Òîï ðåéòèíã www.uz
LXXXI

Vodiy boshig`a yetib qushlarni hayrat zabun etib, bir qushning savoli

Chun alarg`a Hudhud o`ldi peshvo,
Yo`lni qat` aylarga qildilar havo.

Urdilar chunkim necha kun bolu par,
Ettilar vodiy boshiga ul hashar.

Benihoyat vodie bo`ldi padid,
Kim ko`rungach, uzdilar jondin umid.

Mehnat onda haddu g`oyatdin fuzun,
Hajr shomidek nihoyatdin fuzun.

Umr ila jon ofati nazzorasi,
Qat` qilmoqdin yo`q o`zga chorasi.

Jonlarig`a tushti havlu haybati,
Kim demaktin ko`prak erdi shiddati.

Vodie erdi xaloyiq yetmagan,
Vus`atini hech qush qat` etmagan.

Barchag`a sustaydi jismu paru bol,
Bir qush ul dam qildi Hudhuddin savol.

Kim nedin xoli ekin oyo bu yo`l,
Fikr etib mundoq javobin berdi ul.

Kim erur xoli ulus g`avg`osidin,
Shoh izzu johu istig`nosidin.

LXXXII

Hikoyat

Xilvatidin chiqti bir kun Boyazid,
Kim ul erdi qobili hilmin mazid.

Kecha oydin tobidin ravshan edi,
Charx anjum vardidin gulshan edi.

Bahri axzardin kavokib tobnok,
Har biri raxshandaliqdin durri pok.

Tortibon afloki oliy borgoh,
Rif`atu vus`at tuzub bu korgoh.

Aql ojiz sayr ila oromida,
Hush qosir vaz` ila andomida.

Bo`yla dargoh ichra piri boxabar,
Ko`rmadi maxluq jinsidin asar.

Necha qildi sa`y ila jo`yandalig`,
Shahru tog`u dasht aro po`yandalig`.

Kimsadin mutlaq nishone topmadi,
O`zdin o`zga notavone topmadi.

Dedi xoli nedin erkin, yo iloh,
Dard ila shavq ahlidin bu borgoh.

Bunda ko`ngliga hotif ayladi,
Jonini bu nav` voqif ayladi.

Kim erur bu dargahi izzu jalol,
Har kishi yo`l topmag`i yo`q ehtimol.

Shah harimi izzining poyoni yo`q,
Har gado mahramlig`i imkoni yo`q.

Umrlar jon cheksalar ahli talab,
Biri bu davlatqa yetmoqdur ajab.

LXXXIII

Vodiy suubatidin qushlar Hudhuddan savolot qilg`oni va oning javob aytmog`i

Nukta bu yanglig`ki surdi rahshinos,
Rohrav qushlarg`a yuzlandi haros.

Kim nihoyatsiz balog`a tushtilar,
G`oyati yo`q ibtilog`a tushtilar.

Yo`l ko`runur erdiyu poyoni yo`q,
Dardi mufrit erdiyu darmoni yo`q.

Ranj o`ti ko`kka chekar erdi alam,
Arshni kuydurgudek, kursini ham,

O`yla sekrir erdi istig`no yeli,
Sing`udek bu gunbadi xazro beli.

Bo`yla yo`lni ul necha aftoda qush,
Jism birla jonlari mehnatqa tush.

Qat` qilmoq qayda bo`lg`ay ehtimol,
Kim xayolin etsa ham bo`lg`ay mahol.

Jonlari chun qolmadi ul biym ila,
Jam` o`lub borisi yuz taslim ila.

Ko`rguzub Hudhudqa ko`p ajzu niyoz,
Dedilar:— «K-ey peshvo-u sarfaroz.

Chun seni haq bizga qildi muqtado,
Ajzimizni farzdur qilmoq ado.

Sen chu bu yo`ldin erursen barxabar,
Dog`i biz berohlarg`a rohbar.

