www.uz

G`AZALLAR

201

Tirguzur har xastani bir noz ila ul dilnavoz,
Chun yetar men xastag`a navbat, qilur yuz nav` noz.

Zohido, har dam demakim mazhabingda bor qusur,
Qaysi masjidda qilib erdim sening birla namoz?!

Ishq aro ko`nglumni ul yuz mehridin man` aylamang
Kim, emas mumkin samandar o`tdin etmak ehtiroz.

Bir kun ohimdin o`shul badmehr ko`ngli yumshag`ay,
Nechakim po`lod erur qattiq topar o`tdin gudoz.

Yo rab, oxir netgamen ul sho`xi badxo` birlakim,
Zulm etar, qilsam tazallum, noz etar, qilsam niyoz.

Charxi minoyiy xati sirrig`a hamroz istama
Kim, bu xat mazmunidin dam urmay o`tmish ahli roz.

Ey Navoiy, sen base oludadomansen, magar
Ishq ul pok ila o`ynarsenki derlar pokboz.

202


Ramida ko`nglum erur ishq mubtalosi hanuz,
Boshimda bordurur ul sarvqad havosi hanuz.

Yuzung firoqida har bir ko`zum mening bir dog`
Qo`yupturur, vale tushmaydurur qarosi hanuz.

Faqih qildi duo Ishqdin qutulg`il deb,
Qabul qurbida ermas emish duosi hanuz.

Nechuk tama` qilayin mehr ila vafosinkim,
Haqir jonima darxo`rd emas jafosi hanuz.

Halok o`qi ko`zung urmish ko`ngulga tonmaki, bor
Yonida kirpiku qoshingdin o`qu yosi hanuz.

Haloking o`lg`ali jon ko`z qorardi, vah, yuz ochib,
Qoradin ani chiqarg`ilki, bor azosi hanuz.

Sipehr zulmidin ul nav` motamidur subh.
Ki, umrlar o`tubon chok erur yaqosi hanuz.

Navoiy jon berur, ul muddaiyni mahram etar,
Bu ishcha yuz ming emastur aning sazosi hanuz.

203

Jamoateki, junun man`ini manga qilasiz,
Tosh otibon ne uchun telbalarga qotilasiz?

Keting, ko`ngul bila jonkim, vidoingiz qildim,
Firoq agar budurur, erta kunni kech qilasiz.

Firoq vaqtidur, ey ko`zlar, emdi qon yig`lang,
Bilurmusizki, bukun ne kishidin ayrilasiz?

Ko`zum haqini bihil qildim, ey javohiri ashk
Ki, bore ham aning-o`q maqdamig`a sochilasiz.

Firoq nishlari, vahki, yana rahm etmay,
Nafas-nafas nega majruh ichimga sog`ilasiz?

Ko`ngul fasonalari, sizni, vah, netib yashuray,
Bu nav`kim, yuz uza qon yosh ila yozilasiz.

Navoiy hajrg`a qoldi, qiling visolda shukr
Jamoateki, sevar yoringiz bila bilasiz.

204

Navbahor ayyomi bo`lmish, men diyoru yorsiz,
Bulbul o`lg`andek xazon fasli gulu gulzorsiz.

Goh sarv uzra, gahe gul uzra bulbul nag`masoz,
Vahki, menmen gungu lol, ul sarvi gulruxsorsiz.

Tong emastur gar diyoru yorsiz ozurdamen
Kim, emas bulbul gulu gulzorsiz ozorsiz.

Ravza ashjori o`tundur, gullari jonimg`a o`t,
Mumkin o`lsa anda bo`lmog`lig` dame dildorsiz.

May chu berding zulf ila band et meni, ey mug`bacha
Kim, xush ermas mug` bila ichmak qadah zunnorsiz.

Topmaduq gulrang jome bexumor, ey bog`bon,
Vahki, bu gulshan aro gul butmas ermish xorsiz.

Ahli zuhd ichra Navoiy topmadi maqsadqa yo`l,
Vaqtingizni xush tutung, ey jam`kim, xammorsiz.

205

O`zga bo`ldi yoru mehri menda boqiydur hanuz,
Notavon ko`nglumda ul oy ishtiyoqidur hanuz.

Garchi o`zga yor istar xotirim, bordur valek
Jon anga manzil, ko`ngul aning visoqidur hanuz.

G`ayr ishqi ko`nglum uyinda nechuk qilg`ay nuzul
Kim, xayoli maskani ko`zum ravoqidur hanuz.

Ishq ila may tarkin, ey nosih, ne nav` aylay qabul
Kim, ko`ngulga orzu ul turfa soqiydur hanuz.

Furqat o`ti dofii dog` o`rtamakdur demakim,
O`rtagan jonim ul oy dog`i firoqidur hanuz.

Charx yolg`iz qilmadi Farhod qonin lolazor,
Lola qonin to`kkuchi aning nifoqidur hanuz.

Ey Navoiy, garchi meni mehrsiz der erdi yor,
O`zga bo`ldi yoru mehri menda boqiydur hanuz.

206

Xurram o`ldi bog`u bir guldin ichimda g`am hanuz,
Kuldi har yon g`unchavu ko`nglum ishi motam hanuz.

Bulbul o`ldi gul harimi hirmanining mahrami,
Gul uzorim ko`yida men telba nomahram hanuz.

Chiqti tuz har naxl uza bir ishqpechon chirmashib,
Vahki, bir qad ishqidin jismimda pechu xam hanuz,

Ochti savdo daf`ig`a sunbul musalsal turrasin,
Ohkim, bo`ynumda zanjiri junun muhkam hanuz.

Soqiyo, rahmiki tortib lola sog`ar dam-badam,
Lolagun sog`arg`a men bo`lmay dame hamdam hanuz.

Faqr naxlidin guli maqsud uzmak istama,
Etmay anda ohu ashkingdin havovu nam hanuz.

Bir so`zin istab Navoiy o`ldi, vahkim, yetmamish
Huqqayi yoqutidin ko`nglumga ul marham hanuz.

207

Sayl un chektiyu savdo menda bepoyon hanuz,
Dasht sarsabz o`ldiyu men telba sargardon hanuz.

Gunbadin qildi imorat g`unchaning yoz yomg`uri,
Telba ko`nglum uyi savdo saylidin vayron hanuz.

Har qurug` shox o`ldi dasht uzra sabodin hullapo`sh,
Tinmag`ur jismim junun vodiysida uryon hanuz.

Tong nasimi birla nayson yomg`uri ne sudkim,
Ohu ashkim dahr aro har dam solur to`fon hanuz.

Yong`il, ey Isodamim, husnung bahori haqqikim,
Bordurur muhlik jununumg`a davo imkon hanuz.

Ne osig` har oq gul o`lsa marham uchun bir momuq,
Chunki chiqmaydur yaramdin g`unchadek paykon hanuz.

Dasht hayvoni qocharlar suhbatimdin ram qilib,
Aqli yo`q nosih gumon aylar meni inson hanuz.

Kom yetkurmak g`animat angla hojat ahlig`a,
Ey g`aniy, bu damki koming birladur davron hanuz.

Shayx man` aylar junun har dam Navoiyg`a, ko`rung
Kim, bahor ayyomida oqildur ul nodon hanuz.

208

Ko`yung borida qilman jannatqa guzar hargiz,
Qadding qoshida solman tubiyg`a nazar hargiz.

O`qungg`a ko`ngul moyil, mujib nedur, ey qotil
Kim, o`tkanidin bo`lmas ko`nglumga xabar hargiz.

Bu jismi nizor ichra ko`nglumni gumon qilmang,
Shoxeki, qurur, anda kim ko`rdi samar hargiz?!

La`lingda malohatdin jon komidadur lazzat,
Bu ta`m qachon bergay tuz birla shakar hargiz.

Ko`ngliga fig`onimdin rahm o`lmasa, ey bulbul,
Gul g`unchasig`a bormu nolangdin asar hargiz.

Pil o`lsa sening xasming, desangki zarar topmay,
Bir pashshag`a olamda yetkurma zarar hargiz.

Maxlas tilasang g`amdin dahr ichra  Navoiydek,
Qo`ymag`asen ilgingdin sog`arni magar hargiz.

209

Zamone garchi yodim qilmas ul nomehribon hargiz,
Fig`onkim, yodi chiqmas xotirimdin bir zamon hargiz.

Oti og`zim aro mazkur, o`larmen ohkim, bo`lmay
Otim og`zig`a bir mazkur o`lurg`a komron hargiz.

Ko`ngul to vodiyi ishqig`a tushti, qilmadi bir ham
Vatanni yod ul ovorayi bexonumon hargiz.

Labidinkim, ko`zum yoshi jahonni la`lgun qildi,
Bag`ir juzvidin ayru topmadi bir qatra qon hargiz,

Iti faryodini yoqmang mangakim, xo`yidin umre,
Ulug`roq tinmadim, ne nav` chekkaymen fig`on hargiz.

Yorib ko`ksum junun ta`vizidek jon pardasin ochma
Ki, fosh o`lmaydur ul qonlig` necha dog`i nihon hargiz.

G`amu anduh ya`jujig`a har devor saddedur,
Fano mayxonasidek topmaduq dor-ul-amon hargiz.

Bu damni tut g`animatkim, kelur damdin asar yo`qtur,
Ne damkim, o`tti, xud andin kishi topmas nishon hargiz.

Qiron qilding, Navoiy, nazm arokim iltifot etmas,
So`zungdin o`zga so`zga xusravi sohibqiron hargiz.

210

Har necha ko`nglumni chok etsang qilur ishqing sitez
Ul sifatkim, o`tni yorg`an soyi bo`lur shu`la tez.

Sabr  ila  ishqim xusumat boshlab o`rtarlar  meni,
O`t bo`lur zoyanda, tosh etsa temur birla sitez.

G`am tuni rihlat sahobi jolasidur yo erur
Motamimg`a charx anjum javharidin ashkrez.

Vasl aro ashkim qilur tug`yon o`shul yuz tobidin,
Yoz faslida quyosh tez o`lsa bo`lur saylxez.

Sarvu g`unchang jilvasi kuydurdi elni, ohkim,
Dahr aro tubiyu kavsar birla solding rustxez.

Ko`z uyidin ul pariy ram qildi, mardum ashkidin
Bo`ldi chun hamxona tardoman erur avlo gurez.

Chun Navoiy vasl topti, emdi birdur, ey tabib,
Sharbatin gar zahr yoxud obi hayvon birla ez.

211

Mehnat o`tidin yoruqtur har taraf koshonamiz,
Bo`ldi go`yo ajdaho komi bizing vayronamiz.

Toyiri vasl uchti ashkim donasidin vahm etib,
Qushqa, vahkim, ram berur toli` yo`qidin donamiz.

Ul charog`i husn vayron kulbani yorutqali
Mehr sham`in yorutuptur har kuyuk parvonamiz.

Bo`ldi oshiq aql ila hazl aylabon vola ko`ngul,
O`tqa tushti o`ynay-o`ynay kul bila devonamiz.

El tilidin uyqu o`chmishtur ko`zumdin go`yiyo
Kim, erur baxt uyqusining boisi afsonamiz.

O`lturay bir may bila deb, tirguzursen, soqiyo,
Obi hayvon birla go`yokim to`lar paymonamiz.

Murshidekim, qilsa irshodi fano, billah anga
Bu vujudi orazidin o`zga yo`q shukronamiz.

Ko`yida ko`nglum ko`ngullar ichra ko`rdum, turfa ko`r,
Turfaroqkim, oshnolig` bermadi begonamiz.

212

Bo`lmasa ul but qoshi mehrobim ichra jilvasoz,
Kiblag`a, kofirmen, ar bosh indurub qilsam namoz.

Qon yoshimdin la`lgun kirpik bila aytur ko`zum
Orazing nazzorasin aylarda yuz til birla roz.

Qaddi vaslin istasam ra`nolig` aylar noz ila,
Husn bo`stonida ul sarkash qad ermish sarvinoz.

Odamiylig`din qochib yettim junun o`tin sochib,
Ey salomat ahli, aylang telba itdin ehtiroz.

Chehra och ko`nglumni desang kuyduray, hijronni qo`y,
O`t ne hojat, mum topsa mehr tobidin gudoz.

Rishtayi ashkin tutub tufrog` sori tortar fano,
Ul sababdin egma qad zohir qilur ahli niyoz.

Ey Navoiy, g`ayr naqshin pok yub jon lavhidin,
Yor uchun jon o`ynasang, ul lahza borsen pokboz.

213

Jilvamu qildi sarig` bo`rkin kiyib ul sarvinoz,
Yoki chekti shu`la axzar jism ila sham`tiroz.

Kuysa majnun ko`nglum ul yuz lam`asidin tong emas
Ne uchunkim aylamas devona o`tdin extiroz.

Ulki ermas ishqi poku sajda aylar ko`rsa husn,
Uyladurkim, aylagay fosiq tahoratsiz namoz.

Rozi ishqing derga paykoning erur ko`nglumga til,
Lol til birla qilur ermish takallum ahli roz.

Sekritib chiqti yana maydon sari ul turk mast,
To yana qaysi ko`ngul mulkiga qilg`ay turktoz.

Ishq agar komildurur, oshiq qilur ma`shuqni,
Yo`qsa nevchun ayladi Mahmudqa qulluq Ayoz.

Har maqom ichraki bo`lsang ayru bo`lma yordin,
Ey Navoiy, hojat ermas qilmoq ohangi Hijoz.

214

Tufrog`imdin koshki jisme murattab qilsangiz,
Bir it o`lsa ko`yida ruhig`a qolab qilsangiz.
   
