Òîï ðåéòèíã www.uz


Saltanat sipehrining mehri raxshandasi va xilofat tojining la`li duraxshandasi, jahonbonlig` jismining ruhi nozanini va kishvarsitonlig` aynining mardumaki jahonbini, olam alqining rafei  va zamon  ahlining badei, ya`ni sulton Badiuzzamon Bahodir madhida: xalladallohu mulkahu va abbada davlatahu1


Azal  subhiki qildi xomai sun`
Taharruksiz xaroshi nomai sun`,

Abad shomig`acha ne bo`lsa mavjud,
Yozildi ul varaqda budu nobud:

Qadahchashqa xarobot o`ldi  marqum,
Vara`kashg`a munojot o`ldi maqsum.

Gadog`a notavonlig` bo`ldi ro`zi,
g`anig`a komronlig` bo`ldi ro`zi.

Birovga qismat oz bo`ldi bag`oyat,
Birovga baxshish o`ldi benihoyat.

Alarkim torti ko`p Haqdin atolar,
Erurlar olam ichra podsholar.

Bular ichra dag`i ko`pdur tafovut,
Biri yazdonparast o`lmish, biri but.

Shahekim Tengridin besa`yu ko`shish
Bori shahlardin ortuq topti baxshish,

Jahong`a boisi amnu amon ul,
«Badi ud-dahru Doroi zamon» ul.

Qachon andin Kim etsang «dahru Doro»
Sharif alqobi bo`lg`ay oshkoro.

Humoyun ismi mujmal bo`ldi ta`vil,
Qiloyin emdi bir-bir oni tafsil.

Munung  zimnida ne topmish azaldin,
Deyin mashruh xoli har xalaldin.

Oti o`n harf ila bo`ldi murakkab,
Budur tartib agar qilsang murattab.

Azaldin bir atog`a dol har harf,
Atoyoning dalili harf-barharf.

Erur «be» – birru ehsonning dalili,
Guhardek bahri Ummonning dalili.

Ikinchi harf davlatdin erur «dol»,
Topib dinu diyonat andin iqbol.

Uchunchi yumndin aytib nishona
Ki, tindi maqdami birla zamona.

Bo`lub to`rtunch anga «ayni» adolat,
Qilib ham umri tulig`a dalolat.

Yana bir rostlig`din aytibon roz,
Amonat bog`ida sarvi sarafroz.

Yana bir lutfdin aylab xabardor,
Latofat gulshanida bahra bardor.

Biri yetti adaddin topti taqsim
Ki, qilmish Haq nasibing yetti iqlim.

Yana birdin bo`lub millat kiromi
Ki, sendindur musulmonliq nizomi.

Yana bir jilvasin aylab mukarrar
Ki, bir Tengri durur yoring muqarrar.

Yana bir bu nidodin aylab ogoh
Ki, bo`lmish qismating: «Nasrun minalloh»2.

Aning tarkibiga bu o`ncha holat
Qilur, qilsang taammul, yuz dalolat.

Dalil o`ldi bu suratlarg`a oti,
Va lekin bahri ma`ni durri zoti.

Aning zotig`a dur birla ne nisbat,
Bu ma`nidinki, bordur durg`a qiymat.

Duri zoti bo`lub daryoyi aflok
Ki har durri erur bir axtari pok.

Bu bahr aflokidin ruxsori xurshed,
Yuz uzra qatralar Birjisu3 Nohid.

Gahekim sindurub toji Kayoniy,
Olib ilgiga jomi Xusravoniy.

Tuzub suhbat «Bihishti  soniy» ichra,
May ichsa «Bog`i nav»4 ayvoni ichra.

Ani majlis dema, oliy sipehri,
Qadahdin davrida raxshanda mehri.

Dema mehr onikim, mehri sabukxez,
Ne andoq tezrav, ne surat angez.

Nishot afzoyroq Nohiddin ko`p,
Sarius-sayrroq xursheddin ko`p.

Quyosh bir qatla har kun ko`kni soyir,
Bu majlis charxin ul yuz qatla doyir.

Quyosh har davrida bir tiyra aqshom,
Munung har davridin ravshanroq ayyom.

Agar ko`k sur`atidin sayr etib mehr,
Mudiri har dam oning bir parichehr.

Mug`anniylar nishot afzo navodin,
Chekib Nohidni har dam havodin.

Zarofat holatida bazlago`lar,
Atorudqa qilib har dam g`ulular.

Bo`lur chun shah tarab birla qadahkash,
Tarab kayfiyatidin bo`lsa sarxush.

Berib yuz ganj yaxshi so`zga bexost,
Yomon so`zni qilib isloh ila rost.

Yomon men ayttim topib so`zum pech,
Aning bazmida so`z o`tmay yomon hech.

Quyoshdek olamoro bazm chog`i,
Jahong`a o`rt solib razm chog`i.

Qayonkim barqi tig`i shu`la sochib,
Aduvning paykaridin boshi qochib.

DEmasmenkim, kesib o`qi zirihni,
Taxayyul toridin ochib girihni.

Sinoni chun yetib sahmi qazodek,
Aduv qaddini aylab halqa yodek.

O`zi har sorikim surgach g`azabnok,
Qilib ul saf yoqosin sar-basar chok.

Zafarg`a surma raxshining g`ubori,
Quyoshqa shu`la tig`ining sharori.

Alo, tokim quyoshdin bo`lg`ay anvor,
Yoruq qilg`ay jahon mulkini hamvor.

Jahon mulki anga bo`lsun muyassar,
Quyosh toji aning boshig`a afsar.

Berib davron quyosh yanglig` kamoli,
Falakdin bo`lmasun, yorab, zavoli.

Ketur, soqiy, qadah xurshedini bot,
Ichay shahzoda yodi birla, hayhot!

Ki hajridin aning mahzunmen asru,
Bo`lay behushkim, majnunmen asru.



Bu deboi chiniy yuzin xitoyi soz naqshlar bila munaqqash qilmoq va ul xitoyi naqshlarni monuviy tiroz gullar bila dilkash bezamoq va bu guliston sahnida xoqoni Chin masnadi ehtishomin yoymoq va aning ehtishomi hadiqasi nasab guli va farzand mevasidin o`zga jami` azhor va favokih bila muzayyan erkonin aytmoq va dard bog`i g`unchasi va balo chamani shukufasi, ya`ni shahzoda Farhodning adam shabistonidin vujud gulshanig`a kelganini qalam bubuli tilidin sayramoq1


Bu chiniy hullag`a bo`lg`on raqamkash,
Yuzin bu tarh ila qildi munaqqash

Ki, Chin mulkiki, rashki naqshi Chindur,
Savodi g`ayrati xuldi barindur.

Shahe erdi muazzam xoni oning,
Dema xoni oning, xoqoni oning.

Iki olamcha mulki vus`at ichra,
Eti garduncha taxti rif`at ichra,

Sipohi yer yuzida qum hisobi,
Ne qum, gardun uza anjum hisobi.

Tajammul onda Afriduncha2 yuz ming,
Xizona maxzani Qoruncha3 yuz ming.

Uluvvi dargahi gardun misoli.
Qayu gardunki, andin dog`i oliy.

Mo`g`ul qullar kibi ollinda xonlar,
Bo`lub kishvardihi4 kishvarsitonlar5.

Kafining bazli Ummondin ham afzun,
Javohir sochmog`i kondin ham afzun.

Dema kondin, degil imkondin ortuq,
Nekim yo`q ondin ortuq, ondin ortuq.

Zamona toqi ofoq aylab oni,
Bari xonlar aro toq aylab oni.

Aningdek fard etib charxi kuhangard
Ki, bir farzanddin ham aylabon fard.

Mukallal mehr durri birla toji,
Aning bir o`zga durga ehtiyoji.

Murodi bog`i yuz guldin barumand,
Vale ul o`zga gulga orzumand.

Yuzidin ravshan aylab nuri kavnayn,
Anga ko`zdin uchub bir qurratul-ayn.

Debonkim: «Chun jahonning yo`q vafosi,
Emas mahkam amal qasri asosi.

Baqo ayvoni ko`p oli emastur,
Havodisdin jahon xoli emastur.

Kishi gar qilsa ming yil podsholiq,
Jahon mulkiga aylab kadxudoliq,

Chu tortar oqibat jomi fanoni,
Borur dam fahm etar bir damcha oni.

Shahikim, ko`kka chiqqay taxtu johi,
Gadokim, taxta kiz bo`lg`ay panohi,

Baqo  tufrog`idin silkar zamon yeng,
Bu dog`i  ul ikisi teng durur, teng.

Ne chekkay ko`kka boshin tojdori
Yo`q ersa bir dur andin yodgori.

Valaddur ul duru, volid sadafdur,
Sadaf, ya`ni otou dur xalafdur.

Sadaf yo`q, bahr aro gar bo`lmas inju,
Ani bil, bir nihoyatsiz achig` su[v].

Ne achchig` suvki masti vahshat oyin,
Labida kaf, yuzida mavjdin chin.

Chamanda sarv bas ra`no shajardur,
Yo`q andin naf`, chunkim besamardur.

Shajarkim juz latofat shevasi yo`q,
O`tun o`rnidadur gar mevasi yo`q.

Yog`indin gar bulut yetkurmasa sud,
Havoda ul hamonu bir qalin dud.

Chaqinkim yorudi anvori oning,
Chu o`chti, qolmadi osori oning.

Agar o`t o`chsa bo`lmas g`ussa yutmoq,
Chu axgar qoldi osondur yorutmoq.

Men o`ldum ul tengizkim gavhari yo`q,
Va yo ul o`tki oning axgari yo`q.

Tengiz yo`qkim, g`adiri vahshatangez,
Qayu ul o`tki, yovshondin bo`lur tez.

Bu o`tlug`din erur bag`rimda dog`im,
Qurutmosun debon davron o`chog`im.

Zihi hasratki, men yillar yutub qon,
Bo`lub Chinu Xito mulkida Xoqon.

Bu foniy dayrdin bo`lg`ach xiromim,
Kelib begonae tutqay maqomim.

Ayoq qo`yg`ay firoshu bistarimg`a,
Ilik sung`ay sipohu kishvarimg`a.

Shabistonim aro orom qilg`ay,
Zamona subhi irzim shom qilg`ay.

Manga yig`moqta yetgay mehnatu ranj,
Anga separg`a qolg`ay maxzanu ganj.

Aodi ta`nu afsusinmu aytay,
Eranlik nangu nomusinmu aytay.

O`g`ulsizlig`din o`ldi bu shikanjim
Ki Haq daf` aylagay bu dardu ranjim.

Bu qattig` vartada ilgimni tutqay,
Ko`zumni bir xalaf birla yorutqay».

Bu erdi muttasil guftu shunidi,
Xudoyidin o`g`ul erdi umidi.

Bo`lub ko`z yoshidin haryon guharposh,
Guhardek ko`zga istab o`zga bir yosh.

Bu maqsudi uchun sochib diramlar,
Qilib ko`p nazrlar, aylab karamlar.

O`g`ulsizlarni ham aylab navoliq,
Atosizlarg`a ham aylab atoliq.

Bulardin barcha komu muddaosi
Bukim, bo`lg`ay bir o`g`ulning atosi.

Bo`lub g`ofilki, nekim kilki taqdir
Raqam chekti, emas imkoni tag`yir.

Kishi har muddaodakim ko`rar sud,
Yaqin ermas ani tormog`da behbud.

Baso gavharki rangi ahmar erdi.
Ko`rundi la`lu, tutqach axgar erdi.

Ko`p asfar lavn soz etti zamona,
Ko`rundi zarvaraq, erdi zabona.

Kishi komida sud ermas chu ma`lum,
Rizo avlo durur bo`lg`ong`a maqsum.

Chu Xoqonning bu erdi muddaosi,
Ijobat qurbini topib duosi.

Shabistonida tug`di bir yangi oy,
Yangi oy yo`qki, mehri olam oroy.

Ochildi bog`ida bir otashin vard,
Demaykim, vard, balkim shu`lai dard.

Kiyurdi ilgiga davron nigine,
Nigin o`rnida la`li otashine6.

Yuzinda ishq asrori yozilg`on,
Ichinda dard ta`vizi qozilg`on.

Niginu la`l yo`q, durri shabafro`z,
Dema dur, gavhare – lekin jahonso`z.

Eshilgan rishtasi tobi vafodin,
TEshilgan bag`ri hakkoki qazodin.

Ko`zida ashk selidin asarlar,
Damida oh dudidin xabarlar.

Muhabbat nuri ollinda huvaydo,
Jamolida vafo tug`rosi paydo.

Falak deb dard elining shohi oni,
Malak deb dard o`ti  ogohi oni.

Tushub ishq ahli ichra har taraf jo`sh,
Chu tug`di o`tda sayr aylar Siyovush7.

Vafo xaylida g`avg`o shodlig`din,
Biri-birga muborakbodlig`din.

Ato ul durg`a chun nazzora qildi,
Sadafdek og`zi kulmakdin  yoyildi.

Sochib oncha javohir olam ichra
Ki, andin bahru kon qolib g`am ichra.

