www.uz
MASNAVIY

Sano haqqakim, koshifi hol erur,
Xirad mushkilotig`a halol erur,

Alimeki, yo`qtur bidoyat anga,
Azimeki, yo`qtur nihoyat anga;

Hazar ichra bechoralar yovari,
Safar ichra ovoralar rahbari;

Ne solikkakim, dasht etib jilvagoh,
Tavakkulni aylab anga zodi roh;

Musofirni yo`ldin kecha gum qilib,
Yonig`a aning qumni qoqum qilib;

Anikim, qilib ishqdin yoralig`,
Nasib aylabon anga ovoralig`;

Birovga necha g`urbat izhor etib,
Chu bir yerda ko`p turg`uzub, xor etib;

Biravnikim aylab bir el ichra xor,
Anga chora aylab ul eldin firor;

Safarni tamug`din nishon aylabon,
Tamug` ranjin andin ayon aylabon;

Ko`ngulsizga mushfiq, kishisizga yor,
Umidi yo`q el andin ummidvor.

Aning hamdidin so`ngra yuz ming durud,
Bari farruxoyin humoyunvurud.

Nabi ravzasig`a alayhissalom,
Ham olu ham ashobig`a bardavom

Ado bo`ldi chun hamdu na`tu sano,
Bu ovoradin yuz tuman ming duo.

Angakim erur fazl avjida mehr,
Ne mehreki, bir zarra anga sipehr.

Safo subhining mehri farxundasi,
Fano shomining sham`i raxshandasi.

Karam borgohida masnadnishin,
Adam xonaqohida xilvatguzin.

Tikib xirqalar egniga ahli roz,
Aning qoptani vuslasidin tiroz.

To`ni charxu anda o`zi bir jahon,
Jahonni qilib bir to`n ichra nihon.

O`tuk ultangi taxta na`layn anga,
Bo`lub har qadam o`rni kavnayn anga.

Falakdin sipohi fano oshurub,
Sipohiyliq ichra o`zin yoshurub.

Jamol ichra tong boshi nohiddek,
Kamol ichra tush vaqti xurshiddek.

Vafo anga pesha, saxo anga fan,
Vafovu saxo koni Sayyid Hasan.

Zihe ravzadin xulqung ortuq base,
Kelib bog`i qadringda tubo xase.

Chu sensen bugun olam ahlida fard
Ki, holin de olg`ay sanga ahli dard.

Mangakim, vidodingg`a xursandmen,
Kanobingg`a shogirdu farzandmen.

G`ame yetti charxi jafopeshadin,
Hamul anjumi xorij andeshadin.

Ki, bo`lmoq vatan ichra dushvor edi,
Ko`ngulga jalo daf`i ozor edi.

Safar tushti ollimg`a beixtiyor,
Qazo amrida elga ne ixtiyor?!

Bilurmen seni ham safardin qazo,
Agar qaytarurg`a qilib iqtizo.

Qilib avd, mayli vatan aylasang,
Ichib boda azmi chaman aylasang.

O`z ilgingga jomi mayi nobni
Olib istasang bir-bir ahbobni.

Alarni chu may birla shod aylagung,
Meni dog`i, albatta, yod aylagung.

Bu azmimni shoyadki taftish etib,
Firoqim zamiringg`a tashvish etib,

Meni yo`qlabon borcha ahbob aro,
Tilab topmayin xayli ashob aro,

Degaysenkim, ul zori ovoravash
Ki, hijron mayidin bo`lub jur`akash,

Ne qildi ekin charxi nobaxtiyor
Ki, sargashtalik ayladi ixtiyor?

Xayolig`a hodis ne bo`ldi ekin?
Bu azmig`a bois ne bo`ldi ekin?

Chu holimdin ahbob ogoh emas,
Degaylar hadiseki, dilxoh emas,

Ayon bo`lg`ay ollingda hangomae,
Bitimak manga farz edi nomae,

Sanga holatimni ayon aylamak,
Bu azmim vujuhin bayon aylamak.

Manga necha nav` o`ldi bechoralig`
Ki, ollimg`a tushti bu ovoralig`.

Bir ulkim, chu so`zdindur inson sharif
Chu hayvong`a so`z yo`qtur uldur kasif,

Ko`ngul durji ichra guhar so`zdurur,
Bashar gulshanida samar so`zdurur.

Erur so`z falak jismining joni ham,
Bu zulumotning obi hayvoni ham,

Agar jon emas, bas nedurkim,
Masih Uluk tirguzur, deb kalomi fasih?

Agar obi hayvon emas bas nechuk,
Topar jon zulolidin aning o`lug.

Ne bo`lg`ay aning vasfida el so`zi
Ki, harneki derlar erur chun o`zi.

Bu so`z k-ofarinishdin ashrafdurur,
Aning dag`i mavzuni altafdurur,

Javohir necha xo`bu dilkashdurur,
Vale nazm silki aro xushdurur.

So`z ichraki, yolg`on erur nopisand,
Chu nazm ettilar, qildi dono pisand.

