub.

Berdilar may havzi ichra g`usli pok,
G`o`ta urdi Shayx ham bevahmu bok.

Kufr eli xil`atlarin yetkurdilar,
Shayxqa boshdin-ayoq kiydurdilar.

Beliga mahkam tang`ib zunnorni,
Kofir aylab soliki atvorni.

Chektilar butxonaga xoru dajam,
Mast qildi sajda but ollida ham.

Ham mulamma` xirqani kuydurdilar,
Ham «Kalomulloh»ni o`tqa urdilar.

Ham bo`lub jomi damo-dam birla mast,
Ham qilib mastona o`zni butparast.

Hech rasvoliq jahonda qolmadi,
Kim aning boshig`a gardun solmadi.

Ka`ba piri mushkilin hal qildi ishq,
Dayr atfolig`a mahzal qildi ishq.

O`ynabon dayr ichra atfoli farang,
Muqtadoi din bila mastu malang.

Har dam o`zni bilmay ul farxundapay,
O`ziga kelgach, tutarlar erdi may.

Masti loya`qil edi ul tunu kun,
Kim ne kun ma`lum o`lur erdi, ne tun.

Oqibat chun ishq tug`yon ayladi,
Bir sahar faryodu afg`on ayladi.

Kim:— «Ayo ko`nglumga solg`on iztirob,
Xilqatim ma`murasin qilg`on xarob.

Ishqi chun bunyodi bedod aylagan,
Dinu imonimni barbod aylagan.

Kufr elining dini muvdoqmu bo`lur,
Ahdu qavl oyini mundoqmu bo`lur?

Bo`yla el komin ravo qilmoq kerak,
Va`daga mundog` vafo qilmoq kerak?

Harne ko`nglung istadi — surdung manga,
Yuz tuman barqi balo urdung manga.

Qaysi koming erdikim yetkurmadim,
Qaysi shartingni bajo kelturmadim.

Kim vafo vaqti tag`ofuldur ishing,
Vasl ishi ichra takosuldur ishing.

Ham g`aribu ham qari, ham xastamen,
Kufr zanjiri bila pobastamen.

Kecha-kunduz mayg`a tutmushsen meni,
Va`da qilg`ondin unutmushsen meni.

O`yla da`vig`a bu nav` isbotdin
Qo`rqmassenmu manotu lotdin?»

Sho`x tarso dedi:— «Urma ta`na ko`p,
Shartnikim qilding, itmomig`a ko`p.

Bo`ldi to`rt ish vaslning shukronasi,
Ikki qolmish ishqning jurmonasi.

Budur ul jurmona, ey faxri izom,
Kim bu dayr atrofida bir yil tamom.

Xotiringni solmayin ikrohg`a,
Kecha o`t yoqg`oysen otashgohg`a.

Kunduz o`zni tutmag`aysen notavon,
Kim to`nguz kutmakka bo`lg`aysen ravon.

Tunga tegru xukbonlig` qilg`asen,
Ul jamoatg`a shubonlig` qilg`asen.

Yil tugangach qilg`asen azmi visol,
Men muhayyo aylabon bazmi visol.

Kufr oyini bila sur etgamen,
Vasl ila joningni masrur etgamen.

Gar qo`ya olmas esang bu yo`lg`a gom,
Ishq oyinida bo`lsang notamom.

Tark aylab kufru din aylab qabul,
Dayrdin ket, Ka`bag`a qilg`il nuzul.

Necha kun aysh etganingni muttasil,
Kim may ichting, men sanga qildim bihil.

Eski kuygan xirqadin sen dog`i kech,
Toru pudidin takallum qilma hech.

Aylasang da`vo baho sen dog`i ol,
Yo`lda xarj aylarga cho`ntoyingg`a sol.

Qil gumonkim bizni ko`rdung-ko`rmading,
Yo havas dayrig`a markab surmading».

Shayx solg`och mahvash alfozig`a go`sh,
Ishq tug`yon aylabon, chekti xuro`sh.

Dedi:— «Ey jonimda ishqing shiddati,
Xotirim oromi, ko`nglum quvvati,

Harna komingdur, qulungmen, hukm qil,
Qilmasam qatlimdin ul dam so`z degil,

Lek mazkur aylama hijron so`zin,
Vasl nuzhatgohidin xirmon so`zin».

Qo`ptiyu dedi:— «Surukni kelturung,
Qo`yni cho`pon jonibig`a yetkurung.

