Òîï ðåéòèíã www.uz
XXXI

Iskandarning Doro mamolikiga mulkron bo`lub, kunuz va xazoinidin mehr va sahobdek zarposh va durafshonliq qilib, sipoh va raiyatni ul ehsonlardin obod etib, olam mamoliki shohlarin tilarga elchilar yiborgoni va alar borcha aning amrig`a inqiyod qilib, Kashmir shohi nomuvofiq afsun o`qub, Hind royi bozguna javob berib, Chin xoqoni chin so`zdin qoshig`a chin solg`oni


Raqam aylagan bu zafarnomani,
Ado bo`yla qildi bu hangomani

Ki, bo`lg`och Skandarga mundoq zafar,
Aduvsi dargohig`a bo`ldi maqar.

Guruheki Doroparast erdilar,
Aning hukmig`a zerdast erdilar.

Chu Doro ishi bo`ldi el ichra fosh,
Aning ollig`a qo`ydilar barcha bosh.

Yiroq mulklardin vale kelgan el,
Vatan azmi qildilar andoqki yel:

Salotini Saqlobu Mashriq zamin,
Ne Xorazmu, ne Hindu, ne mulki Chin,

Hamul kunki qochmoqqa mayl ettilar,
Tavaqqufsiz o`z mulkiga kettilar.

Skandarga chun fath bo`ldi qarin,
Topib shavkat andoqki sheri g`arin.

Biyik taxt uzra maqom ayladi,
Vasiyat ishiga qiyom ayladi.

Burun shoh Dorog`a tutti azo,
Bo`lur yanglig` ul nav` shahg`a sazo.

Tutub so`g e`zozu tamkin bila,
Qilib dafn shohona oyin bila.

Base zor yig`lab aning holig`a,
Aning holig`a yo`q, o`z ahvolig`a

Ki, ish boshig`a tushti behad ulug`,
Necha ish  ulug`, ishchisi qayg`ulug`.

Topib chunki Doro ishidin farog`,
Tutub iki qotilni aylab so`rog`.

Ko`mub dor uchun yerga iki sutun,
Ul ikini osturdi andin nigun.

Yana tirborong`a farmon qilib,
Alarg`a ulus tirboron qilib

Ki, har kimki g`adr aylasa shohig`a,
Jazo budurur baxti gumrohig`a.

Buyurdi badanlarni kuydurdilar,
Kul ettilaru ko`kka sovurdilar.

Yana hukm qildiki, doronajod,
Qayonkim kishi bo`lsa g`amginu shod.

Bori emin o`lsunki, lutfi amiym,
Ko`tardi alar ko`nglidin vahmu biym.

Ne iqto` alarg`aki Doro qilib,
Skandar ham andog` madoro qilib.

Yana qildi ta`yin pisandida el,
Bori xayl aro anjumandida el.

Yozib Ravshanak nazdig`a nomae,
Azodin surub tiyra hangomae.

Bitib sudmand anda har nav` pand
Ki, ko`p qilma oshubi nosudmand.

Saodat gulidin barumandliq,
Erur Tengri hukmig`a xursandliq.

Jahon bog`idin gulbun o`lsa nuhuft,
Taru toza bo`lsun guli noshukuft.

Sadaf ko`ksini gar sipehr etti chok,
Sharaf tojin etsun makon durri pok.

Yana andag`i elga farmon qilib,
Borig`a mavoid ehson qilib

Kim, aylab ravon sarvi ozodni,
Qayu sarv, huri parizodni

Ketursunlar oning shabistonig`a,
Quyosh gulruxin charx ayvonig`a.

Chu Doro vasiyatlarin soz etib,
Jahongirlik shug`lin og`oz etib.

Xazoyinki Doro qilib erdi jam`,
Nihonu oshkoro qilib erdi jam`,

Faridun chog`idin yig`ilg`on manol,
Topib shohdin shohg`a intiqol.

Anga tegrukim Kayqubodi guzin,
Jahon mulkiga bo`ldi masnadnishin,

Xud andin so`ng avlodig`a qoldi mulk,
Chu bordi biri, ul biri oldi mulk.

Qayu birki bo`ldi jahondin nihon,
Yana birga meros qoldi jahon.

Biriga necha ganju maxzan to`lub,
Yana birga yetgonda taz`if o`lub.

Bu fursatqa tegruki Doroyi dahr,
Jahondorlig` taxtidin topti bahr.

Ming uch yuz yil o`n to`rt olampanoh
Ki, bor erdilar olam ahlig`a shoh.

Xazoyinki jam` ettilar behasib,
Haq etti Skandarga borin nasib.

Qiloe`ki Dorog`a maxzan edi,
Eshittimki yuz, dog`i seksan edi.

Bular borcha maxzun javohir bila,
Zari maxfiyu, siymi zohir bila.

Kelib barchadin xozinu kutvol,
O`pub shoh ayog`ini davlat misol.

Xazina kalidin bu bir kelturub,
Yana qal`a miftohin ul topshurub.

Alarg`a shah aylab base justujo`y,
Qilib maxzanu qal`adin guftugo`y.

Biriga karam oshkor aylabon,
Yana birni ummidvor aylabon.

Qayu kimsa har qal`adinkim yetib,
Anga-o`q hamul ishni tafviz etib.

Xazoying`a hukm etti lekin nuxust,
Ki ahli qalam aylabon bozjust.

Tilab daftar ul shoh devonidin,
Ki maxzan edi jam`, farmonidin.

Topib jam`u xozindin istab hisob,
Agar la`l koniyu gar durri nob.

Qayu qilsa daftar yuzidin qabul,
Anga hukm aylab tariqi vusul.

Yana chiqmag`onni hisobig`a rost,
Tashaddud bila qildurub bozxost.

Alar chun bori jam`ini tuz qilib,
Shah ollida arz etgali yuz qilib.

Chu shoh ollida bo`ldi xotirnishon,
Bu hukm ayladi shohi maxzanfishon

Ki: «Qilsunlar o`rdug`a borini naql»
Ki ul naqldin qoldi hayratqa aql.

Ravon bo`ldilar hukm ila xayl-xayl,
Nechukkim tengiz jonibi tund sel.

Itoat qilib shoh farmonig`a,
Tashirlar edi shoh devonig`a.

Iki yilg`acha, o`ylakim korvon,
Kelur erdi shah sori ganji ravon.

Hisob asramish erdi ahli qalam
Kim, ermas edi ganjning nisfi ham.

Yana dedi shah, kimsa ta`yin qilib
Ki: «Xozing`a qolg`onni taxmin qilib,

Borib aylasunlar eshiklarni rust
Ki, topshurg`ay etgan zamon bozjust!»

Nekim hukm qildi shahi arjumand,
Hamul nav` ila bo`ldilar korband.

Keturgan hisobin qilib ahli fan,
Qiyos ettilar yetti yuz ming tuman.

Dedi shohi Dorofaru Jamshukuh
Ki: «Doro sipohidag`i har guruh,

Sipahdoru navvobu hojib anga
Ki, devondin ermish mavojib anga.

Muqarrar ne erkonni arz aylasun,
Aning fikrini shahg`a farz aylasun».

Chu arz o`ldi nekim muqarrar edi,
Shah ollida asru muhaqqar edi.

Dedilar bu ham bo`yla voqe` emish
Ki, har bir necha qatla roje` emish.

Ulusqa base ranju taklif o`lub,
Kirar ermish ul qo`lg`a tansif o`lub.

Chu Doro sipohig`a  bildi bu hol,
Dedi lutf etib shohi daryonavol

Ki: «Gar rasm Dorog`a tansifdur,
Vale bizga ul rasm taz`ifdur1.

Muzoaf, – dedikim, – bering ganjdin»
Ki, el tindi butkargali ranjdin2.

Mavojib olur to`rt yuz ming kishi
Ki, chokarlik erdi alarning ishi,

Olib ganjdin borcha iqto`ini,
Muraffah bu nav` etti atbo`ini3.

Yana iki yuz ming mavojibxo`ri,
Bo`lub birga iki mavojiblari.

Ulufa  berib olti yuz ming sipoh,
Falak avjidin o`tkarib borgoh.

Mavojib sipahg`a  chu taz`if etib,
Raiyat xirojini tansif etib.

Sipohiysi obodu ham shod o`lub,
Raoyosi ham shodu obod o`lub.

Chu to`kti sipohu raiyatqa  ganj,
Angau munga bartaraf bo`ldi ranj.

Dedikim: «Manga ganj emastur havas,
Sipohu raiyat manga  ganj, bas.

Agar ganj erur bahru kondin fuzun,
Va gar xud xizona jahondin fuzun.

Chu naf`e emastur alardin gumon,
Alardur hamon, toshu tufrog` hamon.

Agar naf`din bo`lsa maxzan yiroq,
Aning la`lidin xora ko`p yaxshiroq

Kim, ul xora bir tosh erur bezarar,
Vale ganjdin elgadur yuz xatar.

Kishiningki benaf` erur maxzani,
Jahon ahlidur sarbasar dushmani.

Ulus bo`lsa ma`mur bir ganj erur
Ki, andin jahon fathi beranj erur».

Skandar chu topti bu sarmoyani,
El uzra solib lutf ila soyani.

O`zidin qilib rozi Eron elin,
Jahon ochqali rust qildi belin.

Burun hikmat ahlidin etti guzin,
Necha kimsa borig`a royi razin.

So`z ayturda har bir kelib mo`shikof,
Hamul torlardin bo`lub hullabof.

Qilib tortqon chog`da tig`i zabon
Ki, qilmay tuman tig`liq marzbon.

Ne so`zdaki sa`y oshkoro qilib,
Chu xasm o`ldi obiy madoro qilib.

Uzun tillari charb der nukta chog`,
Qilichdekki surtulsa yuziga yog`.

Bori ilmdin bori sohibvuquf,
Kelib har birisi jahonfaylasuf.

Hamul xayldin shohi oliy xirad,
Qilib har birin bir sori nomzad.

Biri mulki Saqlobu Saqsin sori,
Biri Hind sori, biri Chin sori.

Biriga raqam bo`ldi Baytulharam4,
Biri topti Kashmir sori raqam.

Ataldi biri Misru, Bag`dodg`a,
Yozildi biri mulki Navshodg`a.

Berib har biri ilgiga nomae,
Tuzub noma zimnida hangomae.

Bori noma mazmuni birdek payom,
Diloro so`zu xotiroso kalom.

Chu tahrir uchun xoma no`gin tuzub,
Bitik naqshini bu sifat ko`rguzub

Ki, bu noma ul Tengri oti bila
Ki, qoyimdur aflok zoti bila.

Qadimeki, yo`q ibtidosi aning,
Azimeki, yo`q intihosi aning.

Gadolar zamirining ogohi ul,
Shahanshohlarning shahanshohi ul.

Qayu shahki doroi davron kelib,
Janobida mahkumi farmon kelib.

Bu shahliqdin ani qachon qilsa rad,
Kishiga jihat istamakka ne hadg`?

Gadoeki har dam to`yub jonidin,
Munga dog`i ro`zi aning xonidin.

Shah etsa aningdekki doro ani,
Kishi rad qilurg`a ne yoro ani.

Ul avloki andin ne bo`lsa qazo,
Ayon aylagay borcha shahlar rizo.

Chu bu yerga Haq hamdini yetkurub,
Takallum tariqin bu yanglig` surub.

Ki: «Mendinki, Iskandar otimdurur,
Eti kishvar olmoq sifotimdurur.

Sangakim oting keldi Xoqoni Chin,
Yo`q ersa  sipahdori Turon zamin.

Muni bilki, olamda budu nabud
Ki, kavnu fasod ichra tutqay vujud.

Chu mumkin emas kimsa tadbiridin,
Yaqinkim erur Tengri taqdiridin.

Gadolarg`a gar podsholig` berur,
Va gar shohlarg`a gadolig` berur.

Kerak shohlar ko`rsa behbud ani,
Gadolar dog`i bilsalar sud ani.

Nekim amridin oshkorodurur,
Ibo qilg`ali kimga yorodurur.

Chu hukmidin o`lmas ibo aylamak
Ki, bor ul vujudin habo aylamak.

Aning hukmidin oshkoru nihon,
Manga bo`ldi ro`zi sarosar jahon.

Chu ul qildi bu komg`a baxtiyor,
Manga dog`i bu ishda yo`q ixtiyor.

Burun qildi iqbol qismat manga
Ki, yor o`ldilar aqlu hikmat manga.

Otomkim, edi kishvaroroi Rum,
Chu bordi, manga qoldi ul marzu bum.

Topib ilmu hikmatdin ogohliq,
Tamanno yo`q erdi manga shohliq.

Ne ishkim nasib etti Fayyozi Jud,
Kishining tamannosig`a ne vujud.

Chu ollimg`a yozg`ondurur bu varaq,
Meni qo`ymadi ixtiyorimg`a Haq.

Ulus dog`i afg`onu zor ettilar,
Alar dog`i beixtiyor ettilar.

Ne amr etti ilhomi hotif bila,
Shuru` ayladim joni xoyif5 bila.

Burun amri birla tuzub mojaro,
Qilib Zang eli ro`zgorin qaro.

Yana azm qildim cholib noyu ko`s,
Mute` o`ldi hukmumg`a Bartosu Rus.

Yana ozim o`ldum chu qilmay darang,
Nasib o`ldi Haqdin diyori Farang.

Chu sa`yim yana oshkoro bo`lub,
Asiri kafim shohi Doro bo`lub.

Sarafroz etib baxti sarmad meni,
Haq etmish bu yanglig` muayyad meni.

Qayu birgakim tole`im qo`ydi yuz,
Bor erdi alar mencha o`n, balki yuz.

Chu Haq amridin zohir ettim nabard,
Alardin chiqordim falak uzra gard.

