IZOH VA TARJIMALAR
«MUHOKAMAT UL-LUG`ATAYN»NING IZOH VA TARJIMALARI
1. Arabchadan tarjima: «Insonni nutq va til bilan sharaflab, tilining shirinligi, fikr bayon etishining go`zalligi, shukr aytishning shakari, (Ollohning birligiga) guvohlik berishining asali va minnatdorchiligi tufayli uni (insonni) yaratgan, barcha boshqa jonzodlardan ulug` va mumtoz qilgan Ollohga hamdu sanolar bo`lsin.2. Tarj. ar.: Bo`l! – desa bo`ladi.
3. Tarj. aar.: «Odamning loyini qirq tong pishitib qo`ydim»,
4. Tarj. ar.: «Hamma ismlarni o`rgatdi».
5. Tarj. ar.: «Men aniqroq va chiroyliroq gapiraman».
6. Tarj. ar.: «Payg`ambar bo`lding bas anglab ol».
7. Tarj. ar.: «Unga (payg`ambarlarga), yoqimli xislatli oilasiga va pokiza sahobalariga Ollohning salovati va ko`pdan-ko`p salomlari bo`lsin».
8. Tarj. ar.: «Gunohlar mag`firat qilinsin, gunohlar kechirilsin».
9. Tarj. ar.: «Qudratli va ulug` mulk sohibi (Olloh sifati)».
10. Tarj. ar.: «Unga (payg`ambarga) salavot va salomlar bo`lsin».
11. Tarj. ar.: «Olloh ularning sirlarini muqaddas qilsin».
12. Tarj. ar.: «Va urug`ni, o`simlikni va shoxlari bir-biriga o`ralib ketgan o`rmonzorlarni ko`kartirish uchun yomg`irli bulutlardan tuganmas suvlarni tushirdik» (Qur`on. 78, 14 – 16).
13. «Yopinchiqni ko`tarmaganda haqiqiy ilm oshmagan bo`lardi».
14. Nuh – unga Ollohning salavoti bo`lsin, diniy aqidalarga ko`ra juda uzoq umr ko`rgan payg`ambar, uni ba`zi manbalarda Odami soniy (ya`ni: ikkinchi Odam ato) ham deyiladi. Rivoyatlarda keltirilishicha Nuh zamonida 40 kecha va 40 kunduz sel yog`adi va butun dunyoni suv bosib ketadi. Shunda Nuh, o`z yaqinlari, tarafdorlari va har nav` hayvondan bir juftdan kemaga solib oladi. Yer yuzidagilar suvga g`arq bo`ladi, yolg`iz Nuh kemasi bir tog` cho`qqisida , omon qoladi. Nuhning uch o`g`li – Yofas, Som va Homlardan keyinchalik turkiy, forsiy va hindizabon xalqlar tarqaladi. Bu yerda Navoiy shunga ishora qiladi.
15. «Mezon ul-avzon» – Navoiyning aruz ilmiga oid asari. Bu asarida Shams Qays, Xoja Nasr Tusiy va Abdurahmon Jomiy kabi aruz nazariyachilari, hamda bu ilmga asos solgan Xalil ibn Ahmadning asarlari bilan Navoiyning yaqindan tanish bo`lgani ko`rinib turadi. Navoiy aruz masalalarini bir qadar yangicha talqin qiladi va uni qo`shimcha hamda yangnliklar bilan boyitadi. O`zbek she`riyatining, xalq og`zaki ijodining necha yuz yillik tajribasi bu asarda birinchi bor tadqiq etilib, umumlashtirib berilgan.
16. Tarj. ar.: «Men Zaydga dirham berdim».
17. «G`aroyib us-sig`ar» – Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy» deb nomlangan 4 devonidan birinchisi. Shoir yozadi: «...avvalg`i devonim, tufuliyat bahori g`unchasining ajib gullari va sig`ar bog`chasining g`arib chechaklari bila orasta bo`lub erdi, «G`aroyib us-sig`ar» deyildi». Bu devon tarkibida 650 g`azal, 1 mustazod, 3 muxammas, 1 musaddas, 1 tarje`band, 1- masnaviy (Sayyid Hasad Ardasherga she`riy maktub), 50 qit`a, 133 ruboiy mavjud bo`lib, 5718,5 baytdan, 840 she`rdan iboratdir.
18. «Navodir ush-shabob» – shoirning «Xazoyin ul-maoniy»si tarkibidagi ikkinchi devoni. Bu devon mundarijasi haqida Navoiy yozadi: «Ikkinchi devonniki, yigitlik oshuftalig` va shabob oluftalig` yozi va dashtida yuzlangan nodir va vaqoe` bila piyrosta bo`lur erdi, «Navodir ush-shabob» ataldi». Tarkibida 650 g`azal, 1 mustazod, 3 muxammas, 1 musaddas, 1 tarje`band, 50 qit`a, 52 muammo bor. Bular 759 she`r bo`lib, 5423,5 baytni tashkil qiladi.
19. «Badoe` ul-vasat» – Navoiy «Xazoyin ul-maoniy»sidagi uchinchi devoni. U haqda shoir yozadi. «Uchinchi devonim, vasat ul-hayot mayxonasida ishq bilan shavq paymonasida yuzlangan badoe` nishotlar kayfiyatin yozilib erdi, «Badoe` ul-vasat» ot qo`yildi». Tarkibida: 650 g`azal, 1 mustazod, 2 muhammas, 2 musaddam, 1 tarje`band, 1 qasida, 60 qit`a, 13 tuyuq, 10 chnston bor. 740 she`r – 5420 baytdan iborat.
20. «Favoyid ul-kibar» – Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy»sidagi to`rtinchi devoni. Shoir yozadi: «To`rtinchi devonim, umrning oxirlarida yuzlangan ishq dardu ranji foydalarikim, jonso`z oh urmoq va jon topshurmoqdurkim, anda sabt bo`lubtur, «Favoyid ul-kibar» laqab berildi». Tarkibiga 650 g`azal, 1 mustazod, 2 muxammas, 1 musaddas, 1 musamman, 1 tarje`band, 1 soqiynoma, 50 qit`a, 86 fardlar kirgan. 793 she`r – 5888,5 baytdan iborat.
Mazkur 4 devon xalq orasida «Chor devon» nomi bilan mashhur bo`lgan. 1492 – 1498 yillar davomida kitobat qilingan.
21. «Xamsa» panjasiga panja urubmen», bu so`zlardan murod – Navoiy beshta doston yaratgan Nizomiy Ganjaviyning«Panj ganji» (Besh xazina), Xusrav Dehlaviy uni an`anaga aylantirnb, «Xamsa» yozgani va ularga ergashib o`zi ijod qilgan «Xamsa»ni ko`rsatishdir.
22. «Hayrat ul-abror» – «Xamsa» tarkibidagi birinchi doston bo`lib, 64 bobdan, 3988 baytdan iborat. 889 (1489) y.da yozilgan. Navoiyning e`tirof etishicha, Nizomiyning «Mahzan ul-asror» dostoni ruhida bitilgan falsafiy, didaktik asardir.
23. Shayx Nizomiy – Ilyos Yusuf o`g`li Nizomiy – ulug` ozarbayjon shoiri. 1141 y. Ganjada tug`ilgan va shu yerda 1209 y. vafot etgan. Shoir «Panj ganj» (Besh xazina) nomi ostida beshta doston yaratgan. Birinchi dostoni «Mahzan ul-asror» (Sirlar xazinasi) 1170 y.da yozilgan turli falsafiy, hayotiy masalalarda bahs etuvchi 20 hikoyatdan iboratdir, ikkinchi dostoni «Xusrav va Shirin» 1180y.da tugallangan, ishqiy-romantik asardir. Uchinchisi «Layli va Majnun» – muhabbat dostonidir. Shoirning to`rtinchi dostoni «Haft paykar» (Etti go`zal) va oxirgisi «Sharafnoma» va «Iqbolnoma» deb atalgan ikki qismdan iborat «Iskandarnoma» dostonidir.
24. «Farhod va Shirin» – Navoiy «Xamsa»si tarkibidagn ikkinchi doston. 59 bob, 5782 baytdan iborat; 880 (1484) y.da yozilgan ishqiy-romantik doston. Shoir bu dostonni Amir Xusrav Dehlaviyning «Shirin va Xusrav» dostoni «o`tidik charog`imni yorittim», deya ko`proq shu shoirdan ilhom olganini e`tirof etadi.
25. Amir Xusrav Dehlaviy – Yaminuddin Abulhasan Xusrav Dehlaviy – asli Shahrisabzdan bo`lgan, otasi Sayfiddin Mahmud mo`g`ul istilosi arafasida oilasini Hindustonga ko`chirib ketadi. 1253 yilda Gang daryosi sohiliga joylashgan Patyoli shahrida tug`iladi. Shoir Sharq adabiyotida birinchi bo`lib, hayot fasllariga muvofiq she`rlardan alohida nomlangan 5 ta devon tuzgan va bu an`anani Jomiy va Navoiy kabi shoirlar davom ettirganlar. Xusrav Dehlaviy fors, urdu, hind va arab tillarida ijod qilgan. U «Xamsa» yaratib, xamsachilik an`anasiga asos solgan. Shoir shuningdek, voqeiy doston («Duvalroni va Xizrxon»), qator qasidalar, katta hajmdagi «E`jozi Xusraviy» va boshqa asarlar yaratgan. Shoir 1325 y. Dehlida vafot etgan.
26. «Layli va Majnun» – Navoiy «Xamsa»sidagi uchinchi doston. 36 bob – 3622 baytdan iborat ishqiy doston.
