www.uz
G`AZALLAR

401


Ne g`am, ko`rguzsa ko`ksum yorasin choki giribonim,
Ko`runmas bo`lsa ko`nglum yorasidin dog`i pinhonim.

Bag`irdin o`zga yo`qtur to``ma, ko`ksum chokidin yerga
Ichimga boshini solib iting gar bo`lsa  mehmonim.

Bo`lubtur za`fim ul yanglig`ki, bossam mo`rni o`lmas,
Vale ul jismim uzra chiqsa, dardidin chiqar jonim.

Tanimg`a muncha za`f o`ldiki, rangin ashk ifroti,
Ne tong za`fim, chu ikki zaxmdin turmay borur qonim.

Sabohi vasl ul oy istab meni tufrog` aro topmas
Ki, shomi hajr ko`p gardi fano yog`durdi vayronim.

Chamandin yel ravonoso kelur har dam, ajab ermas
Ki, gulgashti chaman aylar bugun sarvi xiromonim.

Tiyarmen ohu ashkimni ulus bedodidin, yo`qsa
Olur dodim alardin ushbu sarsar birla to`fonim.

Meni maqsuddin mahrum etibsen, ey ko`ngul, har dam
Jafo dog`i bila kuydurmakim, bas dog`i hirmonim.

Qilibtur va`dai vasl, ey Navoiy, vah, ne xush bo`lg`ay,
So`zin bir qatla gar chin aylasa ul ahdi yolg`onim.

402

Sahar ko`rdum yuzin aqshomg`acha kuydi hazin jonim,
Bu erdi subhi vaslim to ne bo`lg`ay shomi hijronim.

Quyosh kulbamg`a ingandin manga yuz qatla xushroqdur
Qora shomimni ravshan aylagan sham`i shabistonim.

Ne yanglig` yoshuray hijron g`aminkim, fosh etar har dam
Og`izdin shu`laliq ohim, nazardin ashksiz qonim.

Ajabtur toiri vasl istamak kulbamg`a qo`nmoqkim,
Yaqindur nasri voqi`ni uchurg`ay  ko`ktin  afg`onim.

Qading naxli xayoli ko`zdadur, ey navbahori husn,
Maozolloh, agar ani qo`ngarg`ay sayli mujgonim.

Dedim, so`zon ko`nguldin chekmagil bir dam xadangingni,
Dedikim, qolsa bir dam su bo`lur ul o`tda paykonim.

Baliyat toshi yog`durg`an kebi vayronima gardun,
Mazallat gardi har dam yog`durur boshimg`a vayronim.

Qadah davrin evur, ey dayr piri, toki mumkindur
Ki, davron ranjini tortarg`a emdi yo`qtur imkonim.

Dema jomi fano ichra ezilmishtur ajal zahri,
Navoiy, jon berib, ul jomni chekmakdur armonim.

403

Suda ko`rmak yuzung dushvor edi, ey husn aro mohim,
Xususankim, anga tahrik bergay sarsari ohim.

Ne yanglig` ul quyosh ko`yiga yolg`uz azm qilg`aymen
Ki, bo`lmoq istamon ul yon borurg`a soya hamrohim.

Ko`ngulni istadi ul, ani ko`nglum istadi, yuz shukr
Ki, holo dast bermish har nekim bor erdi dilxohim.

Biravni ko`z ko`rub, ko`nglum asir o`lg`anni yoshursam,
Gah ashkim imtidodi fosh etar, gah ohi nogohim.

Gar o`lsam itlari hamkosasi, ahbob, ta`n etmang,
Alar ikrohi gar yo`qtur, mening xud qayda ikrohim.

Necha dog` istaram ko`nglum aro, tengri uchun o`rta
Ki, soyilmen, bu ikki-uch diramdur shayalillohim.

Mavokib gardi ul yondin, bu yondin xalq nazzora,
Magar yo`linda men o`lgan, tamoshog`a kelur shohim.

Ajab yo`q pirlarning nuktasidin bo`lmog`im ogah,
Fano yo`li suluki ichra bo`lsa piri ogohim.

Tanimni, ey Navoiy, har taraf ko`yida oh eltur,
Tilab ul xirmani gulni, uchar har yon pari kohim.

404

Junundin uyla tufrog` o`ldi jismi ranjparvardim
Ki, har tosh ursalar atfol jismimg`a, chiqar gardim.

Necha hajrinda o`lsam ohu ashkimdin solib to`fon,
Vale qo`ymang, ko`rarga kelsa sarvi nozparvardim.

Yo`lida baski qo`ydum chehra sanchilg`an xasu xoshok,
Somonlar bilki chekmish kahrabodek chehrai zardim.

Payopay ne ekin abri bahordin choqin tushmak,
Bulut uzra bir uchqun soldi go`yo shu`lai dardim.

Quyundek gar talab dashtida yo`q men yetmagan vodiy
Ne g`am, sargashtalikda uchrasa mohi jahongardim.

Vafo bo`stonin ashkim birla serob ayladim, umre
Erur g`am novaki-sarvim, bag`ir pargolasi vardim.

Muhiqdur, ey Navoiy, ul pariy mendin malul o`lmoq,
Nedinkim, ko`yida devonalig`ni haddin o`tkardim.

405

Ey, yuzu qadding oshiqi gulu sarvi ravon ham,
Munung ichida o`qdur, aning bag`rida qon ham.

Ko`yung erur ul ravzaki, xijlat topib andin,
Gum bo`ldi gulistoni Eram, bog`i jinon ham.

Og`zing bila la`lingni tilar jonu ko`ngulkim,
G`unchangg`a ko`ngul sadqa, fido la`linga jon ham.

Ko`nglum kebidur g`uncha, ekan lolaki bordur,
Paydo toshida qon, ichida dog`i nihon ham.

Gah bul-ajab ahvolima, gah dardima bo`lmish
Ul ko`yida har kechaki g`avg`ovu fig`on ham.

Men telbaki ko`rgach ani faryod etib o`ldum,
Gar yaxshi emas erdi, emas erdi yomon ham.

G`am xayli hujum etsa, yugur maykada sari,
Nevchunkn, erur hisni hasin dori omon ham.

Tut mug`tanam, o`ldung esa xushhol zamone,
Nevchunki, zamon hosid erur,  ahli zamon ham.

Har yon borur ul sho`xu Navoiyg`a ham ummid
Kim, sahv ila shoyad qilg`ay mayl bu yon ham.

406

Ishq o`tidin tanda andoq sa`b o`lubtur kuymakim
Kim, shararlar toridin go`yo to`qilmish ko`nglakim.

Bag`rimu ko`nglum itiga to``maliq dushvor edi,
Shukrkim, chok o`ldi ishqing tig`i birla ko`kragim.

Za`fdin ko`yungga bordim surganib atfoldek,
Rahm qilg`ilkim, bu yo`lda haddin oshdi emgakim.

Dema uyqusiz ko`zung hajrim tuni ochilmadi,
Ne qila olg`ay ajal uyqusi birla sergakim.

Bir qadam vayronima qo`ykim, g`amingdin tunu kun
Yuzga ilgimdur sutun, tufroqqa botib tirsakim.

Dard ko`rkim, dev siyratlar bilandur ul pariy,
Garchi bor andin malak xaylig`a dog`i tergakim.

Ey Navoiy, hajridin yillar quyub, ul bevafo
Demadikim, naylar ul ushshoq ichinda ertakim.

407

Hajringda qonu g`ussadur ichmak-emaklarim,
Ishrat surudi nolai zor aylamaklarim.

Maxfiy g`aming yozarda yig`ilg`an bitikcha bor
Darding nihon tutardin oqarg`an so`ngaklarim.

Jonu ko`ngul firoq hujumida ittilar,
Mendin zabunu zorroq ermish ko`maklarim.

O`pmak izingni yo`q haddim, ammo xayol ila
La`lingni yolqitur mutaoqib muchaklarim.

Gardi balo boshimg`a yog`ar onchakim, magar
Chambarlaridin ayladi gardun elaklarim.

Yuz pora bag`rima tish urar men yutarda qon,
Bu bo`lsa may, ne tong, alar o`lmoq gazaklarim.

Og`zing gumoni erdi Navoiyda, shukrkim,
Nutqung yaqing`a qildi badal barcha shaklarim.

408

Yig`larimni, eyki, ko`p man` aylading, yo`qtur shakim,
Ashking o`lmoqda sadim gar bo`lsa darding sad`yakim.

Ul quyosh vaslin tilarda po`yam ul g`oyatdadur
Kim, emas mumkinki, bir kun soya bo`lg`ay hamtakim.

Jon berib, vaslingni bay` etkanni yozdim ko`ngluma,
Dardu ishq ikki guvohim, choklik ko`nglum chakim.

Shomi hajr uyg`oqmen behad kelurdin ko`zga yosh,
Uyqug`a qo`ymas yugurmakdin  bu xayli go`dakim.

Ko`ngluma juzv o`ldi paykoningki, chiqmas tortibon
Juzv-juzv o`lsa ko`ngul, ul juzv erur loyanfakim.

Soqiyo, mir`oti idrokimni maydin ravshan et
Kim, emas bu korgahda bir sarimo` mudrakim.

Ey Navoiy, og`zidin ko`nglumda gar bor erdi shak,
Qatlima chun demadi so`z, bartaraf bo`ldi shakim.

409

Kishi ham ermas emish ishq sirrig`a mahram,
Taxayyulig`a ko`ngul ham, hadisig`a til ham.

Nasime g`uncha ichidin chu yoydi gul atrin,
Dimog`larg`a yetardin ne chora, ey hamdam.

Yoshurdi odam agar tengri sirrini, ko`runguz
Ki, xalq sirrini tutmas nihon bani odam.

Taashshuqum so`zini, ey rafiq, ko`p so`rma
Ki, bu fasonaning avlodur o`lmag`i mubham.

Agar gunohim esa dardu ishq izhori,
Bu so`zda yaxshi yomonning qoshida men mulzam.

Hayot bo`lsa qililg`ay talofiyi mofot,
Fig`onki, umr binosi emasturur mahkam.

Xush ulki, mast o`lub o`lg`ay xalos olamdin
Ki, keldi olami behushluq ajab olam.

Men o`lmadim esa g`amsiz dame, g`am ermastur
Ki, g`am hujum etar, o`lg`an zamon dame xurram.

Ne tong, Navoiy ulustin gar o`ldi ozurda
Ki, ko`rdi ko`p alam uzra alam, g`am ustida g`am.

410

Furqati za`fida qon yosh ichra yotmish paykarim,
Guluzorimdek qizil atlastin o`lmish bistarim.

Yuz bila ashkim oritti yor, shod o`lsam ne tong
Kim, tulu` etti saodat matla`idin axtarim.

Otashin la`ling g`ami qonlig` tanimg`a soldi o`t,
Uchqunum gulbarg o`lub, la`l o`lg`usidur axgarim.

Oh shoyad ko`yi sari eltgay deb shodmen,
Garchi gard o`ldi yo`linda jismi mehnatparvarim.

Uyla hijron birla xo`y ettimki, gar derlar birav
Yori birla vasl topmishtur, emastur bovarim.

Itlaring sing`an safoli ichra bo`ldum durdkash,
Bo`lmasun hargiz tihi ul bodadin bu sog`arim.

Ey Navoiy, hajr o`qidin par chiqarmog` ne osig`,
Chun pariy ro`yumg`a yetmakka yaramas bu parim.

411

Ko`nglumu jonim fido og`zig`a, guftorig`a ham,
Kufrimu dinim dog`i zulfig`a, ruxsorig`a ham.

Itti qonlig` ko`nglum, uzgil g`unchalarni, ey sabo
Kim, anga ko`z solmayin, balkim namudorig`a ham.

Zor ko`nglumga agar boqib ani zor aylading,
Joni bemorimg`a ham boq, jismi afgorimg`a xam.

Borg`ach ul sarvi ravon, jismimda jon qolg`aymukim:
Qaddig`a jon rishtasi bog`landi, raftorig`a ham.

Men kimu din, ey musulmonlarki, bir kofir ko`rub,
Jon fido qildim chaliposig`a, zunnorig`a ham.

Dahr bog`ining guli o`tdur, biyik ashjori dud,
Elga ber ul gulni ham, o`t solg`il ashjorig`a ham.

Ey Navoiy, dahr yo`qu bori tinmaslig`durur,
Ting`asen, gar qilmasang parvo yo`qu borig`a ham.

412

Emas junundin, agar tog`larda bo`lsa qarorim
Ki, qoldi bahri sirishkim tubida mulku diyorim.