Ham madad aylab meni gumrohg`a,
Lutf etib yo`l boshlang otashgohg`a».

Qo`yni ham cho`pong`a vosil qildilar,
So`ngg`i komin dog`i hosil qildilar.

Shayx kunduz galadin ogoh edi,
Kecha manzilgohi otashgoh edi.

Kecha tong otquncha o`t yoqmoq ishi,
Kufr o`tin ravshan etmak varzishi.

Subh chiqqoch dayrdin noqus uni,
Kim yorur erdi qaro zulmat tuni.

Dud ila kuldin chiqib majnun misol
Kim junun gulxanga qilg`ay poymol.

Un chekib noqus ohangi bila,
Kufr elining shevau rangi bila.

Kelturur erdi to`nguzlar sori yuz,
Tegrasida yuzdin ortug`roq to`nguz.

Ul bu zulmatqa giriftoru asir,
Qavmu xaylikim edi farmonpazir.

Qildilar ko`p chorau tadbir anga,
Bir sari mo` qilmadi ta`sir anga.

Maxlasig`a topmayin imkong`a yo`l,
Tarqadi majmu`u yolg`iz qoldi ul.

Ka`bada matvori o`ldilar bori,
Dar biri borib uyotdin bir sori.

Shayxqa bor erdi bir foniy murid
Ishq jomidin urub hal min mazid.

Soliku qat` aylagan ko`p marhala,
Hodiy ul azm aylasa har qofila.

Shayx aylar chog`da go`yo azmi Rum,
Anga maskan erdi o`zga marzu bum.

Chun safardin qaytib ul farxunda pay,
Ka`ba azmig`a marohil qildi tay.

Yo`ldin — o`q ko`rguzdi azmi xonaqah,
Shayx atrofida istay deb panah.

Xonaqoh erdi xarobu piri yo`q,
To`rt yuz ahli vara`din biri yo`q.

Yaxshi taftish etti chun ul holni,   
Dedilar anga bori ahvolni.

Rum sori Shayxning azm etganin,
Boshig`a andin ne ishlar yetganin.

Chun xalifa erdi Shayx ashobig`a,
Kimsalar tarqotti o`z ahbobig`a.

Barchasin jam` ayladi himmat bila,
So`rdi Shayx ahvolini diqqat bila.

Dedilar tush birla Rum irodini,
Dayr ila tarso qizi bedodini.

Ishq ichinda beqaror o`lmog`lig`in,
Holida beixtiyor o`lmog`lig`in.

Boda ichmak, rindu mast o`lmag`ni ham,
Tark etib din, budparast o`lmag`ni ham.

Maskan etmak dog`i otashgohni,
O`tqa solmoq ham «Kalomulloh»ni.

Kim nechuk zunnorni tortib turub,
Bog`ladi beliga to`rt aylandurub.

Kecha otashgoh o`tin holo yoqar,
Bo`ldi chun kunduz to`nguzlarni boqar.

Dedi sohib dardi rindi boxabar:
— «K-ey hamiyatda to`nguzlardin battar.

Shayxkim pir erdiyu, sizlar murid,
Borchag`a irshodidin behbud umid.

Faqr aro sharti irodat keldi bu,
Kimni qilsa murshidi farxunda xo`,

Xaylu ashobi tashabbuh aylamak,
Tengriga lekin tavajjuh aylamak.

Gar taalluq bo`lsa, gar tajrid anga,
Harne qilsa aylamak taqlid anga.

Siz vafosizlarg`a faqr atvori hayf,
Ahli taqvo xirqau dastori hayf.

Ofiyat vaqti urub lofi gazof,
Tushti chun ish o`zni tutqaysiz maof.

Shayxingizga bevafoliq boshlabon,
Qiblangizni dayr ichinda tashlabon.

Tengridin yo`q bimu, eldin ham uyot,
Kim bu ish tushkonda qaytib borcha bot.

Kelgasiz o`z muqtadongizni qo`yub,
Xidmatidin, balki shaklidin to`yub.

O`zni tutqoysiz salohandesh ham,
Bir-biringizni debon darvesh ham.

Zuhdu, tasbehu ridongizdin uyot,
Kafshu dastoru asongizdin uyot.

Bo`lsa erdi Shayxqa sakbonlik ish,
Qilsa erdi bir necha it parvarish.

Charxdin yetkanda bu yanglig` jafo,
Ko`rmagaymu erdi itlardin vafo?!

