www.uz
QIT`ALAR

G`AROYIB US-SIG`AR MUQATTAOTINING
SARSUHANLARI

1

TENGRI ZOTI HAQIQATIDAKIM, XIRAD
MABHUTU NODONDUR VA AHLI XIRAD
FARTUTU HAYRON

Haq zotig`a biravki, xirad birla fikr etar,
Otin el ichra oqilu farzona aylabon.

Miqdorini tengiz suyining istar anglamoq,
Lekin hubob jomini paymona aylabon.

2

RASULI A`ZAM SHA`NIDAKIM, QUYOSHDIN
   OLAMOROYROQDURU NAFI QILG`ON
XUFFOSHDIN TIYRAROYROQ

Muhammadi arabiy sha`ni andin a`zam erur
Ki, nuqs bo`lg`ay ulus bo`lsa nafyig`a qoyil,

Quyosh ashi``asig`a lam`a andin ortuq erur
Ki, zarra kasrati bo`lg`ay ziyosig`a hoyil.

3

FANO SHARBATI  BOBIDAKIM, TA`MI ZAHRI
QOTILDURU BAQOYI ABAD NUSHI UL ZAHRDIN
HOSIL

Foniyi mutlaq o`lmayin solik,
Anga yo`qtur umidi maqsadi kull,

Qora tufroqg`a sinmagan qatra,    
Andin imkoni yo`q ochilmoq gul.

4

FANO MAQOMIG`A YETKAN SOLIK VASFIDAKIM,
MOLDIN ANGA ZIYON YO`QTURU JOHDIN
NUQSON

Soliki ozodani ko`rsang g`aniy, qilg`ay debon
Mol aning man`i suluki qilmag`il inkor anga.

Kema tiyri mol aro bo`lmish muqayyad demagil,
Ko`rki, oncha mol o`lurmu moni`i raftor anga.

5

O`ZLUKDIN QUTULMOQ SUUBATIDA
VA ANANIYYAT TARKI SHIDDATIDA

Ey ko`ngul, tan taxtasin bu qa`ri yo`q girdobdin
Istasang sohilg`a chekmak, bilki, bu oson emas,

Piru iste`dodu tavfiq o`lmasa bo`lmas bu ish,
Kimdururkim, bag`ri bu hasratdin aning qon emas.

6

AQLNING BARCHA TARIQIDA MAOSHNI DUSHVOR
BILMAGU JUNUNG`A QAROR BERMAK

Vajhi maosh uchun kishikim desa fikr etay,
Qismat rizosidin anga begonaliq kerak.

Kunji qanoat archi erur saltanat valek
Eldin tama`ni uzgali mardonaliq kerak.

Kim ishq asiri o`lsaki, mumkin emas visol
Dardu balog`a hamdamu hamxonaliq kerak.

Lazzoti nafs tarki samari ofiyat berur,
Lek ul shajarni ekkali farzonaliq kerak.

Tajrid nuridin kishi ko`z yorutay desa,
Ahbob hajri sham`ig`a parvonaliq kerak.

Gar anjumanni desa muridu muti` etay,
Ko`p nuktavu fasonada afsonaliq kerak.

Botin harimida tilasa maxzani huzur,
Zohir uyi asosig`a vayronaliq kerak.

Zohir yuzidin ar tilasa toju izzu joh,
Dardu balo muhitig`a durdonaliq kerak.

Desang xalos o`lay borisidin Navoiydek,
Bexudlug`u may ichmagu devonaliq kerak.

7

  QANOAT NAQSHINING IFSHOSIYU
NAQSHBANDIYA TARIQINING ADOSI

Qanoat tariqig`a kir, ey ko`ngul
Ki, xatm o`lg`ay oyini izzat sanga.

Desang shoh o`lay yeru ko`k basdurur,
Bu bir taxtu ul chatri rif`at sanga.

Fano shu`lasida yoshur jismni,
Kerak bo`lsa zarbaft xil`at sanga.

Etar lola butkan qoya qullasi,
Murod o`lsa gulgun hashmat sanga.

Erur bas arig` nuktavu qon yoshing,
Duru la`ldin zebu ziynat sanga.