Bizga mushkullar durur bu azm aro.
Kim erur farz oni qilmoq mojaro.

Har birimiz sanga arz etmak so`zin,
Ranju mehnatdin xalos etmak o`zin.

Sen borining mushkilin hal aylamak,
Sharhida so`zni mufassal aylamak.

Nukta tafsilida bo`lmoqdir fishon,
So`zni soyilg`a qilib xotirnishon.

Xotiridin shubhani raf` aylabon,
Ko`nglining majhulini daf` aylabon.

Jam` etib ko`nglin bori ashkolidin,
Qutqorib har nav` mushkil holidin,

Tafriqa qo`ymay ko`ngulda qil uchi,
Kim keraktur tinch yo`l qat` etkuchi.

Bir nafas bir ma`man ichra o`lturub,
Xayl ko`nglin har xatardin tindurub.

Mushkilin har kim sanga qilsa xitob,
Hallida sen ham anga aytib javob.

Qolmog`ondin so`ng ko`ngullarda xatar,
Hech xotirda xavotirdin asar,

Jam` xotir birla qilmoq yo`lg`a azm,
Bu uluq maqsadqa tutmoq o`zni jazm.

Yo`qsa yo`l bir kun-ikki kunluk emas,
Bal kishi poyonig`a yettuk demas.

Bo`yla yo`l qat`ida jam` o`lmay ko`ngul,
Shubha birla bormog`i mushkil degul».

Peshvog`a tushti ma`qul ul misol,
Dedi:— «Jam` o`ldik bori ahli savol».

Iltimosin xaylning aylab qabul,
Bir biyik manzil topib qildi nuzul.

Ko`ndilar oning bila xaylu sipoh,
Nukta surdi murshidi irfon panoh.

LXXXIV

Bir qushning savoli

Dedi:— «So`rdik kimda bo`lsa mushkile?»
Bo`yla so`z soldi arog`a soyile:

— «Kim, ayo bu xayldin bo`lg`on aziz.
Chun senu biz barchamiz bir jinsbiz.

Tengdurur chun borimizg`a bolu par,
Sen nedinsen — boxabar, biz — bexabar?

Bu tafovutni sarosar sharh qil,
Kim nedindur — bizga ravshan aylag`il».

LXXXV

Hudhudning javobi

O`truda bu bo`ldi Hudhudning so`zi:
— «Kim manga tushmish Sulaymonning ko`zi.

Haq taolokim anga aylab nazar,
Ham rasul aylab edi, ham tojvar.

Jinnu insu vahshu tayr ustida shoh,
Aylab erdi oni lutf aylab iloh.

Bo`yla sohib davlati, sohibsarir —
Iltifotin topti men yanglig` haqir.

Ondin o`ldi bu qadar izzat manga,
Bosh uza bu afsari rif`at manga.

Kimga-kim aylar nazar ahli safo,
Ul nazar tufrog`ni aylar kimyo».

LXXXVI

Shayx Najmiddini Kubroning so`zi va itga tushgan ko`zi

«Shayx Najmiddin Kubro1 — qutbi dahr,
Bir nazardin kimgakim yetkursa bahr.

Yorubon nuri viloyatdin ko`zi,
O`zlugidin oyrilur erdi o`zi.

Bu sifatda yetti ul yerga ishi,
Kim vali bo`ldi ko`zi tushkan kishi.

Sukr vaqti soldi chun bir kun nazar,
Ul nazardin bo`ldi bir it bahravar.

Oshnolig`din yetishti choshni,
Tortib itlik siyratidin boshni.

Yuz qo`yub shayx ollida qildi niyoz,
Barcha itlar uzra bo`ldi sarfaroz.

Har qayon shahr ichra qilsa erdi mayl,
Itlar erdi girdida andoqki xayl,

Qayda o`ltursa edi itlarga shoh,
Halqa erdi davrida xaylu sipoh.