Jamoling oyinasin xat chu tiyra ayladi o`ldum,
Ne ayb, qilsa quyosh ko`zgusini tiyra g`uborim.

Chu itlaring yaladi qonlarimni zaxmlaridin,
G`arib marham edi  buki topti jismi afgorim.

Sirishk qoni chu naqsh ayladim, nigor yetishti,
Bihisht qildi buzug` manzilimni naqshu nigorim.

Halokim ul qadu yuzdin chu bo`ldi, tufrog`im uzra
Bo`lur, chu sarv uza gul egilsa, sham`i mazorim.

Qadah olib labi jon baxshinga, quy og`zima, soqiy
Ki, jonni aylagudekdur halok ranji xumorim.

Navoiyo, su agar qilsa toshni, ne osig`dur,
Nigor ko`ngliga qilmas asar chu nolai zorim.

413

Ne rafiqekim, davosiz dardi holimni desam,
Ne shafiqekim, nihoyatsiz malolimni desam.

Etti charx avroqi to`lg`ay, yetti bahr o`lsa midod,
Ul quyosh vaslig`a bir damliq xayolimni desam.

Istimo` o`lsa xirad savdoi o`lg`ay shammae,
Zulfi zanjirida savdoi muholimni desam.

Chunki kozibdur munajjim o`ksa mehrin ordur,
O`truda ul axtari farxunda folimni desam.

Dema to`bidinkim, ul eski daraxt o`trusida
Nomunosibdur, agar navras niholimni desam.

Rind emasmen dayr aro, gar jomi Jamdin o`tsa so`z,
May gadolig` qilg`ali sing`an safolimni desam.

Ey Navoiy, xo`blar ichra mening mohimdadur
Tab`i mavzunni desam yo zihni solimni desam.

414

Firoq o`tidin aningdek qizibturur badanim
Kim, ani sokin etar jonni o`rtagan tuganim.

G`amingdin uyla o`luklar hisobi bo`lmishmen
Ki, hujra madfanu idbor gardidur kafanim.

Sirishk bahri aro uyla xo`y qilmishmen
Ki, su kishisidek o`lmish tengiz aro vatanim.

Farishtalig` tilamon, istaram iting bo`lsam,
Agar bo`lur esa zulfung kamandidin rasanim.

Agarchi yuz tikan ul g`amza tikti bag`rimg`a,
Yuz ochsang, ochg`usi yuz gul bag`irda har tikanim.

Xush ulki, yig`lar edim zor-zor dayrda mast,
Sanam g`amidin o`lub chok-chok pirahanim.

Navoiyo, qani ul fayz xonaqoh ichra
Azimat etki, erur xushroq anda-o`q ekanim.

415

Ishq tarkin qildimu chiqti ko`nguldin yodi ham,
Sizga vaslining nishoti, hajrining bedodi ham.

Ishq buzsun deb ko`ngul mulkini obod ayladim,
Er quyi emdi aning vayroni ham, obodi ham.

Zor edimkim, shod emas ishq ichra ko`nglum xotiri,
Emdi ko`nglum qolmadi, ul xotiri noshodi ham.

Ko`rsa Layli birla Shirin ruhi javrin, rahm etib,
Kuygay aning xasta Majnuni, munung Farhodi ham.

Dahr bog`idin, ko`ngul, naf`i vafo ko`z tutmakim,
Besamardur sarv ham, sarkashdurur shamshodi ham.

Men vafo kimdin topay, bu shevani chun topmadi
Ofarinishda pariy jinsi, bashar avlodi ham.

Yorsizlig`din  Navoiyni  yana  qo`rqutmangiz
Kim, bu sa`b ishga yurak bosti ko`ngul to`qtodi ham.

416

Keldi tirguzgali za`fim ko`rub ul Iso dam,
Kelgani ham o`z ishin qildi, vale ketgani ham.

Kelmaki jon beribon qayturi o`lturdi yana,
Go`yiyo qaytg`ali boshima yetkurdi qadam.

Borib o`lturmadi jon naqd nisor etti ko`ngul,
Uylakim, xalq sochar, shoh ayog`ig`a diram.

Shomi hijroniki, g`oyatsiz erur tiyraligi,
Adam iqlimig`a ul keldi savodi a`zam.

Ko`zni surtub, gar itingning tobonin resh ettim,
Hal qilib ko`z qorayu oqini aylay marham.

Vah, ne yanglig` bu xarobot aro hushyor bo`lay
Ki, daqoyiqdur anga bir-birisidin mubham.

Men kimu vasl, ani xoslaringg`a yetkur
Kim, Navoiyg`a yetar hajr aro bedodu sitam.

417

Hajr qonim to`kkudekdur, buylakim zor o`lmisham,
Bot qutulg`um garchi bas qottig` giriftor o`lmisham.

Uylakim, uryon tanimg`a yog`di tosh hijronida,
Ey Masih, asra damingkim, behad afgor o`lmisham.

Kecha tegrang aylanib, kunduz yuzum devor uza,
Uydagi parvonadin go`yo namudor o`lmisham.

Mumkin ermas men qori soyilg`a ko`yung furqati
Xossakim, ishq ofatidin sa`b bemor o`lmisham.

Ko`yi devorig`a orqam yopishib, men volihi
Suvrati nazzorasida naqshi devor o`lmisham.

Gar ko`runmas ul pariy, istab anga yakranglik,
Za`fdin men telba ham emdi parivor o`lmisham.

Ey sabuh ahli, meni bir jom birla tirguzung
Kim, o`lum holi xumor ilgida bedor o`lmisham.

To mulozim piri dayr o`ldi, murodim mug`bacha,
Sokini dayru muqimi ko`yi xammor o`lmisham.

Ey Navoiy, sarv birla gulni naylay, chunki men
Volai bir gul uzori sarv raftor o`lmisham.

418

Qarig`an chog`da bir mahvash yigitga mubtalo bo`ldum,
O`zum o`z jonima bedod qilmoqtin balo bo`ldum.

Manga ham oshno begona ham begona xasm o`ldi,
Ham ul chog`dinkim, ul begonavashqa oshno bo`ldum.

Junun sahrosida demang qachondin bo`ldung ovora,
Aning ishqida tokim aql mulkidin jalo bo`ldum.

Yuzumga charxdin yuz koju ul oy ollida mardud,
Qorarg`an ro`zgorimdek ajab yuzi qora bo`ldum.

Hino yoqg`an kebi jismimg`a marhamni suvadiklar
Ki, boshtin to oyoq hajr o`qlari birla yaro bo`ldum.

Manga dorul-qazoyi ishq aro qon davo etti shavq,
Anga xunrez ko`z birla bu davog`a guvo bo`ldum.

Mug`ona nag`ma birla mug`bacha may tutti ollimda,
Chu bir irshodi birla sokini dayri fano bo`ldum.

Muraqqa` bas manga yuz dog`liq tan, chunki dayr ichra,
Safol ilgimda durdi boda istardin gado bo`ldum.

Navoiy barcha el bir yonu sen bir yon, yomon ermas
Gar ahli ishq toptilar navo, men benavo bo`ldum.

419

Ko`ngul jarohatig`a vaslidin davo ko`rsam,
Nazar murodin aning husnidin ravo ko`rsam.

Bu nomurod yuzin bir nazar ko`rub har dam,
Murodim ushbudururkim, ani yono ko`rsam.

Ne nav` el ko`zi ollida ko`rmakiga chiday,
Erur chu mardumidin rashk ko`z aro ko`rsam.

Qora ko`rub, ne balo qo`zg`alurlar el manga ham,
Ne aybu ham xatidin qora balo ko`rsam.

Ulus jafosidin etmon shikoyat ulcha kelur,
Ne shikva, ul ulus oshubidin jafo ko`rsam.

Qoshimda jomi Jamu saltanatcha bor o`rni,
Safol alimda xarobot aro gado ko`rsam.

Bu korgahda xato kelmadi chu bir sarimo`y,
Xato mening nazarimdandurur, xato ko`rsam.

Qachong`acha bo`lay o`zluk muziyqi ichra batang,
Xush ulki, jilvagahim vodiyi fano ko`rsam.

Navoiyo, meni gar yor benavo qilsa,
Ko`p ortug` andinkim, g`ayrdin navo ko`rsam.

420

Jong`a ko`ksum chokidin jononni mehmon ayladim,
Gavhare toptim, ani ko`nglumda pinhon ayladim.

Kavkab ermas, paxtalar tiqmish qulog`ig`a sipehr,
Ul quyosh hajrida tunlar, baski, afg`on ayladim.

Jong`a, ey gul, xori g`am ko`p urdung, et vahm emdikim,
Har birin bir novaki ohimg`a paykon ayladim.

Ko`ksum uzra har ne marham erdi, ashk oqizdi, voy
Kim, salomat tarhin ul su birla vayron ayladim.

Fitna toshi yo salomat sohili tengdur manga
Kim, hubobi ashkdin boshimg`a qolqon ayladim.

Boisi maqsud zohid zuhd qildi, men fano
Faqr iqbolidin ul mushkulni oson ayladim.

Ey Navoiy, bog`lab erdi Ka`ba ehromin ko`ngul,
Ko`yidin bir nukta sharh aylab, pushaymon ayladim.

421

Bodadin jon isi kasb etti mashom,
Go`yiyo la`linga yetmish edi jom.

Ko`rmagan Xizr suyining borishin,
Kelu ko`r obi hayotimg`a xirom.

To`lin oyni nedin el vasf qilur
Ki, mushobihdurur ul yuzga tamom.

Mehri gardun chamani vardidurur
Kim, erur ko`zga yuzungdek gulfom.

Qadam, ey ruxi ravon, boshima qo`y,
Negakim, ruh biyik topti maqom.

Xolu zulfig`a ko`ngul bermangkim,
Qushni bandur etar ul donau dom.

Og`zi vasfida Navoiy so`z der
Muxtasar, chunki erur xayr kalom.

422

Lahza-lahza  kunduz aning zulmini yod aylaram,
Kecha o`z jonimg`a bedod uzra bedod aylaram.

Aql yod aylab, yana hijronida bo`lsam xamush,
Chun junun tug`yon qilur, bexost faryod aylaram.

Bo`yni bog`liq qul qilur, ko`rgach agarchi hajrida,
O`zni yuz ta`kid ila ishqidin ozod aylaram.

Ishq sayli chun o`tar, topmon tilab osorini,
Har necha ko`nglumga tarxi sabr bunyod aylaram.

Qush qochar sayyod domidin, ajab qushmenki, men
Zulfin istab orzui domi sayyod aylaram.

Aqlu xush, avroqu ajzosin junun ohi bila
Devbod o`tkan kebi borini barbod aylaram.

Soqiyo, muhlikdurur qayg`um ushul ummid ila
Kim, mayi jonbaxsh tutqung, xotirim shod aylaram.

Faqrdin yuz yilchiliq yo`l men yiroq, avval dalil
Buki, faqr oyinini o`zumga isnod aylaram.

Ey  Navoiy, zulmkim, nomehribon mohim qilur,
Mehribon shohimni ko`rgach, qichqirib dod aylaram.

423

Dardoki, lahza-lahza  fuzundur  malolatim,
Hijron malolatidin erur sa`b holatim.

Boshimki, tig`i kasrati yetkach, tushar quyi,
Altofi o`trusida bu erkan xijolatim.

Desamki, ey jamol elining shohi, qilma zulm,
Der, shohliq tariqidadur bu adolatim.

Menda maqol quvvati no`q za`fdin, valek
Har anjuman orasida yo`q juz maqolatim.

Ko`nglum o`tinki sharh qilurmen, bo`lur samum,
Ul gulga tong nasimi gar etsa risolatim.

Dashti junung`a kirmangiz, ey ahli ishqkim,
Gum aylar anda xalqni dudi zalolatim.

Yor etmay iltifot Navoiyg`a bo`lsa ya`s,
Ne g`am, chu qatl va`dasi bor istimolatim.

424

Bo`lg`anda hajr tunlari behushlug` ishim,
Ko`z mardumidurur yuzuma su urar kishim.

Demangki, yor ochsa uzor, ayla jon nisor,
Ne hojat aytmoq, ul erur xud mening ishim.

Hajrida uyla telba bo`lubmenki, telbarar
Har itni yor ko`yidakim zaxm etar tishim.

Ko`p surdi tig`i qatl firoq, emdi sen dog`i
Bir qatl tig`i sur, yetishibdur chu varzishim.

Jonon murodi qatlim o`lub, qilsa jon ibo,
Jonimg`a qarg`ishimduru jonong`a olqishim.

Ul gul harimi gulshanida bir giyoh edim,
Nav`e qo`ngardi hajrki, qolmadi qirtishim.