Bo`lubdur bugun mulki Eron manga,
Bori shohlar bandai farmon manga.

Guruheki Doroni anglab rafe`,
Bo`lub erdilar buyrug`ig`a mute`.

Bori dargahimg`a nuzul ettilar,
Kelib qullug`umni qabul ettilar.

Inoyatlar ettim gumondin fuzun,
Nekim el gumon etsa, ondin fuzun.

Sanga ham agar baxt yovardurur,
Yana tole`ing yoru rahbardurur,

Qo`pub o`zgalardek janobimg`a kel,
Janobi sipehr intisobimg`a  kel.

Ne amr aylasam, bil kalomimni xo`b,
Tobug`umda bosh qo`y, ayog`imni o`p

Ki, boringg`a men lutfu ehson qilay,
Madoru rifq ulcha imkon qilay.

Seni shahlar ichra baland aylayin,
Inoyat qilib, arjumand aylayin.

Qilay kishvaringning misolin raqam
Ki, tutsun taalluq sanga yakqalam.

Sipehr ofatidin panohing bo`lay,
Aduv qilsa kin, kinaxohing bo`lay.

Va gar mone`e tutqon o`lsa vujud
Ki, yo`lg`a qadam qilmasang xoksud.

Qila olmas o`lsang bu sori murur,
Bu iqboldin oriy o`lsang zarur,

Senga ostonbo`s mamnu` esa,
Degan uzr ma`qulu masmu` esa,

Ini, o`g`lung o`lsa ikovni yibor,
Yo`q ersa elingdin birovni yibor

Ki, donou sohibxirad bo`lg`ay ul,
Sanga noyibu mu`tamad bo`lg`ay ul

Ki, cheksun kelib mol ila peshkash,
Bajo kelturub qullug`ung bandavash.

Nekim uzrung o`lsa ado aylasun,
Ne komingdurur muddao aylasun

Ki, koming sarosar ravo aylayin,
Nekim va`da qildim, vafo aylayin.

Va gar boshlasang aylamay inqiyod,
Maozalloh oyini jahlu inod6.

Tariqi adovat shior aylasang,
Zalolat yo`lin ixtiyor aylasang,

Ne ollingg`a keltursa charxi dani,
Ko`rar lahza, ko`rgil o`zingdin ani.

Madoro xayolini mendin unut,
Nekim qilsam ul vaqt ma`zur tut.

Bu erdi maqosidki, topti payom,
Yana so`zni qosid degay, vassalom!»

Bu yanglig` makotib insho qilib,
Yana so`zlar ul elga ifsho qilib

Ki, har so`zga bo`lsa mahal muqtaziy,
Kerak bo`lmasa ul mahal munqaziy.

Va gar o`zga aytilsa so`z nosavob,
Erur qosidi kordondin javob.

Murattab chu bo`ldi bitiklar bori,
Uzotti alar har birin bir sori.

Chu bo`ldi ravon har taraf ul rusul,
Qilurda, demakta bilib juzvu kul7.

Qayu birki har sori azm ettilar,
Chu oz vaqt yo`l kettilar yettilar.

Ul ishni bilib har shahu shahriyor
Ki, bor erdi mulki aning har diyor.

Rioyat qilib ulcha ta`zim edi,
Agar anda ummid, agar bim edi.

Alarning tuzub xotiri komasin,
Olibon qo`yub ko`zga shah nomasin.

O`qub, chunki mazmundin ogah bo`lub,
Hamul nomabar birla hamrah bo`lub.

Muhayyo qilib peshkash yo xiroj,
Yana har negakim erur ehtiyoj.

Shah iqboli topmog`ni jazm aylabon,
Bori yettilar shahg`a azm aylabon,

Magar uch kishikim, xato qildilar,
Azimat qilurdin ibo qildilar.

Vale har biri dedi bir nav` so`z,
Ki, tutmas edi kimsa ul nav` ko`z.

Dedi shohi Kashmir bevahmu bok
Ki, oti edi Mallu ibni Mabok

Ki: «Iskandar ar shohi ofoqdur,
Mening mulkum ofoqdin toqdur.

Manga Tengri uch ish qilibdur nasib
Ki, bo`lsam zabun, bo`lg`ay asru g`arib.

Biri ulki, mulkum erur bas matin,
Jiboli rafe`u qilo`i hasin.

Yana turfa ish munda paydodurur
Ki, ham davri, ham osti daryodurur.

Ikinch ulki, bor oncha afsungarim,
Mavojib yegon barchasi chokarim.

Ki, gar fitnae yetsa aflokdin,
Qilur har biri royi bebokdin:

Fusun birla yumronni sheri jayon,
Gavaznni salobatda babri yabon8.

Ki, Iskandar ar yig`sa olam elin
Anga esturay, o`yla ofat yelin

Ki, qo`zg`alg`ay ul xayli topmay amon,
Hamul nav`kim, tund yeldin samon.

Uchunch ulki, gar ul bo`lub kinparast,
Taaddi bila topsa mulkumga dast.

Bu mulk ichra bir ko`hsore durur,
Biyik tog` uza bir hisore durur.

Misu ro`ydin anga yakpora jism,
Burun ahli hikmat yasog`on tilism.

Qozilmish bu shahr ichra naqbe nihon
Ki, gar kirsa shoh ish tushub nogahon.

Borur yo`l, urub tob qo`rg`ong`acha,
Quyun o`ylakim, charxi gardong`acha.

Qachon qilsalar bir boshin nopadid,
Yana boshi ham bo`lmas aslo padid.

Kishi ul hisor ichra qilg`och vatan,
Tilismi aro bordur ul nav` fan

Ki, ul fannikim justujo` qilsa el,
O`g`urlay olur xasmdin o`tu yel.

Bu mulkedurur garmser ul tariq,
Ki, gar esmasa yel, bo`lur el hariq.

Bu mulk ichra har kimsakim joni bor,
Chu yel turdi, turmoq ne imkoni bor?

Gar o`t bo`lmasa hojat ermas demak,
Ki, ne nav` o`lur odamiyg`a yemak.

Erur barcha taqdir birlan zarur,
Bu iqlimdin o`zga sori ubur».

Chu Mallu bo`lub bo`yla fikratnamoy,
Debon lek Hinduston shohi Roy

Ki: «Iskandar ul shohi oliysarir,
Erurmen ne hukm etsa farmonpazir.

Va  lekin chu Doroyi getipanoh
Ki, oning sori chekmish erdi sipoh.

Bitib noma yuz nav` ta`rif ila,
Meni ham tilab erdi taklif ila.

So`zi nofiz erdi, dog`i yo`l yiroq,
Kerak erdi bir-iki yilliq yaroq.

Olib mulkdin iki yilliq xiroj,
Cherikka berib onchakim ehtiyoj.

Chu yettuk aning joru buljoriga,
Shahi Rum eli birla paykoriga.

Ani xud shah iqboli past ayladi,
Ajal domig`a poybast ayladi.

Aduvdin chiqordi shah iqboli gard,
Biz o`lduq biyobonda vodinavard.

Yaroqu sipah barcha barbod o`lub,
Falakdin o`kush nav` bedod o`lub.

Urushqon elimga sarafkandalik,
Tutulg`ong`a boshtin-oyoq bandalik.

Ulus ollida banda ozodalar,
Jilovda qilib po`ya shahzodalar.

Men aylab necha oy biyobonni tay,
Eturguncha bu mulku kishvarga pay.

Elimkim, bo`lub qatlu yag`moga tush,
Kelib o`n ulushtin buyon bir ulush.

Tushub mulkum eliga bas turfa hol
Ki, g`oyib topib, kim ne aylab xayol.

Qaro rang asliy dema el aro
Ki, bu mulk motamg`a kiydi qaro.

Demonkim, emasmen Skandarparast,
Tushubtur manga lek muncha shikast.

Aning hukmi boshimg`au jonima,
Vale zulmdin kirmasun qonima.

Bugundin iki-uch yil o`tsa zamon,
Yuz ursa bu kishvarga amnu amon.

Topilsa buyurg`onig`a dastras,
Manga dog`i bor oni ko`rmak havas.

Iki-uch yil o`tmayki taklif etar,
Manga behad andin malolat yetar.

Evurmas agar lutf etib bu varaq,
Ko`ray har nekim olima yozdi Haq.

Aning amri hukmi qazo xud emas,
Xudovand bo`lsa Xudo xud emas.

Chu men muncha tuttum so`zi hurmatin,
Kerak ul dog`i asrasa izzatin».

So`ziga berib Roy mundoq javob,
Qilib Chin shahi o`zga yanglig` xitob,

Debonkim: «Skandar yiborgan bitik
Ki, sammdin achig`dur, qilichdin itik.

Rasulin bu sori yiborgan kuni,
Taammul bila yozmamishtur muni.

Sipohim qalin, kishvarim to`qturur,
Mening andin o`ksuklugum yo`qturur.

Shahekim  yana shahga ma`mur etmas,
Anga bo`yla maktub dastur emas.

Yozibdur kitobatda hikmat so`zin,
«Hakimu xiradmand» debdur o`zin.

Aning royikim bo`yla sofiydurur,
Bu so`zlar xiradqa munofiydurur.

Bu so`zni deyolmas sipehri barin –
Ki: «Kelsun janobimg`a Xoqoni Chin!»

Necha qilsa Doro jahondorliq,
Aromizda voqe` edi yorliq.

Muloqot asbobini tuzmadi,
Manga bo`yla taklif ko`rguzmadi.

Skandarni Doroi soniy tutay,
Jahon mulkining shohi oni tutay.

Anga qoldi go`yo bu ma`ni nihon,
Ki Chin kishvaridur yana bir jahon.

Yigitlik anga so`zga berdi shitob,
Javobida men aylamon iztirob.

Agar nomasin ul yozibdur irik,
Vale men iriklikka urmon ilik.

Gar ul qilsa Doro kibi yorliq,
So`ziga qilurmen xaridorliq.

Xayoli agar mundin afzun esa,
Bitik ichra yozg`on kibi so`z desa.

Tamannosida bo`lmasa e`tidol,
Ishim yo`qturur, g`ayri kinu jidol.

Demonkim, aning sori azm aylagum,
Qayu yerdakim desa razm aylagum.

Vale kelsa boshimga tortib cherik,
Kirib shahrima chekmogumdur eshik.

Sipahdin yoyib charxi gardung`a  gard,
Chiqib ro`baro` aylagumdur nabard!»

Skandar janobiga aylab nuzul,
Ul uch mulk shohi so`zin uch rasul.

Bu dastur ila ibtido qildilar,
Tugaguncha bir-bir ado qildilar.

Ne shahlarki, keldilar ollig`a bot,
Alarg`a qilib asru ko`p iltifot.

Necha qatla shohona majlis tuzub,
Mayu rud birla tarab ko`rguzub.

Necha may bila ko`ngli ishratfizoy,
Ul uch mulk bobida fikratnamoy.

Tarab bazmida aysh o`lub peshasi,
Vale ko`nglida azm andeshasi.

Va lekin chu yoqin yetib erdi qish,
Cherik shohlar qish kuni chekmamish.

Chu qishloq ishi ko`nglida erdi jazm,
Qarobog`i Arron sori qildi azm.

Ayoqchi, unut bir dam andishani,
Ayoq ichra qilg`il nigun shishani.

Dame solmag`il shishadek yuzga chin
Ki, azm aylagum Hindu Kashmiru Chin.

Mug`anniy degil hinduyi rexta9,
Anga sehri Kashmiri omexta.

Men ichganda chiniy ayog`ni olib,
Degil savt ollimda chiniy cholib.

Navoiy, sumur bodai jonfizoy
Ki, qolmish ne Mallu, ne Xoqon, ne Roy.

Bu ma`ni xati davri sog`ardadur,
Alardin dema, so`z Skandardadur.

Yo`q, Iskandari olamoroda bahs,
Erur balki Xizru Masihoda bahs.

XXXII

Qish ta`rifidakim, tund yeli ko`ngli hasrastliq ushshoq sovuq ohidin nishona ko`rguzur va sovuq zamhariri ichi o`tluq bedillar kofurbor nafasidin fasona aytur va taxta muzekim, marmar toshidin dam urar va chopquni durboshikim, jahonni barham va bu faslda falakvash oq uykim, quyoshdek shu`ladin, balki shu`ladek bodadin ravshan bo`lg`ay va anjuman bir quyoshyuzluk bahori nozparvard gul`uzoridin gulshan

Kerak bazm aro o`tu may bo`lsa day,
May andoqki o`t, o`t aningdekki may.

Aning manqali shiratazyin kelib,
Munung shirasi manqaloyin kelib.

Munung yuzida may bati la`li nob,
Ichinda aning burdog`on bat kabob.

Aning shu`lasi uyni gulshan qilib,
Munung lam`asi ko`zni ravshan qilib1.

Ani dam-badam yondurub dilkashe,
Muni har dam aylondurub mahvashe.

Anga dud o`rnig`a tarvihi ud,
Bu solib dimog` ichra har lahza dud.

Aning axgari koni gavhar bo`lub,
Munung la`li bir pora axgar bo`lub.

Vale bazm yuz boshlig` oq uy aro,
Oq uy toshi tun mushki birla qaro.

Vale mushk uza abri kofurbez,
Jahon uzra yakdast kofurrez.

Oq uyga eshik rust, tungluk dog`i,
Bo`lub ko`raga ev davrig`a to`k dog`i.

Mug`anniylar aylab navosozliq,
Muoshirlar aylab sarandozliq.

Ne may, elni har sho`x bir noz ila,
Yiqib g`amzai novakandoz ila.

Ko`ngulda biridin nihoni g`ame,
Xayoli bila o`zga bir olame.

Chu may oni beixtiyor etmayin,
Ul anduhini oshkor etmayin.

Vale chun qilib boda toroji hush,
Bo`lub o`trudin mohvashi bodano`sh.

