Òîï ðåéòèíã www.uz
SHARH VA IZOHLAR

I

                 1. Alisher Navoiy o`zbek tilida birinchi «Xamsa» yozgan shoir sifatida mashhurdir. Bu besh dostondan iborat majmuaning birinchi dostoni falsafiy-didaktik mazmundagi «Hayratul-abror»dir. «Muhokamatul-lug`atayn» asarida shaxsan Navoiy o`zi ta`kidlagan «Hayratul-abror» Sharqda birinchi bo`lib fors tilida «Xamsa» yozgan ulug` ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviyning (1141—1203) «Maxzanul-asror» dostoniga javoban yozilgan. Lekin shu tipdagi dostonlarni qiyosiy o`rganish shuni ko`rsatadiki, Navoiyning bu asarini yuzaga kelishida Amir Xusrav Dehlaviyning (1254—1305) «Matlaul-anvor», Abdurahmon Jomiyning (1414—1492) «Tuhfatul-ahror» kabi dostonlarining ham katta roli bo`lgan. Masalan, Navoiy «Xamsa»ning XIII bobida hikoya qilishicha, bevosita Jomiyning «Tuhfatul-ahror» dostonini o`qib, shundan ta`sirlanib qo`liga qalam olgan va ilhomlanib o`z «Xamsa»sining ushbu dostonini yozishga kirishgan.
                 «Hayratul-abrorning boshlanish qismi bir necha kirish boblaridan tashkil topgan. Ikkinchi xil qilib aytganda, dostonning boshlanish qismidagi bir necha boblar uning kirish qismini tashkil etadi. Shularning mazkur birinchi bobida Navoiy Islom dinining asosiy kitobi bo`lgan Qur`on birinchi surasining mashhur bosh jumlasi — «Bismillohir rahmonir rahim» («Mehribon va rahmli Olloh nomi bilan boshlayman»)ning poetik sharhi berilgan. Bunda ushbu arabiy jumladagi har bir so`zning harfiga katta ma`no berilgan. Navoiy fikricha, Olloh va uning ismi butun koinot va mavjudot bilan chambarchas bog`langandir. Sharq she`riyatida hamda tasavvufda harflarga ma`no berish ba`zan maxsus bir falsafiy yo`nalish darajasiga ko`tarilgan va bu yo`nalish tarafdorlari «xurufiylar» deb atalgan. Bu ulug` ozarbayjon shoiri Imodiddin Nasimiy ijodida ayniqsa yaqqol ko`zga tashlanadi. Bu o`rinda Navoiy harf san`atidan ko`proq o`z diniy-falsafiy qarashlarini yorqin ifodalashda badiiy vosita sifatida foydalangan.

II

                 1. Sharq dostonchiligida o`rta asrlarda barcha asarlar xudoning madhi bilan boshlangan. Navoiy ham o`z dostonini shu an`anaga amal qilgan holda Olloh hamdi bilan boshlab, bu masalaga maxsus bob bag`ishlagan. Mazkur bobda shoir hamma narsani yaratgan Xudoning osmon va quyoshdan tortib har bir zarrani, butun o`simliklar va hayvonot olamini, kishilik jamiyatini o`z yuksak aqli, har bir insonga mehri bilan  boshqarib, harakatga keltirib, bir-biriga bog`lab, qovushtirib turishini katta shavq-zavq bilan tasvirlagai. Ollohning shunday mehribonchiligi uchun olamdagi hamma narsa har bir zarra unga minnatdorchilik bildirib, shukr etib, unga hamdu sano o`qigani o`qigan.

III

                 1. Ushbu bob «Avvalg`i munojot» ya`ni birinchi munojot deb atalib, bunda shoir haqning, ya`ni xudoning birinchiligi, dunyoda hech narsa bo`lmaganda ham xudo bor bo`lgani, avval boshda xudodan boshqa hech narsa bo`lmagani, uning yakkayu yolg`izligi, olamda hech narsa, hech kimsa u bilan tenglasha olmasligi, husn va zakovatda yagonaligini, o`z husnini tomosha qilish uchun ko`zgu sifatida bu olamni yaratgani haqida xudoga murojaat shaklida fikr yuritadi.
                 Navoiy yozishicha, xudo yeru osmonni, undagi barcha narsalarni yaratar ekan, bu boyliklar ichida uning uchun eng qadrlisi, yaqini inson bo`lib, xudoning butun borliqni yaratishdan kuzatgan bosh maqsadi ham inson edi:

Ganjing aro naqd farovon edi,
Lek boridin g`araz inson edi.

                 Shoir bunda insonni yaratilgan narsalar ichidagi eng komili, Olloh-taoloning yashirin sirlarini ham barcha nozikligi bilan tushunib yetuvchi bir ma`rifatli mavjudot tarzida ta`rif va tavsif etgan.

IV

                 1. Ikkinchi munojotda Navoiy garchi dunyoda ko`p go`zal narsalar yaratilgan bo`lsa ham, shu bilan birga olamda kishining tasavvuriga sig`maydigan darajada voqealar yuz berib, masalan, yulduzlar olami turli holatlarga tushsa, buning sirlarini bilmoqchi bo`lganlar bunga erisha olmasalar ham, bundan xudoga hech bir ziyon va hech bir tashvish yo`q. Chunki ular hammasi xudoning irodasi bilan harakatda va o`zaro bir-biriga muvofiq holda harakat qiladi. Xudo xohlasa osmonda ham, yerda ham katta notinchliklar yuz berishi mumkin. Navoiy tasvirlashicha va ta`kidlashicha, dunyodagi barcha mavjudotlar o`z yaratganiga doim sajda qiladilar, undan o`zlarining mamnunliklarini bildiradilar. Xudoning qahri kelsa «ko`k bir etak kul kibi» sovurilib ketishi hech gap emas. Sayyoralar ham uning izmida. Dengizda to`fonlarning yuz berishi, zilzila turib tog`larning osmonga chiqib ketishi — bular hammasi uning buyukligini, mislsiz qudratini tan olishni talab qiladi. Bob oxirida shoir xudodan u dunyoda o`z lutfiga sazovor etishini iltijo qiladi.

V

                 1. Uchinchi bobda Navoiy oldingi munojotlardagi fikrlarini yanada rivojlantirib, Olloh-taolo o`rni bilan qancha qahrli bo`lsa, o`rni bilan shuncha mehribon, hamma narsani ajoyib muvofiqlik bilan harakatlantiruvchi ekanini, olovni yaratish bilan birga uning muqobili suvni ham yaratganini, yerni bino qilganda elni ham yaratishni lozim topganini, hamma narsalarni bir-biri bilan bog`lab turganini, shuning natijasida yerdagi va osmondagi hayot qasri yuzaga kelganini ta`kidlaydn. Xudo yaxshi niyat bilan olamni shunday go`zal va keng qilib yaratgan. Lekin bularnnng hammasi hisob-kitobli bo`lib, uning ixtiyoridan tashqari bu olamga bir dona igna ham sig`maydi. U xohlasa hammasini bir damda yo`q qilib yuborishi turgan gap. Shuning uchun insonlar o`ylab ish qilishi, gunoh qilishga yo`l qo`ymasligi, qiyomat kuninn unutmasligi, har bir gunoh uchun qiyomat kuni jazo olajagini esda tutishi, Islom dini qoidalariga to`la rioya qilishi, hamma musulmonlarning xudo oldidagi yoqlovchisi — Muhammad payg`ambarga doim samimiy e`tiqodda bo`lishi talab qilinadi.

VI

                 1. To`rtinchi munojot — oxirgi munojot bo`lib, bunda Olloh-taoloning o`z bandalariga benihoya saxovatliligi, ularning tog`-tog` gunohlarini bir siqim somondek shamolga uchirib yubora olish xususiyati, bir daqiqadagi kechani kunduzga almashtira olishi va hokazolar haqida hikoya qiladi. Bunda birinchi o`rinda Navoiy xudoning dargohi kengligini, odamlarga mehribonligining beqiyosligini ko`zda tutib, uni o`z bandalariga yanada shafqatliroq, uzrlarini hisobga oluvchi, gunohlaridan o`tuvchi bo`lishini iltijo qilishi, uning oldida erkalanib, haddi sig`ib labtashnalarga suv berishini, to`nsizlarga to`n, qorni ochlarga ovqat berishini, o`z lutfu karamidan hech kimni bebahra qoldirmasligini so`rashi, hatto talab qilishi g`oyat samimiy va go`zaldir. O`z fikrlarini xulosalab,  shoir  yana bir  bor xudoga murojaat qilib deydi:

Garchi gunahning hadu poyoni yo`q,
Aylamasang rahm ham imkoni yo`q.

VII

                 1. Adabiy an`anaga ko`ra Navoiy xudoning madhi va unga bag`ishlangan to`rt munojotdan so`ng Islom dinining asoschisi Muhammad payg`ambar madhiga o`tadi. Payg`ambar madhi odatda «na`t» deb atalib, «Hayratul-abror»da beshta na`t mavjud. Birinchi  na`tda    Navoiy xudoning avval  Odamni  yaratgani, undan boshqa odamlar tarqalgani, oxiri xudoning elchisi sifatida Muhammad payg`ambar (Ahmad) yuzaga kelgani, u o`zida barcha yaxshi xususiyatlarni zohir etgani, shu asosda «xudoning do`sti» («habibulloh») darajasiga ko`tarilgani, uning onadan bamisoli bir oftob bo`lib tug`ilgani haqida hikoya kiladi.

VIII

                 1. Ikkinchi na`tda Navoiy Muhammad payg`ambarning Makkada Quraysh qabilasida tug`ilgani, yoshligidan aqlli, hushli bo`lgani, Quraysh qabilasi odamlarining qarama-qarshi e`tiqodlarga ega bo`lgani, Muhammadning otasi juda erta vafot etib, otasiz o`sgani, savdo ishlari bilan shug`ullangani, yana bir vaqt cho`ponlik ham qilgani, bolalikdan shirinso`z bo`lgani, hamma qiyinchiliklarga yuksak axloqi bilan chidagani va o`z muxoliflarini yenggani haqida so`zlagan. Ya`ni bunda shoir Muhammad layg`ambar bo`lgunga qadar, aniqrog`i, qirq yoshga kirgunga qadar bo`lgan hayoti yuzasidan umumiy ma`lumotlarni bergan va shu davr ichidagi insoniy — axloqiy qiyofasini chizgan.

IX

                 1. Bu bobda Navoiy Muhammad payg`ambar payg`ambarlik darajasiga erishgandan so`ng, garchi u yozishni bilmasa ham, o`z fikrini, o`z ta`sirini juda tez butun xalq ommasiga, arab mamlakatlaridan tortib Eron (Ajam)gacha bo`lgan o`lkalarga o`tkaza boshlagani, butparastlikni sindirib, yo`qotib, uning o`rniga muvaffaqiyat bilan Islom dinini o`rnata  boshlagani haqida yozadi.

X

                 1. To`rtinchi na`tda Navoiy Muhammad payg`ambarning noyob insoniy xususiyatlarini yoritishga to`xtagan. Shoir yozishicha, payg`ambarimiz nihoyatda chiroyli so`zlashi bilan boshqalardan doim ajralib turgan («Arzi favohatda kaloming fasih»). U nutq so`zlaganda hamma unga diqqat bilan quloq solgan va bu Islom dini qoidalarini mustahkamlashda katta rolü o`ynagan. U g`oyat rahmdil odam bo`lib, dushmanlaridan g`orga berkinganda u yerdagi na o`rgimchaklarga, na biron qushga zarracha ozor yetkazmagan. Shuning uchun uning Islomni mustahkamlash va dunyoga yoyish ishlari yaxshi borgan. Uning atrofiga yaxshi odamlar to`planib, uni faol qo`llab quvvatlaganlar. Bu o`rinda Navoiy payg`ambarning izdoshlaridan Abu Bakr Siddiq, Umar, Usmon va Ali haqida, ularning payg`ambarga, Islom ishiga fidoyiligi, sadoqati haqida ham iliq gaplarni yozgan.

XI

                 1. Beshinchi na`tda Muhammad payg`ambarning afsonaviy Buroq otini minib, bir tun, ya`ni Me`roj kechasi osmonga ko`tarilgani, yulduzlar, sayyoralar aro sayr qilib xudo bilan uchrashgani, lekin bu mo``jizaviy safar juda bir qisqa muddatda yuz bergani haqida hikoya qilinadi:

Borg`oniyu kelgani bir on o`lub,
Aql bu mansubda hayron o`lub.

                 Diniy asarlarda izohlanishicha, bunday safar faqat payg`ambarlargagina nasib bo`lishi mumkin. Bu na`t ham an`anaviy xarakterga ega bo`lib, boshqa xamsanavislarning, shu jumladan Navoiy «Xamsa»sining boshqa dostonlarida ham shu mazmunda maxsus boblar bor.