Ba`zi etsa, ba`zi qolg`ay erdilar,
O`zni atrofig`a solg`ay erdilar.

Xasmi birla gah tutushqoylar edi,   
Motamig`a gah ulushqoylar edi.

Odami bo`lsa vafo andin yiroq,
It vafo bobida andin yaxshiroq.

Sizda gar bo`lsa edi mardonaliq,
Da`viyi ixlos aro farzonaliq.

Shayxqa tushkanda bu yanglig` balo,
Kim birov ishqig`a bo`ldi mubtalo.

Ul o`ziga har jafo qilg`on chog`i,
Vojib erdi qilmoq oni siz dog`i.

Zohir aylab barchangiz bedardlig`,
Ko`rguzub faqr ichra yuz nomardlig`.

Lof aro ermen degan ermu bo`lur
Kelmas ishni ilkidin dermu bo`lur?

Har nekim deb ul so`zi jonlarga qut,
Solib og`zig`a alar muhri sukut.

Qildi chun bu nav` alarg`a sarzanish,
Dedi:— «O`lturmog` bila ochilmas ish».

Qo`btiyu qildi azimat Rumg`a,
Dinu imonso`z marzu bumg`a.

Ul jamoat ham qilib qo`ldoshlig`,
Komu nokom ettilar yo`ldoshlig`.

Ettilar chun qat` etib yozi yabon,
Anda bordilarki Shayxi xukbon.

Ne asar islomu imon keshidin,
Ne nishon aqli salohandeshidin,

Oshiqu Majnunu maydin mast ham,
Dardu bexudlug` bila hamdast ham.

Tonimay ul hayldin qoytardi yuz,
Qildi yuz ul yonki, ul xayli to`nguz.

Soliki rahrav bu ish ko`rgach turub,
Shayx uchun ko`ngli buzuldi oh urub.

Ashki hasrat to`kti ko`p ruxsorig`a,
Dedi boqib ul jamoat borig`a.

Kim:— «Xudo hamdu sanosin aytingiz,
Bu mahalda turmay emdi qaytingiz.

O`yla Shayxi murshidi sohib kamol
Xiyra ishq oshubidin bo`lmish ne hol!»

Yonibon shahr ichra topib mu`badi,   
Dahr zulm etgan ulusqa maqsadi.

Tengri dargohida rindi pokboz,
Kechau kunduz to`kar erdi niyoz.

Ish anga — qilmoq munojotu duo,
Aylabon — shayxig`a maxlas muddao.

Chun bu maqsadig`a sodiq erdi ul,
Sidq — ahlig`a muvofiq erdi ul.

Ko`b duo qildi, chu aylab iztirob,
Tengri ham qildi duosin mustajab.

Bir kecha ashki niyoz aylab ravon.
Bo`lmish erdi yig`lamoqtin notavon.

Subh bo`ldi za`fdin behol o`zi,
Ko`z yumub ochquncha yopildi ko`zi.

Ko`rdikim: farxunda nure bo`ldi fosh,
Nur arosindin tulu` etti quyosh.

Ne quyoshkim, yuz quyosh hayron anga,
Zarradek mehrida sargardon anga.

Anbiyo xatmi, risolat xotami,
Sanyidi olam rasuli Hoshimi10.

Kim kelur erdi tabassum aylabon,
La`li jonparvar takallum aylabon.

Chun bu nav` o`ldi ayon ul ganji roz,
Erga tushti notavon aylab niyoz.

K-ey risolat mulkida sohib sarir,
Lutf ila aftodalarg`a dastgir.

Hojat ermas hojatim qilmoq bayon.
Kim erur ravshan zamiringg`a ayon.

Dedi yuz ming lutf ila shohi rasul,
K-ey ochilg`on bog`i ummidingg`a gul,

Sidq ila tuz niyatingg`a ofarin!
Sa`yu oliy himmatingg`a ofarin!

Oncha zohir aylading ajzu niyoz,
Kim tarahhum birla hayyi korsoz.

Ayladi ajzu niyozingni qabul,
Nolau so`zu gudozingni qabul.

Tengri maxfiy hikmati izhorida,
Sayr dashtida, suluk atvorida.

Solik ollida qo`yuptur voridot,
Kim o`zin qutqarmay ondin yo`q najot.

Shayxingizg`a voride erdi qavi,
Ko`rmagan ondoq bu paydo rahravi.