Yasab kishvarni oyin birla borcha,
Bu oyin tuhfai Chin birla borcha.

Bu yanglig` hukmi om aylab nadivor
«Ki, Chin mulkida bo`lsa harne devor

Yasalsun borcha oyin birla zebo,
Tutulsun borig`a  iksunu debo.

Ne debo, borchasi sanginu dilkash,
Xito suratlari birla munaqqash».

Qilib bu nav` ziynat birla oyin,
Tamomi Chinni suratxonai Chin.

Xaloyiq harne qilsa tergamak yo`q,
Ne qilg`onni yomon qilding demak yo`q.

Tuzub bir jashnkim  charxi kuhansayr,
Aning davrida bu toqi kuhandayr —

Aningdek ko`rmayin bazmi  Kayoni,
Yuzidin bircha ham bermay nishoni.

Falakdek xon fuzunroq anda haddin,
Quyosh qursi kibi non xud adaddin.

Olib kishvar elining ehtiyojin,
Bag`ishlab elga uch yilliq xirojin.

Ulus tutmay tarabdin bir dam orom,
Vale asrab tarab tavrida andom.

Tarab g`avg`osin ul kishvarda chog`lab,
Mashaqqat korvoni raxt bog`lab.

Qilib yag`mo xaloyiqdin garona,
Tutub aysh anda manzil jovidona.

Yuzinda kimsa chindin topmayin bahr,
Magar dashti yuzi lek ul dag`i shahr.

Qilib mahv el ichidin boda qayg`u,
Qaro qayg`uni daf` aylab qizil suv.

Ketur, soqiy, chekib yirlar uchun un,
Manga to`ydin ulush ber, jomi gulgun.

Meni Chin ahli  yanglig` mayparast et,
To`lo chiniy ayog`lar birla mast et.


Shahzoda  Farhodqa «Al-asmou tanzilu minassamo»1 hukmi bila ishq sipehri avjidin nomdorliq nasib bo`lmoq va shavq gulshanida g`uncha erkonda guldek ko`nglaki chok, balki bulbuldek ko`ngli g`amnok bo`lmoq va dard muallimi maktabida ishq kutubin lafz-balafz, balki muhabbat avroqin harf-baharf o`qumoq va dilovarliq maydonida shijoat varzishini qilichdek tez etib o`qdek  tuz etmak va zamon kinavarlaridin xuddek saromad va nayzadek sarafroz bo`lmoq


Bu zebo bazmning alhonnamoyi,
Bu yanglig` bo`ldi so`z dastonsaroyi:

Ki, chun Xoqong`a Tengri berdi farzand,
Bo`lub ul hadya birla shodu xursand.

Jamoli birla ko`nglin aylabon xush,
Otin qo`ymoq sori bo`ldi raqamkash.

Jamolidin ko`rungach farri shohi,
Bu fardin yorudi mah to ba mohi.

Qo`yub yuz himmatu iqbolu davlat,
Hamul far soyasidin torpti ziynat2.

Bu javharlarg`a chun isnod topti,
Murakkab aylagach Farhod topti.

Bu farni hodiyi baxt etgach irshod,
Ravon shahzoda otin qo`ydi Farhod3.

Hariru hulla ichra bog`labon chust,
Murassa` mahd ichinda tongdilar rust.

Bu nav` ermas ato qo`ymadi otin
Ki, ko`rgach ishq aning pokiza zotin.

Anga farzona Farhod ism qo`ydi,
Hurufi ma`xazin besh qism qo`ydi.

Firoqu rashku hajru oh ila dard,
Birar harf ibtidodin aylabon fard.

Borin ustodi ishq etgach murakkab,
Tarakkubdin bu ism o`ldi murattab4.

Malolat mahdida zor etti oni,
Bu qayd ichra giriftor etti oni.

Maalqissa chu topti mahd maskan,
Qafas davlat humoyig`a nishiman.

Arusi charx tun-kun doyakirdor
Bo`lub har tavri holidan xabardor.

BEshik davrida chiniyu xitoyi,
Bo`lub yuz no`shlab dastonsaroyi.

Ko`zining nozi eldin eltib uyqu,
Anga uyqu keturmakka navogo`.

Ko`runmay o`zga yoshlardek sifoti,
Ko`ziga bo`lmay uyqu iltifoti.

Sutikim, sog`ibon og`zig`a doya
Ki jismi andin olg`ay qutu moya.

Anga ichmak bo`lub nokom yanglig`,
Mavizu shirai bodom yanglig`.

Ne qatra sut ichurgach doyai ishq,
Bo`lub bir gavhari sarmoyai ishq.

Topib har qatra bir durdin nishoni,
Va lekin borchasi durri maoni.

Icharda mo`rdin o`ksuk g`izosi,
Topib qut onchakim, arslon bolosi.

Birovkim ishqdin bo`lg`ay anga qut,
Sut ichsa dur bo`lur, qon ichsa yoqut.

Bu yanglig` chun bir o`ldi yoshi oning,
Sharaf durrig`a yetti boshi oning.

Qadam urdiyu tarki mahd qildi,
Qo`yub emgak yururga jahd qildi.

Chu uch yoshig`a chekti davri  aflok,
Takallum qildi andoqkim duri pok.

So`zi bori bo`lub afsonai ishq,
Maqomu maskani koshonai ishq.

Ajabdur uch yoshida ko`zga atfol,
Nechukkim o`n yoshida o`zga atfol.

Qolib bu ishda el hayroni oning,
Sipehru mehr sargardoni oning.

Ato bu nav` ko`rgach ish hisobin,
Munosib angladi ilm iktisobin.

Keturdilar hakimi nuktadone,
Bilik birla jahon ichra jahone.

Falak mushkillari hal fikratidin,
Falakka mushkil oning diqqatidin.

Quyosh yanglig` yorug` rayi muniri,
Vale andin yoruq mo fizzamiri5.

Qayu ilmiki yo`q andin nihonroq,
Aning qoshida yo`q andin ayonroq.

Surub hay`at  sori chun fikrati raxsh,
Sirehr ajzosin aylab jav-bajav paxsh.

Vagar hikmatda rayi jism etib qism,
Ko`ziga nuqtai mavhum ulug` jism.

Tabiiyu, riyoziyu, ilohiy,
«Alif, be, te»dek ollinda kamohi.

Bo`lub Yunonda hikmat virdi oning
Arastu bir kichik shogirdi oning.

Yorutqoch bazmni  donoi olam,
Tilab shahzodani doroyi olam,

Qilib ta`limig`a yuz nav` ta`kid,
Falak ollinda manzil tutti xurshid.

Alif, be degach ustod ibtidodin,
Alif oldi alamdin, be balodin.

Ham avval kunda berdi sarvi gulxad
Atog`a hadyai ta`limi abjad6.

Uchunchi oy ravon bo`ldi savodi,
Burung`i yilda Qur`on bo`ldi yodi.

Agar bir qatla ko`rdi har sabaqni,
Yana ochmoq yo`q erdi ul varaqni.

Ne so`znikim o`qub ko`ngliga yozib,
Dema ko`ngliki, jon lavhiga qozib.

O`qub o`tmak, uqub o`tmak shiori,
Qolib yodida safha-safha bori.

Ko`rub chun ishqu oshiqliq maqolin,
Topib oshufta mahzun ko`ngli holin.

Aning sharhini takror aylabon ko`p,
O`qurda nolayu zor aylabon ko`p.

Bo`lub oshiq g`ami sharhida g`amnok,
Yaqo chokin o`qub, aylab yaqo chok.

Kim etsa darddin oz-oz rivoyat,
Qilib ul dard anga ko`p-ko`p siroyat.

Kishi ko`nglin bilib afgor yig`lab,
Ne ko`zda ashk ko`rgach zor yig`lab.

Hakim ul ishda qolib lol har dam,
Qilib andin yuz istidlol har dam.

Atog`a gah bo`lub g`olib tahayyur,
Anoni goh etib ojiz tafakkur.

Bu deb atfolg`a bu nav` o`lur hol,
Ul aytib, yo`qtururmu o`zga atfol.

Qilib har bir ani bir nav` ta`bir,
Biri bilmay ne nav` erkonni taqdir.

Ishi bu yanglig` erdi el aro fosh
Ki, to umridin oning o`tti o`n yosh.

Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm,
Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm.

Bo`lub o`n yoshqa umrining mururi,
Yigirmi yoshcha qaddu jismu zo`ri.

Ulum avroqi chun bir-bir yorildi,
Dilovarliq silohi mayli qildi.

Chu oz fursat anga mayl etti zohir,
Qayu bir mayli qilg`och bo`ldi mohir.

Olib qavsi quzah chekmakka qullob,
Turub mashriq etib mag`ribg`a partob.

Qaro tun gar nishon aylab Suhoni7,
Falakcha novakig`a ul nishoni.

Debon Turki falak8 otqonda zihlar,
Tavahhum toridin ochib girihlar.

Qilichi zarbasi ollinda har marz,
Shikof andoqki suvdin yer aro darz.

Ne yer, tog`iki kisvat qildi xoro
Bu kisvatdin qilib darz oshkoro.

Qilib gar hamla Alburz9 uzra bir gurz,
Bo`lub gardu chiqib gardung`a Alburz.

Evurgach nayzasin davri falakvor,
Bo`lub qalqon o`ziga charxi davvor.

Tubo mixi bila sonchib samakni,
TEshib no`gi bila davri falakni.

Chu maydon azmig`a solib takovar,
Buzug`luq boxtardin to ba xovar.

O`tub ko`k bodpoyidin samandi,
Tushub Bahrom10 bo`ynig`a kamandi.

Eti gardung`a ofat shashparidin,
Bo`lub suv hut11  bag`ri xanjaridin.

Asad bo`ynin uzub sapranja birla,
Zabuni bir asad12 har panja birla.

Qilib Ro`yintan13 o`z ilgini ranja,
Tutub chin ranjasi ollig`a panja.

Hamul ilmi baland ovoza birla,
Bu yanglig` zo`ri beandoza birla

O`zin abjad o`qur eldin tutub kam,
Dema donishki, zo`ri dast ila ham.

Bo`lub shahlar eshigining gadoyi,
Va  lekin ul gadolar xokipoyi.

Anga teng podsholig`, yo gadolig`,
Gadoliqqa teng etmay podsholig`.

Demon, ham ko`ngli poku ham ko`zi pok,
Tili poku so`zi poku o`zi pok.

Muningdek tiynati pokiga loyiq,
Duosin aytibon poki xaloyiq.

Aning sori sovug` yel essa nogoh,
Chekib Chin mulkining xalqi sovug` oh.

Qilib el xonumon oning fidosi,
Ne xonumonki, jon oning fidosi.

Ato yuzlanmasun deb dardu ranje,
Etib har kun boshig`a sadqa ganje.

Vale bir zarra dard o`lg`och padidor
Bo`lub ul ganjlar birla xaridor.

Asiri dard ichi-yu toshi oning
Ki, to o`n to`rt bo`ldi yoshi oning.

Ketur, soqiy, sharobi dard parvard
Ki, bo`ldi ko`nglumiz parvardai dard.

Boshimg`a dard chekmastin burun tig`,
Bu dam bazmi nishoti aylagil big`.



Farhodning shabob gulshanidakim, tarab gulbunining nishot gullari ochmoq mahali durur, dard xorlari ko`rguzmoki va bulbuldek shavq o`ti xorxoridin fig`on tuzmoki va xoqon bu ishtin g`unchadek diltang bo`lib, aning chorasi uchun to`rt bog` tarhin  solg`oni va to`rt qasr bino qilg`onikim, shoyad bu bog`lardin maqsud guli topilg`ay va ul qasrlardin murod eshigi ochilg`ay.


Muhandiskim bu qasr obod qildi,
Bu yanglig` tarhini bunyod qildi.

Ki chun xoqong`a ul kom o`ldi hosil,
Tarab bazmida orom o`ldi hosil.

Shabistonida ul sham` o`ldi ravshan
Ki, bazmi gullaridin bo`ldi gulshan.

Necha ul sham` bor erdi dilafro`z.
Vale ko`p shu`la tortar erdi jonso`z.

O`ti gohi chekar erdi zabona,
Bo`lub gohi sirishkim yuzda dona.

Yuziga ishq har dam deb nihoni
Ki, qilg`umdur bu gulni za`faroniy.

Qadig`a g`am yuki deb roz har dam
Ki, qilg`um bu «alif»ni «dol»dek xam.

Ko`ziga aytibon afsona qayg`u
Ki, bir kun ikisidin olg`um uyqu.

Boqib ko`ngligau tahdid etib dard
Ki, bu evdin chiqorg`um oqibat gard.

Ne ishkim charx etar izhorin oning,
Burunroq ko`rguzur osorin oning.

Isitmoq chun sharorat zohir aylar,
Badanda ul harorat zohir aylar.

Chu yafrog`ni to`kar bodi xazoniy
Burun rangini aylar za`faroniy.

Angakim bir balo yetkursa taqdir,
Etar avvalroq ahvolig`a tag`yir.