27. Xoju Kirmoniy – Abulato Kamoluddin Mahmud ibn Ali (1290 VI., Kirmon- – 1354 y., Sheroz) – Xusrav Dehlaviydan so`ng xamsachilik an`anasini davom etdirgan, ishqiy-axloqiy, tasavvufiy mavzu`larda dostonlar yaratgan Eron shoiri. Uning 5 dostoni «Xamsai Xoju» deb nomlangan. 1-dostoni «Xumoy va Humoyun», 2 – «Gulu Navro`z» (Nizomiyning «Xusrav va Shirin» dostoniga payrav), 3 – «Ravzan ul-anvor» (Nizomiy «Mahzan ul-asror» dostoni yo`lidagi), 4 – «Kamolnoma» (Sa`diyning «Bo`ston»iga tatabbu`) va 5 – «Gavharnoma»dir. Shoir «Gul va Navro`z»,. «Somnoma» nomli dostonlar ham yozgan. «Shavqiyot», «Safariyot» va «Hazariyot» deb atalgan g`inoiy she`rlardan iborat devonlar ham tuzgan. Hofiz Sheroziy Xoju Kirmoniy» ni g`azal sohasida o`zining ustodi deb bilgan. Bu yerda Navoiy «Layli va Majnun» dostonini Xoju Kirmoniy «Gavharnoma»si yo`lida yozganini e`tirof etadi.
28. «Sab`ai sayyor» – Navoiyning to`rtinchi dostoni. 37 bob – 8005 baytdan iborat. Sharqda keng tarqalgan «Bahrom Go`r» afsonasi asosida yaratilgan.
29. Ashraf – Abu Ali Husayn ibni Hasan Marog`iy, Darvesh Ashraf Xiyoboniy nomi bilan ham tanilgan (tug`. y. noma`lum, vaf. 1459), 1434 – 1440 y.larda Nizomiy «Panj ganji» payravida «Minhoj al-abror», «Shirin va Xusrav», «Layli va Majnun», «Haft paykar» (ba`zi manba`larda «Haft avrang») va «Zafarnoma» dostonlarining yozgan, hamda alohida nomlar berilgan 4 devonning ham ijodkoridir. Bu yerda Navoiy «Sab`ai sayyor»ni Ashrafning «Haft paykar»idan ta`sirlanib yozganini bayon etadi. Lekin hozirga qadar Ashrafning bu dostoni topilgani yo`q.
30. «Saddi Iskandariy» – Navoiyning «Xamsa»sidagi so`nggi doston. 88 bobdan – 7215 baytdan iborat. Shoir «Xamsa»si 889 – 890 (1483 – 1485) yillarda yaratilgan. Dostonda ideal shoh – Iskandar timsoli atrofida gumanistik g`oyalar, falsafiy-didaktik fikrlar, ilmiy faraziyalar o`zining yuksak badiiy ifodasini topgandir.
31. Hazrati Maxdum – Nuriddin Abdurahmon Jomiyning laqabi (1414, Jom – 1492, Hirot). Navoiy Jomiy bilan 1476 – 77 yillarda tanishgan va uni o`ziga pir deb bilgan, Jomiy hayotining so`nggiga qadar samimiy do`st va maslakdosh bo`lib qolgan. Jomiy «Haft avrang» («Etti taxt») – Nizomiy va Xusrav Dehlaviylarning dostonlari payravida bitilgan yetti doston» – «Silsilat uz-zahab» («Oltin silsila»), «Solomon va Absol», «Tuhfat ul-ahror» («Hurlar tuhfasi»), «Sabhat ul-abror» («Poklar tasbihi»), «Yusuf va Zulayxo», «Layli va Majnun», «Xiradnomai Iskandariy» («Iskandar xiradnomasi»), alohida nomlangan 3 ta she`rlar devoni, «Bahoriston» nomli nasriy asar (bir bobi tazkira), «Maktublar majmuasi», «Aruz risolasi», «Qofiya risolasi» va «Musiqa risolasi» kabi va muammoga bag`ishlangan ilmiy asarlari, «Nafahot un-uns» («Do`stlik nafaslari») nomli irfon va tasavvufga oid, hamda bir necha asarlarga yozilgan sharhlarning muallifidir. Navoiy Jomiy haqida «Xamsat ul-mutahayyirin» asarini yozgan (1492 y.). Bu yerda Navoiy «Saddi Iskandariy»ni Jomiyning «Xiradnomai Iskandariy» asaridan madad olib yozganini bayon etadi.
32. «Xiradnoma» – Jomiyning «Xiradnoman Iskandariy» asari xususida so`z ketmoqda.
33. «Zubdat ut-tavorix» – «Tarixlar sarasi». Navoiyning tarixga oid asarlari – «Tarixi muluki ajam» va «Tarixi anbiyo va hukamo» (Nabiy va hakimlar tarixi)ning umumiy nomi.
34. «Nasoyim ul-muhabbat» – to`la nomi «Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat» («Ulug`lik xushbo`yliklarini taratuvchi muhabbat shabbodalari»). Navoiy e`tirofiga ko`ra, Abdurahmon Jomiyning «Nafahot ul-uns» («Do`stlik nafaslari») nomli Sharq orif va mutasavviflari haqidagi ma`lumotlar jamlangan asarini 901 (1495 – 96) yilda turkiy tilga tarjima qilgan va turkiy mashoyixlar haqida yangi ma`lumotlar kiritgan.
35. «Lison ut-tayr» – Navoiyning tasavvufga oid dostoni. Fariduddin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarining tarjimasi, deydi Navoiy. Lekin Ye. E. Bertelüs har ikki asarni diqqat bilan muqoyasa qilib, ayniqsa 63 xikoyatdan 51 tasi yangidan yaratilgani, 12 tasigina Attor hikoyatlarining turkiycha talqini ekanligini ko`rsatib berdi va mavjud ma`lumotlar asosida mohir san`atkor qalami bilan original darajadagi asar yaratdi Navoiy, – degan xulosani qiladi (Qarang: Bertelüs Ye. E. Sufizm i sufiyskaya lit-ra. Navai i Attar. M., 1965. S. 417). Bu asar 904 (1408 – 09) y.da yozilgan.
36. «Nasr ul-laoliy» – Hazrat Ali hikmatlarining majmuasi. Navoiy har bir hikmatni bir ruboiy doirasida badiiy talqinini bergan va unga «Nazm ul-javohir» deb nom bergan.
37. «Nazm ul-javohir» – 1485 yilda Xusayn Boyqaroning «Risola»siga javoban yozilgan asar. Uniig nasriy (ko`pgina ruboiylar ham keltiriladi) muqaddimasida yozilish tarixi, Husayn Boyqaroga minnatdorchilik izhori va Hazrat Ali va uning «Nasr ul-laoliy» tarkibidagi hikmatlariga munosabat bayon etilgan. Asar muqaddima, 268 ruboiy va bir xotima-ruboiydan iborat.
38. Nasiri Tusiy – Abduja`far Muhammad ibn Hasan Nasiruddin Tusiy (1201, Tus – 1272 Bag`dod). Uning falsafiy, ijtimoiy-axloqiy mavzularda yozgan asarlari ko`p bo`lib, bu yerda Navoiy «Me`yori ash`or» nomli aruz nazariyasiga oid asarini ko`zda tutadi.
39. «Rasoilga qalam surupmen» – deyishdan murod shoirning boshqa katta-kichik asarlar yozgani bo`lishi kerak. Masalan, «Munojot», «Siroj ul-muslimin» kabi.
40. «Makotibg`a raqam urubmen» – der ekan, shoir ona tilisida bitilgan va forsiyda yozilgan maktublarini nazarda tutadi. Shoirning «Munshaot» nomli turkiydagi yozishmalari majmuasi ma`lum.
41. Xoja Hofiz Sheroziy – Shamsuddin Muhammad (1321, Sheroz – 1389, shu shahar). Tojir oilasida dunyoga kelgan va yetim qolgan Shamsuddin nonvoyga shogird tushgan va Qur`oni majidni yod olib, go`zal tilovat qilgan. Taxallusi shu munosabat bilan Hofizdir. Shoir shuhrati eng baland pallalarda uni turli mamlakat shohlari o`z saroylariga da`vat etishganida u rad etgan. Hofizning qabri Sherozdagi go`zal bog`lardan birida bo`lib, hozir «Hofiziya» deyiladi. Shoirning do`sti va shogirdi Muhammad Gulandom uning she`rlarini to`plab devon tuzgan. Hofizning vafotidan 35 yil keyin ko`chirilgan qo`lyozma asosida Eron olimi Xolxoliy aniqlangan devon tuzdi, unda 418 g`azal, 5 qasida, 41 ruboiy, 3 masnaviy («Soqiynoma», «Ohuyi vahshiy», «Mug`anniynoma») mavjuddir.
Hofiz she`rlari an`anaviy ishqi majoziy va ishqi haqiqiyning turli-tuman mavzularida yozilgan. Lekin undagi badiiyat shu qadar yuksakki, shoirning o`z zamoni va keyingi davr she`riyatiga barakali ta`sirining siri shu bilan bog`liq. Hofiz XVII asrdan boshlab, G`arb adabiyotiga ham ta`sir o`tkazdi. Ayniqsa Gyotening Hofizdan ilhomlanib yaratgan «G`arb va Sharq devoni» shoirning G`arb tafakkur olamida o`ziga xos o`rin egallaganini ko`rsatadi.
Navoiy Hofizning she`riyatdagi mahoratiga yuksak baho bergan va o`zining forsiydagi «Devoni Foniy»sida aksar g`azallarini Hofizga tatabbu` qilib yozgan. Bu yerda Navoiy Hofiz g`azaliyotining tasavvufiy mohiyatidan bahramand bo`lganini e`tirof etadi.
42. Tarj. ar.: Tushirilgan vahiy kabi.
43. Tarj. ar.: Yuborilgan payg`ambar hadislari kabi.
44. Tarj. ar.: Bu ajoyib narsa.
45. «Daryoyi abror» – Amir Xusrav Dehlavny qasidasi. Unga juda ko`p shoirlar javobiya qasidalar yozganlar. Jomiy, Navoiy, Mirxond, Naf`iy va boshqalar shular jumlasidandir. Jomiy hatto «Daryoyi abror»ning bir bayti sharhida «Mir`ot us-safo» nomli risola yozgan. Navoiy «Xamsat ul-mutahayyirin» asarida bu qasidaga javoban yozgan «Tuhfat ul-afkor»ning yaratilish tarixini bayon etadi. Shu yerda Jomiyning Xusrav Dehlaviy qasidasiga «Lujjat ul-asror» («Sirlar teranligi») nomli javobiya yozgani haqida to`xtalib o`tadi.