Demang, Navoiy asru tirik qoldi hajr aro,
Vasli ummidi birladurur muncha qolmishim.

425

Kuyar hajringda jismi notavonim,
Ne jismi notavonkim, xasta jonim.

Gar o`ltursang meni, qil tig` ila qatl
Ki, bo`lsun ko`yunga og`ushta qonim.

Firoqing so`zidin bir shu`ladurmen,
O`ti ul shu`laning so`zon fig`onim.

Meni qovma eshikdin, chun itingmen,
Ajab yo`q, gar erur ko`yung makonim.

Yorib ko`ksum, seni jonimg`a tortay,
Tarahhum qil, ko`rub dog`i nihonim.

Amon bermas edi davron jafosi,
Xarobot o`lmasa dorul-amonim.

Aning ko`yida qil qabrim, Navoiy,
Der ersangkim, yetushsun yerga yonim.

426

Firoq dashtida tufroq bo`lub edi boshim,
Ko`tarmasa edi tufrog`din ani yoshim.

Boshimni go`y qilibmen yo`lungda, ey chobuk,
Oting ayog`i qayon bo`lsa, andadur boshim.

Yo`l uyla qat` etaram ul quyosh havosinda
Ki, soya qilg`udek ermas o`zini yo`ldoshim.

Hayot naqdini naylayki, mayfurush olmas,
Ushancha mayg`aki ochqay xumor qalloshim.

Yuzung xayolida ohim sharar sochar har yon,
Samumi hajrdurur bu nasimi gulposhim.

Ketur piyolaki, har nechakim vafo qildim,
Jafodin o`zga ulustin yo`q erdi podoshim.

Navoiyo, agar ikkinchi Odam ermasmen,
Nedin jahon yuzini tutti sar-basar yoshim.

427

Qorig`an vaqtda bir tiflg`a shaydo bo`ldum
Kim, g`amidin qoriyu tifl aro rasvo bo`ldum.

Xayli atfol aro tosh yog`durubon qovlarlar,
Har qayondinkim aning ko`yida paydo bo`ldum.

Qaysi Majnun sog`olur, ko`rsa meni telba bo`lur,
Telbalar xaylig`a sarmoyayi savdo bo`ldum.

Itlari silsilasida kechalar nola chekib,
Xayli ahbobqa sarhalqayi g`avg`o bo`ldum.

Gohi eng uzra, gah tim-tim ko`runur ko`z yoshim,
Ishq bog`i aro shohi guli ra`no bo`ldum.

Demakim, tavbayu taqvoni qachon tark etting,
Soqiyi gulrux dame shiftasi to bo`ldum.

Labi vasfida Navoiy dami tirguzdi o`luk,
Fayzi quds chu madad qildi Masiho bo`ldum.

428

Ey pariy, rahm etki, ko`nglum zor erur, bechora ham,
Ishqu savdo dashtida Majnun erur ovora ham.

Tandag`i paykonlaru ashkim yorutmas uynikim,
Dudi ohimdin qorarmish sobitu sayyora ham.

Zaxmi ko`p bag`rimni tikmak mumkin ermas, ey rafiq
Kim, erur goz poravu majruh erur har pora ham.

Vasli iqboliyu men, hayhotkim, ruxsorini
Toqatim yo`qtur yiroqtin qilg`ali nazzora ham.

Uyla su qildi balo ko`hsorini ohim o`ti
Kim, olib ko`ksumga urg`uncha topilmas xora ham.

Charx makru fitnasidin g`ofil o`lmang zinhor,
Chunki bu shohid base fatton erur, makkora ham.

Telbarab ittim Navoiydek junun sahrosida,
Qilmadi yodimni hargiz bir pariy ruxsora ham.

 429

Hajr arokim, o`zni may birla fasona aylaram,
Yig`lamoqqa boda ichmakni bahona aylaram.

La`lgun har mayki ichtim ul mayi lab hajridin,
Ko`zdin ashki la`lgun yanglig` ravona aylaram.

To icharmen may, qadahdek yig`laram bexud bo`lub,
Topmasam bir dam, fig`oni bexudona aylaram.

Zavraqi may bo`lmasa, bilkim, o`larmen, ey rafiq,
G`ussa bahridin aning birla karona aylaram.

To to`la tutsun debon soqiy manga yetkach qadah,
Toshqi davri xattini aning nishona aylaram.

Soqiyo, tut bodakim, ko`prak meni mabhut etar,
Nechakim andishai bu korxona aylaram.

Ne osig`, chun yor ko`ngli aylamas bu yon kashish,
Ey Navoiy, nechakim dilkash tarona aylaram.

430

Xirqai zuhd o`rtamak ko`nglum shiori ayladim,
Subha torin uzdumu ko`kurd tori ayladim.

Chun tutashti o`t, bir ovuch donasin tasbihning
Ustiga sochmoq bila ul o`t sharori ayladim.

Daftaru sajjodavu na`layinni ham dam-badam
Tashlamoq birla ravon ul shu`la sari ayladim.

Zuhdu taqvo, balki chun o`zluk nishoni qolmadi,
Rasm sayr aylab, fano dayri guzori ayladim.

Ichmayin bir jur`a andoq jilva qildi mug`bacha
Kim, qoshinda sajda qilmoq ixtiyori ayladim.

Muncha davlat kasbikim aylab ekin olam  aro
Kim, fano iqbolidin men xasta bore ayladim.

Ey Navoiy, menda bir jon naqdi qolmish erdi bas,
Shukr, ani ham mayu mutrib nisori ayladim.

431

Ey, hilolingg`a nigun qad bila payvastalig`im,
Dilkusho g`unchai xandoningga dilbastalig`im.

Tushkali jonima bemor ko`zung hijroni,
O`lgudekmenki, base sa`bdurur xastalig`im.

Chun fano ahlig`a qayd o`ldi soching silsilasi,
Qilmadi naf` tajarrud bila vorastalig`im.

Yuz shikast o`ldi junun toshlaridin jismim aro,
Garchi ko`nglumda erur oncha yuz ishkastalig`im.

Ishq sahrosidakim po`ya urub sekrermen,
Bu ekin zumrai ushshoq aro barjastalig`im.

Istiqomat chu zamon tab`ida yo`qtur, ne ajab,
Bir zamon tezligim, bir nafas ohistalig`im.

Yuz baliyatqa Navoiydek o`lub shoyista,
Ne balodurki, anga bo`lmadi shoyistalig`im.

432

Noma yozdim yor uchun, lekin javobe topmadim,
Jismima ul nomadek juz pechu tobe topmadim.

Har kishiga jon berib, qildim tama` mehru vafo,
Bu gunah podoshi juz nozu itobe topmadim.

Dardi keldi qasdima, itmish edi vayron ko`ngul,
Qo`yg`ali bu ganjni, vahkim, xarobe topmadim.

Chirmadim jon rishtasin novaklaringg`a nay kebi,
Uyla qushlar qaydig`a mundoq tanobe topmadim.

Chun xayoling ko`zda mehmon o`ldi, may qon yosh o`lub,
Bag`lag`an kirpikda qonlardek kabobe topmadim.

Nechakim matlub ruxsorin dedim aylay nazar,
O`zlugumdin o`zga ul yuzga hijobe topmadim.

Ey Navoiy, hajr aro qil ishq birla mashvarat
Kim, men istab aqldin royi savobe topmadim.

433

Xilvate topib, seni jismim aro jon aylasam,
Balki jon xilvatsaroyi ichra mehmon aylasam.

Xilvat eldin yoshurun, xilvat aro tan yoshurun
Tanda jon yanglig` seni jon ichra pinhon aylasam.

Anda ham jon pardasin har sari osib satr uchun,
Vasling ixfosin nechakim, bo`lg`ay imkon, aylasam.

Chun bu xilvat ichra ne o`zluk erur mahram, ne men,
Har ne nomahram durur, o`zdin parishon aylasam.

Daf` o`lub ag`yor, topsam bor ul xilvat aro,
Bezabonlig` birla sharhi dardi hijron aylasam.

Umri boqiy topqamen, bir lahza ushbu hol aro
O`zni bexud, ko`zni ruxsoringg`a hayron aylasam.

Ey Navoiy, dema iqror ayla ishqi tarkini
Kim, inong`ay, gar o`zumga buyla bo`hton aylasam.

434

Kimga qildim bir vafokim, yuz jafosin ko`rmadim?!
Ko`rguzub yuz mehr, ming dardu balosin ko`rmadim?!

Kimga boshimni fido qildimki, boshim qasdig`a
Har tarafdin yuz tuman tig`i jafosin ko`rmadim?!

Kimga ko`nglum ayladi mehru muhabbat foshkim,
Har vafoga yuz jafo aning jazosin ko`rmadim?!

Kimga jonimni asir ettimki, jonim qatlig`a,
G`ayr sari xulqu lutfi jon fizosin ko`rmadim?!

Kimga soldim ko`z qoravu oqini ishq ichrakim,
Qon aro pinhon ko`zum oqu qorosin ko`rmadim?!

Sen vafo husn ahlidin qilma tavaqqu`, ey rafiq
Kim, men ushbu xaylning husni vafosin ko`rmadim.

Ey Navoiy, tavba andin qilmadim shayx ollida
Kim, bu ishda dayr pirining rizosin ko`rmadim.

435

Soching savodig`a hargiz nazora aydamadim
Ki, dudi oh ila olamni qora aylamadim.

Yo`lungda  kimsa  boshin  ko`rmadimki, g`ayratdin
Boshimni yerga urib, pora-pora aylamadim.

Bag`irni choklar etkandin aylama inkor,
Men ani tig` ila xud muncha pora aylamadim.   

Manga g`aming aro bechoralig`durur chora,
Ne g`am, agar meni bechora chora aylamadim.

Yorang hisobini kasratdin anglamon, ey ishq,
Sanab tuganmadi, yo`qkim, shumora aylamadim.

Tavakkul aylayu kir ishq yo`lig`a, ey shayx
Ki, men qilurda bu azm istixora aylamadim.

Navoiy ohni ifshoi ishq uchun yozg`ur
Ki, ko`nglum o`tini men oshkora aylamadim.

436

Orzu tuxmig`a bar hirmon ekanni bilmadim,
Vasl naxlig`a samar hijron ekanni bilmadim.

Hajr vodiysig`a kirgan chog`da bildim to`li bor,
Lek muncha behadu poyon ekanni bilmadim.

Angladimkim, sa`b emish bemori furqat ranji, lek
Sharbati zahru g`izosi qon ekanni bilmadim.

Bistari hijronda bildim sanchilur xori firoq,
Har sarimo` tanda bir paykon ekanni bilmadim.

Charx afsun berdikim, bot o`lg`usi hajringg`a vasl,
Muncha aning va`dasi yolg`on ekanni bilmadim.

G`am tuni bildim bo`lur oshiqning ohu ashki, lek
Ul biri sarsar, bu bir to`fon ekanni bilmadim.

Ey Navoiy, vasl agar topsang, g`animat bilki, men
Ro`zgori vasl xush davron ekanni bilmadim.

437

Shomi vaslingni ko`rub, subhi dilafro`z dedim,
Subhi hajringg`a yetib, shomi jigarso`z dedim.

Teng ko`rundi ko`zuma vasl aro qadu zulfung,
Kecha kunduzni ko`rub teng, ani navro`z dedim.

Ishqidin tondi ko`ngul, soldi qora kunga firoq,
Ajab ermas, gar ani qalbi siyahro`z dedim.

Chini zulfung g`ami muhlik dedim, o`lturma meni,
Chin dedim, har neki men zori g`amando`z dedim.

Yangi o`rgandi ko`ngul bulbuli ul gul yuziga,
Tong emastur, agar ul qushni nav`omuz dedim.

Tikti pand ignasidin dahr eli ko`nglum yarasin,
Xalq nishini bu ma`ni bila dildo`z dedim.

Ey Navoiy, yorudi shomim ul oy partavidin,
Ne taajjub, gar ani mohi shabafro`z dedim.

NUN HARFINING NOZANINLARINING NOZI
                      BADOE`DIN

438

Ey, kelib minbaring uch poya bila sidrag`asen,
Sen chu anda tutub orom, bo`lub sidranishin.

Ul safar ichraki sen sidra sari aylab azm,
Markabing ruhi ravon, payking o`lub ruhul-amin.

Sidrani minbar etib, nukta desang erdi, rusul
Jam`i bo`lg`an edi eshitkali oyoti mubin.

Uylakim, sidra kebi minbar uza gohi hadis,
Yig`ilur har sari ashobi risolat oyin.