Desang xilvatim anjuman bo`lmasun,
Kerak anjuman ichra xilvat sanga.

Vatan ichra sokin bo`lub soyir o`l,
Safardin agar bo`lsa mehnat sanga.

Nazarni qadamdin yiroq solmag`il,
Bu yo`l azmi gar bo`lsa rag`bat sanga.

Damingdin yiroq tutmag`il hushni
Ki, yuzlanmagay har dam ofat sanga.

Bu to`rt ish bila rub`i maskun aro,
Chalinmoq ne tong ko`si davlat sanga.

Bu ohang ila bo`lg`asen naqshband,
Navoiy, agar yetsa navbat sanga.

8

TAVAKKUL SIFATIYU BETAVAKKULLAR
MAZAMMATI

Tavakkulni ulkim qo`yub, xotirig`a
Tushar shoh ollinda qulluq havosi,

Nasibi aning bir ayoq osh erur bas,
Agar ganji Qorun erur muddaosi.

Biravkim, bo`lur bir ayoq osh uchun qul,
Yuziga keraktur qazonning qarosi.

9

MAHLUQ MULOZAMATIDIN TANFIRU G`AYRI
HAQ MULOZAMATIDIN TAHZIR

Kimki mahluq xizmatig`a kamar
Chust etar, yaxshiroq ushalsa beli.

Qo`l qovushturg`ucha bu avlodur
Ki aning chiqsa egni, sinsa eli.

Chun xushomad demakni boshlasa kosh
Kim, tutulsa dami, kesilsa tili.

10

KAMOL  KASBIGA DALOLATU NUQSONIDIN
IZHORI MALOLAT

Kamol et kasbkim, olam uyidin
Sanga farz o`lmag`ay g`amnok chiqmoq.

Jahondin notamom o`tmak biaynih,
Erur hammomdin nopok chiqmoq.

11

JABHA CHININING MAN`IKI,
  ORAZ  GULINING XORIDURU
    MUROD YUZINING G`UBORI

Biravkim, jabhasida chin erur tuta olmas
Murod shohidining soidini komi bila.

Agarchi fannida sohib kamol erur sayyod,
Qachon balig` tuta olg`ay su mavji domi bila.

12

SO`ZGA QULOQ SOLMOQU OG`IZ OCHMAMOQ,
GAVHARNI TERIB, O`Z GAVHARIN SOCHMAMOQ

Quloqda asra garonmoya so`zniyu fikr et
Ki, dursiz o`lsa, ne bo`lg`usidur sadaf holi.

So`zungni dag`i ko`ngul ichra asrag`ilkim, hayf
Kim, uyla durjni guhardin etkasen xoliy.

Bu durju ikki sadafni to`la dur etkanga,
Zihe uluvvi guhar, balki gavhari oliy.

13

     HIDOYAT AHLIG`A HAVODIS OSIB YETKURA
OLMASDAVU NAVOYIB ZARAR YETKURA OLMASDA

Ne rahraveki, toji hidoyat boshidadur,
Yo`q bok anga havodisi aflok toshidin,

Hudhudki, qo`ydilar azaliy toj boshig`a,
Tushkaymu jola yog`qan ila toji boshidin.

14

ZOHIDI RIYOYIY KO`NGLIDIN MALOMAT AHLI
KIYNI RISHTASIN UZMAGU SALOMAT
YO`LIN KO`RGUZMAK

Ko`rsang, ey zohid, muqomirvash qalandarpeshae,
Bo`lma ko`p mashg`ulu dunyo shug`lidin qil ijtinob.

Dona o`ynab vajhin isor etsang andin yaxshikim,
Evurub tasbihu yormoq sudin etkaysen hisob.

15

BADASL ELGA MULOYAMATDIN EHTIROZ KO`SIN
URMOQU IDBOR AHLI SUHBATIDIN
IJTINOB QILMOQ

Yuziga asli yomonning ko`p ochma gulshani xulq,
Siyahgilemga albatta mehr aylama fosh

Ki qilmadi gul isi birla toza ruh jual,
Quyosh charog`ig`a parvona bo`lmadi xuffosh,

16

DUSHMANDIN TAHZIR QILMOQKIM,
   BIYMI BO`LG`AY, XUSUSANKIM,
UL DUSHMANI  QADIMIY BO`LG`AY

Chu dushman o`ldi qadimiy ziyonidin hazar et,
Agarchi nutqi ravonbaxshi jong`a rohat erur.