Etmagay chobuksuvorim gardig`a, ey ahli ishq,
Mehrni rokib qilib, gardunni markab qilsangiz.

Bodano`shum bazmi g`avg`osidin, ey jonu ko`ngul,
Sam`ig`a yetmas necha faryodu yo rab, qilsangiz.

Olami ishq uzra bas loyiqdurur, ey dardu shavq,
Dudi ohimni sipehr, ashkimni kavkab qilsangiz.

Markabi na`lin mujallo qilg`uchilar zeb uchun,
Orazimg`a surtung ul damkim, muzahhab qilsangiz.

G`ayri no`shono`sh azal soqiysidin kelmas xitob,
Bizni bas may jurmidin bo`lmas muxotab qilsangiz.

To Navoiy, qismat o`lg`an mayni ichmas chora yo`q,
Do`stlar, avlo bukim, jomin labolab qilsangiz.

215

Yuzung firoqida har oh o`tinki chektim tez,
Ul o`t sharoralari bo`ldi har taraf gulrez.

Qazo musavviri go`yo hal etti la`liy rang
Labing aqiqini aylar mahalda rangomez.

Labing malohati g`avg`o ko`pardi olamdin,
Shakarni buyla kishi qayda ko`rdi sho`rangez.

Itingki sher zabundur anga, topa olman,
Desam ko`ray ani boshimdin o`zga dastovez.

Chu keldi xastalig`im so`rg`ali qadahno`shum,
Ketur piyolaki, o`lsam ham aylaman parhez.

Desang zamona sitezini har zamon ko`rmay,
Zamonni xush tutu qilma zamona birla sitez.

Guli sabox yuzin ko`rmagaysen, ey bulbul,
Bu gulshan ichra Navoiydek o`lmasang shabxez.

216

Yordin ayrilg`ali shaydo ko`ngul bexob ko`z,
Har zamon zohir qilur savdo ko`ngul, xunob ko`z.

Ko`zu ko`nglum bahru barsayr ettilar yor istabon,
Bu safarda toptilar yag`mo ko`ngul, g`arqob ko`z.

Ko`zu ko`nglumdin biri kuyub, birisin buzdi sayl,
Yo`qsa nevchun bo`ldi nopaydo ko`ngul, noyob ko`z.

Deb emish hajrimda mendek ko`zu ko`nglin asrasun,
Voykim, yo`qtur manga xoro ko`ngul, qassob ko`z.

Vah, ne kun bo`lg`ayki, yetkay vaslig`a ko`zu ko`ngul,
Tortibon faryodu vovaylo ko`ngul, yig`lab ko`z.

Ko`rmayin deb ko`rdi ko`z, ko`rgach ko`ngul qildi havo,
Bo`ldi zor etkan meni rasvo ko`ngul, qallob ko`z.

Do`st ko`zla, xasmdin uzgil ko`ngulkim, tushsa ish,
Bermasu olmas emish a`do ko`ngul, ahbob ko`z.

Ey Navoiy, go`yiyokim yor mehmon bo`lg`usi
Kim, murattab aylamish ma`vo ko`ngul, abvob ko`z.

217

Tiyradur uylakim, yorug`lug` anga qo`ymas yuz,
Shomi hajrimda agar bo`lsa quyosh har yulduz.

O`tti hijron kechasi ranjida umrum, yo rab,
Bir kun o`lg`aymuki, ushbu kecha bo`lg`ay kunduz.

Xo`blar anjumani ichra naziring yo`qtur,
Mehrni anjum ichida desa bo`lur yolg`uz.

Egriliklar esa zulfung harakoti ne ajab,
Kim yilonni harakat qilg`anida ko`rmish tuz?

Sendin ayru emas, ey do`st, o`lugu tirigim,
Qahru lutfung bila gar o`ltur, agar xud tirguz,

Gulda yo`q sarv qadi, sarvda gul ruxsori,
Sarvi gulro`yum erur husn tariqida to`kuz.

Soqiyo, may to`lakim arbada istar ko`nglum,
Ey qalandar, chola boshla o`kurur ko`kta qo`buz.

G`am g`izosi orasinda qani turkona ayog`,
To`ra oyini bila tomsa to`quz, oqsa o`tuz.

Ey Navoiy, tilasang yor ila topmoq payvand,
G`ayridin sa`y qilib rishtayi payvandni uz.

218

Yo`qki ul ko`z qoradur husnung aro, ey qorako`z
Kim, qoshing dag`i erur asru qaro, ey qorako`z.

Gar ko`ngullarni jaloyi vatan istar bo`lsang,
Esh tugunlarniyu zulfungni tara, ey qorako`z.

Qora nargis ko`zu gul yuz bila gar sen kebi yo`q,
Bulbule men kebi yo`q nag`masaro, ey qorako`z.

Qo`zlaring zaxm agar qilmadi har kirpik ila,
Bas, nedur ko`ngluma yuz yerda yara, ey qorako`z!

Menmenu bir yaramas ko`nglum, aning qatli uchun
Qo`z qora qilma, bir ishimga yara, ey qorako`z?!

Goh faqr ahlig`a ham rahm ko`zi birlan boq
Kim, duogo`yung erurlar fuqaro, ey qorako`z.

Sen Navoiyg`a vafo aylamasang, bor o`lsun
Shoh Abulg`oziy ibin Boyqaro, ey qorako`z.

219

Manga ul ko`zi qora dedi chuchuk chandin so`z,
Ne ajab ani qorako`z desamu shirin so`z.

Labi yuz va`dani andoq manga yolg`on qildi
Ki, dey olmas kishi yuz yilda bir andoq chin so`z

Hajring afsonasidin so`z der esam vasl tuni,
Topmag`ay tongg`acha tun yilcha esa taskin so`z.

Beliyu la`li labi ollida lol o`ldi xirad
Kim, erur biri daqiqu biri bas rangin so`z.

Har fasohatki, labing qildi, Masiho eshitib,
Jon topib, kelmadi og`zi aro juz tahsin so`z.

Husni vasfida so`zum tutti bari olamni
Murshidi ishq manga aylagali talqin so`z.

Bazmi aysh ichra Navoiy, ne ajab urmasa dam,
Ayta olmas chu nishot ahli aro g`amgin so`z.

220

Nuktasi mafhum o`lur, bo`lmas vale mafhum og`iz,
Tong emastur hech mafhum o`lmasa ma`dum og`iz.

Olloh-Olloh, turfadur bukim iki jonbaxsh lab,
Ikki yon ma`lumu ermas o`rtada ma`lum og`iz.

Vahmni yuz ming gumon ichra solur mundinki bor
Xatti mavhum ul bel, ammo nuqtayi mavhum og`iz.

Ul alifdek qad latofat ichra bo`ldi birga o`n,
Sifrdek to bo`ldi aning zimnida marqum og`iz.

Dol angakim ishq kitmoni kerak ishq ahlig`a,
Ishqing asrorida sirredur ajab maktum og`iz.

Vahki, ul yuzu og`iz shavqidin o`ldum, lek bor
Yuzidin yuz noumidu og`zidin mahrum og`iz.

Zahri hajr og`zim to`la naylab qilay o`pmak xayol,
Hayfdurkim, yetkay og`zi no`shig`a masmum og`iz.

Pok lafz ayturg`a og`zing pok qilkim, hayfdur
Yaxshi so`z borinda surgay nuktayi mazmum og`iz.

Ey Navoiy, maxlas istar bo`lsang el til, og`zidin
Nazmdin ham tilni tiyg`il, nasrdin ham yum og`iz.

221

Ul pariy ko`yida men devonani band aylangiz,
Band-bandim zulfi zanjirig`a payvand aylangiz.

Xalq tarki ishqi aylarga meni dilxastani,
O`lturub olam eliga mujibi pand aylangiz.

Telba ko`nglum topsangiz, ey yor ko`yi itlari,
To`sh-to`shidin tishlabon parkand-parkand aylangiz

Bodayi ishq asru mast etmish meni, ey do`stlar,
Jomima afyun ezib bir dam xiradmand aylangiz.

Yig`lasam achchig` malul o`lmoq nedur, ey xo`blar,
Hazl uchun gohe boqib, siz ham shakarxand aylangiz.

Ishq bahrida duri vasl istamang, ey ahli dard,
Ko`nglunguz ul naqdi yodi birla xursand aylangiz.

Qilsangiz tasviri Laylo husnin ul oydek sizing,
Lek Majnunni Navoiy birla monand aylangiz.

222

G`am yuki qilmaydurur yolg`uz meni mahzunni ko`j.
Ham bu yuk qilmish edi Farhod ila Majnunni ko`j.

Qildi chun Farhod ila Majnun qadin xam, ne ajab
Yuz alarcha za`f ila gar qilsa bu mahzunni ko`j.

Yuk agar budur ne Farhodu ne Majnunu ne men,
Rost, gar dersen bu yuk aylab turur gardunni ko`j.

Vah, ne yukdur buki gardun qomatin ko`j ayladi,
Uylakim gardunning ostida ko`rarsen nunni ko`j.

Yuzi mahtobida mushkin qoshi nevchun ko`j erur,
O`g`riliq gar qilmadi ul hinduyi mavzunni ko`j.

Egrilikka shuhra bo`lmoq istamassen, aylama
Ahli isyon xizmatida qaddi benuqsonni ko`j.

Gar Navoiy ko`j erur shah xizmatida ne ajab,
Chunki qilmish qullug`i Jamshidu Afridunni ko`j.

SIN HARFINING  SIYMINBARLARINING    
             SAVDOSI G`AROYIBDIN

223

Dahr sudidin tama` uzkim, ziyone besh emas,
Umrni tutqil g`animatkim, zamone besh emas.

Uy bino aylab ajabtur elni mehmon aylamak,
Ulki bu uy ichra besh kun mehmone besh emas.

Qo`y tavonolig` so`zin, yod et ajal xorinki, bil
Pashshalar nishi qoshinda notavone besh emas.

Kir fano dayridakim, har shayxu yuz savdo anga,
Ulki otin xonaqah qo`ymish, do`kone besh emas.

Eyki, bo`lmish xil`ating zarbaft bori bilkim, ul
Ma`no ahlin kuldururga za`farone besh emas.

Mehr toju charx taxting bo`lsa g`ofil bo`lmakim,
Mehr bemehru falak nomehribone besh emas.

Shahg`a ish el fikrini qilmoqdur ulkim, zeb kim?
Bir surug qo`ydur ruoyo, ul sho`bone besh emas.

Gar Navoiy istadi avvoralig`, ey ahli hush,
G`am yemang devonayi behonumone besh emas.

Avji davlat uzra bo`lsun doimo Bilqisi ahd
Kim, Zuhal qasrida har tun posbone besh emas.

224

Ne ajab gar nuql tuxmi g`am qushin rom aylamas,
Mast chun bir dam ovuch qoqmoqdin orom aylamas.

Tun quyoshqa yovuy olmasdekdur ulkim, may sari
Tiyralik shaxsi azimat bir-iki gom aylamas.

Fikru g`am qochmoqqa maydin istasang ravshan dalil,
Shayx yo zohid nedurkim boda oshom aylamas.


Ayni nozu shevadin kofir ko`zung, ey mug`bacha,
Tarfat-ul-ayne emaskim, qasdi islom aylamas.

Jism aro paykonlaring su qildi ko`nglum oh ila,
Bodai shavqin ajabkim, ichkali jom aylamas.

Voizo, aylab tama` qon yutmag`ilkim, piri dayr
Bodadin o`zga suvol ahlig`a in`om aylamas.

Dema ishq o`ynab Navoiy oqibat ne bo`lg`usi
Kim, bu ish og`oz qilg`an fikri anjom aylamas.

225

Kiyik charmi zaif egnimga majnunlug` nishoni bas,
Junun toshi sinuq boshim uza qush oshyoni bas

Damingni asra, ey Isoki, ranjim daf`ig`a har kun
G`izo ul oy qilichi zaxmining bir qatra qoni bas.

Senu hayvon suyi, ey Xizr, tutqil tarki jonimkim,
Manga yor ollida o`lmak hayoti jovidoniy bas.

Shahu izzat saririkim, agar budur jahon johi,
Manga idbor ko`yida mazallat xokdoni bas.

G`aniyu ko`nglida pinhon diram fikriyu ishq o`ti
Mening ko`nglumda kuydurgan necha dog`i nihoniy bas

Sanga kavsar suyiyu lahni Dovudiyki, dayr ichra
Mug`anniy nag`masi birla manga jomi mug`oniy bas.

Havodis daf`ig`a shah ko`k hisori uzra gar chiqsun
Ki, faqr ahli uchun dayri fano dor-ul-amoni bas

Fig`onkim, lutfu qahrig`a tafovut yo`qni ham anglab,
Fano ahlig`a javrin qilmadi bu dayri foniy bas.

Navoiydek o`lar holimda demang huru jannatdin,
Sezing barchaki, bu ovorag`a bir ko`rmak ani bas.

226

Nafis kiyguluk o`lsa yalang tanimg`a havas,
Hasir naqshi hasiriy libos o`rnig`a bas.

Sirishk yo`lini xas birla tuttilar, yoxud
Ko`zumni yo`lig`a surtarda muncha to`lmish xas.

Bir o`t dimog`ima hajr urdikim, nafas andin
Chiqar samum o`lub, ar xud bo`lay Masihnafas.

Azim aningdek erur ishq mahmilikim, anga
Qazo falakni ikki bo`lsa bo`lg`ay ikki jaras.