Dargahing arshdurur, anda maloyik, ne ajab,
Zikru tasbih debon surtsa har sari jabin.

Sen chu arsh uzra chiqib, charx nisoringg`a yasab
Bu to`quz xon ichida anjum ila durri samin.

Jurmu isyon ko`pidin bo`ldi Navoiy bexud,
Bir nazar ayla aning sariki, bor asru hazin.

439

Bizga ul oy hajridin bir yilchadur har tiyra tun,
Kunduzin angla bu tundin ham qorong`u, ham uzun.

Balki yo`qtur bu tunu kunda tafovut, lek bor
Har birida bir g`ami muhlik bu mahzun jon uchun.

Gar o`tar yuz ming suubat birla kunduz mehnati,
Voyu yuz ming voy, men bekasga bo`lg`ach kechqurun.

Gar butun ermas yoqam, ey do`st, hayrat qilmakim,
Tosh urardin ko`ksum ichra bir so`ngak ermas butun.

Hajridin o`rtansa jismimda so`ngaklar, tong emas
Kim, erur o`t asru itik, dog`i bas qoqshol o`tun.

Ishq naxlining bari hijron emish, ey do`stlar,
Bu nasihatdin yengiz bar oshiq o`lmastin burun.

Necha tun hijron aro oldi Navoiy jonini,
Kimga yetsa vasl, tutsin mug`tanam bir necha kun.

440

Ishq dashtin hech g`urbatkash musofir ko`rmasun,
Men g`arib ul dasht aro ko`rganni kofir ko`rmasun.

Yormangiz  Farhodu Majnun ollida  ko`ksumnikim,
Botinimning dardu dog`in ahli zohir ko`rmasun.

Dahrni qil tiyra, yo rabkim, aning tufrog`idin
Har ne ko`z mumkin esa bo`lmoqqa nozir, ko`rmasun.

Har boqishda qatli om aylar ko`zungkim, dahr eli
Hech kimni sen kebi bu fanda mohir ko`rmasun.

Voizo ko`p vasf qilding somirining sehrini,
Hozir o`lg`ilkim, seni ul ko`zi sohir ko`rmasun.

Kimki oshiqlik asiridur, taxayyul birla ham
Ishq ko`yida o`zin osuda xotir ko`rmasun.

Kim, Navoiydek fano vodiysida istar huzur,
Kechsun o`zdin, balki xud o`zlukni hozir ko`rmasun.

441

Subh chun borg`ung, kelib kulbamg`a pinhon kechqurun,
Hajr o`qin jonimg`a sen otma tong otmasdin burun.

Necha el mendin yoshurg`aylar seni, vah, bir kecha
Netti kulbam sari kelsang, barcha eldin yoshurun.

Jon magar chiqqay va yoxud sayli ashkim ko`yidin
Chiqqudekmen, bori ul ko`y ichra tutmay men o`run.

Jilva qilg`anda  ko`runmaslar  ko`zumga  sho`xlar,
Ey pariy, sen bori bu devonag`a gohi ko`run.

Nolam andoq bo`ldi, bag`rin yorasi islang`ali
Kim, yonimdan o`tmas, el tutmay quloq birla burun.

Chirmabon berkit surohi og`zini, ey piri dayr,
Qayda ko`rsangkim, uzulmish choki  xirqamdin  burun.

Ey Navoiy, tifllar qovg`on zamon majnun debon,
Bu bahona birla o`z laylivashing sari urun.

442

Bog`ladim afg`ong`a bel naydek, seni ko`rgan zamon,.
Za`fdin qilding meni oxir beli bog`liq somon.

Emdi ruhung toza et ul otashin ruxsordin
Kim, meni mahjur ani ko`rmak hamon, kuymak hamon.

Ko`z yumulmish hajrdin, ul yuzga ochmoq istaram,
Lek hijron ko`z yumub ochquncha ham bermas omon.

Dasht aro derlar meni Majnun, ani men ko`rgan el,
Charx zoli bizni go`yokim ketirmish tav`amon.

Yaxshilardin yaxshidur yorim, ne nav` aylay tama`
Vaslin aning, menki bordurmen yomonlardin yomon.

Qil zuloli vasl ila bulbulni, ey gul, shodkim,
Bu chamanda doimo shodobliq yo`qtur gumon.

Azm etib ermish Navoiyni so`rarg`a ul Masih,
Ey ajal, joning uchun jonimg`a rahm et bir zamon.

443

Mahvashekim chehra davrinda qiron etmish ayon,
Davrning mahvashlarida uldurur sohibqiron.

Ne qiyig` erkin ul oy to`nidakim, tikkan chog`i
Mehr anga zarrishta yetkurmish, farisa osmon.

Tugma gulgun deklayida la`l paykoni emas,
Gulga bog`labtur ko`ngul bulbullar, ammo barcha qon.

Titraguch ermas murassa`kim, quyosh boshi uza
Xo`shai parvin shioi xat aro qilg`il makon.

Vo`smayu gulgunadin ul orazi zebo erur,
Sabzayu guldin nachukkim zeb topqay bo`ston.

Olloh-Olloh, anglamonkim, hursen yoxud pariy,
Odami bu shakl ila hargiz kishi qilmas gumon.

Ey Navoiy, yaxshi ermas erdi ul yon borg`aning,
Chun borib o`tluq yuzin qilding tamosho, emdi yon.

444

G`unchai xandon uza xolingmudur, ey mahjabin,
Yo magar shahd istay ul gulbarg uza qo`nmish chibin.

Dasht uza Majnun kebi sargashtadurmen, to erur
Ul musofir mahvashim Layli kebi sahronishin.

Chin-bachin zulfung tushar el bo`ynig`a, yuz voykim,
Bizni chun ko`rdung tushar qoshing uza chin uzra chin.

Korvoni mushk erur zulfu bapogo`shingda xol,
Nofai mushk o`g`risi bir go`shada qilg`an kamin.

Yuzung uzra zulfu zulfung halqasidin yuz erur,
Kishvari din ichra kufru halqai kufr ichra din.

Yuz o`tidin o`rtading bulbul kebi ko`nglumnn, lek
Gar to`kulmas, xushtur ul gulkim ochilmish otashin.

Uyla mahzundur Navoiy yor hijronidakim,
Gar chekar ishrat surudi xalqni aylar hazin.

445

Dog`i ko`p tanniki xirqam yopmishu ey siyminbadan,
Angla har tevruk yurun ostida bir tevruk tugan.

Ey quyosh, oncha shahiding bordururkim, yetmagay
Pardai afloktin gar qilsalar yirtib kafan.

Buki ruhulloh quyosh charxig`a ruhum ko`yiga
Bo`ldilar moyil, ne tong, har kim qilur mayli vatan.

Yuzu zulfung hajridin har tun sirishkim kavkabi
Charx yanglig` ko`rguzur sunbul uza bargi suman.

Ashk ila kirpikni ko`p yurmenki, bo`lg`ay nisbati,
Tutsa bir kun nogahon ul pok etakni bu tikan.

Xonaqah ichra riyoiy zuhddin bo`lsang malul,
Ey ko`ngul, shod o`lki, yo`qlug`dur fano dayrida fan.

Har qayon azm aylasang, qolmas Navoiy, negakim
Tori zulfungdin aning bo`ynig`a bog`liqdur rasan.

446

Labingda nilgun xolingdur, ey jon,
Nachukkim sharbat ichra tuxmi rayhon.

Qizil raglar ko`zumda hajr o`tidin
Balo bahrida butkan shohi marjon.

Yuzungkim, maydin o`lmish gul uza gul,
Ko`ngul bog`lanmish andin qon uza qon.

Seni barmog` bila ko`rsatmas elkim,
Bilib o`lmakni arz aylarlar imon.

Ko`ngul saydi ko`zungdin chun qutulmas,
Ne mundu tuzdilar ul xayli mujgon.

Vafo ahli esang, ich davr ayog`i
Kim, asru bevafodur ahli davron.

Senu gulbong, ey bulbulki, tortar
Navoiy gulruxidin ayru afg`on.

447

Xizrvash xat birla chun husnung samandin surgasen,
Yuz Skandarni sug`a eltib, susiz kelturgasen.

O`rtanurmen, g`ayr ila har kecha ichsang, vah, necha
Sham`i bazmingni yorutmaqqa meni kuydurgasen.

Bo`ynuma yetkurding ilgin tig` urarg`a, ey sipehr,
Men xud ul ermanki, ilgim bo`ynig`a yetkurgasen.

Yo`qki ko`rmaydur, ko`rib umdo nazar solmas pariy,
Bir boqish ummididin, ey ko`z, necha telmurgasen.

Ul jamol avjida sen munglug` ne mumkin, ey ko`ngul
Kim, fusun birla quyoshni charxdin indurgasen.

Ashk ila ko`nglum o`ti o`chmas, qadah tut, soqiyo
Kim, bu su birla magar ul shu`lani so`ndurgasen.

Telbalik aylar Navoiy, ey sabo, holin magar
Ul pariyg`a hazl taqribi bila bildurgasen.

448

Vah, necha tortay ul oy dardu g`amin,
Yo g`amu dardi yo`q elning sitamin.

Manga ortuqsidur ag`yor alami,
Torta olsam bas erur yor alamin.

Xalq ko`nglini parishon qildi,
Tong yeli tarqatib ul turra xamin.

Ishq yorutti tamug` hiymasini,
Etkurub ohim o`tining alamin.

Ey falak, bu kecha ul oy bilamen,
Subhning bir nafase asra damin.

Adam istar chu vujudumni sipehr,
Teng ko`ray emdi vujudu adamin.

Piri dayr ollida kam xidmat esam,
Tengri bor aylasun aning karamin.

Istagan Ka`bai maqsad vasli,
Olmasun faqr yo`lidin qadamin.

Qil Navoiy kebi tinmog`ni harom,
Istasang yor harimi haramin.

449

G`amingda buzdi ko`ngul xonumonini hijron,
Tarahhum aylamading xonumoning obodon.

Ko`ngul shikofi emaskim, yaqosin ayladi chok,
Yaqoda tugmalar o`rnida har taraf paykon.

Ne ayb, ohim o`ti ko`nglung ichra qilsa asar
Ki, barq toshqa ham tegsa, qolur anda nishon.

Qiliching elga tegib, rashkdin men o`rtandim,
Ne la`b erurki, su ichra qilibsen o`t pinhon.

Firoq za`fida sihhat manga ne mumkinkim,
G`izo yerida bag`ir bo`ldi sharbat o`rnida qon.

May ichki, mug`bachalar suhbati g`animatdur,
Bir-ikki kunki bu dayri fanoda sen mehmon.

Navoiyo, neki olam ishida mushkildur,
Desangki qilg`asen oson, o`zungga tut oson.

450

Qani ulkim, ko`zum ko`rgay jamoli olamoroyin,
Qo`zumni surtmak qilsam havas, sung`ay kafi poyin.

Meni mundoqki zahri hajri aning talxkom etmish,
Emas insof, o`pmak istasam la`li shakarxoyin.

Mening vaslim kunin chun xajri shomi ayladi tiyra,
Ne sud ar yor orazdin olur zulfi sumansoyin.

Tarab sham`i, ajabkim, nur zohir aylagay bu nav`
Ki, men ko`rdum qorang`u hajr shomi mehnatafzoyin.

Kelur chun rizq isi, rozi emasturmen, agar zohid
Rido birla olishsa dayr piri bodapoloyin.

Bukim andishavu g`am yomg`uri mayxonadin o`tmas,
Suvar go`yoki piri dayr tomi uzra ko`p loyin.

Navoiyg`a deding hijronda bir o`q yodgor otqum,
Tirik qolsam, alifdek ani jonim ichra asroyin.

451

Qizil yoxud qora yo ko`k to`nung har bir erur mavzun,
Nechukkim oy libosi ham shafaq, ham kecha, ham gardun.

Chu men ko`rgach seni behush o`lub, shafqat bila eltib,
Kirib ikki qo`lumg`a yig`layu Farhod ila Majnun.

G`amim xayli tuz etti tog`ni, tog` etti sahroni,
Bu homun birla tog` erdiki, bo`lmish tog` ila homun.

Yuzung shavqida ohimdin bulutlarg`a tutashmish o`t,
Sahob ermas quyoshning partavidin har taraf gulgun.

Gar ermas nassi qoti` qatl uchun har ko`z bila qoshing,
Nachuk bas zohir etmish har biri sod ustida bir nun.

To`lub, la`ling xayoli oqizur ko`z shishasidin qon
Aningdekkim, to`kulgay boda bo`lsa zarfdin afzun.