46. Tarj.: shoh nog`orasining ichi bo`shu g`ulg`ulasining hayqirig`i bosh og`rig`idir, kimki ho`l-quruqqa qanoatlansa, dengiz va yer yuzining podshohidir.
47. Tarj.: shohlar qasrining kungurasi Zuhal (Saturn sayyorasi) maqomidan ham yuksak bo`lsada, bilgilki, din qal`asining devoridagi raxnalar undandir.
48. «Tuhfat ul-afkor» – Navoiyning Amir Xusrav Dehlaviy «Daryoyi abrori»ga javoban fors tilida yozgan qasidasi. Shoir uni yozishda Jomiyning javobiyasi «Lujjat ul-asror»ni ham nazarda tutganligini qayd etib o`tadi. Navoiyning bu qasidasi «Sittai zaruriya» («Oltita zarurlik») deyilgan umumiy nom ostidagi olti qasidadan biridir.
49. Tarj.: Hukmron (podshoh)lar tojini bezovchi o`tli la`l (ularning) boshlarida xom xayollar pishiruvchi laqqa cho`g`dir.
50. «Bahoriston» – Abdurahmon Jomiyning 1487 yilda Sa`diy Sheroziyning mashhur «Guliston» nomli asari payravligida yozgan axloqiy va didaktik mazmundagi asari. Uni Jomiy o`z o`g`li Ziyovuddin Yusufga darslik tarzida yaratgan. «Bahoriston» muqaddima va 8 bobdan iborat: (1. Oriflar sarguzashti. 2. Ulug`lar hikmatlari. 3. Adolatli shohlar haqida. 4. Saxiylik targ`ibi. 5. Ishqiy hikoyatlar. 6. Hazil-mutoyibalar. 7. She`r va shoirlar. 8. Tamsillar). Navoiy bu yerda «Tuhfat ul-afkor» nomli qasidasining matla`ini Jomiy o`z «Bahoriston»ida keltirgani va g`oyat ta`rif qilganini minnatdorlik bilan yodga olmoqda.
51. Mushtariy – lug`. sotib oluvchi, xaridor (forslar Birjis deb ataydilar) Yupiter sayyorasi. Nujum ilmida uni «Sa`di akbar» («Falak qozisi»), joyi 6-falakda deydilar.
52. «Mir`ot us-safo» – Amir Xusrav Dehlaviy qasidasi. Navoiy ta`kidlashicha, uni shoir Xoqoniy Shervoniy qasidasi («Ayvoni Madoin»)ga tatabbu` qilib yozgan.
53. Xoqoniy Shervoniy – Afzaluddin Badil ibni Ali (1120, Shervon – 1198, Tabriz) buyuk ozarbayjon shoiri. «Tuhfat ul-iroqayn» nomli 3 miig baytli masnaviysi g`oyat shuhrat qozongan. 17 ming baytdan iborat devoni ham bor. Navoiy bu yerda Xoqoniyning bir qasidasi javobida Xusrav Dehlaviy ham qasida yozganini tilga oladi.
54. Tarj.: Ko`nglim yosh boladir, ishq piri unga til bo`yicha ustozdir. Yuz qoralik – saboq va miskinlik – maktab go`shasi (burchagi)dir.
55. «Jilo ur-ruh» – «Ruhning jilosi». Abdurahmon Jomiyning qasidasi. Navoiy uni Amir Xusrav Dehlaviyning «Mir`ot us-safo» qasidasi javobida yozilgan, deydi.
56. Tarj.: Muallim kim? U – ishq va (ishq) maktabining xomushlik burchagidir; dars – nodonlik, dono dilim (esa), uning sabaq oluvchi yosh bolasidir.
57. «Nasim ul-xuld» – «Jannat nasimi». Alisher Navoiyning forsiyda yozgan qasidasi. «Devoni Foniyda Xoqoniyga tatabbu` deb, bu yerda esa Xoqoniy va Xusrav Dehlaviy – har ikkalasiga tatabbu` deb yozadi.
58. Tarj.: Muallim – ishqdir, aql piri – saboq oluvchi boladir, bolaga adab berish uchun falak aylanuvchi charx bo`ldi. Bu yerda qadimda maktablarda «falak» (falaq, faloq) deyilgan, bolaning oyog`idan o`tkazib, aylantirib qiynov, azob beruvchi qurolga ishora qilinmoqda. Bu qasida Navoiyning «Sittai zaruriya» tarkibidagi 6 qasidadan biri.
59. «Ruh ul-quds» – «Pok, muqaddas ruh». Navoiyning mazkur 6 qasidalaridin biri.
60. Tarj.: Kanday yaxshi Qudrat qalami bilan narsalar tasvirlangan; undan har zamon ming xil ajoyib naqshlar paydo bo`ladi.
61. «Ayn ul-hayot» – «Hayot chashmasi». Navoiyning forsiydagi 6 qasidasidan biri.
62. Tarj.: Tun posbonlari qora chodir yoyganlarida, oy yuzli g`unchalarga (go`zallarga) jilva beradilar.
63. «Minhoj un-najot» – «Najot yo`li». Navoiyning «Sittai zaruriya» tarkibidagi 6 qasidasidan biri, forsiyda yozilgan.
64. Tarj.: Yuzing sham`idin insonlar ko`zi nurlandi, ayni insonlikdan jahon ko`z qorachig`i (qarog`i) bo`lding.
65. «Quvvat ul-qulub» – «Yuraklar quvvati». Navoiyning 6 qasidasidan biri, bu ham forsiyda yozilgan.
66. Tarj.: Jahon – fano (katta) yo`lining tor marhala (manzili)sidir; u yerda turma, bu yo`l shohu gadoning yo`li. Baytda bu dunyoning o`tkinchiligiga kinoya mavjud. Shoirning e`tirof etishicha, bu 6 qasidada Olloh va Payg`ambar (s. a. v.) madhi va tasavvuf; ma`rifatga, haqiqatga oid fikrlar bayon etiladi.
67. «Fusuli arba`a» – «To`rt fasl». Navoiyning yil fasllari – «Saraton» (yoz), «Xazon» (kuz), «Bahor» va «Dan» (qish) deb nomlangan forsiydagi asarlari.
68. Xoja Kalimuddin Salmon – Jamoluddin Xoja Salmon ibni Xoja Alouddin Muhammad Sovajiy (1310, Iroq Ajamidagi Sova shahri – 1376, o`sha yer) – fors shoiri. Unga «Qasidai masnu`» degan asari katta shuhrat keltirgan: Bu o`ta murakkab qasidani shoir bir necha bahr, turli-tuman she`riy san`atlar qo`llanilgan muvashshah (bezatilgan, ziynatlangan) tariqida yozgan. Uning «Kulliyoti»da 16 ming baytdan ziyod she`rlar va «Jamshid va Xurshid», «Firoqnoma» dostonlari mavjud.
69. Tarse` san`ati – ikki misra` she`rni bir-biriga mos so`zlar bilan bezab, ohangdosh qilish san`ati. Bu yerda Navoiy Salmon Sovajiyning bir qasida matla`ida qo`llagan mazkur san`atda bir so`zda takalluf qilgani – chetga chiqqanini ko`rsatib o`tadi (obi – mushki).
70. Tarj.: Pokiza yuzining sofligi bahor suvini to`kdi. Jannatdek ko`yi (manzili)ning havosi toza va eng xushbo`y hid taratdi.
71. Tarj.: Bahor faslining nasimi bo`stonga shunday yeldiki, unda oshiqlarga nigor (sevgili) vaslining xush isi yetishdi.
72. Xalil ibn Ahmad (vaf. 786 y.) – arab tilshunos olimlaridan, aruz vaznlarining ijodkori hisoblanadi.
73. Tarj.: Ey, sening yuzing jahonni bezovchi yulduzdir,. Ey, sening xushbo`y hiding jon rohatidir; Yo rab, sening soching bo`lmasa, chunonam parishonlik bo`ladi, kokiling (esa) fig`onli tunga o`xshaydi.
74. Hazrati Shayx Muslihuddin Sa`diy – Muslihuddin Abu Muhammad Abdulloh ibni Mushrifuddin Sa`diy Sheroziy (1203 – 8, Sheroz – 1292, o`sha yer), ulug` fors shoiri. Uning «Bo`ston» va «Guliston» kabi asarlari tarkibidagi nazmiy va nasriy hikoyatlari, 4 ta devoni tarkibidagi lirik-g`inoiy she`riyati g`oyat mashhur bo`lgan.
Bu yerda Navoiy shoir g`azalining rang-barang va go`zalligini ta`riflamoqda.
75. Anvariy – Avhaduddin Ali ibni Muhammad ibni Ishoq (1105, Abivardning Xovaron shahri – 1187, Balx), mashhur fors shoiri. Anvariy o`z hajviyalari bilan el og`ziga tushgan, uni qasidanavislikning payg`ambari deb atashgan. Shoirning qalamiga 250 qasida, 337 g`azal, 472 ruboiy, 557 qit`a mansub bo`lib, she`riyatining umumiy hajmi 15000 baytni tashkil qiladi. Navoiy bu yerda Anvariy va Salmon kabi shoirlarning she`rlaridan daqiq – nozik fikrlar xususida uning qoshiga muhokama uchun kelganlari va fikrini to`g`ri hisoblab, munoqashalari (bahs) bartaraf bo`lgani haqida yozadi.
76. Mir Shohiy – Amir Oqmalik ibni Malik Jamoluddin Feruzshohiy, taxallusi Mir (amir) Shohiy (1385, Sabzavor – 1453, Astrobod), taniqli shoir, xattot, naqqosh va musiqachi. Uning ajdodlari mo`g`ul istilochilariga qarshi ko`tarilgan dehqon va hunarmandlarning «sarbadorlar harakati» deb dovrug` taratgan qo`zg`olonning yetakchilaridan bo`lganlar. Bu harakatga barham berilgach, Mir Shohiy Boysung`ur Mirzo (Shohruh Mirzoning o`g`li, Ulug`bek Mirzoning inisi) saroyini tark etib, Sabzavorga qaytadi va dehqonchilik bilan shug`ullanadi. Navoiy «Majolis un-nafoisda bu shoirni ko`rmagani, lekin oralarida yozishmalar bo`lib turganini qayd etib o`tgan. Sabzavorda vafot etgan shoirning na`shini Astrobodga keltirib dafn qilingan.
