MUSADDAS
Zulfu siymin jisming af`i ganji Qorun ustina,
Ganj uza sohir ko`zung af`ig`a afsun ustina,
Dardi ishqing ulki, qo`ydi joni mahzun ustina,
Dedi ko`rgach orazing ul qaddi mavzun ustina,
Ey qading to`biyu jannat xaddi gulgun ustina,
Ko`rmadi davron seningdek oy gardun ustina.
Topti jon har dam o`lar holatda bu jismi zaif,
La`lidin jonbaxsh so`z ayturda ul sho`xi zarif,
Qoldi ko`zum tiyra, jismim xastayu jonim nahif,
Zulfu ko`zu la`li hajrig`a bo`la olmay harif,
Bo`ldi so`zum nozuku ko`nglum xushu tab`im latif,
Har qachon soldim nazar ul shakli mavzun ustina.
Kelsa chin suratgari bir dam jamoling qoshiga,
Jon fido qilgay hamul dam surating naqqoshig`a,
Loladur shirin labing, Farhodekim, qon yoshig`a
G`arq o`lub, tushmish guzori hajr tog`u toshig`a,
Sarv aningdek qomating hayronedurkim, boshig`a
Qildi qushlar oshiyon, andoqki Majnun ustina.
Ko`z yo`lin, ey ishq, har soat to`la yosh aylama,
Ey ko`ngul, yoshimg`a pargolangni yo`ldosh aylama,
Ey ko`z, ashkimni sarig` yuzumga durposh aylama,
Yoshurun ishqim so`zin mashhuri avbosh aylama,
Har dam, ey ko`z yoshi, yuz ko`rmay, meni fosh aylama,
Davlatimdin og`nading yillar chu oltun ustina.
Jubbai sinjobing ichra vasla-vasla qoqumi,
Tug`di hijron shomida bir-bir saodat anjumi,
Bor qamar, aqrabda, ey, ishqing malomat qulzumi,
Orazing kofurida ul zulfi mushkin gajdumi,
Anbarin qoshing xamida xoldek ko`z mardumi,
Mushki tardin nuqtai sulsidurur nun ustina.
To ko`ngul saydig`a qo`ydi ul g`azoli chin ko`ngul,
Bo`ldi sherafkanlar a`zosi aro xunin ko`ngul,
Baski tortar har sanamdin bir jafo g`amgin ko`ngul,
Qildi javridin alarning tarki aqlu din ko`ngul,
Necha cheksun xo`blar ilgidin jafo miskin ko`ngul,
Munchamu ofat kelur bir qatrai xun ustina!
Chun Navoiy ashki bahr o`ldi, chekib ranju taab,
Kemalikdin ko`zlari ul bahr aro topti laqab,
Ko`zida, tong yo`q, agar tuttung maqom, ey no`shlab,
Chun kirar el kemaga qilmoq uchun ayshu tarab,
Gar vatan Lutfiy ko`zida tutmading, yo`qtur ajab,
Uy qo`pormog`liq erur dushvor Jayhun ustina.