Eshit mayxona ichra dayr piridin haq asrori
Ki, voiz xonaqahda goh der afsona, gah afsun.

Sog`inma bodag`a mash`ufmen, ey mug`bacha, billah
Ki, usruk ko`zlaringning fitnasi qilmish meni maftun.

Navoiy, olam ahli gar vafosiz keldi, may ichgil,
Anga chun chora yo`q, bore o`zungni tutmag`il mahzun.

452

Erur sargashta xoki tan aro majnun ko`ygul har yon,
To`n  etkandek quyundin jismig`a  Majnuni sargardon.

Yolang jismim ko`rub oncha balo tig`ini yondurdung
Ki, zaxmim bog`lamoqtin emdi ermastur tanim uryon.

Jununum hayratig`a vahsh davrumg`a urub halqa,
Musha`bid la`big`a hangoma ahlidek bo`lub hayron.

Meningdek toza dog`i zaxmidin qon g`arqidur lola,
Magarkim dog`ini bag`rig`a qo`ydi shu`lai hijron.

Tuzaldi Nuhning to`fonidin so`ng dahru ashkimdin
Qiyomat oshkoro bo`ldi ul to`fonu bu to`fon.

Ichib garduncha sog`ar, kosh andoq bexud o`lsamkim,
Ikinchi surdin ham bo`lmag`ay uyg`onmag`im imkon.

Jahon osoyishin ollingda mushkil qilmakim, bordur
Tutay mushkil desang mushkil va gar oson desang oson.

Ko`p, ey gul, urma bulbul jonig`a bedod xorinkim,
Senu mendek gulu bulbulni ko`p o`tkardi bu bo`ston.

Navoiy, qilma ayb afg`onu faryodimki, davrondin
Ne bir faryodu o`n afg`onki, yuz faryodu ming afg`on.

453

Ishqing o`tig`a quruq jismim o`tun,
Ko`ngul axgardur anga, oh-tutun.

Tig` ila yordimu ko`ksungni, demang,
Aylamas tig` ila xud ani butun.

Ro`zgorim qorarib zulfungdin,
Tori umrumg`a tugun uzra tugun.

Vasl aro debsen olurmen jonin,
Hajring olmaymudurur angla burun.

Va`dai vaslin etar tongla netay,
Intizori meni o`ltursa bukun.

Boda zarfi boshig`a tiqmaq uchun,
Soqiyo, qolmadi xirqamda yurun.

O`ynab o`lturdi Navoiyni, ko`ring,
Chini ne erkin, agar budur o`yun.

454

Ko`yida itlar meni gah tirmabon, gah tishlabon,
Za`fdin o`lganda bir-birdin uzarlar sudrabon.

Men kimu qilmaq havas aning qo`lidin muttako
Ko`yida bas yotsam ilgimni boshimg`a yostabon.

Ne junundur, vah, bukim yirtuq yaqoni chok etib,
Ashkim oqqanda kulub, turg`an zamoni yig`labon.

Elni g`ofil aylabon o`zni solurmen ko`yiga,
Har tarafdin ursalar tosh, it masallik qavlabon.

Tifli maktabdek qochib borur yana ul oy sari,
Telba ko`nglumni necha topib ketursam albadon.

Umr o`tub bir uchrabon holimni so`rsa, voykim,
Ayta olmasmen javob, oshufta ko`nglum to`xtabon.

Hazl ko`nglum bila ul sho`xu ko`nglum tortar oh,
Tifldekkim, dud etar o`t birla har dam o`ylabon.

Aql uchub bexudlug` aylarmen, yo`luqsang nogahon,
Kimsadekkim, telbalik qilg`ay pariyg`a uchrabon.

Soqiyo, muhlik xumorim uzrig`a solma quloq,
Bir qadahni og`zima quyg`il qulog`im to`lg`abon.

Umr torin chun kesar davron jafo tig`i bila,
Jazm bilgilkim, anga bo`lmas ko`ngulni bog`labon.

Ey Navoiy, chun zamon ahlig`a aslo yo`q vafo,
Topmag`ung hargiz vafo ahli, alarni tanlabon.

455

Jilvai qadding ko`rub, sarvi ravondin kim desun?
Javhari la`ling borinda naqdi jondin kim desun?

Do`st ko`yunda vatan chun tuttilar ahli visol,
Men kebi ovorai bexonumondin kim desun?

Ko`p dema voizki, ul qaddu labu yuz ollida,
To`biyu kavsar bila huri jinondin kim desun?

Og`zi vasfida deyilgay xurdadonlar, ey ko`ngul,
Sen kebi ma`dum, benomu nishondin kim desun?

Bordurur ani yuzungdakim, quyoshta oncha yo`q,
Sen borinda xud quyoshkim bo`lg`ay andin kim desun?

Yorg`a holin demakka oncha yaxshi yori bor,
Ey ko`ngulkim, yaxshi boqsang, men yomondin kim desun?

Shayx anda juz fano yo`q har qayondin kim desun?

Gah zamondin shikva, gah ali zamon javrin dema,
Boda ich, ahli zamon birla zamondin kim desun.

Gar Navoiy desa ul yuz gulshanidin qilma ayb,
Demayin bulbul hikoyat gulsitondin kim desun?

456

Buki zulfung domig`a ko`nglum qushi urmish o`zin,
Ko`rmaking erdi murodi, tikmagil bore ko`zin.

To seni ko`rdum, ko`zumdin o`zlugum bo`ldi nihon
Kim, seni ko`rsa, yana ko`rmas emish hargiz o`zin.

Yo`qki oshiqlik, so`zumdin fahm o`lur ma`shuqluq,
Baski, dermen o`z-o`zum birla aning bir-bir so`zin.

Subhi davlat tal`ati boshida durri shabcharog`,
Tong boshida ko`r tulu` etkan saodat yulduzin.

Xoni husni ichra sabzi xatti sabzu tuz labi,
Sen ne ogah ul naimi ravzadin, totmay tuzin.

Bahra xo`rdu xobdin ul topti, bu davrondakim,
Qildi ehyo kechasin, soyim kechurdi kunduzin.

Ko`nglini istay Navoiy bu sababdin ittikim,
O`z bila qilg`ay ikavlon ul g`aribi yolg`uzin.

457

Manga har nechakim yo`q zahra dam urmoq visolingdin
Va lekin kom olurmen ulcha mumkindur xayolingdin.

Vafo bog`ida tufrog` o`ldum, ammo, voykim, tushmas
Gahe bir gul bu tufrog` ustiga sarkash niholingdin.

Visolingdin ko`ngul navmid esa, darding chekar nevchun
Ki, andin dog`i ko`p navmidrokdur chun misolingdin.

Iki zulfung ko`ngul domi, ne yanglig` asray ul qushni,
Ani tutmoqqa jidd ma`lum o`lur chun jimu dolingdin.

Nachukkim bo`lsa dil lafzig`a nuqta zul, bo`lur hosil
Mazallat ikki ayrilg`on ko`ngulga yetti xolingdin.

Latofat suyi ul yuz, jim ila lom ikki yondin zulf
Bu so`zni fahm aylar bahravar bo`lg`on jamolingdin.

Tama` eldin vafo qilg`on, sudin o`t istading chiqmoq,
Agar topsang, dog`i kuygung bu savdoi maholingdin.

Durust mehr zarfida to`la hayvon suyi ichmak
Emas ichkancha durd, ey mug`bacha, sing`an safolingdin.

Navoiy, gar boshing go`y etsa ul chobuk, yomon ermas,
Yomon budurki, ermas voqif ul sargashta holingdin.

458

Ko`ngulki, har sari chok o`ldi tig`i hijrondin,
Bir uydururki, topibdur shikast har yondin.

Sirishkim ayladi aflok javfini mamlu,
Kishi ne so`z degay aning qoshida to`fondin.

Yaqosi chokini Majnunning asru ko`p o`kma,
Uyal bu ko`ksi uza chok jismi uryondin.

Xayoli ko`nglum aro sokinu parishonmen
Ki, g`ayri gardi fano yog`mas ushbu vayrondin.

Balo o`qi ko`zi yog`durdi, ey musulmonlar,
Nelar kelur manga ul ikki nomusulmondin.

Etur ko`ngulga necha davr ayog`i birla nishot,
Necha malol sanga yetsa ahli davrondin.

Navoiy, aytma, gar jon keraktur, andin o`t,
Nedinki o`tsam yuz jondin, o`tmagum andin.

459

Hajr shomi baski sayli ashk oqizdim qayg`udin,
Ko`zdin o`ldum noumid ul nav`kim, ko`z uyqudin.

Uz ko`zung birla o`zungni garchi ko`rdung ko`zguda,
Ko`zgu aksidek va lekin muztaribmen ko`zgudin.

Chok etib yonimki, ko`rguzdung so`ngak dandonasin,
Bul-ajab holimg`a qildi za`f jismim kulgudin.

Ko`yunga borurda gohi vahm, gah rashk o`lturur,
Soya tebransa keyindin, mehr chiqsa o`trudin.

Qon yoshim sayliki tutmish dasht birla tog`ni,
Arg`uvonu loladin o`zga ne butkay ul sudin.

Charx mino sog`aridin istama no`shi hayot,
Ne uchunkim, bodasi mamzuj o`lubtur og`udin.

Masti ishq o`lmish Navoiy, bermagil pand, ey hakim
Kim, magar soqiy ayildurg`ay bu mayning bexudin.

460

Charxdin jonimg`adur yuz tig`i qotil har zamon,
Davrdin jomimda ming zahri halohil har zamon.

Asru mushkildurki, yuz mushkil g`amimdin birni charx
Qilmayin hal, yetkurur yuz oncha mushkil har zamon.

Umrida Farhodu Majnun hosil etkancha balo,
Ishqdin bordur meni mahzung`a hosil har zamon.

Har zamon ko`nglumga ishq afsonasin yozmoq ne sud,
Chayqalib daryoyi g`am aylar chu zoyil har zamon.

Jannati vasl istamang, ahbobkim, sahrosida
Bir tomug` ermish safar ahlig`a manzil har zamon.

Sihhatim tutmoq vujud imkoni yo`qtur, ey tabib
Kim, erur jonim adam ko`yiga vosil har zamon.

Demang osoyish hadisinkim, bo`lur aflokdin
Yuz baliyat oyati sha`nimg`a nozil har zamon.

Dahr aro yo`q no`shu yuz ming nish har dam, ey rafiq,
Etmagay yo`q no`sh uchun yuz nish oqil har zamon.

Bo`lsa yuz jonim berib o`lmakni olsam, muft erur,
Jong`a mundoqkim yetar yuz tig`i qotil har zamon.

To abad bo`lsun jahon mulki aning farmonida,
Yuz jahoncha mulk bu mulkiga dohil har zamon.

Ey Navoiy, nazm mulki chun seningdur aylagil,
Shoh G`oziy vasfi ichra tilni qoyil har zamon.

461

Dema gulgundur libosim ashkning xunobidin,
Shu`ladurkim, o`rtanurmen hajr o`tining tobidin.

Ko`zlarin kofir desam yo`q, ey musulmonlar, ajab
Kim, ikovlon yuz evurmishlar qoshi mehrobidin.

G`unchai serobi hayvon chashmasidur go`yiyo,
Anda su inmish oqib har yon guli serobidin.

Qush solib sayd etmagilkim, maxlasi yo`q berkishib,
Jon qushi boshingg`a sanchilg`an gajak qullobidin.

Xo`blar oshiqlarig`a mehrin etkan chog`da arz,
Lofdur, har neki sen dersen muhabbat bobidin.

Bodai sofu, harifi sodayu mushfiq rafiq,
Gar muyassar bo`lsa bas, olamda aysh asbobidin.

Uyqudin ko`z ochmading, go`yo ani baxtim kebi
Aylading yag`mo Navoiy didayi bexobidin.

462

Har qatra qonki tomdi ko`ngul toza dog`idin,
Bir toza lola ochti g`aming hajr tog`idin.

Demon, ichinda xurda nihon qildi g`unchakim,
La`ling g`amida o`t chiqar aning dimog`idin.

Tengdur shahu gado xatikim, duda birdurur
Shah bazmi sham`idin, dog`i gulxan charog`idin.

Ermas uchuq, shakarga yopishti chibin pari,
Ikki labim bila ani olsam dudog`idin.

Mast uyqu ichra topsamu bir kecha olmasam
Ikki ko`zumni tongg`acha aning ayog`idin.

Gulda vafo yo`qin qayu bir qushki angladi,
Hargiz vafo guli tilamas dahr bog`idin.

Doim yuzung xayoli Navoiy ko`zindadur,
G`oyib emasturur pari aning bulog`idin.

