TARJI`BAND
Jahon qasrig`adur su uzra bunyod
Chu yo`q bunyodi andin bo`lmog`il shod.
Ne shod o`lg`ay kishi bir qasrdinkim,
Ani tengri yaratmish mehnatobod.
Emastur qasr balkim qosiredur
Ki, taqsir aylamas aylarga bedod.
Tiriklik qushlarig`a yoyibon dom,
Tengiz amvojidin andoqki sayyod.
Kiyib qatl aylamakka loladin to`n,
Qiyodin tig` tortib misli jallod.
Emas qotil parivash dilbaredur
Ki, javridin qutilmas odamizod.
Fununu lobasi andoq muassir
Ki, mum aylar ko`ngul gar bo`lsa po`lod.
Vale ne ishvasig`a e`timode,
Ne aning va`dai vaslig`a bunyod.
Visoli ko`z yumub ochquncha oxir,
Firoqi ko`z ochib yumg`uncha barbod.
Ko`ngul qo`yma angakim boqi ermas,
Inonmas bo`lsalar aylay qasamyod.
Baqosizdur jahon ra`nosi valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim mosivalloh.
Jahon sho`xidin olmish haq vafoni,
Ne olmaqkim anga bermaydur oni.
Bukim yo`qtur vafosi bas emastur
Ki, dardu mehnatidur jovidoni.
Bu mehnatlar bila istar ani xalq,
Faho`m loya`rifu xozal-maoniy.
Tikondin gulga har dam yetkurub nesh
Ki, aylar la`lgun jismini qoni.
Sabo kojin urub savsang`a andoq
Ki, qolib ko`klugi andin nishoni.
Choqin tig`idin aylab pora-pora,
Chamanda g`unchaning ko`nglin nihoni.
Yog`inning yig`labon andin nafiri,
Bulutning titrabon andin fig`oni.
G`alat qildim bu tuhmatdin baridur,
Jahon ra`no arusi dilsitoni.
Ki, haq taqdiridindur olam ichra,
Yomonu yaxshining yaxshi yomoni.
Jahon fonindurur, ey xoja, zinhor
Ki, sen boqiy tasavvur qilma ani.
Ko`ngul berma o`shul ra`nog`akim, haq
Erur boqiyu, boqiy barcha foniy.
Baqosizdur jahon ra`nosi valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim mosivalloh.
Jahonkim zohir aylar lolavu bog`,
Erur ul bog` zindon lolasi dog`.
Arusidur fusunsoz ul diloshub,
Ishi ko`rguzmak elga lobavu log`.
Kishikim sandi domi bo`ldi, bordur
Aning ollida ming bulbulcha bir zog`.
Yoqibon otashin gul jonig`a o`t,
Quyar yomg`irdin ul o`t ustiga yog`.
Ko`rub nargisni savsan g`unchasidin,
Chekar aning ko`zi qasdig`a bormog`,
Xazon bedodidin yel sa`yi birla
Sochar shamshodu gul boshig`a tufrog`.
Taaddi birla nasrin yafrog`idin
Yasar gulchehrasin yirtarg`a tirnog`.
Jafosi yosidin yog`durdi paykon,
Gumon qilma shajar jismida yafrog`.
Nachukkim bo`stonning yo`q vafosi,
Xususankim xazon yeli esar chog`.
Aning ham nisbatin gar istar ersang,
Aningdekkim xazon ayyomida bog`.
Baqosizdur jahon ra`nosi valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim mosivalloh.
Jahon ra`nosidin bo`lg`il mujarrad
Ki, qilmishlar qabul ahli ani rad.
Nachuk maqbulung o`lg`ay ulki, bo`lg`ay
Anga mardudlug` asbobi behad.
Agar hikmatda ul, miqdor bulkim
O`qusin Bu Ali ollingda abjad.
Vagar bo`lsang fasohat ichra nav`e
Ki, nazming aylagay Hassonni bexud.
Tamavvul kasratidin bo`lsang andog`
Ki, Qorun dargahingda aylagay kad.
Shijoat dashtida raxshingg`a bo`lsa,
Rikob o`pmak uchun Rustam nigun qad.
Skandar yanglig` olib bahru barni,
Balo ya`juji uchun bog`lasang sad.
Aningdek bo`lsa taxting rif`atikim,
Guharliq aylasa tojingg`a farqad.
Jahong`a chun baqo yo`qtur bu barcha
Necha kundur vale ermas muhallad.
Tamanno aylasang bir nav` iqbol
Ki, bo`lg`ay ham muxallad, ham muabbad.
Demon yolg`uz jahondin ayla tajrid,
Nekim haq g`ayridur bo`lg`il mujarrad.
Baqosizdur jahon ra`nosi valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim mosivalloh.