Aning, chun bor edi ollinda ko`p ranj,
Tarab ayyomi ham erdi alamsanj.

Qachonkim aylabon ishratqa ohang,
Dame no`sh aylamakka jomi gulrang.

Nishot ahli bo`lub har yon  navosoz,
Nishotangez doston aylab og`oz.

Surudikim ulusni xurram aylab,
Aning xurramlig`in dardu g`am aylab.

Ne doston ichra mazkur o`lsa Majnun.
Aning ko`ngli bo`lub albatta mahzun.

Ne alhon bo`lsa bir g`amdin rivoyat.
Bo`lub bu g`amdin ul g`amgin bag`oyat.

Eshitgach ishqu oshiqliq surudin,
Tiya olmay ko`zidin ikki rudin.

Bo`lub Xoqon aning holidin ogoh,
Tafakkur aylabon tortib sovug` oh

Ki, nevchun doyim ul shod ermas erking`
Hamisha g`amdin ozod ermas erking`

Ne erkin ohu afg`onig`a bois,
Ne qayg`u ashki g`altonig`a bois.

Xito mulkida har nav`i g`aroyib
Ki, mumkin bo`lmag`ay andoq ajoyib.

Sumanbarlar bori zebou nozuk,
Hunarvarlar bag`oyat chustu chobuk.

Musha`bidlar sipehri bevafoson,
O`g`urlab muhra ko`k tosidin oson.

Chu aylab la`b har nayrangsozi,
Falak har lahza yeb o`n qatla bozi.

Qilib tunni yorug`, kunni qarong`u,
Suvdin o`t yondurub, o`tdin sepib suv.

Ko`kartib shu`laliq o`tdin sipandon,
Osib o`rgamchi tori birla sandon1.

Bulardin dog`i purmakru fusunroq,
Hisobi haddu g`oyatdin fuzunroq,

Etib har kun oning bazmida hozir,
Alar aylab fusunu makr zohir.

Qilib shahzoda har qaysig`a ta`miq,
Bo`lub kayfiyati ollinda tahqiq.

Chu hal bo`ldi bo`lub bir dam tarabliq,
Bo`lub raf` ul ajab ishdin ajabliq,

Ne shaklikim ketar ashkoli oning,
G`aroyib ichra qolmas holi oning.

Bular birla dog`i shohi jahongir
Chu aylay olmadi bu ishga tadbir.

Bo`lub bechora ko`p qildi taammul,
Yana bir o`zga ish qildi taxayyul,

Ki, qilg`ay to`rt oliy qasr bunyod,
Bo`lub har fasl bir qasr ichra Farhod.

Tuzub ul qasrda ishratqa asbob,
Farog`at birla no`sh etgay mayi nob.

Yasab har qasrning davrinda bog`e.
Ki bo`lg`ay har gul andin shabcharog`e.

Topib ul fasl rangin ahli nirang,
Muvofiq aylagaylar qasrini rang.

Bahoriy qasrining tuzgach asosin,
Olib gullar jamolidin qiyosin.

Buti gulchehradek shang aylagaylar,
Yuzidek oni gulrang aylagaylar.

Yana qasreki tobistoniy o`lg`ay,
Tana`umning saro bo`stoni o`lg`ay2.

Qilur  ul fasl bargu sabza ohang,
Tanosub birla qilg`aylar yashil rang.

Yana bir qasrkim bo`lg`ay xazoniy,
Chu bor ul fasl rangi za`faroniy3.

Anga bu rang ila bergaylar oyin,
Qilib zarkorlig` birla har oyin.

Yana bir qasrni aylab shitoyi,
To`shab kofurgun jinsi xitoyi4.

Berib nisbatda qoru muzg`a payvand,
Etib rangin oning kofur monand.

Bu yanglig` to`rt qasri  charxkirdor
Ki, bo`lg`ay to`rt fasl andin namudor.

Muhayyo aylagaylar naqshi chindek,
Fazosi ravzai xuldi barindek.

Tugangach ravzadek har bayti ma`mur
Keraklik bo`lsa g`ilmon anda yo hur.

Xitou Chinda tanlab nozaninlar,
Bori g`ilmonvashu huro jabinlar.

Bu jannatlarg`a qilg`aylar xiromon,
Nechukkim ravza ichra huru g`ilmon.

Shak ermaskim, bulardin shohzoda
Tana`um birla bo`lg`ay dilkushoda.

Burundinkim solur ish tarhi ustod,
Tamom o`lg`uncha har bir ishratobod,

Hunarvarlarki qilg`aylar hunar fosh,
Agar xorotaroshu xoh naqqosh.

Biri har dam yo`nub yuz nav` xora
Ki, qilg`ay havz yo farshu izora.

Biri  har dam chekib yuz naqshi dilkash
Ki, har bir qasrni qilg`ay munaqqash.

O`shul muddatg`acha bu korxona
Ki, ko`rguzgay tuganmakdin nishona.

G`aroyib ko`p huvaydo bo`lg`usidur,
Base shakl anda paydo bo`lg`usidur.

Ko`runub har zamoni ko`zga bir shakl,
Ko`z olg`och bo`lg`usidur o`zga bir shakl.

Chu bo`ldi jilvagar ashkol yuz nav`,
Anga ham bo`lg`usi timsol yuz nav`.

Yasarda bo`lsa har san`atqa mashg`ul,
Yasalg`ach bo`lg`usi ishratqa mashg`ul.

Chu bu ishlarga bo`ldi tab`i mu`tod,
Shak ermas bo`lmog` ul ishlardin ozod.

Chu Xoqon topti mundog` chorag`a dast,
Ichiga shodlig` yuzlandi payvast.

Bor erdi ollida farxunda dastur,
Mamolik ra`yidin obodu ma`mur.

Topib oroyish andin mulku ziynat,
Tutub el ichra Mulkorog`a shuhrat.

Shah etmay mayl anga aytilmayin ish,
Aning ra`yidin ayru qilmayin ish.

Hamul Farhodg`a erdi atobek,
Ko`rub Farhod xud oni atodek.

Aning oshufta holidin bu ranjur,
Nechukkim ganji yag`mo torsa ganjur.

Shah ul fikr aylagach, eldin nihoni,
Kirib xilvat aro chorlatti oni.

Qusuru hur ishin tarh etti borin,
Taxayyul qilg`anin sharh etti borin.

Duo aylab dedi farxunda dastur
Ki hech ish qolmamish poyingg`a mastur.

Ravon qilmoq kerak emdi shurui,
Anga-o`q ayladi shah ish rujui.

Chu Mulkoro eshitti, qo`pti filhol,
Shahi mulk ollida yer o`pti filhol.

Chiqib shoh ollidin o`lturdi dilxush,
Bo`lub asbob jam`ig`a raqamkash.

Ketur, soqiy, manga jomi mayi nob,
Bu soatkim muhayyo bo`ldi asbob

Ki, gardun yetti qasridur vafosiz,
Jahonning to`rt fasli ham baqosiz.


Mulkoroning to`rt ravzai Eram1 monand bila to`rt qasri falakpayvand imoratin to`rt ayirib har biriga Zuhalvash sarkor va Atorudson me`mor ta`yin qilib rub`i maskundek obodlig`ig`a mashg`ul bo`lg`oni va Farhodning ish tamoshosig`a kelib, ahli hunar san`atini tamosho qilib, Qorani2 sangtarosh ishiga yetishgach g`arobatidin fahmi teshasi ul ish idpoki xorasidin kund bo`lub, quyosh mag`rib tog`ig`a mayl  etgondek, aning xorosi ustiga tushub, metin tilidin so`z surub, xoro sadosidin javob topib, ul ish mayli mumdek ko`ngliga «Kan-naqshi fil-hajar»3 bo`lg`oni


Muhayyo aylagan bu korxona,
Bu yanglig` surdi vaz`idin fasona

Ki chun shah qildi Mulkoroni ma`mur()
Binolar mulkdin qilmoqda ma`mur.()

O`zi otlandi davlat birla xushhol,
Tushub davlat kibi ollinda iqbol.

Rikobida hakim erdi adadsiz,
Muhandisshevalar ollinda hadsiz.

Kezib Chin davrida shodu qadahkash,
Aningdek to`rt mavzi` qildilar xush.

Ki har bir ko`rguzub jannat fazosi,
Fazosidek suvi birla havosi.

Kelib bir faslg`a har bir muvofiq,
Bo`lub shahzoda oromig`a loyiq.

Topib devor arkonini avval,
Buyurdi har biriga to`rt jadval.

Chekildi bir yig`och tul ichra har xat,
Yig`och o`rni ham o`ldi xat bar xat.

Chu topti bog` tarhi zebu oyin,
Qilildi to`rt qasr o`rnini ta`yin.

Buyurmoqta o`tub dorog`a navbat,
Etishti ishta Mulkorog`a navbat.

Xito mulkida erdi ikki ustod,
Ikavlon tav`amonlig` birla hamzod.

Laqabda biri Boniy4, biri Moniy,
Muni ko`rgan tasavvur aylab oni.

Qilib me`morliq Boniy ishin fosh,
Kelib Moniy Xito mulkida naqqosh.

Bo`lub Boniyg`a ul yanglig` mahorat,
Ki sharhidin kelib ojiz iborat.

Chekib bu qasri miynokor tarhin,
Kishi andoqki bir devor tarhin.

Suv uzra gunbazi gardun hisobi,
Anga soz etmak andoqkim hubobi.

Kelib har ne bino ul qilsa bunyod,
Yiqilmoqdin falak qasridek ozod.

Bo`lub tufrog`i oning xoradin berk,
Yasab ohakni ohanporadin berk.

Vale Moniy oningdek naqshbandi
Ki, naqshin charx anga naqshin parandi.

Mudavvar mustaqim o`lsa raqamkor,
Chekib andoqki jadval birla pargor.

Chu bog`lab surati bejong`a zevar,
Bo`lub ul nav`kim ruhi musavvar.

Kelib ul naqsh kilki soyasidin
Ki, kelmay yuz qalam piroyasidin.

Kishiga tushda ta`lim etsa zohir,
QO`pub ul uyqudin ustodi mohir.

Yana bir ustodi chobuk erdi
Ki, ham luk, san`ati ham nozuk erdi.

Qilib xoro safi birla masof ul,
Laqabda Qorani xoroshikof ul.

Chu metin no`gini xopokan aylab,
Qatiq xoroni ravzan-ravzan aylab.

Chu nozuklukni aylab xomasi fan,
Bo`lub bir lavh uza umre qalamzan.

Yana har nav` ustodi yagona
Ki, ko`rmay fannida andoq zamona.

Tilab borini dasturi xiradmand,
Ish ahvolidin o`ldi nukta payvand

Ki, shahg`a bo`yla amre hodis o`lmish,
Anga shahzoda fikri bois o`lmish.

Bu yanglig` to`rt bog`i jannatoyin,
Ichinda to`rt qasri ravza tazyin.

Kerakkim to`rt fasl ul tutsa orom,
Bo`lub ko`ngli qushi har ravzag`a rom.

Borining rangu vaz`in ayladi sharh
Ki, ul nav`u bu nav` etmak kerak tarh.

Chu so`z topti nihoyat, to`kti yarmog`,
Taammulsiz nechukkim toshu tufrog`.

Alar ham korband aylab bilikni,
QO`pub ko`zlarga qo`ydilar ilikni.

Chu Mulkoro alarni qildi xushdil,
Masolih jam` etarga bo`ldi moyil.

Burun ul ishni qildi to`rt sarkor
Ki, jam` etkaylar ulcha bo`lsa darkor.

Qo`yub yuz kordon har ish boshida,
Yana ming korgar har yuz qoshida.

Toshirg`a toshu xishtu bel aroba,
Tutub Chin ichra obodu xaroba.

Solib ham tog`u ham homung`a afg`on,
Og`ir yukdin tushub gardung`a afg`on.

Chiqib har tog` uza yuz xora andoz,
Ish uzra o`lturub ming xora pardoz.

Aroba demakim, garduni doyir,
Bo`lub xoro yuki ostida soyir.

Shafaq birla falakdin to`lg`amay bosh,
Toshib ish boshig`a oqu qizil tosh.

Bo`lub har novakash bir bahri jo`shon,
Ruboiy bahri soz aylab xurushon.

Alarning bahri zo`ridin nishona
Ki, har yon kemalar aylab ravona.

Topilmay udu sandal ichra najjor,
Nechukkim kirsa do`kon ichra tujjor.

Bo`lub chun arrasi chekmakda mahrur,
Yog`ib sandal nechukkim qishda kofur.

Bo`lur har doygar gardung`a payvast,
Qolib bel urg`uchi balchiq aro past.

Urarda belin kirgach fig`ong`a,
Otib bir parcha balchiq osmong`a.

Biyik toq ustida ustodi banno,
Quyidin qilsa xisht olmoq tamanno,

Topib yuz ming qamar sayr ichra tavse`,
Zuhal birla  vale borig`a tarbe`.

Payopay korfarmodin hayohay,
Hayohaydin qilib el ish payopay.

Tushub xayli bani odamg`a oshub,
Bani odam solib olamg`a oshub.