Su birla o`t aro ziddiyat o`ldi chun azaliy,
Agar hayot suyidurki, o`tqa ofat erur.

17

VIQOR TARG`IBIDAKIM, QOFI QURB QOFIDIN
    NISHONADURU UL QOF DAVLAT ANQOSIG`A
OSHYONA

Viqor gavhariyu hilm ma`dani bo`lako`r,
Desangki, qilg`ay itoat sanga gado bila shoh.

Bu sheva tog`da zohirdururki, davrondin
Qachonki tafriqa yetti, ulusqa bo`ldi panoh.

18

TUZLUK IRTIQOBIDAVU EGRILIK
IJTINOBIDA

Biyik maqomig`a ulkim tilar sabot, kerak
Ki, egrilikni qo`yub, tuzluk aylasa qonun.

Tuz o`lsa soyasida el tinib manor kebi,
Sipehr uyida turar qarnlar nechukki sutun.

Gar egridur yog`ibon o`qu bog`lanib bo`yni,
Bo`lur qabaq yig`ochidek besh-o`ncha kunda nigun.

19

ROSTLIQ SIFATIYU ROSTRAVLAR KAROMATI

Xiromon suda soyir bo`lmoqu uchmoq havo uzra
Ajab ermas, qachonkim rostravliq qilsa zoda.

Shior aylab bu ishni kema tiyri, ko`rki, su uzra
Xirom aylab havog`a bodbondin soldi sajjoda.

20

TAZVIR ASHKI SHAQOVAT DONASIYU NODON
YOVASI IDBOR NISHONASIDUR

Poklar joni bo`lur ozurda tazvir ashkidin,
Ko`zgu ruxsori nechukkim, zang tutqay nam bila.

Rostlar ko`nglini aylar tiyra nodon yovadin,
Sham`ni ul nav`kim, johil o`churgay dam bila.

21

NIHONIY SAXOVATDA KO`SHISH OSORIYU ANING
JILVASIDA NIKUHISH IZHORI

Saxiy uldurki, nav`e bazl qilg`ay,
Agar xud sufra ichra bo`lsa noni.

Kim, ul chodir ko`machidek yetishkay
Gado uyiga ko`zlardin nihoniy,

Falakdek yo`qki, avval jilva bergay
Quyoshning qursidek olamg`a oni.

22

TAKALLUF AHLINING DUNYOG`A
ShEFTALIG`IDAVU DUNYOLIKKA
FIREFTALIG`IDA

To`nni zarbaft aylabon xiffatdin uchqan har taraf,
Yo`q ajab gar bor esa dunyo matoi kom anga.

Ul chibinkim,  ko`zga  oltun yanglig` eshnar xil`ati,
Ko`pragi, bilkim, najosat uzradur orom anga.

23

O3 SO`Z DEMAKNING MANFAATIDAVU
KO`P SO`ZNING MAZARRATIDA

Navoiy, tiling asrag`il zinhor,
Desangkim, yemay dahr ishidin fusus.

Nazar qilki, o`q og`zi tilsiz uchun,
Qilur tojvarlar bila dastbus.

Necha tojvardur kesarlar boshin,
Chu hangomsiz nag`ma tortar xurus.

24

HINDU TARBIYATIDAKIM HADIS MAZMUNI
BILA BETAXALLUFDURU XILOF QILG`ONG`A
BAHRAE TAASSUF

Issig` nafas bilan hindug`a tarbiyat qilsang,
Xisoli haryon o`lur jahl tavsanin surmak.

Ko`mirni o`tqa solib la`li otashin etsang,
Natija bo`lg`ay anga qayda tushsa kuydurmak.

25

LAIMG`A  TA`ZIM O`Z-O`ZIGA  RANJI  AZIMDUR,
BALKI AZOBI ALIM

Laim farqig`a iqbol tojini qo`ymoq
Yaqinki, bo`lg`usidur mujibi azobi aning.