XII

                 1. Dostonning bu bobi Navoiydan oldin «Xamsa» yaratgan buyuk shoirlar Nizomiy va Xusrav Dehlaviy madhiga bag`ishlangan.
                 2. «U so`z san`atkorlarining boshidagi toj, bahosi xazinaga teng o`sha tojning gavharidir». Bu baytdan boshlab Nizomiy madhi beriladi.
                 Nizomiy — ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Abu Muhammad Ilyos binni Yusufning taxallusi. Nizomiy taxminan 1141 — 1143 yillarda Ozarbayjonning qadimgi va obod Ganja shahrida tavallud topib, 1203 yilda vafot etgan. Nizomiy she`riyat bilan juda erta qiziqqan va tez orada hatto Ganja, Shirvon o`lkasi hukmdorlari nazariga tushgan. Naql etilishicha, Darband hokimlaridan biriga Nizomiyning bir she`ri g`oyatda ma`qul tushgan. Buning evaziga shoirga minnatdorchilik bildirish ma`nosida, qipchoq kanizaklaridan Ofoq ismli qiz unga hadya etilgan. Keyinchalik bu oqila qiz Nizomiyning suyukli xotini bo`lgan.
Tazkiralarda Nizomiyning yigirma ming baytdan iborat bir lirik devon tartib berganligi haqidagi ma`lumotlar bizgacha yetib kelgan. Lekin bu devon hanuzgacha topilgan emas. Undagi lirik she`rlardan ayrim namunalargina saqlanib qolingan, xolos.
                 Nizomiyni dunyoga tanitgan, ulug` bir adabiy an`ananing boshlovchisi darajasiga ko`targan asari — uning «Panj ganj» atalgan «Xamsa»si. U «Xamsa»ning birinchi dostoni «Mahzanul-asror» («Sirlar xazinasi»)ni 1173—1180 yillar mobaynida yozib tugallagan. Doston turli axloqiy va falsafiy mavzulardagi yigirma maqolot va  ularga  bog`liq  holda  talqin  etilgan  manzum  hikoyalarni o`z ichiga qamrab olgan. Bu asar Nizomiydan keyingi ko`p shoirlarga, jumladan, Alisher Navoiyga ham o`rnak timsoli — mahorat maktabi bo`lib qolgan.
                 3. «Uning fikr tarozusi «Xamsa»ni, «Xamsa» emas, balki «besh xazina»ni o`lcharkan, unga osmon tarozu pallasi, Yer kurrasi esa botmon tosh bo`ldi».
                 4. «U behisob so`z durlarini tartibga solgani uchun taqdir unga «Nizomiy» taxallusini munosib ko`rdi».
                 5. Duo: «Uning sirlari pok bo`lsin!»
                 6. «Besh harf bilan yoziladigan va chiqariladigan son hisobi bilan hisoblasang «bir ming bir»ning ismini bildiradi». Arabcha yozuvda Nizomiy besh harfdan iborat bo`lib, (nun) — 50, (izg`i) — 900, (alif) — 1, (mim)—40, (yoy) — 10 ni bildiradi, jam`i — 1001.
                 7. Bu va keyingi besh bayt mazmuni: «Undan keyin hind chavandozi ham hindiy xanjari bilan (so`zni) saralab, xanjarining chaqmog`idan uchqunlar sachratib, mingan oti ham o`tday tez harakat qilib, qayoqqa o`zini o`tdek tez va qattiq urmasin, hamma yerda g`avg`o ko`tardi. Qaysi mamlakatda qanday (so`z) obodonligi bo`lsa, imkoni boricha ularni o`z qo`liga kiritdi. Uni shunchaki hind chavandozi atab bo`lmaydi, uni hind royi deb atash kerak. Uning qalami uchi hind mamlakatining ko`rkidir. She`riyatidagi har bir doston Hindistonning bir viloyati — kishvariga tengdir». Madh va ta`rif liboslariga o`ralgan ushbu fikrlar fors adabiyotining klassigi Amir Xusrav Dehlaviy haqida. Xusrav 1258 yilda Dehlida tug`ilgan. Uning asl nasabi Shahrisabz turklaridan bo`lgan. Dehlaviyning otasi, Lochin qabilasining boshlig`i — Amir Mahmud Chingizxon hujumidan keyin Movarounnahrdan Hindistonga ko`chib ketgan.
                 Xusravning ijodiy merosi ko`p qirrali. U benazir lirik, mohir epik, tarixnavis yozuvchi, badiiyatshunos olim, o`z zamonasining musiqashunosi.
                Xusrav Dehlaviy to`rtta she`riy devon tuzgan. Bu haqda Navoiy «Xazoyinul-maoniy» devonining debochasida Sulton Husayn Boyqaro tilidan fikrlar bildirib o`tgan. Navoiyning g`azalchilik sohasida olamshumul yutuqlarni qo`lga kiritishda Xusrav Dehlaviy tajribalarining ham ilhombaxsh ta`siri favqulodda ta`sirli bo`lgan.  U qit`alaridan  birida yozgan edi:

G`azalda uch kishi tavridur ul nav`,
Kim andin yaxshi yo`q nazm ehtimoli...

Bular kimlar? «Biri Mu`jiz bayonliq sohiri hind», — deydi Navoiy. «Sohiri hind» — Xusrav Dehlaviy. Navoiyning e`tirof etishicha, uning «so`zu holi» ishq ahlini o`rtantiradigan daraja-da.  Keyingi  ikki kishi  esa, «Iso nafasliq rindi  Sheroz» — Hofiz Sheroziy va  «qudsi asarlik  orifi Jom» — Abdurahmon Jomiy. Mana, o`sha qit`ada chiqarilgan fikriy xulosa:

Navoiy nazmig`a boqsang, emastur
Bu uchning holidin har bayti xoli.
Hamono ko`zgudurkim, aks solmish
Ango uch sho`x mahvashning jamoli.

                 Demak, Navoiy fors-tojik adabiyotining ikki ulug` vakili — Hofiz va Jomiy singari, «Ishq va dard ahlinnng rahbar va peshravi» («Muhokamatul-lug`atayn») Xusrav Dehlaviyni ham o`zining g`azalnavislikdagi ustozi deb tan olgan, uning lirikasining ta`sirini ochiq e`tirof qilgan. Navoiyning «Devoni Foniy»sidagi qirqqa yaqin g`azali ham Xusrav Dehlaviyga tatabbu` qilib yozilgan.
                 Xusrav Dehlaviy fors adabiyotida Nizomiyga ergashib «Xamsa» yaratgan ikkinchn san`atkor. U «Xamsa»sining ilk dostoni «Matla`ul-anvor» («Nurlarning tarqalish manbai»)ni ikki hafta mobaynida yozib tugatgan (Muhammad Osimiy, Abdulg`ani Mirzoev, Amir Xusrav Dehlavi. Dushanbe, 1979. Sah. 44). «Matla`ul-anver»da, xususan, siyosiy pafos Nizomiy dostoni darajasidan pastroq ekanligi qayd etilgan. Lekin shunga qaramasdan, u o`ziga xos ko`rkam asar. Shuning uchun ham Navoiy masalaning bu jihatlariga alohida e`tibor bilan munosabatda bo`lgan, Xusrav asarini munosib baholagan. «Ganja podshosi (Nizomiy) boyliklarni sochuvchi, u esa ergashuvchidir, so`z iqlimida u podshoh bo`lsa, o`z nomi bilan bu ham Xusrav (podshohdir). Xusrav bo`lib mamlakatni obod qildi. Uni Xusrav emas, Farhod deb atasa ham bo`ladi»,— deydn Navoiy mazkur bobda.
                 8. «Ko`p kishilar ularga (Nizomiy va Xusravga) o`xshatmalar yozishni havas qilishdi, biroq ular sarv bilan gul qarshisiga xashak keltirishdi. Ulardan yolg`iz bir kishi bundan mustasnoki, bunday odamni ko`hna falak shuncha aylangavi bilan boshqa yarata olmadi». So`nggi baytdagi bu «bir kishi» — Abdurahmon Jomiy. Ma`lumki, Nizomiy boshlab bergan «Xamsa»chilik Sharq adabiyotida adabiy an`anaga aylantirildi. Xusrav Dehlaviy «Xamsa»si bu yo`ldagi ijobiy samara bo`ldi. Lekin «Xamsa» yozish har qanday san`atkordan zo`r talant, keng hayotiy bilim, tajriba va kuchli badiiy mahoratni talab qilar edi. Ayniqsa XV asrga kelib «Xamsa» yaratishga uringan shoirlarning soni ko`paygan. Ammo bu shoirlarning aksariyatida biz yuqorida sanagan imkoniyatlar to`la shakllangan deb bo`lmasdi. Shu bois ular yaratgan dostonlar el o`rtasida e`tibor qozonmadi. Navoiy «Majolisun-nafois» tazkirasida shunday qalamkashlar to`g`risida ham ma`lumotlar berib o`tgan. Abdurahmon Jomiy «Xamsa»si esa badiiy njodning mazkur jabhasidagi yangi ijodiy muvaffaqiyat bo`lgan edi. Navoiy buni yuksak ma`nodagi faxr tuyg`ulari bilan qayd etayotir.

XIII

                 1.    «Yuksaklikning uzun soyasi, shodlik jomining sof sipqoruvchisi Mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiy vasfikim, vasfga sig`mas, ta`rifikim, ta`rifga to`g`ri kelmas va ul hazrat iltifoti quyoshi qaro kunga qolgan men ojizning ahvoliga nur sochganining bayoni, ul quyosh tarbiyasidan bu tufroqda oq gullar, oq gullargina emas, rang-barang rayhonlar nishon bergani va «Tuhfatul-ahror» (Jomiyning «Mahzanul-asror» va «Matla`ulanvor»ga   javoban   yozgan   falsafiy-didaktik   dostoni, ya`ni   «Asllar tuhfasi») mutolaasidan g`amgin ko`ngulning xursandchilik topgani va «Xayratul-abror»ning la`l va javharlarini nazm ipiga tizmoqning sababi».
                 2.    «U butungi kunda tariqatning qutbi, haqiqat sirlarining kashf etuvchisidir. Uning ko`ksi haqiqat durlarining xazinasi, ko`ngli esa ma`no yuzlariga oina». Navoiy ustozi Abdurahmon Jomiy madhini ana shunday teran bir ma`nolar bilan boshlaydi. Jomiy — Nizomiy, Hofiz, Sa`diy singari daholardan keyin fors-tojik adabiyotining shuhratini yana bir karra olamga yoygan dohiy san`atkor. Jomiy 1414 yilda Xurosonning Jom viloyatida tug`ilib, 1493 yilda Hirotda vafot qilgan. U «Fotihatush-shabob», «Vositatul-iqd», «Xotimatul-hayot» deb atalgan va inson umrining uch fasliga ishorat qiluvchi uch she`riy devonning muallifidir. Navoiy «Mahbubul-qulub» asarida: «Har sinf nazmda benazir erdilar va nechaki ta`riflari she`rda mahoratdin tashqaridur, va lekin har uslub she`rda jahongir erdilar. Va nazmlarida har she`r bila ishq o`tin olamga urubturlar. She`rlarida har bayt bila dard ahli jonu ko`ngul olamin qo`ydurubdurlar», deb yozadi Jomy to`g`risida. «Xamsa»sining barcha dostonlari, «Majolisun-nafois» tazkirasi va boshqa o`rinlarda ham Navoiy ustozi va uning serqirra ijodiyoti xususida qimmatli mulohazalarni bayon etgan. Navoiy o`zining «Xamsatul-mutahayyirin» kitobini esa to`lig`icha Jomiyga bag`ishlagan edi.
                 Jomiyning Nizomiy va Xusravlarga tatabbu` qilib yaratgan asari «Haft avrang» deb atalgan. Unda «Tuhfatul-ahror», «Sabhatul-abror», «Salomon va Absol», «Silsilatuz-zihab», «Yusuf va Zulayxo», «Layli va Majnun», «Xiradnomayi Iskandar» nomli yettita doston bor. «Tuhfatul-ahror» shulardan  birinchisi.

XIV

                 1. To`rt sadaf bu yerda to`rt unsur — suv, havo, o`t, tufroq nazarda tutilgan. Durj—qimmatbaho toshlar solinadigan quticha. Ikkinchi satrdagi «Etti falak axtarining burji» — yetti qavat ko`kdagi yetti sayyora cho`qqisi.
                 2. Arabcha «k» va «n» harfi bir-biriga qo`shilsa, «kun!» bo`lib, «yarat!», «ijod qil» degan  ma`nolarni  bildiradi.
                 3. «So`z jon bo`lib, ruh aning qolipidir. Kimning tanida ruhi bor bo`lsa, u so`zga ehtiyoj sezadi».
                 4. «Tilni agar po`lat xanjar deyilsa, uning qadalgan injulari so`zdir».
                 5. Bu chaman — insoniyat va hayot chamani.
                 6. Masih—Iso payg`ambarning laqabi. Diniy afsonalarga ko`ra Iso o`z nafasi bilan o`lganlarni tiriltirish, jon ato etish qobiliyatiga ega  bo`lgan emish. «Yaxshi so`z bilan o`lganni tiriltira  olgani  uchun   Iso  payg`ambar   o`zini  «Jonbaxsh»  laqabi   bilan atagan»,— deydi shoir.
                 7. Xalil — Ibrohim payg`ambarning laqabi. Diniy afsonalarga ko`ra, Namrud Xalilni o`tda yoqib o`ldirmoqchi bo`lgan, lekin u o`z pokligi tufayli o`lmagan.
                 8. Jabrail — Islom   dinida  to`rt  farishtadan   biri.    U go`yo xudo   bilan   payg`ambar   o`rtasida   elchilik   qilarmish.   Ushbu   satrdagi  ma`noda   ham  shunga  ishorat  bor:  «Jabrail  ham  so`z  yukiga hammol bo`lgan».
                 9. «Agar  bir  go`zal   xar  qancha chiroyli va  oy yuzli bo`lsa-da, lekin gapirmasa, devordagi suratdan farq qilmaydi».
                10.    Ustoz Sadriddin Ayniy ushbu misralar izohi munosabati bilan yozadi: «Har  qanday yaxshi sozanda    qancha    cholsa-yu, (ashula aytmasdan)  uzoq cholsa, undan aql ahllariga malol etadi. Agar  sozanda   mashq orasida  Navoiyning  olov sochuvchi  g`azallaridan   birontasini   o`qisa, V  vaqt bazmda, shovqin-suron qo`zg`oldi, eshituvchilar yoqalarini yirtdilar, ohu  voy  bilan  o`zlarini yo`qotib quyadilar».   Vosifiyning   hikoyasiga   ko`ra,  Navoiyning   o`z zamonida uning:

Din  ofati ul mug`bachai mohliqodur
mayxorau bebok,
Kim ishqidin oning  vatanim  dayri  fandur
sarmastu yaqom chok...

boshlamali  mustazodiga Xoja  Abdullo  Marvorid nomli bastakor bir   kuy   bog`lagan.   «U  vaqtlarda   Hirotda   bu  savt    o`qilmaydigan uy yo`q edi», deydi  Vosifiy.   Vosifiyning gapiga ko`ra, bir bazmdada shu «Sarmastu yaqom chok» savti ijro etilayotganda butun majlis ahli o`z yoqalarini yirtganlarki, bu holni bir tasodif bilan Navoiyning  o`zi  ham  ko`rgan.   Navoiy,  bu yerdagi   misralar bilan o`sha savt va  o`sha  holatga  ishorat qiladi (Alisher   Navoiy. Xamsa. Qisqartib nashrga tayyorlovchi S. Ayniy. Toshkent: O`zdavnashr, 1947. 19-bet).
                 11.    Oddiy  so`zlashuvda  yolg`ondin  e`tiborsiz — nopisand narsa yo`q.   Lekin   nazmdagi  yolg`on   hatto  donolarga   ham   ma`qul, ya`ni nazmda   mubolag`aga   yo`l   qo`yiladi, deyilmoqchi.    Bu bayt Alisher Navoiyning adabiyotda badiiy to`qima, mubolag`a, fantaziyaning roli to`g`risidagi estetik qarashini aks ettiradi. Navoiy ushbu masala to`g`risida yoshlik yillaridan boshlab o`ylay boshlagan. Masalan, «Hayratul-abror»dagi mazkur fikr uning ustozi Sayid Hasan Ardasherga yozgan masnaviysida:

So`z ichraki yolg`on erur nopisand,
Chu nazm ettilar — qildi dono pisand

shaklida ifoda etilgan. E`tiborli tomoni shundaki, Navoiy qariyb butun umri davomida she`riyatda mubolag`aning qimmati yuzasidan bildirgan estetik qarashiga sodiq qolgan. «Mahbubul-qulub»da o`qiymiz: «...Yolg`on so`z juz nazmda nopisand va aning qoyili noxiradmand.

Bayt:

So`z ichraki yolg`on erur nopisand,
Chu nazm ettilar qildi dono pisand».

Ko`ryapsizki, bu bayt she`riy maktubda qanday bo`lsa, «Mahbubul-qulub»da ham ayni o`sha tarzda takrorlangan.
                 12. «Tish injulari og`izda terilib tursa, nazmday ko`rkam bo`ladi, og`izdan tushib nasrday sochilsa, qimmati ketadi». O`z davri an`anasiga ko`ra bu yerda Navoiy nasrga nisbatan nazmga yuqori baho beradi.
                 13. Bu bayt tashbih san`ati asosida qurilgan. Unda shoir bog`dagi gul va daraxtlarni nazmga, tog`dagilarni (ular o`tin hisobida qaraladi) nasrga o`xshatadi.
                 14. Bu va bundan keyingi to`rt baytda nazmning nasrdan afzalliklari shatranj — shaxmat o`yini misolida asoslangan: «Shaxmat taxtasiga donalarni to`kkan odam uning yog`och donalarini qancha maqtamasin, u chiroyli ko`rinadi shu vaqtdaki, birov — ikki tomonga u donalarni ikki qatordan qilib tersa. Shaxmatning ikki tomonidagi ikki qator xuddi ikki misra she`rga, to`rt qator esa she`rning ikki matlaiga o`xshab ketadi. Bundagi har dona ajoyib muammo bo`lib, ularning orasida otlar ham paydo bo`ladi. Odam qancha to`g`ri fikr qilmasin, bunda ozgina parishonlikka yo`l qo`ysa otning yurishi tufayli mot bo`lib qolishi mumkin».
                 15. Bu ikki satrda gulning o`z shoxida ochilib turishi nazmga, xazon bo`lib sochilishi nasrga o`xshatilgan.
                 16.    Bu baytda «nazm mo``jiza yo`sunlik bo`lmaganda, xudo kalomida ham nazm bo`lmagan bo`lur edi» deb Qur`onda ham nazm borligi aytiladi. Navoiy nazm va nasrga munosabatini «Xamsa»ning keyingi dostonlarida ham davom ettiradi. Ular oxir-oqibatda   yaxlit   bir   ijodiy   konöepöiya   sifatida   ko`zga   tashlanadi. Lekin shuni ham ta`kidlash kerakki, Navoiyning bu masalaga doir qarashlari «Xamsa»ning boshqa dostonlarida u yo bu tarzda «Hayratul-abror»dagi fikrlardan o`sib chiqqan yoki bevosita ularning   uzviy   davomidir.   Masalan,     «Sab`ai   sayyor»dagi    mana   bu so`zlarga diqqat qiling:

Har kishi qilmoq istasa ma`lum
Biri mansur erur, biri manzum.
Nasru nazmi angaki mudrakdur,
Nazmning poyasi buyukrakdur...
Xud javohir nechaki dilkashroq.
Nazm silkiga cheksalar xushroq.

                 17. Shakl va mazmun birligi — badiiy ijoddagi eng muhim masaladir. Navoiyning ushbu muammoga munosabati mazkur baytlarda nihoyatda ko`rkam uslubda badiiy talqinini topgan. Ulug` shoir shaklning ahamiyatini kamsitmagan holda badiiy asarda g`oyaning   birlamchi  qimmatiga   alohida  e`tibor   beradi.

XV

                 1. «Kim ma`no durining sadafidan o`ziga jom qilgan bo`lsa, so`z mayini o`sha kishi to`la simiradi».
                 2. Roh — may ma`nosida. Misboh — chiroq «So`z shu qadar ajoyib va safoli sharobki, ko`ngulning eng qorong`u kunjlarini chiroq bo`lib yoritadi».
                 3. «Men so`z mayidan mast bo`lib, o`tkinchi dunyo kishilari safiga qo`shilganman».
                 4. Jomi hidoyat — haqiqat jomi. Shoir demoqchiki, garchi haqiqat jomiga qo`lim yetgan bo`lsa-da, ko`p vaqt so`zda sukut saqladim.
                 5. «Turkiy ohangga qo`limni o`ynatib, «hay tulugum, hay tulum» deb kuylasam». Shoir buning bilan o`z ona tilida asarlar yaratishga kuchli  ishtiyoqi bo`lganligini ta`kidlagan.
                 6. Tuyuq — turkiy she`riyatning qadimiy janrlaridan. Bu haqda Navoiyning o`zi «Mezonul-avzon» risolasida shunday deydi: «Birisi «tuyug`»dirkim, ikki baytqa muqarrardur va sa`y qilurlarkim, tajnis aytilg`oy va ul vazn ramali musaddasi maqsurdur...». Tuyuq poetikasining asosiy shartlaridan biri uning ramali musaddasi maqsur (foilotun foilotun foilon) vaznida yozilishidir. Navoiy mazkur baytda shoirlik da`vosida yurgan, ammo she`riyatning qat`iy belgilangan qonun-qoidalariga ham rioya qila olmaydigan  qofiyabozlarni tanqid qilayotir.
                 7. «Binoyi rafi`»dan maqsad — «Xamsa». Shoir yaratilajak «Xamsa»sining mohiyatini badiiy sharhlayotir.

XVI

                 1. Kahkashon — osmonda uzunasiga ko`rinadigan oq yo`l, samon yo`li.
                 2. Rustam — O`rta Sharq xalqlari og`zaki va yozma adabiyotidagi an`anaviy obraz. Rustam obrazi fors afsonalari va Firdavsiyning «Shohnoma»sida Eron himoyachisi sifatida naql etil-sa, turkiy xalqlar eposi va afsonalarida Afrosiyobning bobosi — Turning avlod-ajdodidan deb ta`riflanadi. U Turonni chet el bosqinchilaridan himoya qilgan. Navoiy Sulton Husayn Boyqaroning Rustamga o`xshab qudratli, jasur, yengilmas bo`lishini orzu qilayotir.
                 3.    Jamshed — 1. Ulug` podshoh. 2. Eronning qadimgi afsonaviy podshohlaridan. Navoiy «Tarixi muluku Ajam» asarida Jamshid haqida shunday ma`lumotlarni yozgan: «Ba`zi ani Tahmurasning qardoshi debturlar va ba`zi qardoshining o`g`li. Chun saltanatqa o`lturdi, jahon mulkin adal va dod bila tuzdi. Va
husnu jamolida dilpazir va fazlu kamolida benazir erdi. G`arib ixtirolar qildi... Va saltanatining zamoni yetti yuz yilg`acha bo`ldi...

She`r:

Chu Jamshid taxt uzra tutti maqom
Dimog`ig`a yo`l toptn savdoyi xom...»

                 Bu yerda «Chu Jamshid taxt uzra tutti maqom» misrai garchi boshqa maqsadni ifodalasa-da, «Hayratul-abror»dagi «Taxt uza Jamshiddek etsa maqom» satrining qariyb varianti shaklida takrorlanganini ham aytish kerak.
                 Jamshidning eng mashhur kashfiyotlaridan biri — uning sehrli jomi bo`lgan. Bu jomda go`yo butun olam, zamon va kelajak hodisotlari aks etar emish. Ammo Jamshid borib-borib kekkayib, mag`rurlanib, Navoiy so`zlari bilan aytganda «olamni o`z ibodatig`a amr qilib, o`z surati bila butlar yasab, aqolim va kishvarlarg`a yiborib» uni xudo hisoblashlarini buyuradi. Xalq va a`yonlar undan yuz o`girib, arab shahzodasi Zahhokni taxtga o`tqazadilar. U Jamshidni bandi qilib «arra bila iki bo`lub, jismin pora-pora» qilib tashlatadi.
                 Navoiy «Taxt uza Jamshiddek etsa maqom» deganda Husayn Boyqaroning mag`rurlanmasdan «adl va dod bila» ish yuritishini nazarda tutgan.
                 4.    Bog`i Iram — Afsonaviy go`zal, xushhavo bir bog`ning nomi. Uni xudolik da`vo qilgan Shaddod degan podshoh bino etgan emish. Idealdagi hayot ramzi sifatida bu nom Sharq adabiyotida juda ko`p tilga olinadi.

XVII

                 1.    Bu misralarda inson gulistonga va uning a`zolari turli
gullarga  o`xshatilib,  yaratuvchi   (xudo)ni  dehqon   atab,  azal  tongida yaratish (sun`) dehqoni odam tanasini gulistonday yasaganda, bu gulistonga va undagi turli-tuman gullarga mayin yel esib, bu gullar ochilgani, tan gulshaniga ruh kirgani, undan g`araz hech gul bo`lmay, maqsad yolg`iz ko`ngul ekanini go`zal tashbihlar orqali ta`kidlangan.
                 2. Bu  va so`nggi uch baytda takror san`atidan  foydalanilgan.  Shoir   satrlar   boshida   «goh»   so`zini   ketma-ket    qaytarish   bilan fikrni ta`kidli ohanglarda tarmoqlantirgan.
                 3. Farhod — Sharq  xalqlari   sg`zaki   ijodiyoti    va  yozma  adabiyotida keng  o`rin  ishg`ol  etgan  obraz.  Badiiy  adabiyotda  Farhod dastlab   fors-tojik   shoiri   Og`ochiy   (X—XI   asrlar)   she`rlarida tilga   olingan.   Bal`amiyning   «Tarixi  Tobariy»,  Abu  Dulafning «Risolai   soniya»  asarlarida   u   Shirin  bilan    bog`liq    qahramon sifatida naql etilgan.
                 Farhod obrazi Sharq adabiyotida birinchi bo`lib Nizomiy Ganjaviyning «Xusrav va Shirin» dostonida tasvirlangan. Lekin u dostonda bosh qahramon darajasiga olib chiqilmagan. Orif Ardabiliyning (XIV asr) «Farhodnoma» dostonidan boshlab Farhod markaziy qahramon holida ko`rsatilgan. Navoiy «Farhod va Shirin» dostonida birinchi bo`lib Farhodning mukammal epik xarakterini yaratdi. Navoiy Husayn Boyqaroni «dardu balo tog`ida» Farhodga o`xshab jasorat namunalarini ko`rsatishini orzu qilayotir.
                 4.    Majnun—1. Jinni, devona. 2. Sharqdagi eng mashhur qahramonlardan. Qadimiy arab manbalarining shahodat berishicha, Majnun tarixiy shaxs bo`lib, Arabistondagi Bani Omir qabilasiga mansub bo`lgan. Majnunning oshiqlik qismati haqida
                 Sharqda   juda   ko`p   rivoyatlar  to`qilgan.     U  Nizomiy,    Dehlaviy, Navoiy kabi ulug` san`atkorlarning  ijodida  fojiaviy qahramon sifatida o`rin egallagan.