Bo`lur gardon aningdek to`rt sarkor
Ki, sargardon qolib bu yetti pargor.

Ketib ustodlardin ishda qonmoq,
Ne tinmoq bir zamone, ne tayonmoq.

Ul ishlarga bu yanglig` bo`ldi chun tarh,
Sarosar qildilar shahzodag`a sharh.

Ki,  mundog` to`rt qasri charxkirdor,
Bo`lubtur to`rt jannatdin padidor.

Ki, har bir toqidek ko`rmaydur ofoq
Ki, bo`lg`ay rub`i maskun ichra ul toq.

Chu ta`rif ettilar haddin ziyoda,
Havas qildi ko`rarga shohzoda.

Minib ot, o`ldi ul yon dashtpaymoy,
Nechukkim tavsani gardun minib oy.

Surub yuz mahvash atrofida markab,
Aningdekkim, qamar davrida kavkab.

Chu raxshin surdi ul yon bemadoro,
Qiyomat ko`rdi bo`lg`on oshkoro.

Tushub bir olam elga bul-ajab jo`sh.
Bo`lub borig`a xobu xo`r faromush.

Chekib gardung`a to`rt andoq bino bosh
Ki, gardun deb anga har lahza: shobosh!

Falak toqig`acha bog`lab havoza,
Zuhal yanglig` chiqib ustiga roza5.

Qo`yorg`a har bino oli ravoqi,
Bo`lub qolip hamono charx toqi.

Ishida mahv oningdek har bir ustod
Ki, ishdin o`zga bori ishdin ozod.

Ko`rub shahzoda andoq turfa ahvol,
Tahayyur barmog`in tishlab – qolib lol.

Qayu bir peshakim andesha aylab,
Qolib hayronu tahsin pesha aylab.

Kezar erdi boqib har peshavarni
Ki, ko`rdi necha chobuk teshavarni.

O`kub har sori qulla-qulla xoro,
Qilibon pora-pora bemadoro.

Itik teshalarig`a har qaro tog`.
Pichoq ollinda andoqkim, sarig` yog`.

Birining mumdek ilgida xoro,
Qilib suv g`ulbig`a sher, oshkora.

Biri yumshog` yig`ochdek xora pardoz.
Sutung`a pil poya aylabon soz.

Aroda naqsh bandi hiylasozi,
Muhandis shevai paykartirozi

Temurdin xomasi har yon ravona,
Qilib tosh uzra tufroqdek nishona.

Chekib yuz nav` paykar xomasidin
Ki, Moniy lol o`lub hangomasidin.

Gahi hanjor ila, gohi qilib zo`r,
Solib san`at bila ofoq aro sho`r.

Ko`rub shahzoda andoq kordone,
Tamoshosig`a mayl etti zamone.

Chu tushti, soldilar bir tosh uza raxt,
Yasab shoh o`ltururg`a xoradin taxt.

Saodat birla tutqoch anda taskin,
Dedi: «Ey kordoni san`at oyin.

Degil bu san`atingdin bizga fasli
Ki, andin zohir o`lsun far`u asli.

Oting aytu oni hamkim bu pesha
Ki, yo`ng`ay mumdek xoroni tesha.

Nedindur ko`rmaduk bu nav`i hargiz
Ki, bo`lmish fahm idpokida ojizg`

Yig`ochekim qatiqroq bo`lsa zarra,
Pichoq yetkach bo`lur andoqki arra.

Ne suv birla beribsan teshanga zeb
Ki, topmas xora yo`nmoq birla osib.

Hamul xomangki aylar xora tanqir,
Aning kayfiyatin ham ayla taqrir».

Er o`pti kordoni naqshpardoz,
So`zin qildi duo birla sarog`oz

Ki: «To bo`lg`ay havodis Ko`hi-Qofi6
Chaqilg`ay ildirim xoro shikofi.

Havodis toshidin osuda boshing,
Ushotsun dardu g`am boshini toshing.

Qatiq xasming nasibi xora bo`lsun,
Mashaqqat tog`ida ovora bo`lsun.

Chu so`rdung avval otim shuhratini
Va so`ngra san`atim kayfiyatini.

Otim Qoran, ishim xud oshkoro,
Qo`lumda teshau ollimda xoro.

Bukim so`rdungki metin birla tesha,
Nechuk sinmay yo`nar xoro hamesha?7

Aning suv bermagida holati bor
Ki, andin aylamasbiz elga ixbor.

Su bersa o`yla afzorig`a ustod,
Yuz il xoro demaykim, yo`nsa po`lod,

Sinardin teshavar osuda bo`lg`ay,
Tugangay baski ishdin suda bo`lg`ay.

Xito ahli bu san`at aylabon soz,
Bo`lub olam elidin ishta mumtoz.

Bu el ham ulcha men bilganni bilmay,
Dalilim buki: men qilganni qilmay».

Chu dono surdi mundoq nuktai pok,
Bo`lub shahzoda bilmakka havasnok

Dedi: «Ollimda bo`l shug`lungg`a mashg`ul,
Ki, bu san`at erur ko`nglumda maqbul.

Gahe yo`ng`il, gahe naqsh ayla xora,
Men aylay o`lturub bir-bir nazora».

Hunarvar yetkurub gardung`a boshin,
Muhayyo aylabon afzoru toshin.

Ko`rub shahzoda ko`nglin shug`lig`a band,
Bo`lub xoro taroshu naqsh payvand.

Qayu bir teshakim xorog`a solib,
Bu tahsin aylabu hayratqa qolib.

Bu erdi shug`li to ul lahzakim mehr –
Yashurdi burqai xoro aro chehr.

Qupub ul xoradin shahzoda nokom,
Tutub xorosumi ustida orom.

Savodi shahr sori xorapaymoy,
Nechukkim tog` aro mehri falaksoy.

Ketur, soqiy, manga bir jomi rangin
Ki, tushmish g`am toshi ko`nglumg`a sangin

Ki, ul sel anda g`am xorin supurgay,
Demay g`am xorikim, xoroni surgay.


Farhodning Qoran bila xoro yo`narda muqorin bo`lub, balki ul oyning bu Zuhal bila qiron qilmog`i va bu fanda anga sohibqironliq eshigi ochilmog`i va Moniy qalam mo`yidin tasvir fanin qalam-baqalam, balki mo`-bamo` bilmog`i va jamii sanoyi` va hunar daqoyiqi aning ilgiga kelmog`i va to`rt yilda to`rt hadiqai Eram misol va to`rt qasri Xavarnaq timsolningkim,  to`rt fasl muqtaziyoti rangi  bilan bino qo`yulub erdi, itmomi va xoqonning alarni Farhodga musallam tutub, anda bazmi ishrat tuzarga ehtimomi


Bu xoro uzra tez etkan qalamni,
Yuziga bo`yla naqsh etti raqamni:

Ki, chun shahzoda tushti uyga ul shom,
Yo`q erdi ko`nglida bir lahza orom.

Bo`lub xoro tamoshosig`a mag`lub,
Solib har dam havas ko`nglig`a oshub.

Nechakim aql piri zufunundur,
Havas atfoli ilgida zabundur.

Chu bo`ldi tun qaro tog`i nigunsor,
Nechukkim zilzila bo`lg`onda ko`hsor.

Quyosh la`li chekib tog` uzra avrang,
Falakni subh qildi marmariy rang.

Chu gardun qullasig`a mindi xurshed,
Tamosho azmig`a otlandi Jamshed1.

Surub markabni chun ul yon yovushti,
Hunar ahliga rustoxez tushti.

Solib har xayl ichiga chun nazar tez,
Tavaqquf aylamay aylab guzar tez.

Debon har kim ishiga chun solib ko`z,
Ham oning istilohi birla bir so`z.

Topib ahli hunar bu nav`i komin,
Fuzunroq aylab ishda ehtimomin.

So`zidin chun tamattu` oldi har xayl,
Ravoni ayladi Qoran sori mayl.

Yana tutti hamul xopoda maskan
Yana yo`ndi hamul xoroni Qoran.

Buyurdikim, kelib ustodi haddod,
Yasog`ay  teshau metini po`lod.

Hamul ohangudozi ohaninchang,
Ravon qildi buyurg`on ishga ohang.

Bo`lub o`tdin temur la`li Badaxshon,
Shafaq ichra nechukkim mehri raxshon.

Yasab har nav`idin afzori diljo`,
Vale afzorig`a Qoran berib suv.

Suv bergach olibu xoro yo`nub tez,
Bo`lub xorodin ul suv otashangez.

Ne ish soriki solib ko`z nihoniy,
Nihonu oshkoro onglab oni.

Tasarruflar qilib ul nav`i mulhaq
Ki, birdin ming bo`lub ul ishga ravnaq

Aningdek qildi xoro yo`nmog`in vird
Ki, yuz Qoran qoshida bo`ldi shogird2.

Gahi eldin qilib andesha pinhon,
Olur erdi qo`lig`a tesha pinhon.

Qilib bir damda oncha ish nihoni
Ki, qilg`ay o`zgalar bir oyda oni.

Bu erdi har kun oning ishtig`oli
Ki, to ul peshada bo`ldi kamoli.

Chu bo`ldi to`rt yil gardun mururi,
Yasoldi to`rt firdavsu qusuri.

Tashida qildi Qoran san`atu soz,
Ichinda bo`ldi Moniy naqsh pardoz.

Hamon alvon bilakim tushti taqrir,
Tuzatti har bir evga naqshu tasvir.

Qalamzang`a3 bo`lub surmak qalam fan,
Yonida korfarmo4 ham qalamzan.

Qayu suratki Moniy qildi timsol,
Anga Farhod ochti chehra filhol.

Bu ishni dog`i oz fursatda qildi,
Aningdekkim, kerak alqissa bildi.

Ul evlarga tuganguncha ichu tosh,
Ham o`ldi xorabur, ham bo`ldi naqqosh.

Bularni qo`yki, har ustodi mohir
Ki, qildi san`atin ul evda zohir,

Chu har yon mayli bir dam zohir o`ldi,
Ul ishda ustodi mohir o`ldi.

Butub alqissa har bir qasri oliy,
Yasaldi bog`lari jannat misoli.

Bahoriy ravza torqoch zebu tazyin,
Ichu toshig`a gulgun bo`ldi oyin.

Bo`lub suratlariga chehra gulrang,
Qilib gulzor aro ishratqa ohang.

Gileme solinib gulgunu zebo,
Yasolib ko`rgasi gulrang debo.

Bo`lub gulrang ravzan, tobadon ham,
Eshik gulrang, balkim oston ham.

Butub havzeki andin ruh olib qut,
Ushoq tosh tegrasida la`lu yoqut.

Bo`lub gulrang may havz ichra to lab,
Arig`lardin dog`i oqib labo-lab.

Ochilg`on har taraf bir gulshani gul,
O`kulgan har sori bir xirmani gul.

Kezib gulchehralar har sori mavzun,
Kiyib boshdin-ayoq deboyi gulgun.

Yana bir ravza tobistoni uslub
Ki, keldi qasri miynorangu marg`ub.

Topib ul dog`i axzar zebu oro,
Qolib  sargashta andin charxi xazro.

Eri uzra sarosar sabza navbar,
Chamanlar sarbasar sarvu sanavbar.

Qushi to`ti, ne to`tikim surushe,
Malakdek hulla birla sabz po`she,

Ravon bir sho`xi sabzorang har yon,
Tutub bir jomi miynorang har yon.

Bo`lub har havzning toshi zabarjad,
Ushoq tosh o`rnig`a sochib zumurrad.

Falak yanglig` yashil qasrida toshi,
Yashil toshi kabi toqida koshi.

Aningdekkim yashil koshiyu xora,
Yashil chini bila farshu izora.

Demay har sarv, balkim har giyohi,
Bo`lub ishratqa anda Xizri rohi.

Yana bir ravzag`a rangi xazoniy,
Tana`um kulgusiga za`faroniy.

Muzahhab toqi bazm oroyi oning,
Mutallo farshi gardunsoyi oning.

Hunar kilki bila aylab hunarkor,
Ichin zarkoru toshin dog`i zarkor.

Ichining surati ruhi musavvar,
Tashining shamsasi mehri munavvar.

Bo`lub havzining oltun farshu xishti,
Nechukkim xisht ila farshi bihishti.

Mayi asfar bu havz5 ichra ravona,
Suv ichra mehr aksidin nishona.

Nechukkim havzdin oqib sorig` mul,
Xazoniy bargdin yog`ib sorig` gul.

Sanamlar jilvagar mehri samovash,
Ayog`din-bosh libosi kahrabovash.

Bori ma`shuqu oshubi zamona,
To`ni rangi borining oshiqona.

Yana bir ravza rangi sarbasar nur,
Bayoz ichra kirib, andoqki kofur.

Bo`lub qasrining ichu toshi marmar,
Ne marmar, yashmi kofuriy sarosar.

Safodin havzi siymi nob yanglig`,
Tala`ludin suyi simob yanglig`.

Bo`lub gachkorlig` siymin ravoqi,
Nechukkim qosh  ichinda ko`zning oqi.

