Топ рейтинг www.uz
MUXAMMASLAR

1

Halqayi zulfungda ko`nglum bo`lg`ali g`am mahrami
Ul qora qayg`u bilan savdoda chun ortar g`ami.
Der sanga devonavu shaydolig`idin har dame,
Ey soching shaydo ko`ngullarning savodi a`zami,
Halqa-halqa ruhning sarmanzilidur har xami.

Ey guli suriy jamoling daftaridin bir varaq,
Sabzavu rayhon sening xattingdin elturlar sabaq.
Chini zulfungni ochibon ilgingga olsang taraq,
Sunbulungni tarag`anda gul uza tongdur araq
Kim, bulutlug` kechaning albatta bo`lmas shabnami.

Rashkdin har dam yaqindur bag`rim erib oqqali,
Yuzungga mashshotavu ko`zgusi mundoq yoqqali,
Zulfungga mashg`ul erur mashshota zevar toqqali,
Men yiroqdin jon berurmen toqatim yo`q boqqali,
Yuzi qattiq ko`zgukim, bo`lmish jamoling hamdami.

Og`zining ramzini mushkildur farovon saqlamoq,
Kim adam bo`lsa bilur ul roz pinhon saqlamoq,
Barcha dilbarlardin o`lur jonni oson saqlamoq,
Sen pariyvash hurdin mushkildurur jon saqlamoq
Kim, malak hayrondur ul suvratqa netsun odamiy?

Zulfi vaslin istasam ruxsori mehrafruzidin,
Yo`q ajab chun yil kelishi bilgurur navruzidin.
Ko`zlarim uyi buzuldi ashki sayla anduzidin,
Men bu ko`z birla uyotlig`men jamoling yuzidin
Kim, kelur har lahzavu ul go`shaning bordur nami.

Atlasi gardung`a yetti rostiy ushshoq uni
Kim, qabo nevchun quchar nozuk tanin vuslat tuni.
Bu ajab sarishtadur ko`rgil aro yerda muni,
Ul badanning davlatidin tug`di ko`nglakning kuni,
Husni toli` ko`rkim, uldur holiy ichki mahrami.

Ey labing Iso damidek xasta jong`a choraras,
Vah, necha g`amzang Navoiy qatlin etgay multamas.
Ul muborak ko`nglunga bo`lg`ay muyassar bu havas,
Lutfini boshtin yana tirguzsang, ey Isonafas
Kim, yetibdur, vah, ani o`lturgali hijron g`ami.

2

Ohkim, tarki muhabbat qildi jonon oqibat,
Bo`ldum ushbu g`ussadin rasvoyi davron oqibat.
Qolmadi maxfiy g`amim el ichra pinhon oqibat,
Yoshurun dardimni zohir qildi afg`on oqibat,
Asrag`an sirrimni yoydi sayli mujgon oqibat.

Toki chekti o`qu yo qasdimg`a ul mujgonu qosh,
Ayladi paykonlari har sari bag`rimni xarosh,
Pardayi sabru salomat yoyibon, ey bag`ri tosh,
Yoshurub erdim bag`ir chokini, vahkim, qildi fosh,
Har taraf ko`zdin tarashshuh aylagan qon oqibat.

Ko`p yugurdum ishq yo`lida meni gumrohkim,
Bilgasen holimni, lekin bo`lmading ogohkim,
Ishq aro o`lgumdurur bil,  emdi, ey, dilxohkim,
Tiyg`i hajringdin nihon ko`ksum shikofin, ohkim,
Elga ravshan ayladi choki giribon oqibat,

Tiyrboroni g`aming yog`durg`ali ko`nglumga sahm,
Yuz tuman dog`i nihon qo`ymish edi ul xavfu sahm,
Xalq ani fahm etmasun deb bor edi ko`nglumda vahm,
Voykim, ko`ksum shikofidin ulusqa  bo`ldi  fahm,
Ishq o`ti bag`rimda qo`yg`an dog`i pinhon oqibat.