77. Kotibiy – Shamsuddin Muhammad ibn Abdulloh (tug`. y. noma`lum, Turshez – 1435, Astrobod), mashhur shoir, xattot va munshiy. Taxallusi xattotlik san`atiga ishtiyoqi va undagi mahorati baland bo`lganiga dalildir. Manba`larda Kotibiy qalamiga 140 asar mansub deb qayd qilinadi. Devoni va «Xamsa»siga kirgan dostonlari bor.
78. Sulton us-salotin – Husayn Boyqaro nazarda tutiladi. Husayn Boyqaro Temur Ko`ragon naslidan bo`lib, Mirzo Mansur Boyqaroning o`g`lidir. U 1438 y. tug`ilgan va 1506 y. vafot etgan. Navoiyning bolalikdan do`sti. 1469 y. Hirot taxtiga chiqqanida Navoiy Samarqandda tahsil olayotgan edi. U darhol Navoiyni maxsus farmon bilan poytaxtga da`vat etgan va do`stini avval muhrdorlik, keyinchalik vazirlik rutbasigacha ko`targan edi va uning xalqparvarlik yo`nalishdagi faoliyatiga hamda samarali ijodiga keng yo`l ochib bergan, zarur imkoniyatlarni yaratib bergan edi. Husayn Boyqaro davrida Hirot butun Sharqda ilm-ma`rifat, san`at, adabiyot va madaniyatning yashnagan markaziga aylangan edi. Husayn Boyqaro qadimgi o`zbek tili taqdiri masalasiga katta mas`uliyat va zo`r tavajjuh bilan qaragan. O`zi ana shu tilda go`zal she`rlar bitgan yaxshi shoir ham. U «Husayniy» taxallusi bilan ijod qilar edi. Navoiy «Majolis un-nafois»ning 8-majlisini Husayn Boyqaro g`azallari tahliliga bag`ishlagan. Husayn Boyqaro qalamiga 1485 y. nasrda bitilgan bir risola ham mansub. Unda Navoiy «Xamsa»si va she`riyatiga g`oyat yuksak baho berilgan.
Navoiy ham deyarli har bir asarida Husayn Boyqaro ta`rifiga alohida boblar ajratgan. Zahiriddin Muhammad Bobur tili bilan aytganda, «Sulton Husayn Mirzoning zamoni ajab zamone edi, ahli fazl va benazir eldin Xuroson, bataxsis Hiriy shahri mamlu edi. Har kishiningkim, bir ishga mashg`ullug`i bor erdi, himmati va g`arazi ul erdikim, ul ishni kamolg`a yeturgay».
Navoiy bu yerda ham Husayn Boyqaroning unga ko`rsatgan ehtiromi va asarlariga e`tibori, umuman ilm, adab ahliga bo`lgan yuksak munosabatini bayon etadi.
79. Hasson Sobit va Laqit – hijriy tarixning avvallarida yashagan arab shoirlari.
80. Ibrohim Mahdiy (779 – 839) – arab abbosiy xalifalaridan Mahdiyning o`g`li. Bag`dodda xalifalik qilgan. Zamonasining taniqli olimlaridan, san`at va adabiyot homiysi va ijodkori bo`lgan.
81. Ma`mun xalifa – IX asrda Bag`dodda xalifalik qilgan Horun ar-Rashidning o`g`li. Ma`mun davrida madaniyat, ilm-fan juda yuksalgan.
82. Kamol Ismoil (1170, Isfaxon – 1238, o`sha yer) – atoqli forsiygo`y isfaxonlik shoir, 12 ming baytdan nborat devoni bor. Uni qasida bobida «xalloq al-maoniy», ya`ni ma`nolar (bu yerda ham yangi timsollar, ham yangi ma`naviy san`atlar nazarda tutiladi) ijodkori deb ardoqlashgan.
83. Zahir – Zahir Foryobiy, Zahiruddin Tohir ibni Muhammad (1160, Balx – 1202, Tabriz), asli xorazmlik, Nishopur madrasalarida tahsil ko`rgan, ko`p safarlarda bo`lgan. Uning shogirdi she`rlarini to`plab, devon tartib qilgan va Majiduddavla degan ozarbayjon amaldoriga taqdim etgan. Zahir qasidalarida madh asosiy mavqe`da bo`lib, ularning zimnida hukmdorlarni odil, insondo`stlik va himmatli bo`lishga da`vatni o`qib olish qiyin emas. Shoirning qit`alari ham ijtimoiy aqidalarni to`laroq bayon qiladi. Navoiy bu yerda Zahirni qasidago`ylikdagi mahoratini nazarda tutadi.
84. Firdavsiy – Abulqosim Mansur ibni Hasan Tusiy (934, Tus yaqinidagi Bojiy qishlog`i – 1021, o`sha yer) ulug` fors shoiri. Yoshligidan qadimgi dostonlar, rivoyat va asotirlarga qiziqishi benihoya bo`lgan Abulqosim, ayniqsa Abu Mansur Abulmuayyad Balxiyning, Mas`ud Marvoziyning va Daqiqiyning tugallanmay qolgan «Shohnoma»larini jam`lab, o`rganib chiqadi. 975 – 976 yillarda o`zining «Shohnoma»sini yozishga kirishadi va qariyb o`ttiz yil mehnat qilib, 994 yilda uni tugallaydi. Lekin bu davrga kelib, shoirga homiylik qilgan somoniylar tanazzulga yuz tutgan va taxtni Mahmud G`aznaviy egallagan edi. 1010 – 1014 yillarda Firdavsiy «Shohnoma»ni zamonaga sozlab tahrir qilib chiqadi. Ammo asardagi zardushtiylar madhi, umuman g`oratgar istilochilarga nafrat, ularga qarshi turishga da`vat saroy ahli, saroy shoirlari va hukmronga ma`qul tushmaydi. Firdavsiy ta`qibdan qochib, qolgan umrini sargardonlikda o`tkazadi. U 87 yoshida Tus yaqinida vafot etadi va o`z bog`iga dafn qilinadi. Hozirgi kunda Erondagi «Koxi Gu-liston» muzeyi fondida «Shohnomai Boysung`uriy» nomi bilan mashhur, Shohruh Mirzoning o`g`li, Ulug`bek Mirzoning inisi Boysung`ur Mirzo tomonidan nodir nusxalar asosida tayyorlangan (unga Boysung`ur Mirzo so`zboshi ham yozgan) «Shohnoma» saqlanadi. Badiiy bezaklarga boy, 22 ta miniatyura o`rin olgan bu qo`lyozmani Ja`far degan kotib kitobat qilgan.
Firdavsiy qalamiga bir necha g`inoiy – lirik qasida va g`azallar, qit`a va ruboiylar ham mansub. 100 baytlar chamasidagi bu she`rlarni turli manbalar, chunonchi, farhang, tazkira va bayozlardan olib, nemis olimi 1872 yilda nashr qilgan.
Navoiy bu yerda Firdavsiyni masnaviy ustodlaridan deb ta`rif qilmoqda.
85. Sulton To`g`rul – Saljuqiylar sulolasining oxirgi hukmdori. Iroqda podshohlik qilgan. Shoh Shujo` (vaf. 1385) – Eronda hukm surgan Oli Muzaffar hukmdorlaridan. Olim va shoir bo`lgan.
86. Xuloguxon (Halokuxon) (vaf. 1285) – Chingizxonning nabirasi. Elkoniya davlatining birinchi hukmdori.
87. Temur Ko`ragon (1336, 9 aprelü, Kesh (hozirgi Shahrisabz) – 1405, 18 fevralü – O`tror) – Temuriylar sulolasining asoschisi, yirik sarkarda. Otasi Tarag`ay barlos qabilasi zodagonlaridan. Onasining ismi Tagina bo`lgan. 1370–1507 yillar mobaynida Temuriylarning markazlashgan davlati. Movarounnahr va Xurosondan tashqari Eron, Iroq,Ozarbayjon va Hindistonning shimoliy qismini o`z ichiga olgan.
Navoiy «Majolis un-nafois»da Temur shaxsiyati, faoliyatiga baho berib, VII majlisin uning nomi bilan ochar ekan, kezi kelganda nazm va nasrdan biror bayt o`qib yuborar, adabiyotdan xabardor bo`lgan, deb yozadi. Bu yerda Huloguxon davridan Temur Ko`ragon, uning o`g`li Shohrux zamonigacha turkiy tilda ijod qilgan ko`p shoirlar yashab o`tdi, deb ta`kidlanmoqda.
88. Shohrux Sulton (1377 – 1447) – temuriy hukmdorlardan. Temurning to`rtinchi o`g`li. Ulug`bek va Boysung`ur mirzolarning otasi. Uning 42 yillik hukmronlik davrida Samarqand, Hirot, Marv va b. joylarda bir qancha istehkom, binolar va inshootlar qurildi, ilm-fan, madaniyat, adabiyot rivoj topdi. Navoiy bu yerda Shohrux zamonida turkigo`y shoirlar ijod qilgani haqida so`z yuritmoqda.
89. Sakkokiy (XIV asr oxiri va XV asr birinchi yarmi) – turkigo`y lirik shoir. Ulug`bek Mirzo davrida shuhrat qozongan. Shoirning Ulug`bek Mirzo, Xalil Sulton va b. nufuzli shaxslarga qasidalari bor.
90. Haydar Xorazmiy (XIV asr oxiri – XV asr birinchi yarmi) – Nizomiy Ganjaviyning «Mahzan ul-asror» dostoni asosida tarjima yo`sinida o`ziga xos bir doston yaratgan. U Temuriylardan Umarshayxning o`g`li Iskandar Mirzo davrida ijod qilgan va o`z dostonini unga bag`ishlagan.