Nutuqchi boshig`a shunqor tumog`asi tong emas
Ki, bo`lg`usi sababi ranju iztirobi aning.

26

OLIY SHA`N EL KICHIK YOSHLIG` EKANDA HAM
OLAMOROYDURU OY BIR KECHALIKDA
ANGUSHTNAMOY

Biyik maqomlig` el tifl ekanda ham bo`lmas
Ki, tiyra qilg`ay ani jahlu zulmat ahli tili.

Qamar charog`i agar bo`lsa barcha bir kechalik,
Ne nav` o`churgay ani shabparak qanoti yeli.

27

SAXOVU  BUXL  BOBIDA  NUQTA  SURMAK
VA AROLARIDA IKKI VOSITA KELTURMAK

Debon bergan kishi erdur valekin
Demay berganga erlik bil musallam.
Ne deb, ne bersa bilgil ani xotun,
Debon bermasni xotundin dag`i kam.

28

       AVOM RO`ZASIN BAYON QILMOQ VA
DAHANBO`STLAR OCHLIG`IN AYON QILMOQ

Ne ro`za bo`lg`ay angakim, ochuq bo`lub og`zi,
Dame kam o`lmag`ay andin kalomu harza-kalom.
G`aribroq buki, qilg`ay bahonayi sunnat
Ki, sharbat aylagay oshom zohir o`lmay shom.
Namoz qilmag`ayu qilsa ham namoz ichra
Taxayyul aylamagay g`ayri lavn-lavn taom.
Chiqib namozdin o`lg`ay taom ila mamlu
Bu shart birlaki bo`lg`ay taomi barcha harom.
Dimog` topsa rutubat bu nav` at`imadin
Gunas bosh urg`ucha uyg`anmag`ay kishi nokom.
Ko`zin chu ochti yana ro`za aylagay niyat,
Agarchi fosid erur me`davu saql andom.
Bu turfakim, tilagay bu qadr qabohat ila
Ki, ro`za tutmag`ini anglag`ay xosu avom.
Bu savm ilaki malak ani yozmag`ay juz fisq,
Zihe malakvash soyim, zihe xujasta maqom.
Navoiyo erur ortuq bu yemak-ichmakdin
Yilon etini yebon, zahrin aylamak oshom.

29

ACHCHIG` SU KASRATIDIN TANBIHU DARYODA
CHUCHUK SUNI ANGA TASHBIH QILMOQ

Uyla g`arqi maydururlar xalq bu davr ichrakim,
Shar`ning ayn-ul-hayotidin asar mafhum emas.

Ul sifatkim, bahrning achchig` suyida ba`zi el
Topilur derlar chuchuk su ham vale ma`lum emas.

30

PODSHOH MUQARRABI KISHIGA EL HASAD YEMAK
VA BU ISHNING DILPAZIR JIHATIN DEMAK

Shahg`a muqarrab o`lsa birav barcha xayldin,
El barcha dushman o`lsa aning birla vajhi bor.

Kim xaylu shoh oshiqu ma`shuq erur yaqin
Gulchehraeki, oshiq anga bo`lsa beshumor.

Ul barchasidin o`lsa birisiga multafit,
Dushman bo`lurda o`zgalariga ne ixtiyor.

31

ABLAHNING HARZASI INTIBOHIDAVU
ESHAKNING  FARYODI  IKROHIDA

Umrin ablah kechurub g`aflat ila,
Nukta o`rnig`aki tortar xarros.

Bir eshakdurki, tag`oful yuzidin
Qilg`ay izhor payopay arros.

32

XO`BLAR  VASLIG`A MAG`RUR BO`LMAMOQU
ALARNING ILTIFOTIG`A MASRUR

Zamona xo`blarining visoli sharbatidin,
Navoiyo, tilabon kom ko`p chuchutma mazoq.

Ki, har piyolasi zimnida koming etkay talx,
Sipehr tutqusidur yuz tag`ora zahri firoq.

33

ANNOSU` `ALO DINI MULUK
HADISINING TAFSIRI

Shahning af`oli etar xaylu sipohig`a asar,
Chu nabi dediki, annosu `alo dini muluk.