463

Sirishkim la`li otashnoku xatti mushkboridin,
Chiqardi dud jonning o`t tutashqan ro`zgoridin.

El eltur xorniyu sel xoroni bil, ey bulbul
Ki, g`am yo`q dashtu tog` ahlig`a Majnun rahguzoridin.

Sarig` kog`azda jadval mashqidur shingarf ila yoxud
Yuzumda chekti xatlar ishq gulgun ashk toridin.

Tanimda dog` ila qonmu ekin yoxud bu Majnunni
Vuhush o`tkardi sudrab ishq dashti lolazoridin.

Dema kun tushkacha uyqug`a qolmishkim, ocha olmas
Ko`zin yo nozdin yoxud sabuhi may xumoridin.

Maloyik ishqsiz gar erdi sen bor ulki hajringda,
Tutashti barchag`a o`t shu`lai ishqim sharoridin.

Ayoq izzat bila bos yergakim, har sabzavu lola
Nishon bir yuz gulidin ayturu bir xat g`uboridin.

Ajab yo`q, dasht aro Majnun quyundek sadqasi bo`lmoq,
Qayon bir noqa ko`rsa sog`inib Layli qatoridin.

Navoiy istagan yor ixtiyori birla maqsudin,
Magarkim kechkay o`z maqsudi birla ixtiyoridin.

464

Vafo yo`linda, eykim, topmading istab asar mendin,
Degaysen bilganing ul bevafo so`rsa xabar mendin.

Tanimda qaddingu la`ling firoqi tiyri boronin
Kishi ko`rsa, gumon qilg`ayki, butmish nayshakar mendin.

Jigargun bo`ldi qasring toshi la`ling hajrida baskim,
Sirishk o`rnig`a hajr oqizdi qon bo`lg`an jigar mendin.

Aningdek soldi ishqing shu`la jonim ichrakim, shaksiz,
Maloyik barcha kuygay, ko`kka tushsa bir sharar mendin.

Bo`lubmen ul parivash furqatidin telba it yanglig`,
Qayon yuzlansam, ey ahli saloh, aylang hazar mendin.

Kilib Farhodu Majnun ishqi o`tin sharh, ey roviy,
Bo`lub garmi takallum forig` o`lmishsen magar mendin.

Ne tong, siymob yanglig` oqsa ko`zdin siymgun ashkim
Ki, siymob aylamish hushu xirad bir siymbar mendin.

Amal sarrishtasin qilma mutavval, kelganin xush ko`r,
Tutung ahbob, yod ushbu kalomi muxtasar mendin.

Jahonu jonni tark aylab, aning ko`yiga azm ettim,
Navoiy, bas munosib erdi bu yanglig` safar mendin.


465

Yo`qturur majlisda ayshe furqating bedodidin
Yuz fig`on, gar bo`lmasam xursand vasling yodidin.

Nechakim tushsam yiroq bu maslahatqa, yaxshikim,
Ting`asen har kecha ko`nglum nolavu faryodidin.

Zulfu qadding furqatidin necha qilsam gashti bog`,
Ovuna olmon chamanning sunbulu shamshodidin.

Pand ila sabrim uyin, ey aql, ma`mur istama
Kim, qo`ngarmish ko`z yoshim sayli ani bunyodidin.

Deb eding jononsiz o`lsang, joning olg`um, ey ajal,
Jon fidong, ar va`dani o`tkarmasang miyodidin.

Savmdin ko`nglum qushi mayl etti suyu donag`a,
Lekin og`zin bog`ladim, qo`rqib ajal sayyodidin.

Ey Navoiy, kimdurur bu dayr aro ahli najot,
Ulki chiqmas dayr piri amriyu irshodidin...

466

Ko`zgu har dam sudur ul ruxsori olamso`zdin,
Muz aningdekkim erir mehri jahonafro`zdin.

Yuz ochib, bildirdi qad birla sochi teng erkanin,
Zohir o`lg`ondek tunu kun tengligi navro`zdin.

Istasangkim, tikkasen yuz pora ko`nglum chokini,
Yaxshiroq hech igna yo`q ul novaki dildo`zdin.

Ishq gard etkan tanimdin hajr o`ti uchqunlari,
Tir har yon lam`a ko`rguzgan kebidur to`zdin.

Ovlading ko`nglum, chu soid ko`rguzub qovmaq nedur,
Javr ila ketmak chu kelmas saydi dastomuzdin.

Soqiyo, davron g`amidin ranjamen, ko`nglum aro
Past qil anduh o`tin jomi nishot anduzdin.

Kech, Navoiy, jonu ko`nglungdinki, yo`qtur ishq aro
Chora ohi jongudozu nolai dilso`zdin.

467

Ey musulmonlar, fig`on ul kofiri xudkomdin
Kim, chiqardi ko`kka afg`on lashkari islomdin.

La`li ruhafzosidin bir bo`sa payg`om ayladi,
Garchi yolg`on erdi, men jon toptim ul payg`omdin.

Zulfu ruxsoringdin ayru garchi yo`q shomimg`a subh,
Sham`dek har kecha to subh o`rtanurmen shomdin.

Zulfidin ko`nglumki  maxlas topti, bor ul telbakim,
Banddin qochmish vayo qushkim qutulmish domdin.

Furqat ayyomidakim yod etmas ul mahvash meni,
Vasl topsam, men dog`i yod etmay ul ayyomdin.

Jomi mayda bo`ldi chun ul but jamoli jilvagar,
Kofiri ishq o`lg`amen, gar bosh ko`tarsam jomdin.

Dayr aro, eykim, Navoiydin tilarsen nomu nang,
Bilkim, ul bu yerga qochib keldi nangu nomdin.

468

Vasl etti yor va`da labi jonfizosidin,
Go`yo bu so`zni aytti jonim arosidin.

Gar ko`rmading shafaq uza xurshid, ey ko`ngul,
Ehsos qil ani yuzu gulgun qabosidin.

Munglug` ko`ngulning ohidin etmas raqib vahm,
Yo`q itka bok ishq gadoyi asosidin.

Ishq ichra o`ldum, ohki, qutqarmadi meni,
Davr ofati ul ofati davron jafosidin.

Olamni hajr zulmati tutqay, sovursa yel
Kuygan fatilani yangi dog`im qorosidin.

Charx danida bodai g`am to`lmish, ey rafiq,
Juz hajr zahri qilma tama` davr kosidin.

Sabt o`lmasa, Navoiy, ani nazmi zaylida,
Fahm aylar ahli dard kalomi adosidin.

469

Yana ne chehrag`a o`t soldi mayki, hayronmen,
Yana ne turrani yel ochtikim, parishonmen.

Uchurki, ey quyun, ul oy boshig`a evrulayin,
Bu damki yo`lida tufroq birla yaksonmen.

Biri fusunu biri simyog`a haml etarlar el,
Chu za`fdin kelibon ko`zlariga pinhonmen.

Vuhush aro meni dasht ichra ko`rdi chun Majnun,
Tasavvur ettikim, ul xaylg`a nigahbonmen.

Chu xalqdin qochibon dayr sari yuzlandim,
Rafiqlar, bilingiz, vahshiyi biyobonmen.

Chu bilmay elga vafo ayladim jafo ko`rdum
Ne sud emdi, agar nechakim pushaymonmen.

Navoiy emdi qilurmen Hijoz ohangi,
Sog`inmag`il yanakim azimi Xurosonmen.

470

Shahru kishvardin ilik yub, xonumondin kechkamen,
Xonumondin kim desun, ikki jahondin kechkamen.

Har zamon boshimg`a yuz tig`i balo aylab qabul,
Umrdin tortib etak, billahki, jondin kechkamen.

Shahru kishvar, xonumon, ikki jahonu, umru jon,
Xud ne bo`lg`ay, muncha yuz kom o`lsa, andin kechkamen.

Gar Skandar mulki birla Xizr umri bersalar,
Uyla mulku buyla umri jovidondin kechkamen.

Mumkin ermastur valek, ey mehribonlarkim, dame
Qilsa yuz bedod, ul nomehribondin kechkamen.

Voizo, aylab yengillik, nechakim kavsar mayin
Maqtasang, hoshoki men ratli garondin kechkamen.

Ey Navoiy, qon yoshim bahr o`ldi bu dam istasam
Kim, yetay ul qotilimg`a, emdi qondin kechkamen.

471

Har tarafkim borur ag`yor ila jonon talashurmen,
Chun ajal qasd qilur o`lmakima, jon talashurmen.

Hajr tig` ursa, taloshimni o`lum xavfi sog`inma
Kim, shahiding bo`layin deb meni hayron talashurmen.

Boshoq ustida talashqon kebi mazra`da gadolar,
Dashti ishqing aro ushshoq ila paykon talashurmen.

Ey pariy, chun kiyik o`xshar iki ko`zunga biaynih,
Bu jihatdin meni devona biyobon talashurmen.

Garchi ag`yordin olmog`lig` emastur seni mumkin,
Turmog`umdur boqibon, onchaki imkon, talashurmen.

Achchig`im kelgali kavsarni achig` bodag`a tarjih,
Xirad ahli chu qilurlar meni nodon, talashurmen.

Qo`l solib hajr o`tida ul kishi yanglig`ki su urgay,
Ey Navoiy, chu oshar shu`lai hijron, talashurmen.

472

Orazing naqshin ko`ngul lavhida tasvir etkamen,
Bo`lmasa taqdir ani ko`rmak, ne tadbir etkamen.

Ey qora ko`z, bo`lmas ul yuz shavqidin yuzdin biri,
Ko`z qorasidin agar yuz noma tahrir etkamen.

Yoshurun qolg`aymu ishqim, buylakim ul sho`xdin
Chiqsa bir so`z bexabar, yuz qatla taqrir etkamen.

Ne junundur buki, har tun ul parivash vaslig`a,
Yuz xayol aylab, yana borig`a tag`yir etkamen.

Eyki, dersen vasl koming bo`lsa, jon qilg`il fido,
Ul muyassar gar bo`lur, men xud ne taqsir etkamen.

Ishq azaldindur nasibim, nosiho, man` etmagil,
Man` qilsang ham, netib men man`i taqdir etkamen.

Ey Navoiy, naqdi jon bergil deding savdosig`a,
Buyla savdo gar muyassar bo`lsa, tavfir etkamen.

473

Bazm ichinda andoq ul mahvash xayoli birlamen
Kim, xayol andoq qilurmenkim, visoli birlamen.

So`zlashurda o`z-o`zum birla junun ahli kebi,
Ul parivash belu og`zi, qilu qoli birlamen.

Gah kulub, gohiki yig`larmen xayol aylab ani,
Vasli ummidiyu hijroni maloli birlamen.

Demagil maydin yuzum rangin, qulog`imdur qiziq
Kim, bu yanglig` hajr koju go`shmoli birlamen.

Og`ziyu zulfi g`amidinkim erur nolamda mad,
Buyla mad tortarda aning mimu doli birlamen.

Soqiyo, bir jomi may birla meni devona qil
Kim, mushavvash aql savdoyi muholi birlamen.

Ey Navoiy, aql sari emdi bo`lma rahnamun
Kim, bo`lub devona, ishqi louboli birlamen.

474

Bir yuzi o`tluq sharori ishqidin mahrurmen,
Do`stlar, o`rtansam, etmang aybkim, ma`zurmen.

Ishqini ne sud pinhon tut demaktin, ey rafiq,
Emdikim ishq ichra rasvoliq bila mashhurmen.

Men kimu uyqug`a ko`z yummoq, chu yo`qtur toqatim,
Orazidin ko`z yumub ochquncha gar mahjurmen.

Ne ajab Farhodu Majnun zikrikim, bo`lmish unut,
Kim, men el ichra jununu ishq ila mazkurmen.

Obi hayvon ichmagaymen istabon daf`i xumor,
Menkim ul maygun labi jonbaxshdin maxmurmen.

Kimsaga chun yo`qturur bu korgahda ixtiyor,
Yo`q manga aybu hunar, gar mast, agar masturmen.

Ey Navoiy, vasl umidin yoqmog`il to`hmat manga
Kim, men ul mahvashni bir ko`rmak bila masrurmen.

475

Azimat aylama, ey sho`xi bexabar, har yon,
Meni firoqing aro qilma darbadar har yon.

Firoq shomida anjum emaski, ohimning
O`ti shafaq bo`lub, o`ldi judo sharar har yon.

Dema tanimda yangi dog`larki, ishqing o`ti
Chu tushti ko`nglum aro, ayladi asar har yon.

Yuzungda xollar ermas, ko`zung g`azolidur
Ki, tushti nofasidin qatra mushki tar har yon.