91. Atoiy (XV) – turkigo`y, sohibi devon shoir. Uning g`inoiy she`riyatida majoziy va haqiqiy ishq yuksak mahorat bilan tarannum etilgan.
92. Muqimiy (XV) – hirotlik turkigo`y shoir. Navoiy «Majolis un-nafois» tazkirasining ikkinchi majlisida bu shoir haqida ma`lumot beradi va uning tasavvuf istilohotini yaxshi bilganini ta`kidlaydi.
93. Yaqiniy (XV) – turkigo`y shoir va adib. Shoirning nasrda yozilgan «O`q va yoy» munozarasi o`zbek adabiyotidagi shu janrniig yetuk namunasi sanaladi. Navoiy o`z tazkirasida bu shoir haqida: «Tundroq mashrabliq (ya`ni: qo`pol, keskin fe`l-atvorli) kishi erdi... oxir damida tavba qilib, ahli saloh tariqi bila kechti», – deb yozadi.
94. Amiriy (XIV asr oxiri – XV asr avvali) turkiy va forsiyda ravon she`rlar yozgan shoir. Uning «Dahnoma» nomli g`inoiy dostoni ham bor. Qabri Badaxshon tomonidagi Arhangsaroy degan joyda, deb yozadi Navoiy o`z tazkirasida.
95. Gadoiy (tug`. 806/1403 – 1404) – turkigo`y, sohibi devon shoir. Uning yagona devoni Parij Milliy kitobxonasnda saqlanadi. Gadoiyning Shohrux nabirasi (qizining o`g`li) Xalil Sultonga bag`ishlangan tugallanmagan qasidasi bor. O`zbek adabiyotshunosligida birinchi marta shoir she`rlari 1965 yilda (noshir va so`zboshi muallifi S. G`anieva) va to`la holda Parij nusxasi asosida 1973 yilda (noshir va so`zboshi muallifi E. Ahmadxo`jaev) bosmadan chiqqan. Navoiy Gadoiy she`riyatiga o`z «Majolis un-nafois»ida yuqori baho bergan.
96. Lutfiy (1366, Hirotning Dehikanori – 1465, o`sha joy) – turkiyda ko`proq yozgan, forsiyda ham qalam tebratgan shoir. Lutfiy devoni g`azal, tuyuq, qit`a, ruboiy, qasida va fardlardan tarkib topgan. Navoiy «Majolis un-nafois»da Lutfiy forsiy va turkiyda o`xshashi yo`q so`z san`atkori bo`lganini va asar oxirida u bilan bir uchrashuvini bayon etadi. «Nasoyim ul-muhabbat» asarida Lutfiyning tasavvuf bilimdoni ekanligidan dalolat beruvchi ta`rifni keltiradi. Lutfiyning Shohrux Mirzo, Boysung`ur Mirzo va Jomiyga go`zal qasidalari bor.
Lutfiy «Gul va Navro`z» nomli doston yaratgan deyiladi. Lekin bu asar Lutfiyga mansub emasligi haqida adabiyotshunosligimizda munozaralar olib borildi, masala hamon hal bo`lmadi.
97. Sulton Bobur (vaf. 1457, Mashhad) – Abulqosim Bobur Temuriy hukmronlardan. 1447 – 1457 yillarda Xurosonda shohlik qilgan. Shohrux vafotidan keyin avj olib ketgan Temuriy shahzodalarning o`zaro kurashlariga dosh bera olmay poytaxtni tashlab ketganlar Bobur taxtga o`tirgach, qaytib kela boshlaganlar. Ular orasnda Navoiyning oilasi ham bor edi. Navoiy va Husayn Boyqaro yoshliklarida ana shu Boburning saroy xizmatiga kirgan edilar. Abulqosim Bobur madaniyatimiz tarixida chuqur iz qoldirgan shoir, xattot, adabiyot va san`at ahli homiysi, «Shohnomai Boysung`uriy» nomi bilan mashhur bo`lgan go`zal kitobat tashabbuskori va ishtirokchisi Boysung`ur Mirzoning o`g`li edi.
98. Rustami doston – bu yerda Navoiy Husayn Boyqaroni Abulqosim Firdavsiyning mashhur «Shohnoma»si qahramoni Rustamga o`xshatmoqda.
99. Somi Narimon – Firdavsiy qahramonlaridan, Zobuliston hukmdori Rustamning bobosi. Bu yerda Navoiy Husayn Boyqaroni Somi Narimonga o`xshatmoqda.
100. Iskandar (mil. av. 356 y., Pella – mil. av. 323 y., Bobul) – Yunondagi Maqzun viloyati hukmdori. Sharqda Iskandari Zulqarnayn nomi bilan mashhur. Sharq adabnyotida Iskandar haqida birinchi doston Firdavsiy «Shohnoma»si tarkibida kayoniylarga bag`ishlangan qismlarda keltiriladi, Nizomiy Ganjaviy «Iskandarnoma» («Sharafnoma» va «Iqbolnoma» deb nomlangan ikki qismdan iborat), Xusrav Dehlaviy «Oyinai Iskakdariy» nomli dostonlar yaratishgan. Jomiy va Navoiylarning ham «Xiradnoman Iskandariy» va «Saddi Iskandariy» dostonlari mavjud. Bu dostonlarda Iskandar odil va xalqparvar hukmron sifatida ta`rif qilinadi. Iskandar timsoli Sharq she`riyatida ko`plab keltiriladi. Bu yerda Navoiy Husayn Boyqaroni Iskandarga o`xshatmoqda.
101. Jamshid – rivoyatlarda Yima, Firdavsiy «Shohnoma»sidagi qahramonlardan biri, Tahmurasning o`g`li. 700 yil hukmronlik qilgan deyiladi. Uning davrida temirdan harbiy aslahalar, libos tikish, dehqonchilikka asos solingan. «Navro`z» bayramini ham Jamshid joriy etgan. Navoiy «Tarixi muluki Ajam»da Jamshidga alohida maqola bag`ishlaydi. Bu yerda ham shoir Husayn Boyqaroni Jamshidga o`xshatmoqda.
102. ar.: «Sulton ibn Sulton, Hoqon ibn Hoqon, din, dunyo va saltanat quvvati Abulg`oziy Sulton Husayn Bahodirxon Olloh taolo uning saltanati va mulkini abadiy qilsin, olamni uning yaxshiligi va karomatidan bahramand aylasin».
103. 905 h. y. – mil. 1499 – 1500 y.
«MEZON UL-AVZON»NING IZOH VA TARJIMALARI
Navoiyning bu asari turkigo`y xalqlarni aruz ilmidan bahramand etish niyatida yozilgan. Shoir an`anaviy aruzga turkiy she`riyatga xos bo`lgan vaznlarni, ularning bahrlarini qo`shdi.
«Mezon ul-avzon»dan avval Shayx Ahmad Taroziyning «Fununi balog`a», keyin esa Boburning «Risolai aruz»i turkiyda yaratilgan.
«Mezon ul-avzon» 1993 yilda prof. Kamol Eraslan tomonidan Turkiyada nashr etilayotgan Navoiy kulliyotining 14-jildi sifatida bosmadan chiqdi. Undagi qisqa ma`lumotnomada Navoiyning hayoti, adabiy faoliyati va asarlari adadi beriladi. Asarlar sanog`ida «Zubdat ut-tavorix» ham bor, lekin bu Navoiyning alohida asari bo`lmay, «Tarixi anbiyo va hukamo» va «Tarixi muluki Ajam»ga shoir bergan umumiy nomdir.
Kirishda Kamol Eraslan aruz va aruz ilmi, bu sohadagi Navoiy xizmati haqida, jahon xazinalaridagi «Mezon ul-avzon»ning qo`lyozmalari haqida ma`lumotlar beradi. Asar matni so`ngida nusxalardagi farqlar (3 bet), matnning hozirgi turk tiliga o`girilgan matni, aruz vaznlari (5 bet) va aruz atamalari (71 bet) berilgandir.
* * *
1. Tarj. ar.: Olloh mulkini dahlsiz va umrini uzun qilsin!2. Xalil ibn Ahmad (vaf. 175/791) – Aruz ilmining asoschisi. Aruzga oid asari «Kitob ul-ayn» deb ataladi. Bir rivoyatga ko`ra u aruz haqidagi asarini Makkada, boshqasida Basrada yozgan deyiladi.
3. Shams Qays – Shamsuddin Muhammad bin Qays Roziy (vaf. 628/1230 – 31) Eronning Ray shahrida tug`ilgan. Movarounnahr, Xuroson, Xorazm, Buxoro, Marv, Iroqda yashagan, mo`g`ullar istilosi yillarida sarson-sargardonlikda mashaqqatlar chekkan. Uning «Al-mo``jam» asari mashhur bo`lgan.
4. Xoja Nasir Tusiy (597/1200 – 1201 – 672/1273 – 1274) – «Asos ul-iqtibos» va «Me`yor ul-ash`or» nomli aruzga oid asarlari bor.
5. Maxdumi Nuran – Abdurahmon Jomiyning laqabi.
6. Tarj- ar.: «Suygan narsalaringizni infoq-ehson qilib bermaguningizcha hargiz yaxshilikka (jannatga) yetmagaysiz» (Qur`on. «Oli Imron» surasi, 92-oyat).
7. «Paydar-pay yuboriladigan shamollar va qutiradigan bo`ronlarga qasam» (Qur`on. «Var-mursalat» surasi, 21. 1, 2-oyatlar).
8. «[Taqvodor zotlar uchun] barcha darvozalari ochiq mangu jannatlar bordir. Unga mangu qolg`uvchi bo`lgan hollaringizda kiringiz» (Qur`on. «Sod» va «Zumar» suralari. 50 va 70-oyatlar).
9. Amir Xusrav Dehlaviy – Qarang: Ushbu kitob, izohlar, 311-bet.
10. Amir al-mo``minin Ali – Hazrat Ali ibn Abu Tolib (661 yilda qatl qilingan). Muhammad payg`ambarning amakivachchasi va kuyovi. U «xulafo ar-roshidin» (to`g`ri yo`ldan boruvchi xalifalar) deb atalgan («Choryorlar» ham deydilar) dastlabki to`rt xalifadan to`rtinchisi. Islomdagi ikki asosiy oqimlardan biri «shialik»ni tashkil etgan va shialarning birinchi imomi.