Hukamo ham dedilar shahni tengiz, xayli ariq,
Ul achig`dur, bu achig`, ul chuchuk o`lsa, bu chuchuk.

34

JAVOHIRSEVAR SALOTIN INKORIDAVU
ANING TOSHQA MUSHOBAHATI IZHORIDA

Shaho, el javhari jonin chiqarding,
Javohir hirsidin bedod etib fosh.

Chu o`lgungdur ne osig` to`kmak ani
Mazoring uzra andoqkim, ushoq tosh.

35

ATFOLNI QARILAR XIZMATIG`A YO`LDAMOQU
CHUCHUK  SO`Z  BILA ALDAMOQ

Qarilar xotiri nozukdur, ey tifl,
Shikastidin qilib vahm, o`lma gustoh:

Unuttungmuki, atfol o`ynag`anda,
Sinar oz mayl ko`rgandin quruq shoh.

36

O`Z  TOIFADIN SHIKOYATU ELGA YAXSHILIQ
QILIB, YOMONLIQ KO`RGAN HIKOYAT    

Ne toli`durki, har kimni desam yor,
Manga ul oqibat bo`lur badandesh.

Biravdur gar ani desam ko`zumsen,
Chekar mujgon kebi qasdimg`a yuz nish.

37

UL  BOBDAKIM, HUSN QUSHI ASHK DONASI
BILA SAYD BO`LMASU JON RISHTASI BILA
GIRIFTORI QAYD

Ul turfa qush havosida ko`z to`kti durri ashk,
Jon yoydi rishtasin anga aylab havoyi qayd.

Lekin gar inju sochsa kishi dona o`rnig`a,
Tovusni qachon qilur o`rgamchi domi sayd.

38

UL  MAZMUNDAKIM  TAKALLUFLUQ  TO`N
MUJIBI KULFATDURU BETAKALLUFLUQ
ADAMI ULFAT

Kiyib samur ila kish qilma asru ra`noliq,
Ipak libos ila tutma g`urur jomi to`la.

Tiyinning o`z tuki-o`q bo`ldi jonig`a ofat,
Farisaning paridin keldi o`z boshig`a balo.

39

LOJUVARDDIN RANGE KO`RMAGAN KO`KIN
TUZMAGU UL KO`KTA RANGE KO`RGUZMAK

Shohi sipehrqadr Abobakr ul shahe
Kim, ko`k ravoqi dargahi qadrig`a toq erur.

Bu charxi lojuvard uza xurshid, go`yiyo
Ko`kbo`z takovarig`a muzahhab janoq erur.

Bir pora lojuvard sari go`yiy angladi
Kim, bu zaifi xastag`a ko`p ishtiyoq erur.

Hukm etti bir qulig`aki, taslim aylasun,
Go`yo vusuli ul kishi ollinda shoq erur.

Erdin desa qazib chiqaray, yer erur qatiq,
Ko`k konidin desaki, olay, ko`k yiroq erur.

40

KUCH BILA KULGUDIN YIROQ SOVUQLUQQA
YOVUG`ROQ,  VALE  KUCH  BILA YIG`LAMOQ ERUR
ANDIN SOVUG`ROQ

Hikmat ahli ollida sovuq sifat yo`q kimsada
Subhi kozibdek mahalsiz aylagon kulgu kebi.

Lek mundin ko`p sovuqdur ashk to`kmak zo`r ila
Day yelida qatra-qatra muz tomizg`an su kebi.

41

ANONIYAT  UYIN  BUZMOQ BOBIDAKIM,
FANO ZOVIYASIN TUZMAKDUR VA O`ZIN KAM
QILMOQDA O`ZIN  KO`RGUZMAK

Kimki, o`zluk imoratin buzdi,
Bo`ldi naqdi fano aning muzdi.

Ul imoratni buzmayin solik
Bo`la olmas bu naqdg`a molik.

42

QONI` VASFIDAKIM, ALQANO`ATU KANZUN
    LO YUFNO MAZMUNI BILA AMAL QILUR
VA HAR NECHA NAF` TOPSA QANOAT QILMAS

Qanoat go`shasin tutqilki, chun anqo bu da`b etti,
Anga qushlar ichinda qurb qofida nishimandur.