Tanimg`a choklar ochti, ne ayb agar o`lsam
Ki, ruh bulbulining loyihi emas bu qafas.

Ko`ngulki, kofiri ishq o`ldi or erur zunnor,
Nedinki mug`bacha zulfin beliga qildi maras.

Fano havas qilu faqr et havo Navoiydek,     
Vale havovu havas, qilmag`il havovu havas.

227

Dame ermaski, la`lingdin ko`ngul yuz laxt qon ermas,
Dag`i har laxt qon yoshim bila ko`zdin ravon ermas.

Yuzung mehri ichinda ko`z solib og`zingni ko`rmasmen,
Agarchi zarra xurshid ollida ko`zdin nihon ermas.

Ushalg`an har so`ngak jismimda go`yo ka`bataynedur,      
Nihoniy dag`i zoid nuqtasidurkim ayon ermas.

Erur dardimg`a taskin bu kecha lekin to`shuk ko`ksum,
Ajab gar novaki ko`nglumga kirgandin nishon ermas.

Meni o`lturgali g`amzang o`qi umredurur, lekin
Tirig la`ling xayoli birlamen, jismimda jon ermas.

Lahad kunjin vatan aylab tiniptur umridin Majnun,
Ne bo`lsa, men kebi ovorayi bexonumon ermas.

Bu davr ichra qachon jomi farog`e yetgay, ey soqiy,
Chu bir dam dardu mehnat zahri chekmakdin amon ermas,

Agarchi qon yutar bulbul, vale ne g`am anga chunkim
Navola g`unchadin ayruyu guldin o`zga xon ermas.

Navoiy o`ldi, gar parvona kuydi, bulbul un chekti,
Bular gar yaxshidurlar, ishq aro ul ham yomon ermas.

228

Sunbulin Laylo ochiptur, yel abiroso emas,
Dog`ini Majnun qonatmish, lolayi hamro emas.

Nastaran ko`zgusida bir sari men, bir sari yor
Chehra aksin ko`rguzupturbiz guli ra`no emas.

Gulni o`xshatqan uchun yorimg`a go`yo bog` aro,
Muztarib ko`nglum qushidur, bulbuli shaydo emas.

Sunbul ustidin nasim eskach, nigorim turrasin
Yod qildimkim, dimog` oshuftadur, savdo emas.

Nargis oltun jomining ollida kofuriy harir
Pardayi jonimdurur marhun, qadahpolo emas.

Dema, afg`onimda bulbul nolasidek yo`q nishot,
Bu ham anduhzo emas, gar ul nishotafzo emas.

Gulni sarv uzra xayol ettim ko`ngul bo`stonida,
Rost aytay: sarvi gulro`yum kebi zebo emas.

Bo`lmangiz mag`ruri husn, ey sho`xlarkim, bog` aro
Siz kebi bilturg`i gullardin biri paydo emas

Manga gulrux soqiyu bulbulg`a gul tutti qadah,
Mast erur ul ham Navoiydek, vale rasvo emas.

229

Demakim, no`shi labidin quti jon qildim havas,
Obi hayvondin hayoti jovidon qildim havas.

La`li no`shidin gar o`lsam ham emastur aybkim,
Hazm eta olmas g`izo men notavon qildim havas.

Tosh yebon atfol komi birla jon bersam ne tong
Kim, pariy vaslig`a jonni komron qildim havas

Ostoning istadim bosh qo`ysam ermas aybkim,
Saltanat taxtin meni bexonumon qildim havas.

Har fatila zaxm arokim, erdi chektim jon aro,
Ko`ngluma qo`ymoq necha dog`i nihon qildim havas.

Zuhd ila yo`l topmadim maqsadg`a may tut, piri dayr
Kim, o`zumni emdi rasvoyi jahon qildim havas.

Ey Navoiy, tog`u vodiy tutmog`im ayb etmakim,
Yashurun dardim demak tortib fig`on qildim havas.

230

Bas nedur ko`z gar xayoling xaylig`a manzil emas,
Har qora bir o`t yeri davrinda kirpik xoru xas.

Jannat ahlig`a erur har lahza ko`yung orzu,
Do`zax ahli uylakim jannatni qilg`aylar havas.

Novaking paykonini to chektilar nolon ko`ngul,
Aylamas afg`on ko`ngulsizlikdin andoqkim jaras.

Dema men majnung`a, ey nosihki, bas qil ohni
Kim, manga ish ul pariy ishqida bo`lmish ohu bas.

Za`fdin bexud ko`rub, og`zimga ul yuz ko`zgusin
Qo`ysang ul dam urmag`aymen, billah ar o`lsam, nafas

Dayr piri xidmatig`a chekmayinmu belni chust,
Kim, necha zunnordin tongmish belimga bir maras.

Soqiyo, davron agar budur, Navoiy har zamon,
Jomig`a behush doru qotmog` aylar multamas.

231

Oh o`qin jon ichra asrab, ko`nglum izhor aylamas,
Yo`qsa bir dam bormukim, yuz jonni afgor aylamas.

Vah, ne yuzdur ulki taqlidin qilib naqqoshi Chin
 Cheksa yuz suvrat, birin yuzdin namudor aylamas.

Ishqdin chun munkir o`lmish ko`nglum o`lturmak ne sud,
Hajrdin to ani qo`rqutmassen iqror aylamas.

Qo`ydung, ey aql, ochqali yuz pora ko`nglum zulfini,
Har biri bir rishtasin qandinki zunnor aylamas.

Jon fido qilg`umdurur, la`ling qabul etsun desam
Derki: Ruhullah bu nav` ishlarga begor aylamas.

Ne osig` har zarrag`a ohim quyoshdek solsa o`t,
Ul quyosh ko`ngliga chunkim zarrae kor  aylamas.

Soqiyo, davr ichra ul yuz aksi ko`rguzgan qadah,
Fitna aylarkim, sipehru mehri sayyor aylamas.

Foniy o`l, gar istar ersang mehrkim qilmas nasib
Kimni bir davlatqakim tengri sazovor aylamas.

Demangizkim,  barxabar bo`l telba  ko`nglumdin, chu ul
Qaydakim borsa Navoiyni xabardor aylamas.

232

Zulfidin ayru jununumg`a desam tadbir emas,
Telba itka chora derkim, qatl erur zanjir emas.

Orazin ko`rsam nedur deb so`rma ko`nglum holatin,
Chehra tag`yiridin angla hojati taqrir emas.

Har tun anjumdin mening holimg`a gardun ashki bil,
Charx uza ohim buxori tafidin ta`sir emas.

Zulfi pechu tobig`a borib kelur shaydo ko`ngul,
Bovujudi tiyralik, ko`rgilki ko`p dilgir emas.

Istasang qatlim chiqarg`il tiyg`u ihmol etmakim,
Ne desang mendin bo`yunsunmoqda xud taqsir emas.

Dayr aro usruk ko`rub, zohid meni ayb aylamish,
Bilmamish miskinki, hech ish xoriji taqdir emas.

Ul pariy qilmish meni majnunu rasvo shahr aro,
Ey Navoiy, go`sha tutkim, hojati tashhir emas.

233

Dam-badam la`ling xayolidin ichim qonmu emas,
Qatra-qatra ko`z yo`lidin yuzga g`altonmu emas?!

Gah o`lub, gohe tirilsam, tong emas, vah, g`amzasi
Qotil ermasturmu yo no`shi labi jonmu emas?!

Ne ajab, ishq ofatidin chiqsa jon tan mulkidin,
Shah na zolimmu emas, yo mulk vayronmu emas?!

Novaki zulm urmog`ingdin tonmag`il, ey qoshi yo,
Tanda zaxm ermasmu, yo ko`nglumda paykonmu emas?!

Telba ko`nglumni dema ko`p vola ermas ishq aro,
Shuhrayi ofoq, yo rasvoyi davronmu emas?!

Dahr sho`xig`a ko`ngul gar bermadim, ayb etmangiz,
Ishvasi chinmu emas, yo ahdi yolg`onmu emas?!

Dasht aro ko`rsang Navoiyni emas majnun dema
Toshmu urmas ko`ksiga, yo jismi uryonmu emas?!

234

Chok bo`lg`an ko`ngluma qilmoq iloj oson emas,
G`unchakim, ochildi, butkarmak ani imkon emas.

Ko`nglum ichra gulbuni dard uzra har yon g`unchadur,
Ey muolij, daf`ig`a sa`y etmakim, paykon emas.

Mehrim o`tin hushu sabru aqlu his yoshurmadi,
Mehri lomi` to`rt burqa` keynidin pinhon emas.

Otashin la`ling g`amidin ko`nglum erur pistae
Kim, kuyubon chok o`luptur g`unchayi xandon emas.

Zohido, man` aylading ko`nglumni maydin, bilmading
Kim, samandarg`a yolindin sud erur, nuqson emas.

Engsa dayr ichra meni hayrat ne tong, ey mug`bacha,
Kimdurur bu korgah vaz`ig`akim hayron emas.

Dardi hajringdin Navoiy ko`ksi uzra dog`u na`l,
Tan harimig`a ajab gar shamsavu ayvon emas.

235

Xasta ko`yungda yotmisham bekas,
Tutquchim, qopquchim itingdur bas.

Ashk aro o`rtadi tanimni g`aming,
Garchi kuymas su ichra tushkan xas.

Jonu nolon ko`ngul bila ne ajab
Posboning kecha yurutsa jaras.

O`qlaringdin ichimda istasa ishq
Yasay olur ko`ngul qushig`a qafas.

Xoni husn ichra xolingu og`zing
Keldi xashxoshning yonida adas.

Tori ummid aro harisni bil,
Rishtai ankabut ichinda magas.

Iting o`ldi Navoiy, ey chobuk,
Bo`ynig`a muhkam ayla halqa maras.

236

Bizga olam bog`idin ul sarvi gulruxsor bas,
Goh andin jilva, gohe davlati diydor bas.

Yog`lig`in zaxmimg`a bog`larg`a ne haddim istamak,
Qilsa lutf andin muni tikmak uchun bir tor bas.

Men kimu zulfung tamannosi, agar kufr istasam,
Itlaring bo`yni tanobidin manga zunnor bas.

Hajr o`tidin sindi ko`nglum istaman qasring panoh,
Soya bir ko`ngli buzulg`ang`a buzug` devor bas.

Ko`zda bir uyquni ko`rsam, uyquda ko`rsam seni,
To ajal uyqusi ushbu davlati diydor bas.

Voizo, men osiy erman huru jannat loyiqi
Mug`bacha soqiy, maqomim kulbayi xammor bas.

O`zlugungdin o`zni salb etsang g`araz bir gomdur,
Ey Navoiy, qilmag`il bu shevani zinhor bas.

237

Manzilekim, ul pariypaykarni ko`rdum bir nafas.
Gar ani topman hamul manzilni qilsam tavf, bas.

Rangsiz xoli yuzining zebidur, vahkim, degay:
Husni xonig`a keraklik muncha bo`lg`ay bir adas.

Bandi zulfung bo`ynuma tushkach halok etti meni,
Itka, jono, hech kim o`lturgali taqmas maras.

Ishqing ichra bulhavas gar desalar, yo`qtur g`amim,
Bok yo`q bu ta`ndin bo`lsa manga vasling havas.

Ashk bahrinda agar jismim g`ariq ermas, ne tong,
Yo`q anga ul vaznkim cho`mg`ay tengizga tushsa xas.

Bu chamanning gullariga yo`qtur, ey bulbul, vafo,
Avlo ulkim, aylasang gulbong chekmaklikni bas.

Chora ne bo`lg`ay Navoiyg`a firoqing shomida,
Gar xayoling bo`lmasa bechoralarg`a choraras.

238

Fig`onkim, ko`nglum olg`an dilbarim dildorlig` bilmas,
Bilur oshiqni g`amgin qilmoqu g`amxorlig` bilmas.

Nechuk dey yor emas, dushman demak bo`lmas, xud aytaykim,
Erur xud yor ul, ammo tariqi yorlig` bilmas.

Ko`ngulda zorlig` birla fig`on ko`yungda ayb etma,
Gadoyi xastaedur juz fig`onu zorlig` bilmas.

Og`irroqdur firoqim tog`idin baxtimning uyqusi
Ki, nolam bo`ldi rustoxezu ul bedorlig` bilmas.

Bo`lub majnun pariydek itmisham, nevchunki yorim ham
Pariypaykardur, ammo g`ayri majnunvorlig` bilmas.

Ketur, ey soqiyi mahvash, manga bir sog`ari dilkash,
Ki, davron yorlig`, aflok juz g`addorlig` bilmas.

Qazo ilgi tilarmen yer bila hamvor qilg`aykim,
Zamon ahli zamondek g`ayri nohamvorlig` bilmas.

Mening yorimda anedurki, andin o`rtanur jonim,
Ki, ani har quyosh yuzlug shakarguftorlig` bilmas.

Navoiy ko`zlarining mardumidin javri qon to`kti,
Darig` ul sho`xi mardumkushki, mardumdorlig` bilmas.

239

Chok etib ko`nglumni ochilsun demak imkon emas,
G`unchani amdon ochib, gul aylamak oson emas.

Dema zohidkim, nedin hayronsen ul ruxsorg`a,
Olam ichra bir kishi topkim anga hayron emas.

Qatra sulardur ko`ngul o`tig`a taskin bergali
Kim, ul oy yog`durdi qoshi qavsidin paykon emas.

Hajr dashtida quyundekmen, vale ul men kebi
Xoksoru bodapaymo dag`i sargardon emas.