Haq najot etti karomat, shod bo`l,
Shukr aylab qayg`udin ozod bo`l.

Chun sanga yuzlandi ko`p ranju taab,
Haq bu lutf aylarga sen bo`ldung sabab.

Sharh qildi chun rasululloh bu roz,
Shodlig` ashkin to`kub sohib niyoz.

Chekti ho`yu zoyil o`ldi hush anga,
Ajzdin bo`ldi xirad madhush anga.

Chun nasimi subh esti mushk rez,
Bo`ldi tun mushki uza kofurbez.

Notavonning ko`nglig`a yuzlandi hush,
Sekrabon qo`bti, tushub mag`zig`a jo`sh.

Chun xudo farzin ado ko`rguzdi tuz,
Qo`btiyu qo`ydi xudovandig`a yuz.

So`rdilar ashobu ogoh bo`ldilar,
Bori ul rahravg`a hamroh bo`ldilar.

Po`ya aylarda edi oshuftahol,
Sabzau suv uzra andoqkim shamol.

Qat` aylab gah nishebu gah faroz,  
Ul makong`achaki Shayxi ishqboz.

Shayxqa ham daf` o`lub gumrohliq,
Etmish er —  aybdin ogohliq.

Gulshani tavfiqdin esgan nasim,
Ko`ngliga ta`sir etib erdi azim.

Ham xijolat ashkin aylab oshkor,
Ham chekib ohu nadomatdin sharor.

Tashlab erdi kisvati kufforni,
Uzmish erdi bog`lag`on zunnorni.

Kufr solg`on tiyra ko`ngliga futur,
Etkurub erdi hidoyat sham`i nur.

Bo`yla holatda yetishdi ul guruh,
Ko`ngliga yetti, alar yetgach, shukuh.

Shayhqa tag`yir olor ko`rgan zamon,
Bo`ldilar yuz shukr aylab shodmon.

Dedilar:— «K-ey murshidi sohib vusul,
Mujdakim bo`ldi madadkoring rasul!»

Shayx chun voqif edi ul holdin,
So`z dedi xaylig`a ul ahvoldin.

Quchti istab rahravi farzonani,
Yakjihatliq bobida mardonani.

Dedi:— «Ey farxunda farzandim mening,
Rishtai jonimg`a payvandim mening.

Sidq aro holingni tag`yir etmading,
Yorliq bobida taqsir etmading.

O`zni ne til birla aylay uzrxoh —
Kim bu sidqing uzrini qo`lg`ay iloh».

Sochib ul ham shodmonliq yoshini,
Pir ayog`idin ko`tarmay boshini.

Barcha aylab iztirobu iztiror,
Tobqucha oshufta xotirlar qaror.

Muttafiq bori dedi:— «K-ey muqtado,
Chun nasib etti bu davlatni Xudo.

Bu xatarlik bumdin ketmak kerak,
Ka`ba vodisig`a azm etmak kerak».

Shayx kiydi xirqa, aylab g`usli pok,
Bo`ldilar ashob bori zavqnok.

Sidq birla aylabon azmi haram,
Bodiya qat`ig`a urdilar qadam.

Shayx chun azm aylabon Batho sori,
Kelduk emdi mahvashi tarso sori.

Noz uyqusida erdi ul pari,
Ko`rdi tushkim indi mehri xovari.

Sho`hqa yetkurdi Isodin payom:
— «K-ey vafo bobida xomu notamom!

Shayx San`on murshidi ahli zamon,
Kim sening dayringg`a bo`ldi mehmon.

Mezbonliqning tariqin bilmading,
Uyla mehmong`a nelarkim qilmading.

Dayrning mehmonlig`in tark etti ul,
Mezbonliqqa haramg`a ketti ul.

Bot yetib bo`lg`il, musharraf dinig`a,
Uzrung aytib, kir aning oinig`a».

Uyqudin uyg`ondi chun tarso qizi,
Bo`lmoq istab Shayx ayog`ining izi.

Keldi ne qilg`onlari chun yodig`a,
Tushti o`tlar xotiri noshodig`a.

Oh urub qo`btiyu qildi yo`lg`a azm,
Ka`ba ehromig`a aylab o`zni jazm.

Ashkdin anjum to`kub gardun kibi,
Yig`labon Laylivashi Majnun11 kibi.