Chu parvoriy tovug`ning og`zi tinmas tu`madin garchi,
O`lar oxir anga avval katak zindoni maskandur.

43

YURUSHDA OTLARI ZA`FI TA`RIFIDAKIM,
MUAMMO ICHIDAGI OTDEK PAYDO EMAS
ERDILAR

Bu yurushda iki ulog`im bor,
Lek bormen sipohiyliqda yayoq.

Iki shatranj otidek birisi
Ko`tara olmay o`z yeridin oyoq.

Chopsa shatranj xonasi xatidin.
Biri rangi qoradurur, biri bo`z,

Sekrimaklik alarg`a behad shoq.
Qora yerdur dag`iyu bo`z tufroq.

44

UL IMOM BOBIDAKIM, NAMOZ QILMOQDIN
MAQSUDI JAMOATDIN O`ZNI MUMTOZ
QILMOQ ERDI

Turfa ish ko`rkim, falon har vaqtkim, qilg`ay namoz,
Anda bir ish, g`ayri nomashru`, zohir bo`lmag`ay.

Gar qiyomu gar qiroat, gar rukuu gar sujud,
Har ne qilg`ay biri o`z yerinda sodir bo`lmag`ay

Bo`lmag`ay hozir jamoatqa vale yolg`uz dag`i,
Qilmag`ay to bir jamoat anda hozir bo`lmag`ay.

Bovujudikim, jamoat aylagaylar barcha hazl,
To imomat qilmag`ay osudaxotir bo`lmag`ay.

45

    TUS MAZORLARI BOBIDAKIM VAYRONADA
GANJI MADFUNG`A, BALKI SADAF ICHRA DURRI
MAKNUNG`A MUSHOBIHDURLAR

Avliyoullah mazori Tus vayroni aro
Ko`pturur, yo`q bok agar tavfida ko`rsa kimsa ranj,

Munchakim vayrona kezdim ganj bir ham yo`q edi,
Buyla vayron kim ko`ruptur anda madfun muncha ganj.

46

G`ALAT BITIR KOTIB BOBIDA QALAM SURMAGU
    QORASINING G`ALATIN YUZIGA KELTURMAK

Falon kotib ar xatni mundoq yozar,
 Bu mansabdin ani qo`parmoq kerak.

Yuzin nomasidek qora aylabon,
Qalamdek boshin dag`i yormoq kerak.

Qoradin qorag`a beribon uloq,
Qalamravdin ani chiqarmoq kerak.

47

KOMIL QALAMZAN SO`ZIDAKIM, TA`RIFI
LOZIM KELGAYKI, QALAM TILIN BILUR
KISHI ANI BILGAY

Qiblat-ul-kuttobkim, derlar ani Sulton Aliy,
Kim qazo qilki masallik xomasi yozmas g`alat,

Qaysi qit`amniki yozdi bordi andin she`rlik,
El solurlar juzvdong`akim, erur bir qit`a xat.

48

HIMMAT BOBIDAKIM SARVNING
SARAFROZLIG`IG`A  SABABDURU ARIG`NING
XOKSORLIG`IG`A BOIS     

Himmat ahliki erur tuzluk aro sarv kebi,
Dahr bo`stonida sarsabzduru ozoda.

Ulki, su yanglig` erur past nihodu kajrav,
Chekib afg`on anga tinmaslig` erur omoda.

49

DILBASTALIG` MAN`IDAKIM VASL NAF`I
JON TORTMOQDURU HAJR SARSARI
JON BERMAK

Ey Navoiy, kishiga berma ko`ngul,
Agar ul hurdurur, yo`qsa pariy,

Vasli naf`i buki, chekkaysen jon,
O`lturur, lek firoqi zarari.

50

QALAMINING SIYAHKORLIG`INING BEROHLIG`I
VA O`ZINING SIYOHRO`LIG`INING UZRXOHLIG`I

Ilohiy, ul raqamekim, chekibdurur qalamim,
Min-ash-sharorati av g`ayriho farartu ladayk.

Agar xud o`lsa malih ajri rahmatingdur aning,
Va lav yakunu qabihan, fa-minhu, tubtu ilayk.