Garchi husnung ko`zgudin kirdi temur qo`rg`on aro,
Mehrdek oyinagun, aflokdin pinhon emas.

Gul vafosizlig`larini sharh etar ming daston,
El gumon qilg`an kebi bulbulda ming daston emas.

Ey Navoiy, ul pariydin odamiylig` ko`rmasang,
Ayb emas, ul hurdur yoxud malak, inson emas.

240

Xo`blarg`a meng ul oyning toza qulluq dog`i bas,
Ko`zlariga surma ko`yining qaro tufrog`i bas.

Besutun sayrini naylaykim, manga egnimdagi
Ko`k ravoqig`a sutun bo`lg`an malomat tog`i bas.

Chun tanim zog`u zag`ang`a tu`ma bo`ldi, ey sipehr,
Yuz balo qullobin olg`ilkim, alar tirnog`i bas.

Shohu toju xil`atikim, men tamosho qilg`ali
O`zbagim boshida qalpoq, egnida shirdog`i bas.

Go`shayi mayxonadin gulshang`a bormankim, manga
Gul uza nasrin mayi gulrang uza kup yog`i, bas.

Yoshing ellik bo`ldi, yuz qo`yg`il fano tufrog`ig`a
Kim, shabob ayyomi ayshu beadablig` chog`i bas.

Gar Navoiy holig`a ul sho`x boqmas rahm ila,
Goh ibrat birla ham ul yon nazar solmog`i bas.  

241

Sendegu kiygan shabandarro`z hullangdek emas,
Kechavu kunduz libosin kiysalar oyu kunas.

Ishq sargardonlari boshimg`a evrulmak ne tong
Kim, bu vodiyda quyunmen, ul jamoat xoru xas.

Ishq eli ko`nglum fig`onidin topar maqsadg`a yo`l,
Dasht aro har yon oziqqanlarni charlar bu jaras.

Zulf aro xoling ko`ngullar xaylini toroj etar
Qalb shabravlar libosin kecha olg`andek asas.

Oq uyidin hech jonib ul pariy qilmas havo,
Ne ajoyib, qushqa, ko`rkim, ne munosibdur qafas.

Sidq ahli ohidin, ey husn sham`i, vahm qil
Kim, kavokib sham`in etti tiyra subh urg`ach nafas.

Dayr piri mast etib, ko`nglumni oldi mug`bacha,
Qilmang, ey ahbob, mug` dayri tamoshosin havas.

Bosh oqarib yuz qoralig`dur yana tarki adab,
Do`st g`ayrat aylamasdin burna qil isyonni bas.

Taq Navoiy bo`ynig`a desam tanobi zulf, der:
Ko`y iti bo`ynig`a kim taqqandurur mushkin maras.

  SHIN HARFINING SHO`XLARINING
        SHAMOYILI G`AROYIBDIN

242

Zihe kamol ila kavnayn naqshig`a naqqosh,
Mukavvanot vujudin vujudung aylab  fosh.

Vujudung ayladi mavjud ulusnikim, bo`lmas
Vujud zarrag`a mavjud bo`lmag`uncha quyosh.

Sanga yetishmasa tong yo`q bu aqli zulmoniy
Ki, mehr sham`ig`a parvona bo`lmadi xuffosh.

Qayu pariyg`aki qilding yuzin quyosh, berding
Ko`ngul jununi uchun anbarin hilol ila qosh.

Angaki, bo`ldi junun ishq ichinda yog`durdung
Xirad qushini uchurmoqqa tifllardin tosh,

Aningki, ko`nglida ishq ahgarini yoshurdung,
Nihoniy o`tin ulug` tinmog`idin etting fosh.

Muvasviseki, maoshini aql ila tuzdung,
Fano yo`lida ayading berurga aqli maosh.

Hakimi qudrating ollinda charx ila  anjum,
Muhaqqar uylaki xashxoshu donayi xashxosh.

Yo`lungda o`ldi Navoiyu bo`ldi tufrog` ham,
Yopushsa erdi bu ko`y itlari ayog`ig`a kosh.

243

Meni sargashta jismin dog` ila qon lolazor etmish,
Quyun yoxud to`kulgan lolazor ichra gulzor etmish.

Tanimdin qon chiqorg`an har taraf paykonlaring go`yo
Erur yomg`urki, tufrog`din chechaklar oshkor etmish.

Ko`ngul birla so`ngak manqal aro o`tu o`tundekdur,
Malomat toshlarin to ishq tegramda hisor etmish.

Yuzin may gul-gul etkandin xarosh ermas unum, balkim
Ko`ngulda xorxori nolam andomin figor etmish.

Labing jonimg`a solg`an shu`lalar ichra qazo go`yo
Ulug`roq la`ldin axgar, kichikrakdin sharor etmish.

Bo`la olsam ulusqa ul quyoshni ko`rgali moni`,
Ne g`amdur gar yo`lida charx jismimni g`ubor etmish.

Halokim bilgay ulkim, bordur ul yanglig` jafokore
Ki, tavrin husn beparvolig`i oluftavor etmish.

Kabutar qasr burjida emas shah shastidin emin,
Xusho, ul chug`zkim vayrona kunjin ixtiyor etmish.

Maof ermish qayon gom ursa rahrav noqayi jismi,
Nafas torin qazo chun burnig`a aning mihor etmish.

Mug`anniy nag`masi jon bersa bazm ahlig`a tong yo`qkim,
Navoiy rishtayi jonin eshib changiga tor etmish.

244

Ko`ngulkim zarnishon paykonlaringdin notavon bo`lmish,
Magar bu bog` aro ul barglar birla xazon bo`lmish.

Guli ra`no kebi kog`az uza nomingni yozmay men
Sarig` erdi yuzi, xunobi ashkim birla qon bo`lmish.

Yuzumni ashkmu yo`llar qiliptur yo nazar payki
Seni istarga ko`p har yon yugurmakdin nishon bo`lmish.

Qurug` shoxedurur jismimki, ko`z davrida kirpikdin
Xayoling qushlarig`a anda ikki oshyon bo`lmish.

Ko`zum xunob aro bo`lmish biaynih uylakim ko`nglum
Qorasi qon aro ko`nglumdagi dog`i nihon bo`lmish.

Sirishk ollida mujgon shoxi sanchib bog`layin dermen,
Yo`lin bu selningkim, elga andin ko`p ziyon bo`lmish.

Yuzung hajrida bilkim, qon yoshim oqmish chaman ichra,
Qachon ko`rsangki, har bir shox uza gul arg`uvon bo`lmish.

Murassa` qilma chatring lojuvardiy atlasin, ey shah,
Gado ollidakim, bu nav` chatri osmon bo`lmish.

Navoiyg`a demang ul tifl ishqin asrag`il maxfiy,
Bu damkim holi shahr atfoli ichra doston bo`lmish.

245

Chiqti yorim kecha yo`l azmin qilib ul bag`ri tosh,
Bas, ajoyibdur qorong`u kecha chiqmog`lig` quyosh.

Gar quyoshqa el nazar qilsa ko`ziga yosh to`lar,
Ul quyosh borg`ach nazardin, ko`zlarimga to`ldi yosh.

Zaxmidin ko`p qon borurdin qoldi chok o`lg`an ko`ngul
Zangdek afg`on chekib, xaylida bo`lg`ay erdi kosh.

Furqatingdin yig`labon haqdin visoling istaram,
Gah socharmen boshqa tufrog`, gah qo`yarmen yerga bosh.

Qatra qonlarkim tomar ko`ksumga urg`an toshdin,
Zaxmdindur demakim, qon yig`lar ahvolimg`a tosh.

Chun to`sharlar oqibat ustungga xoro birla farsh,
Ne osig` ostingda gar charx atlasidindur firosh.

Fosh etar mehrin Navoiyning sarig` ruxsorasi,
Subhdekkim sarg`arib ruxsori aylar mehr fosh.

246

Qatiq dardim zuloli ashk etar fosh,
Suzuk su ichra qolmas yashurun tosh.

Halokim vasl aro mingdin bir etting
Ki, bergay tengri bir yoshingg`a ming yosh.

Demakka fitna ta`limin bo`lub xam,
Qulog`ing sari bosh eltiptur ul qosh.

Magar sochingni tiyding fitnadinkim,
Parishonhol ayog`ingg`a qo`yar bosh.

Yasar chog`da labing rangini go`yo
Eziptur obi hayvon birla naqqosh.

Qadah, ey mug`ki, jon aylay nisoring,
Necha bo`lsam xarobot ichra qallosh.

Navoiy joni sensiz dardisardur,
Borurda ani ham olg`ay eding kosh.

247

Chu bildi sham`kim, g`am shomi ko`nglumni halok etmish,
Tanin ashk etmadi yo`lkim, yoqa holimg`a chok etmish.

Chamanda yo`qki bulbul, zog` ham un cheksa za`f aylar
Hazin ko`nglumni ko`rkim, furqating ne dardnok etmish.

Ko`nguldin g`ayr yodi chiqti yetkach tiyri boroning,
Kudurat naqshidin yomg`ur suyi bu uyni pok etmish.

Quyun yanglig` guzar ko`yiga qilmog` gar erur mumkin,
G`am ermas, vodiyi hijroni gar jismimni xok etmish.

Su ichmay ko`ngli zuhdumdin agar ketmish edi soqiy,
Vuzu ibriqida maydur to`la, keldeg ne pok etmish.

Falak paykoni zulmi, vahki, teshmish xasta ko`nglumni
Nechukkim, tomchi bir yer uzra ko`p tomib mag`ok etmish.

Qadah tutkim, qizartay chehra, ey soqiyki, hijroning
Yuzumni asfar andog`kim, xazoniy bargi tok etmish.

Balodur nafs shirki faqr yo`lida, xush ul foniy
Ki, bir rahravg`a jismi tufrog`in gardi shirok etmish.

Navoiyni dedingkim, bir jafo birla halok aylay,
Vafo qil emdikim, bu orzu ani halok etmish.

248

Ko`z ko`tarman ul quyoshdin gar ko`zum qilmoqqa resh.
Pashshalar yanglig` havo uzra chekar har zarra nish.

Telbalik bog`i gulu nilufari erkin bukim,
Ham ko`kardi xalq toshidin tanim, ham bo`ldi resh.

Xushturur ko`nglumda zulfu qaddidin na`lu alif
Kim, bu qurbondek topilmas andoq o`qu yog`a kesh.

Beli tori, hajridin jismim bo`luptur tordek,
Ey falak! Rahm et, bu ikki rishtani bir-birga esh.

Turfa ko`rkim, ko`ngluma ishqing kirarga yo`l bo`lur,
Nechakim, ishqimni tark etqil, debon ko`ksumni tesh.

Istasang dayri fano tavfin belingdin, ey faqih,
Qayd zunnorin uzub, zunnor qaydin dag`i yesh.

Ta`n qilmangkim, Navoiy bekasu beyor emish
Kim, anga olamda oshiqliq ish o`lmish, ishq esh.

249

Orazin yopqach ko`zumdin sochilur har lahza yosh,
Uylakim paydo bo`lur yulduz, nihon bo`lg`ach quyosh.

Qut bir bodomu yerim go`shayi mehrob edi,
G`orati din etti nogah bir balolig` ko`zu qosh.

Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,
Subhning bot-bot dami andoqki aylar mehr fosh.

Bo`sae qilmas muruvvat asru qattiqdur labing
Desam, og`zi ichra aytur la`l ham bor nav`i tosh.

Novaking ko`nglumga kirgach jon talashmoq bu ekin
Kim, qilur paykonini ko`nglum bila jonim talosh.

Umri jovid istasang fard o`lki, bo`ston Xizridur,
Sarvkim, da`b ayladi ozodalig` birla maosh.

Qoshi ollinda Navoiy bersa jon ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qayg`usidur barcha bosh.

250

Sarig` gul demakim, chun sarvinozim bog` aro bormish,
Yuzin ko`rgach qizil gul za`f etib, ul nav` sarg`armish.

Ko`ngul atrofida ochqan uchun hijron o`qi yo`llar,
Balo xaylini ishqing shahnasi ul sari boshqarmish.

G`aming minnat qo`yub jonoldi, vah, jonimg`a yuzminnat
Ki, xud bori tiriglik minnatidin jonni qutqarmish.

Kaloming gavharidek topmamish, garchi sabo ilgi
Yoqasin g`unchaning yirtib nechakim qo`ynin axtarmish.

Ko`ngulni chok-chok etkach, yetishti o`qi har yondin,
O`tun qo`ymoqqa go`yokim bu o`tning tush-tushin yormish.

Nechakim qad chekar, sarkashlik aylar anbarin zulfi,
Agarchi kun biyik chiqqanda doim soya qisqarmish.

Ilig bo`g`zig`a eltib, shisha to`kmish qon yoshin mendek,
Magar soqiy ayog`in o`pkali ul dag`i yolbormish.

Yugurma rizq uchun ne yetsa haqdin anglakim, komil
Ne kelturgil demish, ne g`aybdin kelganni qaytarmish.

Firoqu zuhd daf`ig`a Navoiy ishq sahbosin
Magar to`qquz tutub, to`qquz falak jomini sipqarmish.

251

Porsovash dilsitonim bo`lg`an ermish bodano`sh,
To boshim bo`lg`ay ayog`ing bo`lg`usi, ey mayfurush.

Ichganin ko`rgan zamon-o`q mast bo`lg`ungdur, demang
Kim, eshitgan lahza mendin zoyil o`lmish aqlu xush.

Bazmi vaslidin yiroq og`zimda xumdek muhr erur,
Tong emas qonimg`a maydek shavq o`tidin tushsa jo`sh.