Munga dam-badam ul qadah achchig`i,
Qadahdek solib achchig`-achchig` yig`i.

Ne boqmay anga umridin bahrasi,
Ne boqmoqqa oning sori zahrasi.

Kelib nogah ul sho`xi xudroy anga,
Qadah tutsa yuz noz ila, voy anga!

Ichib bodani qo`ysa ollig`a bosh
Qiyomatqacha bosh ko`tarmasa kosh!

Gar o`lsa dema marg soni ani,
Hayoti, degil, jovidoni ani.

O`zidin ketib oshiqi mayparast,
Yiqildi chu har kimsa bir yerda mast.

Sabuhiy chog`i ko`z ochib mohvash,
Xumor etgali daf`, o`lub jur`akash.

Yana yoqibon sham`u majlis tuzub,
Yatimona ko`p shevalar ko`rguzub.

Ko`zi ayni maxmurlug` ichra mast,
Mayi la`lidin mastlar mayparast.

Qaro bo`rkin egri qo`yub boshig`a,
Etib bir qirog`i qaro qoshig`a.

Ko`zi po`stin ichra pinhon bo`lub,
Hamal burjida mehri raxshon bo`lub.

Qiyos etmayin davri laylu nahor,
Aningdek qish ichra, munungdek bahor.

Bu hay`at bila oshiqi boshig`a,
Kelib noz ila o`lturub qoshig`a.

Qulog`in tutub, tortib uyg`otqali,
Ko`z ochqoch tuman noz o`qin otqali.

Masihovash alqissa yuz dam tuzub.
Kecha andoq o`lturganin tirguzub.

Chu oshiqqa ul ruh etib iltifot,
Masih ilgidin topib obi hayot.

Masihi damidin aning jon topib,
Xususan, yana obi hayvon topib.

Iki jur`adin, o`yla maston bo`lub
Ki, bazm ahlig`a harfi daston bo`lub.

Dema mast, majnuni behol de,
Junun ichra oshufta ahvol de.

Harorat chu g`olib bo`lub bodadin,
Junun ortibon ul parizodadin.

Qilib vahmkim ishqi devonasoz,
Anga qilmag`ay nogah ifshoi roz.

Qo`pub dog`i uydin chiqib tashqari,
Urub telbalardek qadam har sari.

Jahonni ko`rub qor ichinda nihon
Ko`runub ko`ziga yana bir jahon.

Kamar tig`idin sarsar andoq esib
Ki, har yerga tegsa pichoqdek kesib.

Sular muzdin andoq bo`lub sangbast
Ki, tosh ursalar mumkin o`lmay shikast.

Quyosh chashmasi bir qadah muz bo`lub,
Sochilg`on bori qatra yulduz bo`lub.

Falak sabzasida qolib yoshurun,
Nazarg`a bo`lub zohir o`lg`onda tun.

Ko`runmay quyosh partavi nurluq,
Borib tab`idin dog`i mahrurluq.

El osebidin xalq yuz bog`labon,
Nafasning tafi shusha muz bog`labon.

Urub qush o`zin o`tqa devonadek,
Va yo sham`i so`zong`a parvonadek.

Degil duddin shu`la dom etti fosh,
Shararlardin o`ldi anga donaposh.

To`lun oyg`a ko`k bo`lg`ucha yuz to`ngub,
Falak bahri nili dog`i muz to`ngub.

Emas oq bulut charx javfida tuz
Ki, andin sinib tushti bir pora muz.

Chu day xoni yel xaylidin un solib,
Chaman kishvari sori chopqun solib.

Shajar xaylini, o`yla tolon etib
Ki, boshtin-ayog`ini uryon etib.

Qilib o`zlarin o`rtamak multamas,
Sarosar o`tun bo`lmak aylab havas.

Gumon aylabon shu`la ko`rgach tazarv,
Qilib davrida larza shamshodu sarv.

Bo`lub momug`u tuk aro el nihon,
Hamul nav`kim qoqum ichra jahon2.

Yopib el qulog`larin iki kitf,
Qo`yunlarda qo`llar bo`lub mu`takif.

Kishikim qilib hayya nazzorasi,
Gumon aylabon pesa  ip porasi.

Borib zahriyu urmayin tobu pech,
Aning zahrin aylab havo zahri hech.

O`t ustida mahvashlar aylab hujum,
Quyosh tegrasida nechukkim nujum.

Chu sorg`artib elni nasimi sabo,
Bo`lub ul somonlarg`a o`t kahrabo.

Nasim aylagach birka sori shitob,
Qilib borcha siymobni siymi nob3.

Balig`lar bo`lub day nahangiga qut,
Tong ermas nahangiki, qut etsa hut.

Chu Bahman sipohi tuzub anjuman,
Er Isfandiyorin qilib Ro`yintan.

Bu Isfandiyor aylabon chun sitez
Solib olam ahli aro rustaxez.

Sovug` shiddatidinki ko`zlar qotib,
Anga qavs har dam balorak otib.

Nazarg`a kelib bul`ajab olame,
Havodis yelidin jahon darhame.

Ul oshufta nazzora qilg`och bu hol,
Qilib day sipohi ani poymol.

Ul uydin chiqorg`a jihat ko`rmayin,
Bajuz qaytmoq maslahat ko`rmayin.

Kirib bazm anbarsirishte topib,
Qochib ul tomug`din bihishte topib.

Anga hurzode tutub kavsare
Ki, ul suv urub jonig`a ozare.

Chu bir ratl no`sh aylabon mast o`lub
Ki, soqiy ayog`ida-o`q past o`lub.

Boshikim bo`lub yor ayog`ig`a past,
Etib charxi gardunga andin shikast.

Qayu kimsakim topsa mundoq murod,
O`qusun yomon ko`z uchun «in yakod»4.

Necha anjuman jannatosordur,
Tomug`dur agar kimsa beyordur.

XXXIII

Majnun hikoyatikim, qish kunining uzun qorong`u tuni Layli zulfining mushki isin el korvonidin istishmom qilib, gom urar erdikim, baxt mashshotasi ul sarishtai murodni ilgiga berdi


Eshittimki, Majnuni sho`ridahol
Ki, dasht uzra soyir edi mohu sol.

Taku toz erdi qishu yoz anga,
Qishu yoz erdi taku toz anga.

Chu yoz o`lsa vodiy tomug`din nishon
Ki, xurshid o`lur erdi otashfishon.

Anga voya ermas erdi soyae
Ki, topmas edi soyadin voyae.

Va gar qish havosi to`kub zamharir
Ki, bard aylar erdi baqamni zarir.

Ham etmas edi azm maskan sori,
Isinmoq uchun mayl gulxan sori.

Bori mayli ul yonki Layli edi,
Qayon Layli, ul sori mayli edi.

Xabar har qayon topsa mahbubidin,
Chekib nola joni puroshubidin.

Urar erdi yeldek aning sori gom,
Sabo gul sori aylagandek xirom.

Magar bir qish ermish bag`oyat sovuq,
Ani po`ya Laylig`a qilmish yovuq.

Dimog`ig`a bermish sabo yor isin,
Aningdekki, bulbulg`a gulzor isin.

Bu holatda go`yo qaro tun emish,
Aning ollidin yelu chopqun emish.

Nigoridin ul iski topib mashom,
Yumub ko`z, urar ermish ul sori gom.

Etishgan zamon yor uyi qoshig`a,
Hamono urunmish eshik boshig`a.

Ochilg`och eshik, uyga kirmish yurub,
Magar uyga kirmak budur bosh urub.

Ko`z ochib ko`rar, uyda Layli emish,
Qaro tunda ravshan Suhayli emish1.

Solur hayratu shavq jonig`a tob,
Qilib betahammulluq oni xarob.

Qo`yub Layli ollida tufroqqa yuz,
Yumar so`ngra kavnayndin iki ko`z.

Ani hujrada Layli aylab nihon
Ki, fahm etmagaylar eli nogahon.

Kishi hush tarkida bu nav` kom
Topib, istasa hush – bo`lsun harom.

Erur ishq aro bo`yla a`jubalar
Ki, beishq bilmas bu mansubalar.

Navoyig`a, yo Rab, qarib et ani,
Qarib etting ersa, nasib et ani.

XXXIV

HIKMAT

Iskandarning Arastudin savoli ul bobdakim, shito fasli burudat kasratidin va yog`in shiddatidin mujibi parishonliq va boisi besomonliqdurur xalq anga nevchun rog`ib va tab` anga nega tolibdurur va hakim javobqa og`iz ochmoq va hikmat sahobidin durar sochmoq


Yana qatla doroi daryonavol1
Dedi: «Key hakimi Masihomisol,2

Shito faslida ko`p suubatdurur
Ki, insong`a andin uqubatdurur.

Biri yelki, elni qilur dardnok,
Biri bardi mufritki – aylar halok.

Yana zamhariru uzun tun dog`i,
Qo`shulsa yelu qor, chopqun dog`i.

Falak yerga bu nav` o`lur fitnarez
Ki, andin kerak tab` qilgay gurez.

Nedin qishqa ko`prakdurur tolib el,
Anga yozdin ortug` bo`lur rog`ib el.

Munung vahshatig`a chu bor ittilo`,
Haroson kerak erdi mundin tibo`»3.

Dedi, hikmatoyini axtarshunos:
«Ki, bu ishga bor o`zga yanglig` qiyos.

Chu qish tab`i borid dog`i ratb erur,
Xirad munda bu nav` ruxsat berur

Ki, tab` ichra solur sabou shitob,
Harorat bila yubsdin iztirob.

Chu yubsu harorat bo`lur mushtail,
Ani boridu ratb etar mu`tadil4.

Yana chun shabobu kuhulat5 dog`i,
Erur elga ayshu farog`at chog`i.

Bilur el qoshida muqarrardurur
Ki, bu qishda xushroq muyassardurur

Ki, gar kunduzi bo`lsa qoru yog`in,
Bilur el g`animat farog`at chog`in.

Taraddudg`a chun bo`ldi mone` havo,
Farog`at qilur tab` komin ravo.

Erur kechasi dog`i chunkim tavil,
Bu dog`i farog`atqa keldi dalil

Ki, suhbat munosibdurur o`tsa shom
Ki, topqay sukun uyqu birla avom.

Anga tegrukim, bo`lg`ay uyqug`a chog`,
Rutubat qilib kasb maydin dimog`.

Bo`lub uyqug`a vaqtida rag`bati,
Badanning budur mujibi sihhati.

Chu ul uyqudin tab` masrur erur,
Zamon dog`i bor ulcha maqdur erur.

Yana hirfat ahli tutub go`shae,
Maoshi uchun istasa to`shae,

Uzun tunda uyqudin o`lg`ach amon,
Erur kasbining vaqti mumtad zamon.

Yana ilm tahsili aylar kishi,
Agar istasa rushd topqay ishi.

Ishidin anga hosil o`lmas farog`,
Emay ko`p uzun kecha dudi charog`.

Iki boshta yonsa charog`i aning,
Tun o`rtasi ting`ay dimog`i aning.

Yana ahli Haqkim qo`yub xo`rdu xob
Qilurlar ibodatqa jahdu shitob.

Xaloyiq ko`zidin erurlar nihon
Ki, ravnaqliq ermas alarsiz jahon.

Qaro tunlar ul xayl toat etar
Ki, olamga andin yorug`luq yetar.

Bas ul tun nechakim topar imtidod,
Yorug`luqqadur mujibi izdiyod.

Bukim sharh topti necha nav` ish,
Muyassardurur olam ahlig`a qish.

Bu kim dahr eli qishni aylar talab,
Erur ani istarga muncha sabab».

Degach so`zni donoyi bisyordon,
Dedi: «Ofarin!» — xusravi kordon.

XXXV

Iskandarning jahongirlik muddaosi bila azm etib, Xurosong`a yetib, Hiroti sonahallohu anil-ofoti val baliyotni bino qilib, Movarounnahrni olib Samarqandi bemonand tarhin solib, Kashmir sori mutavajjih bo`lg`oni va Kashmiriylar sehri daf`ig`a Muso kibi yadi bayzo ko`rguzub, sehroyin qal`alarin mo`jiza birla buzub, Malluning dog`i buzulub, tilism qo`rg`onig`a azm etgani va Iskandarning Kashmir shahrig`a ketgani

Muarrixki, sharh etti bu mojaro,
Bu yanglig` bo`lur so`zga dastonsaro

Ki, chun qildi qishloq azmig`a shoh,
Qarobog`i Arronni oromgoh.

Jahongirlik erdi andeshasi,
Bu tadbir edi tunu kun peshasi.

Tuzub hikmat ahli bila anjuman,
Bo`lur erdi bu amrda royzan.

Xayolida doim bu tadbir edi,
Xayoli namudori taqdir edi.

Bu andeshadin hosil o`lg`ach farog`,
Sipah ziynatin aylar erdi yarog`.

Berib qavmu xaylig`a dildorlig`,
Tilar erdi Haqdin madadkorlig`.

Chu raf` o`lsa erdi anga barcha qayd,
Bo`lub rokib, aylar edi azmi sayd.

Farog`at chog`i, sayd o`lub peshasi,
Matofi Aras1 ro`dining beshasi.

Bu erdi ishi toki gardon sipehr,
Hamal jilvagohig`a yetkurdi mehr.

Quyosh xusravi chunki topib sharaf,
Sipah tortti sabzadin har taraf.

Urub shohi xurshidvash borgoh,
Chekib dasht uza  sabza  yanglig` sipoh.

Topib sa`d soat kuhan toqdin,
Saodat bila chiqti qishloqdin.

Qilib azm, qo`ydi Sipohong`a2  yuz,
O`tub andin, urdi Xurosong`a3 yuz.

Munga yetgucha borcha Eron zamin
Bo`lub erdi hukmig`a zeri nigin.