Ko`rung zaif tanim tegrasida javri toshin,
Yag`och tubida sochilg`on kebi samar har yon.

Qadamni faqr tariqida har taraf urma,
Tuz uyla qat`ki, bordur base xatar har yon.

Navoiy uchqali shavqungda tig`i hajringdin,
Aliflar anglama jismida, chiqti par har yon.

476

Soqiyo, ochting chu may tutmaqqa jomi Jam yuzin,
Yuz g`amim daf` ayladingkim, ko`rmagaysen g`am yuzin.

Uyla ruhafzo labing anfosidin toptim hayot
Kim, gar o`lsam, ko`rmagaymen Isoyu Mar`yam yuzin.

Yor mehmon bo`lmoq ermish, boring, ey jonu ko`ngul,
Istaramkim ko`rmagay, albatta, nomahram yuzin.

Gar vafo ahlig`a olam zulm qilmas, bas nedur,
Dudi ohimkim qora aylabturur olam yuzin.

Tun emas, baskim, falak jonimg`a qo`ymish dog`i zulm,
Ul tugonlar dudi tutmish nilgun toram yuzin.

Eyki, ko`nglung choki butti vasldin, shukr aylagil
Kim, mening zaxmimdur ulkim ko`rmamish marham yuzin.

Oncha yuzsizlik ulustin ko`rmisham, gar bersa dast,
Istaramkim, ko`rmasam hargiz bani odam yuzin.

Baski, ko`rmishmen quyosh yuzluk ulustin tiyralik,
Dermen ohim tiyra qilsa nayiri a`zam yuzin.

Ey Navoiy, tushsa mast ilgingga bir kun, o`pkasen
Ham qabog`in, ham saqog`in, ham dudog`in, ham yuzin.

477

Ming o`tum bor, aylay olmasmen ayon mingdin birin,
Dahr kuygay, zohir etsam nogahon mingdin birin.

Ming tugon jismimda ko`rsang, ko`p taajjub qilmakim,
Ichdagidin zohir aylabmen ayon mingdin birin.

Dema dardingni nihon tutqilki, yuz ming dardni
Maxfi etsam, qilmish o`lg`aymen nihon mingdin birin.

Uyla yuz ming pora ko`nglumni parishon etti hajr
Kim, topa olmon tilab men notavon mingdin birin.

Garchi qildi hajr o`ti o`rtanmakimni birga ming,
Olam o`rtangay, agar qilsam bayon mingdin birin.

Ohkim, ahbobdin har kimga aylab ming vafo,
Topmadim yaxshi o`zumga men yomon mingdin birin.

Ey Navoiy, dahr eli gar mingu gar bir tonima
Kim, vafolig` aylay olmasmen gumon mingdin birin.

478

Labing mayi havasidin mudom yig`larmen,
Piyoladek bo`lubon talxkom yig`larmen.

G`aming tunida kuyub sham`dek saharg`a degin,
O`zumga uyquni aylab harom, yig`larmen.

O`zumni har nimaga kunduz aylaram mashg`ul,
G`arib holima, chun bo`ldi shom, yig`larmen.

Toriqti charx yig`imdin, magarki bilmas edi
Ki, dardi hajr zamonin tamom, yig`larmen.

Xayol ila anga deb, dam-badam salomimni
Berib o`z-o`zuma, andin payom yig`larmen.

Bo`lub ichim to`la qon davr eli nifoqidin,
Sarig` uzor ila andoqki jom yig`larmen.

Navoiyo, yana bir lolarux firoqinda,
Ko`zum yoshin qilibon lolafom, yig`larmen.

479

Gar desa ko`z birla ruxsorin tamosho qilmayin,
Vaslini naylab ko`ngul birla tamanno qilmayin,

Gavhari ishqig`a ko`nglumni netib qilmay sadaf,
Muncha baskim ko`zni ifshosig`a daryo qilmayin,

Oh o`tiyu ashk saylidin bo`lur yer-ko`k to`la,
Necha dermen ishq asrorin huvaydo qilmayin.

O`t tushub ko`nglumdavu ko`ksumda ravzan zaxmidin,
Dudini aning ne yanglig` oshkoro qilmayin.

Ul pariy har jilvasida aqli kul shaydo bo`lur,
Telbalikdindur, desam  ko`nglumni  shaydo qilmayin.

Qilmag`il, ey shayx, usruklar unidin shikvakim,
Mast o`lub mayxonada bo`lmas alolo qilmayin.

Soqiyo, andoq to`la tut bodakim, bexud bo`lay,
Toki davr oshubig`a bir lahza parvo qilmayin.

Qildi ul ko`z yodidin ko`nglum kiyiklar sari mayl,
Necha men Majnun dedimkim, azmi sahro qilmayin.

Ey Navoiy, olamoro husn nevchun ochti yor,
Bo`lmas emdi o`zni olam ichra rasvo qilmayin.

480

Qil bu yon javlonki, jonni xoksoring aylayin,
Boshinga evrulgali qo`pqon g`uboring aylayin.

Bu bahona birla chunkim jonni sadqang ayladim,
Aqlu hushu sabr naqdin ham nisoring aylayin.

Yuz agar ochsang, nazarning qushlarin sayding qilay,
O`q agar otsang, ko`ngul saydin shikoring aylayin.

Qochib el nazzorasidin gar kirarsen aksdek,
Ko`zgudek ko`nglumni temurdin hisoring aylayin.

Sen labingdin jon berib, vaslingdin elning ko`nglin ol,
Men hazin jonu ko`ngulni xoru zoring aylayin.

Xonaqahda, eyki, o`zluk jomidin maxmursen.
Kir fano dayrig`akim, daf`i xumoring aylayin.

To`lsa paymoning, Navoiy, dayr aro may birla yub,
Boshining xum kirpichin xishti mazoring aylayin.

481

Ohu vovayloki, olam  ahlining badholimen,
Har nafas bir dardu mehnat xaylining pomolimen.

Ko`zdin oqqon tiyra qonim zorjismimni bo`yab
Kim, qurubtur xoma yanglig`durmen aning nolimen.

Toki ko`nglum ittiyu forig` bo`lubmen dardidin,
Ishq aro ko`nglin iturgan xayli forig`bolimen.

Baski bedoding yukin tortib qadim bo`lmish nigun,
Go`yi ul bedodning ostida qolg`on dolimen.

Ruhi Majnunning magar jismim aro qilmish xulul,
Buylakim, za`fu junun birla aning timsolimen.

Ishq aro vasl istamon, qonimni to qildim halol,
Har nekim ishq ahlig`a mushkuldurur, hallolimen.

Yor ila ushshoqu men mahjur holim so`rmakim,
Ey Navoiy, bu jamoatning xarob ahvolimen.

482

Jong`a har dam ishqidin yuz ming balo kam istamon,
O`zgaga ming yil o`tub, yuzdin birin ham istamon.

Yor chun istarki, g`amnok o`lg`amen hijronidin,
Ne ajab gar vaslidin ko`nglumni xurram istamon.

Tig`i ishqing zaxmidin jonim bir osoyishdadur
Kim, agar yuz qatla o`lsam, dog`i marham istamon.

Dev siyratlar bila ko`rsam ne hol o`lg`ay manga,
Ul pariyg`a chun malak xaylini hamdam istamon.

Ne tahammul, gar yuziga tushsa nomahram ko`zi
O`z ko`zumni ayni g`ayratdin chu mahram istamon.

Oncha el javrin ko`rub menkim tilarmen fardliq,
Bo`lsa yore ham vafoliq, jinsi odam istamon.

Ey Navoiy, ishq agar olamg`a rasvo qilmasa,
Men xud o`zni kuch bila rasvoyi olam istamon.

483

O`lturur ko`yida ishq ahlin alolosi uchun,
Shoh qatl etkan kebi itlarni g`avg`osi uchun.

Tiyra zulfidin ko`ngul ruxsorin aylar orzu,
Go`yiyo ravshan su istar daf`i savdosi uchun.

Chun bo`lur har tun shabiston ichra sham`i anjuman,
Xayli anjum evrulur ul oy tamoshosi uchun.

Qaddida gulgun libos ermaski, ustodi azal
Bargi guldin hulla qilmish sarvi ra`nosi uchun.

Zulfi zanjirig`a haddim yo`q, iti zanjiri ham
Yaxshidur, qayd etsa bu majnuni shaydosi uchun.

To tirikdursen, qadah davrin g`animat tutki, charx,
Evrulur tegrangga naqdi umr yag`mosi uchun.

Ey Navoiy, tarki dunyo ayla, izzat istasang
Kim, mazallat keldi sa`y aning tamannosi uchun.

484

Maskanim hijronda bo`lsa erdi Marvi shohjon,
Bergay erdi hajrdin o`lsam, tanimg`a shoh jon.

Rashkdin jonu ko`ngul  bir-birga dushman bo`ldikim,
Goh vaslingni ko`ngul aylar tamanno, goh jon.

Noma sabt aylarda chiqti jon, vale kuydi ko`ngul
Kim, qoshingg`a noma birla bormag`ay hamroh jon.

Jon bila ko`nglumni asrarmen fido aylay debon,
Yo`qsa ermas ham ko`ngul matlubu ham dilxoh jon.

G`ayrdin xoli visolingni tilarmen, ohkim,
Ko`rmagay ko`z, bo`lmag`ay voqif ko`ngul, ogoh jon.

Furqatingda boda qo`ymas o`lgalikim, qaytarur,
Chiqqali og`zim sari mayl aylasa nogoh jon.

Ey Navoiy, uyla jon og`zimga yetmishkim, chiqar,
Furqatida har necha ohista cheksam oh, jon.

485

Yo`q damekim, ul quyosh yodida faryod aylamon,
Aylamon faryodkim, gardunni barbod aylamon.

Nola qilmonkim, xaloyiq ko`nglini qilmon hazin,
Navha chekmon el arokim, elni noshod aylamon.

Orazu qaddi xayoli bas menga, ey bog`bon,
Gul sari qilmon tamosho, mayli shamshod aylamon.

Qo`yma yuz huru pariy vasfig`a, ey roviyki, men,
Qiblai jon g`ayri ul huri parizod aylamon.

Aylamon ma`mur aqlu sabr ila ko`nglum uyin,
Chun meni buzdi, men ul vayronni obod aylamon.

Har necha qildim vafo, ko`rguzdilar javr, ey ko`ngul,
Ayb qilma, gar zamon abnosidin yod aylamon.

Ey Navoiy, tarki ishq etkim, qutulsam men dog`i,
Kimsaga ko`nglumni mundin nari mu`tod aylamon.

486

Ko`z bila qoshing aro ul xoli mushki nobdin,
Nuqta kofir uzra tushmish yo quyi mehrobdin.

Ul og`iz ollidakim har la`lidur obi hayot,
Nomunosibdur demak so`z g`unchai serobdin.

Uylakim, zulfung g`amin olamg`a tarqatmish nasim,
Ne ajab, sudralsa yuz jon bo`yni har qullobdin.

Nuqtai mavhum erur og`zing, netib kom istayin
Kim, tamattu` kasb qildi javhari noyobdin.

Hajr tobu pechidin qisqardi umrum rishtasi
Tor ul yanglig`ki bo`lg`ay qisqa pechu tobdin.

Olam asbobidin o`t, gar istasang ko`nglungni jam`
Kim, parishonlig`din o`zga yetmas ul asbobdin.

Ey Navoiy, yor ko`yida qora tufroq aro
Qolibon ortuq ko`rarmen bistari sinjobdin.

487

Necha g`amim o`tin ahli zamong`a yetkurayin,
Sharoru dudidin aning osmong`a yetkurayin.

Qadam boshimdin etib kuyi azmi qildimkim,
Bu makr ila ani ul ostong`a yetkurayin.

Labingg`a may bila no`shi hayot yetkandek,
Aning xayolini men dog`i jong`a yetkurayin.

Ko`ngul chu ko`yida gum bo`ldi, ne ko`ngul birla
O`zumni kom tilay gulsitong`a yetkurayin.

Ko`ngulni istayu vayron badang`a elturmen
Ki, xonumonini bexonumong`a yetkurayin.

Jahonda fitnadur  aylab surog` mayxona,
O`zumni sa`y ila dorul-among`a yetkurayin.

Navoiy ohi sanga za`fdin chu yetmas, kel
Ki, vasldin madad ul notavong`a yetkurayin.

488

Ishq ichra qani men kebi zeru zabar o`lg`an
Har kimki yo`q andin batar, andin batar o`lg`an.

Chun dilbari kirpiklar o`qi har sari otqan,
A`zosi aro har sarimo` nishtar o`lg`an.