Jonu ko`nglum qon yutub afg`on chekarlar hajridin,
Ishrat ahli may ichib bazmida qilg`ondek xurush.

Chok ko`nglak birla to usruk chiqibsen, ohkim,
Kisvatin mayxona rahni aylamish yuz xirqapo`sh.

Subhidam ul but sabuhi bazmin ettim orzu,
Chiqmag`il dayfi fanodin deb nido qildi surush.

Ey Navoiy, qoru ermas bo`lsa yuz ming jon fido,
Gar qadahno`shum iki la`li mayidin tutsa qo`sh.

252

Seni ko`rgach der edim, bir mehribonim bor emish,
Olloh-Olloh, ne balo botil gumonim bor emish.

Orazing mohiyyatu og`zing so`zin sharh aylaram,
Vah, ne tab`i poku zehni xurdadonim bor emish.

Chok qil ko`ksumni, ey badmehr, tokim bilgasen,
Tiyg`i hajringdin ne nav` ozurda jonim bor emish.

Ne hayot erdi, o`lar holimdakim, ko`rgach meni,
Noz ila dedi hanuz ul notavonim bor emish.

Javhari ishqin olurg`a xalq maxfiy naqdidek
Jon ichinda bir necha dog`i nihonim bor emish.

Yuz g`amim bor erdi, mug` ko`yiga kirgach bo`ldi daf`,
Vahki, men g`ofil ajab dor-ul-amonim bor emish.

Derki, yolqibmen Navoiy unidin, vah, yaxshidur
Kim, tiriglikdin nishondek bir fig`onim bor emish.

253

Vusma birla qoshin ul mahvashki rangin aylamish,
Ko`zi jallodi qilichig`a yashil qin aylamish.

Ko`nglum o`tin demakim, tortar zabona zulfidin
Kim, ul af`i til chiqarmog`lig`ni oyin aylamish.

Sunbulung af`isidin zaxme yemish go`yo tarog`,
Yo`qsa nevchun orazin boshtin-oyoq chin aylamish.

Titraguchdin qilmish ul kirpik yasolig`a alam,
Vah, yana to ne ko`ngul yag`mosig`a kin aylamish.

Uyladurkim, ilgini hinno uza qilmish nigor,
Ulki gulgun ko`nglak uzra to`nin epkin aylamish.

Raz qizidin, soqiyo, birdam meni shod aylakim,
Charx zoli g`ussasi ko`nglumni g`amgin aylamish.

Gar Navoiyg`a Sulaymon mulkicha bordur ne tong,
Buki Bilqisi zamon nazmini tahsin aylamish.

254

Ne abrashdurki, sekritmish yana maydong`a ul mahvash,
Qizil, oq gul bila yeldin magar xalq o`ldi ul abrash.

Jahon maydonida to sho`x chobuklar qilur javlon,
Kishi ko`rmaydur andoq abrash uzra ul sifat mahvash.

Emas abrash, sipehredur shafaqdin ko`rguzub anjum,
Quyoshturki anga rokib, tong ermas gar erur sarkash.

Nechuk o`lmay ul abrash uzra ul mahvashni ko`rgachkim,
Hamul abrash erur sarkash, hamul mahvash erur sarxush.

Meni majnun yiqilsam ko`rgach-o`q, hayrat yeri ermas
Ki, aqli kulga har soat erur nazzorasidin g`ash.

Pariyvash raxsh uza sarxush pariy javlon qilur, netsun
Junun jomig`a qilmay bodapolo ahli taqvo fash.

Quyun yanglig` egarsa abrashin ul sho`x, dam urman
Navoiydek, nedinkim ushbu so`z bor asru ko`p chirmash.

255

Ul sarv uzori guli serobdek ermish,
La`li labi gul uzra mayi nobdek ermish.

Ko`rdum qoshi aksini ko`ngul ko`zgusi ichra,
Bu qiblanamo, ul munga mehrobdek ermish.

Ko`rdum ko`ngul ahvolini ko`ksum to`shugidin,
La`ling g`amidin qatrayi xunobdek ermish.

Husn anjumani ichra yuzin ko`rmamish erdim,
Anjum aro xurshidi jahontobdek ermish.

Devona ko`ngul qaydi junundin ne qutulsun
Kim, har xami zulfung anga qullobdek ermish.

Tut faqr etagin, atlasi zarbaft so`zin qo`y
Kim, ul dag`i tan hifzida moshobdek ermish.

Bir yo`li Navoiyni yiroq solma nazardin
Kim, ul dag`i bir kun sanga ahbobdek ermish.

256

Ne ajab gar bor esam devonavashlig` birla xush
Kim, ko`ngul olg`an pariyro`yum erur devonavash.

Man` etarsiz hushi yo`q ko`nglumga la`li bodasin,
Ayting, ey hush ahli, kelgaymu bu so`z usrukka xush.

Sofi vasli bo`lmasa gar barcha zahri hajridur,
Soqiyo, bir jur`a tutkim, oldi jonimni atash.

Soldi ko`nglumni g`ami hijron gudozi ichra yor,
Go`yiyokim ishq aro ul qalbda bor erdi g`ash.

Vah, ne yanglig` sog` o`lay men telba bu holatdakim,
Ul pariy ham bordurur devonavash, ham jur`akash.

Shayx boshig`a balo erkandurur dastorkim,
Ishq asrorin eshitmaklikka moni` bo`ldi fash.

Demakim, bir yaxshi so`z birla Navoiy jonini
Olsam, ul bo`lg`aymu roziy yaxshi so`zga ne kengash.

257

To ko`z bila ko`nglumni ul g`amza maqom etmish,
Qonimni halol anglab, uyqumni harom etmish.

Sarv o`lmadi bog` ichra ohim yeli birlan xam,
Boq ko`z uchi birlankim, qaddingg`a salom etmish.

Hayvon suyidur shudrun, Iso damidur salqin,
Bo`ston sari jononim go`yoki xirom etmish.

Hajr o`qlari zaxmidin jismim bila ashkimni
Tutmoqqa balo saydin, g`am donavu dom etmish.

To oshiqu shaydomen qatlim qilur ul ko`zlar,
Majnung`a kiyiklarni ishq ulfati rom etmish.

Ma`shuq qilur jilva, har kimki aning ko`nglin
Dard o`ti kuli birla ishq oyinafom etmish.

Iskandaru jamliqdur ishqingda Navoiyg`a
Kim, raxshing izu na`lin ko`zgu bila jom etmish.

258

Borg`oningdin jon talashmoq erdi men mahzung`a ish,
Keldingu jonimni olding, ul borishqa bu kelish.

Vasl oshiq jonidur men jon talashim hajr aro
Hajr borib vasl yetkach, o`lmak erur turfa ish.

Tiyg`i to ko`ksumni yordi nola qilman za`fdin
Rost andoqkim, qo`yar afg`onni chok o`lg`an qamish.

Kiymamish ul sarv gulgun to`nki, tong ermas bu rang,
Naxlkim, ko`z bog`ida qon birla topti parvarish.

E`tidoledur havoyiy ishq arokim, xush kechar
Sovug` ohim birla yozu ko`nglum o`ti birla qish.

Jismim uzra bor yangi butgan ko`kumtul dog`dek
So`zi hajringdinki urdum g`ussadin har yerga nesh.

Kishu sinjobin ne tong gar kiysa muziy bozgun
Kim, chiqarmishtur kishilikdin ani sinjobu kish.

Tuz bul o`qtek gar tilarsen avj, yokim, egridur,
Davr har bir go`shadin bo`g`zig`a soliptur kerish.

Ey Navoiy, har dam ul oy mehri ortar ko`ngluma,
Garchi yillardurkim, ul tarki muhabbat aylamish.

259

Orazin ko`rdum, nihon ashk ayladi sirrimni fosh,
Yashurun qolmas o`g`urluq uy arokim bo`lsa yosh.

Zulfi sarkashlik qilur har necha ul oy cheksa qad,
Soya garchi qisqarur doyim biyik bo`lg`ach quyosh.

Har sari mo` ul pariy hijronida bir yoradur,
Baski atfoli junun boshim uza yog`durdi tosh.

Aylagil nolam xaroshidin hazar, ey siymbar
Kim, bu suhon birla nogah topmag`ay siyming xarosh.

Ka`badur ko`nglum uyi aylang tavof, ey dardu shavq,
Anda mehrob o`rnig`a yer tutqali ul egma qosh.

Dahr bog`i ichra chun bir gulga yo`q bo`yi vafo,
Qilmag`ay erdi havo ko`nglum qushi ul gulga kosh.

Ey Navoiy, dayr aro tutsa ayog` ul mug`bacha,
No`sh etib olma ayog`idin aning o`lguncha bosh.

260

Har kun oqshomg`acha hajringda manga zorlig` ish,
Kecha tong otqucha anduh ila bedorlig` ish.

Ish vafo qilmoq erur, gar qila olsangki amas,
Ey vafosiz, bu jahon ichra jafokorlig` ish.

Ishq aro qochma ko`ngul xoru zabunlug`dinkim,
Oshiq o`lg`ang`a zabunluq bo`luru xorlig` ish.

Lutfu diljo`lug` erur xo`b pariyvashlarg`a,
Ey pariy, bilki, emas javru dilozorlig` ish,

Taqvo ahlig`a bilinsa edi charx avzo`i,
Aylagaylar edi bu dayrda xammorlig` ish.

Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig`,
Yor o`lung bir-biringizgaki, erur yorlig` ish.

Xasta ko`nglini Navoiyning olib asraki, bor
Sanga dildorlig` ish, bizga dilafgorlig` ish.

261

Yorkim yog`lig` bila ko`ksum yarasin bog`lamish,
Anda o`t tushmush ko`nguldin qon tarashshuh qilmamish,

Buki pora-poradur kuygan bag`ir birla ko`ngul,
Itlari ollida ul kofir hamono to`g`ramish.

Rishtayi zulfungdakim, tushmish girihlar behisob,
Go`yiyo qatl aylagan elning hisobin asramish.

Bir kishi savdoyiy o`lmay qolmag`ay bu nav`kim,
Olam ichra sunbuli zulfung nasimi butramish.

Boshima tig` urdi, ko`ksum choku bag`rim qildi zaxm,
Masti bebokim dedim qahr etmish, ul xud o`ynamish.

Har sari bir zaxmliq uzvum uzulg`an topmish el
Notavon jismimnikim, ko`yida itlar sudramish.

Olam ahli ichra bildeg mug`tanam har kimsakim,
Har vafog`a ming jafo aylar kishiga uchramish.

Qo`zg`ama bulbulnn ko`p, ey gulki, davron bog`ida
Qolmamish qo`zg`almayin ulkim, birovni qo`zg`amish.

Iztirobidin Navoiy ko`ngli bir dam to`qtamas,
Sensizin, sog`inmakim, g`urbatda ko`ngli to`qtamish.

262

Ko`ngluma kelmas xazoniy bog` aro noranj xush
Kim, xazoni hajr aro bo`ldi yuzum noranjvash.

Chehra noranjiyu men noranj yanglig` talxkom,
Qayda kelgay kimsaga bul hol aro noranj xash.

Sho`xi noranjiylibose hajri ko`nglum o`rtadi,
Sharbati noranj eta olmas manga daf`i atash.

Bo`lmasa oltun piyola, bo`lmasun, kel, ey rafiq,
Jom etib noranj nisfidin bo`lali jur`akash.

Ul pariy ishqida otim bo`ldi majnunluqqa fosh,
Andin ortuq kim burun mundin manga erdi adash.

Shayx dastorin chu may vajhi yo`q erdi sirmadim,
Mayg`a marhun qilg`ali ul yaxshi, may suzmakka fash.

Ey Navoiy, naylay el tarxon bila barlosini
Kim, berur ko`nglumga holo molish ul sho`xi malash.

263

Sendin ayru tanda ko`nglum yo`qturu ko`nglumda hush,
Bedilu behushlardek ne ajab qilsam xurush.

Bodayi vaslim olur hushungni deb qo`rqutmakim,
Vahm bu so`zdin birov qilg`ayki, bo`lg`ay anga hush.

Hajrdin maxlas tilab no`sh aylaram zahr ul sifat
Kim, yetishsa zahrdin achchig`durur og`zimda no`sh.

Ishqda g`ayrat tilimni lol etibdur, ey rafiq,
Hajr zulmidin, emasturmen so`zum yo`qtin xamush.

Barcha jismim hajr o`tidin reshu marhamliq momuq
Ittisolidin meni uryonni derlar xirqapo`sh.

Hajrdin jon yetti og`zimg`a olib jon naqdini,
Quyki, ko`p og`zini og`zimga qo`yay, ey mayfurush.

Ey Navoiy, har ne olam ichra bo`lg`ay sahl tut,
Lek matlubung tamannosida bo`lg`il saxtko`sh.

264

Surma bilanmu ul oy ko`zni qora aylamish,
Yo`qsa Xo`tan jayrani mushk ichida ag`namish.

Ko`yida men za`fdin uylaki, har yon meni   
It demayin, balki mo`r tu`ma uchun sudramish.

G`amzang o`qi kasrati ko`nglum aromu ekin,
Yo`qsa bu qush parlarin hajring o`ti churkamish.

Hullayi zarbaftdin qildimu ul oy sepech,
Yo`qsa shuoiy xatin boshqa quyosh chirmamish.

Olam aro bir kishi telbaramay qolmag`ay,
Buylaki yetkach nasim zulfung aro butramish.