XVIII

                 1. Shams — quyosh; zuho — choshgoh vaqti. «Vash-shamsi» bilan «Vaz-zuho» «Qur`on» oyatining dastlabki so`zlari bo`lib, bu yerda quyosh chiqishi, kun yoyilishi tasvir etilgan.
                 2. «Shu payt tong so`fisi ham paydo bo`lib, osmon bo`ylab o`z nurli joynamozini yoydi».
                 3. «Nilufariy osmon tepadan shabnamlar yog`dira boshlagan-da, sahar bog`ida sarig` lola ochila boshladi (ya`ni quyosh chiqa boshladi)».
                 4. «Obnus   (qora  daraxt)dan  yasalgan   panjara  oqqa   aylanib, sarig`   manqaldondan   o`t   sochila   boshladi   (ya`ni   tong  yornb,   quyosh nuri tarala boshladi)».
                 5.    «Inson» so`zi o`rnida shoir «xoja» so`zini ishlatgan: «xoja», «ega», «xo`jayin» degan ma`nolarni bildirib, shoir bunda ko`ngul egasi — insonni tushunadi.
                 6. A`juba—ajoyib narsalar.
                 7. «Fikr qilib, qancha ko`p o`ylasa, bu orzuga erishish shuncha qiyinlashar edi. Qancha ko`p toat-ibodat qilsa ham bu pardadagi sirlar ochilmadi».
                 8. Bu  bayt qofiyasida tajnis san`ati  qo`llanilgan.
                 9. Xo`d— ikki  chakka  va  iyakni  yopib turadigan   temir  qalpoq.
                 10. Xalxol— oyoqqa taqiladigan halqa.
                 11. Bunda Navoiy sariq kasalini suvdagi baliqqa tikilish bilan tuzatish hodisasiga ishorat qilmoqda.
                 12. Nomiya — o`simliklarning avj olish  xususiyati.
                 13. «Lola olifta qimorbozday hayajonlandi, tosidagi ikki tomchi shudring uning qimor o`yinidagi oshig`i bo`ldi».
                 14. «Ma`yuslik, umidsizlik uning aql ishlarini jinnilikka olib bordi, vasvasalar hushini oldi».
                 15. Bir dehqon — xudo ko`zda tutiladi.
                 16.    «Haqiqat sirridin bahramand bo`lib, sen, yaxshisi, hammasiga ko`ngul ko`zi bilan boq!».
                 17.    «Shamol ham, suv ham o`zicha kuy kuylarkan, yaratgan ularning har biriga o`ziga xos bir sirni ato etgan».

XIX

                 1. «Humoyun qanotli ul qush (ko`ngul)ning narsalar olami gulistonidan farishtalar olami shabistoniga parvoz qilib, u keng manzilning sham va mash`allarinnng so`zlovchi tili bilan asl yaratuvchi yodiga mashg`ul ekanini bilib, hayratdan bu olamdan boshqa  bir olamga borgani va bu hayrat yana uni behush qilgani».
                 2. Bu baytda quyosh botib, qorong`i tusha boshlashi to`g`risida gap bormoqda. «Xo`tan go`zali»— Quyosh. Xo`tan — Sharqiy Turkistondagi bir shaxar nomi. Bu o`rinda ushbu so`z quyosh chiqadigan sharq ramzi ma`nosida qo`llanilgan.
                 3. Abhar shamim — nargis hidli. Ya`ni: «Nargis hidli varaqlarni shamol yopdi».
                 4.    «Karak (bulduruq qush) egnini qisib, parda yopinganday o`ltirib oldi, parda qanotlarini ochib, ko`rshapalaklar ucha boshladi».
                 5. Osmonga qarab yo`l olgan boyqush doira shakldagi oyni o`ziga childirma qilib oldi».
                 6. «Ko`k o`lanlar atrofida rang-barang atir gullar yulduzlardan tashkil topgan lojuvard doiraga o`xshaydi».
                 7. «Bu kecha  unga   (ko`ngulga)   yuz qiyinchiliklar yuz  berdi;  bu mashaqqatlarning  biri   ikkinchisidan  ajablanarli edi».  Oldingi baytlardagi bulduruq, ko`rshapalak, boyqush — bular xayoliy obrazlar.   Bu obrazlar orqali  shoir «humoyun qanotli ul qush» – ko`ngulning  «farishtalar   olami   shabistoni»dagi   hodisotlardan   ta`sirlanishini go`yo voqelashtirib ko`rsatadi.
                 8. «Ul muqaddas qush (ko`ngul) navo istab, yana balandga havolandi». Endi bu — farishtalar olamidan boshqa, uni behush qiladigan yanada yuksak olam.
                 9. «Uning tuproqidan iborat vujudi yerda qolgan edi. O`zi falak yulduzi bo`lib, samoga ko`tarildi».
                 10. «Ruh qanotli qushga aylanib, tun qorong`usida sayr qilardi».
                 11. «Ushbu  jannat  bog`ining  qushi  birinchi  chamanni  sayr  eta boshladi».   «Birinchi   chaman» — oy.   Qadimgi   Sharq   astronomiyasining fikricha, oy birinchi ko`kda joylashgan. Navoiy keyingi misralarni tundagi oy tasviriga bag`ishlaydi. Oy avval oliy javhar halqaga o`xshatiladi.  Shoir dostonning oldingi qismlarda sevib qo`llagan  badiiy  usuli — ruju`ga  murojaat  qilib, fikrini  yana o`zgartiradi: «Xalqa  dema,  balki mudavvar lagan...» — Aylana laganning sham`i  esa majlislarning  mash`alidir...
                 12. «U   (ko`ngul)   yana  bir   (osmon)     bog`iga  kirib, joy oldi. Unda   kumush  badanli   bir  mahbuba   turardi».   Klassik poetikada tashxis degan  san`at  bor.  Bu  san`at  shoirga  borliqdagi jonsiz narsalarni   jonlantirib,  insoniy  sifatlarda   shaxslantirib tasvirlash  imkonini   beradi.   Bunda   Navoiy  xuddi shu usulni qo`llagan.  Chunki shoir nazarda tutgan «buti simnibadan» qandaydir «qoshi fusungar, ko`zi tannoz» bir malak emas, balki ikkinchi osmonda   joylashgan  Atorud   (Merkuriy)   sayyorasidir. Navoiy  keyingi   «nodirai  nukta   sanj» — Zuhra   (Venera),  Mirrix   (Mars) Mushtariy   (Yupiter),  Zuhal   (Saturn)   planetalari  xususida tashxis  usulida   mulohaza   yuritgan.   Dostonning  bu  va   bunga  o`xshash   joylarida   fantaziyaning  roli  nihoyatda   katta.
                 13. Tahmtan — qudratli pahlavon Firdavsiy «Shohnoma»sidagi qahramon Rustami Zolning laqabi. «Qo`liga nayza ushlagan pahlavon» —Mirrix (Mars) Tahmtanga o`xshatilgan.
                 14. «Etti osmon unga borib tutashgan. «Ko`p burjlar»-(«Qur`on»dagi)   haqidagi gap ham  shu osmonga  tegishli».
                 15. «Shundan keynn u (ko`ngul) eng yuqori osmonga (so`nggi to`qqizinchi osmon nazarda tutilayotir) bayroq tikdi, uning eng yuqoridagi poyasiga qadam qo`ydi».
                 16. «Bu yerda naq bir butxonaga ko`zi tushdi. Undagi har butning   ko`rinishi    durdonaga    o`xshardi».    «But» — budda    so`zidan. Baytdagi   fikr  budda   haykallari  haqida.  Butparastlik jahonga keng tarqalgan dinlardan biri. «Rivoyat qilinishicha, bu din asoschisi Budda   insoniyatni   azob-uqubatlardan     qutqarish uchun yaralgan.  Uning  asli   ismi  Siddhargha   Gautma.  U  miloddan  avval 623—544 yillarda qadimgi Xindistonda yashagan.
                 U podsholikning valiahdi bo`lgan. Gautma o`ziga yaratilgan shohona hayotdan kechib, yoshlik yillaridayoq tarki dunyochilikka yuz burgan. U go`yo kishilar boshiga tushadigan kulfatlar sabablarini o`rganish va ularni bundan qutqarish maqsadida o`rmonga borib, diniy kitoblarni mutolaa qilgan, braxmanizmdan yuz o`girib, yangi diniy ta`limot yaratishga uringan. Nihoyat, 36 yoshida u «haqiqiy bilim»ni topganligini e`lon qilgan. Shundan so`ng Budda nomini olgan. Dastlab Banorasda, keynn umrining oxirigacha boshqa shahar va qishloqlarda o`z ta`limotini targ`ib qilgan emish. Bu shaxsning tarixda bo`lganligi haqida aniq ma`lumot yo`q. Buddizm tarqalgan juda ko`p Osiyo mamlakatlarida Budda haqida turli afsonalar paydo bo`lgan. Buddaning obrazi, unga qo`yilgan haykallar buddizmda muqaddas hisoblangan» (O`zSE. II tom. Toshkent, 1972. 455-bet). Navoiyning «but sajdasida butparast»   so`zlari   buddizm   ta`limotiga   ishoratdir.

XX

                 1. «Quyosh  Sharqqa  o`z bayrog`ini tikib, jahon mamlakatlarini birlashtirdi».
                 2. Ko`ngul bu dunyo sahnidan zavqlanib turganda, uning oldida ajoyib bir shahar paydo bo`ldi». «Ajoyib bir shahar» — bu o`rinda inson va uning gavda tuzilishi ko`zda tutilgan. Ushbu satrlardan boshlab inson organizmining tuzilishi, unga xos xususiyatlar,  organizmdagi  a`zolar to`g`risida   gap  boradi.
                 3. «Uning gavda tuzilishiga tartib berayotganda, uni to`rt javohirni bir-biriga qo`shib yaratgan». «To`rt javohir» — o`t, suv, havo, yer.
                 4. «Bundagi ikki javohir (o`t, havo) eng yuqori sifatli, qolgan  ikkisi   (suv, yer)  esa  quyi sifatlisi edi».
                 5. «Unda yongan o`tning Muso o`ti yanglig` yorug`i bor». Muso— yaxudiydikka   e`tiqod   qiluvchilar   tomonidan   payg`ambar   deb   e`tirof etilgan afsonaviy shaxs, iudaizm dinining asoschisi. Yuqoridagi «Muso o`ti» iborasining zamirida fantastik ma`no bor. Uni Navoiyning o`zi ham «Tarixi anbiyo va hukamo» asarida naql qilgan. Emishki, Shu`ayb alayhissalom Musoni uyiga chaqirib, hasab va nasabini» ma`lum qilib, sakkiz yil qo`ylariga qarash sharti bilan Safura ismli qizini unga berishga qaror bildiradi. Belgilangan muddat o`tgach u Musoni uylantirib, «molidin biror nima berib», uni Misrga jo`natadi. Muso besh kun yurib Tursuno tog`iga yetishadi. Oltinchi kun havo sovuq bo`lib, hamma yoqni bulut qorong`uligi qoplaydi. Ittifoqo, Safurada tug`ish to`lg`og`i boshlanadi. O`tga ehtiyoj paydo bo`ladi. Muso olov keltirish uchun  tog` tomon  yo`l  oladi.  Yurub-yurub  bir  daraxtda  yorug`lik ko`radi. O`sha daraxtga  chiqadi. «Va  ul yorug`lik qoshida quyosh tiyra   ko`rinadi».  O`t   negadir  daraxt     shoxlarini kuydirmaydi. Muso   bundan   qattiq   hayratlanadi.   Shunda   «ano Olloh nidosi kelib,  uning  boshiga  «risolat toji» qo`yiladi. U  shu  o`t yorug`ida go`yo Olloh diyoriga vosil bo`ladi.  Navoiy esa  talmih san`atiga asoslanib,   maqsad   yuzasida   yana   shu   afsonaviy   hodisani eslatayotir.
                 6. «Bu  qasrning tuzilishi  har  qanday nozik  aqlni ham hayron qoldiradi; uning loyihasidan chin naqqoshlarini lol bo`lmishlari tabiiy. Gap  insonning  boshi haqida  bormoqda.
                 7. «Bu  qasrga   ajoyib  bir   eshik  ochib  qo`yilgan; undan duru gavhar sochiladi». Shoir  mazkur  baytda  og`iz  va  undan chiqadigan  tovush (so`z) ta`rifini bergan.
                 8. Mana bu gaplar lab va tishga doir; «Bu eshikning ikki tabaqasi   ham  la`ldan,  uning  har  bir  tishi  toza  durdan. Palosi yoqut  bilan to`qilgan, durlar yoqutning orasida  qolib ketgan».
                 9. Shoir   qizilo`ngach,   ahlat   yo`llari   haqida  gapirib, bunda burun teshiklarini eslatadi.
                 10. «Bu shaboda shoh saroyigacha o`tib boradi, uning bazmiga yuz shodlik yetkazadi». «Shoh»dan muddao – aql, ong.
                 11. «Qasrda   beshta   sahn   tayyorlangan   bo`lib,  u   yerdan   hamma yoqni tomosha qilish mumkin». Navoiy ana shu   baytdan   boshlab   insonning besh  sezgi a`zosiga doir mulohazalarini   talqin   etadi.     Shoir   ularda   bilish nazariyasiga oid   konöepöiyasini   olg`a   surgan.   U   besh sezgi a`zosini «Basirau somiau lomisa,  Zoyiqau  tomma  bila   xomisa, deb sanaydi. 1. Basira — ko`z, ko`rish sezgisi; 2.  Somia — quloq eshitish a`zosi;  3. Lomisa — sezish a`zosi; 4. Shomia — hidlash a`zosi; 5. bilish a`zosi.
                 12.   «U   o`zligidan   har   bir mo`yigacha xabardor bo`lib, o`zini bilgan xudoni ham  biladi» degan gap foyda  berdi».