Bari oq hulladin oyini oning,
Bari farshi bo`lub oq chini oning.

Yorub har ev xitoyi siymtandin,
Tan uzra hullasi bargi sumandin.

Sadafgun havz aro har yon oqib suv,
Bu suvdin sekregan har qatra inju.

Bu yanglig` to`rt suratxonai Chin,
Ichinda to`rt qasri ravza oyin.

Qayu bir qasr har ayvon sipehri,
Ne suratxonakim, har shamsa mehri.

Tugandi zeb aro Bog`i Eramdek,
Qayu Bog`i Eram, baytulharamdek6.

Chu Mulkoro shuruu ehtimomi,
Muhayyo qildi ul ishni tamomi.

Kelib Xoqon qoshida qildi taqrir,
Munungdek to`rt mushkil ishni bir-bir

Dedi chun borchaning kayfiyatin jazm,
Tamoshosig`a Xoqon ayladi azm.

Surub so`l yonidin farxunda dastur,
Savodi mulk royi birla purnur.

Yurub o`ng yonidin shahzoda Farhod,
Bo`lub shah shod, bal shahzoda ham shod.

Guzar aylab burung`i ravza sori,
Shahu shahzodau dastur bori.

Tushub chun qildilar azmi tamosho,
Desang firdavs o`lur ul nav` hosho.

Ko`rub bog`ida yuz turluk ajoyib,
Topib qasrida ming oncha g`aroyib.

Ikinchi xud jinondin bul-ajabroq,
Uchunchi qasr ondin bul-ajabroq.

Bo`lub to`rtunchida baskim latofat,
Bu uchdin dog`i ortuqroq g`arobat.

Bu andin yo`qki, ul mundin kelib xo`b,
Biri-birdin kelib matbuu marg`ub.

Bo`lub darkida ojiz aqlu jon ham,
Muqir ajzig`a fahmi xurdadon ham.

Muni har kim Ko`rub ra`nou cholok,
Ani ko`rgach ketib bu yodidin pok.

Anga har kim qilib fikru taammul,
Muni ko`rgach unutub oni bilkull.

Berib ustodlarg`a oncha in`om.
Ne oncha yuz tama` qilg`oncha in`om.

Biyikroq chekti Mulkoro maqomin,
Burung`icha yuz aylab ehtiromin.

Tutub shahzodag`a borin musallam,
Hamul huru qusuru ravzani ham.

Solib jashnu tarab tarhini bir yil
Ki, sharhidin aning ojiz bo`lub til.

Dedi dasturi Mulkorog`akim: «Bot
Ki, ta`xir ichra keldi biymi ofot.

Tuzat har yerda onglab fasl chog`in,
Uch oyliq ayshu ishratning yarog`in.

Hamul uch oyki faslining havosi
Qilur ul qasr lavni iqtizosi».

Eshitgach hukm dasturi xiradmand,
Buyurg`on ishga bo`ldi sa`y payvand.

Ochib har sori maxzanlarg`a abvob,
Tuzotti aysh uchun bir yilliq asbob

Ki, bo`lg`ay har uch oy bir ravzada to`y
Ki, o`lgay har kuni yuz otu ming qo`y.

Munga loyiq bari ma`kulu mashrub7
Ki, ham ko`rdin-ko`ru ham xo`bdin-xo`b.

Sochiq birla navou sozi oning,
Xitoyi jins poyandozi oning.

Adadsiz mevai ishrat fizoyi,
Nihoyatsiz yana xoni xitoyi.

Ketur, soqiy, sharobi chini oyin
Ki, jonim qasdi etmish bir buti Chin.

Chu qildi Chin shahi may bazmig`a azm.
Yasoli biz dog`i may azmig`a bazm.


[XVII]

Bahor nasimi nafas bila lola o`tin yorutub, g`uncha pardasin ochqonda, balki lolau gul yafrog`larin chaman gulruxlari  boshig`a sochqonda xoqon Farhod bila gulnoriy qasr mayli qilib, gulgun may o`ti bila bazm ravshan etib; chaman rayohindin xoli bo`lub, ashjor xizrvash yafrog`lar bila sipehri axzardin namuna bo`lg`onda rayhoniy qasrda tarab bargin tuzotib, rohi rayhoniy ichib; daraxt yashil kisvatin za`faroniy hullalarga badal qilg`onda za`faroniy qasrda oltun sog`arg`a asfar may to`kub; day tojiri bog` libosin kofurkirdor qilib, balki tog`u sahrog`a kofurbor bo`lg`onda qasri kofuriy aro billurgun qadah ichra kofuriymizoj may no`sh etib, har hadiqada uch oy nishot qilib, bir yilni bu nav` tarab bila o`tkarib xoqon Farhodning mizojig`a iloj qila olmog`oni


Hamal tahvili etkach mehri gulchehr,
Ochar yuz gul zamona ko`rgach ul mehr.

Qilur mashshotai sun` oshkoro,
Arusi dahrning husnig`a oro.

Qilur tun birla zulfu kun bila eng,
Etar lekin bo`yi birla sochin teng1.

Rutubat yetkurub har sori yog`in,
Tar aylab qatradin gullar dimog`in.

Bulut aylab rutubat ul sifat fosh
Ki, nargis urkudar solib quyi bosh.

Ko`rub nargisda mundoq turfa uyqu,
Qizortur g`unchani har lahza kulgu.

Tilar chun g`uncha shakkar xanda qilmoq,
Topar ul kulgudin gul-gul ochilmoq.

Bulutkim g`uncha uzra jola otib,
Hamono kulgusidin bag`ri qotib.

Munikim g`uncha tinmas kulgusidin,
Muhaqqaq bilma nargis uyqusidin.

Ochar nargis muza`far tosi chandon,
Bo`lur ul za`farondin g`uncha xandon.

Agar xud no`sh qilmas g`uncha oni,
Nedin bas komin aylar za`faronig`

Hamonokim emastur za`faron ul
Kim, aylar xurda og`zida nihon ul,

Chun aylar xurda yig`mog`liqqa ohang,
Tutar bu xurdadin dahr oni diltang.

Hamono xurda to`kmakka nigundur,
Belida yo`qsa oning ne tugundur?

Chekar bog`  ichra bulbul oncha afg`on,
Ki, afg`oni qilur gul bag`rini qon.

Va yo gul ko`rguzur bir paykar ondin,
Qizil har bargi bir o`tluq par ondin.

Chu bulbuldin bo`lur paykor guzin gul,
Bu ma`ni birla derlar otashin gul.

Qachon yel qilsa har bargini pora,
Uchar har sori ul o`tdin sharora.

Bo`lur gulshan harimi sarbasar gul,
Latofat ichra bir gulshancha har gul.

Nasimi subh o`lur bog` ichra gulbor,
Bo`lur bog` otashin gul birla gulnor2.

Bu o`t yonida bulbul maskan aylar,
Qanot urmoq yelidin ravshan aylar.

Qilur gulbun chu gul ochmoqni ohang,
Bo`lur gulshan yuzi gul birla gulrang.

Bu fasl ichraki olam bo`ldi gulgun,
Shafaqgun aksidin mir`oti gardun.

Huvaydo qildi har gul bir shamoyil,
Shah o`ldi qasri gulgun sori moyil.

Tuzoldi oncha asbobi tana`um
Ki, gulshan bo`ldi oning ostida Kim.

To`shab qasr ichra yuz deboi gulrang,
Qo`yuldi taxti gardun sori ohang.

Shah o`lturdi, yonida shohzoda,
Qilib orazlarin gulrang boda.

Qo`yub taxt ollida kursii gulfom,
Bo`lub ustida Mulkorog`a orom.

Turub bazm ichra yuz gulchehrai Chin,
Borig`a hulla gulrangu gulogin.

Mayi gulgun tutub gulchehra soqi,
Ichar el qo`ymayin bir qatra boqi.

Mug`anniy nag`ma tortib betaammul,
Biaynih o`ylakim, gul fasli bulbul.

Gul aylab barg, har bir sarvi navxez,
Qilib har raxnadin qasr ichra gulrez.

Botib bazm ahli gul bargida to farq,
Shafaq bahrida mehr o`lgan kibi g`arq,

Chekib gulrang may shahzoda Farhod,
Guli ruxsoridin xoqon bo`lub shod.

Yuziga boqibu borib o`zidin,
Oqib xushvaqtlig` ashki ko`zidin.

Qilib har lahza mufrit mehr zohir,
Sochib boshig`a gah gul, gah javohir.

Yo`q ulkim, bazm eli shaydosi oning
Xitou Chinda vovaylosi oning.

Bu yanglig` to nujumi charxraymoy,
Hisobi fasl ila o`tkardi uch oy.

Alar gulnorgun qasr ichra gulposh,
Ko`tarmay la`lgun maydin dame bosh.

Itikrak esdi chun gulshan shamoli,
Chamanni borcha guldin qildi xoli.

Yashundi bargi gul yafrog` ichinda,
Nihon o`ldi shajar yafrog` ichinda.

Libos etti chaman miyno masallik,
Ne miyno, gulshani xazro masallik.

Chamanlar ichra yo`l-yo`l sarvi ozod,
Degilkim soldi tuz-tuz soya Farhod.

Dema sarvu sanubar, har niholi
Bo`lur sarvu sanubardin misoli.

Berib yafrog` nishon to`ti paridin,
Shajar tovusi jannat paykaridin3.

Anga dog`i qovursun obkashdin,
Munga ham toj shoxi xizrvashdin.

Shajar gar bo`lmasa tovus bog`i,
Nedin tovusdek bo`ldi ayog`ig`

Magar onglab o`ziga uyqu chog`in.
Pari ichra o`g`urlab bir ayog`in.

Qilib noranj oltundin ayon ganj,
Libos aylab o`ziga bargi noranj4.

Uyotdin ishqpechon bargi pechon,
Chiqib har shox uza yuz ishq pechon.

Yashil safha chamanning marg`zori,
Kumush jadvaldek oning jo`ybori.

Samar suvlar bo`lub oyinaohang,
O`lang aylab ayon ul ko`zguda zang.

Yo`q, ul suv bog`ning ruxsori ongla,
Anga sabza xati zangori ongla.

Bu fasl ichraki zebi olam o`ldi,
Bori ofoq sabzu xurram o`ldi.

Qilib ul gulshani miyno sori azm,
Tuzub ul sabzai ra`no uza bazm.

Falakvash qasri axzar ichra mayno`sh
Ki, aylab charxi axzarni faromo`sh.

Qilib Farhodu xoqon hulla chini,
Bo`lub Chin taxtining masnadnishini.

Yashil to`n ichra har yon siymbarlar,
Yashil barg ichra andoqkim shajarlar.

Qizil rohu yashil chini piyola,
Nechukkim sabza sahni ichra lola.

Mayi gulrang chini sog`ar ichra,
Shafaq andoqki charxi axzar ichra.

Ayoqchiliq etib har sori oyin,
Achig` may tutqali bir sabzi shirin.

Bo`lub may shirasidin otashangez,
Berib ul o`tqa taskin qursi kashnez.

Taom ichra takalluflarg`a dastur,
Ham andoqkim burunroq bo`ldi mazkur.

Bo`lub ham qasri miyno ichra uch oy,
Nishotu aysh birla bodapaymoy.

Chu qildi kahrabogun mehri gardun,
Yig`ochlar bargi rangin kahrabogun.

Etishti kahrabogun qasr chog`i.
Ochildi kahrabogun qasr bog`i.

Shajar yafrog`i bo`ldi kahrabodek,
Demakim kahrabo, mehri samodek.

Bu nav` o`t sori bo`lg`och yel guzori,
Sochib har sori gulrezi chinori.

Chinorekim ichiga o`t tutoshib,
Ul o`tning shu`lasi bargidin oshib.

Sabo qilg`och suv ichra zar fishonlig`,
Suning tig`ini aylab zar nishonlig`5.

Uchub barg o`tidin har yon sharora,
Nechukkim zarvaraqdin pora-pora.

Sarig` yafrog` uzakim o`lturub zog`,
Bo`lub andog`ki sorig` lolada dog`.

Terak sorg`ortibon yuz zorlardek.
Sarig` og`riq bila bemorlardek.

Chamanning har yig`ochi bir sarig` qush,
Bo`lub bori tulak ayyomig`a to`sh.

Havo qilmoqqa yafrog`din ochib par,
Chu yeldin silkinib, har yon sochib par.

Qilib har tun nasimi subhgohi,
Shajar bargin nechukkim subh kohi.

Aningdekkim chekib oshiq sovug` oh,
Qilur kohi yuzin ul ohi jonkoh.

Quyun yafrog`ni aylandursa har yon,
Bo`lur majnuni sargardonu uryon.

Qilib zarhal xazon naqqoshi tartib,
Qilurg`a bog` avroqini tazhib6.

Bu shug`li ichra aylab sahv tarkin,
Zar andar zar qilib barg uzra bargin.

Quyoshdek tob urub qasri muzahhab,
Xazoniy barglar girdida kavkab.