Xuroson havosida topti nishot,
Mizojig`a yuzlandi ko`p inbisot.

Kim, ul kishvare erdi behad vase`,
Eri o`zga iqlimlardin rafe`.

Masohat qilib borcha atrofini,
Nechukkim kerak topib avsofini.

Fazosida ko`p chashmau rud bor,
Bori yub ko`ngul ko`zgusidin g`ubor.

Yana bahr yanglig` ulug` to`rt rud
Ki, ko`k toqig`a savti tortib surud.

O`zi chunki jannat namudor o`lub,
Sular dog`i jannatqa anhor o`lub.

Alardin dedilar birin Hirmand4
Ki, har qatrasi raf` etib yuz gazand

Ki, anhoridin mulki Zobulsiton5.
Bo`lub zebu ziynat aro gulsiton.

Safo ichra ko`zga berib xiraliq,
Hamul mulkdin raf` etib tiralik.

Yoruq, o`ylakim mehri getifuruz,
Bu ma`nidin oti kelib Nimro`z6.

Bu kishvarda har bir gado Hotame,
Dog`i har sipohi kelib Rustame.

Yana bir alardin Darijaz7 suyi,
Manofi`da ul nav`kim – raz suyi.

Qayu raz, «sharoban tahuro»dur ul,
Kecha-kunduz  oshomi hurodur ul

Ki, anhori obod etib mulki Balx
Ki, andindurur xasmning ayshi talx.

Hamul Balxkim, qildi Hushangshoh,
Jahondin guzin aylabon taxtgoh.

Maqomi – Birohimi Adham8 kelib
Ki, gardi rahi charxi a`zam kelib.

Yana bir dog`i keldi Murg`ob rud9
Ki, sha`nida kavsardin o`ldi durud.

Olib zahmati jismu ranji ravon,
Xirad aytibon oni ganji ravon.

Bo`lub andin obod Moxonu Marv
Ki, qushtur tazarv anda, ashjor – sarv.

Parivashlaridin bo`lub bahramand,
Qilib taxt Tahmurasi devband.

Bo`lub so`ngra Sanjarg`a oromgoh,
Ki, qush ko`rmay ul nav` bu domgoh.

Yana bir anga Chaxcharon10 rud o`lub
Ki, ul rud hayvon suyidin to`lub.

Eri rif`at ichra falakdin nishon,
Bu rud anda ul nav`kim Kahkashon.

Ushoq toshlari axtari tobnok,
Latofat aro, o`ylakim durri pok.

Suyi xosiyatda ziloli hayot,
Topib andin ichkan o`lumdin najot.

Qirog`inda har gulbuni axzare,
Baqo ichra bir Xizr payg`ambare.

Falakvash yerining fazosi dog`i,
Kelib jannatoso havosi dog`i.

Vale bu sifat nahri Kavsarmisol
Ki, andin jahon komi topib zilol.

Suyi qumu dasht ichra shoe` bo`lub,
Borib onchakim, borcha zoe` bo`lub.

Xurosonni chun shah masohat qilib,
Nechukkim kerak to`rt nahrin bilib.

Dedikim, «Bu yerdur jinon gulshani»,
Pisand aylabon xotiri ravshani.

Vale chunki manzuri o`lg`och bu nahr,
Yasab anda bir jannatosor shahr.

Chu mazkur etib ahli donish hir ot,
Pisand aylamay xotiri, juz Hirot.

Chu bu lafzg`a iltifot aylabon,
Hamul shahr otin Hirot aylabon.

Hirot o`ldi alqobi Iskandari,
Dedilar avom oni lekin – Hiri.

Chu to`rtunch iqlim edi mavqe`i,
Bas o`ldi quyosh sohibi tole`i.

Kavokibgakim, yeti taqsim erur,
Jahon mulki ham yeti iqlim erur.

Angakim vasat mehri raxshon kelib,
Munga lek mulki Xuroson kelib.

Xuroson badandur, Hiriy jon anga,
Hiriy jon, badandur Xuroson anga11.

Alo, toki bo`lg`ay sipehr uzra  mehr,
Yoruq mehr nuridin o`lg`ay sipehr,

Anga bo`lmasun mehr yanglig` zavol,
Sipehr etmasun xalqin oshuftahol.

Chu sa`y aylabon qildi doroi dahr,
Bino bo`yla kishvarda bu nav` shahr.

Qilur erdi manzil-bamanzil murur,
Angachaki Jayhundin etti ubur.

Yana kishvare ko`rdi firdavsvash,
Havou suyi misli firdavs xush.

Latofat aro ravzadin bahr anga,
Vale ism o`lub Movaraunnahr12 anga.

Nedinkim, iki nahr arosi kelib,
Yaqin yuz yig`ochqa fazosi kelib.

Oqib haddi sharqida Sayhun suyi,
Borib haddi g`arbida Jayhun suyi.

Yo`q ulkim anga bu iki rudu bas,
O`n-o`n besh suv har bir nechukkim Aras.

Bo`lub har biridin judo nahrlar
Ki, har nahri obod etib shahrlar.

Va lekin bu rudeki, derlar Ko`hak13
Ki, yo`q ravzaning nahri erkonga shak

Ki, ichgach tavono bo`lub notavon,
Guzar aylabon umr yanglig` ravon

Ki, andin ne bir shahr obod o`lub,
Ne ma`murasidin birov shod o`lub.

Agarchi latofatda rashki Furot14,
Bo`lub borcha zoe`, nechukkim hayot.

Skandar chu bu mulki dilkash ko`rub,
Fazou havosin Eramvash ko`rub.

Xususan Ko`hak rudikim, nahri Nil15
Emas oncha, ne Nilkim, Salsabil16.

Yana Tengridin bo`yla tutti umid
Ki, ul Nil uchun Misre etgay padid.

Qilib hikmat ahli bila guftugo`y,
Etib shahr uchun yaxshi yer justujo`y.

Hamul pushtaekim Ko`hak topti ism,
Ne pushta jahon ganji uzra tilism.

Ushoq tosh anga la`lu inju kibi,
Yashil sabzasi charxi miynu kibi

Ki, mansub erur anga Ko`hak suyi,
Nedinkim, erur jori andin quyi.

Hamul to`pa ollidin andoq oqar
Ki, oshiq boshu ashki, der, kim boqar17.

Aning yonida shahr qildi bino
Ki, o`lturmasun anga gardi fano.

Skandar otodi Samarqand ani,
Samarqandi firdavsmonand ani.

Ani chun tugatti qilib ehtimom,
Ravon qildi Kashmir sori xirom.

Kesib dashtning rohu berohini,
Anga solg`ucha soyai johini.

Biyik himmatu baxti bedoridin,
Base mulk fath o`ldi har soridin.

Chu Kashmir haddig`a qo`ydi oyog`,
Padid o`ldi bir charxpayvand tog`.

Ko`kartib qamar orazin xorasi,
Solib bo`rkni yerga nazzorasi.

Falakka degin, o`yla raxshanda tosh
Ki, pardoxt qilg`aylar aylab tarosh.

Iki jonibi har bir andoq yiroq
Ki, qat`ig`a azm etmagan yaxshiroq.

Bu yanglig` biyik tog`, aningdekki Qof,
Bo`lub charxdin yerg`a tegru shikof.

Bo`lub oshkoro arosinda yo`l,
Vale iki yilmon qayo iki qo`l.

Bu yo`lkim anga tog` o`lub har sari,
Kelib arzi taxmin bila yuz qari.

Ani ahli Kashmir darband etib,
Iki tog`ni bir-birga payvand etib.

Yuz ellik qari avji rif`at anga,
Yana muncha dog`i zaxomat anga.

Aningdek qo`yub gaj bila xora tosh
Ki, yerdin bo`lub ko`kka yakpora tosh.

Temurdin yasab anda darvozae,
Falak toqidin toqi andozae.

Bu darvozani o`yla rust aylabon,
Kim ul iki juzvin durust aylabon.

Qo`poribki yerdin madoro bila,
Kamargohig`a tegru xoro bila.

Yasab ustida burju boru dog`i,
Aduv daf`in etmakka ko`shish chog`i.

Demay kimsa darbandu boru ani,
Tasavvur qilib aql jodu ani.

Ichinda iki ming kishi chorasoz,
Bori hiylapardozu afsuntiroz

Ki, darbandi oliy namudoridin,
Yaqin kelmagay kimsa ming qoridin.

Kishikim qadam qo`yg`ay ul yon nuxust,
Ayog`i aning bo`lg`ay ul nav` sust

Ki, topmay taharrukning imkonini,
Yomon vartada ko`rgay o`z jonini.

Takovar dog`i qilsa ul yon shitob,
Ayog`idin itgay tavon birla tob.

Sipah chun bu yerga  yetib, lol o`lub,
Tahayyurdin oshufta ahvol o`lub.

Shah ollig`a qaytib ayon ettilar,
Nekim bo`lmish erdi bayon ettilar.

Shah etmay bu so`zlarga hech iltifot,
Arastu bila yetti ul yerga bot.

Inonmay yiroqtin namoyish bila,
Yaqin ayladi ozmoyish bila.

Dedikim: «Bu nayrangi Kashmirdur,
Fusungar ishi, makru tazvirdur.

Kerak qilmoq andoq aning chorasi
Ki, bo`lg`ay nigun burj ila borasi».

Cherikni tushurdi keyinrak yonib,
Yurub hifz uchun davrig`a aylonib.

Chu ko`ngli bo`lub jam`, aylab xirom
Tushub borgoh ichra, tutti maqom.

Bor erdi janobida besh yuz hakim,
Alardin o`ni kecha-kunduz nadim:

Filotun, Arastu, Balinos ham,
Yana Arashmidus, Shaminos ham.

Qilinmunu Volisu Farfurnus
Ki, Suqrotu Hurmus kibi xokbo`s.

Borin hozir etti tuzub anjuman,
Dedi anjumansozi lashkarshikan

Ki: «Bu ishki afsuni Kashmir erur,
Ani daf` etarga ne tadbir erur?»

Ravon hikmat ahli so`z og`oz etib,
Tilin shahg`a bori duosoz etib,

Dedilarki: «Shahg`a bu ishtin ne g`am,
Bu ish demali, bo`lsa yuz muncha ham.

Bu darband agar charxi gardon erur,
Iloji aning bizga oson erur.

Shah iqbolini Tengri etsun fuzun
Ki, iqboli gar bizgadur rahnamun.

Bu nayranglarga shikast aylali,
Biyik borasin yerga past aylali.

Ne qilg`ay necha jo`giyi sehrsoz,
Biri muhraduzdu biri huqqaboz

Ki, hikmat eli oni daf` etmagay,
Ilaydin ne qilg`onlari ketmagay.

Bu donishvar elkim erur rahbaring,
Qayu rahbaring, bandau chokaring.

Bilikdin erur har biri bir jahon,
Jahon hikmati har birida nihon.

Filotung`a yuzlandi ul yerga ish
Ki, jo`gidin o`lg`ay anga sarzanish.

Arastu nega yerdin o`lmas adam
Ki, ko`rgay fusungardin afsunu dam.

Ko`p o`lsa fusunsozi Kashmirning,
Birimiz bizing bas, alar bo`lsa ming.

Necha bo`lsa chubchuqqa jodu laqab,
Ko`pidin qilur saydgar ko`p tarab.

Shah ar iki kun bo`lsa oromjo`y,
Uchunch o`lsun a`dosidin komjo`y.

Qilib hikmat oyinig`a iltijo,
Buzoli alar sehrini jobajo».

Skandar bu so`zdin tarabgin bo`lub,
So`zi ahli hikmatqa tahsin bo`lub:

«Bori amrdin, – dedi, – ma`zul o`lung,
Borib bu ishingizga mashg`ul o`lung».

Alar qo`pti shahni duo aylabon,
Nekim komi erdi, ravo aylabon.

Skandar qo`pub, qo`ydi xilvatqa yuz,
Alar qo`ydilar borcha hikmatqa yuz.

Bo`lub anjum ahvolig`a rahshunos,
Tabiatlarin dog`i aylab qiyos.

Necha ko`rau damni darkor etib,
Filizzotdin bir namudor etib.

Qilib mazj siymobu qal`iyu ro`y,
Namudor qildilar ul nav` go`y

Mudavvar falakdek misoli aning,
Falakvash ichi dog`i xoli aning.

Ichining xalosin malo qildilar,
Adovidin oni to`lo qildilar.

Murakkab necha nav` ashyo qilib,
Hamul huqqa ichra muhayyo qilib.

Iki suqba ichra fatila anga,
Qilib zohir ul tavr hiyla anga,

Kim ul go`yni xasm boshi kibi,
g`alat ayladim, ra`d toshi kibi.

Fatilasig`a o`tni chust aylabon,
Qo`yub ra`d yoyig`a rust aylabon.

Ani otib ul soda xoro aro,
Havodin tushurgaylar a`do aro.

Fatila borurda kuyub sarbasar,
Etib maxfiy ashyog`a o`tdin asar.

Chu yerga tegib rust go`yi tilism,
Necha pora bo`lg`ay anga salb jism.

Usholg`och, sado chiqqay andin g`arib,
Yana shu`lau rihu dudi ajib.

Uni buzg`ay ul sehr asbobini,
O`ti ochqay ul qal`aning bobini.

Qaro aylagay dudi sohir yuzin,
Qaroroq hamul fanda mohir yuzin.

Isidin kim etsa muattar mashom,
Unutqay fusun ilmini, vassalom.

Chu zebo tilism o`lg`ach orosta,
Hamul nav`kim mohi nokosta.

Bo`lub jam` ul hikmatoyin guruh,
Falakdin fuzun har biriga shukuh.

Qo`yub shohi Dorofar ollig`a yuz,
Ne Dorofar, Iskandar ollig`a yuz.