Chun qazodin boshig`a yetti ajal,
Shayx eshiginda qozibon bir mahal —

Dafn etib qabrin namudor ettilar,
Qabrin insondek padidor ettilar.

Aylab itlar motamida ko`p fig`on,
Qabrining davrida tuttilar makon.

Yuz qo`yub qabrig`a holo — ahli roz,
Ko`rguzurlar sidq yuzidin niyoz.

Bu dam ul Xorazmda mavjud erur.
Kishvarekim hokimi behbud erur.

Bo`lmag`ay olamda mundin turfa so`z,
Kim saodat ahli itga solsa ko`z,

Etkurur itga natija ul nazar,
Zotig`a solur kishilikdin asar.

Itgakim yetgay validin tarbiyat,
Qushqa ham tong yo`q nabidin tarbiyat.

Ne kishilik kim inoyatdin nishon,
Nash`ai nuri valoyatdin nishon.

Qushqa ham bo`lsa payambar lutfi tush,
Ne ajab bo`lsa mute`i barcha qush.

Sobiqan ham qissa o`tmish bu qabil,
Sidqig`a Ashobi qahf2  etti dalil.

Chun inoyat aylasa hayyi mujib,
Itgau qushqa ne tong yetsa nasib».

LXXXVII

Yana bir qushning Hudhuddin savoli

Yana bir soyil dedi tortib nafir:
— «K-ey bori qushlarg`a sarxaylu amir.

Io`l qotiqdur, men zaifu notavon,
Pashsha Anqog`a bo`la olmas ravon.

Har nafas bu yo`lda yuz mehnatdurur,
Har dam anda yuz tuman shiddatdurur.

Aqabalar onda baliyat tog`idin,
Gardlar ko`zga ajal tufrog`idin.

Eli o`zni tog` uza chun yetkurub,
Toshni tufrog` yanglig` sovurub.

Sherg`a yetmas bu yo`l azmig`a zo`r,
Ne qila olg`ay zaifu xasta mo`r».

LXXXVII

Hudhudning javobi

Dedi Hudhud:— «K-ey nahifu mustamand,
Himmating pastu o`zung dunu najand.

Tan nechakim bor esa pastu dijam,
Himmat ar bo`lsa biyik — ondin ne g`am.

Chun ki bu ish keldi beshak ishq ishi,
Kimki oshiq ermas, ul ermas kishi.

Chun yana bu ishga ishq o`ldiyu bas,
Qayda qilg`ay maylini har bulhavas.

Oshiq elga notavonlig`dur nishon,
Ishqdin bexonumonlig`dur nishon.

Notavonlig` oshiq elga peshadur,
Balki jon tarki mudom andeshadur.

Boru yo`qdin o`zni foniy aylamak,
Yor ishqin jovidoniy aylamak.

Har kishiga ishqu himmat bo`lsa yor,
Bunyau tan za`fig`a ne e`tibor.

Bor anga ishq ichra jon bermak murod,
Ishq qaydidindurur barcha kushod.

Ishq aro o`lmakdurur maqsud anga,
Jong`a nuqson o`lmog`idin sud anga.

Kimga kim dunyog`adur vobastaliq,
Etsa ul andeshadan dilxastaliq.

Kimsaga bu za`fi mustahsan emas,
Ahli ishq ul za`fni ahsan demas.

Ishqdin har kimga za`fu tob erur,
Ul murod oyinig`a asbob erur.

Ishqdin chunkim murod o`lmak emish,
Bordur o`lmakka yaqin za`f ichra ish.

Za`fkim jon tarkiga bo`lg`ay sabab,
Bo`lsa ondin ijtinob erur ajab.

Ishq aro jon tarki chun matlubdur,
Har ne oning boisi marg`ubdur.

Za`fning poyoni bo`lsa tarki jon,
O`yla o`lmakka fido jonu jahon.

