Òîï ðåéòèíã www.uz
INSTITUTDAN

           O`zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Adabiyot instituti hamisha o`z ilmiy-tematik rejalarida ulug` o`zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy asarlarini, ayniqsa uning «Xamsa»si tarkibidagi dostonlarni matnshunoslik jihatidan o`rganishga va nashr etishga katta ahamiyat berib keldi.
           «Xamsa» dostonlari o`tmishda, xususan XV— XVIII asrlarda qo`lyozma holida, so`nggi XIX asr oxiri va XX asr boshlarida toshbosma nashrlarda xalq orasida tarqaldi. Navoiy «Xamsa»sining ilk nashri to`la holda Xevada (1880 yil), so`ngroq Toshkentda (1904, 1905 yillar)   amalga oshirilgan.
           Sobiq sho`ro davrida «Xamsa» dostonlari birinchi marta Til va adabiyot instituti ilmiy xodimlari tomonidan 1939—1940 yillarda birmuncha qisqartirilgan va sharhlangan holda lotin alfavitida nashrga tayyorlanib, nasriy bayon bilan yonma-yon holda e`lon qilindi. Bu ishga G`afur G`ulom, Solih Mutallibov, G`ulom Karimov, Amin Umariy, Husaynzoda, To`xtasin Jalolov kabi shoir va olimlar katta hissa qo`shdilar. «Xamsa» dostonlari, «Hayratul-abror»ni mustasno qilganda, 1948 yilda ulug` shoir tavalludining 500 yilligini nnshonlash bilan bog`liq ravishda, nasriy bayonlarsiz yangi — rus alfavitida ikkinchi marta chop etildi. Bu nashr ham ommaviy nashr bo`lib, ma`lum darajada qisqartirilgan va yetarli darajada ilmiy sharhlanmagan edi.
           Ikkinchi jahon urushi arafasida Sadriddin Ayniy Til va adabiyot instituti bilan bog`langan holda Navoiy «Xamsa»sining qisqartirilgan, tushib qolgan qismlari mazmuni nasrda berilgan va izohlangan nashrini tayyorladi va chop ettirdi. Bu kitob 1947 yili yangitdan nashr etildi.
           Alisher Navoiy asarlarining ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlash navoiyshunoslikda, xususan uning asarlari matnini ilmiy qat`iylashtirishda alohida ahamiyatga ega. Shu ma`noda birinchi marta «Xamsa»ning ilk dostoni — «Hayratul-abror» dostonining ilmiy-tanqidiy teksti S. Mutallibov, «Layli va Majnun» dostoni ilmiy-tanqidny teksti G`ulom Karimov tomonidan tayyorlangani muhim ishning boshlanishi bo`ldi. Biroq, bu tekstlarning o`z vaqtida e`lon qilinmagani afsuslanishga loyiqdir.
           «Xamsa» dostonlarining ilmiy-tanqidiy matnlarini yangi qo`lyozmalar asosida yangitdan tuzish qirqinchi yillar oxiri, elliginchi yillar boshida navoiyshunos Porso Shamsiev (1897—1972) tomonidan boshlandi. Olim 1956 yili «Sab`ai sayyor»ning, 1963 yili «Farhod va Shirin»ning, 1970 yili «Hayratul-abror»ning ilmiy-tanqidiy matnlarini e`lon qildi. U «Layli va Majnun», «Saddi Iskandariy» dostonlarining ilmiy-tanqidiy matnlarini ham tayyorlagan holda ularni chop etishga ulgurmadi.
           P. Shamsievning Navoiy dostonlarini nashrga tayyorlash bilan bog`liq ishlari orasida «Xamsa»ni to`la holda 1959 va 1960 yillarda chop ettirgani fanda va ulug` shoir merosini o`rganish va targ`ib etishda katta ahamiyatga ega bo`ldi. Bunda institutning yetakchi matnshunos olimi bo`lgan Porso Shamsievning ilmiy fazilatlari yanada to`laroq namoyon bo`ldi.
           Lekin Navoiy asarlari, xususan «Xamsa» dostonlarining tom ma`nodagi ilmiy matnlarini yaratish va e`lon qilish murakkab jarayon. Buning uchun matn tuzish ishiga jahon qo`lyozma fondlarida mavjud barcha qimmatli qo`lyozmalardan foydalanish talab etiladi. Porso Shamsiev «Xamsa» matnlari ustida tadqiqot olib borgan vaqtlarda esa buning imkoni yo`q edi. Shuning uchun u «Xamsa»ning Ittifoqda mavjud qo`lyozma nusxalari asosidagina ishlashga majbur bo`ldi. «Xamsa»ning chet ellardagi, xususan, Parij, Stambul nusxalari tadqiqotdan chetda qoldi. Shuni nazarda tutib, Adabiyot instituti, Qo`lyozmalar instituti ilmiy xodimlari hozir olim boshlagan ishni davom ettirmoqdalar va «Xamsa» dostonlarining yanada mukammal tekstlarini yaratish ustida tadqiqot ishlari olib bormoqdalar.
           Alisher Navoiyning yigirma jildlik «Mukammal asarlar to`llami»ni yaratish muammosi Adabiyot insituti ilmiy xodimlari oldiga «Xamsa» dostonlarining ilmiy tekshirilgan va izohlangan nashrini tuzish vazifasini qo`ydi. Bunda ular o`z ustozlari — Porso Shamsiev tuzgan matnlarni asos qilib oldilar aa tekstlarga ma`lum darajada tuzatishlar hamda aniqliklar   kiritishga   muvaffaq bo`ldilar.
           «Hayratul-abror» dostoni matni, unga ilmiy izohlar filologiya fanlari doktori Abduqodir Hayitmetov va filologiya fanlarn nomzodi Ibrohim Haqqulov tomonidan tuzildi.
           «Xamsa» dostonlarini ushbu nashrda e`lon etishga hissa qo`shgan matnshunos olimlar har bir doston yuzasidan paydo bo`lishi mumkin bo`lgan tanqidiy mulohazalarni quyidagi manzilgohga ma`lum qilishlarini iltimos qiladilar: 700170, Toshkent, II. Mo`minov ko`chasi, 9. Adabiyot instituti.