www.uz
RUBOIYLAR

1

Subhonallohi xoliqi z-ul-majdu alo
Kim, andin erur to`la xalo birla malo.
Gar mehr aning misli degaylar uqalo,
Mehr ollida zarra yanglig` o`lg`ay masalo.

2

Ko`k po`yavu sayr ila talabgor sanga,
Kun sorg`oribon ishqda bemor sanga.
Oy dog` ila qulluq aylab izhor sanga,
Tun anjumi naqdidin xaridor sanga.

3

Yo rabki, inoyatingni yor ayla manga,
Yo`qluqqa hidoyatingni bor ayla manga,
Ham kahfi kifoyatingni dor ayla manga,
Ham durri inoyating nisor ayla manga.

4
    
Shoheki falak sori chu mayl o`ldi anga,
Ko`k zarfi socharg`a nur kayl o`ldi anga,
Aflok shahi tobeu xayl o`ldi anga,
Balkim, yeru ko`k xayli tufayl o`ldi anga.

5

Jonimdag`i jim ikki dolingg`a fido,
Andin so`ng alif toza niholingg`a fido,
Nuni dag`i anbarin hilolingg`a fido,
Qolg`an iki nuqta ikki xolingg`a fido.

6

Bu qosid ishim ohu fig`on ayladilo,
Bu ruq`a tanimni notavon ayladilo.
Bu sa`b xabar ichimni qon ayladilo,
Bu qonlig` ichim haloki jon ayladilo.

7

Uylansa birav toriy o`lub nakbat anga,
Makkoraki, qaltabon surar shahvat anga.
Zisht ersa gar eldin yoshurur rahmat anga,
Xo`b ersa gar elga ko`rguzur la`nat anga.

8

Kim bo`lsa bu motamkadadek olam aro,
Sayr aylasa g`amsirishtlik odam aro,
Gar odam erur bo`lsa keraktur g`am aro,
Olamda esa, bo`lsa kerak motam aro.

9

Ishqingda necha zor bo`lay furqat aro,
Etsam xush erur bazminga bir ishrat aro.
Ko`z ikki yuzungdin olmasam suhbat aro,
Ikki taboningdin uylakim xilvat aro.

10

No`sh aylar emish qadahni jonona to`la,
Soqiy, manga tut jomi harifona to`la.
Quy, gar xud erur sipehr paymona to`la,
Har nechaki, xoliy etsam, et yona to`la.

11

Nomangki, tirikligimdin uldur matlub
Ochib o`qug`ach bir necha lafzi marg`ub,
Ko`p to`lg`anib ashk ichra o`zumdin bordim,
Ul nav`ki, su ichiga tushkay maktub.

12

Nomangki, erur boisi iqbolu tarab,
Etkursa tarab meni hazing`a ne ajab.
Yolg`uz mendin ketarmadi ranju taab
Kim, bo`ldi base xalq hayotig`a sabab.

13

Bir aybg`a garchi xalq qilg`ay mansub,
Faqr ahlidin iztirob emastur mahsub
Sidq ersa xud etmak kerak o`z fe`lini xo`b
Kizb ersa, malomat dag`i bordur matlub.

14

Su ko`zgusini bog` aro aylarda shitob,
Siymob qilur erdi taharruk bila tob.
Day qildi bu simobni andoq ko`zgu
Kim ko`zgu aning qoshida bo`lg`ay siymob.

15

Vasling bo`lubon jong`a muyassar, yo rab,
Chehrang qilibon ko`zni munavvar, yo rab,
Nutqung sochibon bazmda gavhar, yo rab,
Yo rabki, ijobat aylagil har yo rab.

16

Mahbubdurur gulu visoli matlub,
Ko`rmak ani gulbun uzra bilgil mahsub.
Bazm ichra uzub keturgan ermas marg`ub,
Ul nav`ki majlis ichra o`lgan mahbub.