Tilismi nihonni ayon qildilar,
Nihon barcha ramzin bayon qildilar.

Shah ul turfa ishdin base shod o`lub,
Dedi uzrlar haddin afzun qo`lub

Ki: «Mundoq tilismeki soz ettingiz,
Shuru`ida ne ishga mavquf sizg`»

Chu shah tab`ida toptilar bu havas,
Dedilarki: «Hukmungg`a mavqufu bas!»

Qo`pub shohu el ichra g`avg`o tushub,
Ulusqa ul ishdin alolo tushub.

Chu rokib bo`lub qal`ag`a qildi mayl,
Ulus dog`i yuzlandi andoqki sel.

Yurub ollida olam ogahlari,
Rikobida bori jahon shahlari.

Sipahning qirog`ig`a  chun yettilar,
Ravon ra`d asbobi soz ettilar.

Tilismi garonmoyani kelturub,
Hamul ra`d yoyig`a toshdek qurub.

Chu doruga o`t yetti, tutti havo,
Qilurga ulus mehnatig`a davo.

Borib tushti a`do arosig`a chust,
Azim un chiqordi tegib yerga rust.

Degan to`rt ish tutti andin vujud:
Sadou afan, is bila o`tu dud.

Sado botil etti fusunlarni pok,
O`ti kuydurub qal`ani qildi xok.

Fusungar yuzin dudi etti qaro,
Isi qo`ymadi nukta xotir aro.

Alar ichra chun tushti bu rustaxez,
Topilmas edi chorae juz gurez.

Qochib bo`ldilar ozimi poytaxt,
Anga tegrukim Malluyi tiyrabaxt.

Parishonlig`u benavolig` bila,
Hamul duddin yuzqarolig` bila.

Borur chog`da ming joduyi sabzrang,
Va lekin kelib barchasi ahli zang.

Borib anda ko`k qarg`a – zog`e kelib,
Ketib to`ti, ammo kalog`e kelib.

Hamul go`y otilg`och qochib yak-bayak,
Masaldurki: «Ming qarg`ag`a bir kesak»18.

Kishi tonimay munda mingdin birin,
Alar demaguncha ul ish sohirin.

Chu Mallug`a arz ettilar holni,
Alar otqon ul turfa timsolni.

Skandar ishidin ko`tardi hisob,
O`z ahvolig`a topti yo`l iztirob.

Qaviy angladi oni, o`zin zaif,
Yaqin bildikim, ermas ermish harif.

Hakim ollida hech jodu so`zi,
Nechukkim Skandar qoshida o`zi.

Aduv olg`onin bildi darbandni,
Hamul qal`ai charxmonandni.

Yaqin angladikim, xato aylamish
Ki, shah buyrug`idin ibo aylamish.

O`zin topti bebargu hayron base,
Elin ham vahimu parishon base.

Tuta olmadi mulki ichra qaror,
Dog`i topmadi chorae juz firor.

Hamul qal`akim vasfi o`tti burun,
Topa olmadi andin o`zga o`run.

Aning naqbin ochmoqqa aylab shitob,
Xazoyin toshitti anga behisob.

Base bebaho tuhfa – bori nafis
Ki, tab` oni topqay o`ziga anis.

Javohir fuzun haddu miqdordin,
Samin gavharu la`li shahvordin.

Avoniyi siyminu zarrin zuruf
Ki, ojiz bo`lub elga andin vuquf.

Xazoyindakim har ne ashyo edi
Ki, nav`i tuhaf yo hadoyo edi.

Borin, o`yla qildurdi qo`rg`ong`a naql
Ki, ehsosidin qoldi hayratqa aql.

Chu jam` ayladi ko`nglin ul holdin,
Firor  etti nofarrux iqboldin.

Makon ayladi ul Qaro tog` uza,
Aningdekki qo`ng`ay chibin zog` uza.

Anga bo`ldi ish bo`yla suratpazir,
Vale shohi Jamqadru Dorosarir.

Hamul damki otturdi qo`rg`ong`a go`y
Ki, darband qildi yiqilmoqqa ro`y.

Dedi, aylagay azm qo`rg`on sari,
Nechukkim nabi charxi gardon sari.

Vale bermadi ahli hikmat anga,
Ravon azm qilmoqqa ruxsat anga.

Ki: «Qilmoq bugun azm emas maslahat,
Bugun man` qilmoqqa budur jihat.

Kim, ul dud ila is tugansun tamom
Ki, nuqson topar elga andin mashom».

Eshitgach bu so`z dovari qahramon,
Sukun ixtiyor ayladi shodmon.

Yonib borgah sori azm ayladi,
Tarab birla ohangi bazm ayladi.

Bilik ahlidin majmae soz etib,
Ko`p ehsonu tahsinlar og`oz etib.

Qilib har birin lutfidin bahramand.
Ato birla ta`zimidin arjumand.

Chu mag`ribqa  otti hakimi sipehr,
Skandar tilismi kibi go`yi mehr.

Qadah birla tiybi dimog` ettilar,
Tarab birla mayli farog` ettilar.

Anga tegrukim, garm bo`ldi dimog`,
Qo`pub, uyqudin istadilar farog`.

Borib tab`din ranju farsudaliq,
Badan uyqudin topti osudaliq.

Chu xurshid ko`rguzdi anvorini,
Skandar kibi ochdi ruxsorini.

Skandar ochib chehra xurshiddek,
Murod ahlig`a subhi ummiddek.

Chiqib raxsh uza, o`ylakim Rustame,
Va yo charx uza nayyiri a`zame.

Sipah dog`i to`sh-to`shdin o`ldi ravon,
Agar xud tavono va gar notavon.

Chu darbandning og`ziga yovushub,
Necha kun cherik o`ttilar chuprushub.

Qilib ko`ch-barko`ch ul yon xirom
Ki, yetti hamul shahr elidin payom.

Rasule yetib xidmat etti padid,
Bir ilgida noma, birida kalid.

Xatin shahr ahli savod aylabon,
Aning hukmig`a inqiyod aylabon

Ki: «Malluda bo`lg`on zamon bu diyor,
Yo`q erdi bu qullarg`a hech ixtiyor

Ki, qilgay eduk xidmat izhorini,
Ayon aylabon qulluq osorini.

Bu damkim ani shavkating qildi past,
Firor ixtiyor etti, topib shikast.

Necha bandalig` ichra sharmandabiz,
Nekim bizga hukm aylasang bandabiz.

Yorug` aylasang mulki vayronimiz,
Fidodur sanga mol ila jonimiz.

Va gar bizni istarga farmon erur,
Borig`a yuzung ko`rmak armon erur.

Erurbiz ne hukm aylasang muftaxir,
Bu noma javobiga biz muntazir».

Skandar o`qug`och bititdi misol
Ki: «Siz kelgali bo`lmang oshuftahol.

Hamul mulkunguzda farog`at qiling,
Manga deb duo, Haqqa toat qiling

Ki, men xud kelurmen shitob aylabon»,
Yibordi bu yanglig` xitob aylabon.

Etishguncha bu noma birla rasul,
O`zi dog`i shahr ichra qildi nuzul.

Yasab erdi Mallu tarabxonae,
Tarab qilgali qasri shohonae.

Hamul qasr davrida bir turfa bog`,
Anga har guli toza ravshan charog`.

Biyik toqini charxfarso qilib,
Bu gulshan otin Jannatoso qilib.

Hamul ravzada bo`ldi shah manzili,
Tushub shahr ichinda  sipah mahmili.

Chu bu ishni ma`lum etib xosu om,
Bori Jannatosog`a aylab xirom,

Xavosi ko`rub shohdin iltifot,
Topib har biri yangi boshdin hayot.

Avom ollig`a iltijo aylabon,
Yiroqtin chekib un, duo aylabon.

Shah altof ila barchasin shod etib,
Buzulg`on ko`ngullarni obod etib.

Qilib hukmkim, el qilib iztirob,
Kishidin tama` qilmasun rishtatob.

Birovkim tama` rishtae qilg`usi,
Aning birla bo`g`zidin osilg`usi.

Berib mulk eli lek moli amon
Ki, andin topib bahra yaxshi-yamon.

Raiyat bu bermakka xursand o`lub,
Sipohi olurdin barumand o`lub.

Birovdin birovga yetishmay g`ame,
Kishidin kishi olmayin dirhame.

Skandar ichib aysh uchun jomi sof,
Qilur erdi Kashmir mulkin tavof.

g`aroyib ko`rar erdi haddin fuzun
Ki, sharhi aning so`zni aylar uzun.

Bir ul jumladin jome erdi shigarf,
To`la maydin andoqki daryoi jarf

Ki, Mallu chu solib chiqib mulkini,
Qochib qoldi go`yoki bir xozini.

Necha tuhfa ganjidin oning olib,
Chu ul qal`ag`a azm etib, bu – qolib.

Hamul tuhfalar bir-biridin g`arib,
Hamono Skandarga ermish nasib.

Alardin biri ul duraxshanda jom,
Ichinda to`la bodai la`lfom

Ki, har nechakim ichsa kam bo`lmayin,
Icha olmayin kimsa, xam bo`lmayin.

Yozib jom davrida ta`rifini,
Qilur chog`da ul jom tasnifini

Ki, olamni olg`onda Jamshidshoh
Kim, ul xusrave erdi hikmatpanoh.

Necha yil yig`ib hikmat ahlin tamom,
Tilism ettilar sa`y etib iki jom.

Birisin dedi: Jomi Getinamoy,
Birisin dedi: Jomi Ishratfizoy.

Chu  Getinamo asru mashhur erur,
Muni vasf etay ulcha maqdur erur

Ki, vaz`in tilism aylaganda hakim,
Bu nav` aylamish soz tab`i salim.

Ki, may jozibi bo`lgay ajzo anga,
Tamom o`lmag`ay boda aslo anga.

Necha ichsalar bo`lg`ay ul lab-balab,
Zihi xush tamosho, zihi xush tarab.

Agarchi necha ichsa o`ksulmagay,
Vale egri ham bo`lsa, to`kulmagay.

Aningdekki, may jazbi oning ishi,
Ola olmag`ay jazb qilmay kishi.

May anda hamul kun magar qolmag`ay
Ki, olamda maydin asar qolmag`ay.

Skandarga chun ro`zi ul jom o`lub,
Tuzub majlisu bodaoshom o`lub.

Qilib hikmat ahli tamosho ani,
Ilikdin dame qo`ymay aslo ani.

Bo`lub shahg`a ul nav` ishratfizoy
Ki, yod aylamay Jomi Getinamoy.

Ketur soqiy, ul jomi yoqutgun
Ki, el tab`ida ishrat etgay fuzun.

Necha bodasin ichsa kam bo`lmag`ay,
Muoshirg`a andin alam bo`lmag`ay.

Mug`anniy, surude chiqor dilnavoz,
Bo`lub ahli Kashmirdek sehrsoz.

Agar nag`ma bas qilmoq etsang havas,
Hamul jom gum bo`lmayin qilma bas!

Navoiy, agar topsang ul nav` jom,
Nekim bodadin o`zga ichsang harom.

Xitob etgasen Jomi Boqiy ani,
Vale tutsa gulchehra soqiy ani!

XXXVI

Hakimi koinot payvand va xoliqi bemislu monand masnuoti tamoshosi aning vujudi isbotig`a hujjati qoti` va burhoni soti` ekan bobda nukta surmak va ul sanoe`ning badoe`i jahon kezmakta ko`prak muyassar erkonga ham dalil kelturmak va safar tariqin uch nav`da taqsim qilmoq: avval, soliki rahnavard o`zluk bavodisin qat` etib, maqsad haramig`a muhtaram bo`lmoq; ikkinchi sayyohi jahongard talab manozilida boshdin qadam qilib, murshidi komil irshodi bila takmil topmoq; uchunchi, xusravi Bahrom nabard sipohi anjum adad chekib jahon mulkin olmoq


Azal subhikim chekti Fayyozi Jud,
Bori ofarinishqa naqshi vujud.

Taharruk topib kilki taqdir anga,
Bo`lub kavn ashkoli tasvir anga.

Chu ul xomani qildi suratnigor,
Ajoyib suvar bo`ldi ko`p oshkor.

Ajab yo`q musavvir esa bir oti
Kim, ul chekti kavnaynning surati.

Bu tasvir aro ko`p g`aroyib durur,
Nihoyatsiz anda ajoyib durur.

Ki, har qaysig`a kimki tadqiq etar,
Musavvir kamolini tahqiq etar.

Chu ashyoda ko`rsa kishi san`atin,
Bilur Sone`i g`aybdon qudratin.

Ul a`jubalarda bo`lub xurdabin,
Anga Haq kamolida ortar yaqin.

Kim o`lg`ay quyosh sirrining mahrami
Ki, bir zarra mohiyatin odami.

Nechunkim kerak bilmak oson emas,
Ne oson emas, balki imkon emas.

Va lekin kishi zohir etsa talab,
Jahon ichra ko`ptur ajabdin-ajab.

Muni ko`rmak o`lmas jahon kezmayin,
Taab zahrin o`z komig`a ezmayin.

Safar zahmati garchi dushvor erur,
Tengiz qa`rida durri shohvor erur.

Muhit ichra cho`mmay nechukkim nahang,
Kishi ursa bo`lg`aymu gavharg`a chang?

Katakda qolib bo`rdag`on mokiyon,
Ne ma`lumi uchmoqqa sudu ziyon.

Falak javfida g`arq o`lub jurraboz
Paru bol urar chun nishebu faroz.

Demay, sayd jonig`a yag`mo qilur
Ki, olamni yaksar tamosho qilur.

Tarona chekar soyir erkonda rud,
Chu turdi tarab birla, chekmas surud.

Valoyat ishin qilsalar kimga arz,
Biyikrak maqomi erur tayyi arz.

Safar qilmag`on odami xomdur,
Sovuqda to`ngar kimga oromdur.