XXI

                 1. Xo`ja   Bahovuddin   Naqshbandiy— so`fizmdagi naqshbandiylik deb nom olgan  panteistik oqimning asoschisi. U  Buxoroda tug`ilgan (1314  melodiy).   Naqshbandiylik  mohiyati   e`tibori idealistik   ta`limot   bo`lsa-da,   unda   dunyoviy   va   hayotiy tendenöiyalar muhim   o`rin   ishg`ol   etgan.     «Naqshbandiylik,— deb yozgan edi akademik I. Mo`minov,— tarki dunyo qilishga, dunyo ishlaridan voz kechishga   qarshi  chiqdi,  real   hayotning noz-ne`matlaridan foydalanish  to`g`risida   maslahat  berdi va mehnat qilishga, bilim olishga  chaqirdi.  Naqshbandiylikning  XIV  asr  sharoitidagi ma`lum progressiv ahamiyati ham shundan iboratdir, uning bu ijobiy tomoni O`rta Osiyo xalqlari malakiyati hamda adabiyotining rivojlanishiga ta`sir ko`rsatdi»  (I. Mo`minov. Mirzo Bedilning falsafiy  qarashlari.  Toshkent,   1958.   17-bet).  Mana  shuning  uchun ham  Alisher  Navoiy   Naqshband   g`oyalariga  katta  baho  berib,   o`zini naqshbandiylik  sulukiga  mansub bilgan edi.
                 Navoiy   o`z   qit`alaridan   birida   naqshbandlik   tariqat shartlari   (Ular to`rtta:     1.  Xilvat dar  anjuman;    2.  Safar dar vatan;  3.  Nazar dar  qadam;  4. Hush dar dam)   va  ularga rioya  qilish qoidalarining mohiyatini quyidagicha sharhlab bergan edi:

Qanoat tariqiga kir, ey ko`ngul,
Ki xatm  o`lg`ay otini izzat sanga.

Desang shoh o`lay yeru ko`k basdurur,
Bu bir taxtu ul chatri rif`at sanga.

Fano shu`lasida yoshur jismni,
Kerak bo`lsa zarboft xil`at sanga.

Etar lola butgan qiyo qullasi,
Murod o`lsa gulgun hashmat sanga.

Erur bas arig` nuktai qon yoshing,
Duru la`ldin zebu ziynat sanga.

Desang xilvatim anjuman bo`lmasin,
Kerak anjuman ichra xilvat sanga.

Vatan ichra sokin bo`lub soyir
Safardin agar bo`lsa mehnat sanga.

Nazarni qadamdin yiroq solmag`il,
Bu yo`l azmi gar bo`lsa rag`bat sanga.

Damingdin yiroq tutmag`il hushni,
Ki yuzlanmagay har dam ofat sanga.

Bu to`rt ish bila rub`i maskun aro,
Chalinmoq ne tong ko`si davlat anga.

Bu ohang ila bo`lgusi naqshband,
Navoiy, agar yetsa navbat sanga.

                 Alisher  Navoiy    Xoja     Bahouddin    Naqshbandga  «Nasoimul- muhabbat» asarida  ancha keng o`rin ajratgan. «Xayratul-abror»dagi   mazkur   bob   ham   to`lig`icha   Naqshband   madhini     aks  ettiradi. Navoiy   Naqshband   ta`limotining    sodiq     tarafdorigina emas, ma`lum  bir   o`rinlarda  targ`ibotchisi   hamdir.   Uning  lirik  merosida bo`lganidek,  «Xamsa» dostonlarida ham Xo`ja   Bahouddin aqidalariga  hamohang fikrlar  tez-tez   ko`zga  tashlanadi.
Masalan, «Saddi Iskandariy» dostonidagi

Musofir bo`l, ammo vatan ichra bo`l,
Tila xilvatu anjuman ichra bo`l,

degani naqshbandiylik tariqotining ayni  ikki muhim  shartining she`riy sharhidir.
                 2. Mazkur  ikki baytda  Bahouddin ulug` martabali naqqoshga, uning  diniy ta`limoti muhtasham va dilkash naqshga o`xshatilayotir.  Bu bobda bosh so`z — «naqsh»  so`zi. Navoiy   bu so`zni izchil harakatga soladi  va   ma`no   ottenkalaridan   g`oyatda unumli foydalanadi.
                 3. Navoiy     «Nasoyimul-muxabbat»da yozadi: «Yana alardin (Naqshband   nazarda   tutilayotir) so`radilarki, sizning tariqingizda zikr jahr va xilvat ne samo` bo`lur? Dedilarki: bo`lmas. Yana so`rdilarki, sizning tariqingiz binosi ne ishgadur? Dedilarki, anjumanda xilvat, zohir yuzidin xalq bila va botin tarafidin haq subhanohu va taolo bila...» Mazkur bayt mazmuni ham asos e`tibori bilan Naqshbandning yuqoridagi javob so`zlariga borib bog`lanadi.

XXVI

                 1.  «Sultonlar   haqida: eng yuksak va maqtovlarga sazovor tangri  ularning hukmdorlik boshiga podshohlik dubulg`asini shuning uchun   kiydirdiki, ularning adolatlari ko`zining chashmasidagi zilol suv mamlakat bog`ini  qondirsin, toki bu bog`da tinchlik va farog`at gullari ochilsin, chunki ular zulm bog`ida may ichib, gul sochganlarida esa, u maydan maydan har lahza  o`zgacha gullarni qulf urdirib ochdiradilar».
                 2. Bu va keyingi to`rt baytning mazmuni: «Boshing tufayli tojing martabasi yuqorilashdi, taxt esa sening oyoqingdan azizu mukarram bo`ldi. Pulga laqab (nom)ing chekilgani uchun u hurmat topdi. Sening obro`yingni bildiruvchi tangalar osmon yulduzlaricha ko`pdir. Sening amaldorlik xutbangni Mushtariy (Yupiter) sayyorasi o`zi o`qigani uchun to`qqiz zinalik osmon kursisi unga minbar bo`ldi.
                 Quyosh o`zi senga soyabon bo`lishga intiladi. Oy yuzidagi muhr sening uzuging o`rni. Sulaymon davlatida sen ishrat qilasan; humo qushidan boshqa narsa senga soya solmaydi».
                 3.   «Adolat  uzuginga baland osmon     «Rostlik — halollik» degan so`zlarni naqshlagan.
                 4. «Baland martabang xutbasini esa u «Adolat bilan amringni yurgiz!»— deb yozgan.
                 5. «Agar sen shukr qilib, zulm qilmasang, o`zi («Qur`on»da): «Albatta.   ne`matingizni   orttiraman!»—degan».
                 6. «Xalq poda bo`lsa, sen cho`pon, u mevali bog` bulsa, sen bog`bon». Navoiyning bu fikrlari nisbatan an`anaviy xarakterga ega. Chunki, Nizomiyda ham, Dehlaviy va Jomiy «Xamsa»larida ham aynan shunga yaqin gaplar ilgari surilgan. Hatto shoir Sakkokiyda «Raiyyat qo`y erur, sulton anga cho`pon...» degan satr bor. Ammo bu o`rinda masalaning boshqa bir jihati muhim. Navoiyning podshohga murojaat qilib aytgan fikrlari ohang keskinligi, mantiq chuqurligi va murosasizligi bilan g`oyatda ta`sirchan, hamda o`zicha originaldir. U podshohga qarata: «Bil munikim, sen ham bir bandasan, aslida ularning ko`plaridan ojizu afgandasan», deganda so`z chinakam shoirona jasoratni aks ettirayotganga o`xshaydi. Bunda daho san`atkorlarga xos erkinlik, shijoat bor. Navoiy aytadi, anglatadi, da`vat  qiladi va  ayni  paytda  qattiq ayblaydi. Xususan, zulm sori» yo`l solgan shohlar qilmishlarini ochadigan misralarda   shoir   tanqid     san`atining     g`olib kuchini ko`rsata olgan.
                 7.    «Shohlarda   bunday   sifatlar  kam   bo`ladi.   Shoh  G`oziygina ularni to`la egallagan». «Shoh G`oziy – Sulton Husayn Boyqaro.

XXVII

                 1. Bu  ikki  bayt mazmuni:  «Saodatli  shoh G`oziy podshohlik toji  uchun kurashib, mulksiz  taxt  talashib yurgan  vaqtida — yonida yuz,  ikki yuzcha  odam  bilan  ko`chib, goh Xorazm yerida, goh Adoqda bo`lardi».
                 2. «Bid`at va fisq-fujur ahllari yo`qolib, shariat adolatining qo`lini kuchaytirdi».
                 3. «Bir kun u (Shoh G`oziy) aylanish uchun chiqqan edi. Shunda bir aftoda kampir uning etagidan mahkam tutdi».
                 4. «Nolayu afg`on chekib, oh tortib u (kampir) dedi:—Ey, shariatpanoh shoh! Agar adolat bilan ish ko`riladigan bo`lsa, men sen bilan shariat bo`yicha da`volashaman. Shart shuki, qahring kelmaydi, savollarimga shariat mahkamasi (qozixona)da javob ber».
                 5. «Dedi: «Shu voqeadan xabardor ikki odamni chaqiraman, ular adolat va insof bilan guvohlik bersa bas».
                 6. «Shoh dedi: shariat shunday hukm qilgan ekan, payg`ambar shariatining hukmiga    jonimni fido qilaman».
                 7. «Kumushning kuchidan u kumushdek bo`ldi. Xalq unga «Tilla kampir» deb laqab qo`ydi».
                 8. «Falak   qariyasidan   qancha alam ko`rsang ham, shoh adolat qilsa, ey Navoiy, ne g`am».

XXVIII

                 1.    «Xirqa  kiygan  riyokor   shayxlar  xususidakim, ularning  oldida   haqiqiy libos degann  hiyla-nayrang  kiyimidir, avom  xalqqa   o`rgatadigan haqiqat va bilimlari esa ahmoqlik; haqiqiy mayxo`rlar   to`g`risidakim, ularning vujud kiyimlari yo`qlik qo`lining zarbasidan  yirtilgan  va  Iso nafasidek  jonbaxsh  nafaslari   esa   muqaddas  ruh kabi   pok  va   ziyorat   joylari  falakning sahnidir».
                 2.    «Ey qalloblik bilan xirqa yopingan shayx, shomu sahar zikr aytib, g`avg`o qilasan».
                 3. «Bu   kiyimingda   aylanma   quroqlar   ko`p   bo`lib, ularning ostiga pullarni berkitib qo`yish oson».
                 4. «Uning to`qimalari ham yolg`on  ipidan  to`qilgan. Iblisning mo`ylabi esa igna vazifasini bajargan».
                 5. «Yashil to`n ustidagi  yamoqlar  nayrangboz   falakning nahs yulduzlaridir».
                 6.    «Tasbehini tasbeh dema, buttarosh but yo`nayotganida chiqindilardan uning donalarini yasagan».
                 7.    «Bu    toshlarning ichidagi    so`fisi kofirning may idishiga o`xshaydi, tasbehining ipi esa zinnor ipini eslatadi».
                 8. Osilib turgan turfa soqoli kulgili, o`ltirishi minbarga chiqqan echkining o`zi».
                 9.    «Lekin tutgan ishida echkining ishidagicha ham to`g`rilik yo`q. Chunki u o`g`rini tutadi, bu esa o`zi o`g`rilik qiladi». Bunda shoir o`g`rini o`rgatilgan echki vositasi bilan aniqlash odatiga ishora qilmoqda. Bu odatga binoan, o`g`rilikda shubha ostiga olingan odamlar davra bo`lib o`ltirgan, o`rtada yurgan echki kimni iskasa, o`sha o`g`ri hisoblangan.
                 10. «Eshigi mayxo`r otashparastning daraxtidan, mehrobi buzuq tarso (xristian diniga mansub odam) qizining qoshiga o`xshaydi».
                 11. «Shayx   qaddini  «nun»  harfi kabi  egib, bir burchakda
Zunnun singari o`ltiradi».  «Zunnun — Abulfazl Savbon binni Ibrohimning laqabi. U tasavvufning katta allomalaridan bo`lgan.Xalifa almutavakkil tomonidan dinsizlikda ayblanib, qamalib Misrdan Bag`dodga olib borilgan. U yerdan ozod bo`lib, Makkaga borganida u yerda ham qamalib uzoq vaqt qamoqda yotgan. Lekin shunga qaramasdan tasavvufga oid ko`p asarlar yozgan. Zunnunning imomlik nufuzi va mavqeini Navoiyning «Nasoyimul-muhabbat» asarida keltirilgan quyidagi detallar ham keng izohlaydi. Zunnun vafot etadi. «Janozasin elturda, – deb yozadi Navoiy, – benihoyat yashil qushlar janozasig`a oyat qilib erdilar. Andoqkim, borg`on xaloyiq alarning ko`lagasida erdi. Andin so`ngra Zunnung`a xalq ko`nglida qabul voqe` bo`ldi». So`ng uning qabri boshidan odamlar xatiga o`xshamaydigan g`aroib bitik tosh topiladi. Unda «Zunnun Ollohning do`sti va shavq tufayli Olloh yo`lida qurbon bo`lgan» degan ma`no bitilgan bo`lib, uni har qancha harakat qilgan bilan o`chirish imkoni bo`lmaydi. Navoiy yuqoridagi baytda Zunnun nomini ijobiy bir maqsadda tilga olgan bo`lsa ham, shayxning Zunnunga o`xshashga intilishi — bu, puch da`vo ekanligini pisanda qilgan.
                 12. «Uning otini shayx «Xizr payambar» («Yashil payg`ambar>) deb ataydi, bema`ni xayollarini esa, bo`lgan voqea deb ko`rsatadi».
                 13. «Behuda so`zlarni so`zlashda biri chirchirakka (hasharot) o`xshasa,  ko`p  aylanishda   boshqa  birisi  pirpirakka  o`xshaydi».
                 * Bu bayt ilmiy-tanqidiy matnda o`rinsiz, texnik sabablar bilan orqaroqqa tushib qolgan — A. H.
                 14. «Unga hadiyalar, tuhfalar tortsa, mol ham bersa, g`allakor yer, kent va suyurg`ol (podshoh tomonidan doimiyga beriladigan yer-suv) bag`ishlasa».
                 15. «Kun o`tkazish uchun shuncha nayrang! Mansab uchun shuncha yolg`onbozlik!»
                 16. «Ko`ylagidan mushku anbar hidi keladi, ichida esa yuzta it hurib, gandiraklab yuradi«».