11. Xoja Ismat Buxoriy (vaf. 1437) – Buxoroda yashab ijod qilgan shoir. Xalil Sulton saroyida xizmat qilgan. Xalil Sulton zindonband etilgandan so`ng u sargardonlikka uchraydi. Ulug`bek taxtga o`tirgach, Ismat Buxoriyni saroyga taklif etadi. Lekin shoir taklifni qabul qilmaydi, u uzlatni, darveshlar orasida bo`lishni afzal ko`radi. Ismat Buxoriyning 8000 ming baytdan iborat she`rlar devoni, «Ibrohim Adham» nomli masnaviysi mavjud. Shoirning tasavvufiy fikrlar, so`fiyona his-tuyg`ular bilan yo`g`rilgan she`rlari xalq orasida mashhur bo`lgan. Shoirning devonida Ulug`bekka (13), Xalil Sultonga (40) va Temuriy shahzodalarga bag`ishlangan jam`i 75qasida, 466 g`azal, muxammas, qit`a va boshqa shakllardagi she`rlari mavjud. Bu devon 1987 yilda Tehronda nashr qilindi. Unga Ahmad Karamiy «Zabardast olim va porso orif» nomli (6,5 sah.) so`zboshi yozgan. So`zboshida ta`kidlanishicha, irfoniy jihatdan Ismat Buxoriy she`rlari Hofizga va ravonlikda Sa`diyga o`xshaydi. Shoir «Ismat», «Ismatulloh», «Nasiriy» taxalluslarida yozgan va oxirgisini unga Xalil Sulton tavsiya etgan ekan.
«TARIXI ANBIYO VA HUKAMO»DAGI QUR`ONI KARIM OYATLARI VA BOSHQA ARABIY IBORALAR TARJIMASI
2. Va u zot Odamga barcha narsalarning ismlarnni o`rgatdi...
(Qur`oni majid «Baqara» surasi, 31-oyat. Bundan keyin sura nomi va oyatlar raqami beriladi).
3. Barcha-barcha farishtalar unga (ya`ni, Odamga) sajda qildilar. Magar iblis sajda qiluvchilar bilan birga bo`lishdan bosh tortti («Hijr» – 50).
4. Va albatta to jazo (qiyomat) kunigacha senga (barchaning) la`nati bo`lur («Hijr» – 35).
5. Ey odam, sen esa jufting (Havvo) bilan jannatni maskan tutib... («Hijr» – 19).
6. ... Mana shu qarg`achalik bo`la olmadimmi? («Moida» – 31).
7. Va biz uni yuksak martabaga ko`tardik («Maryam» – 57).
8. Parvardigorim, yer yuzida kofirlardan biron hovli-joy egasini qoldirmagin («Nuh» – 26).
9. ... u sening ahlingdan emas... («Xud» – 46).
10. ... hatto mustahkam qal`alar ichida bo`lsangiz ham.. (o`lim sizlarni topib oladi («Niso» – 78).
11. Biz: «Ey zulqarnayn, yo ularni azobga duchor qilursan yoki ularga yaxshi muomalada bo`lursan», – dedik («Qahf» – 86).
12. «Mana shu Parvardigorim» («An`om» – 76).
13. U ham botib ketgach: «Ey qavmim, men sizlarning shirkingizdan pokman» («An`om» – 78).
14 .... Ekin o`smaydigan bir vodiy... («Ibrohim» – 37).
15. Menga keksalik paytimda Ismoil va Ishoqni hadiya qilgan zot – Ollohga hamdu sanolar bo`lsin («Ibrohim» – 39).
16. Biron narsa U zotga o`xshash emasdur. U eshitguvchi va ko`rib turguvchidir («Sho`ro» – 11).
17. «Ey ota, men tushimda o`n bir yulduzni, yana quyosh va oyni ko`ribman. Hammalari menga sajda kilayotgan emish» («Yusuf» – 4).
18. ... Bu bashar (farzandi) emas... («Yusuf» – 31).
19. (Aytdi:) «Men sizlarga rizq bo`ladigan (har qanday) taom oldingizga kelishidan ilgari uning qanday taom ekanini, ta`vilini aytib bera olaman» («Yusuf» – 37).
20. (Aytdi:) «Ey o`g`illarim, (Misrga) bir darvozadan kirmanglar, balki boshqa-boshqa darvozalardan kiringlar!» («Yusuf» – 57).
21. «Ey otajon, mana shu ilgari ko`rgan tushimning ta`biridir» («Yusuf» – 100).
22. «Parvardigoro, biz bilan qavmimiz o`rtasida haq hukm qilgaysan. O`zing hukm qilguvchilarning yaxshirog`idirsan» («A`rof» – 89).
23. Men sizlarning eng ustun Parvardigoringizman («Zan-najot» – 24).
24. «(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko`z quvonchidir. Uni o`ldirmanglar. Shoyadki, uning bizlarga naf`i tegsa yoki uni bola qilib olsak...» («Qasos» – 9).
25. Tilimdan tugunni – duduqlikni yechib yuborgin.
26. Mening o`zim Ollohman («Toha» – 27).
27 «Parvardigorim, o`zing men uchun huzuringda – jannatda bir uy bino qilgin, menga Fir`avn va uning qilmishidan najot bergin va menga bu zolim qavmdan najot bergin...» («Tahrim» – 11).
28. Ey Homon, men uchun bir (baland) qasr qurgin («G`ofir» -36). 29. «...Asoying bilan» dengizni urgin... («Shuaro» – 63).
30. Ollohdan, uning g`azabidan panoh tilaymiz va yana panoh tilaymiz. nafslarimizning va amallarimizning yomonligidan (Duo).
31. ... Eshitdik va bo`yinsunmadik... («Baqara» – 93).
32. Ey yer, tut (yut) buni.
33. ... Bas, borgin, sen o`zing va Parvardigoring ular bilan urushaveringlar («Moida» – 24).
34. «... Parvardigorim, men faqat o`zimga va birodarim (Horun)ga egaman, xolos. Bas, o`zing biz bilan bu itoatsiz qavmning orasini ajratgin...» («Moida» – 25).
35. U (xizmatkor) aytdi, «Buni ko`ring, biz (dengiz sohilidagi) qoyaga borib (orom olgan) paytimizda, men baliqni (unga jon kirib, savatdan tushib ketganini) unutibman» («Qahf» – 63).
36. «... InshoOlloh, sen mening sabr-toqatli ekanimni ko`rursan. Men biron ishda senga osiylik – itoatsizlik qilmasman» («Qahf» – 69).
37. «Aniqki, sen men bilan birga sabr qilishga hargiz toqating etmas, demaganmidim?!» («Qahf» – 72).
38. Aytdi: «Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir...» («Qahf» – 78).
39. Sabr qiling, ey onajon, Siz Ollohga yaqinlashib, uning rizoligini topdingiz. Siz bilan jannat orasida ikki qadamgina qoldi.
40. Muso (o`zining xizmatkori) yigitiga: «To ikki dengiz qo`shiladigan yerga yetmaguncha yoki uzoq zamonlar kezmaguncha yurishdan to`xtamanman» («Qahf» – 60).
41. Ey Dovud, darhaqiqat, biz seni yerda xalifa qildik. Sen kishilar orasida haqiqat bilan hukm qil! («Sod» – 26).
42. Ular dedilar: «Qo`rqmagin, (Bizlar) birimiz birimizga zulm qilgan ikki da`volashguvchi (jamoat)dirmiz. Bas, sen bizlarning o`rtamizda haq bilan hukm qilgin va (bizlardan biror tarafga) jabr qilmagin hamda bizlarni tekis – to`g`ri yo`lga boshlagin» («Sod» – 22).
43. Kishi o`z nafsi tufayli halokatga uchraydi.
44. Dedi: «Parvardigorim, o`zing meni mag`firat qilgin va menga o`zimdan keyin birontasi uchun muyassar bo`lmaydigan bir mulku davlat hadya etgin. Zero, yolg`iz sening o`zinggina (barcha yaxshiliklarni) hadya etguvchisan» («Sod» – 35).
45. Sulaymonga ertalab bir oylik, kechki payt bir oylik (masofani bosib o`tadigan) shamolni (bo`ysundirdik) («Saba`» – 12).
46. Axir ular o`zlaricha Olloh osmon va yerni hamda ular orasidagi bor narsani faqat haq (qonun) va belgilangan muddat bilan yaratganini (demak o`sha muddat bitgach, dunyo tugab, oxirat boshlanishini) tafakkur kilib ko`rmadilarmi? Darhaqiqat, bu odamlardan ko`pchilik qayta tirilib, Parvardigorlariga ro`baro` bo`lishni inkor qilguvchilardir.
47. Albatta, u Sulaymondir va u (maktubda shundan bitilgandir): «Mehribon va rahmdil Olloh nomi bilan boshlayman. Sizlar menga kibr-havo qilmay, huzurimga bo`ysungan holnigizda kelingiz!» («Naml» – 27).
48. (Shunda) jinlardan bir pahlavon aytdi: «Men uni sen o`rningdan turishingdan ilgari senga keltirurman. Albatta, men bunga qodir va ishonchlidurman» («Naml» – 39).
49. (Olloh dedi:)... «Darhaqiqat, Biz Sulaymonni imtihon qildik» («Sod» – 34).
50. ... Va uning taxti ustiga jonsiz jasadni tashladik («Sod» – 34).
51. «Aniqki, Biz Luqmonga hikmat ato etdik...» («Luqmon» – 12).
52. (Olloh dedi:) «Yunus ham, shubhasiz, payg`ambarlardandir» («Saffon» – 139).
53. «Parvardigoringiz hukmiga sabr qiling va nahang baliq sohibi (Yunus payg`ambar) kabi besabr bo`lmang!» («Qalam» – 48).