Vodiyi hajr ichrakim bo`ldi so`ngak ahli ishq,
Budur o`tunkim, ani g`am sipahi o`rtamish.

Lam`ayi ruxsor ila o`rtadi ushshoqini,
G`ayrati husni magar zorlarin tergamish.

Tegmasa bazmingda may, basdurur ul su manga
Kim, sen ichar jomni suchi olib yoyqamish.

Naylagamen bog`lamay mug`bacha zunnorini
Kim, bu kuhan dayr aro Iso ani bog`lamish.

Mehru vafo aybidin pokdur abnoyi dahr,
Pok nazardurkim ul sari nazar solmamish.

Tutti Navoiy aziz ko`yida ul toshnikim,
Goh ani boshig`a, goh boshin anga yastamish.

265

La`li ishq ahlidin oncha g`orati jon aylamish
Kim, o`lukka jon berur oyinin oson aylamish.

Ko`yida atfol ushshoq o`lturur bedod ila,
Shah magar shahr ichra it qatlig`a farmon aylamish.

Subhi ayshim istamish g`am shomig`a bo`lmoq badal,
Yo`qsa nevchun yuz o`za zulfin parishon aylamish.

Yo rab, ul tunni yorutma mehr birla to abad
Kim, g`aribe mehribon yorini mehmon aylamish.

Ahli davron ko`nglum oshubin netib man` aylagay
Kim, ani oshufta bir oshubi davron aylamish.

Gul kebi soch xurdakim, yel yirtibon toroj etar
G`unchakim, o`z naqdini og`zida pinhon aylamish.

Ey Navoiy, demakim bag`rim eritmish ishq o`ti
Kim, ani hijron kunining anduhi qon aylamish.

266

Ul gulekim, bazmida zog`u zag`an qilg`ay xurush,
Avlo ulkim, bulbul uchqay, uchmasa bo`lg`ay xamush.

Gar Sulaymon majmaida bo`lmag`ay juz Ahraman,
Kimga ul majma` aro, yo rab, nido qilg`ay surush

Yorg`a ag`yor xayli bo`ldi matbu`, ey ko`ngul,
Emdi g`am xumxonasida ya`s jomin ayla no`sh.

Shoh bazmidur dag`i mahkumlug`, vah, dayr aro
Hokim aylar bir qadah birla gadoni mayfurush.

Hushmand el sari bu dayr ichra boqmas mug`bacha,
Bir qadah lutf etsa piri dayr etarmen tarki hush,

Saxtko`sh elga dema oxir falakdur saxtgir,
Arzimas olamda hech ish xud bo`lurg`a saxtko`sh.

Ikki dunyodin agar kechsa Navoiy ayb emas,
Har qachonkim ul buti hammor elidin ichsa qo`sh.

267

Qilg`ali kiygan libosin ul buti zebo binafsh,
Vahki, yoqmas xotirimg`a hech rang illo binafsh.

Sarvi ra`no hullamu kiymish binafsha bargidin,
Yo libosin aylamish ul chobuki ra`no binafsh.

Hushturur gar xil`atin qilsa qora yo savsaniy
Kim, quyosh mushkin bulutdin xush ko`runur yo binafsh.

Ezdi jannat gullaridin rang naqqoshi qazo,
Sen kiyardek chunki bo`lmas dahr aro paydo binafsh.

To binafsh etmish to`nin ul gul borurmen hushdin,
Bog` aro har gulnikim ko`rsam meni shaydo binafsh.

Gul binafshazor aro tushgan kebi ul sho`xning
Ko`nglaki volo binafshu to`ni ham kimxo binafsh.

Sabzada savsan yarashqandek muloyimdur, base,
Sho`xi sabzoranglarning rangiga debo binafsh.

Juz binafsha bog` aro gul ekmagil, ey bog`bon
Kim, libosi rangini istar bizing mirzo binafsh.

Bo`ylakim, soqiy to`nin qilmish binafsh ermas ajab!
Aksidin bo`lsa bilurin sog`ari sahbo binafsh.

Charx rangomiz erur, ko`rma tafovut zinhor
Ranglarkim, ko`rguzur ko`ku yashildin to binafsh.

Ey Navoiy, ul binafshapo`sh gulning vasfida
Bo`lmasun har ne yozarsen kog`aze illo binafsh.

268

Tuzmagay erdi qazo bu jismi vayronimni kosh,
Chunki tuzdi, solmag`ay erdi anga jonimni kosh.

Tan uyiga jonni solg`ach qilmag`ay erdi muqim,
Ul uy ichra ko`ngul otlig` zori hayronimni kosh.

Bo`ldi chun jonu ko`ngul bori, nazar sham`i bila
Qilmag`ay erdi munavvar chashmi giryonimni kosh.

Chun adam sahrosidin keldim vujud ayvonig`a,
Buzg`ay erdi marg saylobi ul ayvonimni kosh.

Chun tuzaldi tan uyi, qovg`ay edi andin ravon,
Yo`q ko`ngul devonayi rasvoyi nodonimni kosh.

Chun ani ham qovmadi, ko`r etsa erdi tig` ila
Ko`z degan qon yosh ila oludadomonimni kosh.

Chun bu dag`i bo`lmadi qilmasa erdi jonima,
Muncha zebovu malihu sho`x jononimni kosh.

Chun bu yanglig` bo`ldi jonon qo`ysa erdi marhame,
Gah-gahe ko`rgach ko`ngulda dog`i hijronimni kosh.

Ishq ichinda chora o`lmakdin Navoiy dema, haq
Ro`ziy etkay la`li jonbaxsh obi hayvonimni kosh.

269

Dedim, ul paykonni la`l etkan yurak qoni emish,
G`unchang armonida ul xud la`li paykoniy emish.

Pardayi jon ichra tim-tim qon sarosar loladek,
Furqatingdin toza-toza dog`i pinhoniy emish.

Lablarin tuzluq takallum birla fahm ettim so`rub,
La`ldin xoni jamolining namakdoni emish.

Bir jaza` solmish maloyik xayli ichra rustaxez,
Emdikim fahm aylamishlar ko`nglum afg`oni emish.

G`am tuni dedim bulutning pardasidin chiqti oy,
Zulfdin chiqqan jamoling mehri raxshoni emish.

Davr ayog`in, soqiyo, qo`yma yigit joning uchun
Kim, yigitlik ro`zgori aysh davroni emish.

Ey Navoiy, chok bo`lg`an ko`nglungga qildim nazar,
Yor boqiy anda, boqiy o`zgalar foniy emish.

270

Ilgiga moviy katon ul sho`x nevchun chirmamish,
Go`yiyo ko`p tiyg`i zulm urmoqtin og`rib bog`lamish.

O`ltururda kosh ul yog`lig` bilan-o`q bog`lasa
Ko`zlarimnikim,  ani ilgiga  holo chirmamish.

Ko`rguzur erdi yadi bayzo urarda tiyg`i qatl,
Bog`lamish chun ilgin, el ko`zin qorong`u aylamish.

Anglag`uncha ko`ngluma yuz dog`i anduh o`rtadi,
Ulki ko`rgach panjasin bog`lig`, dedim dog` o`rtamish.

Kosh jonim rishtasidin bo`lsa erdi yog`lig`i
Kim, ul oyning dastbo`si davlatig`a uchramish.

Soqiyo, maykim, aning ilgida yog`lig` toridek
Dardu g`am xayli buzulg`an xotirimni qopsamish.

O`lturur ilgida gar tiyg` o`lsa aning gar harir,
Hech bilmonkim, Navoiy ne balog`a uchramish.

SOD HARFINING SANAMLARINING SIYTI
                        G`AROYIBDIN

271

Dema, ne sud erur o`lmoq fano harimig`a xos,
Yana ne sud kerak o`zlugungdin etsa xalos.

Avomdin, demakim, o`zni qutqaray, er esang
O`zungdin o`zni qutulmoqqa jahd qilg`il xos.

Ko`ngul alil esa forig` emas xavotirdin,
Jarohat uzra yig`ilmoq durur chibinga xos.

Ajab emastur agar topti gavhari maqsud
Birovki, bo`ldi fano ashki bahrida g`avvos.

Ovuch qoqarmen o`z ahvolima tahayyurdin,
Ramida ko`nglum erur bu usul ila raqqos.

Desang, bu yo`lda o`lay, nafsni burun o`ltur
Ki, ishq shar`ida go`yo bu nav` keldi qisos.

Rizo yo`lida Navoiy borur qayon cheksang,
Chu ishq bog`ladi bo`ynig`a rishtayi ixlos.

272

Gulruxum yodi bila ko`nglum erur gulga haris
Kim, berur Yusuf isi qon aro yuz pora qamis.

Lutf vaqtida ul oy ollida eldur maxsus,
Vahki, bedod qilurda meni aylar taxsis.

Ey ajal, kelmak emish boshima ul umr manga
Rahm qil joning uchun berma zamone tanqis.

Boda ko`nglumni xalos ayladi davron g`amidin,
Go`yiy ul o`t bila bu qalbg`a bo`ldi taxlis.

Ishqim aylar seni qon to`kkali har dam targ`ib,
Husnung aylar meni jon bergali har dam tahris.

Band etiptur jadal ahli ishin ashkol andoq
Kim, ne Miftoh anga sud qilur, ne Talxis.

Vasl hirmoni Navoiyg`a emas hech ajab,
Chunki mahrum bo`lur har kishikim, bo`lsa haris.

273

Jon yetib og`zimg`a topmon dardi hijrondin xalos,
Jonni hijrondin xalos et yo meni jondin xalos.

Andoq ochti sunbulin gul uzra yelkim, bo`lmag`ay
Bir ko`ngul olamda ul zulfi parishondin xalos.

Dema, nolangdin o`char har shom eldin uyqukim,
Tunning ul boshida el ermas bu afg`ondin xalos.

Garchi yer topting ko`ngulda vahm et ohu ashkdin
Kim, kirib vayrong`a bo`lmas kimsa to`fondin xalos.

Yog`sa majnun ko`nglum uzra sho`xlar dardi ne tong,
Telba atfol ichra bo`lmas sangborondin xalos.

Istamas bir-birni sensiz jonu tan, tengri uchun
Kim ani mundin xalos etgil, muni andin xalos.

Hajr uyi ichra qobolmish yor hajridin ko`ngul,
Vah, qachon bo`lg`ay bizing tutqun bu zindondin xalos.

Jom davridin xalos o`lmoqni zinhor istama,
Eyki, bo`lmoq istading anduhi davrondin xalos.

Bandi zulfungdin Navoiyni xalos etqil desam,
Derki, bo`lmas, bo`lmag`uncha hukm sultondin, xalos.

274

Boda meni ayladi zuhdu riyodin xalos,
Zuhdu riyo yo`qki, ming ranju anodin xalos.

O`zluguma o`t solib berdi manga ishq dame
Zuhdu vara`din farog`, dardu balodin xalos.

Jonni xalos ayladi jomi fano zuhddin,
Yo rab, ani aylama jomi fanodin xalos.

Yor ila ag`yordin bir nafas ayrilmasun,
Kimki tilar bo`lmag`ay nozu jafodin xalos.

Ko`ngluma yog`durdi o`q charx firoqing tuni,
Mumkin emas bo`lmog`i muncha yarodin xalos.

Husnungga tokim nazar bo`lg`usi nazzora gar
Bo`lmag`ung aylab jafo ahli vafodnn xalos.

O`zni Navoiy xalos istamas o`z yoridin,
Yo rab, ani qilma ul mohliqodin xalos.

275

Ey, sening xanjari hajring yarasi jonima xos,
Har junun toshiki otsang tani uryonima xos.

Shoh qasrida tilang ayshu tarab xoslarin
Kim, erur xayli balo kulbayi vayronima xos.

Uyqu xos o`ldi mening baxti garon xobimg`a,
Uyqusizliq nechakim diydayi giryonima xos.

Tortmoq zulmu sitam jonima xos o`lg`andek,
Qilmoq ul ikkini haq ayladi jononimda xos.

Ey ajal, hajr tuni jonima qasd aylama ko`p
Kim, halok etmak erur mehnati hijronima xos.

Xo`blar nozidin o`lmish mutanaffir ko`nglum,
Negakim bo`ldi bu oyin ko`ngul olg`ashsha xos.

Istama bog`da bulbul unidin ishq asari,
Ey Navoiy, kim erur bu sifat afg`onima xos.

ZOD HARFINING ZAMYURONBO`YLARINING
                  ZIYOSI G`AROYIBDIN

276

Birovki amr xilofidin aylagay i`roz,
Agar ulus shahidur yo`q aning kebi murtoz.

Riyovu ujbu hasad daf`in et fano bilakim,
Ketar bu doru ila muncha muxtalif amroz.

Amalg`a boqmaki bebahri fazl erur yakson,
Fuzayli Barmakiy o`lsun, vagar Fuzayli Ayoz.

Zamona ahlini bu korgoh aro bilgil,
Zurufkim to`ladur anda muxtalif ag`roz.

Haloki nafs valiy nutqi bilki, rishtayi kufr
Kesar ishiga Ali zulfiqoridur miqroz.

Zamona  mushkungga kofur qotti, ko`z ochqil
Ki, chun ko`z ollidadur bo`lmas aylamak ig`moz.

Savod jahlini yub, vaqt erurki uyg`ansang
Ki, umr shomig`a subhi ajal keturdi bayoz.

Faqir yashurun ohig`a boqmakim, o`rtar
Jahonni garchi erur bu choqin ishi iymoz.

Bo`lur o`lukka Navoiy hadisi jon bersa,
Nedinki  fayz eshigin bog`lamaydurur  fayyoz.