Sen jahon mulkida ming yil bo`ldi tut,
Dardu hasrat birla oxir o`ldi tut.

Bo`lmas ermishsen xud o`lmakdin yiroq.
Bu talabda bore o`lmak yaxshiroq.

Yordin o`lmak agar ummid erur,
Bil hayotedurki ul jovid erur».

LXXXIX

Shayx Abu Said Abul Xayr1 hikoyati

«Mihna shayxikim bu yo`lni qildi sayr,
Yor vaslidin nasibi bo`ldi xayr.

Avvalida ishqning bas zor edi,
Yuz baliyat tig`idin afgor edi.

Za`f topmish erdi istilo anga,
Za`fdin ish ohu vovaylo anga.

Ishq barqidin edi jonida o`t,
Ul sharardin jismi vayronida o`t.

Tun anga uyqu-u kun oromi yo`q,
Ishq anduhidin o`zga komi yo`q.

Kunduz oning zikru fikri yoru bas,
Hajridin da`bi fig`onu zoru bas.

Kecha bo`lmas erdi shahru bog` aro,
O`zni tortar erdi dashtu tog` aro.

Ul damanda bor edi vayronae,
Chug`z qasridek buzug` koshonae.

Onda chohe bor edi behad amiq,
Suyida shaxsi nashot o`lg`on g`ariq.

Osilib ul choh ichinda sarnigun,  
Ishq istilosidin zoru zabun.

Tongg`a tegru ish anga ohu fig`on,
Qatra-qatra ko`zidin tomg`uncha qon.

O`lmak istab ishq arou topmayin,
Ul tamannodin ko`zinn yopmayin.

Bu baliyat jismini nol aylabon,
Nolasi jonini badhol aylabon.

Hajr aro yillar bu yanglig` chektihol,
To yetishti og`zig`a jomi visol.

Ishq aro budur eranlarning ishi,
O`lmayin topmas bu davlatni kishi».

XS

Yana bir qushning Hudhuddin savoli

Dedi bir qushkim:— «Qilibmen ko`p gunoh,
Bu uyatden asru holimdur taboh.

Zoe` aylabtur meni oludalig`,
Qo`ymas ul yo`lg`a bu g`am farsudalig`.

Chun najosatdin jabindur lavsnok,
Anga ne nisbatdurur Simurg`i pok.

Pok vaslig`a keraktur poklik,   
Yo`qki lavsi jurm aro beboklik.

Ul orig`, menda orig`sizlig` sifot,
Vaslini istarga mone`dur uyot».

XSI

Hudhudning javob aytqoni

Dedi Hudhudkim:—«Erursen mu`tarif,
Kim ishing bo`lmish gunohdin munharif.

Dahr hud ermas iqomat manzili,
Kimki bor oxir o`lumdur hosili.

Bu gunah birla gar o`lmak istasang,
Xalq ahvolig`a kulmak istasang.

Bilki bas nodonu g`ofil bo`lg`asen,
Ahli aql ollida johil bo`lg`asen.

Bu gunahdin orimoh etting havas,
Ul dog`i oson erur, ey bulhavas.

Tavbadur oni oritmoqqa iloj,
Zulmati isyon aro budur siroj.

Jurm lavsidin kishi ma`sum emas,
Bo`yla ismat kimsaga ma`lum emas.

Odam avlodini qilmaydur iloh,
O`ylakim ondin bosh urmaydur gunoh.

Bo`lmasa sendin gunoh, ey bexabar,
Afvu rahmat kimga bo`lg`ay choragar.

Jurmdin ulkim yuzi bo`lg`ay sarig`,
Tavba aylar ul sarig`lig`ni orig`.

Bahri rahmat mavjg`a kirgan zamon,
Pok o`lursen men kibi yuz ming ravon».

XSII

Odam Safiy alayhissalom hikoyati

— «Xayli insonning otasi Bulbashar,   
Kim oni xalq etti hayyi dodgar.