Ajab fasle jahong`a ko`rguzub yuz
Ki, bir kun jilva aylar mehru yulduz.

Munungdek faslda shahzodau shoh.
Bu nazhatgahni qildilar tarabgoh.

Qilib kisvat hariri za`faroni,
Iki gardun quyosh ichra nihoni.

Muzahhab shirada oltun surohi,
Bo`lub oltun suyi lavn ichra rohi.

Uy oltun, farshi oltun, tomi oltun,
May oltun, zarfi oltun, jomi oltun.

Hulal qasr ichra har yon zebi zarhal.
Kavokibdek guhar birla mukallal.

Ko`runub ko`zga oydindek namudi,
Quyosh zarrishtasidin toru rudi.

Mug`anniylar chekib dilkash navolar,
Solib zarkor toq ichra sadolar.

Favokih bazm aro limuvu noranj,
Bihi ko`rgach oni ko`rmay yana ranj.

Tarab ko`prak bo`lub dasturdin ham,
Dema dasturkim, maqdurdin ham.

Uch oy bu qasr aro ham tuzdilar jaysh,
Surudu boda birla qildilar aysh.

Sovurdi chun shajar bargini sarsar.
Suning simobini day qildi marmar7.

Havo dog`i bulutdin kiydi sinjob,
Bulut dog`i havog`a sochti simob.

Day ustodi nechukkim zargari Chin,
Zilol atfoli lavhin qildi siymin.

Bulutdinkim tomib har qatrai suv,
Burudatdin yog`ib olamg`a inju.

Arig`kim obgirin hanjar aylab,
Sovuq og`zi luobin xanjar aylab.

Falak tundin ko`mur aylab saranjom,
Shafaqdin solibon o`t anda har shom.

Ul o`tni tong yeli birla dam aylab,
Isitmog`liq uchun qaddin xam aylab.

Qamar sarchashmasi har tun to`ngub muz,
Muz o`lg`on qatralar girdida yulduz.

Muz aylab yer yuzin oyinaoyin,
g`alat qildim, degil oyinai Chin.

Sovug` o`t tab`idin eltib harorat,
Sharar o`rtarga ko`rguzmay sharorat8.

Qiziq kul tobi yo`q onchaki sinjob,
Yo`q oltoyicha yong`on shu`lag`a tob.

Qizil axgar aqiqi nob yanglig`,
Burudatdin guli serob yanglig`.

Qizil o`t sovug` andoqkim qizil gul,
Aning dudi bo`lub gul uzra sunbul.

Yog`ib andoq burudat zamhariri
Ki, taxta tosh bog`lab suv hariri.

Kafin og`zi bila muflis dam aylab,
Iki tiz ko`ksi ichra mahkam aylab.

Qo`lin qo`ltug`lar ichra mu`takif ham,
Qulog`lardin o`tub iki katif ham.

Mizojin topmayin xurshed mahrur,
Sochib olamg`a nur o`rnig`a kofur.

Jahon ham qor ila kofur monand,
Havo ham muz bila bilur payvand.

Sovug`ning bo`yla kofuru buluri,
Oqortib borcha olamni zaruriy.

Agarchi hullalarning rangi kofur,
Va lekin osu qoqum birla mahrur.

Yana bazm o`ldi anjumdek muhayyo,
Bo`lub jam`iyat andoqkim Surayyo.

Tutub har sori bir Chin nozanini,
Tuman ming noz ila bir zarfi chini.

Gar oti chiniyi fag`furi oning,
Vale rangi kelib kofuri oning.

Degancha balki yuz oncha takalluf,
Takalluf bobida qolmay taassuf.

Nishotu aysh o`lub sharh aylagoncha,
Qayu sharh aylagonchakim, yuz oncha.

Bu yanglig` ham o`tub ishratda uch oy,
Bo`lub ul to`rt yerda majlisoroy.

Bularg`a bois ulkim shohzoda,
Bu yanglig` aysh birla ichsa boda.

Nishotin har zamon may toza qilg`ay,
Tarab har lahza beandoza qilg`ay.

Vale ul bermay o`z tavrig`a tayg`ir,
Nechuk tayg`ir torqay naqshi taqdirg`

Hamul purdardu so`zga ohi oning,
Anodin nolai jonkohi oning9.

Biravkim zor yig`lab-yig`lab ul zor,
Topib ko`ngli el ozoridin ozor.

Chiqorib so`zlig` so`z boshidin dud,
Sovug` oh aylab ohin otasholud.

Bo`lub el anduhidin ko`ngli g`amnok,
Yoqo chokin Ko`rub, ko`ksin qilib chok.

Birovkim ishqdin qilsa rivoyat,
SO`pub har dam mukarrar ul hikoyat.

Tafahhus aylab andin ko`p nishoni,
Nishonin ko`nglida asrab nihoni.

Visol ichra zamirin shod topib,
Alamdin xotirin ozod topib.

Etishgach hajr sharhi zor yig`lab,
Iki ko`z aylabon xunbor yig`lab.

Chu xoqon o`z ishin nazzora qildi,
g`alat torti, nechakim chora qildi.

Engib ul hol aro hayronlig` oni,
Qilib sargashta sargardonlig` oni.

Qadahsiz, soqiyo, hayronmen asru,
Evur sog`arki sargardonmen asru.

Ko`ngulga ishq o`ti solg`och sharora,
Anga yo`q may suyidin o`zga chora.


Xoqonning xonlig` tojin o`z gavhari bila arjumand sarmoya qilurning mojarosi va jahonbonliq taxtin o`z naqdi bila balandroya etarning muddaosi va o`z qarig`onidin boshi oqorg`on sarguzashtin demoq va ko`zi adam uyqusig`a mayl qilg`on afsonasin aytmoq va Farhodning toj soyasidin boshin qochurub, taxt royasidin ayog`in yashurmoq va boshin xoqon taxti ayog`iga qo`yub uzr aytmog`i va uzri boshtin ayoq Xoqon ko`ngliga yoqib o`z so`zidin qaytqoni


Bu kishvar uzra urg`on ko`si shohi,
Bu oyin birla tuzdi so`z sipohi1

Ki, xoqon har nechakim chora qildi,
Qazo ichra o`zin bechora bildi.

Ko`rub Farhod tog`i avjini tund,
Qilib ul tog` royi tig`ini kund.

O`zin solmay yana bir fikr etib soz,
Bu yanglig` bo`ldi ishga chora pardoz

Ki, chun qilmish kuhulatdin tajovuz,
Kibar mehrobig`a qo`ymish yoshi yuz.

Yana Farhod bo`lmish navjavon ham,
Xiradmandu rashidu pahlavon ham.

Yo`q ulkim Chinda xoqonliqqa loyiq,
Bori olamda sultonliqqa loyiq.

Nekim shahlig` aro shoyist bo`lg`ay,
Kim ul shahlarg`a darboyist bo`lg`ay,

Yaratmish Haq aning zotida borin,
Ayon qilmay kerakmas ish g`uborin.

Erur bori hunar ichra kamoli,
Tamomi ayblardin zoti xoli.

Yig`iyu nolau afg`ondin o`zga
Ki, yo`qtur hech aybi ondin o`zga.

Birovkim topsa shahlig`din rayosat,
Tuzuk bo`lmas ishi qilmay siyosat.

Chu ko`ngli bor aning riqqatg`a moyil,
Erur andin tashaddud naqshi zoyil.

Kerakmas erdi tab`i muncha sofi
Ki, bo`lg`ay saltanatg`a ul munofi.

Birovkim olam ichra shoh kelmish,
Ulus boshig`a zillulloh kelmish.

Kerakkim shaxsdin ne topsa poya,
Hamul holatni zohir qilsa soya.

Tomug`, uchmog` yaratmish Hayyi Jabbor,
Agar Vahhob erur, Qahhor ham bor.

Angakim berdilar mir`oti shohi,
Erur ul mazhari zoti Islohi.

Aning zotig`a bo`lg`onlar mazohir,
Kerak bo`lmoq sifoti birla zohir.

Sifotidin biri har kimda kamdur,
Munofi shahlig` asbobig`a hamdur.

Chu bor ul mazhari sirri jamoli,
Jaloliyat o`tidin zoti xoli.

Qayu dushmanki, qasdi joni qilg`ay,
Tilarkim, jon aning qurboni qilg`ay.

Havodis shastidin gar kelsa yuz o`q,
Ravo ko`rgay o`ziga, o`zgaga yo`q.

Bu ish darveshlikda xush sifatdur,
Vale shohlig`da noxush xosiyatdur.

Shah ar tig`i siyosat qilmasa tez,
Chekilgay xalq aro yuz tig`i xunrez.

Qaroqchi qoni o`lsa raxtida dog`,
Bu gul tojirg`a aylar tog`ni bog`.

Agar zolimg`a yo`qtur shohdin bok,
Erur ul xushdilu, mazlum — g`amnok.

Yatim etsa ichib ko`y ichra bedod,
Bu g`amdin tifli maktab bo`lmas ozod.

Bularni ul demak bo`lmaski bilmas,
Bilur, lekin nechukkim bildi qilmas.

Manga bu qissa bas mushkil tushubtur,
Kim ul mazlum ko`chakdil tushubtur.

Netaykim zo`ridindur pil ojiz
Ki, sindurmas singak nishini hargiz.

Ne osig` sherdin ko`p zo`r panja,
Ayog`ida chu bo`lmas mo`r ranja.

Ne sud, ar ilm aro fardi zamondur,
Chu jahl ahlig`a biymidin amondur.

Emastur anda bu xudroylig`din,
Erur olamg`a beparvoylig`din.

Necha bu ishta bo`ldum fikratandish,
Davo yo`q erdi, qolmish emdi bir ish.

Anga tutsam musallam saltanatni,
Zarurat tark qilg`ay bu sifatni.

Qachon ish tushsa o`z boshig`a beshak,
O`ziga tutqusidur borcha emgak.

Chu qildi olam ahlig`a taahhud,
Yomon elga bo`lur vojib tashaddud.

Siyosatni birov chun qildi bunyod,
Bo`lur tadrij birla tab`i mu`tod.

Bu ishning lazzatin chun topti komi,
Bo`lur har lahza ko`prak ehtimomi.

Bu ra`yi birla xoqon xushdil o`ldi
Ki, ya`ni borcha komi hosil o`ldi.

Topildi ishga chun bu nav`i taqrib,
Ravon shohona jashne qildi tartib.

Tilab arkoni davlatning tamomin,
Qilib hozir eshikning xosu omin.

Berib shahzodag`a yonida manzil,
So`z og`oz etti oson, lek mushkil

Ki, chun Haq aylabon zohir hidoyat,
Manga qildi jahonbonlig` inoyat.

Xitou Ching`a berdi komronlig`,
Qayon azm aylasam kishvarsitonlig`.

Tajammul haddi imkondin fuzunroq,
Nekim qilsam Kimon ondin fuzunroq.

Ne komekim taxayyul ichra sig`may,
Ne ayshekim taaqqul oni yig`may.

Borig`a qildi ko`nglumni barumand,
Karomat qildi borin g`ayri farzand.

Bukim mulkumga yo`q erdi valiahd,
Og`u ta`mi berur erdi yesam shahd.

Bu g`amdin muttasil pajmurda erdim,
Hayotim bog`idin ozurda erdim.

Chu yig`lab yerga ko`p qo`ydum yuzumni,
Yorutti Haq sening birla ko`zumni.

Bihamdillah, nekim qildim tamanno,
Borin iqboldin toptim muhayyo.

Bu kun yuz shukrkim qildi O`g`onim,
Seni ming onchakim bo`lg`ay Kimonim.

Chu Haq zotingni koni ma`ni etmish,
Xaloyiq vasfidin mustag`ni etmish.

Ne ishtin bo`lsa shahlig` e`tibori,
Bukun mavjud erur zotingda bori.

Falak pili sahardin cheksa xartum,
Qoshingda pashsha xartumicha ma`lum.

Ulumung bahridin olsoq hisobi,
Atorud shaklidur andin hubobi.

Zamiring vasfi mustahsan emastur,
Quyosh ravshan demak ahsan emastur.

Seni dono demak yoxud xiradmand,
Demakdurkim achig` maydur, chuchuk – qand.

Bukun andinki bor Haqning qazosi,
Kuhulat birla shayxuxat arosi.

Yoshim ellik bavodisin tay etmish,
Ne ellik, oltmish haddig`a yetmish.

Ishimga dam-badam qilsam taaqqul,
Erur holimg`a kun-kundin tanazzul.

Qariliq aybini yoshursa bo`lmas,
Borur chog` bo`ldi, boqib tursa bo`lmas.

Havas bo`lsa qarig`a navjavonliq
Xijolat zohir aylar sargaronliq.

Tabiat septi chun mushk uzra kofur,
Yana kofur mushk o`lmoq ne maqdurg`!

Saqol oqi o`lumga peshravdur,
Tiriklik sabzasi uzra qiravdur.

Ani uzmak yigit bo`lmoq g`amida,
Saqol yulmoq durur o`z motamida.

Iki-uchni yulub yuz aylagan resh,
Topar besh-olti kundin so`ng o`n-o`n besh.