Men ul menki, to turk bedodidur,
Bu til birla to nazm bunyodidur.

Falak ko`rmadi men kebi nodire,
Nizomiy kebi nazm aro qodire.

Ne nazme der ersam meni dardnok
Ki, har harfi bo`lg`ay aning durri pok.

Etar tengridin oncha quvvat manga
Ki, bo`lmas bitiriga fursat manga.

Bu maydonda Firdavsiy ul gurd erur
Ki, gar kelsa Rustam javobin berur.

Raqam qildi farxunda Shahnomae
Ki, sindi javobida har xomae.

Musallamdurur zohiran bu ishi
Ki, ma`razg`a kelmaydurur har kishi.

Dedi o`z tili birla ul koni ganj:
Ki, si sol burdam ba Shahnoma ranj.

Ani derga bo`lsa qachon rag`batim,
Erur oncha haq lutfidin quvvatim,

Ki, har necha nutq o`lsa kohilsaroy,
Bitigaymen o`ttuz yilin o`ttuz oy.

Agar xossa ma`no gar iyhom erur,
Aning kunda yuz bayti halvom erur

Vale ayt deb, kim manga tutti yuz
Ki, men yuz uchun demadim ikki yuz,

Ne yuz, ne iki yuzki, bu kilki tez,
Atorud bila qilsa zohir sitez,

Aning sayri bir davr oxir bo`la,
Falakni latoyifdin etgay to`la.

Birav bo`lsa bir ishda bu nav` fard,
Vale ko`rmasa bahra jo`z ranju dard.

Bo`lub Qof vajhi maoshig`a kon,
Murabbiysi anqog`a hamoshyon,

Uyi notavon ko`ngli yanglig` buzuq,
Bu uy ichra anduxu g`am yer ozuq,

Mayi bazmi barcha yurak qonidin,
Surudi hazin ko`ngli afg`onidin,

Desakim, topay eski puldin farog`,
Topilmay juz a`zosida yangi dog`.

Maishat uchun orzu qilsa siym,
Ani topqay, ammo esarda nasim,

Kishi jinsi mulkida mardum giyo
Diram sinfi avzoida kimiyo.

Kishi bo`lsa andog`ki, o`tti maqol,
Bu yanglig` kishiga bu nav` o`lsa hol,

Nechuk mayli ovoralig` etmagay,
Boshin olibon bir taraf ketmagay?!

Yana bir bukim, zohir o`lmish mango
Ki, chiqmish Xuroson elidin vafo.

Vafo azm aylarda bo`lmish magar
Saxovu muruvvat anga hamsafar.

Bu uch fe`l chiqqach arodin tamom,
Yana bo`lmish uch fe`l qoyimmaqom.

Vafo yerida zohir o`lmish nifoq,
Saho o`rnida buxl tutmish visoq.

Muruvvatqa bo`lmish hasad joygir,
Zihe hush elu mulkati dilpazir.

Ne mulku ne el emdi tahrir etay,
Alar holatin vasf bir-bir etay.

Dema mulkkim, vahshatobodi zisht,
Tamug` bilgurub g`oyib o`lg`ach bihisht.

Tamoshosini kimki, bunyod etib,
Sipohonu Ray mulkidin yod etib.

Hisori anou taab mahbasi,
Siyahcholdin tiyra ro`roq base.

Imorotida ganjdin yo`q asar,
Xizona xaroba bo`lub sarbasar.

Masojidda toat bila nur yo`q,
Xavoniqda non rasmi dastur yo`q,

Ham avqofni sadr amlok etib,
Vale ko`pragin may uchun tok etib,

Ham el manzilin shah katakdek buzub,
Tovug` o`rnig`a chug`d o`lturg`uzub.

Madorisda ilmu salohu yaqin
Aningdekki, dayr ichra islomu din.

Ko`ngul jam`i ahli munojot aro,
Aningdekki, taqvo xarobot aro.

Elida kishilikdin osor yo`q,
Sharoratdin o`zga padidor yo`q.

Ne el, ne kishi, balki shaytonu dev,
Kelib barchag`a da`b bedodu rev.

Bo`lub lomakon sathidin xonlari,
Adam mulki bug`doyidin nonlari.

Qora pul uchun aylabon qatl fan,
O`luktin tama` aylab ammo kafan,

Ne vayronda eski tanobe bilib,
Yilon sog`inib, ganj da`vo qilib.

Qizil oltun istab qoratoshtin,
Falak go`yi bir dona xashxoshtin.

Tutulsa birav o`g`ridur deb kuchun
Tutubon ilig, lek kesmak uchun.

O`lum kelsa bir zori bedil sari,
Madad aylabon lek qotil sari.

Hirot ahlin eltib havodis yeli,
Esib day yelidek Samarqand eli.

Bu mulk ahli ul elga zoru asir,
Bo`lub nahbu yag`mo qalilu kasir.