XXX

                 1. «Xayru ehson vasfidakim, soxta davlatning zavoli rahmat daraxtining bargidir; baxillik saxiylik yuragidan uzoq bir narsa bo`lib, (inson uchun) cheksiz balodir, saxiylik ko`rsatmaslik muruvvatdan behad xoli bo`lishlikdir, har tomondan qaraganda cheksiz ofat bo`lgan isrofni rad etish va ko`p harfli «lof»ni bildiruvchi itlofni (boylikni barbod etish, isrof etish) hajv qilish».
                 2. «Sharofatli boshing ustida karam bayrog`i «bosh» so`zidagi («bosh» so`zi  arabcha  shaklda  yozilganda,  o`rtasida   «alif»   harfi bor  alif harfidek bayroqdir».
                 3.    Qulzum va Ummon — daryo va dengiz nomi.
                 4. Hotam va Barmak — saxiylik va olijanoblik bilan nom qozongan shaxslar nomi. Sharq she`riyatida, xususan Hotam bilan  bog`liq hikoyat va  rivoyatlar  keng  qo`llanilgan.
                 5. «Saxiylik qanday maqtovga loyiq sharafli xususiyat bo`lmasin,   uni   orttirib   yuborsang,   bu — isrofga   aylanadi».
                 6. Qorun — qadimda boyligi bilan tanilgan, bani Isroilga mansub kishining nomi.
                 7. «Xudo» («Qur`on»da) dedi, «Englar, ichinglar!» Yonida yana dedi: «Lekin isrof qilmanglar!»
                 8. Xizr — diniy afsonaga ko`ra, obi hayot suvini topgan payg`ambar nomi.
                 9.    «Och, muhtoj yuzlarcha odamlar non so`rab turadi, lekin ularga   bir  burda  ham  bermaydi,  to`qni  qidiradi».
                 10. «Mayning tagidagi loyqasini ichadigan odam uning bir qultumiga jonini bermoqchi, may sotuvchi esa idishning tagini yana kub (kub, may saqlanadigan katta sopol idish, xum)ga ag`daradi».
                 11. «Sham tilini chiqarib, yona boshlashi bilan tun mamlakati ustiga o`z bayrog`ini tikkan bo`ladi».
                 12. «Tong o`zini maqtab qancha gapirmasin, baribir, u quyoshning oltin nurlaridan ko`zini yoritadi».
                 13. «Chunki u (saxiy) o`z tig`ini konga urgan, kon unga o`z gavharini bag`ishlagan metinga o`xshaydi».
                 14. «Baxillik qilib sadaf sof durni yutgan bo`lgani uchun, durni olishda uning ko`ksini teshishadi».

XXXII

                 1.    «Adablilik odati to`g`risidakim, kichiklarga baxtiyorlik sababi, ulug`larga esa yuksak martabalik boisidir; tavozu` vasfidakim, «dol»dek qaddin xam qilgan qadamini baxtning boshiga qo`yadi va hayo nuri haqidakim, biron kishi buning ichiga kirsa rahmat yomg`irlari bilan serob bo`ladi».
                 2. «Qachonki yangi chiqqan oy tavoze` saqlab, qaddini xam qiladi, u kun sayin kamol topa boshladi».
                 3. «Yoy tavoze` sifatiga ega bo`lgani uchun qadri oshib, Qur`on ustidan joy oldi».
                 4. «Osmon ham tavoze`ga rioya qilib egilgani uchun butun olam unnng amriga bo`ysundi».
                 5. «Kaklik qahqaha solib kulgani uchun bu kulgi tufayli uning boshiga balo keladi (ya`nn ovchilar ovozidan bilib, ovlab oladi)».
                 6. «Chaqmoqni o`z kulgusi tog`ning ichiga qulatdi, hatto pastlatib, tuproqqa kiritib yubordi».
                 7. «Qahqaha bilan hazil bir-biriga do`st, ikkisi ham qurbaqaning tovushi va yurishiga  o`xshash kulgili narsalardir».
                 8. «Boyqushning qiyofasi masxaraboznikiga o`xshaydi, shuning uchun barcha qushlar uni talagani talagan».
                 9. «Tulki va it (har xil qiliqlari bilan odamlarga) kulgi eshigini  ochadi;  u odamlar  sherni ko`rsa, uyidan qochadi».
                 10.    «Agar bolalaring va xotining bo`lsa, ularga ham shu ishni
qilishing kerak».
                 11. «Ismda tafovutlar ko`p paydo bo`ldi; birining ismi Husayn bo`lsa, boshqa biriniki Yazid». Husayn — yaxshi ot timsoli; Yazid — yomon ot timsoli. Bunda Alining o`g`li Husayn va uni  o`ldirgan Yazidga ishorat bor.
                 12. «It yetuk ta`lim olgani sababli u tishlab kelgan ov halol hisoblanadi».
                 13. «Tarbiyaning yana biri ota-onani hurmat qilish; buni bajarish uning uchun majburiyatdir».
                 14. «Xizmatni qilib, uni ortiqcha ulug`lab ham yuborma, yomon munosabatda bo`lib, tahqir ham qilma».
                 15. «Senga shoh xizmatini qilish nasib bo`lsa, to`rtta ishni o`zingga saylab ol; oldindan niyatingni uning niyati bilan rost-la, boshqa niyatlarni ko`nglingdan chiqar; yana bir, xizmat qilishning vaqtini bil, xizmat qil, lekin qilmagandek tur. Yana biri, yaxshi-yomon so`z og`zingdan chiqmasin; odamlarning yaxshi-yomoniga ham qarama (gapini e`tiborga olma). Yana biri, bu xizmatdan qiynalsang ham, azob cheksang ham, odob shartiga ko`ra, hamma yaxshi-yomonga chida». Navoiy ushbu nasihatlarni yozganda Sharq didaktikasidagi an`anaviy fikr-mulohazalarga emas, birinchi navbatda o`z hayotiy tajribalariga asoslangan edi.

XXXIV

                 1. Qanoat haqidakim, «jo``» (ochlik) so`zidan (so`nggi harf) «ayn» (bu o`rinda «ayn» oltin ma`nosnda) ajratilsa, «jo`» (ariq) qolib, najot qanotining mayin tovushini beradi, hatto hayot chashmasi sari uchish qanoti bo`lib xizmat qiladi, «tama`» so`zi har qanday shaklda yozilganda ham undagi xorlik zahrining ta`mini totishga olib boradi; qanoatli odamning (ochlikdan) ko`zida qon mavj ursa ham izzati bor: tama`gir odam oltin taxtdan joy olgan bo`lsada, xorlikka uchraydi.
                 2. «Muhtojni ham shoh deb atash mumkin bo`lsa, harf nuqtai nazaridan «muhtoj so`zida ham «toj» bor-ku».
                 3. Bu besh bayt mazmuni: «Ovqatning yuzida zarrin nur sochuvchi quyosh, tovoq ustida esa non o`rniga oy kulchasi, non ustidagi ko`k o`rniga zumurrad, dasturxon ustida bodring o`rnida ko`k tosh bo`lsa, xudo haqqi, kel o`zing insof bilan ayt, och odam bu narsalarni qanday qilib yeydi?!»
                 4. Raxsh — afsonaviy  qahramon  Rustamning chopqir  oti  nomi.
                 5. Ushbu bayt irsolu masal san`ati asosida tartib berilgan.
                 6. «Qanoat mulkidagi saroydan joy olishni mo`ljallagan odam yaxshilarning yaxshisidir».
                 7. «Hilol» (yangi oy) shakli uning o`ymakorlik asbobiday bo`lgani singari, osmon bilan shafaq uning bazmining qizil fonusiga ham o`xshashdir».
                 8. Yavmil-hisob — qiyomat kuni demak.
                 9. «Izzat tilar ekansan, qanoat tama` qil. «Qanoat qilgan»ning joyi izzat taxtidadir».

XXXV

                 1. Qanoatli juvonmard bilan tama`gir jahongashtaning hamroh bo`lgani, birining farog`at boyligiga berilganidan xorlik azobiga qolgani, ikkinchisining qanoat azobini chekish tufayli farog`at boyligiga erishgani.
                 2. «Tama`gir buni o`qigach, besaranjom bo`lib tama`girlik tomirlari qattiq ura boshladi».
                 3. «Sahar vaqtida kim shaharga oldin kirsa, uni taxtga o`tqazib, boshiga  toj kiydirib, qo`liga  uzuk taqilar ekan».

XXXVI

                 1.    Vafo haqidakim, «vafo» so`zining «ve» harfi (bunda «vafo» so`zining arabcha harfi yozilishi ko`zda tutiladi) hamda abjad hisobi   bo`yicha   harflarining    sonini   bildirishga    ishora  qilinadi.
                 2.    Bu uch bayt mazmuni: «Osmonning to`qqiz qutisi bo`lib, hammasi zar bilan ishlangan; ularning ichida yuz minglab qimmat-
baho durlar bor. Undagi har bir durning yorug`ligi farog`at shamidir,  oddiy dur  emas, sham ham emas, ko`chani yorituvchi durdir».
                 3. «Yolg`uz ovuchdin kim eshitmish sado» — Bu satr ma`nosiga «Qars ikki qo`ldan chiqadi» xalq maqoli asos bo`lgan.
                 4. «Nard taxtasining tosida to`piq — suyak bitta bo`lsa, o`yinchi o`yin boshlay olmaydi».
                 5. U yorning vasli kimgaki nasib bo`lsa, uning sha`niga («Qur`on»da) «g`alaba yaqindir» oyati yozilgan.
                 6.    «Kimki o`zining bir yori bilan ko`ngli shod ekan, malaklar to`dasi unga: «Ko`z tegmasin!»—deydi».

XXXVII

                 1. «Ikki vafodor yor bir-biriga vafo qilib, boshlaridan kechgani, ularning sharofati bilan yuz ming bosh qilichdan va qilich qindan qutulgani, hatto qayta qinga kirgani».
                 2. «Unga g`alaba yuz ko`rsatib, taqdir dushman ko`ngliga shikast soldi».
                 3. «O`liklarning ko`pligidan dashtlar to`lib ketdi. Qizil qon Nil daryosi bo`lib oqdi».
                 4. «Agar sening maqsading bosh olish bo`lsa, uni qo`y, uning o`rniga bu boshni ola qol! — dedi».
                 5. «Shu munosabat bilan orada birpas kutish yuz bergan edi, «birdan xalq orasida omon-omon bo`lgani haqida nido ko`tarildi».

XXXVIII

                 1. «Ishq o`ti ta`rifidakim, uning shu`lasi balo sahrosining lolalaridur, cho`g`i baloga duchor bo`lgan ko`ngulning qon bo`laklaridir; Mehnat — mashaqqatning qaro shomi uning tutuni, bu shomning kuyik yulduzlari uning uchqunlaridir; yor husnining nurlari haqidakim, uning alangasidan ko`tarilgan bir yolqin bunday o`tning chiqishiga sababchi, uning quyoshdek yuzidan tarqalgan bitta nur bunday haroratga asosdir».
                 2. Bu ikki bayt mazmuni: «Er yuzida endi hayot boshlanib, inson vujudini ruh mayi bilan mast qilganlarida, uning tufrog`dan iborat jismini hikmat qo`li bilan xuddi Eram bog`iga o`xshatib tuzdilar».
                 3. «Jahon mamlakatining boshiga ishq g`avg`osi tushib, zamon ahli ishqning taloniga uchradi».
                 4. Bu ikki bayt mazmuni: «May o`ti but (buddaning haykali ko`zda tutiladi)ning yuzini qizartirib, bayroqqa aylantirgach, shu`lasi Qur`onni ham kuydirdi. Qur`onning varaqlarini kuydirayotgan choqda o`t yoqaman deb rahl (Qur`on, ya`ni kitob qo`yib o`qiladigan kursi)ni ham sindirdi».
                 5. Mul — sharob, may. «Gulshanning nchidan guldan o`t yoqdi, mayxona burchagini sharob bilan yoritdi. Bu gulning qanday go`l ekanidan bog`ning nima xabari bor?» deyilmoqchi.
                 6. Bu uch bayt mazmuni: «O`zini kishi ko`ziga g`amgin ko`rsatib, motami bo`lmasa ham yoqasini yirtar ekan, bunday odamning tashi hiylakorligi orqasida malakka o`xshaydi; ichi esa iblis bilan birlashgan, zohiri sadoqat bilan bezangan, fisq-fasod bilan bul-g`angan».
                 7. Ano o`qlari — mashaqqat o`qlari, qiyinchilik.
                 8. «Husnini namoyish qilish uchun u qoshida (jingalak) tugunlar yasagan. O`ziga zeb berish uchun «nun» harfiga o`xshatib yasalgan bu tugunning ustidagi nuqta shamra (ukrop urug`i)ning urug`iga o`xshaydi».
                 9. Tashbih san`ati tadbiq etilgan bu baytda, ma`shuqaning zirak taqqan quloqlari safni yorib o`tgan turk askarlariga o`xshatilib, «go`yo u o`limni o`ylab, ustidan temir sovut kiyib olgan»,— deyilgan.
                 10.    Balki gulistoni Xalil — bu talmehda payg`ambar Ibrohim  Xalilullo to`g`risidagi afsona  nazarda  tutilgan.
                 11. Shibliy — tasavvufning mashhur shayxi. Uning to`la nomi Shibliy  Abu bakr Ja`far  binni Yunusdir   (862—947).
                 12. Zunnun — yirik tasavvuf olimi Zunnun Abulfazl Savbon binni Ibrohimdir.