17

Ey ulki, so`zung tushti habib ollida xo`p,
Mendin yo`lig`a boshing qo`yub, tufrog`in o`p
Ahbobg`a ham birin-birin xidmat etib,
Arz ayla, niyoz ila duo ko`ptin-ko`p.

18

Gardun uza bazm uchun maqom ayladi tut,
Ul bazmda xurshidni jom ayladi tut.
Ul jom ila ishratni mudom ayladi tut,
Oxir dami yer quyi xirom ayladi tut.

19

Gar oshiq esang zebu takallufni unut,
Yaxshiyu yomon ishda taxallufni unut.
O`tkan gar erur yomon taassufni unut,
Kelgan gar erur yaxshi tasarrufni unut.

20

Ey ishq, aning ko`yida tavfi haram et,
Bizni dag`i ul tavfg`a boshla, karam et,
Bir doyira ko`yi tegrasida raqam et,
Gar chiqsa oyog`im raqamingdin, qalam et.

21

Chun xanjari hajring manga qat` etti hayot,
Bori g`amu darding o`qini tinmayin ot
Kim, oncha qovursun par o`lub butsa qanot,
Toyir bo`lubon yetkamen oxir sanga bot.

22

Bo`ldi mening o`lmagimga savdo bois,
Savdog`a havoyi jomi sahbo bois.
Sahbog`a dag`i dayru chalipo bois,
Bu barchag`a ul dilbari tarso bois.

23

Ko`nglumni olibdur ul shahi sabzdavoj,
Kim g`amza bila olur mamolikdin boj.
Boshi uza mamlakat xiroji bir toj,
Toji uza gavhari mamolikka xiroj.

24

Kunduz ko`rsang o`zungni mahzun, qadah ich,
Andoqki, quyosh ravshanu mavzun qadah ich.
Ul damki, quyosh botti, shafaqgun qadah ich,
Jomingni qilib nechukki gardun, qadah ich.

25

Gul vaqti muyassar o`lsa gulfom qadah,
Andin so`ng tutsa bir gulandom qadah.
Man` aylasa barcha ahli islom qadah,
Qofirmen agar qilmasam oshom qadax

26

Ruhumg`aki maydin erdi har lahza futuh,
Nosih tili nishi qildi ani majruh.
May loyini marham qilayin shomu sabuh,
Ul vaqtqachaki, toza bo`lg`ay manga ruh.

27

Qo`rqutma meni tamug`din, ey zohidi yax,
Jannat manga bo`lg`usi debon urma zanax
Kim, do`zax aning yodi bila jannat erur,
Jannat bori sening biladur do`zax.

28

Ruxsori uza xollarin ul dilband,
Ochti chu meni ko`rdi base hojatmand.
Ayshimg`a yomon ko`z etmagan emdi gazand,
Xossaki, ul-o`q bo`lubtur o`t uzra sipand.

29

Yoshimg`a bag`ir qoni chu erdi monand,
Ko`z asradi yoshdek bo`lub andin xursand.
Turmadi ko`zumda yetkach ul sarvi baland,
Bo`lmas kishi farzandi kishiga farzand.

30

Ko`nglum saydi uzub ulustin payvand,
Sargashtasifatlig` bila erdi xursand.
Qullobi muhabbating yana soldi kamand
Saydeki, uzub edi rasan, ayladi band.

31

Ey sharbati la`ling obi hayvondin alaz,
Hayvon suyini qo`yki, chuchuk jondin alaz.
Ne jondin alaz, ne obi hayvondin alaz
Kim, harneki yo`q, andin alaz, andin alaz.

32

Budur tilagimki ulki, ma`budung erur,
Tutqay seni ul yonki, sening sudung erur.
Ko`nglungga yeturgay ulcha behbudung erur,
Ilgingga keturgay ulcha maqsudung erur.

33

Gul zikrin eshiturmenu yo`q guldin asar,
Bu bog` eshigidin istaram oncha guzar
Kim, topmasa gul jamolidin bahra nazar,
Bore isidin yetsa dimog`img`a xabar.