54. «... Hech iloh yo`q, magar o`zing bordirsan, ey pok Parvardigor, darhaqiqat, men (o`z jonimga) jabr qiluvchilardan bo`lib qoldim...» («Ankabut» – 87).
55. «Qancha muddat (o`lik holda) turding?» «Bir kun yo yarim kun», – dedi u Olloh dedi: «Yo`q, yuz yil turding. Taom va ichimligingga qara – buzilgan emas. Endi eshagingni (chirib, suyaklari ajrab ketganini) ko`rgin» («Baqara» – 259).
56. Yahudiylar: «Uzayr Ollohning o`g`li», – dedilar («Tavba» -30)
57. «... Parvardigorim, men qiz tug`dim». Holbuki, Olloh uning nima tuqqanini bilguvchirog`dir va har qanday o`g`il va qiz kabi (bu qizning o`rnini bosguvchi) emasdir «va men unga Maryam deb ism qo`ydim. Men bu qizga, uning zurriyotiga dargohingdan quvilgan shaytonning yomonligidan panoh berishingni sendan iltijo qilaman» («Oli Imron» – 33).
58. «Bas, Parvardigori uni (Maryamni) xush qabul aylab, chiroyli parvarish etdi...» («Oli Imron» – 37).
59. Har qachon Zakariyo (Maryamning) oldiga hujraga kirganida, uning huzurida bir rizq – nasiba ko`rdi. U: «Ey Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?» – deb so`raganida (Maryam) javob qildi: «Bular Olloh huzuridandir...» («Olv Imron» – 37).
60. «Albatta, Olloh o`zi xohlagan kishilarga behisob rizq berur» («Oli Imron» – 37).
61. So`ng mehrobda namoz o`qib turgan vaqtida unga farishtalar nido qildilar... («Oli Imron» – 38).
62. (Biz unga): «E Yahyo, Kitobni (ya`ni Tavrotni) mahkam ushlagin, (dedik) va unga go`daklik chog`idayoq hikmat – ma`rifat ato etdik» («Maryam» – 12).
63. Eslang (Ey Muhammad), farishtalar: «Yo Maryam, albatta, Olloh senga o`zining so`zini xushxabar qilib beradiki, uning ismi al-Masih Iso binni Maryam bo`lib, dunyoyu oxiratda obro`li va (Ollohning) yaqinlaridap bo`lur hamda odamlarga go`daklik paytida ham voyaga yetgan chog`idagidek gapirur va Solih bandalardan bo`lur...» («Oli Imron» - 46).
64. Eslang, Iso binni Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men Ollohning sizlarga (yuborgan) payg`ambaridurman. (Men) o`zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlaguvchi va o`zimdan keyin keladigan Ahmad ismli bir payg`ambar haqida xushxabar berguvchi bo`lgan holda yuborildim...» («Saf» – 6).
65. «Men sizlarga loydan qush timsolini yasab, unga puflasam, u Ollohning izin – irodasi bilan haqiqiy qush bo`ladi. Va yana ko`r, pes kasallarini tuzata olaman...» («Oli Imron» – 49).
66. «Va Ollohning izni bilan o`liklarni tiriltiraman...» («Oli Imron» – 49).
67. «... Ey tangrim, Parvardigor, bizga osmondan bir dasturxon nozil qilgilki, u avvalu oxirimiz uchun bayram va sening oyat – mo``jizang bo`lib qoladi. Bizni (shu ne`matdan) bahramand qilgil. O`zing eng yaxshi rizq berguvchisan...» («Moida» – 114).
68. Ollohdan panoh tilaymiz nafslarimizning va amallarimizning yomonligidan (Duo).
69. Hali ular (ya`ni, payg`anbar (a. s.)ga zamondosh bo`lgan yahudiy va nasorolarning ayrimlari o`sha Ashobul – Qahfni): «Uchtadir, to`rtinchilari itlaridir», – deb gaybga tosh oturlar (aniq bilmagan narsalari haqida gap soturlar)... («Qahf» – 22).
70. (Ular Qahf – g`orlarda) uch yuz yil turdilar va yana to`qqiz yilni ziyoda ham qildilar («Qahf» – 25).
71. So`ng (yahudin va nasroniy) firqalar (Iso xususida) o`zaro ixtilof qildilar... («Maryam» – 37).
72. Choh egalari la`nat qilingaylar («Buruj» – 4).
73. (She`r) Ayollarning vafosi haqida zikr qilishni qo`y. (Ularning vafosi) tonggi shabada va (yolg`on) ahdu paymonning o`zidir.
74. Qadr kechasi mnig ondan yaxshiroqdir («Qahf» – 3).
75. Olloh senga zoniya xotinlarning yuzini ko`rsatsin.
76. Me`dangda taom bo`laturib, taom yema. Qur`oni Qarim oyatlari Alouddin Mansur tarjimasidan olindi.
«ARBA`IN»NING IZOH VA TARJIMALARI
Sharq adabiyotida «arba`in» an`anasi mavjud bo`lib, xalq orasida mashhur, eng sahih hadislardan 40 tasini saralab olib, uning mazmunini bir ruboiyda talqin qilingan.
Abdurahmon Jomiyning «Chihil hadis»ini Alisher Navoiy turkiyga tarjima qilgan. Shoirning niyati, asar muqaddimasida ta`kidlanganidek, «forsiydonlar idrok aylagan» qirq hadis mohiyatidan turkiyzabonlarni ham bahramand qilish edi. Bu hadislarni she`rga solishda esa barcha shoirlar ularning oson tushunilishini, yodda saqlanilishini ham nazarda tutganlar.
HADISI SHARIF TARJIMALARI
1. Sizlardan hech biringiz o`ziga ravo ko`rgan narsani birodariga ravo ko`rmaguncha, chin mo``min bo`lolmaydi.
2. Kimki hayr-ehson qilishda, noo`rin joylarga sarf qilmaslikda, yaxshi odamlarni do`st va yomon odamlarni dushman tutishda faqat Ollohning rizoligini niyat qilgan bo`lsa, demak u o`z iymonini butun saqlaydi.
3. Qo`lidan va tilidan musulmonlarga ozor yetmaydigan kishigina haqiqiy musulmondir.
4. Mo``min kishida ikki xislat jam` bo`lmaydi: baxillik va yomon xulqlilik.
5. Inson keksaygan sari unda ikki xil xislat yasharib boradi: dunyoga muhabbat va orzu-havas.
6. Kimki insonlarga shukr aytmasa Ollohga ham shukr qilmaydi.
7. Odamlarga rahmli bo`lmagan kishiga Ollohning ham rahmi kelmaydi.
8. Dunyo mal`undur, Olloh zikridan boshqa dunyodagi befoyda ishlar ham mal`undur.
9. Dinor va dirhamga qul bo`lganlarga la`nat bo`lsin.
10. Doim tahoratli yurgin, tahorat – tozalik rizqu ro`zingni oshiradi.
11. Mo``min kishi bir teshikdan ikki marta chiqolmaydi.
12. Va`da – bu qarzdur.
13. Majlislarda eshitganing – omonat.
14. Maslahatchi – ishonchga sazovordir.
15. Qo`li ochiqlik – foydadur.
16. Qarz – bu din uzra dog`dur.
17. Qanoat – tuganmas boylikdir.
18. Tongi uyqu rizqni qisqartiradi.
19. Minnat – saxiylik ofatidir.
20. Boshqalardagi kamchilikni ko`rib, o`zini tuzatgan odam – saodatlidir.
21. Eshitgan gaplarini o`zgalarga aytish – insonning gunohga botishi uchun kifoyadir.
22. O`lim – bu ayni pandu nasihatdur.
23. Insonlarning yaxshisi – insonlarga foydasi tegadiganidir.
24. Olloh taolo xushfe`l va ochiq yuzli bandalarini sevadi.
25. Bir-biringizga hadyalar berib, do`stlashinglar.
26. Yaxshilikni chehralari ochiq odamlardan kutinglar.
27. Goh-goh ko`rishganda muhabbat oshar.
28. O`z aybini bilib, boshqalar aybini qidirmaydigan odam – xo`b yaxshi odamdur.
29. Haqiqiy boylik – bu odamlar qo`lidagi narsalardan noumid bo`lish, tama` qilmaslikdur.
30. O`ziga yarashmagan narsalarni tark etish – inson musulmonchiligining husnidur.
31. Kurashda g`olib chiqqan pahlavon emas, balki g`azabi kelganda, o`zini bosib olgan odam pahlavondir.
32. Boylik – molu dunyoning ko`plngi bilan emas, balki nafsning to`qligi bilan o`lchanadi.
33. Ishonmaslik – ehtiyotkorlikdir.
34. Ilmda baxillik yo`q.
35. Yaxshi so`z – sadaqadur.
36. Kulgining ko`pi – qalb o`limi.
37. Jannat onalaringiz oyog`i ostidadur.
38. Hamma balo – tildandur.
39. Begona ayollarga tashlangan har bir nazar – shayton o`qidur.
40. Mo``min kishi qo`shnisi och turib, o`z qornini to`yg`azmaydi.
Shul «Arba`in»ga muvaffaq etgani uchun Ollohga shukr. (Muhammad) va uning barcha pok nasliga Ollohning marhamat va rahmati hamda salomi bo`lsin.
Hadislarni Toshkent davlat sharqshunoslik instituti aspiranti Mansur Asqarov tarjima qilgan.
«SIROJ UL-MUSLIMIN»NING IZOH VA TARJIMALARI
2. Tarj. ar.: Tangri yuksak, unga hamma talpinuvchi ajib bir zotdir.
3. Shoh majlislarida qatnashib yuradigan, ziyrak va unga g`oyat yaqin (aynan jondek ichki) kim esa (fikrimizcha shahzodalardan biri) Navoiy she`riyati dillarni vayron va islomu din uyini alg`ov-dalg`ov qiladi, o`zi juda ko`p xayrli ishlar qiladi, lekin bulardan ne foyda, ya`ni hisobga o`tarmikan, degan fikrni aytadi. Navoiyda «Islom uyini ma`mur» etadigan bir asar yozish niyati paydo bo`ladi. Lekin turli yumushlarning ko`pligi bunga imkon bermaydi.