Tez borur erdi borg`on sori el,
Eltgandek toza gul bargini yel,

Solur erdi gomini beholvash,
Charx aning qilg`onlaridin kinakash.

To biyobon ichra oshti shiddati,
G`olib o`ldi vahmu biymu hayrati.

Za`fu ojizliq anga ko`rguzdi yuz,
Kim nihoyatsiz edi vodiyu tuz.

Dedi:— «Yo rab, ojizu sargashtamen.
Ko`zu ko`nglum qonig`a og`ushtamen.

Ojizu bechoradurmen, rahm qil,
Bekasu ovoradurmen, rahm qil.

Garchi juz jurmu gunohim yo`q mening,
Sendin o`zga ham panohim yo`q mening».

Yolg`izu bekasligiga yig`ladi,
Chorasin bilmasligiga yig`ladi.

Nozaning`a oncha shiddat berdi dast,
Kim qilib za`f o`ldi tufrog` uzra past.

Chun yiqildi hushi zoyil bo`ldi pok,
Yotti tufrog` uzra xoru dardnok.

Kashf bo`ldi Shayxi oliyjohg`a,
Ham muridi rahravi ogohg`a.

Bo`yla ishkim qo`ydi yuz mahvash sori,
Qaysi mahvash — ojizi g`amkash sori.

Yondi Shayxu rindi bolodast ham,
Ul guruh ichra balandu past ham.

G`ofil elning har birida yuz xayol,
Kim ne erkin, yo rab, ul yonmoqqa hol.

Toki yetti Shayx ila ul ahli roz,
Andakim yotmish edi ul sarvinoz.

Garchi Shayx ul ishda ko`nglin solmadi,
Yig`lamoqni lek asray olmadi.

Nozanin boshin qo`yub qo`ynig`a tez,
Yuzda bo`ldi kirpikidin ashk rez.

Chunki gulbarg uzra sochildi gulob,
Nargis ochildiki, erdi masti xob.

Shayxining qo`ynida ko`rgach boshini,
To`kti ruxsorig`a hasrat yoshini.

Za`fdin ohista chiqti nolasi,
Yuz uza sochib bag`ir pargolasi.

Dedi:— «Ey taqvoshiori din panoh,
Qaysi til birla bo`loyin uzrxoh.

Tosh otar tifli laimu shum baxt,
Soya solur boshig`a oliy daraxt.

Bosh chekib gulbunda yuz ming nav`i xor,
Gul ochib har xordin abri bahor.

Garchi jurmum haddu poyondin fuzun,
Lutfu ehsoning sening ondin fuzun.

Beadablig`larki qildim bilmisham,
Afvung ollida siyahro` kelmisham.

Har nekim qildim hamon, qildim yamon,
Men yamon, keshim hamon, dinim hamon.

Degay erdim hazratingda necha roz,
Umr etar ta`jilu fursat asru oz».

Zohir etti shavqi islomini ham,
Isoi ruhulloh e`lomini ham.

Dedi:— «Qildim harza guftorimni bas,
Arz qil imonki qolmish bir nafas».

Shayx ashk aylab ravon ruxsorig`a,
Arzi imon etti tarso yorig`a,

Oshnoliq tobqoch imondin nihon,
Oh urub Shayx ollida tobshurdi jon.

Soldi din ahli aro g`avg`o yana,
Chektilar faryodu vovaylo yana.

Kufr ila din ichra fahm o`ldi sabab,
Bul ajab ish zohir o`ldi, bulajab.

Ishq aro bu nav` o`lur ajuba ko`b,
Ko`rguzub ajubaliq mansuba ko`b.

Ishq bahredurki yo`q poyon anga,
Har hubobi gunbadi gardon anga.

Olamedur ishq, lekin bas vase`,
Toramedur ishq, lek asru rafe`.

Charxni aylar Suho12 anda nigun,
Pashsha aylar anda anqoni zabun.

Ishq o`tidin yetsa nogoh bir sharar,
Etkurur yuz barqdin ko`prak zarar,

Bahridin bir qatra aylab behijob,
Dahrni seli balo birla xarob.

Ishq tig`i qilsa yuz ming qatliom,
Ne qasosu ne diyat ne intiqom.

Ishqdin ko`rgach yuz ofat jonig`a,
Chora tutmoq bo`ldi minnat jonig`a.

Ko`r taajjub ishqning bo`stonidin,
Obu rangi begunahlar qonidin.