34

Soqiy, badanimni notavon etti xumor,
Ko`nglumni qadahdek to`la qon etti xumor.
Har uzvuma yuz ranj ayon etti xumor,
Tutqil qadaheki, qasdi jon etti xumor.

35

Mulk ochqali har xusravi oliymiqdor,
Insofu adolatu saloh etsa shior.
Fath o`lg`ay aning nihoyati oxiri kor,
Alminnatu lillahki, sanga barchasi bor.

36

Ko`zum uchadur, magarki yorim keladur,
Es har dam ozar, magar nigorim keladur.
Yo bodiyayi firoq sayrida qilib,
Yuz marhala qat` shahsuvorim keladur.

37

Oshubki ul ko`z tarfi aylanadur,
Bog`labsenu jon bu darddin o`rtanadur.
Yo g`oyati usruklug`idin bulg`anadur,
Ul mast kebiki, bulg`anur bog`lanadur.

38

Ag`yor ila juft berma fardim bor
Kim, furqati za`fida ruxi zardim bor.
Gar dardidin ohi g`ussa parvardim bor,
Man` aylama, ey rafiqkim, dardim bor

39

Har lahza ko`ngul g`amingda mahzun bo`ladur,
Mahzunlug`i lahza-lahza afzun bo`ladur.
Savdo anga yuz onchaki, Majnun bo`ladur,
Yuz muncha desam ham ne ajab chun bo`ladur.

40

Ey bodi sabo, aylasang ul sari guzor,
Jon birla ko`ngulni topshuray olg`ach bor.
Ko`nglumni itiga tu`ma qilg`il zinhor,
Jonimni dag`i oyog`ig`a anla nisor.

41

Ey jism, aning ko`yini paydo qilako`r,
Ey ko`ngul, o`shul ko`yni ma`vo qilako`r.
Ey ko`z, sen aning yuzin tamosho qilako`r,
Ey ashk, aning ko`yi sari oqilako`r.

42

Eldin qochib ulki, tutsa tog` ichra qaror,
Sovug`da yeri bu tog`ning javfida g`or.
Issig`da makoni andakim, yotmish qor,
Olam elining shahlig`idin bor anga or.

43

Andin berikim, qoshimda yorim yo`qtur
Hijronida juz nolayi zorim yo`qtur.
Dasht o`zra quyun kebi qarorim yo`qtur,
Sargashtaligimda ixtiyorim yo`qtur.
    
44

Har garmraveki, bo`lg`ay ul koshifi roz,
Maqsud qarimi sari qilg`ach parvoz.
Tong yo`q falak uzra aylabon jilvayi noz,
Na`layni malakka bo`lsa mehrobi namoz.

45

Olam bor emish, Navoiyo, sho`rangiz,
Olamdag`i el boshtin-ayog` rangomiz.
Ishq istar emish seni adam Misri sari,
Borg`ilki, erur el tilagan yerda aziz.

46

Ahbob dengizki, xonumondin tama` uz,
Ne xonu ne mon, kavnu makondin tama` uz.
Ne kavnu makon, jonu jahondin tama` uz,
Lekin demangiz muniki, andin tama` uz.

47

Jondin seni ko`p sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni ko`p sevarmen, ey umri aziz.
Har neniki, sevmak andin ortuq bo`lmas,
Andin seni ko`p sevarmen, ey umri aziz.

48

La`lingni qilib nuktasaro, ey qorako`z,
Ishq ahli hayotig`a yaro, ey qorako`z.
Chekma yana surma ko`z aro, ey qorako`z,
El qonig`a qilma ko`z qaro, ey qorako`z.

49

Ul ko`zki, dame bo`lmadi sog`, ey qorako`z,
Qonimdin ichar mudom ayog`, ey qorako`z.
Bilmonki erur anga qarog`, ey qorako`z,
Yo mast edi qo`ydi toza dog`, ey qorako`z.

50

Jonbaxsh labing chashmayi hayvonmu emas?!
Hajridin aning ichim to`la qonmu emas?!
Har qatrayi qon la`li Badaxshonmu emas?!
Har porayi la`li javhari jonmu emas?!