Jahon ra`nosi birla qilma payvand,
Er o`lsang bo`l aning hajrig`a xursand.
Erur olam uyi rahravg`a zindon,
Aning har qaydi yo`l man`ig`a bir band.
Ushotmoq istasang bu bandlarni,
Muqayyad bo`lma anda ushbudur pand.
Jahon no`shi aro qilmish nihon zahr,
Sen ani no`sh etarsen, uylakim qand.
Topib lazzatkim aylarsen tabassum,
Erur ul zahrxand, ermas shakarxand.
G`araz irfon ekindurkim adamdin,
Seni mavjud aylabtur xudovand.
Qo`yub ko`ngling aro naqdi amonat,
Malak bo`lmay sanga bu ishda monand.
Seni g`ofil qilib asli ishingdin,
Sarovu bog`u rog`u zavju farzand.
O`zungga kelsang ozdur, gar o`zungni
Bu g`amdin aylasang parkand-parkand.
Jahon johilg`a mahbub o`ldi, lekin
Aning ollinda kim bo`lg`an xiradmand?
Baqosizdur jahon ra`nosi valloh
Jahon ra`nosi yo`qkim mosivalloh.
Jahon jomi to`ladur zahri qotil,
Anga mayl aylamas kim bo`lsa oqil.
Ajab ishdurki mundoq zahr icharga,
Jahon ahli erur jon birla moyil.
Ajabroq buki ichkan soyu bo`lmas,
Bu zahr ichkanga ichmak hirsi zoyil.
G`arobat ko`rki, gar yuz mingni har kun,
Qilur ul zahr o`lgan elga doxil.
Yana yuz ming durur ichmakka mashg`ul,
Yana yuz ming ani istarga shog`il.
Magar bu zahrdin qutqarg`ay elni
Fano taryoki birla piri komil.
Vale Qof ustida ul kimyogar,
Ani ko`rmakka Anqo parri hoyil.
Jihatsiz, ey ko`ngul, sevdung jahonni,
Mening pandimdin aylab o`zni otil.
Chu berding barcha sarmoyangni barbod,
Pushaymon bo`lmog`ing emdi ne hosil.
Magar yodingda yo`qturkim, sanga men
Dedim yuz qatla k-ey majnuni g`ofil.
Baqosizdur jahon ra`nosi valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim mosivalloh.
Jahon ayyorasidin tut kanora
Ki, makru fannig`a yo`qtur shumora.
Ayog` ilgidagi zarrinasi o`t,
To`ni zar basmasi andin sharora.
Bo`lubon ruh to`tisig`a sayyod,
Ishi qilmoq ani qasdig`a chora.
Bu ishga gurdi Yazdiy me`jari dom,
Ichinda dona inju go`shvora.
Nazar maqsud ruxsorig`a solmoq
Tilar bo`lsang anga qilma nazora.
Chekibon kun shioidin sinonlar,
Qilayin deb ulus bag`rini yora.
Anga xino shafaq rangidin aylab,
Kecha nushodiridin ani qora.
Yiroq bo`l, ey ko`ngul, bu dilrabodin
Ki, sensen shisha, aning ko`ngli xora.
Borib xush-xush anga sayd o`lg`aningdin,
Qilay dermen yoqamni pora-pora.
Deding kechmoq nachuk bo`lg`ay jahondin,
Ne hojat xayr ishiga istixora.
Demon yolg`uz jahondin tut kanore
Ki, tutqil mosivallohdin kanora.
Baqosizdur jahon ra`nosi valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim mosivalloh.
Jahon sho`xin aruse qilg`il ixsos
Ki, kiymish tun bila kundin kishu os.
Bu rangomezlig`din ganji Qorun,
Kishida bo`lsa tutqay ganj iflos.
Tiriklik mazrai qasdig`a har oy,
Ayon aylab yangi oy shaklidin dos.
Falak birla shafaq ermaski, qilmish
Muhayyo dam-badam qon to`kkali tos.
Emas qon bodadurkim bexud aylab,
Yiqarg`a elni qilmish charxdin kos.
Sog`inma bodai la`l anikim, bor
Ulus qonig`a rangin bo`lg`an olmos.
Bu qon to`kmak bila kimdurki yo`qtur,
Aning savdosidin ko`nglida vasvos.
Bu pandimni eshit sen dog`i, ey do`st,
Irodat yuzidin tut posi anfos.
Jafolarkim men onglabmen jahondin,
Vafo sendin manga g`olibdurur yos.
Valavhozal maoniy anta qultum,
Taqulu i`lamu yo ayyuhannos.
Baqosizdur jahon ra`nosi valloh,
Jahon ra`nosi yo`qkim mosivalloh.