XL

                 1. Rostlik ta`rifidakim, borliq uyi shu to`g`ri ustun bilan tik, ul uyning shabistoni burchagida bu nur (rostlik) shami majlisni bezatadi; egrilikni esa rad etish haqidakim, agar egri odam kumushbadan go`zallar yuzidan zulfdek joy olsa ham (baribir oxirida) boshi kesiladi, egri odam agar xazina ustida ajdahodek  halqa   bo`lib yotgan  bo`lsa  ham  uni  o`ldirish zarur.
                 2. «Har kim o`ziga to`g`rilikni odat qilgan bo`lsa, falakniig teskari aylangani bilan uning nima ishi bor? O`qning (yoy o`qi nazarda tutilgan) uchishi to`g`ri bo`lgandan so`ng yorning egriligining unga nima ziyoni bor?!»
                 3. «Nay to`g`ri bo`lgani uchun ahli hol — tariqat ahli, ya`ni so`fiylar uni yaxshi ko`rishadi; to`g`ri bo`lmasdan egri bo`lsa, tanbex, uchun qulog`i buraladi».
                 4. «Mistar (chizg`ich)ning chizig`iga yozuv to`g`ri kela bergach, qalam boshini ko`tarmasdan yozgani yozgan».
                 5. Diniy afsonalarga ko`ra Sulaymon ham, podshoh ham payg`ambarlikka erishib, butun mavjudot uning tasarrufida bo`lgan. Insondan boshlab dev, pari, hayvon, xullos chumoligacha unga tobe, hatto shamol ham uning xohishiga qaragan. Bu ishlarning barchasi uning qo`lidagi uzuk xosiyatidan sodir bo`lgan emish. Uzukka «Ismi a`zam»—(duo) bitilgan bo`lib, uzukning ilohiy qudrati mana shu xat sharofatidan ekan.
                 6. Rosti rasti — to`g`rilik, xaloslik.
                 7. «Qalam to`g`rilikka yo`l ko`rsatgani uchun doim uning boshi kesilib, pastga bo`lib turadi. «Alif» ham to`g`rilik alomati bo`lgani uchun, «balo» (so`zi) uni qara, o`zining orqasiga olibdi (Bunda «balo» so`zining arabcha yozilishi ko`zda tutiladi. Unda alif so`z oxirida keladi. Alif esa o`z shakliga ko`ra o`tmish adabiyotida doim to`g`rilik ramzi bo`lib kelgan).
                 8.    «Barq — yashin egrilikni odat qilgan bo`lib, hamma yoqni yoritsada yerning ostiga kiradi».

XLI

                 1. «Durroj (qirg`ovul)ning chin gapirish o`rniga yolg`on gapirib, bir anglashilmovchilik tuzog`iga ilingani, chin so`zni sher yolg`on deb o`ylab, ovozini eshitib, yetib kelmagani va uni balo tuzog`idan xalos etmagani».
                 2. «To`qayda bir yirtqich sher bor edi. Vahshatda osmon sheridek qo`rqmas edi». Bu  ikki   baytda:   «Sher   uning   sayrashini   eshitib,   kuyida yolg`on   borligini   fahm   qilib,    der  edi: — «Yolg`on   gapirma,    yomon bo`ladi.  To`g`ri  odamlar   oldida  yolg`on   qoralanadi»,— deyilgan.

XLII

                 1.    «Ilm osmonining yulduzlardek baland martabaliligi haqidakim,   bilimsizlik   tunini   yoritish   uchun   «ayn»i   quyosh, «lom»i oy, «mim»i kunduz belgilarini ko`rsatadi;  bilimsizlik shomini qorong`i   ko`rinishi   haqidakim,   g`aflat   chohini  pastlik zohir   qilib,   bu   kechada   baxtsizlikdan   hikoya   aytadi;     olimning butun baxtsiz vujudining quyoshdek yuksakligi, johilning esa butun borlig`i  boylik,  mol  bo`lsa   ham  tuproqdek  xorligi».
                 2.    «Dunyoning ishi yaratilgandan buyon dushmanlikdan iborat
bo`lib, olimlar xor, johillar aziz».
                 3. «Yomonlikni o`ziga shior qilgan Zuhal sayyorasi moviy rang qo`rg`on  gumbazidan   joy  olgan.   (Yaxshilikni  qo`llovchi) Mushtariy esa   undan  quyida.   Bu,  dunyoning   yaxshini  yomondan    past   ko`rishidan».
                 4. «Tog` cho`qqisi qattiq bo`lishga bel bog`lagani sababli uning tig`i oyning yuzini timdalagan».
                 5. «Otashparast hindu ko`mirdek qorayib ketgan esa-da, u yoqut taxt ustidan joy olgan».
                 6. Bu Ali — Sharqning buyuk allomasi Abu Ali ibn Sinodir.
                 7. «Pashshaning ham ust libosi zarrin, ammo uning qo`yadigan joyi o`limtik va ifloslik ustidadir».

XLIII

                 1. «Imom Faxr Roziy bilan Sulton Muhammad Xorazmshohning hammomda do`stlik shamini yoqqanlari va imomning so`zi bilan Sultonning takabburlikdan voz kechgani».
                 2. «Sirdonlar davrasining podshosi, dunyodagi barcha dindorlarning imomi Faxriddin Xorazmni o`ziga oromgoh qilganda, uni ko`rishga Xorazmshoh kelmadi».
                 3. «Ular bir-birlari bilan ko`rishib, shoh unga ochilib shunday savol berdi:
– Ey, o`z ilmi bilan elni bahramand etgan, qiyomat ishlaridan bir xabar ber-chi. U kuni qanday mashaqqatlar yuz beradi. Har bir kishining ahvoli nima bo`ladi? Shoh shunday ma`noli savolni bergan edi, kamolot egasi bunga shu zaylda javob berdi:
Ey, qiyomat kunini bilishni orzu qilgan odam, qiyomat haqidagi savolga eng monand joy shu hammomdir. U yerda ham shoh bilan gado bir xil ahvolga tushib, shohu gado barchasi yalang`och yuradi. Amaldorlar, kattalar hammasi senga o`xshab, ichkariga kirgach, boru yo`g`i tashqarida qoladi. Ilmu hunar egalari esa menga o`xshab,  nima   yiqqan   bo`lsa,  o`zi  bilan  olib kiradi,  vassalom».

XLIV

                 1. «Qalam uchidagi tilikning rang-barang harakatlari va qalam ahllaridan iborat to`daning turlanuvchanligi haqida; u (qalam) qaysi bir xatni ko`chirishga boshlasa, bu uning nomai a`molining qora bo`lishiga sababdir, kotibga esa bu baxtsizlik belgisidir. U qaysi bir harfni tuzatib, qayta yozmoqchi bo`lsa, bu uning yuz sahifasining ham, roqim qog`ozlarining ham oq bo`lishiga sababdur».
                 2. «Bu qanday bichimi kelishgan, yoqimli narsaki, ovozi ham yaxshi, diqqat bilan quloq solsang arziydi». Navoiy xuddi shu o`rindan boshlab, tashxis san`atidan aktiv foydalanib qalamni jonli narsa, goho sirli mo``jizalar bunyod etish vositasi sifatida ta`riflab beradi. Shunda qalam o`quvchi nazarida goh «tumshug`idan har tomonga ma`noli so`zlar sochadi»gan sehrli qush, goh «fusungar  ilon», goh «tilla xazina ustidagi  ajdar» timsolida gavdalantiriladi.
                 3.    Kalim — Muso payg`ambarning laqabi; asoyi Kalim — Muso hassasi; afsonaga ko`ra Muso hassasi bilan mo``jizalar ko`rsatgan  emish.  Bunda  qalam   o`sha   hassaga   o`xshatilgan.
                 4. «Pul bermasa, bo`ydoq o`tgan Iso (payg`ambar) ustidan ham nikohida  to`qqizta  xotini   bor;  deb yozishdan   toymaydi».
                 5. Amr va Zayd — o`zbekcha «Eshmat, Toshmat» degan iboraga to`g`ri keladi.
                 6. «Ha»ning o`rniga «yo`q», xatoning o`rniga savobni yozadi va orqasiga «bu yog`ini xudo biladi» deb qo`shib qo`yadi.
                 7. Bu o`rinda tilga olingan asarlar islom dini va tasavvufga doirdir.

XLV

                 1. «Yoqutning husnixat tufayli podshohlar oldida ham, darveshlar oldida ham hurmati ortgani va mamlakat yozuviga hurmat ahllari  o`z  belgisini  uning bitgan  sahifasi  bo`yncha  tortgani».
                 2. «Fano bog`ining gulida o`ltir, shuhrat qozongan kishining gulshani Suhravard edi».
                 3. «Hijoz aholisi Ka`baga e`tiqod qilgani singari (xalifa)   Musta`sim   ham   unga  nisbatan   ko`p   hurmat  bildirdi».

XLVI

                 1. «Bulutdek foyda keltiruvchi odamlar haqidakim, peshona teri bilan zebo rayhonlarning boshiga gavharlar sochadilar; yuzlarida bulut orasidagi chaqmoqdek kulgi ko`rinib turadi; shabnam to`kilgan chinordek, qo`llari kofining teri bilan yerga yonboshlagan xas-xashaklarni sug`oradilar; dilining kuyishi chinornikidek rangu ro`yida oshkor».
                 2. «Ey insonlar orasida tong kabi kumush sochishga o`rgangan odam, sening mehring quyosh mehriday umumiydir».
                 3. «Agar yomg`ir o`rniga tosh yog`sa ham, tog`dek boshingni yashirmay turasan».
                 4. Yamqusu fil-arzi — Yer yuzida yashab yursin.
                 5. Xayri nos — Odamlarning eng yaxshisi.
                 6. «Pashsha kishi bo`yniga halaqit berib, shapaloq urish bilan yanchiladi».
                 7. «Arabdan chiqqan payg`ambar butun borliqni yoritti. Bu Lahab yuzini qaro qilib nima qilardi».
                 8. «Kamolot qozongan odamlarning ham eng komili elchilar podshosi Muhammad payg`ambar edi».
                 9. Bu ikki bayt «Xamsa»ning  1960 yil nashrida

So`z bila kufr ahli musulmon bo`lub,
So`z bila hayvon degan inson bo`lub.
Ham so`z ila elga o`lumdin najot,
Ham so`z ila topib o`luk tan hayot,

shaklida   berilgan.   Biz   «Hayratul-abror»ning     tanqidiy     matni asosida baytlar o`rninn almashtirdik.
                 10. «Chin diyorining mushki o`zi qora tuprog`day bir narsa. Sunbul uning isida  is olgani uchun  boshoqchiday  boshi quyi».
                 11. «Saxovat ko`rsatgan kishi muomalada ham xato qilmasa, u bir yo`la ikkita in`om bergan bo`ladi».

XLVII

                 1.    Marhamatli Ayyubning bezor o`g`ri egriligini tuzatgani va gumrohlik zulmatida unga yo`l ko`rsatgani...
                 2. «Shu kecha bir kisovur uning uyiga lahim kovlay boshladi».
                 3. Hufra — yer ostidan kovlangan yo`l.
                 4.    «Afsonaga ko`ra, payg`ambarlardan Ayyub hamma azob-uqubatlarga bardosh berish, Nuh esa uzoq umr ko`rish bilan mashhur bo`lgan».

XLVIII

                 1. «Osmon tuzilishidan shikoyat; uning har biri bir quti bo`lib, har yulduzi pok bir gavhar bo`lib ko`rinadi, ammo u shunday bir quticha hamki, unga zahar, zahar bo`lganda ham o`ldiradigan zahar solingan; Jahon qo`g`irchog`i haqida kinoyaki, u chiroyli va kelishgan sho`x bir jononga o`xshab ko`rinadi, ammo o`zi shunday qariyaki, ishi makr va ko`zbo`yamachilik; ko`zbo`yamachiligi esa haddan ortiqdir; u marvarid qutisining zararini yozish uchun qalamning tili lol, bu qariyaning turgan-bitgani zavoldir».
                 2. «Ey ko`ngul, bu charx qo`g`irchoqboz chiqdi-ku! Ey ko`ngul, uning nayrangbozligidan ranjima!»
                 3. «Qo`g`irchoqboz kabi bu hiylagar osmon o`z nayrangbozlik chodirida ming xil suratlar ko`rsatadi».
                 4. «Uning ko`z yoshlari hiyla yulduzlaridir. Yolg`ondaki tongning oqargani— uning boshidir».
                 5. «Quyida pardozchiligining belgisi oq tong upasi-yu quyosh oynasidir».
                 6.    Bu ikki bayt mazmuni: «To`y oldi qaliniga jonini so`rab, keyingi mahrga imonini talab qilib, jonini, imonini olgandan keyin esa bu dunyo uyidan surgun qiladi».
                 7. «Falak aylanganda ikki chiziq hosil qilib, bu mintaqa va   muaddil   chiziqlari   ikki   belbog`day   uning   beliga   boylangan».
                 8. «Shunday fikr qilginki, bu pastkash charxning aylanishi xuddi g`alvirning aylanishiga o`xshaydi».
                 9. «Jahon gulshanida nargis kabi kaltabin, nodonlar bor edi, ularning bazmlariga xursandchilik bag`ishlab, kumush taboqlarda oltin qadahlar uzatdi».
                 10. «Qaerda rangdor Yaman terisini ko`rsa, yuz joyidan qirqib, undan o`qqa xalta yasadi».
                 11. «Uning hech bir hosili ham yo`q, boqiyligi ham. Ularning hammasidan kech, lekin kechikma».