Birovkim rang etarga qilsa ohang,
Bo`lur chun necha kun o`tti necha rang.

Ko`rub ul rangrezlik ishlarini,
Tarog` kulmakka ochib tishlarini.

Tarog` gar kulsa oncha sa`b emas hol,
Balo ul lahzadurkim kulsa atfol.

G`arazkim makru hiylat birla qori,
Yona olmas yigitlik ko`yi sori.

Yigitlik ayshi bisyor o`ldi bisyor,
Qarilik ranji dushvor o`ldi dushvor.

Mangakim bo`yla dushvor ish tushubtur,
Ishim dushvorliqqa yovushubtur.

Agarchi umrdindur shikva chog`i,
Qayu shikva, qilurmen shukr dog`i

Ki, Haqkim andin o`ldi har hidoyat,
Manga qildi hidoyat benihoyat.

Yigitliq ondakim arzoni etti,
Xitou Chin elining xoni etti.

Qarilik ko`yiga solg`och xiromim,
Seni qilmish mening qoyim maqomim.

Jahon shomida gar bir oy kamdur,
Quyosh chunkim tulu` aylar ne g`amdur.

Chinor ar bog`din kam qilsa soya,
Ne g`am chun chiqti sarvi sidrapoya.

Ne bok ar beshadin chiqqay hizabri,
Chu bo`lg`ay o`rnida g`urranda babri.

Atokim sen kibi farzandi bo`lg`ay,
Hayoti naxlining payvandi bo`lg`ay.

O`lum vaqti yetishgach g`am yeqaymu,
Agarchi o`lsa ham o`ldum degaymug`

Chu yo`qtur e`timodi umr ishiga,
Qachon o`lmoq yaqin ermas kishigag`

Yigit istar qariliqning navidi,
Qarig`a yo`q yigit bo`lmoq umidi.

Qariliq dardi bedarmondur oxir,
Bir ish ko`nglumda ko`p armondur oxir

Ki, o`lmasdin burun ochib ko`zumni,
Sarir uzra yigit ko`rsam o`zumni

Ki, ya`ni toju taxtu saltanat ham,
Sipohu mulku molu mamlakat ham.

Bori bo`lsa sening birla muzayyan,
Seni o`z o`rnuma qilsam muayyan.

Sanga tutsam musallam podsholiq,
Xaloyiq ustida kishvarxudoliq.

Manga shahliqda qulluq ham qil emdi,
Atoliq ham, o`g`ulluq ham qil emdi.

Nekim elning salohidur, oni qil,
Mening budur salohim, emdi sen bil.

Bu bazm ichra chu ko`rdi shohzoda
Ki, achchig` tutti behad shoh boda.

Oningdek chekti ohi otasholud
Ki, yetti ohidin ko`k saqfig`a dud.

Topib ul nuktadin ozor yig`lab,
O`zin tufroqqa soldi zor yig`lab.

Dedi gardung`a tortib ohi jonkoh
Ki: «Ko`p yillar tirik bo`lsun shahanshoh.

Sariri charx bo`lsun taxti johi,
Fuzun anjum sipohidin sipohi.

Nishoti bog`i har kun toza bo`lsun,
Guli aysh onda beandoza bo`lsun.

Qo`lidin tushmasun jomi Kayoniy,
Ichinda may ziloli zindagoniy.

Bu so`zlarniki shah qildi xitobim.
Ne dermen menki, ne bo`lg`ay javobim.

Turub ma`razda so`z haddimni bilmon,
Javob ayturg`a o`z haddimni bilmon.

Necha tufrog` esa jismi haqirim,
Vale bir-ikki so`zdin yo`q guzirim.

Biri ulkim, chu yo`q umr e`timodi,
Yigit-qarig`a tengdur zulmu dodi.

Vale olamda harne bo`lsa mavjud,
Baqosig`a erur bir nav`i ma`hud.

Qayu mash`alki bazm aylar muzayyan,
Uchar yuz ming sharar, ul shu`la ravshan.

Giyah yuz ming bo`lur bo`stonda barbod,
Vale yuz yil turar bir sarvi ozod.

Bo`lur yuz rushta homun sel chog`i,
Turar o`z o`rnida Alburz tog`i.

Kichiklarga kichikdur umr asosi,
Ulug`larg`a ulug`roqdur qiyosi.

Yana bir buki, umr ar torsa yuz yil,
Chekarmu rashsha, har nekim chekar pil.

Uqobu Kuykanakni qilsalar qayd2,
Qachon qilg`ay aning saydini bu sayd.

Agarchi arsa xoli qolsa mutlaq,
Tutarmu anda shoh o`rnini baydaq.

Quyosh mag`rib sori yoshursa diydor,
Tuman ming zarradin bir yo`q padidor.

Surub bu nuktalarni shohzoda,
Atoning shavqini qildi ziyoda.

Dedi Xoqonki: «Ey sham`i farog`im,
Farog`u sham` yo`q, ravshan qarog`im.

Hadising lutfi yuz ming jondin ortuq,
Ne jonkim, chashmai hayvondin ortuq.

Bu so`zlar gavhari durjinki ochting,
Guhar ul durjdin olamg`a sochting.

Quloq topti duri shahvor sendin
Va lekin men zaifi zor sendin.

Tama` bu ranglig` so`z tutmas erdim,
Javobim bu sifat ko`z tutmas erdim.

O`zungdin gar meni xushdil tilarsen,
Murodim umrdin hosil tilarsen,

Ayon qilmoq kerak bu so`zda posim,
Qabul etmak kerak bu iltimosim.

Bu yanglig` ko`rdi chun shahzoda surat,
Qabul etmakligi erdi zarurat.

Yana tufrog` o`pub bunyod qildi,
Hazin ko`nglin atoning shod qildi.

Ki: «Chun shah uzr man`in qildi bilkul,
Manga ne hadki qilg`oymen taammul.

Vale chun men haqiru, ish ulug`dur3,
Bu so`z arzin zarurat qilg`ulug`dur.

Chu men bu choqqa tegru g`ofil erdim,
Bu ish taklifidin forig`dil erdim.

Ishim ishratqa bazmoroliq erdi,
Farog`at birla beparvoliq erdi.

Bir-ikki yil inoyat aylasa shoh
Ki, xizmatdin o`zumni qilsam ogoh.

Shah ollinda hamisha hozir o`lsam,
Bu ish kayfiyatig`a nozir o`lsam.

Yaqin bilsam rivojin ham kasodin,
Tanisam ham salohin, ham fasodin.

Kichikrak ish burunroq bo`lsa ta`yin,
Qililsa har ne sahv o`lg`ong`a talqin.

Ne ishkim yaxshiroq qilsam shurui,
Bo`lulsa yaxshiroq ishning rujui.

Jahonda har kishikim bir ishi bor,
Ishida ul kishining varzishi bor.

Chu varzish bo`lmasa mushkil durur ish,
Bo`lur oson qachonkim yetti varzish.

Manga ham varzish o`lsa oshkoro,
Qilay ne hukm bo`lsa bemadoro.

Chu surdi nuktani bu nav` dilkash,
Bayonidin atosi bo`ldi dilxush.

Ketur soqiy, manga bir jomi shohi
Ki, bo`lg`ay g`am sipohining panohi.

Qadah shahlig`din ortuqdur ko`zumga,
Qilay zulm, elga qilg`uncha o`zumga.

[XIX]

Xoqonning o`z gavharin xazoyin g`aroyibi, balki g`aroyib xazoyinig`a kiyurmog`i va aning ko`ziga sangpora ushoq toshcha va qizil oltun qaro tufrog`cha ko`runmay, ko`zi jaz`i billuriy durjg`a tushub, suvda mehri xovariydek billurda oyinai Iskandariyg`a1 tushgoni va ul ko`zgu tilismidin g`arib suratlar anga yuz ko`rguzub, ko`ngli ko`zgu aksidek iztirobg`a tushgoni


Bu so`zni nuktago`yi noma oro
Bu yanglig` ayladi hangoma oro

Ki, chun xoqon bu so`z e`lomi birla,
Javobin topti andoq komi birla.

Nishotu aysh asbobini yig`may,
Tarabdin balki Chin mulkiga sig`may.

Qilib shahzodag`a oncha rioyat
Ki, topmay aql anga haddu nihoyat.

Tilab qilmoq jahon oning fidosi,
Jahonni qo`yki, jon oning fidosi.

Anga mundoqki ayshu zavq yetti,
Evaz o`trusida yuz fikrat etti

Ki, ne sochg`ay boshig`a bahru kondin
Ki, bo`lg`ay munbasit shahzoda ondin.

Chu bas oliy edi mehmon janobi,
Bo`lub gavhar qoshida tosh hisobi.

Bu ishdin mizbong`a ajz g`olib,
Aning ko`ngli tilar ashyog`a tolib.

G`arobat maxzan ichra chun ko`p erdi,
Tutub ilgin xazoyin ichra kirdi.

Xazoyin demakim, yuz bahr ila kon,
Toshib naqdina anda ulcha imkon.

Adadsiz uy bori ganj ustida ganj,
Xirad ganjuri arzidin alamsanj.

Burun qirq uy bo`lub oltun makoni,
Har evda qirq xumi xusravoni.

Bu maxzanda g`arobatdin bu ma`lum
Ki, bir xum oltun erdi o`ylakim mum.

Ani kim mum deb ilgiga olib,
Nekim andin yasay degach, yasolib.

Yana qirq uy aro ajnosi zebo,
Bir uyda qirq tung iksunu debo.

G`arobat munda behaddu nihoyat,
Topilmay bulajab san`atqa g`oyat.

Tuman ming jinsi chiniyu xitoyi,
Basar torining o`lmay rahnamoyi.

Bo`lub yuz rang ipak birla musavvar,
Biridek ko`rmayin charxi mudavvar.

Bo`lub tasvirida yuz chehra paydo
Ki, Aqli Kull bo`lub husnig`a shaydo.

Tikilgan to`n hisobin kimsa bilmay,
Birisi ham kesilmay, ham tikilmay.

Hunarvardin bari omoda bo`lg`on,
Mukammal korgoh ichra to`qulg`on.

Harir onchaki yo`q poyoni oning,
Yuz oncha hullakim, yo`q soni oning.

Aningdek hullalar kelturdi ganjur
Ki, andin kiysa gar o`n hulla bir hur.

Hanuz o`lg`oy tanu andomi ma`lum,
Tanining rangi nasrinfomi ma`lum.

O`kulgan nofadin xarvor-u xarvor,
To`kulgan mushk xud anbor-anbor.

Javohir onchakim fikrat dabiri
Hisob aylab topilmay mingda biri.

Oqizib ko`z suyin har la`li serob,
Olib jon naqdini har bir duri nob.

Buluru yashm yuz ming bulajab zarf
Ki, har birga xiroji mulk o`lub sarf.

Qilib ganjur yuz mundoqni hozir,
Bo`lub ham shoh, ham shahzoda nozir.

Necha boqqon soyi hayrat bo`lub fosh,
Kulumsub gohu, gohi irg`otib bosh.

Tamoshodin to`yar chog` chun yovushti,
Ko`zi bir bulajab paykarg`a tushti.

Buluri nobdin bir turfa sanduq,
Yasomaydur degaysen oni maxluq.

Safoliq xulqi ko`nglidin namudor,
Ichinda bir ajab hay`at padidor.

Vale ul turfa hay`at sirri mubham,
Murassa` qufl ila sanduq mahkam.

Dema sanduq, yuz ofat hisori,
Eshigin rust bog`lab qal`adori

Ki, ofat qal`asi mahkamroq avlo,
Aning asrori ham mubhamroq avlo.

Chu anda bulajab ko`rdi shamoyil,
Bo`lub shahzoda bilmaklikka moyil.

Dedi: «Bas turfadur bu san`atu soz,
Dengizkim, ne durur bu rardada roz?

Kalidi qayda bo`lsa, hozir aylang,
Ochib quflini, sirrin zohir aylang!»

Qilib Xoqon bu ma`nida madoro,
Ravoni ayladi uzr oshkoro.

Ki, bu sanduq sirrin kimsa bilmas,
Kalidi yo`qturur, qufli ochilmas.

Ani ko`rdung, bilurning fikridin kech
Ki, biz ham ko`rduk, ammo bilmaduk hech.

Eshitgach shoh uzrin shohzoda,
Havas savdosini qildi ziyoda.

Dedi: «Har ishki qilmish odamizod,
Tafakkur birla bilmish odamizod2.

Ulum ichra manga to bo`ldi madxal,
Topilmas mushkile men qilmag`on hal.

Muning ham bilmaguncha aslu budin,
Muayyan qilmag`uncha toru pudin

Ne imkonkim qaror o`lg`ay ko`ngulga,
Tasalli oshkor o`lg`ay ko`ngulga».

Nechakim shoh uzrangez bo`ldi.
Aning savdosi ko`proq tez bo`ldi.

Nechakim shoh etib ko`prak taammul,
Bo`lub shahzoda ko`prak betahammul.

Shah aylab necha ul ishga nazora,
Topilmay rostlig`din o`zga chora.