277

Ichib ul sho`x gul-gul qildi la`li nob ila oraz,
Meni mahzun nechukkim dam-badam xunob ila oraz.

Magar siymobi ashkim qilg`ali shingarfgun ul sho`x
Qilur shingarfdin gulguna yub siymob ila oraz.

Ham ul kun mehri iqbolimni shomi g`am nihon qildi
Kim, ul gul qildi pinhon sunbuli serob ila oraz.

Quyoshning partavi birla agar ul yuzni teng tutsa,
Erur andoqki teng tutqay quyosh mahtob ila oraz.

Magar zanjiri zulfung shomida motam nasibimdur
Ki, har soat xarosh aylarmen ul qullob ila oraz.

Qoshi birla ishorat sajdaga aylar xush ul davlat
Ki, aylab sajda ravshan qilsam ul mehrob ila oraz.

Dema qish sovug`, ohimdin dururkim, chekti ul chobuk
Qoshi ustida kish burkin yopib sinjob ila oraz.

Talab yo`linda yuz qo`y har eshik tufrog`ig`a, ya`ni
Bir ahli din oyog`ig`a yetur har bob ila oraz.

Navoiy orazi sarg`ardi g`am yeb bexud o`lmog`din,
Nechuk sarg`armag`ay bu nav` xo`rdu xob ila oraz.

275

Jong`a zulfung tobidin ul la`li xandondur g`araz,
Xizrg`a zulmat tilardin obi hayvondur g`araz.

Shavq o`tig`a urmasam su kuydurur ko`nglumni pok,
Istagandin o`qlaring ko`nglumga paykondur g`araz.

Nevchun, ey hijron, azob aylarsen onsiz jonima,
Istagilkim, topshuray gar xud sanga jondur g`araz.

Yuz tugan qo`ydum, emas qoni` keting jonu ko`ngul,
Go`yiyo ul bevafog`a dog`i hijrondir g`araz.

Ol etar bo`lsang kafingni dahshat etma, tiyg` sur,
Men bihilmen gar sanga bu bir ovuch qondur g`araz.

Olamu odam fidong o`lsunki borsen, ey habib,
Sen g`araz insondin ar, olamdin insondur g`araz.

Ey Navoiy, voqif o`l holingg`akim yor ollida
Bas farovondur g`arazgo` asru parrondur g`araz.

279

Ey sabo, jonim halokin ayla jononimg`a arz,
Yo`qki jismi notavon ahvolin et jonimg`a arz.

Oh dudin, ashk qonin, nola maddin aylagil
Zulfi sunbul, yuzi gul, sarvi xiromonimg`a arz.

Kufri zulfi, dinu imonimni barbod aylabon,
Qilg`anin jon qasdi etqil nomusulmonimg`a arz.

Va`dayi vaslig`a yetmay o`lganimni, ey rafiq,
Qilg`asen har yerda ko`rsang ahdi yolg`onimg`a arz.

Oshiq o`lturmakka chiqmish mast, vah, ishqim so`zin,
Ey raqib, etsang ne ul beboki nodonimg`a arz.

Vasl shavqi g`olibu men gungmenkim, aylamak
Hojat ermas koshifi asrori pinhonimg`a arz.

Ey Navoiy, hajr zindonida jonning xavfi bor,
Qilg`asen topsang mahal, albatta sultonimg`a arz.

TE HARFINING TANNOZLARINING
TAROVATI  G`AROYIBDIN

280

Nafs qutto`-ut-tariqi manzilidur bu rabot,
Naqdi din hifzig`a qil o`tkuncha andin ehtiyot.

Manzil etsang bu rabot ichra iqomat qilmakim
Har kun o`zga korvon oromgohidur rabot.

Ne to`sharsen taxti johing farshin oltun xisht ila
Kim, seningdek shohni ko`p o`tkariptur bu bisot.

Tavqi la`nat desalar bo`yninda tasbihin ne tong,
Makru hiylat birla shayx el birla qilsa ixtilot.

Shayxi johil bo`lmoq o`z asrori birla munbasit,
G`aflat ahli bang ila qilg`an kebidur inbisot.

Zarq jomi birla vajd etgan erur ul tiflkim,
May debon rangin suni qilg`ay ichib omdan nishot.

Faqr ko`yi itlaridin kimki kam ko`rdi o`zin,
Topsang ani, itlari silkida topqil inxirot.

Vaslg`a yo`l hajrdin faqr o`ldi ko`rgil turfakim,
Birdin uchmog`dur xijil, birdin tomug`, birdin sirot.

Ey Navoiy, ishq aro berabt agar sursam hadis,
Anda mazmun bil g`araz maqsud ko`rma irtibot.

281

Yuzda xolingdurmu yo tahrir etar holatda xat,
Tomdi qudrat kilkidin kun safhasig`a bir nuqat.

Sabzayi hatting ko`zumni yorutur boqqan soyi,
Ko`p nazar qilsa, agarchi tiyra aylar ko`zni xat.

Oyni ruxsoring dedim go`yo qorong`u erdi tun
Kim, manga asru yiroqtin voqi` o`lmish bu g`alat.

Jon arosig`a kirar har dam xiromon qomating,
Garchi sokindur alifkim, jong`a bo`lmishdur vasat.

Turki anjum shomi hajrimni yorutmas, go`yiyo
Novaki ohimdin o`lmish tavsani gardun saqat.

Maskaning may o`tidin, ey mug`, erur otashkada,
Anda bir o`tlug` samandar may to`la har sari bat.

Zohid o`ldum deb, Navoiy ishqni tark etmakim,
Bo`lmasa ul sho`r tuzsiz luqmadur zuhdi faqat.

282

Qilsa bo`lmas ohu afg`ondin meni shaydoni zabt
Uylakim, javru jafodin ul buti tarsoni zabt.

Har dam el qonin to`kar usruk chiqib bedod etib,
Kimdururkim, qilg`ay ul sho`xi qadahpaymoni zabt.

Sho`xliqdin zulm qilmoqqa erur beixtiyor,
Mumkin ermas qilmoq ul huri malaksiymoni zabt.

Zulfi zanjirig`a ahli ishq ko`nglin tortibon,
Yaxshi qildi bir suruk devonayi rasvoni zabt.

Telba ko`nglum dashtni qilsa masohat aybi yo`q,
Omil ar majnundurur qilg`ay magar sahroni zabt.

G`unchalar ochilsa, o`lganlar tirilsa ne ajab,
Aylay olmas kulgudin chun la`li ruhafzoni zabt.

Zabt aylay olmas ahli ishq ko`ngli kishvarin.
Xusravekim aylay olg`ay sarbasar dunyoni zabt.

Ashk mavjin man` etarsiz menda ham yo`q ixtiyor
Kim, qiliptur xosa chayqalg`an zamon daryoni zabt.

Davr eli zulmin xayol etmak bila bo`ldum halok,
Tindi ulkim, qildi bir vasvos ila savdoni zabt.

Dayr piri bandasidurmenki nofiz hukm ila
Aylamish yuz ming juhudu gabr ila tarsoni zabt.

Ey Navoiy, sen dag`i devonasen, ko`nglung dag`i,
Gar seni zabt etsalar kim aylay olg`ay ani zabt.

283

Ruxsor ila labingdin etar ko`nglum inbisot
Kim, gul chog`ida boda erur mujibi nishot.

Ey oy, sipehr arsasida o`zni sotma ko`p,
Shohim ruxin unutmaki, xoliy emas bisot.

Qilmang nazora og`zig`a ko`pkim, topilmag`ay
Xurshid ichinda zarrani ko`p aylab ehtiyot.

Ul sho`x necha g`ayr bila bo`lsa muxtalit,
Men g`ayri birla mumkin emas qilmoq ixtilot.

Shahlar, demanki, qullug`uma bo`ldi munxarit,
Gar qullaringning o`rtasida topsam inxirot.

Qo`yma ko`ngulni dahrning eski rabotig`a,
Soyirg`a chun mahalli iqomat emas rabot.

Oshufta bo`lsa nazm Navoiyg`a, ey pariy,
Devonalar so`zida tama` qilma irtibot.

ZE HARFINING ZARIFLARINING ZUHURI
G`AROYIBDIN

284

Tariqi ishqdin bo`lmish manga balo malhuz,
Nechukki faqr tilardin erur fano malhuz.

Agarchi dardsiz o`lmas davo valek mening
Bu dard istaganimdin emas davo malhuz.

Oyoqqa kirsa ne bushqay balo mug`iyloni,
Gar o`lsa bodiyadin ka`bayi safo malhuz.

Erur mulohazam ul oy rizosi ishq ichra,
Agarchi elga visol o`ldi ishq aro malhuz.

Fireb berma manga intihodin, ey zohid
Ki, bordur ahli haqiqatqa ibtido malhuz.

Niyozing o`lsa, yetar dayr piridin qadahe,
Yo`q ersa bazmida ermas shahu gado malhuz.

May ichki, xalq gunohin yumoqqa abri karam
Yog`ar mahalda emas rindu porso malhuz.

Ajabki, fayz charog`i ishiga solg`ay nur,
Birovki, bo`lg`ay aning zuhdidin riyo malhuz.

Navoiy, emdi qadah sham`ini yorutqilkim,
Yorug`lug` o`lmadi taqvo bila manga malhuz.

285

Rishta diqqatdur kalomingda duri shahvor lafz,
Rishtag`a durlar chekarsen chun topar takror lafz.

La`li jonbaxshing erur go`yoki Ruhullohkim,
Sochilur jon har taraf qilg`an soyi izhor lafz.

Go`yiyo hayvon suyidin qatra sekrir har sari,
Chun takallum vaqti la`lingdin chiqar durbor lafz.

Gar o`lugni tirgizur, vahkim, tirigni o`lturur
La`lidin qilg`ach ayon ul sho`xi shirinkor lafz.

Dema lafzinkim tili evrulmagondindur sinuq
Kim, topar tor og`zidin chiqquncha ko`p ozor lafz.

Sirri ishqimni tilarmen sharh qilmay anglasang
Kim, emas ishq oyatig`a mahrami asror lafz.

Ey Navoiy, chun guhar beqadr erur shoh ollida,
Ne ajab gar bo`lsa nazmingdin qoshida xor lafz.

286

Masihoyin agar minbarda zohir qilsa dam voiz,
Nabiy o`rnig`a urmoq behayolig`dur qadam voiz.

Aning bu jur`atig`a bo`lmag`an bo`lsa junun bois,
Nedin solib oyog` ilgin chekar un dam-badam voiz.

Oyog` minbarg`a qoqib aylamak dastorin oshufta,   
Nedur gar zarqi mahz ermasdurur sar to qadam voiz.

Agar jomi g`urur ichmakka majlis tutmamish, nevchun
Nazoyirxon ila o`z lahnin aylar zeru bam voiz.

Maloda qichqirib may man`in elga aylamak ne sud,
Erur chun xilvat ichra may icharga muttaham voiz.

Karam targ`ibi aylar majlis ahlig`a fig`on aylab
Ribo vajhini eldin olmasa, aylar karam voiz.

Magarkim osmonning zinasi bo`ldi anga minbar
Ki, anda chiqqan o`z g`ayri gumon aylar adam voiz.

Qadah ol dayr piridinki, bu dayri fano ichra
Qilurlar zarq yaxshi anglasang ham shayxu ham voiz.

Navoiy tong emas bu va`zdin mayxonag`a borsa
Ki, shod etkay o`zinkim, ko`p anga yetkurdi g`am voiz.

287

Bu nag`ma erdimu yo`q ersa ofat, ey hofiz
Ki, bazm ahlig`a solding qiyomat, ey hofiz.

Ulustin oldi unung hush, sen salomat bo`l,
Gar itti elga tariqi salomat, ey hofiz.

Nechaki nag`mang erur mustaqimu lahning tuz,
Valek eldin olur istiqomat, ey hofiz.

Ne hush mulkida topqay iqomat ulki dame,
O`qurda topsa yoningda iqomat, ey hofiz.

Magar Masih ila Dovudsen nafas bilakim
Hayotu mavt erur ul alomat, ey hofiz.

Qilib tilovat islom eliga qasd etma
Ki, tengri ollida topqung nadomat, ey hofiz.

Magarki Hofizi Sheroz senki, bir sog`ar
Tutub Navoiyg`a qilding karomat, ey hofiz.

AYN HARFINING IYORLARINING ALOMATI
G`AROYIBDIN

288


Istasangkim urg`asen davrong`a tiyg`i inqito`,
Ul vido` etkuncha sen qilg`il burunrog` alvido`.

Jon berib shirinu muhlik joh uchun ilgingda tiyg`,
Naz` vaqti sharbati marg istab aylaysen nizo`.

Asrading katton kafan qilmoq uchun, ne sudkim
Hashr bozorida beqiymatdurur mundoq mato`.

Maskaning oxir chu tufrog`dur, ne o`tkarmakdurur
Madfaning ayvonig`a ko`k gunbazidin irtifo`.

Sandaloyin ev yasab, eldin ko`rarsen sarzanish
Kim, bu yanglig` ko`rdi sandalniki, yetkurgay sudo`.

Er o`parsen rizq uchun minnat yukidin xam bo`lub,
Tengri yoringkim, qilibsen xush namoze ixtiro`.

Dur qulog`ingda momuqdin bir chigitdur, el so`zin
Bu  momuq birla chigitdin aylamassen istimo`.

Besha sherin gar zabun qilsang shijoatdin emas,
Nafs itin qilsang zabun olamda yo`q sendek shujo`.