Ul pariykim, telbalarga ishqidin monand edim,
Zulfi zanjirida Majnundek asiri band edim.
Javrig`a qone` bo`lub vaslig`a hojatmand edim.
Shavqidin dam urmayin bedodig`a xursand edim,
Vahki, bo`ldum hajridin rasvoyi davron oqibat.

Orazi qoshida gul yuz vajh ila bordur karih,
Ming jihatdin nutqi ollinda erur bulbul safih.
Ko`ziyu zulfig`a ermas nargisu sunbul shabih,
Gar budur kofir ko`zu zunnori zulfi, ey faqih,
Bo`lg`udekmen, dayr aro mastu parishon oqibat.

Jonni Majnun ul pariy ruxsora yodi ayladi,
Ko`zni giryon ishq zulmi may fasodi ayladi,
Tanni uryon, aqlu donish xayrbodi ayladi,
Ishq ko`yida jununumni munodo ayladi,
Hajr toshidin munaqqash jismi uryon oqibat.

Boda ichkim davr ishida e`tidole ko`rmaduk,
Navbahori husn aro sohib jamole ko`rmaduk
Kim, xazoni umrdin anda zavole ko`rmaduk,

Dahr bo`stoni aro sarkash nihole ko`rmaduk,
Soya yanglig` bo`lmag`an yer birla yakson oqibat.

Shahlig` etkandin ne hosil faqr sirrin bilmayin
Hech kim mulki baqo sultoni bo`lg`onmu ekin,
Foniyi mahz o`lmayin Sulton Abulg`oziy bikin,
Ey Navoiy, davlati boqi tilarsen vaslidin,
Ani kasb etmak fano bo`lmay ne imkon oqibat.

3

Ishq o`tidin jismi zori notavonim o`rtading,
Qaysi jismi zorkim, ruhu ravonim o`rtading,
Parda orazdin olib  jonu jahonim o`rtading,
Vahki, o`tlug` chehra ochib, xonumonim o`rtading,
Otashin la`lingdin aytib nukta jonim o`rtading.

Sen chu tiyg`i kin chekib sabrim sipohi qo`zg`alib,
Ko`nglum olib, azm etib, zoru hazin jismim qolib,
Emdikim, ko`nglum olib, hijron o`ti ichra solib,
Dema, ne qildim, ne qildim notavon ko`nglung olib,
O`rtading, ey qotili nomehribonim, o`rtading.

Furqat ichra yo`qki jonim kuydi yolg`uz shavqidin
Kim, kuyar mahzun ko`ngul ham kecha-kunduz shavqidin,
Necha, ey gardun, dedimkim, rahm ko`rguz shavqidin,
O`tda qildek to`lg`anib, kuyganda ul yuz shavqidin,
Nechakim tob urdi jismi notavonim, o`rtading.

O`t tutashmish dahr aro har yon emastur lolazor,
Dud erur bo`ston ichinda sunbul ermas mushkbor,
Tog` aro yoqutdin axgarlar o`lmish oshkor,
Ko`kta zohirdur shafaqdin shu`la, kavkabdin sharor
Kim, ani, ey shu`laliq, ohu fig`onim, o`rtading.

Otlanib chiqqandakim olamni qilg`aysen xarob,
Orazing xurshididin solding bari olamg`a tob,
Tiyg` tortib chun ko`ngul sayd etkali qilding shitob,
Bismil etkach saydni andoqki, qilg`aylar kabob,
Zaxm etib ko`nglumni chunkim oqti qonim o`rtading.

Ul quyosh tokim ko`rundi didayi giryonima,
Qolmadi o`zluk xayoli xotiri vayronima,
Har tarafdin tushti ofat barqi xonumonima,
Urg`ali, ey ishqi zolim, barqi ofat jonima,
Har ne o`zluktinki bor erdi gumonim, o`rtading.

To belining, ey ko`ngul, azmi visoli aylading,
Toki og`zi nuktasining qiylu qoli aylading,
Ishq o`tida bizni bir axgar misoli aylading,
Ey Navoiy, to belu og`zi xayoli aylading,
Boru yo`q, ya`niki paydovu nihonim o`rtading.