51

Gar oshiq esang, mehru vafo qilma havas,
Dard istavu daf`ig`a davo qilma havas,
Hijronu visol mutlaqo qilma havas,
Dildoringdin g`ayri rizo qilma havas.

52

Mahbubqa e`timod qilmoq bo`lmas,
Andin talabi murod qilmoq bo`lmas.
Ko`zning qorasin midod qilmoq bo`lmas,
Gar bo`lsa bitig savod qilmoq bo`lmas.

53

Ham savmaa kunji shayxi tarrorg`a bas,
Ham shayx yuzi zohidi hushyorg`a bas.
Ham dayrda mastlig` meni zorg`a bas,
Ham mug`bacha vasli joni bemorg`a bas.

54

To subh xuruse uyg`anib urdi nafas,
Xuffosh qanot ochqucha may qilma havas,
Chun valvala chekti ko`y aro tabli asas,
May ich anga tegrukim, yetar savti jaras.

55

G`urbatda g`arib shodmon bo`lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo`lmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulg`a tikandek oshyon bo`lmas emish.

56

Ul durri saminki, bor edi ko`zuma yosh,
Aylarda ajal anga jafo rasmini fosh.
G`am tirnog`idin qilib qarog`imni xarosh,
Yashurg`ay edim ani ko`zum uyida kosh.

57

Yo`q bodayi vasl, obi hayvon ul emish,
Ahbob muloqoti dema, jon ul emish.
Gardun g`amu ranj suvratin naqsh etsa,
Jon chehrasi atrofig`a hijron ul emish.

58

Yillar tutubon shayx maqolotig`a go`sh,
Ne ko`ngluma zavq yetti, ne jonima jo`sh.
Jonimg`a navo soldiyu ko`nglumga xurush,
Bir jur`a bila mug`bachayi bodafurush.

59

Sharbat manga xunobu g`izo g`am bo`lmish,
Bistar tufrog`u oh hamdam bo`lmish.
Holimg`a xaloyiq ishi motam bo`lmish,
Sensiz o`larim sa`b edi, ul ham bo`lmish.

60

Soqiy, meni xorxordin ayla xalos,
Gul-gul yuzung och, bahordin ayla xalos.
Yo may beru intizordin ayla xalos,
Yo o`lturubon xumordin ayla xalos.

61

Ber jomu ol, ey mug`bacha, jonimni evaz,
Qo`sh tutqilu, ol ikki jahonimni evaz.
Ani sumururda qatrae tomsa agar,
Sen ham to`k aning o`rnida qonimni evaz.

62

Kim istasa saltanat, saxodur anga shart,
Har va`daki aylasa vafodur anga shart.
Kim faqr talab qilsa, fanodur anga shart,
Ollig`a nekim kelsa, rizodur anga shart.

63

Bu davrda yo`q sen kebi xushxon hofiz,
Huffoz aro sarhalqayi davron hofiz.
Qur`ong`a sen o`lg`an kebi yakson hofiz,
Bo`lsun sanga barcha ishda Qur`on hofiz.

64

Kim aylasa soqiyi gulandom tama`,
Ilgidin aning sog`ari gulfom tama`.
Andin so`ng agar taqvoyu islom tama`,
Aylar esa, gul mardak erur xomtama`.

65

Ul damki, quyosh ayladi mag`ribqa ruju`,
Gar suhbat o`shul quyosh bila topsa vuqu`.
Xushtur qilmoq jom quyoshig`a shuru`,
Ul damg`achakim, qilur quyosh jomi tulu`.

66

Mug` dayrida dast bersa bir lahza farog`
Kim, mug`bacha ishqidin qizig` bo`lsa dimog`.
Ul tutsa mug`ona lahn ila har dam ayog`,
Bosh olsam oyog`idin kerak boshima dog`.