Ursa bir kirpik tuman ming jong`a nesh,
Bilki budur hinduyi qotilg`a kesh.

Zoyil aylar nuqtai zoyid misol!
Yuz tuman ko`z mardumin bir turfa xol.

Ishq mulkida gadou shoh bir,
Dayr ichida rahbaru gumroh bir.

Ishq aro dardu balodin o`zga yo`q,
Zulmu bedodu jafodin o`zga yo`q.

Shayxni andoqki shaydo etti ishq,
Olam ahli ichra rasvo etti ishq.

So`ngra mendek solmadi g`avg`osini,
Kimsa ko`ngli mulkiga yag`mosini.

Holim andin kimsa gar ortiq demas,
Ortuq ermas, bo`lsa ham o`ksuk emas.

Kel, Navoiy, so`zni holo xatm qil,
Ishq aro izhori da`vo qilmag`il.

Bir necha kun umrdin tobsam amon,
Sharhi ishqim nazm etay bir doston.

Anda bilgay kimgakim insofdur,
Kim so`zum chinmudurur yo lofdur.

Shayxqa alqissa yetti chun farog`,
Dayr ishidin Ka`bag`a aylab yarog`.

Yorni dafn etti ishq ayvonida,
Dinu imon ahli go`ristonida.

Ka`badin andoqki qildi azmi dayr,
Dayrdin ham Ka`bag`a ko`rguzdi sayr.

Tengriga arz etti uzri momazo,
To ani ham yorig`a qo`shti qazo.

LXXX

Qushlar peshvoliqqa qur`a solib, Hudhud otig`a tushgoni

Bu ajab so`zni eshitgach ul guruh,
Keldilar barcha hayotidin sutuh.

Ishq oldi qo`llaridin ixtiyor,
Shavq o`tidin bo`ldi barcha beqaror.

Qat` etarlar erdi yo`l ondoqki barq,
G`arbdin bir haml alarg`a erdi sharq.

Barcha o`z sa`yi bila ta`jil etib,
Har nafas bir xavfluq vodiy yetib.

Bo`lsa ba`zi ul qotig` yo`lg`a harif,
Bor edi ba`zi dog`i zoru za`if.

Oyrilurlar erdi, qolurlar edi,
O`zni har manzilda solurlar edi.

Qavm orasidaki sardor o`lmog`i,
Qavm holidin xabardor o`lmog`i.

Qavmning holi parishon bo`lg`usi,
Barcha o`z holig`a hayron bo`lg`usi.

Qo`ynikim suv, o`tqa boshqarmas shubon,
Ul surukni aylagil zoe` gumon.

Har jamoatqaki yo`qtur peshvo,
Yo`lg`a ermastur qadam qo`ymoq ravo.

Chun yo`l erdi ham qatiqu ham yiroq,
Ul jamoat barcha aylab ittifoq.

Dedilarkim: «Bizga sardore kerak,
Aql oyin hushkirdore kerak.

Kim bori qushlarg`a bo`lg`ay hokim ul,
Kim erurbiz biz zaifu sa`b yo`l.

Rahrave, yo`l mushkilidin ogahe,
Xaylg`a ham rahbaru ham hamrahe».

Soyir qushlar laimu ashrof ham,
Chektilar Hudhudg`a bu ishni raqam.

Chun anga bu ishta urdilar salo,
Ayladi tab`i hukumatdin ibo.

Dedikim:— «Men xaylg`a yo`l boshqoray,
Bilganimcha qavmni olib boray.

O`zga taklif etsangiz moloyutoq,
Biym erur, tushkay oramizda firoq».

Qilmadi Hudhud chu bu ishni qabul,
O`zgalar xud bor edi jam`i jahul.

Ko`rdilarkim, barcha abtar bo`ldi ish,
Qur`a solmoqqa muqarrar bo`ldi ish.

Qur`a solib har birining zotig`a,
Tushti ul dam qur`a Hudhud otig`a.

Onga uzr aytur fasona qolmadi,
Yo`q demoqlikka bahona qolmadi.

Chun anga ko`p erdi boridin bilik,
Bay`atig`a berdilar borcha ilik.

Peshvolig` aylagach Hudhud qabul,
Borchasig`a muddao topti husul.

Dedilar:— «Biz tobe`u sen peshvo,
Ayloli komingnikim bo`lg`ay ravo.

Sen sipohsoloru, biz barcha sipoh,
Yo`lda payravbiz ne qilsang ro`baroh».