Falak sayrdin poya topti baland,
Sukun qildi tufrog`ni xoru najand.

Safar qilmag`ong`a ne ogohliq
Ki, elga qilur Xizr hamrohliq.

Ne voqif kishi uydin olmay qadam
Ki, ne jonfizodur tavofi haram.

Xush ulkim, ko`ngulga kushod istabon,
Qo`pub azm qilg`ay, murod istabon.

Fano taylasonini qilg`ay kafan,
Kafan bas anga, balki gardi mihan.

Tajarrud xiromiga rog`ib bo`lub,
Tavakkul samandiga rokib bo`lub.

Sarobi fano jo`ybori aning,
Samumi balo lolazori aning.

Ayoqtin-boshi shavq o`ti ichra g`arq,
Itik po`yada sekrib andoqki barq.

Tani chayqalib ko`ngli topokidin,
Ul o`t bosh urub jismi xoshokidin.

Qabarchuq kafi poyida har taraf,
To`la durri maqsud ila iki kaf.

Yorilg`och suyi dema har yon tomib,
Fano abridin durri g`alton tomib.

Dema durri g`altonki, hayvon suyi,
Ayog`da to`la har taraf jon suyi.

Yorug`kim tobonni qilib choklig`,
Yasab obi hayvon oqarg`a arig`.

Xizr aylasa poybo`sin havas,
g`araz ichmagi obi hayvonu bas.

Ne biymi malolat, ne xavfi alam,
Bu yanglig` yetib qilsa tavfi haram,

Iyo mukrimu hujra tayyor anga,
Karamdin emas bermamak bor anga.

Bu yanglig` aziz ulki mehmoni bor,
Qachon mizbon bo`lmay imkoni bor.

Bu yanglig` safar kimgaki bersa dast,
Netar xilvat ichra bo`lub poybast.

Safar ichra mundin biyik yo`q maqom,
Va gar kimsaga dast bermas bu kom,

Yomon ermas ul hamki ozodae,
Miyonbastae yo`lga omodae.

Qadam tortqon xalq abvobidin,
Etak silkkan olam asbobidin.

Bo`lub juzvdoni anisi aning,
Kitobi rafiqu jalisi aning.

Jahon ahlida chun vafo ko`rmayin,
Jahondin dog`i juz balo ko`rmayin.

Qilib mayl olam tamoshosig`a,
Fano mulkiga, faqr sahrosig`a.

Qo`pub gom urub fardu farzonavor,
Qilib dasht qat`ini devonavor.

Solib har nechuk yergakim, yetsa ko`z,
Eshitib yana barcha el ichra so`z.

Ko`rub har mashaqqatda xosiyate,
Topib har mazallatda kayfiyate.

Zilole tilab ko`nglining tobig`a,
Tabibe so`rab dardi noyobig`a.

O`zin borcha xayl ichra tuz yetkurub,
Bori tuzlar ollig`a yuz yetkurub.

Agar yetsa sarvaqtig`a komile,
Quyoshdek falaksayru ravshandile.

Qo`yub zarradek sayru sargashtalik,
Etak chun topib, olmay andin ilik.

Aning xidmatidin kushode topib,
Xudo ro`zi etsa murode topib.

Bu yanglig` safar dog`i marg`ubdur,
Bu ham bo`lmasa, ul dog`i xo`bdur

Ki, tortib Skandarmasallik  sipoh,
Bo`lurg`a yeti kishvar ahlig`a shoh.

Qayonkim azimat qilib fath etib,
Qilib har taraf mayl, nusrat yetib.

Bo`lub gah Ajam mulki tasxir anga,
Musallam bo`lub goh Kashmir anga.

g`aroyib nihoyatdin afzun ko`rub,
Ajib amr g`oyatdin afzun ko`rub.

Chu bir-bir kelib kom har dam anga,
Bo`lub rub`i maskun musallam anga.

Jahon mulkiga hukmi shohi topib,
Bu shahlig`ni mah to ba mohi topib.

Safar ichra har ishta ahli rashod,
Bu yanglig` kushod uzra topib kushod.
Sanga dog`i bo`lsa kushode havas,
Bu olamda topmoq murode havas.

Talab yo`lida qil shitobandaliq
Ki, jo`yandag`a keldi yobandaliq.

XXXVII

Iki rafiq hikoyatikim, biri sayrdin quyosh sipehr kishvarida shoh bo`lg`ondek, mulk saltanatig`a yetti va biri sukundin yer olam ahlig`a lagadko`b bo`lg`ondek, xoksorliq hosil etti, bu ham to garddek harakat etmadi, tufrodin qo`pub maqomg`a yetmadi


Xurosonda bor erdi iki rafiq,
Bo`lub rifq ila bir-biriga shafiq.

Havodis solib ishlarig`a shikast,
Maosh amrida bo`ldilar tangdast.

Biri qilmayin tark mulku diyor,
Biri qildi lekin safar ixtiyor.

Mujovirg`a davron solib zorliq,
Ulusdin ko`rar erdi ko`p xorliq.

Kerak elga muflis ko`runsa qalil,
Kim oni qilur ko`p ko`runmak zalil.

Erur ozki, feruza bo`lmish aziz,
Chu xarmuhra ko`pdur – o`ni bir pashiz1.

Musofir safarga topib ixtisos,
Burun xud mazallatdin o`ldi xalos.

Ko`rub har dam amre bag`oyat ajib,
Ani tortibon eltur erdi nasib

Ki, tushti guzargohi Yunon sori,
Etishti o`luk – obi hayvon sori.

Ere ko`rdi tufrog`i hikmatsirisht,
Magar hikmat erdi anga sarnavisht.

Necha vaqt anda maqom ayladi,
Bilik kasbiga ehtimom ayladi.

Musohib bo`lub ahli hikmat bila,
Base ilm kasb etti rag`bat bila.

Ne qilg`olikim kimga niyatdurur,
Burun shart anga qobiliyatdurur.

Chu qobil edi, topti behad vuquf
Ki, hikmatda bo`ldi jahonfaylasuf.

Anga chun bu ish sayrdin berdi dast,
Yana sayrg`a tushti qilmay nishast.

Anga Hind mulkiga tushti guzar
Ki, shohig`a yopilmish erdi nazar2.

Garav aylab erdi aroda bu so`z
Ki, sa`y aylab ulkim manga ochsa ko`z,

Anga aqd aylab ko`zum nurini,
Ko`zum ichraki parda masturini,

Ani qurratul-aynu farzand etay,
Ko`zum nurini anga payvand etay3.

Chu donog`a fahm o`ldi ul ehtiyoj,
Borib bir-iki kunda qildi iloj.

Shah o`z va`dasig`a vafo ayladi,
Degandek ani kadxudo ayladi.

Etib shoh umri kuniga zavol,
Anga topti ul shohlig` intiqol.

Chu ogahlig` o`ldi aning yorig`a,
Bukim shahlig` o`ldi aning yorig`a.

Safar azmi qildi ajab hol ila,
Falak ko`bidin jismi pomol ila.

Bu kishvarni chun qildi oromgoh
Ki, yori edi anda kishvarpanoh.

Rafiqig`a keldi bu ish dilpazir,
Inoyat qilib, etti oni vazir.

Chu mulkida aftodau zor edi,
Ulus ollida dam-badam xor edi.

Vazoratdin o`lmoq rafohiyati,
Bu dog`i edi sayr xosiyati.

Chu avvalg`ining sayri komil edi,
Anga saltanat amri shomil edi.

Kishi o`zluki mulkidin qilsa sayr,
Anga oqibat aylasun Tengri xayr.

XXXVIII

HIKMAT

Iskandarning Arastudin savoli ul bobdakim, chun safar mujibi shiddatdur, hikmat ahlidin anga nega ruxsatdur va javob eshitmak

Yana dedi shohi Faridunhasham
Ki: «Ey hikmat ahlig`a roying hakam.

Hazarda bo`lur komu osudaliq,
Safarda vale ranju farsudaliq.

Chu tab` anda ranjuru ojizdurur,
Nedin shug`li hikmatda joyizdurur?»1

Javob aytti fikr birla hakim
Ki: «Ey hikmat amrida fikring salim!

Bukim sayr aro elga yetgay malol,
Aning ruxsatidur mahalli savol.

Vale munda sirri nihoni erur
Ki, naf`i aning jovidoni erur

Ki, har ranjdin so`ng bo`lur rohate,
Taabsiz muyassar emas ishrate.

Taomeki, ul mujibi komdur,
Gar o`t ranjini tortmas – xomdur.

Ne oltunki bor elga dilkashlig`i,
O`t ichra bo`lubtur judo g`ashlig`i.

Safarkim, mashaqqatda keldi saqar,
Aning o`tida kimsa tutmay maqar.

Hamono anga ozmoyish kuni,
Emas poku xolis vujud oltuni.

Chu har necha o`t bo`lsa so`zandaroq,
Gudoz ichra oltun furo`zandaroq.

Safar o`tini aylagan ixtiyor,
Vujud oltunin qildi komil iyor2.

Ketursa birov imtihondin mahak,
Iyori aro topmag`ay hech shak.

Yana andin o`ldi safar ruxsati
Ki, elning erur mujibi sihhati.

Nedinkim, safarg`a kishi ursa gom,
Taraddud erur mujibi inhizom.

g`izo hazmig`a tab` chun bo`ldi chust,
Kishi bu jihatdin bo`lur tandurust3.

Yana ulki, tab`eki bo`ldi saqim,
Havou suv takroridin topti bim.

Bu iki chu bo`ldi tajaddudpazir,
Tabiatqa sihhat bo`lur dastgir

Ki, majbul erur odamizod anga
Ki, har amrkim bo`lsa mu`tod anga.

Nishotig`a takror hoyil bo`lur,
Tabiat tajaddudga moyil bo`lur.

Tajaddud erur chunki marg`ubi tab`,
Erur mujibi aysh mahbubi tab`.

Safarda bu holat muyassardurur
Ki, suvu havo nomukarrardurur.

Tabiatqa bor iki ishtin navo,
Alardin biri suv, birisi havo.

Chu ikisi bo`ldi muyassar muqim,
Ne uzr aytqay tab` bo`lmay salim.

Bas o`ldi safardin salomat dog`i,
Bashar tab`ig`a istiqomat dog`i.

Hakim ar bu nav` ishga ruxsat berur,
Xirad ahli ollinda ma`zur erur».

Javobin topib xusravi xurdabin,
Xamush o`ldi donog`a deb:  «Ofarin!»

XXXIX

Iskandarning Kashmir shahrig`a yetgandin so`ngra Malluning tilism qo`rg`onidin Kashmirdin yel bila o`tni o`g`urlag`oni va ul viloyatni bir o`luk jismdekki, nafasi munqati` va g`ariziy harorati muntafi bo`lmish bo`lg`ay qilg`oni va Aflotunning ul tilismni ochqoni va yashurg`on yel bila Malluning hayotin barbod etib, maxfiy o`t sharor va axgarin aning xirmani umrig`a sochqoni va Iskandarning Mallu o`rnida Feruzaning charog`i davlatin yorutqoni


Bu farxunda tarix donishvari,
Dedi bo`yla «Tarixi Iskandari»

Ki, Mallu chu azm etti qo`rg`onig`a,
Tiriklikni minnat tutub jonig`a.

Skandar kelib oldi taxtin aning,
Qilib tiyra iqbolu baxtin aning.

Ulusqa berib adli birla navid,
Ulus borcha adlig`a bog`lab umid.

Mute` o`ldilar hukmu farmonig`a,
Ko`ngul bog`labon lutfu ehsonig`a.

Xabar so`rdi chun Mallu ahvolidin,
Bu yanglig` dedilar xabar holidin

Ki: «Shoh savlatidin firoriydurur,
Falon qal`a ichra hisoriydurur1.

Hamul sehr yoxud tilisme so`zi
Ki, elchi qoshida degandur o`zi».

Tamomini sharh ettilar mo`-bamo`,
Xud anglab edi shohi farxundaxo`.

Chu ul bir ajab nav` surat edi,
Aning fikrin etmak zarurat edi.

Yana majmai dilkushoy istadi,
Bilik ahlidin anda roy istadi

Ki: «Kashmir agar toza gulzordur,
Havosi va lekin ajab hordur.

Esar doimo ruhparvar nasim
Ki, jannatdurur, yo`qsa bordur jahim2.

Nasim ar bu gulshanda tutmas vujud,
Guli – o`tdurur, sunbuli – tiyra dud.

Ajab ishki dahr o`lg`ay otashfishon,
Vale topmag`ay kimsa o`tdin nishon.

Ne mulk ichrakim bu uqubatdurur,
Bo`lur elga anda suubatdurur.

Suubat nekim, bo`lmoq imkon emas
Ki, bu ikining tarki3 oson emas.

Bu ishga agar chora mumkindurur,
Ne g`am, gar kishi munda sokindurur.

Yo`q ersa burunroqki bor ixtiyor,
Ul avloki tark aylasak bu diyor

Ki, ojiz bo`lub azm ishi xush emas,
Eshitmakka har yerda dilkash emas».

Dedilar bilik ahli aylab duo
Ki: «Gar shahg`a bu ishdurur muddao

Ki, oning bu makrini daf` etkabiz,
Hijobeki ul soldi, raf` etkabiz.

Nedin shoh tab`i haroson erur
Ki, bu qullar ollida oson erur.

Gar o`n kungacha shoh muhlat berur,
Ul ish daf`ig`a Tengri nusrat berur».

Dedi shahki: «O`n kunga bo`lsa darang,
O`tu yelsiz el kelgusidur batang».

Ul ishtin ko`rub shoh tab`in malul,
Filotuni donishvar etti qabul

Ki: «Farxunda tab`ini shohi jahon,
G`amin etmasun oshkoru nihon.