Manga bu el ichra ne bir hamdame
Ki, bir dam ikovlan deyishsak g`ame,

Ne shoheki topsa ishim ixtilol,
Madihiga ko`rguzgamen ishtig`ol.

Ne bir ahli davlatdin oncha umid
Ki, andin navo topsa bir noumid.

Ne vajhi maoshe muqarrar manga
Ki, bo`lg`ay farog`e muyassar manga.

Ne bir hujrakim, kom topqay ko`ngul,
Dame anda orom topqay ko`ngul.

Ne bir sho`x vaslig`a ul moyadast
Ki, azmim ayog`ig`a bergay shikast.

Ne yoreki, ranjimni qilg`ay qabul,
Ne zoreki, hajrimdin o`lg`ay malul.

Etishsa o`lum ranji bemorlig`,
Su berguncha qilmay birav yorlig`.

Su bermak nekim, zohir aylab g`ulu,
Olurg`a agar bo`lsa jonimda su.

Sen erdingki, har ishda yorim eding,
Ne g`amkim, yetar, g`amgusorim eding.

Seni ham sipehri muxolifmazoq,
O`kush rev ila soldi mendin yiroq.

Biravgaki yuz qo`ysa muncha balo,
Ne bo`lg`ay aning chorasi juz jalo?!

Zaruratki, yasab safar bargini,
Tushub yo`lg`a qilg`ay vatan tarkini.

Uchunch ulki, chun xoliqi zuljalol
Ki, ham lamyazal keldi, ham loyazol.

Chu lavhi vujud uzra tortib qalam,
Iki kavn tarhig`a urdi raqam.

Burun chekti mundog` sipehri rafi`,
Yana yoydi bu nav` arzi vasi`.

Nekim jilvagar qildi aflok aro,
Ne qildi ayon arsayi xok aro.

Demay yetti obou to`rt ummahot
Ki, xilqat to`ni kiydi chun koinot.

Emas erdi maqsud juz odamiy
Ki, haq sirrining bo`lg`ay ul mahrami.

Baridin g`araz garchi inson edi,
Anga dag`i maqsud irfon edi.

Bu so`z sidqig`a dag`i beta`nu tanz,
Dalolat qilur oyati kuntu kanz.

Xayolimda andog` musavvar bo`lur
Ki, ul ikki ishdin muyassar bo`lur.

Biri buki, bir jazba haqdin yetib,
Ko`ngulni yaqin jomidin mast etib,

Haqiqat sari turktoz aylagay,
Jahon shug`lidin beniyoz aylagay.

Anga qolmag`ay ham o`zidin xabar,
O`zidin nekim, o`zlugidin asar.

Bo`lub raf` imkoni mavjudlug`,
Topib haq vujudida nobudlug`.

Chu haq topti bu nisbatidin aning
Ki, maqsud edi xilqatidin aning.

Musharraf qilib ani o`z rozidin,
Yana ham o`z anjomu og`ozidin.

Buyurdiki, el bo`lg`ali bahravar,
Suluku marotibg`a qilg`ay guzar.

Yana bir budurkim, gado gar muluk
Talab yo`lida qilg`ay oncha suluk.

Burun murshidi komil istay yurub,
Ani topqach o`zin anga topshurub.

Suluk amrida urmayin beshu kam,
Aning amridin ayru dam yo qadam,

Fano dashtida sayri bo`lg`ach tamom,
Haq andin so`ng etkay ato ul maqom

Ki, bir jazb ila oshno bo`lg`ay ul,
Muqimi harimi safo bo`lg`ay ul.

Alarkim nishoni masolik debon,
Burung`ini majzubi solik debon.

Bu birningki, har amri marg`ubdur,
Otin solike debki, majzubdur.

Chu avvalg`i ish bo`lmadi dastgir,
Ikinchisidin xo`b emastur guzir.

Menikim, bu savdo nizor ayladi,
Havas ilgida beqaror ayladi.

Ne imkonki, topqay qaroru sukun,
Biravkim bu fikr etti ani zabun.

Urarmen qadam toki borg`uncha gom
Ki, bo`lg`ay muyassar menga ushbu kom.

Agar bo`lsa bu yo`lda umrum talaf,
Chu bu yo`ldadur ul ham erur sharaf

Va gar bo`lsam o`z komima bahramand,
Zihe mulki jovidu baxti baland.

Xusho ulki olamda gar chekti ranj,
Yana olam asbobig`a topti ganj.

Xush ulkim, agar cheksa ming xori dard,
So`ngi tushsa ilgiga bir toza vard.

Ne farruxdur ul hajr ovorasi
Ki, vasl etkay oxir aning chorasi.

Emas bo`lsa davron murodi bila,
Fano bo`lsa matlub yodi bila

Janobingda uldur manga multamas
Ki, men benavoni sog`ingan nafas.

So`zum ayt foniylig` ohi bila,
Madad ayla himmat sipohi bila,

Bu erdi so`zumkim dedim men g`arib,
Yana tengri diydor qilg`ay nasib!