Menmen labi jonbaxshing uchun la`l masallik,
Bag`ri teshilib, g`arqai xuni jigar o`lg`an.

Dehqon deki, mendek yana davron chamanida
Kim ko`rdi vafo naxlig`a hijron samar o`lg`an.

Jismi sharar ayrilmoq ila bilki tugandi,
Ko`nglida muhabbat shararidin asar o`lg`an.

Mast ulki, jahon mehnatidin topti farog`at,
Davrong`a kelib ketkanidin bexabar o`lg`an.

Faqr ichra, ne tong, o`zlukidin kechsa Navoiy,
Fard o`ldi fano shevasidin bahravar o`lg`an.

489

Oy botti munfail bo`lubon ul jamoldin,
Shoyadki, chiqmag`ay yana bu infioldin.

Zulfung xayoli ko`nglum uyi ichra to`lg`ali
Xoli emasturur nafase ul xayoldin.

Kim ko`rdi husn bog`ida sarve qading kebi
Hargiz tajovuz aylamagan e`tidoldin.

Sabrim uyini yiqsa qading naxli, tong emas,
Hargiz sutunkim ayladi navras niholdin?

Dardoki, o`ldumu anga dardimni demadim,
Ko`nglin mukaddar aylamayin deb maloldin.

Yuz jon berib, vafo bani odamda topmading,
Kech emdi, ey ko`ngul, bu xayoli maholdin.

Xursandliq Navoiyg`adur bu umid ila
Kim, vasli toshqori xud emas ehtimoldin.

490

Raxshingki, xirom ichra o`tar  kabki daridin,
Istarmen aning na`lini tovus paridin.

O`tgan yo`lida na`lidin o`t jonima tushti,
Jonimg`a nelar keldi aning rahguzaridin.

Gulgunmudurur yo julini ayladi ul nav`,
Xayyoti falak san`ati gulbargi taridin.

Gulruxlar aro chunki so`rarsen, xabar aytur
Eskan gulu sarv uzra nasimi saharidin.

Otinki, pariy chehra deding, sendadur ul ot,
Anglar kishikim, ori emas tab` asaridin.

Nehojat edi sur`at anga, munchaki oshiq
Ko`zni yumubon ochqucha o`tkay nazaridin.

Mujgon bila istar qashig`ay surtub anga ko`z,
Fahm o`lsa Navoiyg`a rizo siymbaridin.

491

Kuydum g`ami ishqimni ayon aylamakimdin,
Chekkay edilar kosh tilimni ko`makimdin.

Bir loladururkim, ichida dog`i nihondur,
Har qonki tomar dog`i nihoni yurakimdin.

Dasht ichra junun ahlig`a bo`ldi alami ishq,
Har xor uza pargolaki qoldi etakimdin.

Ishq ichra tiriklikda parishonlig`im anglar,
Ko`rgan kishi sahroda yoyilg`on so`ngakimdin.

Majnundek elarmen etakim birla chu tufroq,
Go`yoki fano gardi yog`ar ul elakimdin.

Hasrat ilikin tishlab icharmen g`amidin qon,
Ayshimni xayol et bu mayyu ul gazagimdin.

Hajrida Navoiy kebi matlubum emas umr,
Har kimni tilarmen chu yiroqmen mirakimdin.

492

Kishi oyirsa bir bedilni yori dilpaziridin,
Umid ulkim, ayirg`ay tengri ani noguziridin.

Agarchi men asiri bo`ldum ul badmehrning, yo rab,
Judo qilma asirin andinu ani asiridin.

Deb ermishkim, zamirimda anga zulm aylamak yo`qtur,
Chiqarg`il, yo rab, ushbu zulmni aning zamiridin.

Dimog`im topmasun maqsud isi, gar ko`ni tufrog`in
Topib, ani muattar istasam jannat abiridin.

Menu, qon yutmog`u mayxona tufrog`i, demang zinhor
Manga Jamshid jomi birla Afridun sariridin.

Ochildi chun eshiklar dayrg`a, may ichmay o`ldum mast,
Nechukkim ahli rahmat jannat abvobi sariridin.

Navoiy shodmondur barcha, gar o`lturgali ul shah
Qilibtur yod ahli ishq aro ushbu faqiridin.

493

Kelsa bir kun, necha kun kelmasligidin lolmen,
Bir kun o`z holimda bo`lsam, necha kun beholmen.

Necha kunkim kelmasa, aylar o`lum holi meni,
Kelsa bir kun o`lturur, bu ishvalardin lolmen.

Yo`lida tufrog` agar bo`ldum, g`araz pobo`sidur,
Bo`lsa bu komim ravo, g`am yo`q agar pomolmen.

Dilbarim Shirin bila Laylig`a gar aqron esa,
Men dog`i Majnun birla Farhodg`a amsolmen.

Hindu o`ldum, hajr etkach ro`zgorimni qora,
Yo balog`a nuqta, yo anduh yuziga xolmen.

Soqiyo, hijron g`ami tug`yondadur, lutf aylakim,
Dam-badam oshuftai bir jomi molomolmen.

Ey Navoiy, boshima ko`rkim nelar kelturdi ishq,
Piri aql erdim, bu dam bozichai atfolmen.

494

Ul pariy mahjub bo`lg`ay deb meni devonadin,
Chug`zdek chiqmon tunu kun go`shai vayronadin.

Oshnolar ta`ni ishqida halok aylar meni,
Muncha shiddatliq emas, nekim kelur begonadin.

Aytsamkim, sadqang o`ldum, nega kuydurding meni?
Derki, bu mushkulni fahm et sham` ila parvonadin.

Yor mehmon bo`lsa, bermasmen rizo, chun bir nafas
Mehnatu g`am xayli chiqmaslar bizing koshonadin.

Chunki yoyildi havodis fitnasi har go`shada,
Maslahat ermaski chiqsam go`shai mayxonadin.

Men ichib mayxonada may, jannatu kavsar so`zin
Voiz aytib, bo`lmadi ko`ngli malul afsonadin.

Bir pariydin gar sanga bandi junun tushti, ne tong,
Ey Navoiy, qochmag`ay devonalar zulonadin,

495

Necha ko`rgan soyi ajzim javr og`oz etkasen,
Anglag`an soyi niyozim shiddatin noz etkasen.

Mumkin ermas chun quyosh vasli kecha xuffoshqa,
Ey ko`ngul, ul yon necha hijronda parvoz etkasen.

Bo`lsa haddim, der edim ollingda ko`nglum rozini,
G`ayrni rag`mimg`a garchi mahrami roz etkasen.

La`li ul kofirning elga jon bag`ishlar, ey Masih,
Necha anfosing bila da`voyu e`joz etkasen.

Dam-badam  shavqum sanga ko`prakdur,  ammo sabrim oz,
Garchi sen bedodni ko`p, mehrni oz etkasen.

Ey falak, zulmu sitam ichra o`z ovozing uchun,
Necha bizga har zamon bir ish sarovoz etkasen.

Ey mug`anniy, baski yig`latg`aysen elni bazm aro,
Gar Navoiy ohi birla nag`mani soz etkasen.

496

Qorig`an chog`da bir mahvash yigit shaydosi bo`lmishmen
Ki, ishqidin qari birla yigit rasvosi bo`lmishmen.

Quyundek po`yada maydon manga gah tog` erur, gah dasht,
Magar Majnun bila Farhodning hamposi bo`lmishmen.

Bag`irdin itlariga to``ma qon yoshimni may qildim,
Junun bazmi aro ul xayli bazmi orosi bo`lmishmen.

Meni ko`rgach bo`lur ishq ahli majnun, berma pand ey aql,
Chu men devonlarning moyayi savdosi bo`lmishmen.

Bo`lur ishq ahli ta`lim olsalar devonalig` mendin,
Nedinkim, men bu nodon xayilning donosi bo`lmishmen.

Demang ahli xirad ishqu junun savdosidin chiqkim,
Meni bexonumon bu dashtning nasnosi bo`lmishmen.

Navoiydek qorig`anda yigit bo`lsam tong ermaskim,
Qorig`an chog`da bir mahvash yigit shaydosi bo`lmishmen.

497

Kecha asru muztar erdim, vahki, shaydomen bukun,
Tun xud o`tti, lek onsiz noshikibomen bukun.

Ne so`zumni fahm etarlar el, ne men elning so`zin,
Bilmon elniyu o`zumni asru rasvomen bukun.

Ro`zgorim zulfu, xolu xattidin bo`lmish qora,
Ey xirad ahli, bilingkim, mahz savdomen bukun.

Elga jon bermakka chiqti, go`yiyokim rashkdin,
O`lmagay ollida aning kimsa illoh men bukun.

Multafitdur elga, men mahrum, bu damkim chekib
Tig`, istar bir kishi qatlin, men ovlimen bukun.

Ey ko`ngul, sen onsiz ermassen dame, bu damki men
Vaslig`a yettim, sen o`lg`ung ollida yo men bukun.

Yo`qturur Farhod ila Majnun magarkim bildilar,
Tog`cha anduhi birla dashtpaymomen bukun.

Ul pariy ishqida o`zluk tarki tuttim, soqiyo,
Bodakim, devona bo`lmoqqa muhayyomen bukun.

Do`stlar, qoching Navoiydinki, zulmi hajr aro,
Dardi dil ayturdin elga mehnatafzomen bukun.

498

Tugun bir-bir demon, yuz-yuz musalsal zulfi toridin,
Nishondurlar sarosar mo`r xaylining qatoridin.

Yuzi gul, zulfi sunbul, og`zi g`uncha, qomati savsan,
Nazohatda uyatlig`dur  behisht aning bahoridin.

Havodis shomi solsa ro`zgor ichra parishonlig`,
Nishon bil zulfida ko`nglum parishon ro`zgoridin.

Ani ko`rgach necha ishqim yoshursam, xalq anglarlar
Ko`ngulning iztirobidin, badanning iztiroridin.

Men onsiz tufrog` o`ldum, ey sabo, sen rahm etib bore,
Qotishtur ko`yining tufrog`ig`a jismim g`uboridin.

Meni ishq ila rasvo qildikim, emas mening sari,
Nasime kelsa nogah ofiyat mulku diyoridin.

Bu dayr ichra fano rasmin biravkim ixtiyor etkay,
Kushod imkoni yo`qtur kechmayin ul ixtiyoridin.

Mayi vasl, eyki, no`sh aylab, o`zungni aylading sarxush,
Guvoro bo`lsun, ar biym o`lmasa bu may xumoridin.

Navoiy sabru ishqidin ul oy forig`durur, ya`ni
Xabar yo`qtur anga bu benavoning yo`qu boridin.

499

Ko`rsa ne fikri tanim zaxmiyu ko`nglum kuyganin,
Ulki na`lu dog`din hayf etmas o`z nozuk tanin.

Qayda ko`rsun, ko`rsa ne qilsun yoqam choki asar,
Mastlig`din ulki har dam chok etar pirohanin.

Xirmani sabrim kuyardin ne g`am ul kofirg`akim,
O`t solibtur bodadin, ko`rgil jamoli hirmanin.

Garchi ranjim sa`b erur, vah, qayda parvo aylasun,
Qotilekim, ko`rdi tirguzmakcha o`lturmak fanin.

Anglag`ach qatl aylar erdi, shukrkim, bilmas kishi
Bazmi g`avg`osi aro ahli musibat shevanin.

Necha tavsanliq sukun andin burunroq ko`zlakim,
Olmag`ay kome, necha sursang yigitlik tavsanin.

Gulshani ishratqa siz azm aylangiz, ey ahli aysh
Kim, Navoiy bas og`ir olmish mazallat gulxanin.

500

Kirpikimdur ashk qoni birla shohi arg`uvon,
Rahm qil, ey arg`uvoni rang to`nluq navjuvon.

Ul iki ko`zdurmu yo ishqingda ayni za`fdin
Go`shai gulzor aro yotmishlar ikki notavon.

Dudi ohimni shararlar birla ko`rgan sog`inur
Kim, yetishti dard mulkidin yuz o`tlug` korvon.

To labing naqshi ko`zumda la`lgun ashkim kebi
Tutti yer, hayvon zuloli yuz sari qildim ravon.

Shod edim husn ahli onidin, qani ul ahli husn,
Ey ko`ngul, men g`ofilu ermish g`animat ul avon.

Ey visol ahli, sizu izzat bisoti uzra aysh
Kim, yetibdur bizga qismat ishqdin hajru havon.

Ey Navoiy, yor agar zulm etsa, shahg`a qil duo
Kim, anga tobi`durur adl ichra yuz No`shiravon.