67

Bir gul g`amidin dedim qo`yay bag`rima dog`,
Borgaymu debon atri dimog`img`a farog`,
Borgin chu mulavvas ayladi bum ila zog`,
Emdi ani islamakka yuz hayf dimog`.

68

Berding manga dayr aro iqomat, ey mug`,
Tuttung qadahi mayi malomat, ey mug`.
Bu ishni xud aylading karomat, ey mug`,
Yo rabki, hamisha bo`l salomat, ey mug`.

69

Nomang yetibon topti ko`ngul izzu sharaf,
Har lafzi bo`lub murod durrig`a sadaf.
Har satri alam cherigining daf`i uchun,
Iqbol sipohidin chekibon bir saf.

70

Soqiy, badanimni qildi g`am tiyg`i shikof,
Qonim bori oqti, tutma o`zungni maof.
Tutqil badali moyatahallal mayi-sof,
To mast qilay g`am cherigi birla masof.

71

Yuz mehnatu g`am ko`ngluma yetkurdi firoq,
Jonimg`a balovu dard o`qin urdi firoq.
Jismimni fano o`tig`a kuydurdi firoq,
Chun kuydi, kulini ko`kka sovurdi firoq.

72

Ko`nglumni g`amu dard ila qon ayladi ishq,
Ko`z yo`lidin ul qonni ravon ayladi ishq.
Har qatrani bilmadim qayon ayladi ishq,
Bedil ekanim buyla ayon ayladi ishq.

73

Ul damki quyosh bottiyu sarg`ardi shafaq,
Bazmingg`a shafaqgun may ila ber ravnaq.
Ne haqni unut, ne mayni quyg`il mutlaq
Kim, tongla erur tengri karimu barhaq.

74

Ollimda tabibi chorasozim ham yo`q,
Yonimda rafiqi dilnavozim ham yo`q.
Tegramda anisi jongudozim ham yo`q,
Boshimda shahi bandanavozim ham yo`q.

75

Kim ko`rdi ekin jahonda oyo xushluq,
To bir kishi aylagay tamanno xushluq.
Yuz yilda agar bir o`lsa paydo xushluq,
Omodadurur yonida yuz noxushluq.

76

Hajringda mening sabrima juz nuqson yo`q,
Ko`nglum aro g`ayri nolavu afg`on yo`q.
Jonimg`a hayot umidi xud imkon yo`q,
Yo`q-yo`q, yo`q, sabr yo`q, ko`ngul yo`q, jon yo`q.

77

Yo`q dahrda bir besarusomon mendek,
O`z holig`a sargashtavu hayron mendek.
G`am ko`yida xonumoni vayron mendek,
Ya`niki, aloxonu alomon mendek.

78

Berahmdurur olamu zolim aflok,
Bemehrdurur anjumu davron bebok.
Qay sarvi chamanki, jilva qildi cholok
Kim, yerga to`kulmadi nechukkim xoshok.

79

Zohid senga, hur, manga jonona kerak,
Jannat sanga bo`lsun, manga mayxona kerak.
Mayxona  aro soqiyu paymona kerak,
Paymona necha bo`lsa to`la, yona kerak.

80

Ey jonu ko`ngul, bir-biringizga qorishing,
Ul ko`y sari raxshi tamanno yorishing.
Hol ustida erkanim so`zin o`tkarishing,
Holimni so`rarg`a kelmasa yolbarishing.

81

O`lsam yasamang munda mazorimni mening,
Yuklab eliting jismi figorimni mening.
O`tru chiqarib ahli diyorimni mening,
Ko`yida qo`yung tani nizorimni mening.

82

Ey ulki, zamona ahlidin ayrilding,
Ishq ahli tariqi xo`b ekanni bilding.
Xush qilding, alar tavriniyu qotilding,
Rahmat sanga, yaxshi aylading, xush qilding.

83

Ko`ksumni jafo tiyg`i bila yora qiling,
Ko`nglumni chiqaring dag`i yuz pora qiling.
Har porasini bir sari ovora qiling,
Ishqim o`tig`a bu nav` ila chora qiling.