Men uch kunda ul nav` tadbir etay
Kim, ul hol vaz`ig`a tag`yir etay».

Bu so`zni degach nuktadoni bisot,
Skandarga yuzlandi ko`p inbisot.

Bu holatda ul nav` gum bo`ldi yel
Ki, do`zax aro tushti isig`din el.

Isig`din bo`lub xalq ichi toblig`,
Ajabroq bukim, o`tqa noyoblig`.

Etib matbax ahli fig`on qildilar,
Fig`on ichra bu so`z ayon qildilar

Ki: «Olam aro yo`qdur o`tdin vujud,
Ne axgar, ne shu`la, ne uchqun, ne dud4.

Degil xo`blar ko`nglidek bo`ldi tosh
Ki, andin emas mutlaqo shu`la fosh.

Temur ursalar o`t qilib orzu,
Yaqindurki chiqqay o`t o`rnig`a suv.

Agar bo`lsa shilon ishida futur,
Chu arz ayladuk bizdin ermas qusur».

Maalqissa: o`tu yel o`ldi taboh,
O`t isig` dam erdiyu yel sovug` oh5.

Tanur o`lmayin kunduz otashfishon,
Kecha sham`da shu`ladin yo`q nishon.

Ajab ishki chun yeldin erdi farog`,
Nedin qolmadi o`chmayin bir charog`.

Isig`din nazar sham`ig`a xiraliq,
Sovug`din yonar sham`g`a tiraliq.

Ul uch kunda el bo`ldi andoq zabun
Ki, bo`ldi engaklarga qo`llar sutun.

Filotun harimig`a yuz qo`ydi shoh,
Aningdekki shah, borcha  xaylu sipoh

Kim: «Ul va`dakim qildi donoi dahr,
O`tub uch kun, el topmadi hech bahr.

Agar mundin ortuq taammul bo`lur,
Mashaqqatdin el betahammul bo`lur!»

Dedi hikmatoyini donishpujuh
Ki: «El bo`lmasun bu alamdin sutuh,

Bu kun dog`i mav`idg`a doxildurur,
Vale tongla maqsud hosildurur».

Bu so`z birla taskin topib shohu xayl,
Bori qildi oromgohig`a mayl.

Ul ish daf`i bu nav` edikim, hakim
Ki, qildi qabul oni bevahmu bim:

O`qub erdi Jomosb ahkomida
Bu so`zniki: «Iskandar ayyomida

Kim, ul bo`lg`usi shohi hikmatsirisht,
Jahon mulki fathi anga sarnavisht.

Bo`lurda jahon mulki tasxir anga,
Chu bo`lg`usidur fath Kashmir anga.

Shahi berk qo`rg`ong`a yuz urg`usi,
Ulusdin yelu o`tin yoshurg`usi.

Tilismedurur ul hisor ichra chust,
Bo`lur topmog` oni qilib bozjust.

Hisor ichra bir uydurur sangbast,
Tilism aylamish oni hikmatparast

Ki, yel xaylini anda band aylamish,
Xaloyiqqa daf`i gazand aylamish.

Burun chog` esib asru bee`tidol,
Ulusqa yetar ermish andin malol.

Chu yelni hakim etmish ul uyda band,
Yasamish anga ravzani dilpisand.

Kelib mulk sori bu ravzang`a yuz,
Boqib lek Kashmir shahrig`a tuz

Ki, ravzan ichindin nekim chiqsa yel,
Hamul yel bila bahramand o`lg`ay el.

Chu ravzanni madrus qilg`ay kishi,
Esar yelni mahbus qilg`ay kishi.

Yana qal`a toshida bir choh erur,
Tilisme yana anda dilxoh erur.

Bu choh og`zi bas tordur, qa`ri keng,
Hamul qal`a davri kenglikda teng.

Aning qa`ri bir a`zam otashkada,
Kayumars chog`idin otashzada6.

Ichinda namudor andoq tilism
Ki, ul hufra kunjida bir ro`y jism.

Kishi hay`ati birla junbishnamoy,
Ul otashgah ichra haroratfizoy.

Yasab ollida dam bila ko`rae,
Hamul ko`ra jismida moshurae.

Chu ul ko`rau damg`a aylab sitez,
Bu moshura nafxi qilib shu`la tez.

Choh og`zida zohir sharar birla dud,
Bu dudu sharardin xaloyiqqa sud7

Ki, mulk ichra o`t manba`i ul bo`lub,
Ne o`tkim, quyosh matla`i ul bo`lub.

Bu mulk ichra o`tlug` nekim bo`lsa tosh,
O`ti ushbu otashgah ichinda fosh.

Tilism aylabon jazb o`tlarni pok
Ki, otashgah andin bo`lub shu`lanok.

Shararlarki choh og`zida bilgurub,
Hamul kishvar ahlig`a o`t yetkurub.

Kishi qilsa ul choh boshini rust,
Hamul nav`kim rust ekandur nuxust.

O`t o`lmas  yana mulk ahlig`a fosh,
Kirar yer tubiga nechukkim quyosh.

Skandar qachon olsa Kashmirni,
Aning shohi aylar bu tadbirni.

Ul ish daf`ig`a ahli hikmat tamom,
Degaylar ayon aylali ehtimom.

Filotung`a lekin havolatdurur
Ki, hikmatda sohibmaqolatdurur,

Kerak topib ul naqb boshin burun,
Tikib chodir ul yerda tutqay o`run.

Ochib naqb boshini qilg`ay xirom,
Qadamni sanab urg`ay o`n yetti gom.

Chu o`n yetti gom urdi qilmay guzar,
Iki yonig`a yaxshi qilg`ay nazar

Ki, har sori lavhe erur ta`biya,
Birida yelu birda o`t ta`miya8.

Kerak tepsa har lavhni o`yla rust
Ki, yumrulsa devor ichiga durust.

Biri yelga yo`ldur, biri o`tga yo`l,
Buzulg`och ravon tashqari qochtik ul

Ki, o`t birla yel, o`yla tug`yon qilur
Ki, yo`llarki bog`landi – vayron qilur.

Iki raxnadin chun chiqar o`tu yel,
Ko`rar rustaxez ul navohiyda el.

El ul qal`a ahlig`a andoq yetar
Ki, har kimgakim tegdi barbod etar.

Qilur barcha oliy imoratni past,
Berur bori indur yig`ochga shikast.

Eli qolmoq o`lmay xayol aylamak,
Erur bas xayoli mahol aylamak.

O`t ul chohdinkim, bo`lur shu`lazan,
Bo`lur iltihobi aning qal`akan9.

Tutoshur hamul qal`a o`trusig`a,
Ne o`trusig`a, burju borusiga.

Topar shu`ladin toshi ul nav` tob
Ki, xalqi bo`lur ichkari sangkabob.

Chu ul lavhlarni ushotti hakim,
Kerak tashqari tursa bir dam vahim.

Agar yel solib qal`ag`a rustaxez,
Etishti hamul shahrg`a tundu tez,

Kirib lavhlar tomg`a rust aylasun,
Hamul raxnalarni durust aylasun

Ki, ul o`t bila yelga taskin yetar,
Ikisidin oshubu tug`yon ketar.

Bo`lur ham burung`i qarori bila,
El oromiyu o`t sharori bila».

Filotun bu afsona sharhin bilib,
Qo`pub erdi shahdin taahhud qilib.

Kezib uch kun ul yerda hanjor ila,
Nishona bitilgan namudor ila.

Topib erdi ul naqbning boshini,
Qilurg`a fusunsoz podoshini.

Uzotqoch xaloyiq bila shohni,
Hamul naqb uza chekti bungohni.

Makon aylagach arz naqbini mehr,
Chiqordi kavokib tilismin sipehr.

Filotun qilib azm dargohg`a,
Tilab xilvat o`ldi yaqin shohg`a.

Bu so`zni bilib arz qilmog`ni farz,
Burundin nihoyatg`acha qildi arz.

Shah anglab, bo`lub hayratoyin anga,
Dedi aylab ehsonu tahsin anga

Ki: «Bu ish butarga topildi jihat,
Ne nav` emdi dono ko`rar maslahat?»

Duo  aylabon surdi dono maqol
Ki: «Ey shavkatingg`a falak poymol!

Manga ulcha darxo`rd edi, bo`ldi rost,
Saranjom o`lur bo`lsa Tengriga xost.

Bir ish qoldikim, bordur iqbol ishi,
Bugun muqbil andoqki sen yo`q kishi.

Qaviydur ham iqbolu, ham davlating,
Ham ul ikicha quvvatu himmating.

Taammulluq ishlarga qildim iloj,
Sening dastburdungg`a bor ehtiyoj

Ki, sindurg`asen lavhlarni nuxust
Ki, bu ish saranjom bo`lg`ay durust

Ki, ham shohsen, ham jahon pahlavon,
Juvonmard o`zung, davlating navjuvon.

Budur bandalar xotirig`a murod
Ki, sendin bu ish bandi topqay kushod».

Degach nukta donoyi bisyordon,
Debon ofarinlar shahi kordon.

Nihoni necha mahrami roz ila,
Hamul bixradi chorapardoz ila.

Ravon rokib etti hamul sori azm
Ki, bo`lmish edi naqb donog`a jazm.

Chu yetkurdi shoyista hamrohni,
Qaro tunda ravshanravon shohni.

Tushurdiyu naqb og`zig`a bordi bot,
Aning birla hamrah shahi pokzot.

Kirib naqb aro oncha qildi xirom
Ki, erdi iki lavhai nuqrafom.

Ikisin Skandarga ko`rguzdi ul,
Dedi: «Emdi soat o`tar, bot bo`l!»

Skandar alarni ko`rub bo`ldi shod,
Hamul shodliqda qilib Haqni yod.

Iki lavhani tepti ul nav` rust
Ki, yemruldiyu tashqari chiqti chust.

Ikov tiktilar ko`zni qo`rg`on sari,
Ne qo`rg`on sari, sun`i yazdon sari10.

Bu ishdin dame o`tmadi beshu kam
Ki, o`t qal`adin ko`kka chekti alam.

Yana bir nafas o`tmayin yetti yel,
Aningdekki to yetti, qo`zg`oldi el.

Chu yel soldi ofoq aro rustaxez,
Yana qildilar naqb sori gurez.

Iki raxna sori ravon bordilar,
Gachu xisht ila rust butkordilar.

Masolih tutulmoq uchun saddi bim,
Qilib erdi omoda borin hakim.

Balo raxnasi chunki mahkam bo`lub,
Elu o`tning oshubi ham kam bo`lub.

Chiqib naqbdin shohi gardun janob,
Aning birla donoyi hikmatmaob.

Bo`lub ikisi baxtdin shodmon,
Sipah jonibi azm aylar zamon,

Hamul naqbdin keldi g`avg`o uni,
Alolo bila voyu-vaylo uni.

Hamul damki, qo`rg`on aro tushti o`t
Ki, aflok avjiga yovushti o`t.

Yana yel ham oshubkim boshladi,
Olib xalqni har taraf toshladi.

Bo`lub el bu iki balodin halok,
Kirib naqb aro bir necha vahmnok.

Bu xayl ichra Malluvu farzandi ham,
Demay bir-iki, zavju dilbandi ham.

Hamul o`tdin ul xayli dilso`xta,
Kuyub bu biri, ul bir afruxta.

Chiqib keldi bori sarosemavor,
Tutoshib hamul shu`ladin hemavor.

Shah ollindag`i ul guruhi xavos,
Borib aylab o`tdin alarni xalos.

Ko`pi o`ldi ul xayli mahruqdin,
Kishi ko`rmadi bo`yla maxluqdin.

Necha kimsakim qoldi bo`lmay halok,
Biri bor edi Mallu ibni Mabok.

Yana o`g`likim, oti Feruz edi,
Qizikim, mahi olamafro`z edi.

Aning vasfig`a bu dam ermas mahal
Ki, bo`lg`usidur o`z mahallida hal.

Chu Mallug`a fahm o`ldikim-shohdur,
O`zi umrining tori ko`tohdur.

Skandar qoshig`a kelib qo`ydi bosh,
Boshin chun ko`tardi, debon to`kti yosh

Ki: «Shoho, qoshingda gunahkormen,
Jazo har ne qilsang – sazovormen!

Agar afv jurmumg`a shomildurur,
Tirilmak manga asru mushkildurur.

Gar o`tdin manga qat` bo`lmish hayot,
Yana o`lturur hazratingda uyot.

Erur o`lmagim jazm har hol ila,
Sen o`lg`il tirik ko`p yil iqbol ila.

Chu men bandamen, bu iki bandazod11,
Alar afvi birla meni ayla shod!»

Ko`rub shoh ul ajzu taslimni,
Chiqordi aning ko`nglidin bimni.

Dedi: «Bizdin ermas edi bu sitez,
Sen o`z boshinga tortting tig`i tez.

Bu dam hamki tufroqg`a surtub uzor,
Ayon aylading ajz ila e`tizor.

Qoshingda tuzub afv hangomasin,
Gunohingg`a  chektuk karam xomasin.

Tirilsang inoyat qilib taxtu toj,
Muqarrar qilib kishvaringdin xiroj.

Musallam tutub afsaringni dog`i,
Chiqoli berib kishvaringni dog`i12.

Va gar bermasa umr muhlat sanga,
g`urub etsa xurshidi davlat sanga,

Xalafzodinga ehtirom aylali,
Sanga oni qoyim-maqom aylali.

Yana zodi iffatmaobingni ham,
Shabiston aro oftobingni ham,

Harimi visol ichra xos aylabon,
Nikoh amrig`a ixtisos aylabon,

Qilib sham`i majlis shabiston aro,
Anis aylali koxu ayvon aro.

Bu payvand birla bo`lub ulfate,
Bizing birla bo`lsun sanga nisbate».