Boshig`a qo`ydi hidoyat afsarin,
Tojig`a tikti nubuvvat gavharin.

Qildilar topqoch bu yanglig` izzu joh,
Tufrog`in xayli maloyik sajdagoh.

Avji gardun xoki roh o`ldi anga,
Bog`i jannat jilvagoh o`ldi anga.

Bu sifat safiyvashi oliy hasab.
Kim Safiy keldi anga haqdin laqab.

Chunki taqdir etdi hayyi zuljalol,
Jurmu isyon birla bo`ldi tiyrahol.

Oncha rif`at birla ul masjudluq —
Ketti-yu bo`ldi ish mardudluq.

Ko`ksiga rad panjasin yetkurdilar,
Ravzai jannatdin oni surdilar.

Yuz qarolig`lar anga aylab nasib,
Tushti Hindiston savodida g`arib.

Qarnlar hijronda erdi ashkrez,
Solib ohu nolasidin rustaxez.

Joni o`rtangan zamon andoqki xas,
Tavba ul holiga bo`ldi choraras.

Bog`i rahmatdin yana esti nasim,
Bo`ldi yuz ming ranju mehnatdin salim.

Tavbasig`a dastgir o`ldi qabul,
Ayladi hurmat harimida nuzul.

Ondoq elga yetsa bu bandu kushod,
Sen kim o`lg`aysen za`ifi nomurod

Tavba qilg`il dog`i behbudungg`a yet,
Yo`lg`a aylab azm, maqsudungg`a-et».

XCIII

Yana bir qushning Hudhuddin savoli

Yana bir soyil dedi:— «K-ey zebi toj,
Menda voqe`dur talavvunluq mizoj.

Har sifatda keldi tab`im noraso,
Goh fosiqmen, zamone porso.

Goh matlubum xarobot ahlidur,
Goh marg`ubum munojot ahlidur.

Gah haram tavfida men, yazdonparast,
Dayr ichinda, goh but ollinda past,

Istiqomat yo`qturur holimda hech,
Bu jihatdandur ichimda pech-pech.

Bu talavvunliq mizoji shum ila,
Bu sifatliq odati mazmum ila,

Bo`yla yo`lg`akim kerak yakranglig`,
O`zni topmasmen sahih ohanglig`.

XSIV

Javob

Dedi Hudhudkim:— «Bu bema`ni shoir
Filhaqiqat barchaning zotida bor.

Kim borig`a hamnafasdur nafsu ruh,
Bastalig` birdin yetar, birdin futuh.

Uldur erkim salb etib nafsoniyat,
G`olib etgay zotig`a ruhoniyat.

Har kishida bu sharaf bizzot erur,
Ul kishi poku sharif avqot erur.

Gar talavvun bo`lsa zoti shevasi,
Sen kibi bo`lsa tahattuk mevasi.

Bu maraz topmish riyozatdin iloj,
Kim kishiga mustaqim o`lg`ay mizoj.

Nafsdin har kimgakim bu biym erur,
Chora murshid ollida taslim erur.

Bo`yla illatlarg`a murshiddur tabib,
Kim xaloyiq pir derlar, ey habib.

Tolibi solikka illatlar bo`lur,
Nafs xaylidin mazallatlar bo`lur,

Kim anga fe`li zamoyimdur laqab,
Mubtalo bo`lur anga ahli talab.

Pir harbirga qilur nav`i davo,
Kim borib illat topar tolib shifo.

Ul marazlardin bu dog`i biridur,
Kim riyozatlar oning tadbiridur.

Sen dog`i bu ishga o`zni chog`lasang,
Bir qotiqliqqa belingni bog`lasang.

O`yladur umidkim, bir lutfi xos —
Gar tahattukdin seni qilg`oy xalos.

Bu taablardin tarabnok o`lg`osen,
Haq yo`linda rahravi pok o`lg`osen.