84

Gar dilbar emas malakvashu hurxisol,
Andin so`ng ulusning ko`zi ko`ru tili lol.
Ne husnig`a ru`yatu ne ishqimg`a maqol,
Billah menu oshiqliq erur amri mahol.

85

Bir sari sarig` parlou men tutsag` yo`l,
Ne tog`u, ne tuz, desang ne obodu, ne cho`l.
Yirtuq kepanakdin chiqarib yalang qo`l,
Ul qochsayu men qovsamu, men qochsamu ul.

86

Turmay meni zoru notavon birla ko`ngul,
Ulfat tutmish ul oston birla ko`ngul.
Yoreki manga jon edi ham azm etti,
Men mundavu xizmatingda jon birla ko`ngul.

87

Umring quyoshig`a bermasun charx zavol,
Joning qamarini qilmasun davr hilol.
Tun-kun bo`lg`il mahravishu mehr xisol,
Dahr ahlig`a nurbaxshu farxundajamol.

58

Ey joni habibu ko`ngli ahbobqa lol,
Men ham qildim jonu ko`ngulni irsol,
Ko`nglumga ber ahbob bila jomi visol,
Jonimni habib oyog`i tufrog`ig`a sol.

89

Sadbarg, binafsha, yo`qsa nargis, yo gul,
Ichmak bo`lmas bular havosi bila mul.
To hajr yelidin o`ldi oshufta dimog`,
Yuz noxuna ko`z ichravu yuz pora ko`ngul.

90

Tog` ichra ajab shohdur ul sheftahol,
Kim topsa bulog`e suyi andoqki zulol.
Boshi uza chatri saltanat har yangi tol,
Su ichkali jomi ayshi bir eski safol.

91

To dahrdurur, dahr uza sulton bo`lg`il,
To olam erur, olam uza xon bo`lg`il.
Davron elining jismida ham jon bo`lg`il,
Ham jonlarig`a moyayi darmon bo`lg`il.

92

Mug` dayri sari bugun tamanno qildim,
Ul mug`bacha husnini tamosho qildim.
Din naqdini kufri birla savdo qildim
Kim, qildi bu ishkim, meni rasvo qildim?!

93

Yoshung`an emish qora bulutqa mohim,
Gardunni sovurmog`liq erur dilxohim.
Kirmish qora tufroqqa quyoshdek shohim,
Nevchun qora qilmasun quyoshni ohim.

94

Johilki, hasad bo`lg`ay aning jahlig`a zam,
Nur el ko`zidin anglasa o`z ko`zida kam.
Ko`zlarni olishmoqqa chekib tiyg`i sitam,
El ko`zini ham o`yg`ayu o`z ko`zini ham.

95

Bahru kemadin ko`ngulda ko`ptur alamim
Kim, sekrimayin qadam, yugurmay qalamim.
Maqsuddin oncha soldi bir damda yiroq
Kim, yuz yil ani tay qila olmas qadamim.

96

G`urbatqa tushub zaifu bemor o`ldum,
Dardu g`amu mehnat ilgida zor o`ldum.
Sartosar ajal toshidin afgor o`ldum,
Sensiz ne balolarg`a giriftor o`ldum.

97

Ishq ahliki, manzurdin istarlar kom,
Ul kom kerakki, bir nazar bo`lsa tamom.
Gar bo`lsa nazzorasida andishayi xom,
Ko`zlarga nazar dog`i harom o`ldi harom.

95

Masjidqa necha ahli riyodek yetayin,
Yo rind kebi azimati dayr etayin.
Maqsud topilsa yaxshi, yo`qsa netayin,
Boshimni olib qay sari emdi ketayin.

99

Jonim aro o`t la`li suxandoning uchun,
Yuzum uza kavkab mahi toboning uchun.
Ko`ksumda alif sarvi xiromoning uchun,
So`zlab, yuz ochib kel bu taraf joning uchun.