Chu shah qildi bu nav` so`zlar ado,
Tarabdin bu xud qildi jonin fido.

Olib jonini lutfu ehson bila,
Qatil ayladi obi hayvon bila.

Urub erdi xanjar zamona anga,
Bu o`lmak xud o`ldi bahona anga.

Skandarki mulkida mehmon edi,
Chu kech yetti, tortar nima jon edi.

Chu ul shohg`a qildi jonin nisor,
Gado etti naqdi nihonin nisor.

Anga bo`yla bo`lguncha rihlat chog`i,
Kelib erdi arkoni davlat dog`i.

Shah etti necha kimsa ta`yinki, bot –
Anga soz etib barcha bargi mamot13.

Tong otqoch mulukona tartib ila,
Anga loyiq oroyishu zeb ila.

Sipoh ichra  shahlarni ogoh etib,
Borin na`shi davrida hamroh etib.

Ne madfanki, ajdodi osudadur
Ki, tufroq anga anbari sudadur.

Ulug` ravzai charx toqi aning,
Yana bir falakcha ravoqi aning.

Yo`q atrofi ko`k gunbadining hadi,
Vale har bir, andoqki ko`k gunbadi.

Toshida falaksoy o`lub millar,
Ichinda malaksayr qandillar.

Kelib Mallu ajdodining madfani,
Borining og`ir uyqug`a ma`mani.

Saloting`a bo`lg`on mahal komgoh,
Bu sultong`a ham bo`lsun oromgoh.

Ham andoqki shoh etti inshoi hukm,
Eshitgonlar ettilar ijroi hukm.

Iki-uch kun atboi aylab jaza`,
Navardida bo`ldi bisoti faza`.

Hamul mohi Kashmiru rashki Tiroz
Ki, otin qo`yub erdilar Mehr Noz,

Bor erdi hamul so`gdin g`amzada,
Yana o`g`li Feruz motamzada.

Hamul so`g raf`ig`a shohi zaman,
Mulukona soz aylabon anjuman.

To`quz poyalig` taxt uza o`lturub,
To`quz charxning shavkatin sindurub.

Muluk o`lturub jashnida har taraf,
Yiroqtin olib davrini iki saf.

Bular borgoh ichra maskan topib,
Yiroqtin xaloyiq nishiman topib.

Talattuf bila shohi gardunfirosh,
Berib do`stlardek aduvsig`a osh.

Chekib oncha ne`matki charxi dani,
Xirom etgali tushta ko`rmay ani.

Tuman xonu, har qaysi xoni sipehr,
Bu xonlarda har qurs – bir qursi mehr.

Qo`y oncha bo`lub zabhkim, soni yo`q,
Ot onchaki qo`y, oncha imkoni yo`q.

Halovani ta`rif etay rang-rang,
Pishurmakka shakkar ezib tang-tang.

Tabaq o`rnig`a sahnni xon tutub,
Tabaqni et o`rnig`a biryon tutub.

Eguluk fuzun haddi avsofdin,
Demay haddi avsofkim, lofdin.

Chu bu nav` xon chekti doroi dahr,
Jahon ahli ul xonidin oldi bahr.

Chu xonlardin ul jashn xoli bo`lub,
Shahi dahr farmoni holi bo`lub

Ki, arkoni davlat xirom aylabon,
Shah ahkomini ehtirom aylabon.

Qilib zeb albosi Feruzni,
Haram ahli – mohi dilafruzni,

Kelib qo`ydilar boshig`a toji zar,
Libosi zar ustiga zarrin kamar.

Yana uch to`quz davlat arkonig`a,
To`nu jubba birla aning yonig`a –

Iki yuzga ham deklayu to`n berib,
Yalang to`n alarcha yana o`n berib.

Alarni chu mundoq sevundurdilar,
Shah ollinda to`quz yukundurdilar.

Yukungach, tilab shoh Feruzni,
Uzotib kalomi dilafruzni

Dedi: «Chora yo`q Tengri taqdirig`a,
Azaldan qazo kilki tahririg`a.

Jahon ichra bo`lsun gado, yo`qsa shoh,
Budur barchaning yo`li beishtiboh.

Emas kimsa shahliqqa yetmak uchun,
Erur shohu darvesh ketmak uchun.

Kishiga erur garchi ummid umr,
Birovga eshittingmu jovid umr?

Jahon uzra kim bo`ldikim, urdi taxt
Kim, ul chekmadi taxta ustiga raxt?

g`alat ayladim, taxt uza raxt erur
Ki, taxt ahlig`a raxt ziynat berur.

Vale taxtag`a kimki muhtojdur,
Qiyomat elidek yalangg`ochdur.

O`kush raxt ila taxt qilg`on maqom,
Qilur taxta ustida uryon maqom.

Agar men va gar sen va gar Amru Zayd14,
Kerakmasdurur rub`i maskunga qayd.

Baharhol chun ketgulukdur kishi,
Ketar fikri doim kerakdur ishi.

Kishiga amal xirman ar xo`shadur,
Nekim munda ekti anga to`shadur.

Erur har kishiga bir ish zodi roh,
Vale zod erur adl bo`lg`ong`a shoh.

Senikim bu mulk uzra shoh ayladim,
Bu kishvarda kishvarpanoh ayladim.

Kerak lutfu ehson shior aylasang,
Adolat yo`lin ixtiyor aylasang.

Raiyatqa sendin yetib shodlig`,
Mamolikka yuz qo`ysa obodlig`».

Bu yanglig` chu irshod etib va`zu pand,
Iki olam ichra bori sudmand.

Anga qildi ta`lim o`z dinini,
Hamul ahli islom oyinini.

Bu so`zlar ichiga hulul ayladi,
Er o`ptiyu borin qabul ayladi.

Dedi: «K-ey, shahanshohi getisiton,
Adolatda dunyoyu uqbositon.

Bukim aylading mayl farmonima,
Nekim amr qilding, bori jonima.

Degan so`zlaringga tutub Haq meni,
Umid ulki qilg`ay muvaffaq meni.

Degandek, Ilohiy, bo`la olg`amen,
Ne til birla uzrung qo`la olg`amen.

Otamning bo`lub erdi yoshi uluq,
Men af`olidin bor edim qayg`uluq.

Dimog`ig`a xiffat topib erdi yo`l,
Quloq solmas erdi nasihatqa ul.

Ani bu jihatdin xato ayladi
Ki, shah buyrug`idin ibo ayladi.

Berib pand, so`zlar dedim ko`p qatig`,
Chu davlat yonib erdi, so`z ne asig`g`

Chu men bar yedim shoh insofidin,
Umidim budur Tengri altofidin

Ki, qulluqda men dilpisand o`lg`amen,
Shah ehsonidin bahramand o`lg`amen,

Qaridin agar ishta keldi xato,
Yigit qilmag`ay, ko`rdi chun ko`p ato».

Shah ul so`zlarin chun nigoh ayladi,
Oto mulkida oni shoh ayladi.

Chu bordi kuhan pir o`lub notavon,
Aning o`rnida tutti yer navjuvon.

Ayoqchi, manga jomi pirona tut,
Demon xusravona, faqirona tut.

Hamul jom bo`lsun manga choraras
Ki, boshtin yigitlik qilibmen havas!

Mug`anniy, hazin nag`ma bunyod qil,
Yigitlikning ayyomini yod qil

Ki, ul nag`madin toza hushe topay,
Sog`inib yigitlikni jo`she topay!

Navoiy, base kech ayilding, darig`!
Yigitlikni barbod qilding, darig`!

Yigitlikta yo`l urdi nafsi hasud,
Nadomat qariliqta emdi ne sud?

XL

Sabo subhining sabohati ta`rifidakim, nafas-nafas andin yorug`luq yuzlanur va shabob gulzorining nazohati vasfidakim, lahza-lahza andin ochug`luq dast berur va ul ayyomda quyoshdek sajdadin yuzni yorutmoq targ`ibi va bu faslda binafshadek toatqa qad nigun qilmoq tahrisi

Na farxunda axtardurur ul kishi
Ki, toat yigitlikta bo`lg`ay ishi.

O`yun vaqtida tark qilg`ay o`yun,
Nekim Tengri amr etti – sung`ay bo`yun.

Rizo kasbini bartaraf qilmag`ay,
Zalolatda umrin talaf qilmag`ay.

Angakim o`zi oxirandesh emas,
Bu lahvu havo necha kun besh emas.

Xusho ulki, bilgay oni mug`tanam,
Nari qo`ymag`ay Haq yo`lidin qadam.

Ne ne`matki ro`zi qilibdur Xudo,
Hamul shukri ne`matni qilg`ay ado.

Vale kimki bo`lg`ay basirat fani,
Ne mumkin ado aylay olmoq ani.

Niamkim sanga Haq nasib aylamish,
Agarchi ani behisib aylamish.

Eshit gar tilarsen aning rozini,
Ki, aytay ko`pidin sanga ozini.

Adamdin sanga berdi avval vujud,
Nabudungni qildi karam birla bud.

Tufuliyat ayyomidin to shabob,
Vujudungg`a yetkurmadi pechu tob.

Ne mushkil ishingda qilib yorlig`,
Balolardin etti nigahdorlig`.

Jamolingni jannatmisol ayladi,
Bo`yung to`biyoso nihol ayladi.

Chu afsungar etti ko`zung jodusin,
Anga soldi oshubu noz uyqusin.

Solib sunbuli zulfungga toblar,
Ko`ngul bo`ynig`a qildi qulloblar.

Tuzotti chu kirpiklaringdin sinon,
Sinonvarlar ilgidin olding inon.

Qoshing yoyin etgach ayon har taraf,
Bag`ir dog`in o`truda qildi hadaf.

Chu berdi iki la`lingga no`shxand,
Uyotdin ezildi aro yerda qand.

Tishing jolasin qildi durri xushob,
Sadaf bo`ldi ul durg`a yoquti nob.

Zanaxdoningga yetkurub rangu bo`,
Ul olmag`a jon chashmasi berdi suv.

Zaqan ustida oshkor etti xol,
Hamul chohning nuqtasidin misol.

Jamolingni tovusi zeb ayladi,
Karashmangni obidfireb ayladi.

Sukunungda zeboliq etti ayon,
Xiromingda ra`noliq etti bayon.

Boshingdin-ayog`ingg`acha xo`bluq,
Oyog`din, boshingg`acha mahbubluq.

Bulardin o`gun berdi aqlu havos,
Seni qildi har qaysig`a rahshunos.

Niam zohir aylab samo to ba arz,
Sanga qildi bir necha qullug`ni farz.

Aning zimnida dog`i yuz ming xavos,
Ko`p ummid qurbig`a bo`lmoqqa xos.

Sanga barcha amri faromush o`lub,
Tiling shukrida gungu xomush o`lub.

Ne shokir tiling muncha ehsonig`a,
Ne mashg`ul o`zung amru farmonig`a.

Tutub yer dimog`ingda devi g`urur,
Maloik qochib suhbatingdin zarur.

Ne og`zingg`a joriy o`lub juz gazof,
Ne ko`nglungga toriy bo`lub juz xilof.

Yigitlikki ayyomi toatdurur,
Sanga bu sifat jahlu g`aflatdurur.

Qilib «hay» deguncha bu vodini tay,
Chu qo`ysang qariliq tariqig`a pay,

Xud o`lmas tarab yeli ul dam vazon,
Etar umr bog`ig`a fasli xazon.

Bo`lur yuz nechukkim xazon yafrog`i,
Sarig`liqqa lekin yuz urg`on chog`i.

Chinor ilgidek titrar el panjasi,
Vale bo`lsa ul barg yel ranjasi.

Agarchi ilik titrar ul bargvash,
Tomurlar qurur, o`ylakim obkash.

Etib tiyra ko`zlarga za`fi qaviy
Bo`lur uylari kunjida munzaviy.

Ko`ks uzra qilg`on kibi mayl bosh,
Ko`z uzra tushar kirpik o`rnig`a qosh.

Bo`lur jism uza ayru-ayru bo`g`un,
Bir ipdekki bo`lg`ay payo-pay tugun.

Kelib rishtag`a ul tugunlar firih,
Solib ishga har bir tugun yuz girih.

Jabing`a tushar bir-bir ustiga chin,
Hamonoki «be»sin yoshurur jabin.

Qilur chin ko`pi yuzni badrang jins,
Fatilakash, andoqki xudrang jins.

Ne xudrang, bal jinsi kohi degil,
Topib toru pudi tabohi degil.

Bu jins o`lmag`ay aybning pardasi
Ki, ul xud erur aybparvardasi.

Qilur tab`i borid nafasni sovuq,
Burudatda Bahman yeliga yovuq.

Nafas bardikim yog`durub qorlar,
Bo`lub oq mahosin anga torlar.

Agar qo`psa qad mili chavgon kibi,
Taharrukda bosh go`yi g`alton kibi.

Yo`q ersa yurumak ne imkon yana,
Aso shaklidin qo`lda chavgon yana.

Taharrukdin ul bosh esa garmpo`y,
Ne tong iki chavgondurur, fard – go`y.

Yo`q, o`ltursa devor bo`lmay amon,
Yopushmay uchosi nechukkim samon.

Va lekin uchodin o`tub tizlari,
Yo`q imkon ochuq uzvni kizlari.

Va gar yotsa mundoq malolat tuni,
Anga bosh ko`tarmak qiyomat kuni.

Birov bo`lsa bu nav` ranjozmoy,
Anga solim o`lg`aymu tadbiru roy.

Har ishga shuru` etmagi bemaza,
Ibodat anga ortug` aylab baza.

Tavono ekan chog`da aylab gunoh,
Ne sud aylagan vaqt umrin taboh.

Yigitlik erur qulluq etmak chog`i,
Qariliq erur chunki ketmak chog`i.

Xusho ulki, umrin taboh etmadi,
Qilur ishlarin qilmayin ketmadi.