Dedikim, quflin oning ochtilar bot,
Ichidin chiqti bir raxshanda mir`ot.

Safo bobida mehri xovariy ul,
Ne mehr, oinai Iskandariy ul.

Sadafda durri bayzochehr yanglig`,
Falak sanduqi ichra mehr yanglig`.

Hakimikim nigor aylab tirozin,
Yozib keynida maxfiy borcha rozin

Ki: «Bu mir`otkim, getinamodur,
Anga xurshedcha nuru safodur.

Erur Iskandari Rumiy nigori,
Jahon ahlig`a oning yodgori

Ki, aylab to`rt yuz dono bilan jahd,
Alardin har bir Aflotung`a3 hamahd.

Sipehr ahvolining sohibvuqufi,
Jahonning korbandu faylasufi.

Tanib afloku anjum toliin tuz,
Bu ko`zgu san`atida qo`ydilar yuz.

Necha yil ranj tortib bemadoro,
Bu paykar naqshi bo`ldi oshkoro.

Bu ko`zgukim erur hikmat jahoni,
Tilismedur shigarf anda nihoni4

Ki, har kim ochmog`ig`a sa`y qilsa,
Aning sa`yi bila bu ish ochilsa.

Kelib ko`zguni yerdin olsa filhol,
Safolig` chehrig`a ko`z solsa filhol,

Nekim umrida andin turfaroq ish,
Emas mumkin, agar xud no`shu gar nish

Ki, Tengri aylamish ko`rmakni ro`zi,
Qazo boshig`a kelturmakni ro`zi.

Bo`lur bu ko`zgu ichra jilva oro,
Qilurg`a g`ayb sirrin oshkoro.

Vale ochmoqlig`i mushkildur asru,
Gudozi jismu ranji dildur asru.

Angakim tushsa ochmoq iztirobi,
Bu bo`ldi ul muammoning hisobi.

Ki, Yunon mulki ul farxunda kishvar
Ki, hikmat birla topti zebu zevar.

Hakimikim topib ashkoli aflok,
Bu kishvar tufrog`idin bir ovuch xok.

Toshi hikmat elining durri toji,
Giyohi borcha illatlar iloji.

Shimoliy haddida tog`e durur tund
Ki, tig`i ko`k misosidin erur kund.

Kishi Yunon sori bormoq keraktur,
Inon ul toqqa boshqormoq keraktur.

Apoda qolsa uch manzil masofat,
Ul uch manzilda voqedur uch ofat.

Burung`i manzil ichra ajdahoe,
Yaratqon Tengri qahridin baloe5.

Ikinchi manzil ichra Ahraman bil,
Anga bedodu ofat da`bu fan bil.

Uchunchida tilismi bulajab soz,
Bu ikidin dog`i mushkilrak ul roz.

Bu uch manzildin o`tkorganga mahmil.
Deyilgon tog` erur to`rtinchi manzil.

Bu tog` ichra kishi qilsa guzore,
Ko`rar hijron tunidek tiyra g`ore.

Erur g`or ichra Suqroti yagona,
Dema Suqrot, Buqroti6 zamona.

Tirik bor ersa donoyi xiradmand,
Ochar borg`on kishi ashkolidin band.

Vagar qaydi hayot ichra emastur,
Kishiga ne g`arazkim multamasdur.

Tavajjuh chun aning ruhiga qilg`ay,
Girihlik rishtai bandi ochilg`ay.

O`qug`och shohzoda qissani pok,
Bu mushkul hallig`a bo`ldi havasnok.

Oningdek g`olib o`ldi iztirobi
Ki, bu fikr uzra bordi xo`rdu xobi.

Chu Xoqon fahm qildi muddaosin
Uzotti man`i uzra mojarosin.

Nechakim shoh ko`prak tutti mavquf,
Vale shahzoda ko`prak bo`ldi mash`uf.

O`g`ulg`a garchi mushkul hol tushti,
Atog`a sa`broq ahvol tushti.

O`g`ulg`a yuzlanib andoq suubat,
Atog`a andin ortug`roq uqubat.

Ketur, soqiy, sharobi bexudona
Ki, sa`b ish soldi ollimg`a zamona.

Nechakim sa`b erur gardun jafosi,
Erur bexudlug` ul ishning davosi.


Farhodqa Yunon mulki azimati jazm bo`lub, hikmat bila Mulkoroni chorlab, so`z kumaytini Yunon vodiysig`a solib, tilism muddaosin, balki muddao tilismin aning qoshida ochqoni va Mulkoro ani nasihat bila mumtane` qila olmay muddaosin xoqong`a arz qilib, bu muhlik so`zdin Xoqonning ruhi Farhodi badan Chinidin adam Yunonig`a yuzlangali yovushub, Mulkoro bila ko`p mashvarat qilg`ondin so`ngra Farhod bila Yunon mulkiga cherik tortib borurni muqarrar qilg`oni


Bu mehnat sharhin ulkim qildi tahrir,
Bu yanglig` ayladi afsona taqrir

Ki, chun shahzodag`a javri havodis,
Munungdek mushkul amre qildi hodis.

Aningdek bordi oromu qarori
Ki, chiqti o`z qo`lidin ixtiyori.

Bu erdi bimkim devona bo`lg`ay,
Xirad oyinidin begona bo`lg`ay.

Tuta olmay chu ul savdoni pinhon,
Tilab xilvatda Mulkoroni pinhon.

Anga taqrir qildi mojarosin,
Havas ko`ngli aro solg`on balosin.

Dedikim: Gar gado, gar shoh bo`lsun,
Agar g`ofil, vagar ogoh bo`lsun,

Tana`um birla mehnat xo`bu zishti,
Nekim bo`lmish azaldin sarnavishti,

Ani to ko`rmagay imkon emastur,
Xirad ollinda bu pinhon emastur.

Agar shoh, ar gadodur odamizod,
Emas bo`yni qazo hukmidin ozod.

Yozilg`on nuktani tag`yir qilmoq,
Erur suv uzra xat tahrir qilmoq.

Qazo kilki ne xatkim qildi mastur,
Emas hargiz ani tag`yiri dastur.

Zamonning bori ishda zufununi,
Erur gardun fununining zabuni.

Kishining yer yuziga hukmi yetsun,
Qazoyi osmoni yetsa, netsung`

Xaloyiq ajzidinkim nuktaronmen,
Bulardin men dog`i bir notavonmen.

Nekim ollimg`a yozmish kilki taqdir,
Manga yo`qtur ani ko`rmakka tadbir.

Azalda bu emish Haqning qazosi,
Mening ollimg`a bu ish ibtilosi.

Aningkim ko`ngli topmish aqldin nur.
Kerak tutsa meni bu ishda ma`zur.

Bukun ollimg`a tushmish turfa holat,
Agarchi elga bor andin malolat,

Mening hech anda yo`qtur ixtiyorim
Ki, ollimg`a yozibtur Kirdigorim.

Bilurmen mushkul ishdur asru, lekin
Qila olmon qazo o`tini sokin.

Kerakkim aylasang Xoqong`a taqrir,
Mening ollimg`a kelturganni taqdir.

Atoliq haqqi chun bordur apoda,
Ijozat istaram bu mojapoda.

Dag`i yo`lumg`a himmat zod qilsun,
Va gah-gohi duoda yod qilsun.

Aning himmat bila gar bo`lsa yodi,
Shak ermas tormog`im bu ish kushodi.

Ijozat bermasa Tengri tonuqdur,
Haq ollinda bu asrorim ochuqdur

Ki, besomon bo`lub bechoraliqdin,
Guzirim yo`qturur ovoraliqdin.

Olib boshim, demay obod ila cho`l,
Hamul maqsad sori tutqum durur yo`l.

Yo`lumda devdur, gar ajdahodur,
Tilism ichra agar yuz ming balodur,

Yumub borcha tahoshidin ko`zumni,
Ul ofatlarg`a urg`umdur o`zumni.

Ishim chun man` ko`yidin yiroqdur,
Ijozat bo`lsa shahdin yaxshiroqdur».

Bu muhlik ruq`a chun irod qildi,
Yana muhlik qasam ham yod qildi

Ki, yo`l topmas bu maqsudimg`a tag`yir,
Sen emdi sa`y etarda qilma taqsir».

Chu Mulkoro eshitti bu fasona,
Chekib ko`nglidin ohi bexudona.

Malomat aylabon aytay desa pand,
Ko`rubkim, pand eshigin aylamish band.

Ne so`zdin istasa tutmoq qo`lini,
Ko`rubkim bog`lamishdur so`z yo`lini.

Ajab nav` onglabon ul surati hol,
Qolib ojiz dam urmoqdin, bo`lub lol.

Vujudin aylabon bu shu`la nobud,
Etib ko`k gunbadiga ohidin dud.

Ko`zi bu dud ranjidin yoshorib,
Qupub yig`layu shoh ollig`a borib.

Tilab xilvat, kirib xoqon qoshig`a,
Mudovo aylay olmay ko`z yoshig`a.

Ko`rub ayturda ranji benihoyat,
Qilib har ne eshitkanni hikoyat,

Chu onglab shoh aning bu mojarosin,
Urub ko`ksiga, chok aylab yaqosin.

Ikav ul mehnati anbuh birla,
Base yig`lashtilar anduh birla,

Chu ko`p qildi jaza` shohi zamona,
O`pub tufrog`ni dasturi yagona.

Bo`lub dardig`a bir-bir chora pardoz,
Nasihat qildi sokin-sokin og`oz

Ki, «Shoho, har ne sabt o`ldi qazodin,
Topilmas chorai o`zga rizodin.

Bukun chun shah zamonning a`qalidur,
Munavvar ko`ngli davlat mash`alidur1.

Ne hojat aytmoqkim chun tushar ish,
Jaza`din behdur o`lmoq choraandish.

Xirad gar bo`ldi ersa chorapayvand,
Natija choradin topqay xiradmand.

Gar o`lsa chorag`a taqdir mone`,
Kerak bo`lmoq qazo hukmig`a qone`».

Dedi shah: ey saodat sham`i poying,
Ko`ngul oromi nutqi dilkushoying.

Kishi o`z jonidin to`ymoq bo`lurmu,
Ani mundoq bila qo`ymoq bo`lurmu?

Ko`ngul dardig`a darmondur nasihat,
Qiloli ulcha imkondur nasihat.

Agar xud topti taskin davlat o`ldi,
Ko`ngulga komu jong`a rohat o`ldi.

Asar qilmasdek o`lsa ko`ngliga pand,
Bo`loli har ne Haqdin kelsa xursand».

Bu so`z birla yana Xoqonu dastur,2
Taraddud qildilar behaddu maqdur.

Base har nav` tadbir ayladilar,
Topilmay naf`, tag`yir ayladilar.

Chu sa`b erdi ishida orzuxoh,
Nasihatgo`ga bo`ldi orzu koh.

Necha til guftugo`si ko`prak o`ldi,
Aning ul orzusi ko`prak o`ldi.

Chu Xoqon chorasidin bo`ldi ma`yus.
Taxayyul qildi etmak oni mahbus.

Yana habsig`a ham qilmay tahammul,
Davosin ayladi mundoq tahayyul —

Ki, oning ko`nglini ozurda qilmay,
Hayoti gulbunin pajmurda qilmay.

Cherik solg`ay Xitou mulki Ching`a,
Yurub chekkay sipah Yunon zaming`a.

Angacha o`g`lig`a hamroh bo`lg`ay,
Yomon-yaxshisidin ogoh bo`lg`ay.

Etarga ulcha aylabtur iroda,
Zamoni kirgusi mumtad aroda.

Anga tegru erur qilg`on xayoli,
Ko`nguldin chiqmag`ining ehtimoli.

Muyassar gar emas bu ul zamonda,
Ne Haqdin kelsa ko`rgay oni onda.

Chu bu andesha tushti ko`nglig`a xo`b,
Ravoni dedi Mulkorog`akim: «Qo`r!

Borib Farhodning ollinda bir-bir,
Borisin daf`a-daf`a ayla taqrir».

QO`pub dastur aning sori urub gom,
Debon har nuktakim shoh aylab e`lom.

Ko`rub shahzoda hosil muddaosin,
Hamul ishda atosining rizosin.

Bilibkim, gar desa yolg`uz borurmen,
Bu ishni o`z qoshimdin boshqorurmen.

Emas ul ish muruvvat iqtizosi,
Bo`lur ul g`amda musta`sal atosi.

Ato yo`qkim, tushar kishvarga oshub,
Ne kishvar, gunbadi axzarg`a oshub.

Rizo izhor etib, dedi, ravon bo`l,
Qil andoqkim tutoli ul taraf yo`l.

QO`pub, dastur o`lub maqsudi hosil,
Kelib xoqonni dog`i qildi xushdil.

Cherikka aylabon miodu buljor,
Tavochi har taraf yetkurdi ul jor3.

Kel, ey soqiy, ki o`tti aysh chog`i,
Manga tut emdi otlonur ayog`i.

Dimog`imdin olib bir jom ila hush,
Meni qil devbandu, ajdahokush.