100

Zulfung girihig`a poybast o`lmishmen,
La`ling mayidin bodaparast o`lmishmen,
Ul mayni ichib yo`lungda past o`lmishmen,
Hay-hay, ne dedim, magarki mast o`lmishmen.

101

Zog`eki cho`qub oqizdi qon ko`nglumdin,
Tirnog` ila uzdi notavon ko`nglumdin.
A`zosida ko`r asar damim dudidin,
Minqor ila changida nishon ko`nglumdin.

102

Xushtur bo`lsak, ikovla hamdam senu men,
Bir-birga desak, yetushsa har g`am senu men.
Bo`lsaq bor esak haramg`a mahram senu men,
Mug` dayri aro bo`lsa vatan ham senu men.

103

Ey bodi sabo, agar havo aylagasen,
Gulshang`a yetarni muddao aylagasen.
Sarv ollida yer o`pub duo aylagasen,
Gul qoshida qullug`um ado aylagasen.

104

Menmenmu visol umididin shod o`lg`an,
Bir-bir g`amu anduhdin ozod o`lg`an.
Oz-ozg`ina bergan soyi gul atri nasim,
Bulbuldek ishim nolavu faryod o`lg`an.

105

Isyon tutuni bermayu chehramga amon,
Ul nav` qora qildiki, mo`rida samon.
Oq aylamagini men siyahro`yi yomon,
Aylayolmon afv suyi birla gumon.

106

Isyon aro qolg`an ibtilonimu deyin?
Ma`mur etkan nafsi vag`onimu deyin?
Yo`q toat ila kibru riyonimu deyin?
Yaxshi demak o`zni bu balonimu deyin?

107

Dayr ichra tilab jomi hiloliy partav,
Sajjoda garav bo`lsa ne tong, ey rahrav,
Chun mug`bacha ollida qilur sajda birav,
Yo`q ayb musallosi aning mayg`a garav.

108

Jonimg`a qilur javru jafo yor asru
Kim, yor ichida javru jafo bor asru.
Bo`ldum chekibon javru jafo zor asru,
Men javrkashu yor jafokor asru.

109

Gar qilsa kishi qilib gunohe, tavba,
Ul jurmg`a bo`lsa uzrxohi tavba.
Qilmoq necha goh jurmu gohe tavba,
Bu jurm ila tavbadin ilohiy tavba.

110

Ne yuzini g`oza aylamish farsuda,
Ne ko`ziga surma tortmish behuda.
Ne qoshini vusma aylamish oluda,
Bu yuzu ko`zu qoshdin eman osuda.

111

Nomang manga ruhdin nishon bo`ldi yana,
Osoyishi joni notavon bo`ldi yana.
Har harfi aning tanimda jon bo`ldi yana,
Har lafzi hayoti jovidon bo`ldi yana.

112

Chun lola to`kuldi, lolagun jom ichma,
Gul fasli tugandi mayi gulfom ichma.
Javzoda chu tutti mehr orom ichma,
Ko`p bo`lsa zarurat o`lmayin shom ichma.

113

Mug` dayrida bo`lsa manga bir koshona,
Malja` dag`i piri dayrdek farzona.
May mug`bacha tutsa har zamon mastona,
Kofir bo`layin bo`lsa murodim yona.

114

Ham jismingga za`f bo`lsa jonim sadqa,
Ham joningga jismi notavonim sadqa.
Sarvingg`a shikast o`lsa ravonim sadqa,
Yo`q-yo`qki, sanga jonu jahonim sadqa.

115

Yo koshifi asrori nihon bo`lsa kishi,
Halloli rumuzi osmon bo`lsa kishi.
Yo oshiqi zori notavon bo`lsa kishi,
Devonavu rasvoyi jahon bo`lsa kishi.

116

Sen xud borasen ko`ngulni qaytarg`il, axiy,
Bedilliq o`tidin meni qutqarg`il, axiy.
Yo tiyg` chekib to`sh-to`shidin yorg`il, axiy,
Bir porasini bizga berib borg`il, axiy!