XLIX

                 1.    «Iskandarning yetti iqlim mamlakatlarini o`z qo`liga kiritgani va bo`sh qo`l bilan bu dunyodan ketish otini ilgari surgani».
                 2. «Osmonning ko`k gumbazi ustida xutba o`qib, adolat tamg`alarini   (oltin, kumushga emas)  yulduzlarga o`ydi».
                 3. «Yo`limni qabr tomon boshlar ekansizlar, bir qo`limni tobutning yonidan chiqarib qo`yinglar. Kishilar tobutga nazar solar ekanlar, ibrat yuzasidan shu qo`lga qarasinlar. Bilsinlarkim, yetti o`lka podshosi, yetti osmon mushkullaridan xabardor odam, endi jismimda jon yo`q, bu makondan, bo`sh qo`l bilan bu jahondan ketmoqda».

L

                 1.    «Jaholat mayining quyqasini ichadiganlar haqidakim, yaxshilik xirqalari gunohkorlik qo`lidan yirtiq; may jaholatining boshi og`riq odamlari to`g`risidakim, ularning har biri mayxona eshigida mastlik va beboshlik bilan yuradi va qiyshaygan mayxona ularning nazarida Jamshidning taxtiga o`xshaydi, siniq piyola esa o`zida jahonni ko`rsatadigan jomga...»
                 2.    «Ey, jomga hamdam bo`lib quvongan odam, ishing jaholat xumoridan mastlik».
                 3.    «Sening bu mastliging necha yil, necha oy davom etishi mumkin? Oyda, yilda bir mast bo`lmasdan hushyor tortib ham yur!» mazmuni baytda tajnis usulida ifoda etilgan.
                 4.    «Yo`lda uchragan yomg`ir suvini ko`rsa, may deb ichadi; Soy toshi uchrasa, olib, guldek otadi».
                 5.    «Bo`zchining tarog`idagi ohordek, balki qarg`a patidagi iflosdek, qusuq uning soqolini obdon harom qildi. It esa yalab, uni yana tozalab qo`ydi».
                 6.    «Ha, shum kampirning qizi qancha xunuk bo`lsa ham, uning ko`ziga behishtdagi hur bo`lib ko`rinadi. Qobiliyatsiz shoirga: «Nima yeyapti?» — deb yurma deyman, nima bema`ni gap gapirsa, uning o`ziga sehr bo`lib tuyuladi».
                 7.    «Boyqush obod yerlarda xafa bo`lib o`ltiradi; vayrona burchaklarda esa tovusdek tovlanadi».
                 8. «Majusiy o`txonaga suv quysa bir nafasda sandal daraxtining o`tini obnusga aylanadi».
                 9. Bu to`rt bayt mazmuni: «Xullas, uning o`ti o`tu suvi ham o`t, rangi o`tu jozibali yolqini ham o`t. Kimki bu to`rt o`t ichiga tushib asir bo`lsa, chaqmoq chaqqan joyda ipak to`qimaday yonadi. Qaysi badanda bu to`rt unsur yonsa, uning issig`idan badandagi to`rt unsur ham o`rtanadi. Bu o`tda to`rt unsurgina yonib, yo`q bo`lib ketmaydi, aqlu his, dinu islom ham yo`qoladi».
                 10.    «Birovni maqtab, majburan tavba qildirilsa, buni tavba deb tushunma: birovnnng tavba qilishiga aqli yetmasa, «Qur`on»ni o`rtaga qo`yib shartlashishni ham». Ushbu maqolot oxirida Navoiy inson irodasining kuchiga baho berishda ziddiyatga yo`l qo`yib, tavba qilish xudoning xohishiga bog`liq, degan idealistik g`oyani ilgari suradi.

LII

                 1. «Xunasasifat oliftalarning dunyo zeb-znynati, deb hiylakorlik ko`rsatishlari va jonini fido qilgan muhabbat egalarining dindan quvvat olib, boshni tik tutib yurishlari; g`azavot maydonining kengligi vasfidakim, mard bilan nomardning shu yerda bir-biridan farqi ko`rinadi; shohlik qoni ta`rifidakim, bu gunoh tutunidan yuzi qaro bo`lganlarning yuzini qizil qildi».
                 2. «U shundayki, o`zini juda botir ko`rsatib, otini shijoat maydonida ilgari suradi».
                 3. «U o`zini shunday katta tutadiki, go`yo uning boshidan osmongacha bo`lgan masofa to`rt enlikday».
                 4. «U zulm o`qini uchirganda, o`qning uchini o`z yuzi bilan egovlaydi».
                 5. «Bu jig`a unga la`nati iblisdan qolgan bo`lsa ham uni Jabrail qanoti deb ataydi».
                 6. «Otining ustiga urgan egari zarlangan; hatto uning yuganiga ham gavharlar qadalgan».
                 7. Bu ikki bayt ma`nosi: «U g`avg`o qiladi, atrofidagilar baqirib-chaqirishadi, go`yo o`zi o`rtada devu atrofida shayton to`dasi. Biri uni «Begim!» degan, boshqasi «Mnrzo!» degan; xulqini  yaxshi deb, husnini chiroyli deb maqtagan».
                 8. «Xamsa»ning 1960 yil nashrida (116-bet) bu satr «Lof ila har dam ushotib yuz masof» shaklida, biz uni tanqidiy matnga binoan «Lof ila har dam ushotib bir masof» tarzida  berdik.
                 9. Bu bayt dostonning 1960 yil nashrida:

Har nimakim, shar` xilofi durur,
To`kkasen ar bodai sofiy durur,

deb  berilgan. Ikki satrda ham «durur», «dur ul» deb o`zgartirildi.
                 10. Bu satr oldin «Jismingga tig` ochsa o`lum zo`rni» o`qilgan. Tanqidiy matnda «zo`rni» emas, «ravzani» (Ravza — teshik, tuynuk).
                 11. Bu baytning o`rni o`zgartirildi. U «Xamsa»ning 1960 yil nashrida (118-bet):

Kimgaki jonondan erur jon aziz,
Hayfki qilg`ay oni jonon aziz

baytidan oldin keladi.

LIV

                 1. «Bahor yigitligining sofligi haqidakim, nozli rayhonlarini rang-barang ipaklar bilan orasta qiladi; yigitlik bahorining latofati xususidakim, yuzining gulini rayhoniy xatlar bilan yondiradigan darajada bezatadi; xazon qariliginnng sovuqligi to`g`risidakim, gulistondagi daraxtlar bilan qushlar u tufayli ziynatsiz, kuysiz bo`lib qoladi; qarilik xazonining shiddati to`g`risidakim, badan gulistonining toza gullari u tufayli havoga sovruladi».
                 2. «Hamal ayvonini quyosh yorita boshlagach, osmon yer yuziga ham mehr izhor qildi».
                 3. «Ko`kimtir maysalar to`shak bo`lib, undagi rayhonlar go`yo bihisht hurlaridir».
                 4. «Bolalarning hammasini ko`ngli o`yinda, lekin hamma yoqda «gulhocha gul» o`yini».
                 5. «Barglar barg emas, yoqish uchun bir to`plam o`tin; shohlari esa do`zaxning kundasi desa bo`ladi».
                 6. «Birov tafsir   («Qur`on»ga yozilgan tafsirlar)larni o`qib, birov   hadislar   (Muhammad   payg`ambar   nomi   bilan   bog`liq  rivoyatlar majmuasi)ni o`rganib e`tibor topadi».
                 7. «Og`iz burchaklarida qimmatbaho durlardan qolmay, tishlari «sin»ga o`xshasa ham, tishsiz «sin»ga («s» harfining arabcha shakllarda   tishli  va  tishsiz  yozilishiga  ishorat)   o`xshab  qoladi».
                 8. «Orqa bo`ynida tirishlar paydo bo`lib, baqbaqasidagn yunglarda tugunlar yuzaga keladi».
                 9. «Kishining maqsadi tabiiy yashash bo`lsa, istak bildirib, hamma yoqqa borishi, ko`rishi lozim»

LVI

                 1. Falak g`amxonasi haqidakim, oqibat mazmunn parokandalik belgisidan iborat bo`lib, unda kishi qiynalsa ham o`zini xursandlikka olib yurishi kerak; jahon vayronasi haqidakim, unda yozig`lik tilak ham ko`ngul uyini obod tutishdir; hayot gulshanidan esgan har nafasning qadrini bilish, umr gulidan chiqqan har bir xush isning shukrini qilish, badanda xudoning buyrug`ini bajarishga quvvat bor ekan, toat-ibodatni g`animat bilish, do`stlar bilan ko`rishish imkoniyati bor ekan, buni qo`ldan chiqarmay, kishi  o`zini  xurram  tutishi  kerakligi  to`g`risida».
                 2. «Taqdirdan qancha jafo yetsa ham unut. Bu jafolar qancha ko`p bo`lsa ham o`zingga og`ir olma».
                 3. «Qilmas qari» — o`ylashga arzimaydi.
                 4. «Shunday ekan, gul bilan tik savsan ham, norvanu sarvu shamshod ham, bu chamanda nimaiki bo`lsa — hammasi bir-biriga mehmondirlar».

LVIII

                 1. «Xurosonning misli yo`q viloyati bayonida... xususan saltanat uyi bo`lmish osoyish joyi — Hirot tavsifida; garchi (o`tmishda) bog` bo`lsa ham, ammo qurib qolgan edn, lekin shoh (bunda Husayn Boyqaro nazarda tutilayotir) oqizgan soyning adolati uni oliy jannatning rashki keladigan yerga aylantirdi, agarchi (bir vaqtlar) obod bo`lgan bo`lsa ham, biroq buzilib ketgan edi; shahanshohning quruvchilik ehsonidan chin rasmxonasining ham rashki keladigan joyga aylandi».
                 2. «U o`rtadagi osmonda har tomonga nur sochib, «hamma ishning   o`rtachasi   yaxshi»,  degan   hikmatni  isbotlab  turadi».
                 3. «Uning ichidagi shaharlarning soni nihoyatda ko`p. Ularning har birining go`zalligi haddan ortiqdir».
                 4. «Uni jahonning ko`ksi deb ta`riflash kerak. Undagi yurak esa go`zal Hirot o`lkasidir».
                 5. «Uni (Hirotni) «Ko`ngul» emas, «shoh» desa ham ajablanish kerak emas, chunki shohning joyi ham o`rtada bo`ladi-ku!»
                 6.    «Olloh, Olloh!» Bu Hirot qanaqa shahar bo`ldi? Uning bir qismi ikkinchi qismidan ajoyib! Ikki turg`un osmondan belgi bo`lgan uning ikki xiyoboni somonchining yo`liga o`xshaydi».
                 7.    Masjida Aqso — Suriyatdagi mashhur qadimiy masjid. «Uning shamdonlari kaptarlarga xilvat uya; kaptarlar unda Jabroildek o`tiradilar».
                 8. «Xamsa»ning 1960 yil nashrida bu satr «har shajaru yuz gul  ila shevasi» emas, «Bir shajaru...» holida berilgan.
                 9. Anushirvon islom dinini qabul qilish haqidagi Muhammad payg`ambarning maktubini yirtib tashlab, islomni rad etgan edi. Bunda shunga ishora bor.
                 10. «Odamzod bor ekan, olam bor ekan, olam ichida odamzod yashar ekan, adolat bilan olam yuzini obod qil, yaxshi xulq bilan dunyodagi odamlarni shod qil».

LX

                 1. «Maqsadning o`talgani haqida; agarchi bu latif so`zlar majmuasi shunday bir to`plamki, nozik ma`noli so`zlardan iborat tuhfalar bilan to`la va nozik ma`noln so`zlar to`plami shunday kemaki, foydali injular unda xilma-xildir; lekin tab` daryosidan sohilga eng oldin kelgani narsalarning eng qimmatlilari bo`ladi va zehn shabistonidan ham eng oldin jilva zuhur etgan kelinchaklar bo`ladi, shunga ko`ra bu to`plamni saltanat bog`chasining oldingi guli va xalaflik chamanining qad ko`targan nozli sarvi bo`lmish sulton Badiuzzamon Bahodir... oyog`iga nisor qilindi hamda unga nikohlab berildi, — toki bu nasihatlar uning dilida  o`rnashib qolsin va bu javharlarni qulog`iga ossin».
                 2. «Inson o`rnini bosadigan insondir; shohniki shoh, xonniki xondir».
                 3.    «Balki, u xavf-xatarsizlikning sababchisi, Jamshiddek qadrli hukmdor Badiuzzamondir».
                 4. Bu talmeh «Qur`on»dagi bir epizodga ishora. Bunda zolim Zahhok, Firdavsiy «Shohnoma»sida naql qilinishicha, undan yashirin holda sigir sutini ichib katta bo`lgan Faridun qasd olgann eslatilmoqda.
                 5. Asl maqsadni ko`zlamoqchi bo`lsang, Muhammadning shariati yo`lini tut!»
                 6. «Adl» so`zi uch harf bilan yoziladi. Lekin uning har bittasi o`zgacha mazmunga ega. Uning «ayn»i yondiruvchi quyosh bo`lib, zulmning qora shomini pok qiladi. «Dol»i esa davlat va dinning toji bo`lib, din va davlat ahllari doim unga muhtojdirlar. Oxiridagi «lom»ini hurlarning sochi deb bil; izzat va sharaf qushlariga esa uni tuzoq deb bil».

LXII

                 1. Bu orzu — «Hayratul-abror» dostonini yozish.
                 2. Bu gulruhi zebo uzor» — «Hayratul-abror» demak.

LXIV

                 1. Yaxshi odamlar hayrati.
                 2. Hijriy — 888 yil, milodiy — 1483 yil.