XSV

Hikoyat

«Zumrai tahqiq sofiy mashrabi,
Vosili haq Bu Turobi Naxshabiy.

Bir muridi holiga solib nazar,
Zebu ziynatdin topar erdi asar.

Xirqasida vuslalar erdi arig`,
Ranglar onda qizil, yoshil, sarig`.

Mayl ko`p nafsig`a ra`nolig` sari,
Kisvati faqr ichra zebolig` sari.

Ko`p riyozatlar buyurdi pir anga,
Ul takalluf topmadi tag`yir anga.

Ko`rdikim daf` o`lmas erdi bu sifat,
Murshidi komil buyurdi oqibat.

Har kun o`z nafsi bila razm aylamak,
Dog`i dorus salxqa azm aylamak.

Bir sabadga qo`yning ich — olotani
Solibon ihshou qozurotini.

Bosh uza oni qo`yub, mahkam tutib,
Mehnatu ranjidin oning qon yutub.

Qatralar haryon tomib dastoridin,
Oni o`tkargay Nasaf bozoridin.

Nafsig`a oning yetib mundoq inod,
Necha kun bu ish chu topti imtidod.

Xirqasida qolmadi zebolig`i,
Boshidin chiqti bori ra`nolig`i.

Bu mashaqqat qildi chun nafsin halok,
Murshidi komil buyurdi g`usli pok.

Ul marazdin bo`yla qutqardi oni,
Ul xatardin bo`yla o`tkardi oni.

To maqomi bo`ldi ayvoni vusul,
Harne matlubig`a yuz qo`ydi husul.

Sen dog`i nafsingg`a qo`y bir nav` ranj,
To nasibing bo`lg`ay oning muzdi ganj.

Yo`q esa o`zungni zoe` bo`ldi tut,
Bu talavvun do`zaxida o`ldi tut».

XSVI

Yana bir qushning Hudhuddin savoli

Dedi bir soyil:— «K-ey farxundaxo`,
Nafs zolimdur manga, behad aduv.

Har ne amr etsam qilur zohir xilof,
Irtikobidin tutar o`zni ma`of.

Bo`yla yo`lda dushman o`lsa ul manga,
Tay nechuk bo`lg`ay bu qattiq yo`l manga».

XSVII

Hudhudning javobi

Dedi Hudhud:— «K-ey zabuni hirskesh,
Nafs zulmi aylagan ko`nglungni resh.

Nafsning mahkumi bo`lg`on tunu kun,
O`zga bu hangomani qilg`on uzun.

Nafs ne amr etsa bo`lg`on zer dast,
Ul biyiklik qilsa qilg`on o`zni past.

Urmag`on ul amr qilmay bir nafas,
Hosil aylab har ne ul etgan havas.

Umr oning farmoni birla sarf etib,
Ul tamanno aylagan sori ketib.

Bir eshakdek boshinga afsar urub,
Nafsni o`z orqang uzra mindurub.

Ul qayon sursa, urib gom ul taraf,
Qayda tursa topib orom ul taraf.

Tifl ekonda xud oning zori eding,
Lahv ila g`aflat giriftori eding.

Chun yigit bo`ldung ham ondin yonmading,
Lahzae o`z holingga aylanmading.

Qarig`onda xud yetishti varzishing,
Fisqu isyonda tamom o`ldi ishing.

Umrung o`tti g`aflatu isyon bila,
Etti o`lmak yuz tuman armon bila.

Tengri amrin umr o`tub yod etmading,
Sheva juz izlolu ifsod etmading.

Dahr aro yo`q sen kibi zoti ajab,
Umr o`tib o`tkargan avqoti ajab.

To tirik erding — bu erdi g`aflating,
Bo`yla o`lsang, ko`r, ne bo`lg`ay holating».

XSVIII

Hikoyat

«Podshohe mast edi, bebok ham,
Zolimu g`oratgaru saffok ham.