Ey Navoiy, tengri asrorig`a til mahram emas,
Chok ko`nglung ichra tutkim jovaz-al-isnayni sho`.

289

Jismi vaslin qildim ul zulfi sumansodin tama`,
Ul kishi yanglig`ki, qilg`ay siym savdodin tama`.

La`lidin tirguzmak etsam orzu ayb etmangiz
Kim, kishi o`lturmak etmaydur Masihodin tama`.

Zarrani xurshidcha ravshan tama` qilg`ancha bor,
Zarracha mehr etmak ul xurshidsiymodin tama`.

Ne ajab qilsam tama` ovora ko`nglumdin junun,
Qilsa bo`lmas aql xud Majnuni shaydodin tama`.

Dog` etib ko`nglum tavaqqu` qildi sabrim naqdini,
Ahli zulm andoqki qilg`ay naqd tamg`odin tama`.

Gulxaniydin gulxan olotin tama` qilmoqdurur,
Har kishi dunyolik etsa ahli dunyodin tama`.

Sarvi guldin ko`p demang so`zkim, Navoiy aylamish,
Bargi guldin xil`at etgan sarvi ozodin tama`.

290

Ko`zumni toki qilmish ul saodat axtari matla`,
Qarog` ermaski, shabgun hulladin qildim anga burqa`.

Labing hajrinda qon yoshim kelur bag`rim shikofidin,
Ajab ermas bu yanglig` sug`a bo`lsa o`l sifat manba`.

Qilurlar qasdi jonim kelturub bir-birga bosh, go`yo
Bukim paykonlaring ko`nglum harimin qildilar majma`.

Bu ne rokibduru markabki, javlon vaqti bordurlar
Quyoshdin poyada  a`lo, falakdin po`yada asra`.

Tushar ko`nglumga ul yuz partavi ko`ksum shikofidin,
Bu ravzanni ne bo`lg`ay qilsang, ey tiyg`i qazo, avsa`.

Ne tong har kun agar bar bersa yuz ofatki, anjumdin
Sochiptur yuz muxolif xosiyatlig` tuxm bu mazra`.

Navoiy voqif o`l gardun arusidinki, qasdingg`a
Ochar gah shomdin gesu, kiyar gah subhdin miqna`.

291

Uchuq ermaski chun bo`ldi suhayli orazing toli`,
Aqiqing rang olurda bo`ldi xoling soyasi moni`.

Guliston demakim, chehrang ocharda sun` naqqoshi
Qilurg`a imtihon ul ranglarni ayladi zoyi`,

Chu har yon tig` solding ul hasaddin yig`ladim, lekin
Netaykim, barq o`tig`a bo`lmadi yomg`ur suyi dofi`.

Ko`ngul qasdig`a yolg`uz tiyrboron qilmadi g`amzang,
Balovu fitna xayli kelgali ham ayladi shori`.

Halokim qasdi voqi` bo`lmadi ul g`amzadin, lekin
Labingdin elni tirguzmak meni o`lturdi filvoqi`.

Chu tiyg`ing kirdi qonimg`a farah bo`ldi manga afzun,
Nechukkim mayg`a su mamzuj o`lur ko`prak bo`lur nofi`.

Labingg`a jon bo`lur moyil, tanim xoki rahing bo`lsa,
Ajab ermas bo`lur chun barcha ashyo aslig`a roji`.

Nechuk zunnor bog`lab boda ichmay, ey musulmonlar
Ki, piri dayr har ishkim qilur bormen anga tobi`.

Navoiy faqr ko`yida taalluq kufri mahz ermish,
Bir Olloh do`stdin nekim, nasibing bo`lsa, bo`l qoni`.

292

Dog` uza dog`din ovora ko`nguldur zoyi`,
Ne qora kunlar anga voqi` erur filvoqi`.

Tiyrboroni g`aming qildi zirih jismimni,
Gar zirih bu esa ko`p bo`lg`usi o`qdin moni`.

Hajr o`ti dudi ko`zumdin ne ajab to`ksa sirishk,
Chunki, tun xaylig`a anjum sipahidur tobi`.

La`li shavqida sarig` yuzni yashurdi qon yosh,
Garchi safrog`a chuchuk sharbat emastur dofi`.

O`rtanur ishqida parvona, chekar un bulbul,
Ul guli sham`jabin ishqida menmen jomi`.

El nasibi chu azal qismatida topti raqam,
Senki sa`y ortuq etarsen nechuk o`lg`ay nofi`.

Ul quyosh har kishiga toli` erur, vah netayin
Kim, Navoiyg`a bu nav` o`lmadi bir kun toli`.

293

Vasl shomi xilvatimda yoqsalar nogoh sham`,
Rashkdin jonimni gohe soya o`rtar, gohe sham`.

Ravshan etsa uyni dilxohim, yorutmang sham`kim,
Sham`i bazmim bo`ldi chun dilxoh, emas, dilxoh sham`.

Urmasun ko`p lof kuymakdinki, hijron tunlari
To`zmas erdi ollida tortay desam bir oh sham`.

Rishtayi joni kuyar ashki oqib, jismi erib,
Tiyra shomim zulmidin bo`lmish magar ogoh sham`.

Ohim andoq tiyra qildi ko`knikim, topmas o`zin,
Gar quyoshdin yoqmasa Isoyi Ruhulloh sham`.

Topsa hirmon zulmati ichra ne tong hayvon suyin
Kimgakim, bo`lsa hidoyat nuridin hamroh sham`.

Hajr aro istar jamoling ham Navoiy, ham ko`ngul
Kim, tilarlar tiyra tunlarda gadovu shoh sham`.

294

Yuziga ko`zguni har dam qilur ul siymbar moni`,
Aningdekkim  quyosh ruxsorig`a bo`lg`ay  qamar  moni`.

Jahonni ul quyoshning barqi husni o`rtagay erdi,
Garonsiz bahri ashkim bo`lmasa erdi agar moni`.

Quruq jismimni g`am tiyg`idin asrar dard ila shavqung
Yig`ochqa kesmagidin uylakim bo`lg`ay samar moni`.

Qabul etman qanot egnim uza chiqsa og`ir debkim,
Yo`lungda barqdek po`yamg`a bo`lg`ay bolu par moni`.

Ko`zum uzra hubobi ashk ul yuz moni` ermas,
Biaynih shishadekkim, bo`lmas aylarga nazar moni`.

Dema zohidki, taqvog`a ne moni`durki, bordurlar
Shabobu bodavu ishqu jununum sarbasar moni`.

Og`iz birla  qadu qoshu ko`zung zuhdumg`a qo`ymaslar,
Nechuk qilg`ay kishi bir ishki, bo`lg`ay bu qadar moni`.

Ko`ngul  baytulharomi tavfig`a moni` xavotirdur,
Safarg`a  Ka`ba sari uylakim bo`lg`ay xatar moni`.

Navoiy jonig`a tan garde ermish moni`i maqsud,
Nasimi vasl eskach fayz bog`idin ketar moni`.

G`AYN HARFINING G`IZOLALARINING
G`AVG`OSI G`AROYIBDIN

295

Mehrsizlikdin falak el qatlin aylar bedarig`,
Yo`qsa nevchun dafn etar har kun quyoshtin yerga tiyg`.

Tiyg`i zulmi zaxmidin har shom andoqkim shafaq
Qonu tufrog` ichradur xurshidorazlar darig`.

Kun emas, olam ko`ziga muntashir aylar bayoz,
Tun emas, balkim chekar xurshid ruxsorig`a mig`.

Kimgakim, do`lobi charxidek solur sargashtalik,
Bo`g`zin ip birla bo`g`ar qilg`an soyi faryodu jig`.

Nechakim yig`sa o`zin, shahlar boshi uzra chekar
Chatrdek kimni sarafroz aylamaklik qilsa big`.

Go`yiyo ani sabab qildi musabbib ne uchun
Kim, anga bu qilmog`idin ne ziyondur, ne osig`.

Ey  Navoiy,  bil nekim bo`lg`anni haq taqdiridin,
Mundin o`zga amrdin ko`ngulni uz, ilgingni yig`.

296

Zaif tanda g`amingdin yuz eski bo`lg`an dog`,
Har eski dog` bu shox uzra bir quruq yafrog`.

Yuzungga husn fuzun bo`ldi nil ziynatidin,
Magarki yorudi gugird o`tidin bu charog`.

Qading chu ayladi gulgasht, sarvu gul demakim,
Bo`yaldi  qong`a  aliflar  kesib  g`amingdin bog`.

Sochi asirimen o`pmay hanuz xolin, vah
Ki, donag`a og`iz urmay nasibim o`ldi tuzog`.

Iloj silsilayi  zulfidur jununumg`a,
Agarchi mushk isidin emganur zaif dimog`.

Chu bo`lsa g`ayr hujumi visol mumkin emas,
Shuhud o`lurmu xavotirdin o`lmag`uncha farog`.

Agar Navoiy iki nargising xayoli bila
Marizu mast jahondin o`tar, sen o`lg`il sog`.

297

Soqiyo, hajr ilgidin ko`p tortadurmen zorlig`,
May keturkim, maslahat ermas manga hushyorlig`.

Qasdim etmish hajru bexudlug` ilojimdur dame,
Mayg`a afyun yor qil gar aylar ersang yorlig`.

Mast qil andoqki, bosh qo`ysam magar bo`lg`ay manga
Mahshar ahli yo rabu g`avg`osidin bedorlig`.

Chorasi yo bodadur, yo vasl, yo marg, ey tabib,
Har kishikim topsa hijron dardidin bemorlig`.

Bar yegil, yo rab, hayoting bog`idin, ey mug`bacha
Kim, mayli la`lingdin o`ldi bizga barxurdorlig`.

Zuhd, ey soqiy, balo ermish, xush ul manxorakim,
Ichkali jomi balo bo`lmish ishi xammorlig`.

En Navoiy, zuhddin yuz qatla ortuq darbadar
Bir safol ilgimda mug` ko`yida qilsam zorlig`.

298

Ul  sumanbar  qaddining sarvig`a  ko`nglum bo`ldi  bog`,
Otashin gullar anga har yangg`i qonlig` toza dog`.

Hajr aro ul sho`x ko`nglum sayd etar ruxsor ochib,
Tifl oqshom qush tutarg`a ravshan etkandek charog`.

Mujibi ko`p yig`lamoq ermish nazar pok o`lmog`i,
Uylakim aylar suyin afzun oritmog`din bulog`.

Ey hakim, olg`il surohiy lo`lasidin paxtakim,
Sud erur qonin necha daf` etsa mahrur dimog`.

G`unchadin to chiqti gul, mast o`ldi bulbul, soqiyo,
May surohiydinki chiqmas dahrdin topman farog`.

Xattu xoli nuqtasi yuz choklik ko`nglumdadur,
Bir qafasda turfadur, vah-vah, ko`rung to`tiyu zog`.

Necha rangin ashk to`ksam ko`zda ul yuz naqshidur,
Loladin o`zga ne gul bergay, suyi qon bo`lsa, bog`.

Yog`mag`uncha ashk daf` o`lmas ko`nguldin tiyralik,
Bu yog`inni go`yiyo deptur qazo ul o`tqa yog`.

Faqr yo`linda Navoiy aylagil boshtin qadam
Kim, bu yo`l qat`ida bosh qo`ymoqdurur qo`ymoq ayog`.

299

O`rtanurmen kechalar hajringda andoqkim charog`,
Ravshan ayla rishta jismimdur, ko`ngul o`t, ashk yog`.

Sarvu sunbul loladek qad, zulfu yuzung hajridin,
Ham alif, ham na`l kestim kuydurub yuz yerda dog`.

Bir ko`zumga sarv o`qdur, bir ko`zumga gul tikan,
Sensizin, ey sarvi gulrux, nogah etsam gashti bog`.

Jonim ichra o`tdurur bir la`li maygun hajridin,
Soqiyo, navbat manga yetkach labolab tut ayog`.

Sog` bo`l, devona etsang meni bir may birlakim,
Hajrdin devonamen bo`ldum esa bir lahza sog`.

Istaram og`zin qilib la`lu xatu xolini vasf,
Xalq g`oyibdin nishonlar aytib etkandek so`rog`.

Ul farog`u bu taraddud itti maqsud o`rtada,
Gum bo`lub maqsud, o`tti ham taraddud, ham farog`.

Ro`zgori tiyra, nutqi lol bulbuldur magar
Kim, xazon faslida aylarlar tasavvur ani zog`.

Telba deb qilma Navoiyning ilojin, ey hakim
Kim, mushavvashdur anga bir o`zga savdodin dimog`.

 300

Garchi men hajringdin o`ldum tortibon ko`p zorlig`
Sen hayotingdin top, ey badmehr, barxo`rdorlig`.

Xasta erdim ko`zidin yetkurdi la`lin og`zima,
Tengri jon berdi, vale chektim base bemorlig`.

Kechaekim tushka kirgay ul saodat axtari,
Bermagil, yo rab, manga ul uyqudin bedorlig`.

Bodayi la`ling bila mundoqki usrukmen mudom,
Kofiri ishq o`lg`amen, gar istasam hushyorlig`.

Bu ko`ngul ozoridin bezormen bor muddate
Bo`lg`ali bizlar aro ozorlig`, bezorlig`.

Ne bino erkin bukim, bir pora koshi tushmadi,
Qilg`ali bu toqni sun` ilgi miynokorlig`.

Ey Navoiy, suhbatingdin qilsa or ul ko`rkaboy,
 Yo`q ajab nevchunki sensen bir gado, ul borlig`.