TARKIBBAND
Dahr bog`iki jafo shoriidur har chamani,
Juz vafo ahlig`a sonchilmadi aning tikani.
Kimdakim dog`i vafo ko`rsa shahid aylamasa,
Lolasining ne uchun qong`a bo`yalmish kafani.
Poymol etmasa andinki kelur mehr isi,
Oyog` ostida nedin qoldi giyohi damani.
Safhai xotiri pok o`lmasa barbod andin,
Bas, ne sovrulmoq erurkim ko`rar aning samani.
Rostlar bo`lsa aning arsasida barxo`rdor,
Javrdin, bas, nega bebarlik erur sarvi fani.
Gar yaqin ahlini Mansur kebi qatl etmas,
Bas nedindur shajaru sunbuli doru rasani.
V-ar kamol ahli jaloyi vatan ermas andin,
Nega tufrog`dur ul akmali davron vatani.
Bahri urfon duri Sayyid Hasan ulkim aflok,
Etti durji aro bir ko`rmadi andoq duri pok.
Zoli gardun kishiga mayli vafo aylamadi,
Kimda-kim ko`rdi vafo, g`ayri jafo aylamadi.
Qaysi bir vasl kunin mehr ila qildi ravshan
Kim, yana hajr tuni birla qora aylamadi.
Qaysi davlat quyoshin chekti kamol avji uza
Kim, yana yer to`bida maskan anga aylamadi.
Qaysi labtashnag`a tutti qadahi sof nishot
Kim, yana qismi aning durdi ano aylamadi.
Qaysi dilxastag`a yetkurdi farog`at no`she
Kim, nasibi yana yuz neshi balo aylamadi.
Har dil ozurdag`akim novaki zulm etti kushod,
Garchi bor erdi xato, lek xato aylamadi.
Chekti bu zulmin aning barcha xaloyiq, lekin
Chora bu dardg`a juz ahli fano aylamadi.
Xossa ul foni davronki, bo`lub vosili haq,
Qo`ymadi ko`ngli aro g`ayri xayolin mutlaq.
Garchi ul ravzai rizvon sari raftor etti,
Hajridin umrni ahbobqa dushvor etti.
Garchi huro yuzi sham`i bila yorutti ko`zin,
Motami bizga yorug` dahr yuzin tor etti.
Garchi uchmog` sari azm etti, vale olamni,
Vahki, tomug` o`tidin elga namudor etti.
Garchi ul bordi baqo mulkiga, lekin yuz alam
So`gidin charxi fano ahlig`a izhor etti.
Halqai zikr dema faqr eliga shomu sahar
Ki, azosida bu el navha padidor etti.
Faqr xurshidi fano shomi uyoqti ne ajab
Ki, quyoshini falak dog`i nigunsor etti.
Uchti ul sham`i valoyatki, falak motamida,
Qora kiydiyu duri ashkini iysor etti.
Garchi faqr ahlig`a bu nav` azo kam tushti,
Meni savdozadag`a o`zgacha motam tushti.
Ey falak, aytkim ul soliki atvor qani,
Faqri atvori aro koshifi asror qani?
Tashlab o`zlukni fano bodiyasin qat` etkan,
Ushbu yo`l holidin ogohu xabardor qani?
Faqr manzillarining rahravi bal rahbari,
Hodiyi ahli fano murshidi ahror qani?
Shar` qonunini diqqat bila mar`i tutqon,
Soliki jodai Ahmadi, Muxtor qani?
Qurb ayvonig`a taqvo yo`lidin gom urg`on,
Vosili borgahi Qodiru G`affor qani?
Bu qadar manzilatu qurbu buyuk poya bila,
O`zini tutquchi tufrog` ila hamvor qani?
Meni motamzadag`a ham ota, ham murshidu pir,
Balki ham g`amxo`ru ham yovaru ham yor qani?
Sensizin dahr elidin asru malolim bordur,
Koshki kelsangu ko`rsangki, ne holim bordur.
Sangakim, ravzai rizvonda farog`at bo`lg`ay,
Dahr vayron chamani ichra ne ulfat bo`lg`ay.
Senki, kavsar suyidin qilg`asen o`zin serob,
Bu sarob ichra sanga qayda iqomat bo`lg`ay.
Sengakim, xayli malak bo`lsa musohib munda,
Devvash xalq qachon qobili suhbat bo`lg`ay.
Faqr tutqonda deb erding sanga ham yetkurayin,
Manga har fayzki bu ko`yda qismat bo`lg`ay.
Bo`lubon koshifi asrori ilohiy bording,
Meni mahrumg`a jahl ichra ne holat bo`lg`ay.
Bor umidimki madad ruhung ila qilg`aysen,
Har qachon ollima davron aro shiddat bo`lg`ay.
Hargiz etkaymu edim davlati vaslingni tama`,
Bilsam erdiki so`ngi anduhi furqat bo`lg`ay.
Do`stlar, bir-biriigizdin tilamang jomi visol,
Desangiz ichmali hijron qadahin molomol bo`lg`ay.
Manga zulm o`ldi falakdinki chu bo`ldung bemor,
Kerak erdiki men o`lsam boshing uzra g`amxor.
Sharbating ezsam edi shirai jonim qo`shubon,
Ichururga qilibon jahd nekim mumkin bor.
Ham g`izo men kerak erdiki tutub ollingda,
Rag`bat aylarga desam erdi muloyim guftor.
Gah boshingni tuzatib, goh ayog`ingni yopib,
Evrulub boshinga farzandlig` aylab izhor.
Gar qazo yetsa qilib ho`y ila olamni qora,
Yoqa yirtib etibon tosh ila ko`ksumni figor.
Navhalar tortibu na`shing ko`tarib egnimga,
Bosh yalang aylabu bexudlug` etib majnunvor.
Tark etib olam ishin qabring uza sokin o`lub,
Ko`rsatib elgaki ne nav` kerak ermish yor.
Chora yo`qtur chu bu nav` ermas ekandur taqdir,
Mumkin ermas kishi taqdirg`a bermok tag``yir.
Do`stlar, dahr vafosini xayol aylamangiz,
Burju koxig`a tama` g`ayri zavol aylamangiz.
Turfa mahbubdurur umru vafosi yo`q aning,
Andin istarga vafo fikri mahol aylamangiz.
Har kishi komil erur, bas anga haq bandalig`i,
Mundin o`zga tama`i kasbi kamol aylamangiz.
Yo`q jamol ichra vafo husnig`a dog`i bunyod,
G`arroi husn bo`lub arzi jamol aylamangiz.
Olami foniy uchun ranju mashaqqat chekmang,
Mol uchun g`am yemangiz, fikri manol aylamangiz.
Ishq dardig`a Navoiy kebi mag`rur o`lmang,
O`zni har mahvash uchun shifta hol aylamangiz.
Turk piri kebi olamdin etakni silking,
Do`stdin g`ayri tamannoi visol aylamangiz.
To salomat bu xatar manzilidin solib kom,
Ma`mani vaslg`a bo`lg`ay tuta olmoq orom.