117

Sen borg`ali ortmish ko`ngul zorlig`i,
Oh o`qlaridin har nafas afgorlig`i.
Bilman unutulg`anmu ekandur manga hajr,
Yo ko`prak erur bu qatla dushvorlig`i.

118

Jonimg`a yetipturur xumor, ey soqiy,
May tutqilu berma intizor, ey soqiy.
Avval o`zing ayla ixtiyor, ey soqiy,
Tutqil menga so`ngra zinhor, ey soqiy,

119

Oxir dami umr etsa shitob, ey soqiy,
Tutqil manga oncha mayi nob, ey soqiy
Kim, hashrda mast o`lay xarob, ey soqiy,
To anglamay etsalar azob, ey soqiy.

120

Dedim zaqaning tutub, saqog`ingni o`pay,
Ko`z qoshingga surtubon qabog`ingni o`pay.
Guldek yuzung islabon dudog`ingni o`pay,
Yo`q, yo`q-yo`q, agar desang, ayog`ingni o`pay.

121

Har zulf xamig`a qilma vobasta meni,
Har ko`z havasidin etmagil xasta meni.
Har qosh tamaig`a solma payvasta meni,
Yo rab, borisidin ayla vorasta meni.

122

Jonimda xumordin azob, ey soqiy,
Ko`nglumda ham andin iztirob, ey soqiy.
Etkur manga jomi mayi nob, ey soqiy
Kim, holim erur asru xarob, ey soqiy.

123

Furqat sahari g`amg`a yo`liqturdi meni,
Hijron kuni yuz balog`a topshurdi meni.
G`am shomi o`lum holig`a yetkurdi meni,
Tong otqucha uyqusizlig` o`lturdi meni.

124

Munglug` boshim ostidag`i toshimnimu dey?
Tosh ustidagi g`arib boshimnimu dey?
Hasrat suyidin ko`zimda yoshimnimu dey?
O`lmakdin sa`broq maoshimnimu dey?

125

Ne dashti maxuf emish fano sahrosi
Kim, anda kirarga yo`q balo yarosi.
Hargiz chu yonib kelmadi nopaydosi,
Kimdin kishi aylagay nishon ilqosi.

126

Avval menga vasli ruhparvar ne edi,
So`ngra qilmoq hajr ila muztar ne edi.
Desam bo`lar, ey sho`xi sitamgar, ne edi,
Derkim, senga ne, men bilayin har ne edi.

127

Ko`z birla qoshing yaxshi, qabog`ing yaxshi,
Yuz birla so`zing yaxshi, dudog`ing yaxshi.
Eng birla menging yaxshi, saqog`ing yaxshi,
Bir-bir ne deyin, boshdin ayog`ing yaxshi.

128

Yo rabki, fano bazmida xos ayla meni,
Faqr ahlig`a sohib ixtisos ayla meni,
Yo doxili zumrayi xavos ayla meni,
Yo ranji avomdin xalos ayla meni.

129

To dasht bahor birla rangin bo`lg`ay,
Gulzor nigorxonayi Chin bo`lg`ay.
Dasht uzra senga saltanat oyin bo`lg`ay,
Gulzor aro taxt ustida taskin bo`lg`ay.

130

To charx visoli ko`yidin surdi meni,
Qatl aylagali hajrg`a topshurdi meni.
Gar hajr o`lum holig`a yetkurdi meni,
Yor etkani ta`na, lek o`lturdi meni.

131

Hajring sipahi zeru zabar qildi meni,
G`am kishvari ichra darbadar qildi meni.
Andinki batar emas, batar qildi meni,
Jon olg`ucha ne deyki, nelar qildi meni.

132

Nomangki, menga mujdayi jone erdi,
Hijron g`amidin xatti amone erdi.
Zulmatqa savodi gar nishone erdi,
Mazmun anga obi zindagoniy erdi.

133

Til so`z bila to qizitti hangomamni,
Bir ham tiya olmadim bu xudkomamni.
Har necha itikrak ayladim xomamni,
Ul xoma qaroroq ayladi nomamni.