4. Samarqandda tug`ilgan va o`sha shaharda yashaydigan bir ulug` pokiza zot Hirotga tashrif buyuradi. Navoiy uning xizmatiga shoshadi.
5. Xojaekim... – Xoja Ahror nazarda tutiladi. Asl ismi Xoja Ubaydulloh, Toshkentga yaqin Bog`iston qishlog`ida 1404 yilda tug`ilgan va 1490 yilda Samarqandda vafot etgan mashhur shayx, naqshbandiylik valiylaridan biri, yirik feodal, nufuzli din arbobi. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylarning murshidi komili Xoja Ahror ilmda yaqinga qadar o`z haqqoniy bahosini ola olmagan edi.
Prof. A. I. Boldirev o`z hayotining so`ngi yillarida Xoja Ahror haqida kichik bir tadqiqot yaratib, uning mohiyatini «Bartolüd o`qishlari» (1974 yilda ta`sis etilgan) nomi ostida o`tkazilib kelinayotgan Umumittifoq Sharqshunoslar anjumaniga taqdim etdilar (1982). Ma`ruza kashfiyot darajasida qabul qilindi va 1985 yilda Moskvada «Feodalizm davridagi yaqin va O`rta Sharqda ruhoniylar va siyosiy hayot» to`plamida nashr etildi. Unda Xoja Ahrorning agrar faoliyati, «tamg`a»ni yo`q qilishi, «shariat va din ahkomlari»ni buzuvchilarni jilovlab turishi, Jomiy, Navoiy va Bobur talqinida uning shaxsiyati va faoliyatiga munosabat, asarlari, xayrli ishlari, bunyodkorligi, Ulug`bek qatliga daxlsizligi va h. k.lar birlashib, ilmdagi unga qarashni ijobiy tomonga yo`naltirish, haqiqiy bahosini olishi lozimligi qalamga olinadi.
6. Shibliy – Abubakr Shibliy, mashhur so`fiy, komil avliyolardan. Fariduddin Attor «Tazkirat ul-avliyo»da Shibliy manoqiblaridan 60 ta naql, suhbatlarni keltiradi. 945 yilda Bag`dodda vafot etgan.
7. Zunnun – Abulfayz Subon Zunnun Misriy, mashhur so`fiy. 859 yilda vafot etgan. Manbalarda uning kimyo fani bilan mashg`ul bo`lgani ta`kidlanadi.
8. Ubaydulloh – Xoja Ahrorning ismi.
9. Jabbor – Ollohning sifatlaridan biri, majbur qiluvchi, demakdir.
10. Tarj. ar.: Hech narsa unga o`xshash emas (Qur`on. «Sho`ro» surasi, 11-oyat).
11. Tarj. ar.: bilib ol.
12. Tasmiya – «Bismillohir rahmonir-rahim»ni aytmoq.
13. Takbir – «Ollohu akbar» (Olloh ulug`dir)ni aytmoq.
14. Tashahhud – «at-tahiyotu lillohi vas-salavotu vat-tayyibot.
Assalomu alayka ayyuhan-nabiyyu va rahmatullohi va barakatuh. Assalomu alayno va alo ibodillohis-solihin. Ashhadu allo iloha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhuadi aytmoq.
15. «Al-hamd» – Qur`oni majidning birinchi «Fotiha» surasi.
16. Ta`ahhud – ahd qilmoq.
17. «A`uzu» – «Auzu billohi minash-shaytonir-rojim»ni aytmoq.
18. «Sami`olloh» – «Sami`ollohu liman hamidah»ni aytmoq.
19. Ikki tasbih – biri ruku` tasbihi «Subxona rabbiyal-azim» va ikkinchisi sajda tasbihi «Subhona rabbiyal-a`lo»ni aytmoq.
20. 905 h. y. 1499/1500 milodiy yilga to`g`ri keladi.
«MUNOJOT»NING IZOH VA TARJIMALARI
«Munojot» mundarijasidan ma`lum bo`ladiki, u «Kulliyot» so`zboshisi emas, hayoti so`ngida o`z asarlaridagi ijtimoiy, siyosiy, falsafiy va dunyoviy muddaolar, shaxsiyatidagi davr talablari, mafkurasiga munosabat haqida ko`p fikr yuritgan shoirning botiniy hayajonlari, armon-o`kinchlari birlashib, Olloh nazdida tavbalar qilish ehtiyojini yaratgan. «Munojot» ana shunday iltijolar majmu`idan iborat. Unda mazmun bilan shakl uzviy bog`liq. «Munojot» tili – teran tafakkur tili, his-tuyg`ularga to`la ruhiy holat tili. Mohiyatan esa, bu asar kelajak avlodlarga qaratilgandek. Inson o`zligi, ma`naviy kamolot, iymon ustuvorligi, ezguliklar sari intilishga da`vat etuvchi asar bo`lib, unda bu yo`lda to`siq bo`luvchi jam`iki illatlarga qarshi turishni ham anglatadi.
1. Tarj. a.: Shoning oliy, ehsoning umumiy. O`zingdan o`zga Iloh yo`kdir, Ey do`st va qati`y mavjud zot.
2. Tarj. a.: ulug`lik va qudrat.
3. Tarj. a.: podshohlik va koinot.
4. Tarj. ar: bo`l desa bo`ladi.
5. Tarj. a.: to`zigan chang.
6. Tarj. a.: Ollohga o`xshash biror narsa yo`q.
7. Tarj. a.: u tug`magan va tug`ilmagan.
8. Tarj. a.: sening maqtovingni aytib tugata olmaymiz.
9. Na`t – payg`ambarni madh etish, uning yaxshi snfatlarini maqtash. Sharq adabiyotida «odobi tasnif»ga ko`ra asarlar» Ollohning «hamdi» (maqtovi, ulug`lanishi) va payg`ambar» «na`ti» bilan boshlangan.
10. Tarj. a.: Odam Ato suv bilan tuproq tarkibida yotgan davrdayoq men (Muhammad) bor edim.
11. Tarj. a.: butun olam va oxirgi payg`ambar.
12. Tarj. a.: Menda Olloh bilan birga bo`lmoq uchun vaqt bor.
13. Tarj. a.: Ollohning salomlari va rahmatlari ul zotga, pok oila a`zolariga va toza sahobalariga bo`lsin!
14. Tarj. a.: ulug`lar ulug`i.
15. Tarj. a.: rahmlilar rahimlisi.
16. Bu yerda podshoh Husayn Boyqaro nazarda tutiladi. «Munojot» bizda birinchi marta «Yoshlik» jurnalida (1990, 6-son. Nashrga tayyorlovchi S. G`anieva), keyin esa, «Boqiy satrlar» seriyasida 1991 yilda, alohida arab va joriy yozuvda (S. G`anieva), rus tilida (S.G`anieva tarjimasida) «Literaturnaya gazeta»da (Dosüe – 7. Koran. 1991), shuningdek, ingliz, olman, franöuz, ispan, arab, hind, fors, urdu, dari tillarida ham chop etildi («O`zbekiston» jurnali, 1990, 11 – 12-sonlar).
«RISOLAI TIYR ANDOXTAN»NING IZOH VA TARJIMALARI
Alisher Navoiyga nisbat berilgan (Qarang: Bertelüs Ye. E-Navoi. M.; L., 1948; S ye m ye n o v A. A. Navoiy qo`lyozmalari tavsifi. Toshkent, 1940) bu g`oyat kichik asar ashtarxoniylardan Abdulazizxon (1645 – 1680) kitobxonasiga mansub bir majmua tarkibida mavjud, deyiladi. Ushbu satrlar muallifining Urfon Otajon bilan hammualliflikda yozgan maqolasida risolaning mazmun va mohiyati yoritilar ekan, uning Navoiy qalamiga mansubligi haqida ba`zi dalil va mulohazalar bildiriladi (Qarang: «Tafakkur» jurnali. 1995 y. 3/4-son. 120 – 124-betlar).
1. Tarj. a.: Butun olimlarning parvardigoriga hamdu sanolar bo`lsin, Ollohning rasuli va uning oila a`zolariga duoi salomlar bo`lsin!
2. Odam – Olloh yaratgan birinchi inson. «Abulbashar» kunyasi, «Safiulloh» (Ollohning sof quli) laqabi. Xalqda Odam Ota deb yuritiladi. Bu yerda Odam jannatdan quvilgach,. Olloh unga dehqonchilik qilishni, bug`doy ekishni buyurgani haqida so`z ketadi.
3. Jabroil – Olloh bilan payg`ambar o`rtasidagn vositachi, vahiy keltiruvchi to`rt farishtaning biri. Uning «Ruh ul-amin» laqabi bor.
4. Sa`di Vaqqos – Muhammad payg`ambar sahobalaridan biri.
5. Amir al-mo``minin – Aln ibn Abu Tolnb (661 yilda qatl qilingan). Islomda «Xulafo ar-roshidin» (to`g`ri yo`ldan boruvchi xalifalar), xalq orasida «choryorlar» deb ataluvchi to`rt xalifaning to`rtinchisi, Muhammad payg`ambarning kuyovi va amakivachchasi. Islomdagi ikki asosiy oqimdan biri «shia» (arabcha «guruh» demakdir)ni Ali tashkil qilgan.
«Amir al-mo``minin» Hazrat Alining laqabidir. Navoiy Hazrat Alining «Nasr ul-laoliy» (nasriy gavharlar) nomli asarida jam`langan hikmatlarining har birini bir ruboiyda talqin qilgan (268 ta) va asariga «Nazm ul-javohir» (nazmiy-she`rlar javharlar) deb nom bergan. Adabiyotda Ali ajoyib sarkarda va jasur shaxs sifatida ta`rif qilinadi.
6. Shafiqi Balxiy – mashhur shayxlardan. Fariduddin Attor Ibrohim Adham tariqatini olgan edi, deb yozadi («Tazkirat ul-avliyo», 232-6.). Shafiqi Balxiy 174/790 – 791 yilda. Movarounnahrda dunyodan o`tgan.