Nafsi zolim har nega ma`mur etib,
Qilmog`ida ul o`zizi ma`zur etib.

Bir kun aylar erdi jomi aysh no`sh,
Ko`rdikim borurlar ikki jandapo`sh.

Bir-biriga ikkisi yoru rafiq,
Hamdamu hamrozu g`amxo`ru shafiq.

Shah tilab qildi birisidin savol,  
Ul birining holidin so`rdi maqol:

— «Kim, bukim keldi sening hamkisvating,
Zohir etkim — anga nedur nisbating?»

Dedi:— «Nisbat ikkimizda yorlig`,
Hamdamu hammashrabu hamkorlig`».

Masti g`ofil dedi:— «Ey sohib tariq,
Oytkim men yaxshiroq yo ul rafiq?»

Dedikim:—«Ulcha manga bo`lmish ayon,
Ikkingizning holini aylay bayon.

Chunki bo`ldung ikkisidin barxabar,
Sen o`zung hukm aylagil, ey tojvar,

Sen agarchi bir ulusqa shohsen,
Tengri yo`lunda vale gumrohsen.

Har ne haq debtur — xilofidur ishing,
Kechau kunduz bu bo`ldi varzishing.

Ul agarchi bo`lsa darveshu gado,
Tengrining amrini xo`b aylar ado.

Haq yo`lidin tashqari qo`ymas qadam,
Balki haq amridin urmas ayru dam.

Sen shah, ammo nafsqa zoru haqir,
Ul gadou nafsni aylab asir.

To tiriksiz ikkingizga hol — bu,
Ul gado, sen shohga minvol — bu.

O`lsangiz, xud shoh — uldur, sen — gado,
Kim, sen erding mast, ul ahli iqtido».

Nuktani bu nav` surgach piri roh,
Seskonib ul uyqudin uyg`ondi shoh.

Mast edi, yetti anga hushyorlig`,
Uyqusiga qo`ydi yuz bedorlig`.

Shohlig` zarbaftidin yuzlandi or,
Tashlab oni, janda qildi ixtiyor.

Ko`ngliga haqdin yetib ogohlig`,
Bildikim darveshlikdur shohlig`.

XSIX

Yana bir qushning Hudhuddin savoli

Dedi bir soyilki: — «Iblisi la`in,
Qasdim aylar, zohir aylab makru kin.

O`z huzurimg`a meni qo`ymas dame,
Kelturur ko`nglumga hardam olame.

Boshima har lahza solur bir xayol,
Kim emas ondin qutulmoq ehtimol.

Chunki yo`q ondin qutulmog`lig` manga,
Choradur ma`muri bo`lmog`lig` manga.

O`yla muztarmen oning vasvosidin,
Kim zabundur aql oning ihsosidin».

S

Javob

Dedi Hudhud: — «Toki nafsingdur qarin,
Anga bor iblis shogirdi kamin.

Nafs oncha ko`nglunga solur g`urur,
Etkurur oncha zamiringg`a futur.

Kim oni shayton ko`rub hayron qolur,
Vodiyi hayratda sargardon qolur.

Qaysi ishdinkim yetar nafsingg`a kom,
Topar ondin komini shayton mudom.

Nafs hukmi birlakim qilsang har ish,
Irjayur ul komdin shaytong`a tish.

Demakim, shaytong`a bo`lmishmen zalil,
Ul sening nafsingni aylabtur vakil.

Har ne ul qilmoq kerak nafsing qilur,
Har nekim shayton bilur, ul ham bilur.

Harne dunyog`a taalluqdur umur,
Sarbasar shaytong`a doxildur zarur.

Nafsing andoq haqqu mulk etmish ani,
Kim erur darj anda yuz shayton fani.

Nafsing oncha ko`rguzur talbisni,
Kim qilur sharmanda yuz iblisni.

Senki yor o`ldung bu yanglig` nafs ila,
Ne uchun shaytondin etkansen gila»